Qarqara mergan tug‘ilib voyaga yetgan Sardoba qishlog‘idan otning boshini o‘ng tarafga bursangiz Buxoroga, chap tomonga bursangiz Jayhunning naq o‘ziga chiqasiz.
Qarqara mergan yigitlik vaqtida Buxoro amirining nomdor sarbozi bo‘lgan. Har qanday muhorabada merganning kuni tug‘adi. O‘zini ko‘rsatgan mergan yovqurligi uchun amirning qo‘lidan ham, yo‘lidan ham ko‘p iltifot ko‘rgan. Bugun oyog‘idan og‘ir yarador bo‘lib chopishga yaramay qolganida iste’foga chiqib, uyiga qaytib, uylanib, bola-chaqa ko‘rib, tinchgina ovchilik qilib yurgan joyi.
Uning ov maydoni bepoyon ummonning o‘zi. Aslini olganda, bu maydon o‘rtasidan bir paytlar Qashqadaryo oqib borib, Jayhunga quyilgan. Balki Tohirni oqizgan daryo o‘zani ayni shu qum barxanlaridan o‘tgandir. Keta-ketguncha soylik ekani, ayni bahorda faqat tog‘ etaklarida o‘sadigan erbahosi, shuvoqlarining to‘p-to‘p bo‘lishi, ular orasida tulkiyu tovushqon, shaqolu bo‘rilarning ko‘p bo‘lishi taxminni tamg‘alaydi. Soyning ikki qanoti tep-tekis qumlik maydon. Yulg‘un va saksovullar soyasida bemalol soyalash mumkin. Ularning mayda bargli shoxlari orasida ham sahro qushlari tuxum qo‘yib, bola ochadi. Hamma narsa bor, faqat suv yo‘q. Bu atrofda tirik jonning qo‘shig‘i – suv, “suv, suv” deb til chiqaradi, jish polaponlar. Ohular galasi suv qidirib, Jayhungacha chopib boradi va u yerda qamishlar orasida yotgan yo‘lbarslarga yem bo‘ladi.
Qarqara merganning uyida, mehmonxonasida Jayhun yo‘lbarsining terisi osib qo‘yilgan. Demakki, Qarqara yurak betlab yo‘lbars ovigayam borgan va quruq qaytmagan. Qarqaraning minadigan oti o‘zining rang-tusiday qoravut emas. O‘mgani katta, oyoqlari uzun-uzun jiyron qashqa. Salgina qimtisang qiynamay uzoq chopa oladi. Misli qanotli tulpor. Jayhundan o‘tayotganda qornini shishirib, mesh qilib oladi shekilli, o‘rdakday suzib qirg‘oqqa chiqib silkinib-silkinib oladi-da, yo‘l qarab turaveradi. Qarqaraning o‘ljasi yarador yo‘lbars bo‘lsayam hech qiynalmay, tislanmay ortib keladi. Yo‘lto‘sar qaroqchilar to‘dasi ham necha bor hujum qilib merganni qo‘lga tushirolmagan. Ot egasining ko‘ngil tilini biladi. Mergan ham bu otga jonini berishga tayyor. Bir noxush voqea bo‘ldi-yu, mergan hammasidan qo‘l siltab tarki dunyo qildi.
Sardobaning boy-badavlat odamlari ko‘p. Ularning eng zo‘ri Jobirbek tillo tangalarni sanochga solib, kuraklab shopiradi. Jobirbek elim-elatim deydigan xilidan. Amirlik tomonidan har yili uch-to‘rt marta qishloqqa tashlanadigan o‘lponchilarning birovini ham eshikma-eshik yurdirmay, bir o‘zi to‘lab yuboradi. Keyinroq boshqa boylar bilan kelishib, ozmi-ko‘pmi yordam olsayam, buni oddiy avomga bildirmaydi. Sardoba qurish tashabbusi ham Jobirbekdan chiqqan. Bunday ulkan sardoba Qarshi va Buxoroning o‘rtasida tanho desayam bo‘ladi. Qurilish xarajatlarini boyning o‘zi ko‘targan. Oriyati baland, saxovati undan binoyi.
Boyning ikkinchi xotini Gulzoda tojikzabon bo‘lib, Jayhunning narigi tarafidan tushgan. Oy desa og‘zi, kun desa ko‘zi bor bu ayol boyga tushgandan beri faqat qiz tug‘adi. Besh qizdan keyin bir o‘g‘il Tursunboyni tug‘ib olmaganida Jobirbek uning to‘shagini qayta bosmay qo‘yishi hech gap emasdi. “Yo otaga mol, yo qizga jamol”, deganlaridek boyning qizlari birin-ketin joyini topib ketdi. Kenja qiz Husnora esa kelgan sovchilarni qaytarib yotibdi. Qarqara mergan ham bu qizni kenja o‘g‘liga kelin qilish niyati bor. Ena daryoning narigi tarafidan ham sovchilarning qadami uzilmayapti.
Bir kuni hech kutilmagan kor-hol ro‘y berdi. Qiz o‘lgur enajoni bilan til biriktirib, o‘zicha munosib kuyov topib, xolavachchasining otiga mingashib, daryo ortiga qochib qoldi.
Tong azonda qizining noma’lum kuyov bilan qochib qolganini “suyarcha” xotinining o‘z og‘zidan eshitgan boyning tepa sochi tikka bo‘lib, ko‘z oldi qorong‘ilashib “senga uch taloq” deb yuborishiga sal qoldi. O‘zini zo‘rg‘a qo‘lga oldi-yu, “Sening to‘shaging endi menga harom” deya oldi, xolos. Boy o‘sha kuni kun bo‘yi uydan chiqmadi. Tun bo‘yi mijja qoqmadi. Uning ertalabki qarori beshafqat bo‘ldi:
– Qarqara merganni chaqiringlar!..
Mergan Jobirbekni boy bo‘lgani uchun emas, elim, degani uchun xush ko‘rardi. Katta og‘asiday uning imo-ishorasiga hoziru nozir edi. Bu safar ham bir og‘iz so‘ratgani yaxshilikka deb keldi-yu, poyiga tiz cho‘kdi.
– Mergan og‘am, sening xabaring bormi-yo‘qmi, mening boshimni egib ketishdi. Qizimni olib qochishdi.
– Qaysi qizingiz, Husnoranimi, men uni sarboz o‘g‘limga so‘ratmoqchi edim.
– Qaniydi shunday bo‘lsa? Endi ularni qo‘shmozor qilaman. Qarqara, men ko‘p o‘yladim. Jonimni qaqshatib yo‘q demasang, aytaman.
– Mayli, siz bir nima desangiz, yo‘q dermidim?
– Bu ishning uddasidan faqat sen chiqasan. Sen va yolg‘iz Olloh!
– Tortinmay aytavering.
– Senga uch kun muhlat. O‘sha nobakor qiz tushgan hovlini qidirib topasan. Kelin-kuyovni boshini tanasidan judo qilib, qo‘sh kallani xurjuningga solib kelib, menga ko‘rsatasan. O‘sha bevosh boshlarning og‘irligicha mendan tillo olasan.
Mergan bexos “ix” deb yubordi. Boy esa xotirjam, hijjalab shartni yana qaytardi.
Mergan ov qilganida o‘ljasi urg‘ochi hayvon bo‘lsa ko‘p achinardi. Axir bundan zurriyod qolardi-ku. Yarador bo‘lgandayam, davolab qo‘yib yuborardi.
– Boy ota, yana pushaymon bo‘lmaysizmi?
– Ularning aybi-gunohi mening bo‘ynimda. Sen mening or-nomusimni qaytarib, qo‘limga berasan.
– Mayli, boy ota, bir urinib ko‘raman. Bitta boshga bitta o‘lim hamisha bor.
Jiyron qashqa nimadir sezganday bo‘ldi. Beli tortilayotganda, yugan solinayotganda, ustiga xurjun ortilganda tuvlab – quloq jimirdi. Agar tili bo‘lsa yalinib-yolvorib merganni yomon yo‘ldan qaytarib olardi. Biroq yo‘lda ham, Jayhundan o‘tayotganda ham ot o‘zini sezdirib qo‘yaverdi. Buni bilgan mergan daryo o‘rtasidan suzib borayotib, ortga qaytmoqchi bo‘lib, jilov tortdi. Endi ot jonivor iziga qaytishni istamadi. Ot meni tushundi deb o‘ylagan mergan qirg‘oqqa qarab jadal suzib ketdi. Berahm taqdirni ko‘ring. Kelin-kuyovning nikoh iddasi o‘tib, ayni shu oqshom bir-biriga qovushgan edi. Bunday paytda hatto ilon bo‘lsayam o‘ldirish gunohi azim. Mergan esa or-nomus deb shu aqidani ham unutib qo‘yganday edi. Azroilni kutib o‘tirmay qilich yalang‘ochlab naq go‘shanganing o‘ziga bostirib kirdi-yu, shayton nag‘masiga raqs tushayotgan ikki yurakni o‘ldirib, tanasidan boshini ayirib, xonani qon bilan to‘lg‘azib, ko‘zlari chaqchayib qolgan boshlarning kipriklarini yopib, xurjunga solib otining yoniga yaqinlashganda jiyron pishqirib kishnab yuborishiga sal qoldi. Xayriyatki, oldinda daryo bor. Unda yuvinib-poklanish mumkin. Ot har safar kechuvda bemalol suzardi. Bu safar ataylab qilganday sho‘ng‘ib-sho‘ng‘ib oladi. Xuddi shu payt merganning qattol tanasi ot bilan suvga botib-botib ketar, bundan foydalangan mergan yuz-qo‘llarini ishqalab-ishqalab yuvib olar, beldagi xanjar tilida qotib qolgan qonni qinga tegizib yalanar, xurjun ko‘zlariga kirgan suv esa boshlarni chayqab-chayqab yuvish bilan ovora edi. Bu alfozda kunduz kuni yurib bo‘lmas edi. Xurjunga chivin aylanisha boshlagandi. Kunduzi biror pana o‘ngirda yotib, tunlari to‘xtamay yurgan mergan aytgan kunning oxirgi kechasi Jobirbekning eshigiga kirib bordi. Xurjundan chiqarilgan boshlar mallarang dokaday oqarib ketgandi. Ularga ko‘zi tushgan boyning rang-ro‘yi ham xuddi shu taxlit oqardi. Yuz-qo‘llarini sahro quyoshi kuydirgan mergan esa ko‘karib ketgandi.
– Voh bolam, voh jonim-a, ham qizimdan, ham tillomdan ayrildim. E Xudo, menga ajal ber!
Mergan va’da qilingan tilloga ham qaramay uyiga qaytdi. Bechora jiyron qashqa uch kunga ham yetmadi. Hech narsa yemay-ichmay, ko‘zlaridan yum-yum yosh oqizib, tik turib jon berdi. Uni mergan yuvib-kafanlab, katta qabriston devori tagiga ko‘mib keldi. Qirq kun aza ochib, dunyo ishlaridan qo‘l siltab Tangriga yalinib-yolvorib ibodatga yukindi. Jobirbek esa o‘sha kunning o‘ziyoq savdoyi bo‘lib qoldi-yu, qizining bejanoza ko‘milgan mozoriga qatnab yurib, yettinchi kun uning o‘ligini o‘sha qo‘sh qabr o‘rtasidan topdilar. Boyning o‘g‘illari unga ko‘pam o‘xshamadi. Nevara-chevaralar bobomdan qolgan meros, deb o‘sha ko‘hna sardobaga hamon ko‘z-quloq emish.
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 1-son