Eshqobil Shukur. Hayot adabiyoti va adabiyot hayoti

AYoL SEHRI

Qadimgi xitoyliklarning “Dao va De” kitobida shunday bir bitik bor. Budda rohibi ko‘p yillar xilvatda tarkidunyo qilib, faqat toat-ibodat bilan mashg‘ul bo‘ladi. U kundan-kun ruhan kuchayib, sirlar olamiga kirib boradi. Nihoyat, kun kelib rohib o‘zida qushday ucha olishga, o‘tirgan joyida osmonga ko‘tarilishga rag‘bat sezadi va shunga tayyor bo‘ladi. Bu uning ko‘p yillar davomidagi orzusi, maqsadi edi. Rohib shu darajaga yetish uchun ko‘p qon yutgan, ko‘p ter to‘kkan.
Rohibning kulbasi daryo bo‘yidagi o‘rmonda edi. U asta-sekin osmonga ko‘tarila boshlaydi. Avval kulbadan balandlaydi, so‘ng daraxtlardan. U pastda kumushday yarqirab yotgan daryoni kuzatadi va daryo bo‘yida kir yuvayotgan ayollarga ko‘zi tushadi. Bir ayol rohibning diqqatini tortadi. So‘ng lozimi tizzasigacha turib qo‘yilgan ayolning chayqalayotgan kumush suv ustidagi bug‘doyrang boldirlarini ko‘rib qoladi. Rohibning ko‘ngli buziladi va yerga qaytib tushadi.
Lev Tolstoyning “Sergiy ota” qissasida yengiltak bir oyimcha tarkidunyo qilib, xilvatga ketgan avliyoni yo‘ldan urish uchun dugonalari bilan bahs boylaydi va u qishning qorga burkangan bir kechasida Sergiy otaning o‘rmondagi kulbasiga (adashib qolganini bahona qilib) kirib boradi. U toat-ibodatdagi Sergiy otaning odamgarchiligiga shaytongarchilik bilan javob beradi. Nima qilsin, avliyo darajasiga yetgan bo‘lsa-da, uyam odam, biologik mavjudot. Nozu istig‘no, makru karashma Sergiy otaning ko‘nglini buzadi… Shunda u o‘zini zo‘rg‘a bosib, harosot va mayl jodusidan qochib tashqariga chiqadi va bolta bilan bir barmog‘ini kesib tashlaydi.
Lev Nikolayevichdan ming yil avval “vaqtning imomi” Shayx Zunnun Mis­riy bir voqeani bayon qilgan. Unga ko‘ra, bir obid savma’ada, ya’ni xilvatdagi hujrada kechayu kunduz tinimsiz ibodat bilan mashg‘ul edi. Bir kuni toat-ibodatdan bir necha daqiqaga bo‘shagan obid hujra tuynugidan tashqariga qaraydi va go‘zal bir nozaninga ko‘zi tushadi. Shu lahzadayoq aqlu hushi uchadi. Obid shaxt bilan o‘rnidan turadiyu shu ayolni yana bir bor ko‘rish ilinjida tashqariga intiladi. Obidning bir oyog‘i savma’a eshigini hatlab o‘tganda, birdan uning hushi joyiga keladi va ortiga — hujraga qaytadi. Axir, shuncha toat, shuncha ibodat, shuncha riyozat nechun? Shuning uchunmidi? Obid o‘sha kuni hujradan iznsiz tashqariga chiqqan oyog‘ini kesib tashlaydi. “Shayxulislom debdurki: “Nihovandiy dedikim: “Alarki himmat ahlidurlar. Agar so‘l iliklari alarni andin mashg‘ul qilsa, o‘ng iliklari bila ul so‘l ilikni kesarlar” (“Nasoyim ul-muhabbat”).

BIR MISRANING NARXI

Mashhur Ryunoske Akutagavaning “Insonning hayoti Bodlerning bir sat­riga arzimaydi” degan keskin aytilgan gapi bor.
Bitta satr yo bir baytni tinglay turib, joni tanidan chiqib ketganlar bor.
Bitta satrni hayotiga almashtirganlar bor.
So‘z Odamdan ko‘ra kuchli.
“Nasoyim ul-muhabbat”da Navoiy aytganlar:
“Abulqosim Soyih qavm bila mehmonlig‘da erdilar, go‘yanda o‘qidikim, “Sen yashayotgan har bir uyda chiroqqa ehtiyoj yo‘q. Odamlar hujjatlari bilan keladigan kunda sening yorug‘ yuzing bizning hujjatimiz…”. Abulqosim Soyih o‘ng ilikin ko‘tardi va necha faryod urdi va yiqildi va olamdin o‘tti”.
Shayxulislom debturki: “Nishoburda hodisa erdiki, xaloyiq shahardan chiqib erdilar. Men bir masjidda erdim. Va ul masjid go‘shasida yana bir darvesh bor erdi. Go‘yanda kirdi, ul darvesh anga dedikim, bir nima o‘qi! Ul o‘qudikim: “Men o‘zim va muhabbat o‘rtasida bir ma’rifatni topdimki, u abadiy nihoya topmaydi yoki abadiyat nihoya topadi. Sizlarning muhabbatingiz hech kim sezmaydigan falokatlar orasida qolganida, men bu dunyodin chiqib ketaman.” Ul darvesh yiqilib, iki namoz orasig‘a talpinur erdi to olamdin o‘tti”.

FIKRSIZLIKDAGI ZERIKISh

Shodmonqul Salom bir maqolasida shunday yozibdi: “Yolg‘iz kishining, umuman, bugungi kun odamining eng katta fojeasi zerikishdir. Zerikayotgan odamdan ko‘ra xavfli mavjudot yo‘q”. Bu fikr rahmatli Abdulla Oripovning bir gapini esimga soldi. Chamasi, o‘tgan asrning 90-yillari edi. Abdulla aka Italiyaga borib keldi. Safar taassurotlarini eshitaylik, deb uyiga ziyoratga bordik. Abdulla aka gurungida: “Rimga nega kelding, tunislik bola?” degan she’rini o‘qib berib, she’rning yaralishi haqida so‘zladi. Voqea shunday edi: bir tunislik sargardon o‘smir bola ish izlab Rimga kelib qoladi. Bir kechasi rimlik boy-badavlat odamlarning olifta bolalari ovora yurgan shu musofir bolani ko‘chada tutib oladilar va ustiga benzin quyib yoqib yuboradilar. Tunislik bola shu joyning o‘zida kuyib o‘ladi.
Abdulla aka hodisaning oxirini xavotir va qayg‘u bilan aytgani hamon esimda: “Bilasizlarmi, keyin nima bo‘lgan, – dedi-da u bir muddat o‘yga toldi, ko‘zlarida mung qalqdi. – Keyin tergov paytida olifta bezorilardan: “Nega bunday qildinglar?” deb so‘rashganida, ular: “Zerikib ketdik. Zerikkanimizdan shunday qildik. Tomosha uchun”, deb javob berishgan.
Shodmonqul to‘g‘ri yozibdi, zerikayotgan odamdan ko‘ra xavfliroq mavjudot yo‘q, ayniqsa, u fikrlamaydigan bo‘lsa.

BAChADON MO‘’JIZASI

Kecha Internetda koronavirusga cha­­­lin­­gan homilador ayolning bolasi sog‘lom tug‘ilgani haqida xabar tarqaldi. Aql bovar qilmaydigan hodisa. Bir barmoqning uchi tegib ketsa yuqib qoladigan kasallik shu kasal bilan og‘rigan vujud ichidagi homilaga ta’sir qilmasa. Bunday holatni OITSga chalingan ayollarda ham uchratish mumkin. Bungayam aql bovar qilmaydi. Homila barcha ozuqani – qonni ham, jonni ham, hamma-hammasini o‘zi yashayotgan shu vujuddan olsayu, lekin uning kasalidan himoyalangan bo‘lsa. Bachadon Xudoning bir mo‘jizasi ekanligini shundan ham bilsa bo‘ladi.
Imom Buxoriy Yaratgan bilan bachadon, ya’ni rahm o‘rtasida g‘aroyib kelishuv haqidagi hadisni keltiradi: “Rasululloh sollallohu alayhi vassallam bunday dedilar: Olloh taolo odamni yaratib bo‘lgach, rahm (bachadon) unga: “Qon-qarindoshlik aloqalarining uzilmog‘idan asramog‘ingni tilaydirganning joyi hali shu bo‘ldimi?” – dedi. Olloh taolo: “Ha, shunday! Ammo agar men qon-qarindoshlikni mustahkamlaganlarni yarlaqasamu uni uzganlardan ersa rahmatimni darig‘ tutsam, rozi bo‘lg‘aymisan?” – dedi. Rahm: “Ha, yo rabbiy, rozidurmen!” – dedi. Olloh taolo: “Seni deb shunday qilg‘umdur!” – dedi.
Abu Hurayra rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi vassallam: “Rahm (so‘zi) rahmon (so‘zi) bilan uzviy bog‘liqdir” deganlar”.
Inson vujudida shuncha sir yashiringanki, odam necha ming yillardan beri bu sirlar qoshida lol va yana necha ming yillar lol bo‘lib qolaveradi. Rabindranat Thokur aytganiday: “Men shunday bir mo‘jizamanki, har kuni bu mo‘jizaga qarab hayratlanib o‘tiraman.”

KARANTIN

Mamlakatda karantin e’lon qilingach, uch narsa xayolimdan o‘tdi.
Birinchisi, qadimgi Budda donishmandlarining: “Uydan chiqmay turib, dunyoni anglash mumkin” degan gapi.
Ikkinchisi, Gabriel Markes “Yuz yil yolg‘izlikda” romanini olti oy bitta xonadan chiqmay yozgani. Adib bu payt­da boshqa xonaga ham chiqmaydi. Hatto xotini Mersedes uning hojati uchun tuvakni ham shu xonaga kiritib beradi. Xullas, “Inson nimaiki ezgu narsani yaratgan bo‘lsa, bu uni yolg‘izlikda yaratgan” deyilganiday, u mo‘jizani yolg‘izlikda yaratadi.
Uchinchisi, Navoiy Abulhasan as-Subayhiy haqida yozgan: “…aning saroyida bir uy bor erdi, yerda qozg‘an. O‘tuz yil andin chiqmadi”. ­Navoiy yana bir olim haqida aytadi: ­“…ramazon oyi bo‘lg‘ach, Abu Ubayd bir uyga kirar erdi va buyurur erdikim, eshigin suvab berkiturlar erdi va bir teshuk qo‘yarlar erdi. Va har kecha bir tah o‘tmak (non) ul teshukdin solurlar erdi. Iyd bo‘lg‘achkim, eshikni ocharlar erdi, o‘tuz o‘tmak (non) uyning go‘shasida erdikim, bir oyda ne taom yeb erdi va ne suv ichib erdi. Va o‘tuz kecha-kunduz bir tahorat bila suv ichib erdi”.

MO‘’JIZANING QADRI

Besh-olti yasharlik paytlarimda qish­log‘imizda faqat Qobil muallimnikida televizor bo‘lganini yaxshi eslayman. Juda ibtidoiy, goh ko‘rsatib, goh ko‘rsatmay qoladigan, zo‘rg‘a oqni qoradan ajratib turadigan kichik ekranli oynai jahon! Shom bilan xufton oralig‘ida ovulning yarmi shu hovliga to‘p­lanardi. Qirq-ellik chog‘li kattayu ­kichik tungi soat o‘n birlargacha, to And­rey boboning dvijogi o‘chgunga qadar mo‘jiza – qutiga termulib o‘tirardi. Ba’zan Qobil muallimning hovlisiga odam to‘lib ketib, o‘tirishga ham joy topilmay qolardi.
Shungayam ellik besh yilcha vaqt o‘tibdi.
Kecha asrdan so‘ng ko‘cha aylangani chiqayotib, qo‘shnimiz Hosil akani uchratib qoldim. Hosil aka yoshi olt­mishdan oshgan, bola-chaqadan tinchigan, o‘ziga to‘q odam. O‘g‘illarini uyli-joyli qilgan, tinchroq bo‘ladi deb xotini bilan ikkovi yashaydi. Uning yonida bir yigit katta qutida yangi televizor ko‘tarib kelayotgan ekan. Salomlashib so‘rashganimizdan so‘ng undan, yangi televizor oldingizmi, deb so‘radim. Hosil aka kulib javob berdi:
— Bilasiz, men futbol jinnisiman, xotinim serial jinnisi. Ikkovimiz bir televizorni talashib qolayap­miz. Shunga yangangizga deb televizor olib kelayapman. Mana endi istaganicha serialini ko‘raversin. Ikkovimizga ikki televizor.
Shunda mening ko‘z o‘ngimdan olis bolalikda, ovloq ovulda, kechki salqinda Qobil muallimning hovlisida g‘ira-shira ko‘rsatayotgan kichik bir televizorga termulib o‘tirgan bir to‘p odamlar o‘tdi. Hozirgi eng zamonaviy televizorlardan ko‘ra o‘sha quti menga ko‘p qadrli tuyuldi.

KATTA ADABIYoT VA KIChIK UNSUR

Chingiz Aytmatov “Yuzma-yuz” qissasida qochoq Ismoilning onasi Beksaat enani eldoshlari qanday ko‘mish­lari tasvirida shunday joyi bor: “So‘ng yana to‘da harakatga kelib qoldi, endi mayit­ni qabr ichiga tushirdilar-da, shosha-pisha go‘rga tuproq tortdilar”.
Nega shosha-pisha tuproq tortadilar? Axir, hamma shu marosim uchun kelgan bo‘lsa?..
Abdulla Oripovning bir she’rida shunday satrlar bor:
Ko‘changdan lopillab o‘tganda tobut,
Sen uni bir bora kuzatganmisan?
Nega tobut lopillab o‘tadi? Nima uchun uni kuzatish kerak? Gap shundaki, tobutni ko‘tarib kelayotganlar iloji boricha tez va shoshilinch harakat qilish­lari kerak. Shuning uchun shoshilib ketayotganlar yelkasidagi tobut lopillab o‘tayotganday ko‘rinadi. “Lopillab” so‘zi “lop etib” so‘zidan olingan bo‘lib, birdan, bir onda bo‘ladigan harakatni bildiradi. Olov lop etib yonadi. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “lopillab” so‘ziga “yon-veriga chayqalmoq”, “baland-pastga chayqalmoq”, “lapanglamoq” ma’nolarida izoh berilgan. Bu izohda ham shoshilish, tez harakat qilish mazmuni bor.
Maqsadga o‘tsak. Bizda azaldan marhumni tobutda olib ketishayotganda ham, ko‘mishayotganda ham shoshilish zarur bo‘lgan va bu narsa udum darajasiga yetgan. Dinimizda ham faqat beshta narsaga shoshilish kerak, boshqa vaziyatlardagi shoshilish makruh deyilgan. Bu beshta holat quyidagilar:
1. Musofirning qornini to‘ydirishga shoshilish; (Abduxoliq G‘ijduvoniy fiqhga oid mulohazalarida qozi qorni och paytida hukm chiqarishi mumkin emas, deb ta’qiqlagan.)
2. O‘likni tez ko‘mishga shoshilish;
3. Qizni vaqtida erga berishga shoshilish;
4. Namozni o‘z vaqtida o‘qishga shoshilish;
5. O‘lim kelmasidan o‘limga tayyorgarlik ko‘rishga shoshilish.
Guvohi bo‘lganingizdek, Chingiz Ayt­matov tasvirida ham, Abdulla Oripov she’rida ham shu beshta holatning ikkinchisi, ya’ni marhumni o‘z vaqtida ko‘mishga shoshilish milliy qoidalarga mos tasvirlangan. Zero, milliy ruhni yaxshi bilgan adiblar ijodida eng kichik detallarda ham bu ruh o‘z aksini topadi.

“O‘zAS”dan olindi.