Erkin A’zam. Farrosh kampirning tushi (drama)

(Boshiga “kulfat” tushgan bir bekorchixona hangomasi)

Ikki qism – bir talay diydiyodan iborat

Bekorchixona ahli:
Rahbar Rahbarovich – hammaga tanish odatdagi amalparast; 40-45 yoshlarda.
Muovin buva – sobiq Rahbar Rahbarovich, chala nafaqachi, moshrang do‘ppi kiyadigan og‘irkarvon odam; 62-65 yoshlarda.
Gulibarno – jiblajibon kotiba; 25-28 yoshlarda.
Hisobchixon – ziqna, pixini yorgan quv xotin; 40-45 yoshlarda.
Iqtisodchi xonim – pardoz-andozga o‘ch “zamonaviy” juvon; 35-40 yoshlarda.
Bo‘lim boshlig‘i – to‘ymas oshxo‘r, tamagirroq kishi; 50-55 yoshlarda.
Bosh mutaxassis – o‘zicha hurfikr, zaharzabon, bashang kiyinadigan jazmanmijoz odam; 45-50 yoshlarda.
Mutaxassis xonim – turmushidan yolchimagan, merovnamo juvon; 35-40 yoshlarda.
Haydovchi yigit – uyquchi, divanda dumalab mudragani mudragan; 30 yashar.
Farrosh kampir – qulog‘i og‘ir, qo‘lida mudom latta, duch kelgan joyni artib-surtib o‘zicha javrab yurgani yurgan; 65-70 yoshlarda.
Qolganlar – yozgi ta’tilda va… har yoqda.

BIRINChI QISM
(oshgacha)

DIYDIYoNING BOShLANIShI

Sahnani enlagan kattakon chorsi xona – “foye”, “xoll”. Ro‘parada – peshonasiga “Qabulxona”, “Muovin”, “Hisobxona”, “Bo‘lim boshlig‘i”, “Bosh mutaxassis”, “Mutaxassislar” deb yozilgan qator eshiklar.
Bir-biriga qarama-qarshi ikki yon eshik, chapdagisi – “A”, o‘ngdagisi – “E”. Har ikkalasiga ham “NE RABOTAET” deb yozilgan qog‘oz yopishtirilgan. U yerdan o‘qtin-o‘qtin shovullab suv to‘kilgani eshitilib turadi.
Xona o‘rtasida uzun stol, yon-verida betartib qalashgan stullar.
Yonboshdagi almisoqdan qolgan divanni g‘ijirlatib ertayu kech Haydovchi yigit ag‘anab yotadi.
Qabulxona eshigi yaqinida bahaybat amal stoli, amal kursisi. Rahbar Rahbarovich tebranma-aylanma kursida yastanib turli-tuman ko‘cha gazetalarini ko‘zdan kechirayotir.
Qo‘lida latta, duch kelgan joyni artib-surtib Farrosh kampir ko‘rinadi. Birovning ko‘zi tushgudek bo‘lsa jon-jahdi bilan tirishadi, rahbar gazetaning biror joyini ovoz chiqarib o‘qiganida, xuddi unga qarata gapirilgandek, alqamoqqa tushadi: “Anuv o‘lgur ziqnaga tayinlab qo‘ydingizmi, o‘rgilay? Rahmat, rahmat, umringizdan baraka toping, iloyim!”
Ayni damda ham o‘zicha javragani javragan.

Farrosh kampir. Esiz jonim! Beradigani – cho‘zib-cho‘zib to‘rt tanga, shundan shunga sarson bo‘lib kelaman-a! Qurg‘ur, kelib-ketishimga yetsa ham koshki edi! Uyda yalpayib o‘tirgan anuv boyvuchcha shungayam sherik deng! Qumrigina otimni qo‘yib o‘shaning nomida Dilnavoz bo‘lib yuribman-da. Dilnavoz! Dilnavoz opa, Dilnavoz xola! Qurib ketsin, o‘zimning nomimga o‘tay desam, pensa o‘lgurning qoq yarmini kesadi. Eski kattaga ham, manovi yangisiga ham “ozroq ko‘tarsangiz-chi, opovsi” deb xudoning zorini qildim – qayoqda! Hammasiga o‘lgur o‘sha ziqna bug‘altir aybdor! “Mumkin emas, mumkin emas!” Megajin! Senga mumkin! O‘zginangga mumkin! Asomova Dilnavoz… iye, Qumri sho‘rlikka kelganda – taqa-taq! Yer yutgur, adogina bo‘lgur! (Qo‘lidagi gazetani qo‘yib telefonga yopishgan Rahbar Rahbarovichga ko‘zi tushadiyu birdan yumshab, yaltoqilik bilan so‘rasha ketadi.) Charchamaygina yuribsizmi, ukajon? Siz keldingizu, xudoga shukr, bu ordona idoraga son kirdi, fayzu baraka kirdi. Martabangiz bundan-da ziyoda bo‘lsin! Kelinposhsha yaxshimilar? Anuv kungi boshog‘riqlari qoldimi ishqilib? Qolsin, qolsin iloyim. Nevaralarim chopqillab yurishibdimi? Ha, hammaginasining umrini bersin. Dadasining izidan borib, mana shundoq katta idoralarga kattakon bo‘lib ketsin!

Rahbar Rahbarovich uning alqashlariga parvo ham qilmay, zavq bilan telefonda diydiyosini cho‘zadi.

Rahbar Rahbarovich. Bag‘dodda-ku hamisha tinchlik, bilamiz. Sizlarda-chi, akaxon, sizlarda nima yangilik? Boya gazetda ko‘zim tushgandek bo‘ldi, anovi sovuq tag‘in ko‘tarilib ketibdimi?
Akaxon (ovozi). Qaysi sovuqni aytyapsiz?
Rahbar Rahbarovich. Sovuq kammidi, akaxon! Haligi, agentlikka o‘tgani-chi? Ko‘zlari mo‘ltirab, doim yig‘lamsiraganga o‘xshab turadigan. O‘rniga kim ekan – bilsak bo‘ladimi?
Akaxon. Ha-a, Shoberdiyevmi? E, shuning tashvishi sizu bizga qoptimi? Yana bir sovug‘i topilar, qo‘yavering. Bunaqa masalalar qayerda hal bo‘lishini bilasiz-ku, inim!

Qabulxona eshigi shitob ochilib, Kotiba bosh suqadi.

Kotiba. Rahbar Rahbarovich! Rahbar Rahbarovich!
Rahbar Rahbarovich (go‘shakni kafti bilan to‘sib, ko‘rsatgich barmog‘ini tepaga nuqadi). Tish-sh!
Akaxon. Kim? Gulixon emasmilar?
Rahbar Rahbarovich (quvlik aralash). Qaysi Guli? Barnoxon deng!
Akaxon. Bizdan salom! Sog‘inchli salom!
Rahbar Rahbarovich. Qay biriga – Gulixongami yo Barnoxonga?
Akaxon. Opqochmang, hey! Har ikkaloviga!
Rahbar Rahbarovich (sho‘xlikni oshirib). Qaysisiga ko‘proq bo‘lsin?
Akaxon (tanbeh ohangida). Telefondasiz, inim! Og‘izga qarabroq, a! Bo‘pti, keyin gaplasharmiz.
Rahbar Rahbarovich. Tushundim, akaxon, tushundim. Rahmat, rahmat.

U go‘shakni joyiga qo‘yar-qo‘ymas, Kotiba otilib stol boshiga keladi.

Kotiba. Rahbar Rahbarovich! Rostmi shu gap?
Rahbar Rahbarovich. Rost, rost. Mana, o‘zlari salom aytyaptilar, shaxsan! Akaxoningiz! Akaxonimiz deganim!
Kotiba (stoldagi taqvimga betakalluf ko‘z tashlay turib). Bugun qanaqa kun o‘zi?
Rahbar Rahbarovich. Jumaga hali ikki kun bor! Lekin xosxonani yasatib, issiq-issiq qahvalarni hozirlayverasiz. (Havoni huzur bilan hidlay-hidlay) Oh, oh, buncha xushbo‘y! Akaxonning hidlarimi deyman?
Kotiba (nozlanib). Adashdingiz! Bu boshqasi… O‘zimniki. E, boring-e, men nima demoqchiman-u, bu kishi bo‘lsa!..
Rahbar Rahbarovich. Xo‘sh-xo‘sh, qani?
Kotiba. Chindan ham eshitganingiz yo‘qmi? Boshqa joyga ko‘charmishmiz-ku!
Rahbar Rahbarovich (hangu mang). Kim aytdi? Nega?
Kotiba. Ana – hamma! Hammaning og‘zida shu gap!
Rahbar Rahbarovich (tashvishga tushib). Bu yer-chi? Bu yer nima bo‘ladi unda?
Kotiba (yig‘lamsirab). Buzilarmish! Buzi-ib tashlanarmish, Rahbar Rahbarovich! Qara-ang! O‘rniga-chi, o‘rniga gazon ekilarmish.
Rahbar Rahbarovich. Gazon?! Qanaqa gazon?
Kotiba. Gazon o‘t-chi, mashina bilan o‘radigan ko‘m-ko‘k maysa bor-ku, o‘shandan!
Rahbar Rahbarovich. Nega endi? Gazonni nima qiladi?
Kotiba. Innaykeyin har-har joyga skameyka qo‘yib chiqilar ekan…
Rahbar Rahbarovich. Skameyka?! Qanaqa skameyka?
Kotiba (ensasi qotib). Voy-y, Rahbar Rahbarovich! Skameyka-da, o‘tiradigan skameyka!
Rahbar Rahbarovich (taajjubi battar ortib). Kim o‘tiradi unga?
Kotiba. Voy-y! Yoshlar-da, yoshlar! Anuv sevishganlar-chi, kelajak avlod!
Rahbar Rahbarovich. Boshqa joyda o‘tirib sevishsa bo‘lmas ekanmi o‘shalaringiz?!
Kotiba. Uff! Men qayoqdan bilay! Shu yerni tanlashibdi-da!

Eshik ochilib, Hisobchi xonimning boshi ko‘rinadi.

Hisobchi. Mumkinmi, Rahbar Rahbarovich?
Kotiba (o‘girilib ham qaramay). Bandlar, bandlar! Qattiq!
Hisobchi (jahl bilan). E, o‘t bu yoqqa! (Bostirib kiradi.)

Uning vajohatini ko‘rib, Kotiba tisarila-tisarila chiqa boshlaydi.

Kotiba. Voy, voy! (Chetga qarab pichirlaydi) Naxalka!
Hisobchi (bir dasta qog‘ozni stolga tashlab). Qo‘l qo‘yib bersangiz, Rahbar Rahbarovich. Bugun eltib topshirmasam… Soliqni o‘zingiz bilasiz! (Rahbar imzo chekmoqqa kirisharkan, stolda qalashib yotgan gazetalardan biriga hisobchining ko‘zi tushib) “Darakchi”ni ko‘rib bo‘ldingizmi? Keyin menga berarsiz-a, Durdona Fayozni o‘qimoqchi edim.
Rahbar Rahbarovich (imzodan bosh ko‘tarib). Dildora Fayoz? Kim u?
Hisobchi. Hali o‘sha yeriga kelmabsiz-da, ha-a. Xushovoz xonanda bor-ku – Durdona Fayoz? Huv, to‘shakda yotib qo‘shiq aytadigan. O‘sha, uchinchi eridan chiqib, o‘zidan o‘n yosh kichik bittasiga tegib olganmish. Malayziyalik ekan. Rosa serpul, biznesmen!
Rahbar Rahbarovich. Gazetani o‘qimagan bo‘lsangiz ham, mana, hammasidan xabardor ekansiz-ku, xonim?
Hisobchi (andak xijolatomuz). Yangi eri bilan Malayziyaga ketarmikan yo qolarmikan – shunisini bilmoqchi edim-da.
Rahbar Rahbarovich (ermakka). Ketsa nima bo‘ladi? (Suhbatdoshi gap topolmaganini ko‘rib) Qolsa-chi? Xo‘sh?
Hisobchi (nochor iljayib). Qiziq-da, Rahbar Rahbarovich. Behayo, sotqin! To‘g‘rimi?
Rahbar Rahbarovich. Ketsa – bir kuni qaytib kelar. Yurtini sog‘inib. Yoki yanada yoshroq bittasini topib, Koreyami, Singapurgami juftak urib qolar, nima dedingiz?
Hisobchi. Esiz shuncha pul, shuncha mol-dunyo! Xushovoz emishlar!
Rahbar Rahbarovich. Pul deganday, anovi vaysaqi kampir masalasi nima bo‘ldi? O‘zi garangligi yetmagandek, odamning quloq-miyasini yevordi-ya! Nahotki…
Farrosh kampir (ovozi, allaqayoqdan). Rahmat, rahmat! Umringizdan baraka toping, ukajon! Tuproq olsangiz zar bo‘lsin!
Hisobchi (bidirlab). Iloji yo‘q, Rahbar Rahbarovich! Hecham iloji yo‘q! Gaplashib ko‘rdim, razryadi shunaqa!
Farrosh kampir (allaqayoqdan). Hah, yashshamagur! Yoningdan beryapsanmi, megajin?!
Hisobchi (daf’atan muloyimlashib). G‘ildiragimiz bo‘shdir, borib kelsam maylimi?
Rahbar Rahbarovich. Divanda dumalab yotuvdi, qarang-chi.
Haydovchi divandan bosh ko‘tarib, norozi o‘qrayadi.
Imzolangan qog‘ozlarini olib o‘rnidan qo‘zg‘algan Hisobchi qaytib o‘tiradi.

Hisobchi (hamdardona). Anuv shumxabarni eshitgandirsiz, Rahbar Rahbarovich? O‘zi shuni bilgani kiruvdim oldingizga. Endi nima qilamiz-a?
Rahbar Rahbarovich. Eshitdim, eshitdim. Gazon ekilarmishmi-ey, sevishib o‘tirisharmishmi-ey, kim bilsin!
Hisobchi. Avtobekat bo‘larkan deyishayotuvdi-ku?
Rahbar Rahbarovich. Avtobekat? Shaharning qoq o‘rtasida-ya?!
Hisobchi. Qozonchining qo‘lida – qaydan quloq chiqarsa! Qayoqqa ko‘charkanmiz o‘zi?
Rahbar Rahbarovich. Bilmadim, bilmadim. O‘zimning ham boshim qotib qoldi. Iya, hozir bilamiz-da, hozir! (Telefonga qo‘l cho‘zganida “E” yozuvli eshik tarafdan suvning shovullashi eshitiladi.) Padariga la’nat! Qayoqqa bo‘lsayam – ko‘chsak ko‘chaylik shu yerdan!

Hisobchi ham irgangan kabi burun jiyirib qo‘yib, o‘rnidan qo‘zg‘aladi.

IKKINChI DIYDIYo

“E” xona tarafdan suvning shildiragani eshitilib, qo‘llarini ro‘molchasiga arta-arta Muovin buva chiqadi. Latta ko‘targan Farrosh uning yo‘lini to‘sadi.
Muovin buva. Ha, Qumri kampir, yana nima gap?
Farrosh kampir. Qumri degandek bo‘ldingizmi, aylanay? Bu ordonaxonada bitta siz bilasiz ismimni. Qolgan bari anuv boyvuchchamning oti bilan ataydi meni. Rahmat, rahmat. O‘zingizning tani-joningiz sog‘mi ishqilib? Uydagi kelin-kepchak, kichkintoyu jajjivoylar? Ha, omon bo‘lishsin. Kennoyimiz ham o‘tirgandirlar onaxotin oydek bo‘lib?
Muovin buva. O‘tiribdi. Turshak bo‘lib. Bukilib-bujmayib. Sizga o‘xshab qolgan u ham, Qumri buvi!
Farrosh kampir (qulog‘i ilmay). Ha, ha, yaxshi. So‘rab qo‘yarsiz mening nomimdan. Sizning davrlaringiz qandoq edi-ya, Muovin buva! Hammayoqda fayzu baraka! Mana, endi hemiri to‘rt chaqasi uchun kelib-ketib yuribman deng, azza-bazza. Bariga anuv chaqchaygan zahar o‘lgur aybdor! (Duch kelgan joyni zo‘r berib arta boshlaydi.)
Muovin buva behafsala qo‘l siltab xonasiga kirib ketadiyu qo‘lida bir varaq qog‘oz bilan chiqib qabulxona sari yuradi.
Rahbar uni yasama iljayib qarshi oladi.
Rahbar Rahbarovich. Keling, keling, ustoz.
Muovin buva (harsillab, ro‘baro‘ kursiga cho‘karkan). Endi bizning ustozligimiz qoldimi, ukam! Bugun ustozimiz – siz!
Rahbar Rahbarovich. Yo‘g‘-ey, harqalay, necha yil mana shu dargohga boshchilik qilgansiz, xizmatlaringiz singgan! Biz – kecha kelgan bir odam-da. Sizning boy tajribangizga tayanib… Choyni oling.
Muovin buva. Rahmat… Tajriba degani nima – keksalarning ko‘nglini ovlash uchun o‘ylab topilgan bir cho‘pchak-da! Sizga maslahatim: unaqa cho‘pchaklarga emas, (mansab kursisiga ishora qilib) manovinga tayansangiz adashmaysiz. (Bir zum tin olib) Ustoz deysizmi, shogirdmi, xullas, bizga endi javob bersangiz, uka…
Rahbar Rahbarovich. Mayli, mayli. Marhamat. Yana qonbosimmi? Uyga borib, kennoyimizning oldilarida, bemalol damni olavering. Huv, o‘zingiz aytgandek, ish – o‘rmonga qochadigan bo‘ri emas…
Muovin buva (o‘qrayibroq). Yo‘q, inim, men butunlay ketmoqchiman!
Rahbar Rahbarovich (yolg‘ondakam kuyinib). Ie, iye, bu nima deganlari, taqsir?
Muovin buva. Chilonzordan allaqayoqlarga uloqib yurish bizga endi malol, uka. Hali qayga ko‘chamiz – u yog‘i noma’lum bo‘lib turgan bo‘lsa…
Rahbar Rahbarovich. Men ham shuni aytaman-da. Suvni ko‘rmay etik yechgandek bo‘lib qolmaymizmi, oqsoqol!
Muovin buva. “Kulli yovmin – battar”, debmishlar mashoyixlar. Bugungisidan battar bo‘lsa bo‘ladiki, behtar bo‘lmaydi hech. Bu gapni eslab qoling, birodar! Doim shunday bo‘lib kelgan!
Rahbar Rahbarovich. Yo‘g‘-ey! Kelajak, yorug‘ kelajagimiz… Nahotki…
Muovin buva. Manovi gazetning gaplarini qo‘yib turing-da siz! Men ko‘chish masalasini aytyapman, uka. Endi joy bersa, huv bir tupkaning tagidan beradi sizga, xomtama bo‘lmang!
Rahbar Rahbarovich. Qaroringiz qat’iymi ishqilib?
Muovin buva. Bu nima deganingiz? Andisha ham kerak odamga. Oshiqmang, inim, ketamiz, ketaman! Bilamiz, bilamiz: yangi rahbar, iloji bo‘lsa, eski rahbarning qorasini ko‘rmoq tugul nomini ham kamroq eshitsa!.. Shundaymi?
Rahbar Rahbarovich. Yo‘g‘-ey, yo‘g‘-ey, men boshqa ma’noda… To‘n-po‘n, izzat-ikrom bilan deganday…
Muovin buva (to‘nini teskari kiyib). O‘sha to‘n sizniki, roziman. Ertaga bir kun o‘zlariga kerak bo‘lar…

Taraqlagan tovush eshitiladi.

Rahbar Rahbarovich (alang-jalang). Nima bo‘ldi? Nima shovqin? Guli-i! (Tin olib) Barno-o!

Apil-tapil “A” xonadan chiqqan Kotiba orqasiga qarata allanimani pishillatib, rahbar huzuriga chopadi.

Kotiba. Eshitaman, Rahbar Rahbarovich!
Rahbar Rahbarovich (norozi chaqchayib). Men sizni eshitmaysiz, anovi savdoyi kampirdek qulog‘i tom bitgan deyayotganim yo‘q, singlim! “Eshitaman-peshitaman” emas, “labbay” bo‘ladi! Necha marta aytganman-a!
Kotiba. Labbay! Eshitaman, Rahbar Rahbarovich!
Rahbar Rahbarovich. Obbo-o! Xo‘jalik mudiri qay go‘rda? Chaqiring! Nima qarsilladi o‘zi, tinchlikmi?
Kotiba. Foyedagi eski stolimiz… Jiyanining imeninasi ekan, o‘shanga ketgan. Ruxsat so‘rovdi, sizga aytish esimdan chiqibdi, Rahbar Rahbarovich.
Rahbar Rahbarovich (jig‘ibiyron). Jiyan, jiyan! Nechta jiyani bor o‘zi shuning?
Kotiba (barmoq bukib sanashga kirishadi). Ikki opasidan – beshta! Uch ukasidan – oltitamidi? Yo‘q, yo‘q, bittasi befarzand edi shekilli.
Rahbar Rahbarovich (toqati toq bo‘lib). Jiyanlaridan bo‘shaganida, aytib qo‘yarsiz, stol-stul, eshik-derazalarga ham qarab yursin, xo‘pmi? (Muovin buvaga yuzlanib) Sizdan qolgan stol!
Muovin buva. Ha, o‘zimizga o‘xshab uning ham har yog‘i lat yeb, puturdan ketgan… Shuning uchun javob so‘rayapman-da.
Rahbar Rahbarovich. Kelib-kelib shunday paytda! Idoramiz hayotidagi og‘ir, mas’uliyatli soatda! E qo‘ying-e, taqsir!
Muovin buva. Idorangizning og‘iridan ham, yengilidan ham qarzimiz qolmagan, ukam! Bir yaxshi odamdan eshitganim bor: amal kursisini egallagan mardum vaqti kelib uni bo‘shatmog‘i muqarrarligini ham unutmagani ma’qul!
Rahbar Rahbarovich (jizillab). Nima demoqchisiz, xo‘sh?
Muovin buva. Demoqchi bo‘lgan gapimni dedim!
Rahbar Rahbarovich. Mayli, arizangiz qolsin, o‘ylashib ko‘rarmiz.
Muovin buva og‘ir qo‘zg‘alib, eshik tomon yuradi. Rahbar telefonga yopishadi.
Ovozi: “Akaxo-on!”

UChINChI DIYDIYo

Chorsi xona. Bir boshiga allaqanday qutilaru taxlam-taxlam papkalardan tayanch berib qo‘yilgan uzun omonat stolda Bo‘lim boshlig‘i bilan Bosh mutaxassis ro‘baro‘, shaxmat surmoqda. Stolning narigi boshida go‘yo suyab qolmoqchi kabi unga o‘mgan tashlagan Muovin buva mudrab o‘tiribdi. Farrosh kampir odat-dagidek, qo‘lida lattasi, ivirsib yuribdi.
Farrosh kampir (o‘z-o‘zicha, g‘udranib). Mabodo Qo‘yliq taraflarga emasmikan? Koshkiydi, koshkiydi. Xudoyim ohu zorini eshitib, Qumri sho‘rlikni ham bi-ir yarlaqab qolarmidi… Rahmat, rahmat.

“A” xonadan grafinda suv ko‘tarib o‘tayotgan Mutaxassis xonim joyida to‘xtaydi.

Mutaxassis. Voy, rostdanmi? Qandoq yaxshi! Menga rosa o‘ng‘ay bo‘larkan, uyim o‘sha tomonda. Qo‘yliq ham obod joylar. Ayniqsa – bozori!
Bo‘lim boshlig‘i. Bu yog‘i chatoq bo‘ldi-ku? Boyagi aspni bekor beribman-a… (O‘yindan bosh ko‘tarib) Qo‘yliq deysizlarmi? Uzoq-ku juda?
Bosh mutaxassis. Uzoqmi, yaqinmi, bori shudir-da, akam! Lag‘monning o‘rniga kuksini urib yurasiz endi. Olaparning go‘shtiga.
Bo‘lim boshlig‘i (achchiqlanib). Qo‘ying-e! Men musulmon farzandiman, faqat qo‘y go‘shti iste’mol qilaman! Darvoqe, bugun qayerda osh bor edi-ya? Hozir, hozir! (U o‘rnidan chaqqon turib, xonasi tomon zipillaydi.)
Bosh mutaxassis. O‘yin-chi, akam? Holingizga maymun yig‘lab turibdi-ku bu yoqda!
Bo‘lim boshlig‘i (eshigidan kirayotib). Hay, o‘yin ham, anovi ko‘chdi-ko‘chdilar ham bir gap bo‘lar, qorinni ko‘raylik avval!
Bosh mutaxassis. Hah, osh yesin-a sizni! (U, qo‘lida grafin, qiyshanglab turgan Mutaxassis xonimga sho‘xchan, ma’nodor ko‘z qisib qo‘yadi. Juvon g‘amza ko‘rsatib, xonasiga kirib ketadi.)
Muovin buva (mudroq aralash g‘udranib). Chilonzor… Qo‘yliq… Chilonzor…

Bo‘lim boshlig‘i xonasidan allaqanday taklifnoma ko‘tarib chiqadi.

Bo‘lim boshlig‘i. Mana! (Tantanavor o‘qimoqqa tushadi) “Sevimli farzandlarimiz Aqidaxon va Martinbekning visol oqshomi munosabati bilan… “Do‘mbirobod” to‘yxonasiga lutfan oshga taklif etamiz”. Jamoa bilan! Yashavor! Ketdikmi? Soat ham o‘n bir bo‘lib qoldi. Yetib borgunimizcha…
Bosh mutaxassis. Martinbek?! Sevimli farzandlari negr-pegrmikan?
Bo‘lim boshlig‘i. Negrmi, balomi, nima farqi bor sizga? Oshi qora bo‘lmasa bo‘ldi-da!
Bosh mutaxassis. Men qarshiman.
Bo‘lim boshlig‘i. Oshgami, negrgami?
Bosh mutaxassis. Qizlarimizning mana shunday har turlisiga tegib ketaverishiga! Bu yoqda o‘zimiz turib!
Bo‘lim boshlig‘i. Obbo-o! (Mutaxassislar xonasiga imo etib) Kamlik qilyaptimi?.. Nima, sizdan so‘rab tegsinmi?! Erkinlik, demokratiya! Biz ham dunyoga chiqib bo‘ldik, og‘ayni! Hozir jahonning qay go‘riga bormang, “tog‘ajon” deb to‘rttasi bo‘yningizga osiladi! Zamonning zayli-da, qo‘lingizdan nima kelardi? Xo‘sh, boramizmi? (Muovin buvani turtib) Hey boboy, ko‘zni oching! Oshga! Siz tomonga. O‘shanaqasi uyingizda qolaverasiz… Lanjroq ko‘rinasiz, nahorgisiga ham boruvmidingiz deyman? Qayerga?
Muovin buva (azob bilan ko‘zini ochib). Qurbaqaobodga.
Bosh mutaxassis (chapak urib). Yuz ofarin, ming ofarin! Kallai saharlab! Do‘mbiroboddan Qurbaqaobodga!
Muovin buva. Nachora, inim, milliy udumimiz-da.
Bosh mutaxassis. Qayerdan chiqibdi o‘zi shu udum? Tag‘in milliy emish! Ertalab yetti-sakkizga qilsa bo‘lmasmikan shu dahmazani?
Muovin buva. Qozon sahar soat to‘rtda ochiladi, bilasiz-ku. Siz aytgan vaqtda qilsa, kun chiqib, yoyilib ketadi.
Bosh mutaxassis (bo‘sh kelmay). Oshni kunning yorug‘ida yesa teshib chiqarmikan, nima? (Bo‘lim boshlig‘iga ishoratan) Manovi kishi, masalan, yigirma to‘rt soat beto‘xtov yeyishi mumkin!
Bo‘lim boshlig‘i. Oshirivordingiz-a ja-a!
Muovin buva (javragandek). Chollar masjiddan o‘sha mahalda chiqadi-da, birodar.
Bosh mutaxassis. Chiqaversin, marhamat. To‘y qiladigan azamat ularga alohida qozon osib bersin!
Bo‘lim boshlig‘i. Qo‘yaylik shu keraksiz mashmashani. O‘zingiz to‘y bersangiz shunday qilarsiz, xo‘pmi? Qani, jo‘nadikmi bo‘lmasa? Rahbar Rahbarovich ham borsalar kerak. To‘y oshi – jonu dillari… Qog‘oz-pog‘ozini yig‘ishtirib, o‘n daqiqa ichida hamma shu yerda jam bo‘lsin!

TO‘RTINChI DIYDIYo

Rahbar Rahbarovich telefonda Akaxon iga arz-dod qilayotir.
Rahbar Rahbarovich. Jumalik o‘tirishlarimiz o‘tmish bo‘lib qolarkan-da endi? Gulixonning qahvalari! Achchiq-qaynoq qahvalari!..
Akaxon (ovozi). O‘zlari ham baravariga xo‘rillatib o‘tirardilar!..
Rahbar Rahbarovich. Ikkinchisidan keyin sekin chiqib ketardim-ku, akaxon?
Akaxon. Ikkinchisini kutib o‘tirish shartmidi?! Umuman, bunaqa gap-so‘zlarni bas qiling, inim. Telefondasiz-a, tilga hushyor bo‘ling, demaganmidim?
Rahbar Rahbarovich. Xo‘p, xo‘p, akaxon, vinovat!
Akaxon. Huv, lavozimga tayinlanayotganingizda berilgan maslahatlar esdan chiqibdi-da, a?
Rahbar Rahbarovich. Yo‘q, yo‘q, hammasi, hammaginasi yodimda! Yozib ham qo‘yganman. (Oldidagi bloknotni varaqlab, o‘qimoqqa tutinadi.) Mana. Birinchisi: “Hech qachon qo‘l ostidagi xodimlarga yo‘l-yo‘lakay, ko‘cha-ko‘yda topshiriq yoki tanbeh berilmaydi. Bir og‘iz gap bo‘lsa ham albatta kabinetga chaqirib aytiladi. Mansab kursisining sehr-salobati bo‘lakcha!” To‘g‘rimi?
Akaxon. Ikkinchisiga o‘ting.
Rahbar Rahbarovich. Ikkinchi punkt: “Ertalab ishga kelganda dastavval bir varaq qog‘oz olib, bugun bajariladigan yumushlar ro‘yxat qilinadi. Ro‘yxatning boshida albatta shaxsiy masalalar tursin. Davlat ishlari o‘z-o‘zidan bo‘laveradi”.
Akaxon. O‘chiring! Hoziroq o‘chirib tashlang! Kalla bormi, men bunisini qulog‘ingizga aytgan edim-ku, axir! O‘chirdingizmi?
Rahbar Rahbarovich. O‘chirdim, o‘chirdim. Qop-qora qilib bo‘yab tashladim! Juma kuni kelganingizda o‘zingizga ham ko‘rsataman.
Akaxon. O‘rniga mana bu gapni yozing! “Rahbarman degan azamat hamisha ikkita “t”ga hushyor bo‘lmog‘i kerak. Birinchisi…
Rahbar Rahbarovich. Ikkita nimaga dedingiz? “D”midi?
Akaxon. “T”, “t”! Tosh, temir… Birinchisi – tilga, ikkinchisi – telefonga”. Uqdingizmi? He, bloknotingizdan sizning! Darvoqe, qayoqqa ko‘charkansizlar, qachon?
Rahbar Rahbarovich (tushkun ohangda). Hozircha noma’lum, akaxon. Harholda uzoqroqqa. Qo‘yliq tomonlarga emishmi-ey…
Akaxon. Qo‘yliq?! Nima, siz bozorchimisiz? Umuman, nega biz bexabar, stranno…
Rahbar Rahbarovich (zorlangansimon). Akaxon, shu… qaytib eski joyimga o‘tsam-chi? Bo‘sh turganmish-ku hali. Xosxonasi ham bor edi. Jumaliklarga kelardingiz, qaynoq-qaynoq…
Akaxon. Obbo-o, hozirgina nima dedim-a!
Rahbar Rahbarovich (nafasi o‘chgudek). Uzr, uzr, akaxon, esimdan chiqibdi – ikkita “t”!
Akaxon (ensasi qotibroq). Bo‘pti, bo‘pti. Men bir gaplashib ko‘ray-chi… Barnogulingizga salom!
Rahbar Rahbarovich. Albatta, albatta, akaxon! (Go‘shakni joyiga qo‘yib, xiyla fursat sukutda qoladi. Bir mahal nimadir taraqlab ketadi.) Guli-i! (Tin olib) Barno-o!
Qo‘lida labbo‘yoq, Kotiba ko‘rinadi.

Kotiba. Eshita… Labbay, Rahbar Rahbarovich!
Rahbar Rahbarovich (ichida g‘ashlanib). Ismingiz namuncha uzun-a, singlim, bilmagan odam ikki kishi deb o‘ylaydi!
Kotiba. Esimni taniganimdan beri shunday – Gulibarnoman. (Istig‘no bilan) Nima, o‘xshamaymanmi? Akaxoningiz Barnogul deydilar!
Rahbar Rahbarovich (ichki bir hasad bilan). Mayli, mayli. U kishiga mumkin. Hammasi mumkin!.. Tag‘in nima shovqin, nima taraqladi?
Kotiba (qiqirlab). Anuv o‘lgur stol yana ag‘darilib tushdi!
Rahbar Rahbarovich (fig‘oni chiqib). Qay go‘rga gumdon bo‘lgan o‘zi o‘sha kasofat?
Kotiba. Qashqadaryosiga-da.
Rahbar Rahbarovich. O‘tgan safar Surxondaryo demabmidingiz?
Kotiba (parvosiga keltirmay). Nima farqi bor, Rahbar Rahbarovich, baribir daryo-da!
Rahbar Rahbarovich. Daryo, daryo… Qaysi stol dedingiz?
Kotiba. Anuv-chi, Muovin buvadan qolgan matoh! Har kuni ag‘nagani ag‘nagan.
Rahbar Rahbarovich (birdan jonlanib). Menga qarang, Gulixon, shu matohni Muovin buvaning o‘ziga sovg‘a qilib yuborsak nima deysiz? Ishdan bo‘shayapti, quruq ketmasin bechora. Qadrdon stoli-da! Allaqachon hisobdan ham chiqarilgan bo‘lsa kerak o‘zi. Bu yog‘i ko‘chadigan bo‘lib turibmiz, birato‘la yangisini olamiz-qo‘yamiz-da! Bir qaror tayyorlasangiz-chi, a?
Kotiba. Siniq stolga ham qarormi? Hisobdan o‘chgan deyapsiz-ku!
Rahbar Rahbarovich. Baribir! Bayonnomayu qarorlar bilan qilingan ish har doim mustahkam bo‘ladi, Gulixon, bilib qo‘ying! (Ma’nodor ta’kidlab) Barnogul!
Kotiba (iymangannamo). Jumaga ikki kun bor, dedingiz-a hali, Rahbar Rahbarovich?
Rahbar Rahbarovich. Bir yarim kun qoldi. Tayyorgarlikni ko‘raverasiz!
Kotiba (erkalanib). E, baring-e, Rahbar aka! O‘zlari-da… (Ketaturib u qo‘lidagi labbo‘yoqni devorga surtib ko‘radi va o‘girilib xijolatomuz izoh beradi). Baribir bu yerdan ketyapmiz-ku…
Rahbar Rahbarovich (u chiqib ketgach). He, ichikib “juma”lamay ket!

Kotiba qaytib bosh suqadi.

Kotiba. Rahbar aka, qabulxonadagi anovi billur guldonni men olsam-chi? Ko‘ch-ko‘ch payti yo‘lda sinib-netib yurgandan ko‘ra… Yangisini olarmiz, o‘zingiz aytdingiz-ku hali.
Rahbar Rahbarovich (ijirg‘anibroq). Ko‘ramiz, ko‘ramiz.
Kotiba. Xonangizdagi televizorni – o‘zingiz!
Rahbar Rahbarovich (gangib). Televizor… yangigina-ku bu?
Kotiba. O‘zingiz ham yangisiz-da, Rahbar Rahbarovich!
Rahbar Rahbarovich (o‘ychan). Hay, ko‘ramiz, ko‘ramiz… Ey, shoshmang. Akaxoningizga bir qo‘ng‘iroq qilib qo‘yolmaysizmi? Zoraki…
Kotiba. Nima deb? O‘zlari qilib turibdilar. Qo‘limga.
Rahbar Rahbarovich. Yo‘q, boshqa… mening masalamda. O‘sha ijobiy hal bo‘lsa, sizniyam opketardim… Xo‘pmi?

Surbetlik bilan Kotibani eshikdan chetlab, xonaga lapanglagancha Bo‘lim boshlig‘i kiradi.

Bo‘lim boshlig‘i (dali-g‘ulilik qilib). Hormang, Rahbar Rahbarovich, hormang! Xomushroq ko‘rinasizmi, aka?
Rahbar Rahbarovich (Kotibaga). Hay, keyin gaplasharmiz. (So‘ngra “surbet”ga o‘zini atay tashvishmand ko‘rsatib). Qanaqa tashkilot-a bu o‘zi?! Yoz bahona, yarmi ta’tillab ketgan! Mana shu dardisar do‘koningizni oyoqqa qo‘yaman deb o‘lib-tirilib o‘tiribmiz-da, aka! Bu yoqda esa, ko‘rib turibsiz, ko‘chish mashmashasi chiqib qoldi…
Bo‘lim boshlig‘i. E, o‘ylamang, aka! Ko‘chsak ko‘charmiz, qolsak qolarmiz, shunga tashvishmi? Kuningning bir kuni qolguncha osh ye, pulingning bir tini qolguncha osh ye, debdilar. Turing, aka!
Rahbar Rahbarovich. Ie, shunday bo‘ldimi? (U bo‘yinbog‘ini to‘g‘rilay-to‘g‘rilay o‘rnidan qo‘zg‘aladi.)

Chorsi xonada ularni Muovin buva bilan Bosh mutaxassis kutib turibdi.

Bo‘lim boshlig‘i (divan tarafga, hayqirib). Ho‘ g‘ildirak, tur endi! Hamma ko‘ch-ko‘ch tashvishida-yu, bu beg‘amboyning cho‘zilib yotishini!

Haydovchi yigit eran-qaran joyidan qo‘zg‘aladi.

Haydovchi. Ko‘chsak ko‘chibmiz-da, amaki! Qo‘yliq bo‘lsa – Qo‘yliq! Qochib ketibdimi?! G‘ildiragimiz aylanib turibdi, borib-kelaveramiz, nima! Stoyankasi bordir?
Muovin buva (alam bilan). Ha-a, sen bolaga oson…
Haydovchi. Xudo deb tursangiz-chi, Muovin buva, bu hali quruq bir mish-mish. (Hamma unga savol nazari bilan qaraganini ko‘rib) Bunaqa gap yo‘q deyishyapti-ku, kim bilsin.
Muovin buva (sergaklanib). Kim aytadi, kim?
Haydovchi. Anuv pastdagilar… boshqa shopirlar-da.
Rahbar Rahbarovich. Da-a?.. Soliqqa borib keldilaringmi?
Haydovchi (hayronlik aralash). Soliq? Qizlarinikiga tashlab keldim-ku. Peshindan so‘ng borib olib qaytarmishman.
Bo‘lim boshlig‘i (rahbarning avzoyi buzilganini ko‘rib, tezroq jo‘nash ilinjida gapni hazilga buradi). Hisobchimizmi? Qiziga soliq bermoqchidir-da. Kuyovi noboproq emish-ku.
Muovin buva (rahbarga yondashib, past tovushda). Ukam, boyagi masalani men yana bir o‘ylab ko‘rsammi devdim…
Rahbar Rahbarovich. Qaysi masalani?
Muovin buva. A-arizamni.
Rahbar Rahbarovich (siltabroq). Oldin men o‘ylab ko‘ray!

Muovin buva shumshayib eshik tomon bosadi.

Bo‘lim boshlig‘i. Yuringlar endi, kech qolmaylik. Peshingi oshda qittak-qittagi ham bo‘ladi, ko‘char jafosiga ozroq otib ham kelamiz!
Rahbar Rahbarovich (taysallab turganini ko‘rib, Bosh mutaxassisga). Siz-chi, yurmaysizmi?
Bosh mutaxassis. Sizlarga oq yo‘l! Martin Lyuter Kingga salom aytarsizlar… Men ularni tanimasam, bilmasam…
Rahbar Rahbarovich. Juda tajangsiz-da, og‘ayni. Nima, biz tanirmidik, oshini yeymiz-kelamiz-da!
Bo‘lim boshlig‘i. Qo‘yavering, Rahbar Rahbarovich, bu kishimning shaxsiy ishlari bo‘lsa kerak. (Sarkashga shumlik bilan ko‘z qisib) Darvoqe, ikkinchi odam qo‘shilsa shaxsiy deyilmaydi, oilaviy bo‘ladi-ya, shundaymi?

Shu choq ostonada sumkachasini bilagiga osgan, poshnasi baland tuflida dikir-dikir qilib Iqtisodchi xonim paydo bo‘ladi. Go‘yoki hozirgina “Go‘zallik saloni”dan chiqqan! Uning ortidan sudralib negadir Muovin buva ham ko‘rinadi.

Iqtisodchi xonim (xushvaqtlik bilan). Privet vsem! Oshgami?

Hamma unga mahliyo bo‘lib qolgan. Bosh mutaxassis esa juvonni alohida bir suq bilan sartopo ko‘zdan o‘tkazadi.

Bo‘lim boshlig‘i. Ishxona ko‘chadigan bo‘lib turibdi-yu, iqtisodchi xonimimiz balma-bal yuribdilar shekilli?
Iqtisodchi. Da vы chto? Qayoqqa ekan, qayoqqa? Zo‘r joymi ishqilib? (So‘ng unga bepisand, rahbarga yuzlanib) Gorstatda edim, Rahbar Rahbarovich. Mayli, sizlar borib kelaveringlar, keyin gaplasharmiz. (U ajab muqom bilan yurib xonasiga kirib ketadi.)
Hamma chiqib, xonada Bosh mutaxassis yolg‘iz qolgan.
Bosh mutaxassis (o‘zicha). Hali xo‘roz qichqirmay turib shaharning bu chekkasidan narigi chekkasiga oshga borib, keyin kun bo‘yi ishxonada mudrab o‘tiramiz! Unisi kamdek, peshin bo‘lar-bo‘lmas, tag‘in oshxo‘rlikka otlanamiz. Tushlik bahona, tish kavlab soat ikki-uchlarda qaytamiz. Qorin shishgan, qo‘l ishga bormaydi, yana talay zamon lanj! Stol ustini saranjomlab, endi ishga kirishaman deganingizda ish kuni tugab qoladi… (Allaqayoqdan Farrosh kampirning javraqi ovozi keladi: “Har birining stol-ustuligacha yaraqlatib artib qo‘ysam!..”) Bunaqa bag‘rikeng hukumat qayda bor-a?!

Likillab xonasidan Iqtisodchi juvon chiqadi. Qo‘lida boyagi sumka yo‘q, eshik tomon yelarkan, u luqma solib o‘tadi.
Iqtisodchi. Hammasiyam shu, okaginam! Bunaqa tashkilot son-mingta!
Bosh mutaxassis. Tashkilot emish! Qiladigan kasb-korimiz – hukumat ajratgan to‘rt-besh so‘m mablag‘ni mahsulot chiqaradigan boshqa bir korxonaga o‘tkazib berish, tamom-vassalom! O‘rgildim do‘koningdan!
Xonasidan chiqib kelgan Mutaxassis juvon Iqtisodchining orqasidan hasad bilan tikilib, lab burib qo‘yadi.
Mutaxassis (Bosh mutaxassisga qarab, mung va armon bilan). Bu yog‘iga endi qandoq bo‘ladi?.. Boshqa joyga ko‘chgan odam biryo‘la baxtli ham bo‘lib qolsa ekan…

Bosh mutaxassis uni indamay qo‘ltiqlab, xonasiga boshlaydi. Eshik qirsillab ichkaridan qulflanadi.

PARDA

IKKINChI QISM
(oshdan keyin)

BEShINChI DIYDIYo

Mansabxona. Rahbar Rahbarovich bilan Hisobchi xonim qizishib talashmoqda.
Rahbar Rahbarovich (ichkilikdan bo‘g‘riqib ketgan). Ayting-chi, xonim afandim, bir yil – necha kun?
Hisobchi (yolvorgudek bo‘lib). Tushunsangizchi, Rahbar Rahbarovich! Soliqqa qo‘ng‘iroq qiluvdim, ertaga kelasiz, deyishdi. Innaykeyin qizimnikiga birrov…
Rahbar Rahbarovich. Men sizdan so‘rayapman: bir yil necha kun bo‘ladi?
Hisobchi. Uch yuzu oltmish olti kun edi shekilli?
Rahbar Rahbarovich. Hozir ham shunday… Shekilli emish! Xo‘sh, shundan nechasi ish kuni hisoblanadi?
Hisobchi (bo‘zarib, nochor). Ishlaydigan kunlarimiz – ish kuni-da.
Rahbar Rahbarovich. Yashang-e! Kalkulyator olib hisoblab ko‘rsangiz ham bo‘lardi, hisobchi xonim! Nima gap so‘rasa, bahonangiz tap-tayyor-a! Kalkulyatorsiz sanasa ham bir yilda uch yuzu oltmish olti mingta bo‘ladi. Bu tashkilotga kelganimdan beri ahvol shu!
Hisobchi (tap tortmay). Gapni aylantirmasdan aytavering, Rahbar Rahbarovich, bo‘shatmoqchimisiz meni? Mayli! Lekin bo‘shasak – birga-birga bo‘shaymiz-da?
Rahbar Rahbarovich (sarosimada). Ie, bu nima deganlari?
Hisobchi. Eslaridan chiqibdi-da! Huv fevraldagi vedemostga imzo chekkan kim edi, ikkalamizmi?..
Rahbar Rahbarovich (birdan dami ichiga tushib, peshgirlikka o‘tadi). Menga qarang, kim sizni bo‘shaysan depti? Bir og‘iz gapga – darrov…
Hisobchi (muloyimlashib, ginaxonlik bilan). O‘zingiz-da! Bir martagina qizimnikiga borganimga – darrov…
Qabulxona tarafdan Kotiba ning “Bandlar, bandlar!” degan tahdidli ovozi eshitilib, Mutaxassis xonim bostirib kiradi.
Rahbar Rahbarovich. Ha, singlim, tinchlikmi? Yo biror yoqqa o‘t ketdimi?
Mutaxassis. Iltimosim bor edi, Rahbar Rahbarovich…
Rahbar Rahbarovich. Gapiring. Xo‘sh?
Mutaxassis (Hisobchiga bir qarab olib). Shaxsan o‘zingizga aytadigan…
Hisobchi (o‘qrayib). Chiqib turaymi?.. Mana, qulog‘imni bekitdim! (Kaftlarini qulog‘iga qopqoq qilib turadi.)
Mutaxassis (iymanibroq, past ovozda). Yangi joyga ko‘chiladigan bo‘lsa men anovi xotin bilan bir xonada o‘tirolmayman…
Rahbar Rahbarovich. Qaysi xotin, kimni aytyapsiz?
Mutaxassis. Anuv-chi, semiz… Hozir ta’tilda o‘zi.
Rahbar Rahbarovich. Xo‘sh, nega? Sababini bilsak bo‘ladimi?
Mutaxassis (erga qarab).Aytolmayman…
Rahbar Rahbarovich. Ie, nimaga? Og‘zi shaloqmi, sizga kun bermayaptimi, ishlagani qo‘ymaydimi – nima?
Mutaxassis (eshitilar-eshitilmas). Hidi bor…
Rahbar Rahbarovich. Hidi? (Xaxolab yuboradi.) Obbo-o! Hay, hidlamang-da siz! Yoki nima, quchoqlashib o‘tirasizlarmi xonada? Hidi bo‘lsa, xonani shamollatib turing, derazani ochib qo‘ying! Umuman, shunaqa ikir-chikirlar bilan rahbarning huzuriga kiraveradimi odam?! Uyat bo‘ladi, singlim! Boring. Hali hech joyda hech gap yo‘g‘-u, bular elburutdan…
Mutaxassis (burilib chiqib ketarkan). Siz bilmaysiz-da, juda badbo‘y…
Hisobchi (kaftlarini qulog‘idan olib, qaqillab kuladi). Qalay, qoyilmisiz? Siz buginani anov olifta bosh mutaxassisimiz bilan bir xonaga joylabgina bu g‘alvadan qutulasiz, Rahbar Rahbarovich!
Rahbar Rahbarovich. Nima, u kishim xushbo‘y ekanlarmi? Og‘zidan sigaret tushmaydi-ku!
Hisobchi. Uniki boshqachadir-da… Hazil hazil-u, lekin uzoqroqqa ko‘chiladigan bo‘lsa, aytib qo‘yay, menga javob berasiz, Rahbar Rahbarovich! Uyimga bir qadamgina deb yuribman o‘zi bu ishxonada, ha! Anovi satang iqtisodchingiz bilan bir xonada o‘tirib jiqillashaverish hiqildog‘imga kelgan! Nima emish…

Eshik shartta ochiladiyu dik-dik yurib Iqtisodchi xonim kiradi, hurpayib Hisobchining boshiga keladi.

Iqtisodchi. Gapiring, gapiring, xo‘sh, nima?! (Rahbarga yuzlanib) Bu tupoy, chalasavod xotin bilan ishlash mening ham hiqildog‘imga kelgan!
Hisobchi (sapchib turib). Og‘zingga qarab gapir, hey tomoshaqovoq, kim chalasavod, kim tupoy?! Men, kerak bo‘lsa, qizil diplom bilan bitirganman, ha-a, qip-qizil diplom bilan!
Iqtisodchi. Bilamiz, eshitganmiz! Texnikumni! Sirtdan! Debit, kredit, vassalom! Bor-yo‘q hunarlari tayyor pulni taqsimlab berish-u, osmonga sapchishlarini qarang bu kishimning! Suvilon!
Hisobchi. O‘sha pulni kim hisob-kitob qiladi? Jaraq-jaraq maoshingni kimning qo‘lidan olasan, xo‘sh? Men bo‘lmasam, hammang…
Iqtisodchi. E, bu ishlarni moshina ham bajara oladi, kompyuter! (Qo‘llarini beliga tirab) Aytaymi endi? Aytaymi, a? Ishxonangni ishxona qilib turgan mana men bo‘laman, men! Foyda, iqtisodiy rejalashtirish bo‘lmasa, ikki kunda kuningni ko‘rasan, bilib ol shuni! Avval iqtisod, qolgani – chepuxa!
Rahbar Rahbarovich (o‘rnidan turib ketadi). Hoy, hoy! Men kim ekanman bo‘lmasa?! Men nima qilib o‘tiribman bu yerda?!
Iqtisodchi (daf’atan o‘ziga kelib). Kechirasiz, Rahbar Rahbarovich, siz…
Hisobchi (bo‘shashibgina). Siz… bizlarga rahbarlik qilasiz, Rahbar Rahbarovich!
Iqtisodchi (beixtiyor). Xolos!
Rahbar Rahbarovich (joni chiqqudek bo‘kirib). Rahbarlik qiladigan bo‘lsam… chiq hozir ikkalang ham bu yerdan! He!..

Ikki xotin yulisha-yulisha nari jilarkan, shartlarini aytib ketadi.

Hisobchi. Rahbar Rahbarovich, qayerga ko‘chib boriladigan bo‘lsa, aytib qo‘yay, menga alohida xona berasiz, tamom! Buxgalteriya alohida o‘tirishi kerak, qoidasi shunday! Seyf bor! Seyfda…
Iqtisodchi. Menga ham!
Rahbar Rahbarovich (ularning ortidan, ming‘irlab). Qanjiqlar! Uyda ering bilan ham xona talashsalaring kerak senlar!

U o‘zini kursiga tappa tashlab, boshini changallab qoladi.

OLTINChI DIYDIYo

Chorsi xona. Uzun stolning ikki tarafida ikki “raqib” – Bo‘lim boshlig‘i bilan Bosh mutaxassis kataklarga dona terishga andarmon. “E” xonada suv shovullagani eshitilib, Muovin buva ko‘rinadi; shaxmatbozlarga horg‘in nazar tashlab, inqillay-sinqillay xonasiga kirib ketadi.
Bosh mutaxassis (uning ortidan). Boboy ham olgandirlar?
Bo‘lim boshlig‘i. Urgandaki, bas deguncha! Hayronman, bunaqa odati yo‘q edi… Aytganday, Martinbek deganlari o‘zbek bo‘lib chiqdi! Bir shoirmi-yozuvchimiz allaqanday kitobning nomi bilan o‘g‘liga shunday nom qo‘ygan ekan, qarang…

Chandisha-chandisha qabulxonadan chiqqan Hisobchi bilan Iqtisodchi xonalari tomon o‘tadi. Oldinda – ko‘krak do‘ng, purviqor Iqtisodchi. Bosh mutaxassis unga qarab ko‘z qisib qo‘yadi: zo‘rsiz, zo‘rsiz!
Bo‘lim boshlig‘i. Xotinlarimiz kattaning oldiga serqatnov bo‘lib qoldi, tinchlikmi?
Bosh mutaxassis. Yursinlar, yursinlar… Yangi joyning tashvishi, xona talashuv! Ishning tayini yo‘q, har biriga alohida xona kerak bularning!
Bo‘lim boshlig‘i. Iya, biz nima qilib o‘tiribmiz bo‘lmasa, yuring, kiraylik!
Bosh mutaxassis. Siz – bu yoqqa qarang, akam! To‘rangiz qulog‘ini ushlab turibdi, hozir ketadi. Mana!.. Ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, birodar, tashkilotga kerakli odam bo‘lsangiz, joy ham topib beradi, xona ham!

Ashqol-dashqolini ko‘tarib Farrosh kampir ko‘rinadi.

Farrosh kampir (o‘tayotib yo‘l-yo‘lakay duch kelgan buyumni artib-surtib, odaticha javranadi). Bitta xonani yig‘ishtirguncha joning halqumingga keladi-ya! Beradigani bo‘lsa – to‘rt tanga! Ado bo‘lsin!
Bosh mutaxassis (ermakka). Tag‘in nimani valdirayapsiz, ho‘ kampir?
Farrosh kampir (to‘xtab). Rahmat, rahmat, opovsi. Birgina xonaga shuncha tashvish, shuncha dahmaza deyman, o‘rgilay. Xona o‘lgur ham – ko-otta!
Bo‘lim boshlig‘i (sergak tortib). Bitta xona deydimi?
Bosh mutaxassis (“yurishi”dan mamnun, beparvogina). Bitta bo‘lsa bitta ekan-da, akam, o‘yinga qarang!

Eshiklardan bir-bir bosh chiqargan boyagi raqiblar – Hisobchi, Iqtisodchi va Mutaxassis xonim endi birlashib, yangilikni muhokama qila boshlaydi.

Mutaxassis (Bosh mutaxassisga ko‘zini tikib, barmoq tishlab). Bittagina xona-ya, xolos!
Hisobchi. Lekin kotta xona emish, ko-o-otta! (Iqtisodchiga yovqarash qilib olib) Hamma birga o‘tiradi!
Mutaxassis. Voy, Rahbar Rahbarovich ham-a?
Iqtisodchi. Ha, nima qipti? To‘g‘ri, u kishi to‘rda o‘tirsalar kerak. Dub stollarini qo‘yvolib.
Mutaxassis. Gulibarno-chi?
Hisobchi. Rahbar qayerda bo‘lsa kotiba ham o‘sha yerda bo‘ladi-da. Yonginalarida!
Mutaxassis (Bosh mutaxassisga ko‘z otib). Anuv, juma kunlari keladigan akaxonimiz endi nima qilarkan-a?
Bosh mutaxassis (o‘yindan bosh ko‘tarmay). Nima qilardi, boshqasini topadi-qo‘yadi! Yaxshi-da, yangi joy, yangi…

Qabulxona eshigi qiya ochiq, Kotiba miz mo‘ralab turgandek…

Iqtisodchi. O‘ylab gapiryapsizlarmi o‘zi – Kotiba Muovin buvamizdan ham yuqorida o‘tirarkanmi?! Nikak! Uning o‘rni – eshikning tagi, ostona, vsyo!
Mutaxassis. Qolganlar, (hamjinslariga bir-bir nazar tashlab) biz nima qilamiz?
Bosh mutaxassis (o‘yinga band). Joy-joylaringni topib o‘tirasizlar-da ikki tarafda.
Mutaxassis (tantiqlik aralash). Yana o‘sha xotin bilanmi? Yo‘q, yo‘q, hech qachon!
Hisobchi (tagdor qilib). Hay, bironta xushbo‘yrog‘ining yoniga o‘tqazarmiz sizni, jonim, tashvish chekmang!
Bosh mutaxassis (nihoyat, o‘yindan bosh ko‘tarib). Ochiq-oshkora ishlash uslubi shunday bo‘ladi, muhtaram xonimlar! Demokratiya deydi buni. Yevropada, butun ochiq, erkin jamiyatlarda shunday. Hamma va hammasi – rahbarning ko‘z o‘ngida!.. (U Iqtisodchi xonimga ma’nodor ko‘z qisib qo‘yadi.)
Iqtisodchi. Open-speys! Hayhot ko‘chadek bir gap!
Hisobchi. Rahbarning o‘zi-chi? U kimga hisob beradi?
Bosh mutaxassis. Hisobchiga bo‘lsa kerak-da!

Yoppasiga gurr kulgi.

Haydovchi (divandan qad rostlab). Men-chi? Men qayerda yotaman endi?
Hisobchi (o‘yib oladi). Mashinangda! Mashinang bor-ku? So‘qim!
Bo‘lim boshlig‘i (Bosh mutaxassisga qarab). Endi o‘zimizga kelaylik, o‘zimizga. Siz, biz… men…
Bosh mutaxassis. Siz avval manovi o‘yinni bir yoqli qilsangiz-chi, akam! O‘zingiz… Hay, kelgan mijozlar bilan ko‘chaga chiqib, gaplashib-gaplashib kelaverasiz-da, taqsir, shungayam tashvishmi?!

Bo‘lim boshlig‘i o‘sal bo‘lib yerga qaraydi. Allaqanday qog‘oz ko‘targan Kotiba Muovin buvaning xonasiga kirib ketadi.

Mutaxassis. Bitta-bitta bo‘lmasayam, shuncha xonada hammamiz davron qilib o‘tirardig-a, esizgina! Qani, nechta ekan? (U eshiklarga bir-bir qarab, barmoq buka-buka sanamoqqa tushadi. “A” bilan “E” xonalarini ham hisobdan qoldirmaydi.) …Sakkiz, to‘qqiz, o‘n… O‘n bitta chiqdi. Esizgina! Kommunizm davrimiz o‘tib ketgan ekan-da, a?
Bosh mutaxassis. Kommunizm endi keladi bu ishxonaga – hamma bir xonada jamuljam!.. Qani, taqsir, taxtaga qarasinlar. O‘h-o‘, ahvollari voy-ku!
Bo‘lim boshlig‘i. E, qo‘ying shuni! Bosh qurg‘ur… (U peshonasini changallab o‘rnidan turadi.)
Bosh mutaxassis. Bebiliska ekan deb olavergandan keyin shunday bo‘ladi-da!

Muovin buvaning xonasidan ayyuhannos solib Kotiba chiqadi.

Kotiba. Voy-voy, bu yoqqa qaranglar, bu yoqqa!
Hamma guvva yopirilib o‘sha xonaga chopadi. Sahna talay fursat kimsasiz qoladi. Faqat bo‘g‘iq olag‘ovur quloqqa chalinib turadi. Nihoyat, bir qo‘ltig‘idan Bo‘lim boshlig‘i, bir qo‘ltig‘idan Bosh mutaxassis ko‘tarib, Muovin buvani sudrab chiqadilar. Bemor shu ahvolida ham ko‘rsatma berib borayotir.

Muovin buva (bazo‘r, ming‘irlab). Seyfning kaliti… kaliti stol tortmasida… Pastki tortmada… Agar ko‘chilsa…
Bosh mutaxassis (dalda bergan kabi). Xotirjam bo‘lavering, oqsoqol, u yog‘ini o‘zimiz tinchitamiz! (Chetga burilib) Behuda zo‘ri – miyon meshikanad.

Barcha yon-verida, bemorni kuzatib chiqa boshlaydi.

Hisobchi (chinqirib). Do‘xtirga telefon qilish kerak, do‘xtirga! Guli-i!.. (Divan tarafga qarab) Tursang-chi, hey tekinxo‘r!

Kotiba qabulxonaga yuguradi. Haydovchi istar-istamas o‘rnidan qo‘zg‘aladi.
Sahna yana kimsasiz. Bosh mutaxassis bilan Mutaxassis x o n i m kirib keladi.
Oshiq ma’shuqasining bo‘yniga qo‘l tashlamoqchi bo‘ladi.

Mutaxassis (zarda bilan siltanib). Boring! Anovi tannoz xonimingizning oldiga boring endi!
Bosh mutaxassis (suv yuqtirmay). Iya, iya, bu nima qiliq?
Mutaxassis (diydasiga yosh to‘lib). Ko‘rdim-ku! O‘z ko‘zim bilan ko‘rib turibman-a! Bevafo, sotqin! U oyimchaning uch xonali uylari bor-da, a! Er yo‘q, bemalol… Biz endi keraksiz bo‘lib qolibmiz-da, a? Ko‘chish xabarini eshitiboq darrov…

Bosh mutaxassis uni bo‘ynidan quchib, xonasi sari sudraydi.

Bosh mutaxassis. Bo‘ldi, bo‘ldi, bas… Yur, ketar jafosiga bi-ir…
Mutaxassis (yulqinib chiqib). E, bor-e! Yarashaman! Piyonista bo‘lsayam, go‘r bo‘lsayam o‘sha er bilan yarashmagan – nomard!

Shoshib Kotiba kiradi. Ularga ko‘zi tushib, taqqa to‘xtaydi.

Kotiba (yuzini chetga burib). Qo‘ng‘iroq qildim. Hozir keladi “tez yordam”…
Bosh mutaxassis (parvosiga keltirmay). Bu qizning tumshayib olganini! Bunaqasini endi ko‘ryapsanmi, nima? Hali hech gap bo‘lgani yo‘q-ku, singlim…
Kotiba unga baqrayib qoladi.

ETTINChI DIYDIYo

Chorsi xona. Har tomonidan suyab qo‘yilgan uzun stolning to‘rida – Rahbar Rahbarovich, ikki yonda: Hisobchi, Iqtisodchi, Bosh mutaxassis, Mutaxassis. Haydovchi yigit divanda. Kotiba miz telefon qo‘riqlab qabulxonada o‘tiribdi.
Umumiy majlis, aniqrog‘i – buyum-ashyo talashuv.
Hisobchi (stolga shapatilab). Kiyimilgich – meniki, tamom!
Iqtisodchi. Va-ay! Stolni o‘ziniki qildi-ku, bo‘ldi-da! Insof ham kerakdir odamga. Kiyimilgichni menga berasiz, Rahbar Rahbarovich, norka shubamni osib qo‘yaman. Bir-biriga mos, podtsvet!
Hisobchi. Ho-o, yoqmay ketsin! Uni shaxsan o‘zim borib SUMdan olib kelganman, kerak bo‘lsa!
Iqtisodchi. Yonginangizdan pul to‘lab-da?!
Hisobchi (baribir bo‘sh kelmay). Siz mendan keyin kelgansiz ishga, ha! Haq meniki!
Rahbar Rahbarovich (murosaga chorlab). Hay-hay, qo‘yinglar, shugina qolsin, shugina!
Hisobchi. Yangi joyda hamma narsa yangi bo‘lishi kerak-da, Rahbar Rahbarovich! Olamiz, pul bor schyotda!
Iqtisodchi. E, ol-e hammasini, ochofat! (Shartta joyidan turib ketadi. Turadi-yu, borib devorga suyanib oladi: qani, bu yog‘i nima bo‘larkan?)
Rahbar Rahbarovich. Xo‘sh, anovi divanni nima qildik? Shuni bo‘lim boshlig‘imizga atab yuborsak nima deysizlar? Harholda, ko‘p yil ishlagan bu dargohda, tajribali… Aytganday, o‘zlari ko‘rinmaydi?
Bosh mutaxassis. Boshi og‘rib qopti, hali boboy bilan qo‘shmozor bo‘ldi.
Mutaxassis. Divanni u kishiga bersak, shopirimiz keyin qayerda yotadi?
Haydovchi (ilkis qo‘zg‘alib). To‘g‘ri! Men keyin qayerda yotaman?
Hisobchi (tag‘in nish urib). Mashinasi-chi, mashinada yotsa o‘lmas!
Haydovchi. Qiz-pizingiznikiga endi o‘zingiz boraverasiz! Katta xolangiznikiga ham! Yayov-piyoda!
Hisobchi (pashsha haydagandek qo‘l siltab). E, o‘chir! G‘ildirak!
Mutaxassis. Mumkin bo‘lsa, men anovi gultuvaklarni olsam?
Hisobchi. Beraqolaylik, Rahbar Rahbarovich, bu singlimiz har xil hidlarni yaxshi ko‘radilar… Lekin, aytib qo‘yay, hamxonalari ham quruq qolmasligi kerak.
Mutaxassis (g‘ashlanib). Ta’tilda-ku u!
Hisobchi. Bo‘shab ketmagandir axir, erta-indin kelar! (Burun jiyirib) Bir oz “xushbo‘y”roqligini aytmasa, o‘zi yaxshi xotin… xodim deganim! Ba’zilarga o‘xshab har gapga sapchiyvermaydi, yuvoshgina.
Rahbar Rahbarovich. Xo‘p, taklifingizni ayting, taklifingizni. Nima tortiq qilmoqchisiz u kishiga?
Hisobchi (mutaxassisga qarab). Opaxonga mosroq keng-mo‘lgina bir kreslo bor-a xonalaringda?..
Iqtisodchi (beixtiyor aralashib luqma soladi). Voy-bo‘-o‘, otam zamonidan qolgan shalaq bir narsa-ku u! Olinganiga ham ellik yillar bo‘lgandir?!
Hisobchi (raqibini yeb qo‘ygudek, o‘chakishib). Tem bolee! Opaxonning o‘zi ham bu yil ellikka kiradi. Keksalarni qadrlashimiz kerak!
Rahbar Rahbarovich (Bosh mutaxassisga yuzlanib). Sizga-chi, do‘stim? Siz nimaga xaridorsiz, qani?
Bosh mutaxassis. Menga hech narsa kerak emas, do‘stim. Bu yerdan keragini o‘zim topib olaveraman! (Iqtisodchiga xufya im qoqib qo‘yadi.)
Rahbar Rahbarovich. Anovi kasofat qayoqqa gumdon bo‘lgan-a? Kelsa, qo‘liga pattasini tutqazmasam!..
Hisobchi. Zavxozimizni aytyapsizmi, Rahbar Rahbarovich? Lekin uning sizga mehri bo‘lakcha. Itdek sadoqatli yigit. Esingizdami, dacha qurayotganingizda “Damas”i bilan qancha chopgan! Unga nima atamoqchisiz?
Bosh mutaxassis. Bu do‘konning bor dov-dastgohi shuning qo‘lida, haqini allaqachon ayirib bo‘lgandir u!
Rahbar Rahbarovich. Yo‘q, menga bir qarichgina zanjir kerak. O‘sha go‘rso‘xtaning omborxonasidan topilar?
Hisobchi. Zanjir?!
Mutaxassis. Zanji-ir?..
Rahbar Rahbarovich. Ha, zanjir! (Bosh mutaxassisni ko‘rsatib) Manovi odamning tiliga solgani!
Bosh mutaxassis (zaharxanda bilan). Zanjir tilga emas, bo‘yinga solinadi, do‘stim, bilib oling! Lekin o‘zini zanjirga tutib beradigan ahmoq bo‘yin yo‘q!
Rahbar Rahbarovich. Bo‘lmasa, og‘zingizga tosh tiqish kerak sizning!
Bosh mutaxassis (tishlarini g‘ijirlatib joyidan turib ketadi). Tosh-poshing bilan g‘ajib tashlayman!
Hisobchi (ora tushib). Voy-voy, o‘zingizni bosing, o‘zingizni bosing! Rahbarimizga-ya?! Rahbar Rahbarovichga-ya?!
Rahbar Rahbarovich (raqibiga qarshi barmoq silkib). Shu ketishing bo‘lsa, bilib qo‘y, tekis tayoqdek qup-quruq o‘tasan, ha!
Mutaxassis (odaticha, tomdan tarasha tushgandek). Iya, Dilnavoz opa-chi? Dilnavoz opamiz esdan chiqibdi-ku. U kishiga ham biror narsa…

Farrosh kampir eshik oldida mung‘ayibgina turibdi – bir qo‘lida chelak, bir qo‘lida latta-tayoq.

Rahbar Rahbarovich (vaziyatni yumshatish yo‘li topilganidan mamnun bo‘lib, o‘rnidan turadi). Bu kishiga, zahmatkash opaxonimizga… rahmatnoma e’lon qilamiz, rahmatnoma!
Farrosh kampir (ikki bukilib). Rahmat, rahmat, aylanaylar!

Hamma chapak chalib qutlagan bo‘ladi.

Kotiba (qabulxona eshigidan bosh cho‘zib). Rahbar Rahbarovich, telefonga! Akaxon!..
Rahbar Rahbarovich (shoshib o‘rnidan turarkan, beixtiyor stolni turtib yuboradi). Manovini endi boboyimizga deb qaror qilingan, bilasizlar…

Stol bir yonga mayishib, taraqlagancha ag‘darilib tushadi.
Chuvillashib hamma har yoqqa qochgan, to‘zigan…
Rahbar Rahbarovich mansab stoliga o‘tib, telefon go‘shagini ehtirom bilan qulog‘iga tutadi.

Rahbar Rahbarovich. Labbay, akaxon?
Akaxon (ovozi). O‘zingizmisiz, uka? Omadli yigitsiz-da. Bo‘ldi! Hal. Gaplashildi. Buyruq chiqadi. Ertadan ishga tushasiz! Barnogulni ham, a!
Rahbar Rahbarovich (hovliqib). Albatta, albatta! Rahmat, akajon, rahmat! Bir umr xizmatingizdaman!.. Ie, aytganday, ikki “t”… Esdan chiqibdi-da, uzr, uzr!
Akaxon. Ha-a, ana shundoq bo‘lsin! Menga qarang, darvoqe, bu ko‘chish degan gap qayoqdan chiqdi o‘zi sizlarda? Biz bu yerda har tomonlama surishtirib ko‘rdik: unaqa tadbir ko‘zda tutilmagan. Qiziq! Ha, endi sizga nima ahamiyati bor buning, to‘g‘rimi? Bo‘pti, bu yog‘iga mahkam bo‘lasiz, inim! Barnogulga salom!
Rahbar Rahbarovich. Qulluq, akajon, qulluq! (Go‘shakni joyiga qo‘yib, kaftlarini bir-biriga ishqaydi.) Yashasi-in!.. Lekin! Shoshma… Guli-i! Barno-o!
Kotiba (tus-avzoyi allanechuk o‘zgargan, eshikdan bosh suqib). Nima-a?!
Rahbar Rahbarovich (parvo qilmay). Tabriklayman! E, rahmat sizga, singlim! Akaxoningiz salom aytdilar. Ertadan ketamiz. Ikkalamiz. Boshqa joyga. Sira ko‘chmaydigan joyga! (Kotiba indamay burilayotganini ko‘rib) Shoshmang, shu ko‘chish mashmashasi qayoqdan chiqdi o‘zi? Kimdan?
Kotiba (sovuqqina yelka qisib). Bilmasam. Hamma shunday deb qoldi-ku birdan. Anuvlaringiz, men… o‘zingiz ham… Hamma!
Rahbar Rahbarovich. Yo‘q, men boshlagan odamni so‘rayapman. Dastlab shu gapni qo‘zg‘agan, tarqatgan kim – anig‘ini aytolmaysizmi? Masalan, o‘zingiz kimdan eshitdingiz?
Kotiba. E, men qayoqdan bilay! Esimda yo‘q! (U orqasiga burilib, bir varaq qog‘oz bilan qaytadiyu tap etkizib uni rahbarning stoliga uradi.)
Rahbar Rahbarovich. Nima bu?
Kotiba (battar to‘rsayib). Bo‘shayman!
Rahbar Rahbarovich. Ie, iye! Akaxonimiz eshitsalar…
Kotiba. Jonimga tegdi! Akaxoningiz ham, siz ham, manovi bekorchixonangiz ham! Ketaman! (U chopib chiqib, billur guldon bilan qaytadiyu uni boshi uzra baland ko‘tarib yerga uradi. Guldon chil-chil!) Mana! Oling! (So‘ng shartta burilib xonani tark etadi.)
Rahbar Rahbarovich. Ie, iye, bu nimasi?! Men kimga yomonlik qilibman?! (U beixtiyor oldidagi telefonlarni baravar changallaganicha qotib qoladi.) Hamonki ko‘chilmas ekan, bu yog‘i qandoq bo‘ldi endi? Uff!..

DIYDIYoLARNING OXIRI

O‘sha chorsi xona. Ammo bo‘m-bo‘sh. Na anovi siniq stol ko‘rinadi, na eski divan, na gultuvaklar… Hatto eshiklardagi yozuvlar ham yo‘q, izlarigina oqarib turibdi. Allaqaysi xonadan latta-tayoqning to‘q-to‘qi eshitiladi, xolos.
Qo‘lida lash-lushi, o‘sha eshikdan Farrosh kampir chiqib keladi.
Farrosh kampir (harsillab). Mana, bo‘ldi! Hammayoq chinnidek toza, orasta… (Daf’atan o‘ziga kelib) Voy, nega hech kim ko‘rinmayapti? Choshgoh bo‘ldi-ya! Yo biror yoqqa ko‘chib ketishdimi? Tunov kungi tushim o‘ngidan kelgan bo‘lsa-chi?! Shunaqaga o‘xshaydi, muroding hosil bo‘lganga o‘xshaydi, Qumri! (O‘zicha iljayadi va bir nima esiga tushgan kabi “E” xona tomon yo‘rg‘alab, ichkaridagi lo‘kidonni bosib chiqadi – shovullab suv to‘kiladi. So‘ngra “A” xonaga chopadi. Shu-uvv!.. Nihoyat, bir qo‘lida chelak, latta-tayog‘ini yelkasiga qo‘yib eshik sari ravona bo‘larkan) Ko‘rgan tushim rost chiqdimi, rost chiqmadimi, mana, qo‘limdan keladigan yumushni qildim, bajardim. Xayr endi, “Dilnavoz opa”! Yaxshi boring, “Dilnavoz xola”! Ketdik biz ham, Qumri! Qaydasan, qadrdon Qo‘ylig‘im!..

PARDA