Izillagan qahraton qish kunlarining birida uzoq yo‘lga chiєishga to‘g‘ri keldi. Sovuq kunda chiqmaylik, desam-da, turmush o‘rtog‘im gapimga quloq solmadi. Shu sabab yo‘l bo‘yi qovoq-tumshuq qilib ketdim.
Nurobodning yon-atrofi, biyday dashtli yo‘llardan yarim tunda mashinani uchirib ketyapmiz. Cho‘lda shamolning uvillashi yanada vahimaliroq eshitilarkan. Bulutlar orasidan har zamonda ko‘rinib qoladigan oyning yorug‘ini hisobga olmaganda atrof qop-qorong‘u. Chiroqsiz simyog‘ochlar chaqirilmagan mehmonga o‘xshab yo‘l bo‘yida qatorlashib, so‘ppayib turishibdi.
— Namuncha, huvillagan, sovuq joylar… — ming‘irlab qo‘yaman noroziligimni bildirish uchun.
Yo‘ldan har zamonda kalamush quvgan tulkilar o‘tib qoladi.
— Tulkini multfilmlarda chiroyli ko‘rsatishardi, bu yerning tulkilari nega bunaqa?.. — dedim yana g‘ijinib. Yuragimdagi tushunarsiz vahima sabab har narsadan kamchilik topayotganim o‘zimga ham sezila boshladi.
— Televizordan shaharlik tulkilarni ko‘rsatsa kerak-da, — dedi erim piching bilan. — Senga o‘xshaganlarini…
Atrof vahimali darajada kimsasizligini hisobga olmaganda tunda, tunda mashina haydash yaxshi ekan. Chunki tezlikni xohlagancha oshirish mumkin, hech kim to‘xtatmaydi… shu narsa xayolimdan o‘tuvdi hamki, mashinamiz bir-ikki paqilladi-yu, taqqa to‘xtadi! Salon ichiga to‘lgan tutundan bo‘hilgan erim so‘kingancha mashinadan tushdi. Kapotni ko‘targandi, atrofni kuyindining hidi tutdi. Men ham salon havosini almashtirish uchun eshikni ochdim, uvillagan shamol yopirilib kirdi.
— Yetib keldik!.. — tutundan yo‘talgancha mashinaga o‘tirdi erim. — Shoshilgandan radiatorga suv quyish esdan chiqibdi, motor erib ketdi…
— Endi nima qilamiz, — vahimaga tushdim, bepoyon dashtga qarab.
— Nima qilarding, o‘tirasan endi, tong otishini kutib. Sen norozi bo‘lganing uchun shunday bo‘ldi…
— Shu tumanda kursdosh dugonam yashardi, o‘shaning uyini topsak edi…
— Bu tumanning qanchalik kattaligini bilasanmi?..
Shu bilan bahs tugadi. Ikkalamiz ikki burchakka tiqilib tumtayib o‘tirdik. Ko‘p o‘tmay mashina soviy boshladi. Bir pasda oyoq-qo‘llarimiz muzlab qoldi. Ikkalamizning xayolimizda ham bir gap — ertalabgacha o‘tiradigan bo‘lsak, muzlab qolishimiz aniq, harakat qilish kerak.
— Yaqin atrofda qishloq yo‘qmikan? — so‘radim erimdan muzlay boshlagan qo‘llarimni ishqalab.
— Men ham shuni o‘ylab turibman. Borib qarab kelay-chi, chiroq ko‘rinsa, seni ham olib ketaman… — dedi erim. Menga rahmi kelganidan arazi ham esidan chiqqandi.
— Yo‘q! — baqirib yubordim erimning gapi tugamay. — Bir o‘zim qolmayman, siz bilan boraman… — shunday deya undan oldin yo‘lga tushdim.
Ikkalamiz qo‘ltiqlashgancha, yo‘l bo‘ylab yurib ketdik. Shamol kuchliligidan oyog‘imizni zo‘rg‘a sudrab bosyapmiz. Ancha yurdik, lekin tirik jon ko‘rinmadi.
— Yo‘l bo‘ylab yurishimizdan foyda yo‘q shekilli. Dashtga qarab yursak biror qishloqqa olib borar… — dedi erim shamoldan o‘zish uchun baqirib.
Yo‘ldan pastga tushdik. O‘nqir-cho‘nqir yo‘llarda turtilib-surtilib ancha yurdik. Bir payt uzoqdan qandaydir nur ko‘rindi. Ko‘nglimiz yorishib, o‘sha yoqqa qarab shoshildik. Yaqinlashganimiz sayin nur uzoqlashib borayotgandek tuyulardi. Nur tepalikning ustidan tushayotgan ekan. Qorong‘uda allaqanday oqish toshlar ham ko‘zga tashlanardi. Amallab yuqoriga chiqib oldik. Bir payt… qo‘rqqanimdan dod solib yubordim. Chor-atrof qabr! Erim ham qo‘rqib ketdi. Keyin o‘zini qo‘lga olib:
— O‘zingni bos, qabriston-ku, namuncha vahima qilasan, — dedi meni yupatib. Gapirayapti-yu, ovozi titrab ketyapti.
— Orqaga qaytaylik, iltimos… — Yarim tunda qabristonda yurib, yana qo‘rqmay bo‘larkanmi?
Lekin shamolning uvillashiga mos lipillayotgan chiroq nuri o‘ziga chorlashini qo‘ymasdi. Erim meni o‘sha yoqqa sudradi. Qabrlarni oralab yurib pastqamgina kulbaning yonidan chiqdik.
Erim yaqinlashib, eshikni sekin taqillatdi. Javob bo‘lmadi.
— Ketaylik, bu yerda vampirlar yashasa kerak, — dedim qaltirab.
— Dahshatli kinolarni kamroq ko‘rish kerak, — urishib berdi erim.
Anchadan keyin ag‘anayman, deb turgan eshik og‘ir g‘iyqillab ochildi va… undan qosh-ko‘zlari qop-qora, soqollari o‘sgan yigitning yuzi ko‘rindi. Qo‘rqqanimdan bir sapchib tushdim va yoqamga tupirib oldim.
— Kelinglar, kelinglar, — dedi mezbon kutilmagan mehmonlarni ko‘rib, shoshib.
— Biz, haligi… adashib qoldik, — dedi erim qo‘l berib salomlashgach. Men esa hali ham atrofga alanglab xavf-xatar kutib turibman.
— Sovuq qotibsizlar-ku, — degancha yigit bizni ichkariga boshladi. Ko‘rinib turibdi, kulba mehmon kutishga mo‘ljallanmagan. Devorga taqab yasalgan chorpoya ham karavot, ham stol vazifasini bajarardi. Kulbaning butun boyligi qora qumg‘on va ikkita labi uchgan piyola, bitta lampachiroq… Ko‘mirning issiq taftidan biroz o‘zimga keldim.
Mezbon darrov choy qo‘ydi. U ishga unnab, xuddi xonada o‘zidan boshqa hech kim yo‘qdek xirgoyi qilardi: ko‘nglim, sening holing nechuk…
— Mehmonni savolga tutish odobdan emas-u, lekin yarim tunda nima qilib yuribsizlar, — dedi u choy uzatarkan erimga murojaat etib. E’tibor bersam, u faqat erimga qarab gapirar, men tarafga esa umuman qaramasdi. Erim vaziyatni tushuntirdi.
— Obbo, yomon bo‘libdi-ku, lekin mashinangizdan xavotir olmang. Bu sovuqda, yarim tunda hech kim ko‘chaga chiqmaydi. Ertalab borib olib kelamiz… — dedi u.
— Siz shu yerda yashaysizmi? — so‘radim menga gap tegmayotganidan zerikib.
— Ha, — dedi u boshini ko‘tarmay. — Mozorning qorovuliman…
Qariyalar qabristonga qorovul bo‘ladi, deb o‘ylardim, shu sabab bu yosh yigitning tarkidunyo qilib ovloq joylarda yashashi menga g‘alati tuyildi. Savolga tutishga tayyorlanayotganimni bilgan erim «jim o‘tir», degandek turtdi. Keyin o‘zi sekin gap boshladi.
— Qanday shamollar olib keldi, sizni bu yerlarga, do‘stim. Mahalliy shevada gapirmayapsiz, boshqa joydansiz, shekilli…
Mezbon ham hamsuhbatga zor turgan ekanmi, gap boshladi:
— Taqdir bo‘ronlari sabab kelib qolganman… Esingizda bo‘lsa, bir yili Kitob dovonida avtobus ag‘nagandi… O‘sha avtobusda… mening sevgilim ham bo‘lgan…
Seskanib ketdim. Unga tikilibroq qaradim.
— O‘sha oyda to‘yimiz bo‘lishi kerak edi… — gapida davom etdi mezbon menga e’tibor ham bermay. — Uni o‘sha avtobusga o‘zim chiqarib yuborgandim. To‘ydan oldin xolasinikiga borib kelmoqchi edi… Hech ajrashgimiz kelmay, zo‘rg‘a xayrlashganmiz. Bahor fasli edi. Yomg‘ir yog‘ayotganda sirpanchiq yo‘ldan chiqib ketgan avtobus balandlikdan ag‘anagani haqidagi xabar o‘sha kuniyoq hamma yoqqa tarqaldi… Zudlik bilan voqea joyiga yetib bordim. Tuman shifoxonasiga odam ko‘pligidan yaqinlashib bo‘lmasdi. Yaqinlarining ahvolini bilish uchun yig‘ilgan odamlar, qo‘shni tumanlardan yordamga kelgan shifokorlar… Kimdir yaqinini yo‘qotganidan xabar topib yig‘layotgan bo‘lsa, kimdir bemor yaqiniga tezroq yordam berishlarini so‘rab shifokorlarni holi-joniga qo‘ymasdi… Men ham odamlar olomoniga qo‘shildim. Palatalardan, ro‘yxatlardan Jamilaning ismini topa olmay dovdirab turuvdim, bir hamshira xotin bir to‘da odamni yig‘ib «opoznaniye»ga deb yetaklab ketdi. Avvaliga tushunmadim, shifoxona hovlisining bir burchagida joylashgan binoga kirib hushimdan ayrilay dedim. Qatorlashtirib qo‘yilgan odamlar orasidan hamma o‘zinikini tanib olishi kerak ekan. Qo‘rqqanimdan orqaga tisarildim. Lekin vahima bilan oldinga intilayotgan odamlar orasini yorib o‘ta olmadim… Birinchi qatorni hamshira yetovida aylanib chiqib sevgilim topilmaganiga shukur qilib qaytayotgandim, ochilib yopilaverganidan ko‘tarilib qolgan choyshab ostidan chiqib turgan uzuk taqilgan qo‘lga ko‘zim tushdi… Bu o‘sha men sovg‘a qilgan uzuk edi! O‘shanda hushimdan ketganman… O‘zimga kelganimda ruhiy kasalliklar shifoxonasida yotardim… Olti oy deganda o‘zimga kelibman… Shundan buyon menga hayot qorong‘u… Shifoxonadan chiqqanimdan keyin o‘z uyimga ham sig‘may qoldim. Daydib yurib oxiri Jamilam yotgan joyga kelib qoldim… Har kun Jamilam bilan gaplashaman, negadir ruhi bezovtadek… Shu qabristonga yotib yurganimdan xabar topgan qishloq ahli hashar yo‘li bilan shu hujrani tikka qilib berishdi… Besh yildan buyon…
Endi shubhaga o‘rin yo‘q.
— Yusuf… — dedim ovozim titrab, qolgan gapini eshitishga toqatim qolmagandi. Yigit bilan erim baravariga yalt etib menga qarashdi. Erimning ko‘zlarida hayrat bo‘lsa, Yusufning ko‘zlari minnatdorchilik bilan boqib turardi.
— Tanimaysizmi, deb o‘ylagandim… — dedi u birinchi marta ko‘zimga tik qarab. — Men esa sizni bir ko‘rishda tanidim… Uchrashgan joyimizni qarang…
Goh menga, goh unga qarab turgan erim izoh talab qilgandek menga tikildi.
— Jamila… Nahotki, u… dunyodan o‘tgan bo‘lsa… — degancha yig‘lab yubordim. Institutni tugatib, xabarlashmay qo‘ygan, to‘yiga ham aytmagan dugonamdan arazlab yurgandim. U esa hatto sevgilisi Yusufga turmushga chiqishga ham ulgurmagan ekan… Yusufning sadoqati-yu, dugonamning achchiq taqdiri yuragimni larzaga soldi, rosa yig‘ladim. Shu kecha talabaligimizni xotirlab, uxlamay tong ottirdik. Erimga Yusuf bilan Jamila haqida gapirib berdim.
Tongda esa Jamilaning qabriga bordik… Dugonamning qabri ustida turib, Yusufni bu yerlardan olib ketishga, yana hayotga qaytarishga va’da berdim.
— Taqdirning o‘zi bizni yana uchrashtirdi, — dedim Yusufga xayrlasha turib. — Balki Jamilaning ruhi yordam bergandir… Endi siz bunday yashamasligingiz kerak. Odamlar orasiga qaytsangiz, hayotingizni yo‘lga qo‘ysangiz, Jamilaning ham ruhi orom topardi. Biz bilan yuring…
Avvaliga ko‘nmay turgan Yusuf oxirgi gapimdan keyin o‘ylanib qoldi. Erim ham yuring turib olgach, rozi bo‘ldi. Faqat hozir emas, bir-ikki kundan keyin ketishini aytdi. Shundan keyin biz qaytdik. Erim to‘rt kundan keyin yana shu tumanga ish bilan bordi va qaytishida Yusufni ham ola keldi. Shu kecha dugonam tushimga kiribdi, menga qarab jilmayib turganmish…