Abdurahim Mahsumov. Gapning nishabi (hajviya)

Haydar mo‘ylovning ishlamagan joyi qolmagan. Xotini esa mo‘ylovning qayerda ishlayotganini so‘rab o‘tirmaydi. Gap-so‘ziyu muomalasidan biladi-qo‘yadi.
— Azizim, — deb kelardi bir vaqtlar mo‘ylov, — sizning qaddingiz ko‘zaga, ovozingiz piyolaning jarangdor musiqasiga, kulishingiz birinchi nav chinni kosaga o‘xshaydi.
Xotini mayingina kulardi. Bilardiki, eri chinni zavodda ishlayapti.
Yana bir kuni Haydar muylov gapga boshqacha to‘n kiydirardi.
— Xotinjon, sening sekin-sekin yurishingni yuk mashinasiga, kulib peshvoz chiqishingni “Mersedes”ga o‘xshataman. Oh-oh, ba’zan “Neksiya”dek lip-lip qilib yengil uchasanki, qani endi, doim shunday bo‘lsang?!
Demak Haydar mo‘ylovning “mashina saroyi”ga ishga kirgani yolg‘on emas ekan.
— Hi-hi, — deb keldi yana bir kuni, — tiling biram po‘lat qaychiga o‘xshaydiki, har gapirganda qiyib-qiyib gapirasan. Ayrim xotinlarga o‘xshab umrning egovi bo‘lma, deyman… Hay-hay, har gaping xuddi qisqichga o‘xshaydiki, uzib-uzib gapirishingni…
Haydar mo‘ylovning xo‘jalik do‘konida ishlayotganini ro‘kach qilib, har kuni xotini bilan shunday «arralashayotganini» ko‘rgan kishi ajablanmasa ham bo‘ladi.
Mo‘ylovning odati ko‘p qiziq… Kecha, deng bolalariga qarab baqiryapti.
— Sanlar cho‘ltoq supurgisanlar, cho‘ltoq supurgi!
Shunda xotini hayrat bilan tikilib undan so‘radi:
— Dadasi, nahotki farrosh bo‘lib ishlayotgan bo‘lsangiz?!