Bayram Aytmurod. Qo‘noq (hikoya)

Azamat allamahalda keldi, uning ustiga, o‘zini behalovat his qilaverdi. Bir narsani unutganday, yo‘qotganday bo‘laverdi. Tomog‘idan ovqat o‘tmadi. Ijaradosh jo‘ralari – Nishon bilan Sardor bir-biriga qaramay, pishillab ovqatlanishardi.

– Ha jo‘ra, mazang yo‘q? – dedi Sardor nafsini sal qondirib olgach. – Nima balo, jig‘ildoning shishganmi? Yo bitta-yarimtasi qorningni to‘ydirib yubordimi?

Azamat chuqur uh tortdi.

– Namuncha uflamasang? Dunyoni suv bosayaptimi?

– Sevgan qizi tashlab ketgan ko‘rinadi, – gapga qo‘shildi Nishon kosasini non bilan sidirar ekan. – Topdimmi? Topdi-im. Shu, sening sevishinggayam qoyil qolaman-da, jo‘ra. Bor buding bilan mubtalo bo‘lavermasdan, sal o‘zingni ayabroq yaxshi ko‘rsang bo‘lmaydimi, menga o‘xshab? He, Majnun! Ay, o‘ylama, jo‘ra! Nima ko‘p, qiz ko‘p.

– Nimalar deyapsan-ey? Qanaqa sevgi, qanaqa qiz? – Azamatning ensasi qotdi. – Men nima xayoldaman-u, sen nima dardda!

– Ayt-da bo‘masam, odamning ichini kuydirmay.

– O‘ylayapman.

– Nimani? – dedi Sardor.

– Boya mahallaga burilaverishda bir juvon turgan ekan. Yonida yosh bolasi. Sovuqda diydirabgina, ko‘zlari javdirab, har kimdan najot istab qarab turibdi. Mendan yordam so‘radi. “Uka, shaharga mehmonga keluvdik. Aksiga olib, qarindoshimiz chet elga ketgan ekan. Avtobuslar ham to‘xtagan. Ertalabgacha tunashga joy topib berolmaysizmi?” dedi.

– Sen-chi, sen nima deding?

– Iloji yo‘q, deb kelaveribman-da, – yelka qisdi Azamat.

– Bekor qilibsan, jo‘ra, – Sardor ham o‘sha ayolni ko‘z oldiga keltirib, ichidan bir narsa uzilganday bo‘ldi. – Bolasi bilan shu sovuqda tashlab kelganing yaxshi bo‘mabdi.

– Menam shuni o‘ylab o‘tiribman. Ha endi, kim bilsin, o‘g‘rimi, to‘g‘rimi, debman-da. Dabdurustdan oldingdan notanish birov chiqib, tunashga joy so‘rasa, xuddi kissangdagini chiqar deyotganday dovdirab qolarkansan kishi. Gapiyam sal shubhali ko‘rindi. Sarosimada juftakni rostlayveribman.

– E, olib kelavermabsan-da. Ha, tanishardik. Tonggacha suhbatlashardik. Biz bo‘ydoq, u juvon bo‘lsa? A, labbay! – beo‘xshov hazil qildi Nishon va do‘stlarining yalt etgan qarashlaridan buni sezib, tilini tishladi.

– Mana shu sening iflos o‘yga borishingni bilib, olib kelmadim! – jazavaga tushdi Azamat.

– Voy-vo‘, hazillashdim-ku!

– Hozir hazilning o‘rnimi? – battar tutadi. – Yo‘q, ayt, hazil qilishning mavridimi hozir?

– O‘zingni bos, jo‘ra! Meniki bir omadi gap-da!

– Azamat, qo‘y shuni, nima birinchi marta ko‘rib turibsanmi? – dedi Sardor. – Nishon, senam tilingni tiy. Og‘zim bor, deb har baloni laqillayverma. Xullas, nima qilamiz?

– Ketib qolmaganmikan? – taraddudlandi Azamat.

– Qaydam, balki haliyam turgandir.

– Ancha vaqt o‘tdi-ku. Yana bilmadim. Qarab kelamizmi, yo?

– Menga qaranglar, sizlar rostdan olib kelmoqchimisizlar? – dedi Nishon. – U sen aytganday o‘g‘rimi, to‘g‘rimi, biz bilmaymiz-ku. Shantajchidir balki? Olib kelganingdan keyin, besh minutga qolmay dod-voyni solib, hammani oyoqqa turg‘azsa-chi? Butun mahallaga sharmanda bo‘lamiz-ku. O‘zi ijarada arang sud­ralib yuribmiz. Bu yerdan ham badarg‘a qilishmasin, tag‘in.

– Vahima qilaverma! – jerkib berdi Azamat. – Turinglar, ketdik qidirib kelamiz. Bu yerga bo‘lmasa, uyida ayoli bor birorta qo‘shninikiga joylarmiz.

– Men bormayman, – dedi Nishon.

– Sen qolaver, Sardor ikkimiz qarab kelamiz.

– Ertaga bir narsa bo‘lsa, men sizlarni tanimayman, aytib qo‘yay!

Sardor ham ikkilanib qoldi, ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushdi.

– Balki, ketib bo‘lgandir, a? – dedi u ishonchsiz ohangda.

Azamat jo‘ralariga biroz hayron bo‘lib qarab qoldi, so‘ng qo‘lini bir siltab, ko‘chaga chiqib ketdi.

* * *

Ayol bolasi bilan shaharga – ota uyiga, inisining to‘yiga bordi. Qaynonasi to‘shak tortib yotibdi, eri o‘rim-yig‘imda. Ona-bola to‘yni tarqatib, ikkinchi kuni peshindan so‘ng yo‘lga tushdi. Eridan uch-to‘rt kunga ruxsat olib kelgan bo‘lsa-da, juvon uyda qolgan qaynonasini, ro‘zg‘orni o‘ylab, ota-onasi, qarindosh-­urug‘ining gapini pisand qilmay, “Ketmasam bo‘lmaydi”, deb turib oldi. O‘zi, shahar bilan tumanning orasi yaqin, avtobusda birpaslik yo‘l. Aksiga olib, yo‘lda avtobus buzildi va ular tumanning o‘ziga kun botganda zo‘rg‘a kirib bordi. Bu yog‘i qishloqqacha yana poyu piyoda ancha yurish kerak. Tumanda qolay desa, na tanishi, na qarindoshi bor…

Ona-bola to‘lin oyning yorug‘ida ikki tomoni yulg‘un bosgan yolg‘izoyoq so‘qmoq bo‘ylab borayapti. Kuzning salqin havosi etlarini junjiktirar, shamol yuzlarini timdalar, ona yenglarini g‘ijimlab, dir-dir qaltirab, bola esa boshini choponiga tortib, g‘ujinibgina borardi. Uzoq-uzoqlardan soyning shovullashi, itlarning hurgani, eshaklarning hangragani eshitiladi. Yulg‘unzordan o‘tgandan keyin paxtazor chiqdi. Haydov bo‘lgan g‘o‘zapoyalari navkarlardek saf tortgancha vahima soladi. Dalaning bu boshi bilan u boshi kamida ikki chaqirim yo‘l. Chap tomonda esa jiydayu to‘rang‘il shoxlari bir-biriga chirmashib ketgan to‘qayzor. Pitir-pitir, shitir-shitir, “g‘iyq-g‘iyq”, “pir-pi-i-ir” etadi. “Jiydaning tagida uxlab qolsa, jin chalib ketadi”, degan gapni ko‘p eshitgani uchunmi, bolani qaltiroq tutar, qancha tez yurmasin, yo‘l tugamaydigandek edi. Nuqul “Otam traktorida kelib, bizni olib ketsaydi”, deb aytadi.

Dalaning yarmiga ham yetmasdan yaqin atrof­da shoqol ulidi. Ona cho‘chib tushdi, o‘g‘lining qo‘lidan mahkam tutdi. Bola piqillab yig‘lay boshladi. To‘qayzor tomondagi saslar ham kuchayib, xuddi butalar orasidan bahaybat hayvon chiqa solib, hamla qiladigandek ikkisi ham joyida serrayib qoldi. Ona darrov o‘ziga kelib, qo‘liga uzun tayoq oldi. “Qo‘rqma bolam, men borman, sekin yuraver” – uning ovozi qaltirardi.

Bir ovulga kirib bordilar. Zim-zimiston. Milt etgan chiroq yo‘q. Oy yog‘dusida pastqam uylar yanada yerga qapishib ketgandek tuyulardi. Ona-bolaning tinka-madori qurigan, qadam tashlashga majoli qolmagan edi, birinchi ko‘ringan uyni qora tortib boraverdilar.

Juvon ildirib qo‘yilgan yog‘och irganakni ochdi. Keng hovlining o‘ng tomonidagi qo‘radan echkilarning bir-birini suzib, xunuk yo‘talgani eshitildi. Ayol it-piti tashlanib qolsa-ya, deya qo‘lidagi tayog‘ini mahkam ushlab olgan, bolasi esa uning etagini qo‘yvormasdi.

“Kim bor, hu-u-v”, deb chaqirdi. Bekorga xavotirlanmagan ekan, supa yonida yotgan eshakday it vovulladi. Ona orqaga tisarilib, qattiqroq baqirdi. Bolani qaltiroq tutdi. It hurib, ular tomon yaqinlasha boshladi. Endi qochishga chog‘lanib turishganida, uy eshigi ochilib, bir kampirning sharpasi ko‘rindi.

– Ha? – dedi kampir kaftini manglayiga tirab. – Kim u?

– Xudoyi qo‘noqmiz, ena.

– Kiringlar, kiraveringlar, nega iymanasan, bolam? – dedi kampir ostonadan ichkariga bosh­larkan. – Kelinglar-chi, qani. Voy, qulunim-ov, muzlab qolibsan-ku.

Kampir bolaga engashib, qo‘llarini siladi, yuzini yuziga bosdi. Kampirning beti iliq edi, ajin bosgan manglayi, chakkalaridan ko‘rinib turgan oppoq sochi momosini eslatardi. Faqat momosi sal to‘laroq, bu kampir esa jimitdekkina edi.

Momo mehmonlarni kichik bir xonaga boshladi. Pech yoqilgan, issiqqina tafti darrov qizargan yuzlarini erita boshladi. Momo chiroqni yoqdi. Xona o‘rtasida chog‘roq xontaxta, burchakda ustiga to‘rt-besh ko‘rpacha yig‘ilgan sandiqdan bo‘lak jihoz yo‘q. To‘rda qorachadan kelgan bola uxlab yotibdi. Momo uni turtkilab uyg‘otdi.

– G‘ayrat, tur, bolam! Mehmon keldi.

Bola g‘udranib, ko‘zini ochdi. Biroz alanglab turdi-da, notanish odamlarni ko‘rib, momosiga norozi qarab, bir narsalar deb, chiqib ketdi.

– Ena, qo‘ying, yotaversin edi, – dedi juvon past ovozda. – Sizlarni ham ovora qildik…

– Ovorasi bor ekanmi, bolam? Xudoyi qo‘noq – xudoning qo‘nog‘i. Kiringlar-chi, ustingizdagini yechib, yuqoriga o‘tinglar-chi…

Momo pechga shox-shabba tashladi, qora qumg‘onni to‘ldirib, choy qo‘ydi. Juvon egnidagi paltosini, o‘g‘lining choponini yechib, devordagi mixga osdi. Momo xontaxta atrofiga ikki qavat qilib ko‘rpacha to‘shadi. Dasturxon yozib, jo‘xori unidan qilingan to‘rtta zog‘ora, piyolalarda tolqon, jiyda, ikkita likopchada parvarda olib keldi, issiqqina choy damladi. Juvon ham tugunini yechib, to‘yning non-bo‘g‘irsog‘idan dasturxonga qo‘ydi.

– Olinglar, uyalmanglar, yo‘l yurib charchagandirsizlar, – dedi momo zog‘oradan sindirib bolaga uzatarkan.

Bola yo‘l-yo‘lakay tugundagi narsalardan cho‘qilab kelgan bo‘lsa-da, juda ochiqqan edi. Zog‘orani olib, apil-tapil chaynay boshladi. Qovoq qo‘shib yopilgani uchunmi, juda mazali tuyulib ketdi. Momo mehribonlik bilan oldiga tolqonniyam surib qo‘ydi. Nonni yutib bo‘lmasdan, og‘ziga bir qoshiq tolqon solgandi, tomog‘iga yugurib, yo‘tal tutdi. Juvon uyatdan qizarib ketdi, momoga bildirmasdan bolasini chimchilab oldi.

– Shoshmasdan yeyaver, qulunim, hammasi senga, – dedi momo jilmayib. So‘ng choy quyib berayotib, yurt surishtirdi:

– Qizim, qay ovuldansan? Kimning elisan?

– Qumlitovdanmiz. Jumaboy traktorchining ayoliman.

– Jumaboy traktorchisi kim bo‘ldi ekan? Qaynota-qaynonang bormi?

– Qaynonam bor.

– Ha, shundan gapir-da, bo‘lmasam…

– Enamizni hamma tabib deydi.

– Tabib? – kampir bir narsani eslashga urindi, chog‘i, unga tikilib qoldi. – Qumlitovda kim tabib edi-ya?

Juvon o‘g‘lini turtib, “Momongning ismini ayt”, deb shivirladi. Mezbon buni sezib, bolaga yuzlandi:

– Ha, ayt-chi qani, kimning navarasisan?

– Sharifa momomning, – erkalandi bola.

– Sharifa? E, ha, boyadan beri shunday demaysanmi? To‘y-ma’rakalarda ko‘p ko‘raman uni. Juda kayvoni ayol. Hamma maqtaydi qo‘li yengil, deb, – dedi mezbon.

– Ha, qishlog‘imizda kim kasal bo‘lsa, enam­ning oldiga chopib kelaveradi.

– Tuzuk, tuzuk. O‘zi yaxshimi, o‘ynab-kulib yuribdimi? Hov, laqillab o‘tirishimni qara, – deya momo juvonga choynakni uzatib, o‘zi qo‘zg‘aldi. – Hozir sizlar choy ichib turinglar-chi, men qozonni otlantirib yuboray.

– Ena, qo‘ying. Choy yetadi, rahmat.

– Hov, unday dema. Choy tomoq bo‘larmidi?! Issiq ovqatga nima yetsin.

– Yo‘q, ena, iltimos, ovora bo‘lmang. O‘zi, shundoq ham tinchingizni buzganimizga xijolat bo‘lib o‘tiribmiz. Hademay tong ham otadi…

Momo sal kalovlanib turdi-da, bolaning ko‘zlari yumilib ketayotganini ko‘rib, shashtidan qaytdi. Momo o‘ziga, mehmonlarga qator joy solib, chiroqni o‘chirdi. Juvon bilan uzoq gaplashib yotishdi. Ayol qayerdan kelayotgani, nega kech qolganini oqizmay-tomizmay aytib berdi. Momo ham o‘g‘li bilan kelini shaharda yashashi, ularning qayerda ishlashi-yu, o‘zi qishloqda nevarasi bilan birga turishi haqida to‘lib-toshib gapirdi. Bola ularning gangur-gungur gaplariga quloq tutib yotib uxlab qoldi…

Tongda ayol bolasining boshidan silab uyg‘otdi. Bola qarasa, yonida kechagi qora bola choy ichib o‘tiribdi.

Ko‘zini ishqalab, dahlizga yuz-qo‘lini yuvishga chiqdi. Momo bir narsa dedi, shekilli, izidan mezbon bola keldi, obdastani olib, suv quya boshladi.

– Isming nima? – so‘radi u.

– Azamat.

– Meniki G‘ayrat. Adashib qoldinglarmi?

– Yo‘q, kechqurun qo‘rqdik.

– He, qo‘rqasanmi qorong‘idan? – istehzoli kuldi u.

– Ha, sen-chi?

– Yo‘q. Hecham qo‘rqmayman.

– Kuchli ekansan-da, a?

– Ha, qo‘rqsam, yonimga itimni olvolaman. Kecha ko‘rdingmi itimni?

– Ko‘rdim. Iting katta ekan.

– Maktabga borasanmi?

– Yo‘q, hali kichkinaman. Keyingi yil boraman.

– Men uchinchi sinfda o‘qiyman.

– Uchinchi sinfda? Faqat uch baho olasanmi shunda?

– Yo‘q, beshga o‘qiyman men.

– Aldama. Beshinchi sinflar beshga o‘qiydi. Sen uchga o‘qiysan, – uning ustidan zavqlanib kuldi.

– Hozir qumg‘on bilan boshingga bir uraman! – G‘ayrat obdasta ushlagan qo‘lini Azamatning tepasida sermadi.

– Ena, qarang! G‘ayrat meni urmoqchi!

– G‘ayrat! Bezori! Tegma qo‘noq bolaga! – momoning tahdidli ovozi eshitildi.

– O‘zi-ku, uchga o‘qiysan, deb ustimdan kul­yapti, – dedi G‘ayrat popugi pasayib.

– Azamat! Hozir ko‘rasan mendan, – juvon do‘q urdi.

Mehmon bola onasining oldiga yugurdi. G‘ayrat izidan kirib, unga yeb qo‘ygudek qaradi. Azamat onasiga biqinib o‘tirib, choy ichdi, qaynoqqina sho‘rvani paqqos tushirdi.

Momo ona-bolani ovuldan chiqaverishdagi katta ariq bo‘yigacha kuzatib qo‘ydi. Ariqni yoqalab yursa, katta yo‘lga tushishini aytib, qo‘llariga mayda-chuyda solingan tugunni tutqazib, uzoqlab ketgunicha qo‘l siltab qoldi.

– Yo‘lni bilib oldinglar, endi kelib-kelib turinglar…

Shundan keyin u uyga qaytib borishmadi, momo ham bularnikiga mehmon bo‘lib kelmadi.

***

Azamat mahalla boshidan to bekatgacha bo‘lgan oraliqni bir necha marta aylandi, juvonning iziniyam topolmay, dami chiqqan pufakday shalvirab ortiga qaytdi. Jo‘ralari allaqachon uxlab qolgan, xonada og‘ir sukunat va zulmat kezib yurardi. U joyiga yotdi, ko‘zi ilindi deguncha o‘sha kechadagi jimitdekkina momo bilan qorachadan kelgan nevarasi sovuqda qaltirab turganday ko‘rinaverdi.

“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 9-son