Bayram Aytmurod. Akamning shumligi (hikoya)

Jumamurod akam qo‘ng‘iroq qilib, ertaga uyga kelishini aytganida quvonib ketdim:
– Ie, zo‘r bo‘pti-ku. Bizday faqirlarni ham yo‘qlaydiganlar bor ekan-ey?
– Bormiz, bormiz, – kulgan ovozi eshitildi, so‘ng – Ko‘rishmaganimizga ham ancha bo‘lib ketdi, sog‘indim, bir maza qilib o‘tiraylik, – dedi entikib.
– Shunday qilgin-da, aka!
Telefonni o‘chirib, bola-chaqaga “Tadori­gingni ko‘r”, dedim-u, o‘zim “tuyatovuq so‘ysammikan yo bir jonliq chalsammikan?” deb o‘ylab qoldim.
Bundan, chamasi, ikki oycha avval akamga qo‘pol gapirib, xafa qilib qo‘ygandim. Shundan beri men bilan gaplashmay, teskari qarab yurgandi. Bugun qo‘ng‘iroq qilgani yaxshi bo‘ldi. “Qarindoshning ozori bor, bezari yo‘q” degan gap bekorga aytilmagan-ku.
Jumamurod – amakim Tilovboy bobom­ning o‘g‘li, u bilan bir yilda tug‘ilganmiz. Mendan bir yarim oyga katta. Aydarimiz ham birday, kiyimlarimiz ham birday, xuddi egizaklarday bo‘lib tushgan suratlarimiz bor. Ikkimiz onalarimizni almashib emib, beshiklarimizda almashib yotib, hatto, kiyimlarimizni ham almashib kiyib o‘sganmiz.
Ko‘p uzamay otamning o‘qishi boshlanib, bizlar shaharga ko‘chib ketdik.
Har kuzgi, qishgi, bahor va yozgi ta’tilda ovulga borar. Bolaligim Tilovboy bobomning uyida, Jumamurod nima yesa shuni yeb, nima qilsa, shuni qilib o‘tdi.
Ajem (buvim) (Jumamuradning onasini aje, deb chaqiramiz):
– Jengis keldi, Jumamurodning Xudosi berdi. Endi tovuq ham, echki ham bir yoqda qoladi, – deb kuladi. Lekin bizlarni hech urishmaydi, qayta qolgan amakivachchalarim bizga ish buyurmoqchi bo‘lsa, ularga: “Bular bilan ishinglar bo‘lmasin, borib o‘zinglarning yumushlaringni qilinglar!”, deb koyiydi.
Shundan qolgan amakivachchalarim tishlanib tursa ham, bizga g‘ing deyolmaydi. Nima xohlasak shuni qilib yuraveramiz: xohlasak echki boqqan bo‘lib, cho‘milishga, qo‘shnilar­ning tomorqasiga qovun o‘g‘irlikka boramiz, istasak o‘zimizni tomorqada piyozni o‘toq qilgan bo‘lib, o‘rikning tagida “traktor” o‘ynaymiz.
Jumamurod bolaligidan juda oqko‘ngil, sodda. Qaydam, kimdan yuqqan bu xulq? Besh yashar bolada bor shumlik bunda yo‘q. Ba’zida uning juda soddaligidan uyalib ketsang (yoshi o‘ttizdan oshgan kap-katta kishi mushtday bolalar bilan qo‘shilishib baliq ovlaydimi-ey, to‘p tepadimi-ey), ba’zan ku­­yip-pishib ketasan (ovulning to‘y-marakalarida o‘zidan yosh yigitlar eshik oldida gerdayib turadi, bu bo‘lsa qachon qarama o‘choq boshida o‘tinchi bo‘lib yurgani yurgan). Lekin shuni yuziga aytsang, sinini buzmay, tirjayib turaveradi.
Bolaligimizda ovulning bizdan bir-ikki ko‘ylak burin to‘zdirgan bolalari uning soddaligidan ko‘p foydalanib, ustidan kulardi.
Hali uvizimiz ketmagan paytimiz “Jumamurod Jeki Chan, hozir borib ho‘v anavi daraxti bir tepadi” yoki “Jumamurod Terminator-ku, hozir anavi devorni boshi bilan uradi” desa, o‘ziga favqulodda bir ishonch bilan g‘o‘ddayib borib, shuni qilardi. Ovulning bolalari sillasi quriguncha kulib: “Hech qayering og‘rimadimi?” desa, bizni Juma: “Yo‘g‘-e, yo‘g‘-e” deb ko‘zlaridan milt-milt yosh qalqib turardi.
Keyinchalik, sal esayib, paxta o‘toq bilan terim paytida ovulga tuman yo shahardan keladigan student qizlarga “ov”ga chiqib boshlagan kezlarimiz ham Jumamurod pand yeb yurardi.
Yana o‘sha bizlardan bir-ikki yosh kattalar yoki tengqurlarimiz “Juma, sen anavi brigadning uyida yotgan falonchini yaxshi ko‘rarkansan-ku” deyishsa, gohida qalampirday qizarib: “Yo‘g‘-e, kim aytdi buni?” deb ochuvlanib qolar, gohida esa tishining sarig‘ini ko‘rsatib irshayib qo‘yardi. Endi unga “Juma, seni o‘sha falonchi degan qiz maqtayapti, non bilan qovun-tarvuzidan bersa, kechqurun diskotekada birga raqsga tushaman deyapti-ku” deyishsa, shunga ishonib, tomorqadan eng yaxshi qovun-tarvuzni saylab, yoniga bo‘rsillagan nonlardan qo‘shib, o‘sha “xabarchi”dan jo‘natib yuborar, kechqurungi o‘yin-kulgu mahali bo­­yagi falonchi bilan raqs tushishga borsa, u qiz bunga burnini jiyirib, bizni Juma ko‘p kulguga qolib yurardi.
Mana shu soddaligidan uyalib, qattiqroq gapirib qo‘ygandim, mendan o‘pkaladi. Bir tomondan o‘zidan ham bo‘ldi. Hozir aytganimday yelparrakday hilpirab, kim nima desa, yugurib ketaverganiga jahlim chiqdi-da.
Shu deng, ovulda kichikroq maraka o‘tkaz­yatuvdik. Bir qarasam mol so‘yishga ham pichoqni olib, o‘zi chopib ketyapti, suv ta­­shishga ham flyagani ko‘tarib olib, yelib boryapti, choyni ham o‘zi tashiyapti, qo‘lga suv olib, mehmonlarga sochiq tutayapti. Ot qo‘shchi ham o‘zi, o‘t yoqqich ham o‘zi.
– Vey, mana shu yerda, yonimda tursang­chi-ey. Yoshullilar so‘rashsa topolmay qolyapmiz-ku! Qiladi anavi mayda-chuydalar, sal bir bosiq-salmoqli bo‘lib o‘tirsangchi bir joyda, har qayoqqa irg‘ishlayvermay! – deb yuboribman.
Birdan ko‘ngliga olishini qayerdan bilibman. Indamay qoldi. Uni-buni aytyapman, kuldirib ham ko‘ryapman, hech sas yo‘q. Birozdan keyin juda xafa bo‘lib:
– Sen nima, meni o‘zidan o‘zi to‘pday yu­malab ketaveradi deb o‘ylaysanmi? Men bilmayapmanmi mana bu yerda qaqqayib tu­­rishni, yo mehmonlarning yonida savlat to‘kib o‘tirishni? Men ham bilaman. Lekin men ham o‘tirsam, sen ham o‘tirsang, boshqalar ham qimirlamasa, bu ishlarni kim qiladi? – dedi.
– Qo‘ysangchi-ey, shu senga qarab qolmagandir? – deb jerkib yubordim.
O‘zi zo‘rg‘a turgan odam battar qizishib ketdi: “Mayli, men ahmoq bo‘laqolay, men yelparrak bo‘laqolay! Bir ovulga shunaqa – hamma ahmoq qiladigan, ustidan kuladigan odam kerak-ku ”, deb to‘ng‘illab ketdi.
O‘sha kuni men bilan shaharga ham qayt­madi. Gaplashmay qo‘ydi. Bir qaysarligi tutdi – yomon tutdi.
Lekin shu sodda akamiz hayotida ikki marta shumlik qilgan ekan.
Birisida tog‘asini boplagan. Tog‘asi – qo‘shni qishloqning mullasi. Bu tug‘ilganida, qulog‘iga azon aytib, ismini qo‘ygan. Qo‘yganda ham Tilovboy bobomning niyatlab yurgan ismni qo‘ymay “O‘g‘lingiz juma kuni tug‘ildi, xosiyatli kunda murodingiz hosil bo‘ldi, ismi Jumamurod bo‘lsin” deb bilganini qilgan. O‘sha payt yuvoshligiga borib indamagan Tilovboy bobom keyinchalik ancha yil ayolining ham, o‘g‘lining ham yuziga solib yurdi:
– Otingni tog‘ang qo‘yganiga, tog‘a qavmga tortgansan-da, qo‘lingning epaqayi yo‘q. Bir narsa ushlasang buzasan, bir ishga qo‘l ursang rasvo qilib yurasan. Odamlar o‘zining bolasiga ot qo‘yib yursa nima qilar ekan, birovning bolasi bilan nima ishi bor ekan-a!?
Akamning ismini ham aytmaydi, “Hoy”, “Hov” deydi, hech bo‘lmasa o‘zi qo‘ya olmagan ism bilan chaqiradi, lekin hech Jumamurod demaydi.
O‘sha gaplar akamning suyak-suyagidan o‘tib yurgan kunlarning birida (maktabda paytimi yo undan keyinmi) velosiped bilan shahardan kelayotganida yo‘lda tog‘asini ko‘rib qoladi. Odatda eshak minib yuradigan tog‘asi o‘sha safar ovuliga piyoda ketayotgan ekan. Salomlashgach, “O‘tiring tog‘a, yaqinlatib qo‘yay!” deb velosipediga mingashtiradi.
Yo‘lda borayotib, xayoliga bir shumlik keladi. Sekin gap boshlaydi.
– Tog‘a, mening ismimni siz qo‘ygan ekansiz, a?
Ko‘nglida hech gap yo‘q tog‘asi “Ha, chirog‘im” deganini biladi, velosiped qars etib bir chuqurga tushadi. Oldiga mingashib kelayotgan tog‘asining yomboshini bolta bilan chopganday bo‘ladi: – Hoy, sekin! Ko‘zingga qarab haydasangchi!
Akamizni parvoyi falak, hech narsa bo‘lmaganday yana savol beradi.
– O‘shanda boboy bilan bir og‘iz maslahatlashmabsiz-da?
– Maslahatlashib deganda, ismingning nimasi yomon? Hech, o‘sha yomon otangdan qanday maslahat chiqardi?
Velosiped yana uch chuqurdan sakrab o‘tadi, har sakraganida tog‘asining sonini kimdir sindirganday, dodlaydi. Yana shunday besh-olti marta “sakratgan”dan keyin tog‘asi jon holatda velosipeddan sakrab tushadi va darrov yer siypalab, kesak izlay boshlaydi.
– Sen bola meni mazax qilyapsanmi, a men bilan hazillashyapsanmi?
Qo‘liga xasmi, tezakmi, mayda kesakmi ilinsa, jiyaniga qarata ota boshlaydi.
– E, padaringga…
– Otamga til tekkizmang, – akam velosipedini mingga qo‘yib haydab, qochib ketadi.
Tog‘asi keyinroq bir mehmonga borganida singlisiga:
– Sut quritgan bola deb, juda erkalatib yuborgansizlar! – deb bo‘lgan voqeani aytib beradi. – Haligacha yomboshimni ololmay yuribman.
Otasi miyig‘ida bir kulib, sir bermagan bo‘lsa ham, akamga mehri iyidimi bilmadim, shu kundan boshlab uni ismi bilan chaqiradigan bo‘ldi.
Ikkinchi shumlikni uylanishida qilgan. O‘sha yili ovulimizga Nukusdan chiroyli qizlar paxtaga keladi. Suluvlar ichida eng suluv bir qizga o‘sha Nukusdan kelgan talaba yigitlar bilan ovulning yigitlari qo‘shilib oshiq bo‘ladi. Har qadamida bir oshiq, har bir so‘ziga jonini sug‘irib berishga tayyor bir devona, har qiyo boqishiga osmondan yulduz terib, oyog‘ining ostiga to‘kishga hozir bir mard. Ovulning yigitlari talabalar bilan, talaba yigitlar ovuldagilar bilan jiqqamusht bo‘lib yurganida, hamma mazax qiladigan bizning Juma allaqachon o‘sha go‘zalning ko‘ngliga qo‘l solib, qalbiga yo‘l topib, uloqni olib ketadi. O‘sha suluv – hozirgi yangamizning o‘zi ham “akangiz soddaligi bilan ko‘zimni boylab tashlagan-da” deb kulib qo‘yadi.
Uchinchi shumlikni esa menga – birga tepkilashib o‘sgan “uka”siga qildi. Kattaroq uloqni so‘yib, kallasini alohida, sho‘rvasini alohida qaynattirib, qovurdoqni bostirib, bir-ikki kun qolaman deganiga “Qoratov”dan mo‘l qilib olib, dasturxon yoyib, bu yoqda ota-onamni, qarindoshlarni, u yoqdan Tilovboy bobom bilan buvimni chaqirib kutib o‘tirsam, qo‘ng‘iroq qilib “bormayman” deb qarab turibdi-da.
“Qo‘y endi, unday qilma”, deb bir yalinaman, “Moshin yuboray, yo o‘zim borib olib kelay”, deb bir yolvoraman, qani ko‘nsa. Topib olgani bir gap: “Yo‘q, o‘zinglar bemalol o‘tirave­ringlar”.
Bir-ikki achchiq gap qilgandim, “Bormayman, bo‘lganim shu!” dedi-yu telefonini o‘chirib tashladi.
Kayfiyatim tushib, jahlimni sezdirmaslik uchun ayolimga qovurdoqni tortaverish kerakligini aytdim.
– Ha tinchlikmi, kelmas ekanlarmi, – deb savol berarini bergan ayolim avzoyimni ko‘rib, qo‘rqqanidan oshxonaga zippillab ketdi.
Boshim egilib, mehmonxonaga kirib ketmoqchi edim, tashqari eshik ochilib, Jumamurod akam kirib keldi. U mening dovdirab, anqayib qolganimni ko‘rib, kulimsirab, bolalikda ovulda yurgan paytlarimda uni yo‘qotib qo‘ysam darrov paydo bo‘lganida, o‘smir paytimiz nukuslik talabalar bilan o‘chakishib, bir o‘zim urishishga qo‘rqib turgan paytim kelib qolganida, maktabni bitirgan dastlabki yili o‘qishga kirolmay, yoki uchinchi bosqichda o‘qib yurgan kezlarim yaxshi ko‘rgan bir qiz boshqaga turmushga chiqib ketganiga jahl qilib, shaharning bir chekkasidagi yemak­xonada o‘tirib, chaqirganimda ko‘p o‘tmay kirib kelganidagi, undan keyin ham hayotimda qanday quvonchli yo tashvishli kun bo‘lsa, qayoq­­da bo‘lsa ham darrov yo‘qlab kelganidagi men yaxshi ko‘radigan gapni aytdi: Kelmay qoladi, deb o‘yladingmi, tentak!

«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 9-10-son