Uyat bo‘lsa ham ochig‘ini aytay: sevib qoldim.
Avvaliga o‘zim ham ichimni junbushga keltirgan tug‘yonni beparvogina, og‘zimni ochib uxlab yotganimda kirib olgan beshiktebratar bo‘lsa kerak, deb ikkilanib yurgandim. Yo‘q. Unaqa emas ekan. Uni boshida o‘zim ham tanimaganimdan afsusdaman. Bu naq sevgining o‘zi edi. Men uni navqiron yigirma yoshimda uchratdim.
Takror aytaman: sevib qo-o-ldim!..
Biz oldin do‘stlashdik. Bu oson bo‘lmadi, albatta. Oz muncha mashaqqat chekmadim. E-e, asti so‘ramang. Undan ko‘ra yantoqzorda dumalasam, buncha azob chekmagan bo‘lardim. U mahvashni birinchi bor ko‘rganimda nimadir ichimda “shuv” etib ketdi. Og‘zimdan bir narsa otilmoqchi edi, tomog‘imga tiqildi. Yuragim qinidan chiqib, xalqumimga kelgan chog‘i.
Xullas, muhabbat ko‘chasidan o‘tish mana shunday azobu uqubatdan boshlangan. Endi men uni tushunaman, u meni. Hali gaplashib ulgurmagan bo‘lsak ham, ko‘z qarashlaridan buni aniq bilaman. Negaki u hamisha muloyim jilmayadi. Shunaqa payt men ham atrofga uyalinqirab qarab, kulib qo‘yaman. Uni har kuni ishga kelayotib yo‘lda – ko‘chaning narigi, so‘l tarafida uzoqdan qarshi olaman. O‘zim doim o‘ngdan boraman. Yaqinlashishga yurak dov bermaydi. Har tun turli rejalar tuzaman. Xayolan izhori dil qilib chiqaman. Ertasiga uni ko‘rganda bo‘lsa… rejalarimning hech biri to‘g‘ri kelmaydi. Xayol boshqa, hayot boshqa deganlari shu bo‘lsa kerak-da.
Bugun dardimni unga aytishga qat’iy qaror qildim. Nima bo‘lsa bo‘lar. Shart uning yo‘lini to‘sdim. Hammasi o‘zim o‘ylaganimdek yuz berdi. Jur’at qilib endigina og‘iz juftlaganimni bilaman, ko‘zimdan o‘t chaqnadi. Yuzimga shunaqangi tarsaki tushdiki, siz so‘ramang, men aytmay qo‘yaqolay. Bunaqa kaltakni umrim bino bo‘lib yeb ko‘rmagandim.
Qizbolani qo‘liyam shunaqa qattiq bo‘ladimi?..
To‘g‘risi bu menga yoqimli tuyuldi ham. Baribir uch kun duch kelib qolmaslik uchun yashirinib, pana-pastqam joylardan ishga qatnab yurdim. To‘rtinchi kun deganda chidolmadim. Yurak qurg‘ur qo‘ymadi. Yana bezovta bo‘la boshladi. Ko‘rgim keldi. Hech narsa bo‘lmagandek ro‘parama-ro‘para ishga boraverdim. Zimdan ko‘z qiri bilan bir-birimizni kuzatardik, xolos. Shunisiga ham shukr. Asosiysi o‘zimga ishonch bor. Bir kun kelib uning g‘ururi qalbim taftiga dosh berolmay, muzdek erishi aniq. Shunday bo‘lishini juda-juda istardim.
Kun sayin o‘tli nigoh tashlashlarimga ko‘nikib qoldi. Men ham uning o‘g‘rincha qarashlariga o‘rgandim. Shu taxlit oylarni o‘tkazdik. So‘ppayib yuraveramanmi, degan o‘y kallamni har kuni chirpirak qilardi. Ichimda g‘alayon boshlandi. Manzilini bilib, qarindosh-urug‘larini surishtirish payiga tushdim. Ishdan qaytar mahalim bitta-bitta yomg‘ir tomchilay boshladi. Bosh kiyimimni bostirib, orqasidan ergashib boraverdim. Ancha yurdik. Nihoyat to‘g‘ri yo‘l tugab, muyulishga yetganda ko‘zdan qochdi. Payqagan bo‘lsa kerak-da. Qadamimni tezlatdim. O‘ngga burilishda uch ko‘cha, uch uy turardi. Bunaqasini tushimda ham ko‘rmagandim. Qaysi tarafga ketganini bilish qiyin edi. Endi qaytmoqchi bo‘lganimda o‘rtadagi ko‘cha boshida joylashgan uyning boloxonasi chirog‘i yondi. Qarasam u. Deraza pardasini bir ochib yopdi. Hoynahoy ko‘rdi-yov. Shu o‘yda boloxonaga tikilib turaverdim. Yomg‘ir tezlashgandan tezlashdi. Hammyog‘im shalabbo bo‘ldi. Va nihoyat derazadan yana chiroq shu’la taratdi. Endi u pardani ochib tilini chiqargandek bo‘ldi. Qaydam. Menga shunday tuyuldi. Etim junjikib ketdi. Sovuqdanmi, yo hayajonlanganimdanmi, tushunmadim. Turib-turib zerikdim. Endi qaytmoqchi bo‘lganimda, darvoza eshigi g‘iyqillab ochildi.
Ne ko‘z bilan ko‘rayki, u to‘g‘ri men tarafga kelardi. Nima qilarimni bilmay qoldim. Shu alfozda qochvorsammikin, degan o‘y bo‘g‘zimdan xippa bo‘g‘di. Ko‘zlarimni mahkam yumib oldim. Zora menga parvo qilmay yonimdan o‘tib ketsa. Unday bo‘lmadi. Ko‘zlarimni ochganda qarshimda jilmayib, soyabon ko‘tarib turardi. Dahshat yuz berdi. Yuragim pufakdek yorilib ketishiga sal qoldi.
U bamisoli go‘zallik ma’budi edi. Ko‘zimga shunday ko‘rindi-da.
– Ivib ketmang, – dedi qo‘ng‘iroq ovozda va soyabonini uzatdi.
Lom-mim deyolmadim. Tilim tanglayimga yopishib qoldi, shekilli, soyabonga qanday qo‘l uzatganimniyam bilmadim.
– Qornimam ochdi, – dedim talmovsirab. Qiz kinoya bilan, lekin judayam chiroyli tabassum qildi. Keta turib:
– Osh bo‘lsin, – dedi qo‘limga ishora qilib. Tushunmadim. Nima demoqchi. “Barmog‘ingni tishla”, deganimi bu?!.. Ortidan qovog‘im osildi. Hafsalam pir bo‘lib, o‘pkalamoqchi edim, kaftlarimni nimadir kuydira boshladi. Xayol bilan sezmabmanam. Qiz tushmagur soyabon bilan birga qog‘ozga o‘ralgan ikkita qaynoq varaqi somsa ham tutqazgan ekan. Xursand bo‘lib ketdim. Yo‘l-yo‘lakay sovimasidan paqqos tushirdim. Ko‘nglim joyiga tushib, uyga qaytdim.
Ertasiga eratalabdan yo‘l yoqasida uni poyladim. Uzoqdan qorasi ko‘ringanda sekin yurishga tushdim. Go‘yo o‘zimni ko‘rmaganlikka soldim. Ortimdan yetib keldi. Xuddi bilmagandek ketaverdim. O‘zi gapirishini kutdim. Ishxonagacha shunday keldik. Hech narsa demadi. Galvarsligimni anglaganimda esa u ichkariga kirib borardi.
– Kechagi uchun rahmat. Mazali ekan, – dedim ortidan baqirib.
U muloyim jilmaydi.
Shu ko‘yi kunlar birini biri quvib o‘taverdi. Indamasdan ikkovimiz ishga kelamiz. Odatdagidek qaytamiz. Orada yana bir uyiga kuzatib bordim. Bu safar yeganim issiqqina gulxonim bo‘ldi, xolos. Haligadovur otini bilmayman. Hamon so‘rashga iymanaman. Negaki, uni… Ammo buni aytolmayman. Ko‘ngliga ozor yetkazmay, deyman. Avaylayman. O‘zimga o‘zim savol beraman: Qachongacha?.. Yana bir kuni shasht qildim. Hovlimiz etagida – daraxt uchida qip-qizarib pishib yetilgan, chuldirvoqi ukalarimdan omon qolgan bir donagina olmani erta tongda uzib tushdim. Yiqilishimga oz qoldi. Yomon bo‘lardim-da. Uni o‘yladim. Qaniydi mashaqqat chekkanimni bilsa. Olib borib unga uzatdim. Yuzi olmadek qizarib ketdi. Iymanib bo‘lsa ham oldi. Demak u ham… mayli aytmay qo‘ya qolay. Buni o‘zim bilaman. Hech bo‘lmasa ismini so‘ray. Ammo u yugurgilab qochib qoldi.
– Oting nima? – dedim arang ortidan sensirab. Ovozim chiqmaganga o‘xshadi. Eshitmadi, deb o‘yladim. Jim kuzatib tikilib turaverdim.
– Hayot, – dedi nihoyat orqasiga qaramay ichkari kirayotib.
Bildim-ku baribir.
O‘zimda yo‘q xursand bo‘ldim. Terimga sig‘may ketyapman. Yana ovozini eshitgim kelyapti. Kun bo‘yi uni o‘ylab ishim unmadi. Parishonxotir bo‘lib qoldim-ov. Qilgan ishlarimdan ustaning ichi chiqmadi. Ha aytganday, duradgorga shogird tushganman-da. U bo‘lsa yo‘lning narigi betidagi gul do‘konida ishlaydi. Har kuni usta bilan beshik yasaymiz. Sumakni ichini ochayotganimda:
– Esing og‘ib qolibdi. Xayoling joyidamas sen bolaning, – deb dakki berdi.
Usta to‘g‘ri aytadi. Har kuni shu. Ahvolim tobora yomonlashardi. Ayniqsa u ishga qatnamay qo‘yganda aniqroq bilindi bu. Ikkovimizning ham shuurimizda bir narsa aylanardi go‘yo. Buni bilamiz-ku, ammo unga yetishmoqqa shoshilmasdik. Keyinchalik bekor qilganligimni tushunib yetdim. Biroq kech edi. So‘nggi pushaymon – o‘zingga dushman.
Har kuni yo‘l qarayman. Ammo uning qorasi ham ko‘rinmasdi. Hafta o‘tdiyamki, u yo‘q. Shunday garangsib anchagacha yurdim. Kutdim. Undan darak bo‘lmadi. Kechga yaqin uyidan xabar olishga ahd qildim. Bordim. Boloxonaning chirog‘i yoniq. Nigoh qadab turaverdim. Joyimdan qimirlamadim. Biron kimsa qaramadi. Beixtiyor oldinga qadam tashladim. Birov chiqib qolarmikin, deb o‘yladim. Hech zog‘ ko‘rinmadi. Sekin darvoza eshigini ochib, ichkariga kirdim. Hovli sahnida bir kishiga ro‘para bo‘ldim. Hoynahoy otasi. Judayam tushkun holatda edi.
– Kel, – dedi beparvogina. – Kim kerak?..
– Hayot, – dedim ko‘risha turib.
– Tepada, – dedi boloxonaga ishora qilib.
Indamay zinadan ko‘tarildim. Har bir pilapoyaga qadam bosganda yuragim qalqirdi. Kirib borganimda Hayotni tepasida shifokorlar turardi. Boshida mushtipargina bir ayol o‘tiribdi. Onasi bo‘lsa kerak, qovoqlari qizarib ketgan…
Meni ko‘rib Hayotning ko‘zlari chaqnab ketdi. O‘zimni g‘alati his qildim. Bu ishimdan uyaldim. Axir hali tanimagan xonadonga so‘rovsiz bostirib kirgandim-da.
– Nimaga keldingiz? – deb pichirladi u hayron bo‘lib. Xursandligi yuz-ko‘zidan sezilib turardi.
– Ko‘rinmay qolding, – dedim xavotirlanib. Shifokorlar onasiga bir nimalarni tushuntirardi. Hayot o‘sha kundagidek jilmaydi. Onasi unga e’tibor ham bermadi. O‘rnidan turib shifokorlarni tashqariga kuzatib chiqdi.
– Yaxshi yuribsizmi? – dedi yana yuziga ko‘rpani tortib berkingancha.
– Ha, – dedim. – O‘zing-chi, tuzukmisan?
– Yaxshi.
– Nimaga bormay qo‘yding?
– Kasalman, – shunday deb jim bo‘lib qoldi. Biroz o‘tib, – Shudringda ochilgan gul bo‘lsaydi, – dedi kulib.
Shu payt eshik taraqlab, onasi kirib keldi. Ketmoqchi bo‘lib o‘rnimdan turdim. Onasi “Kim?” degandek imo bilan qiziga qaradi.
– …
– Yaxshimisiz, o‘tiring! – dedi onasi.
– Rahmat. Men boray, ertalab olib kelaman.
Chiqayotib kiprik qoqib xayrlashdim. Onasi meniyam kuzatdi. Tashqarida boyagi odam bilan shifokorlar gaplashardi. Darvozaxonaga yetganda elas-elas ularning “Ehtiyot qilinglar. Uzoqmas…” degan so‘zlari eshitildi.
Uyga qaytib tuni bilan uxlamadim. Hovlimizdagi gulzorda o‘tirib chiqdim. Shudring tushishini poyladim. Xayolimda bo‘lsa shifokorlarning gapi tinimsiz charx urardi. Subhidamda uyqu yengibdi baribir. Ko‘zim ilinib, alahsirab qolibman. Yomon tush ko‘rganmanmi, qo‘rquvdan cho‘chib uyg‘ondim. Ko‘zimni ochsam, gullar qiyg‘os ochilibdi. Sham tushib, quyoshda tovlanib turgan endigina barg yoygan g‘unchalardan terib guldasta yasadimu u tomon shoshdim. Borib eshigining tagida kalovlanib, to‘xtab qoldim. Ikkilanib turganimda onasi chiqib keldi. Hovliga suv sepayotgan ekan.
– Keling, kiring! – dedi samimiy.
Tortinibgina ular bilan ko‘rishdim. Hayotning oldiga kirib borganimda derazadan quyosh nurlari tushib turardi. Shundanmi, yuzlari so‘lg‘in ko‘rindi. Gullarni ko‘rsatib, tokchadagi guldonga solib qo‘ydim. Xursand bo‘ldi. Indamasdan biroz yonida o‘tirdim. Onasi choynak-piyola ko‘tarib kelib qoldi. Hijolat bo‘lib o‘rnimdan turmoqchi edim, qo‘lidagilarni qo‘yib, meni qayta joyimga o‘tqazdi. Xuddi eski qadrdonlardek qaynoq choy quyib uzatdi. Og‘zim kuyib, shosha-pisha xo‘pladim. Ichimga issiq kirib jonlandim. Hayot zimdan kuzatib turgan ekan, kulib qo‘ydi. Chehrasi ochilganidan ko‘nglim joyiga tushdi. Qaytayotganimda onasidan uning kasalini so‘radim. Ammo aytmadi. Yordam berishim mumkinligini bildirgandim:
– Faqat xudodan, – deb yig‘lab yubordi.
Qo‘limdan nima kelardi. Hali ustadan qo‘l olib ulgurganim yo‘q. Kunlarim shunday mazmunsiz o‘tardi. Ishga kelaman. Usta aytgan yumushlarni bajaraman. So‘ng kech kirganda Hayotni ko‘chasi tomon yuguraman. Boloxona chirog‘iga bir ko‘z tashlab, ko‘nglim joyiga tushib, uyga chopaman. Saharmardonda shudring qo‘ngan gullardan terib, kunora unga olib boraman. Ota-onam hayron. Menga nima bo‘layotganini so‘rashadi. O‘zim aytolmayman. Nihoyat, bir kuni otamga yorildim. Bor gapni aytdim. Otam o‘ylanib, uch kun jim yurdi. Bir qarorga kelolmay qiynaldi chog‘i. Keyin onamga maslahat solgan ko‘rinadi. Ikkov bir to‘xtamga kelishdimi, meni yonlariga chaqirib o‘rtaga olishdi.
– Bu savdo hammaning boshida bor, – dedi otam oxiri.
– Kelayotgan shanba amma-xolalaring bilan ularnikiga – savdoga bormoqchimiz, – dedi onam ham. – Hamma gapni shundan so‘ng gaplashamiz.
Men indamay yer chizdim. Necha kunlardan beri boshimni g‘ovlatib, chirmab tashlagan tugun yechilgandek bo‘ldi. Kattalar o‘ylab ish ko‘rishadi. Ular nima qaror qilishsa roziman axir.
Ertasiga ustaxonaga borsam usta nimadir yasayapti. Yordam berib yubordim. Odam bo‘yi barobar. Nimaligini so‘ramadim. Yog‘ochlarini mehr bilan usta aytganday qilib silliqlab chiqdim. Chetlariga naqsh o‘ydik. Keyin bilsam masjid imomi buyurtma qilgan ekan. Yasaganimiz tobut edi. Yuragim orqaga tortib ketdi. Savobli ish, deya o‘zimni ovutdim.
Qo‘ling ancha kelib qolibdi, deb usta maqtadi. Parvo qilmadim. Men uchun muhimi shanba. Hali uch kun bor. Orada chorshanba, payshanba, juma turibdi. Xuddi dovondek ko‘rindi nazarimda. Bu kunlarni qanday o‘tkazganimni bilmayman. Shanbada uyga qaytganimda besh yashar ukam “Kuyovbola. Kuyov-kuyov”, deb masxara qilib qochdi. Onam hammasi ko‘ngildagidek bo‘lganini, tuzalganda to‘y qilishlarini aytdi. Quvondim. “Bo‘ldi-bo‘ldi” bo‘ldi…
Ammo u tuzalish o‘rniga, kundan kun yomonlashardi. Orada kelin sarpolar ham jo‘natildi. Har kuni uning holidan xabar olib kelaman. Oilasidagilarning oldida yotsiramay qoldim. Borganimda kenja singlisi “pochcha” deb odamni hijolat qila boshladi. Hayot eshitib, xandon otib kuladi. Nima qilsin, bechora. Unga nasib qilgan baxt shu bo‘ldi, xolos.
Usta bilan ikkimiz yasagan tobut bitgan edi. Tagiga anbar ham tayyorlagandik. Olib ham ketishdi. Yana o‘zimizning ishimizga – beshik yasashga tushdik. Avvalgidek odatiy kunlar boshlandi. Ustaxonaga kelaman, uyga qaytaman. Ora kun Hayotlarnikiga chopaman. U tuzalay demasdi. Ozib-to‘zib ketgandi. Ranglari ham sarg‘aygan. Ammo istarasi issiq. Chiroyi hanuz o‘sha-o‘sha. Odamning esini og‘diradi. Ko‘zlari kulib turadi. Uni sog‘indim. Ikki kundan beri ish bilan bo‘lib ko‘rolganim yo‘q edi. Charchab uxlab qolibman. Kechroq turdim. Quyosh allaqachon nurlarini yoyvorgan. Shabnamdan asar ham yo‘q. Shunday bo‘lsa ham qo‘shnilardan so‘rab, bir quchoq gul uzdim. O‘zimizniki tugagandi. Hayotni xursand qilmoqchi edim. Apil-tapil nonushta qilib, ularnikiga chopdim. Ahvoli og‘irlashibdi. Oldiga qo‘yishmadi. Qo‘limdagi guldastani ko‘rib, hamma hayron edi. “Kim bu jinni?” deyishgan bo‘lsa ajabmas. Onasi gullarni olib, boloxona derazasi tokchasidagi guldonga solib chiqdi. Har qancha xarxasha qilsam ham oldiga kiritishmadi.
– Yasha, Hayot! Harakat qil!.. – dedim ich-ichimdan kelgan titroqni ushlab.
Ustaxonaga borib peshingacha iskana bilan beshik tuvagiga joy o‘ydim. Usta kechroq keldi. Birozdan keyin tahorat olib, janozaga, deb chiqib ketdi. Butun borlig‘im tovonlarimga cho‘kib, uvishib qoldi. Yugurmoqchi bo‘ldim. Biroq kuch topolmadim. Yurishga ham madorim yo‘q edi. Ustaning ortidan cho‘kkalab qoldim. Ahamiyat bermadi.
Shu ko‘yi qancha o‘tirganim esimda yo‘q. Sudralib yetib borganimda darvozaxonada usta ikkovimiz yasagan anbar turardi. Atrofida odamlar aylanishardi. Uch to‘rt kishi alvon rangli chodir o‘rashayotgandi. Biroz o‘tib, bir to‘da odamlar tobutni ko‘tarib chiqishdi. Bu o‘z qo‘llarim bilan yasab, sayqallagan matoh edi. Dod devorgim keldi. Ayyuhannos solib yig‘lamoqchi bo‘ldim. O‘zimni zo‘rg‘a ushladim. Qancha harakat qilmay, baribir tutib turolmadim. Ko‘zyoshlar sizib kipriklarimni namladi. Onasi bilan singillarini ko‘rib yuragim yanayam ezildi. Ayniqsa kenjasi “Opajon” deb pildirab, anbarning u yog‘idan bu yog‘iga chopib hiqqillaganda o‘zimni qo‘yishga joy topolmadim. Onam qilgan sarpolarni tobut ustiga yopishganda ichimdagi dard otilib chiqdi. O‘kirvoray dedim. Hushim uchib, yiqilishimga sal qoldi. Orqamdan kimdir mahkam ushladi. Usta ekan. Meni ko‘rib hayron qoldi, shekilli. Yonida Hayotning otasi turardi. Shu payt tobut ko‘tarildi. Xotin-xalaj yig‘isi avjga mindi. Odam ko‘p edi. Qabristonga qo‘lma-qo‘l uzatib borildi. Shu onda qo‘llarimni majaqlab tashlashsa rozi edim. Ko‘zimga dunyo qorong‘u bo‘lib ketdi.
O‘zimga kelib qaraganimda hech kim qolmagandi. Do‘ppayib turgan tuproq ustida ertalabda terib keltirgan gullarim quyosh nurida yal-yal yonardi. Chehram yorishdi. Uning jilmayibgina qip-qizil olmani ushlab, gulzor ichida turganini ko‘rgandek bo‘ldim.
“Hayot, hayot!”, dedim pichirlab.
Hali men bilan uzoq yashaydi.
Har tong gullarning yaproqlariga shudring qo‘nganda, Hayotning nafasini sezaman. Daraxt shoxlarining uchida oftobda yetilib qirmizi olmalar pishganda, xayolan beg‘uborgina yuzlarini chizaman. O‘zim yasagan beshikda chinqirib bolalar yig‘laganda, xushchaqchaq ovozini eshitganday bo‘laman. Quyosh bosh ko‘tarib zarrin nurlarini zaminga sochganda, mehr to‘la qalbining issiq taftini tuyaman.
Borliq larzaga tushib chaqin chaqnasa-yu, bulutlar yum-yum yig‘lasa, uning sevinch to‘la milt-milt to‘kilgan ko‘zyoshlarini eslayman.
Ha-ha! Rostdan ham esim og‘ib qoldi, shekilli. Ayriliq – o‘limdan qattiq. Uni telbalarcha sevganman. Umrbod sevaman ham. Ey yoronlar! Uyat bo‘lsa ham, so‘raganlarga sekingina ochig‘ini aytinglar, devona deb o‘ylab yurishmasin tag‘in, sevib qolganman, sevib…
2013 yil, 4 dekabr.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining
2014 yil 21 fevral 8- sonida e’lon qilingan