Bahodir Abdurazzoq. Girdobod (qissa)

-1-

1981 yil. Dehli. Hindiston.
Professor Rakesh Chopra qo‘lidagi qorayib, hilvirab ketgan bosh chanog‘iga hayronu mustar boqqancha, boshi-keti yo‘q xayollar girdobiga ko‘milib ketdi. Nahotki, uning shuncha yillik izlanishlari, ilm yo‘lidagi mashaqqatlari besari somon ketgan bo‘lsa…
Bosh chanog‘ini ehtiyotkorlik bilan aylantirib, yonoq suyagidagi o‘rik danagi sig‘ar kattalikdagi teshikka uzoq termulib qoldi. Keyin esa stol ustidagi zanglab ketgan bir parcha temirga razm soldi. Ko‘zlariga ishonmay zarrabin ortidan sinchiklab qaradi. Oddiy temir, yo‘q-yo‘q, o‘tochar qurolning o‘qi. U bechora boshchanoq egasining qovog‘i ostidan kirib, miyasining titig‘ini chiqargancha ensa suyagiga sanchilib qolgan ekan. O‘smirning boshmaldog‘idek keladigan bir parcha zang bosgan temir yigirma besh – o‘ttiz yoshlardagi navqiron yigitni bir zumda murdaga aylantirgan bo‘lsa kerak. Zero, bunday jarohat, olgan nafasini chiqarishga ulgurmay, uning ruhini osmonu falakka uchirib ketgandir… Professor bu o‘q qanaqa quroldan ajralib chiqqanini judayam bilgisi keldi. U temir parchasini avaylab pintset bilan ushlagancha kichkina yog‘och qutiga joylashtirib, arxeologik qazilmalarda topilgan metallarni tadqiq qiluvchi laboratoriya tomon yo‘l oldi. Laboratoriyalar yerto‘lada joylashgan edi.
Professor Rakesh Chopra yoshi oltmishga yaqinlashib, tanasining og‘irligi oyoqlariga malol kela bosh­lagan, buning ustiga keyingi paytlarda shaharning bo‘g‘iq havosidan nafas olishga qiynaladigan bo‘lib qolgandi. Shuning uchunmi u ikki kundan beri buzilgan liftni tuzatishni eplolmayotgan banoraslik liftyorga norozi nigoh tashlagancha zinapoya tomonga og‘ir qadamlar bilan yurib ketdi. Ikkinchi qavatdan yerto‘lagacha bo‘lgan qirq sakkiz zinapoyani bosib o‘tgunicha oppoq ko‘ylagi jiqqa terga botib hansirab qoldi. Qaysidir axmoq farrosh ertalab zinapoyani tozalayotib derazaning bir tavaqasini ochiq qoldirgan, shu ochiq derazadan esa tandirdek qizib turgan, bilqillagan asfalt ko‘chalarida qaynab, tutun va turfa gazlarga to‘yingan badbo‘y havo butun zinapoya maydonini egallab olgan edi. Professor yerto‘laning biroz zax hidini aytmasa namxush va salqin daxliziga kirganida yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek yengil tortdi. O‘ng qo‘lidagi qutini mahkam ushlagancha chap ko‘li bilan shimining cho‘ntagidan dastro‘molini olib terlagan bo‘ynini, peshonasini artdi. Biroz nafasini rostlaganidan keyin esa dadil yurib tanish laboratoriya eshigining mis tutqichini tortdi.
… – Professor, mabodo biror narsani faromush qilmayapsizmi? – yupqa ko‘zoynagi ortidan ko‘zlarini pirpiratdi, hali o‘zining yarim yoshidan endigina o‘tgan La’l Kumar – o‘t ochar qurollar tarixi bo‘yicha bir necha yildan beri yozayotgan ilmiy ishini tugata olmay xunob bo‘lib yurgan laborant, o‘ttiz yoshlardagi novchadan kelgan oriq yigit.
Professor unga norozi nigoh tashladi. Sochlari oqarib, bug‘doyrang yuzini yanada qoramtirroq qilib ko‘rsatadigan, salobatli professorning chehrasi tirisha boshlaganidan Kumar o‘ng‘aysizlandi. Axir, Hindistondagi yagona Arxeologiya akademiyasining jahon arxeolog­lari orasida ham o‘z mavqeiga ega professoriga shunaqa tuturiqsiz savol berib, keyin uning chimirilgan qoshlari ostidagi norozi nigohiga dosh berishning o‘zi bo‘ladimi?!
– K-kechirasiz, Chopra sohib, men aytmoqchiydimki…
– Nimani aytmoqchi edingiz Kumar-ji, – chehrasi yorishdi Professorning, – bemalol aytavering. Mulohazalaringizni jon qulog‘im bilan eshitaman.
La’l Kumarning ham xavotiri bosilib, allaqanday suyuqlik yordamida zangdan xalos bo‘lgan temir parchasiga yana diqqat bilan qarab, uning orqa-oldini zarrabin bilan qayta-qayta ko‘zdan o‘tkazgach, boshini ko‘tarib, uning harakatlarini sabr bilan kuzatib turgan Professorga qaradi. U bir to‘xtamga kelib, o‘z fikriga to‘la ishonch bilan gapira boshladi.
– Chopra sohib, janob professor, – u fikrini qanday ifodalashni bilmay, bir zum ikkilanib qoldi. Keyin miyasiga kelgan fikr yiltiroq oynak ostidagi yirik-yirik qo‘y ko‘zlarida akslanib, tez-tez, so‘zlarini yamlab gapira bosh­ladi. – Sizga bitta savol bersam, maylimi? – Professor rozilik ma’nosida bosh irg‘atish bilan davom etdi. – Agar sir bo‘lmasa bu o‘qni qayerdan topganingizni aytib bersangiz?
Professor buni o‘zi, laborant so‘ramasidanoq aytib berishi lozimligini eslab jilmayib qo‘ydi.
– Bu mutlaqo sir emas, Kumar-ji. Men, xabaringiz bo‘lsa kerak, Boburshohning Hindistonga yurish qilgan davrini tadqiq qilmoqdamen. Yakinda mashhur Panipat jangi bo‘lib o‘tgan adirda qazish ishlarini o‘tkazgan edim. Buni o‘sha joydin topdim. Menimcha Ibrohim Lo‘diy qo‘shinining navkari bo‘lsa kerak, bu o‘q uning bosh chanog‘ini teshib, ensa suyagiga sanchilib qolgan ekan. La’l Kumarning ko‘zlari kattalashib, kichkina ko‘zoynagini burnining ustiga surib yuborgandek bo‘ldi.
– Y-yo‘g‘-e. B-bo‘lishi mumkin emas!
– Tushunmadim, Kumar-ji?
– B-bilasizmi, professor janoblari, bu o‘q, nima desam ekan, sizga, – Kumar hayajonlanganidan duduqlanar, kerakli so‘zni topa olmay qiynalardi, -b-bu-b-bu o‘q, to‘rt asr oldin tayyorlanmagan! Balki siz faromush qilayotgandirsiz.
…Kumar-ji, siz mening skeletlar qoldiqlarining yoshini aniqlash bo‘yicha Qirollik Akademiyasida tan olingan sanoqli ekspertlaridan biri ekanligimga shak keltirmoqchimisiz?! -Qoshlari chimirildi professorning, keyin peshonasini tirishtirgancha tak­rorladi. – Tushunmayapman sizni, Kumar-ji?
– Muhtaram professor sohib, sizning skeletlar bo‘yicha benazir ekspertligingizga zarracha shubhalanmayman. Ammo bu o‘qning o‘n oltinchi asrga mutlaqo aloqasi yo‘q!
Laborantning anchayin dadil gapi unchalik o‘tirishmagan bo‘lsa-da, biroq professor uning o‘z fikrini aytishga monelik qilmadi. “Qani davom etaver-chi”, degandek, stulga qulayroq o‘tirib, tinglashga tayyor ekanligiga ishora qilgancha, qo‘lini chakkasiga tiradi. Kumar professorning izzattalabligi o‘rnini qiziqish egallaganini sezib o‘zini bosib oldi va fikrini bayon qila boshladi.
– Professor sohib, o‘n oltinchi asrda sarkarda Bobur qo‘shinida bor-yo‘g‘i bir necha o‘n dona to‘fang bo‘lgan. Ular ham Usmonlilar orqali Ovro‘padan keltirilgan ibtidoiy mushketlar edi, xolos. Buni o‘zingiz ham tasdiqlaysiz, shundaymi?
Professor, indamay, bosh irg‘ab qo‘ydi.
– Ular tumshug‘idan o‘qlangan va ularning o‘qi mayda qo‘rg‘oshin soqqalar bo‘lgan. O‘sha o‘qlar ellik qadam naridan otilganda ham bunday jarohat yetkazishi amrimahol.
– U chaqqon o‘rnidan turdi va xona kunjidagi kattakon temir javonning oldiga bordi. Undan bir kichik qutichani olib, professorning oldiga qo‘ydi. Qopqog‘ini ochdi. Qutichada turli o‘lchamda va shaklda qorayib ketgan qo‘rg‘oshin parchalari yotardi. Biri gilos danagidan sal kattaroq, dumaloqroq bo‘lsa, yana biri esa jiyda danagidek cho‘zinchoq edi. Kumar ularning yoniga professor keltirgan o‘qni qo‘ydi. U esa bu ikkalasidan to‘rt-besh baravar katta, buning ustiga konussimon shaklda edi.
– Professor sohib, bular o‘sha, o‘n beshinchi asrda, Ovro‘pada yasalgan mushketning o‘qlari. Ularning o‘rtasidagi farqni ko‘rib turibsiz. Bu o‘qqa e’tibor bering. Uning sirti po‘latdan, ichiga esa vaznini oshirish uchun qo‘rg‘oshin quyilgan. Mana, bunisi esa judayam qiziqarli dalil. Po‘latning tarkibida volfram bor! E’tibor bering, volfram! – Kumar qizishib ketganidan og‘zidan tupuk sachratib, ovozini baralla qo‘ygancha gapirardi. – Bu metall haqida o‘n oltinchi asrda mutlaqo bilishmagan. U o‘n to‘qqizinchi asrda topilgan metall.
– Bu bilan nima demoqchisiz? – Professor ham uning jo‘yali dalillariga qiziqib qolgandi. Biroq Kumarning asosiy gapni aytmay kirish qismini cho‘zib yuborganidan betoqlandi.
– Nima demoqchiman? Shuni aytmoqchimanki, professor sohib, mening xulosamni eshitib, siz meni telbaxonaga jo‘natib yubormasangiz, deb qo‘rqaman.
Professor miyig‘idan jilma­yib qo‘ydi.
– Ha-ha, Chopra sohib, mening xulosamda mantiq ipi uzilgan. Yoxud bu xulosa mutlaqo mantiqqa asos­lanmagan. Aytaveraymi?
Professor uning gapini eshitishdan yelkasi tirishdi.
– Ayting!
– Bo‘lmasa eshiting. Bu o‘q ruslarning 7,22 kalibrli Kalashnikov avtomatidan otilgan. Ishlab chiqarilganiga besh yil ham bo‘lmagandir, balki.
Professor unga hayron bo‘lib qaradi.
– Haqiqatan ham telba emasmikan, – xayolidan o‘tdi uning.
Xuddi fikrini o‘qib turgandek laborant unga qarab jilmaydi.
– Professor sohib, aytmadimmi, meni telbaga chiqarib qo‘ymang tag‘in. Men buni sizga isbotlab berishim mumkin. – U professorning bu isbotga ehtiyoji bor-yo‘qligini aniqlamay turib, qo‘liga zarrabinni olib joyiga kelganda tek qotdi. – Professor sohib, manavinga e’tibor bering, sizningcha bu belgilar nima?
Professor barvasta gavdasini egib laborant ko‘rsatgan qismiga e’tibor bilan razm soldi.
– Menimcha raqamlarga o‘xshaydi.
– To‘g‘ri raqam ham bor. Boshlanishidagisi harf. Menimcha lotincha ”A” keyingisi esa “K” mana bu birning teskarisiga o‘xshab turgani esa “M” bo‘lishi kerak, harfning bir qismi o‘chib ketgan. Keyingi ikki belgi esa raqam bo‘lishi kerak. Birinchisi “7” ga o‘xshaydi. To‘ppa-to‘g‘ri. Ikkinchisi esa yo “3” yoki “8”. Shunday qilib unga “AKM-78”deb yozilgan. Harflar mening fikrimni tasdiqlab turibdi. Bu Kalashnikov avtomatining o‘qi. Buni tasdiqlaysizmi, sohib?
– Shunaqaga o‘xshaydi, – Professorning ovozi biroz shubhali chiqdi. – Biroq Kumar-ji, skelet o‘n oltinchi asrga taalluqli ekanligiga yuz foiz ishonaman! Boshchanoq tegish­li bo‘lgan odamni shu o‘q o‘ldirganligi ham fakt!
– Bu ham to‘g‘ri ekanligiga guvohlikka o‘tishim mumkin, professor sohib. Bu o‘q uzilganiga, ya’ni gilzadan ajralib chiqqanicha to‘rt yuz yildan ko‘proq vaqt o‘tganligini ilmiy asosda isbotlash mumkin…
– Bas qiling maynavozchilikni, Kumar! – qichqirib yubordi Rakesh Chopra. – Besh yil oldin ishlab chiqarilgan o‘q to‘rt asrdan ko‘proq vaqt oldin otilgan demoqchimiz?! Rostdan ham aqldan ozganmisiz!
Professor jahl bilan o‘rnidan turdi va etagini bir silkib laboratoriyadan chiqib ketdi.
Namxush koridordan yurib borar ekan, nogoh liftning go‘ng‘illaganini eshitib, shu tomonga yurdi. Tugmani bosganidan keyin eshikni sharaqlab ochilgan tovushi qulog‘iga yetib kelguncha bir necha soat o‘tgandek tuyuldi. Ichkariga kirib “2” raqami porlab turgan tugmani bosganidan keyin xayoliga bir necha kundan beri lift ishlamayotganligi kelib, yelkasini qisib qo‘ydi.
“Tuzatishibdi-da, nihoyat”.
Ikkinchi qavatda lift eshigi sharaqlab ochilgach professorning nigohlari ilk bor g‘alati kiyingan o‘rta bo‘yli kimsaga tushdi. U besaranjom, nuqul yer tepinar, yelkasini uchirib barmoqlarini o‘ynatar, ammo butun tanasining aksi o‘laroq ko‘zlari bir nuqtaga tikilgan, so‘qir nigohidek bo‘m-bo‘sh va o‘lik edi. Shunda bexos professor uning yuziga oniy lahzada razm soldi-yu seskanib ketdi. Uning chap yuzi o‘ngiga qaraganda biroz cho‘ziq, salqiganroq, o‘ngi esa dumaloqdan kelgan, tarang, chap ko‘zi ostidagi xaltachalari osilgan, qirg‘iz qovoq, o‘ngi esa dumaloq va chaqchaygan. Nazarida, chap qo‘li o‘ngiga qaraganda uzunroq tuyuldi.
G‘alati kimsa liftdan chiqib kelayotgan professorga ko‘zi tushishi bilan, qiyshanglagancha qo‘llarini juftlashtirib, “salomlashish” belgisini bergancha, yaltoqlanib ikki odim yurganida, professor uning o‘ng oyog‘i chapiga nisbatan kaltaroq ekanligini sezib qoldi. Bu turqi sovuq odam ilk lahzadayoq professorning ko‘nglida ikkita bir-biriga mutlaqo o‘xshamaydigan tuyg‘uni uyg‘otib yubordi. Birinchisi nafratomuz irganish bo‘lsa, ikkinchisi jilovlab bo‘lmas qiziqish edi. Professor xayoliga kelgan fikrdan go‘yoki Arximed qalbaki toj sirini topganidagi yanglig‘ kashfiyot qilgandek to‘lqinlanib ketdi. “O, muqaddas Braxma, bu axir ikki odamning bir jismdagi in’ikosi-ku… Chap tomoni baland bo‘yli ozg‘in odam bo‘lsa o‘ngi kaltabaqay, kulcha yuz kimsa..”

-2-

1527 yil. Qobul. Afg‘oniston.
Qobul hukmdori Zahiriddin Muhammad Bobur hazratlarining xos navkarlari o‘rdusi. Lashkar hind azimati oldidan jang hadisini olmoq uchun mashq bilan band. Qobul sharqidagi adirda chang-to‘zon qo‘pub, lashkar ikkiga ajralgan. Biri asosiy g‘anim Ibrohim Lo‘diy qo‘shini bo‘lib, ikkinchisi o‘z lashkari maqomatida “so‘g‘ish” qilib, qora terga botgancha tishlari arra bo‘lib ketgan mashq shamshirini sermab, yog‘och nayzani silkib, “jang”­ni qizitmoqdalar. Bosh sarkarda Boburshohning o‘zlari-da baland qirga saroparda tikib xos a’yonlari bilan oq arg‘umoqda “jang”ni diqqat bilan kuzatib turganlik­lari olis-olislardan ham ko‘zga tashlanadi. Saropardali qirning panasidagi chog‘roq tepalikda esa sarkardaning ishongan tog‘i, saralangan, tajribali bahodirlardan tuzilgan “xossa tobin”i, ya’ni zaxiradagi xos navkarlar sardori Avazbek qo‘rboshi qora arabi tulporda bosh sarkardaning ishorasiga mahtal bo‘lgancha “janggoh”dan ko‘zini uzmay har lahzada “g‘anim” qo‘shiniga tashlanarga shay turibdi. Tepalik ortida ming nafar otliqlar sardor ishorasini kutishar, toqatsizlanayotgan bedovlar esa so‘liqni chaynab, yer tepinib turardilar. Nihoyat, “g‘anim”ning so‘l qanoti “o‘z”larining o‘ng qanotini yorib o‘tib to‘lg‘ama qilgancha qo‘shinning ortiga o‘ta boshladi. Saropardada qora bayroq ko‘tarilib, uch marta silkindi. Bu “xossa tobin”ning jangga qo‘shilishiga ishora edi. Avazbek o‘ng qo‘lini ko‘tardi va qilichini yalang‘ochladi.
Saralangan chavandozlar bir zumda xuddi ko‘kdan tushgandek paydo bo‘lib, “to‘lg‘ama” qo‘llab, ortga o‘tishga urinayotgan “g‘anim” otliqlarining yo‘lini kesib chiqishdi va ularni ortga surib tashlashdi. Bundan ruhlangan qo‘shin “hindiylar”ni ikki chaqirim ortga chekinishga majbur qilishdi. Shu payt saroparda tomonda ulkan dovulning gumburlagan ovozi eshitilib, mashq yakunlanganini bildirgach, Avazbek otliqlarini ortga, o‘z o‘rdulariga qaytardi.
Bobur hazratlari mashqdan, navkarlarining jonbozliklaridan ko‘ngli to‘lgan chog‘i, har bir navkarga uch tangadan mohona va barcha lashkar o‘rdularig‘a oshliq tarqatishga farmon beribdurlar. Kun peshindan og‘ib, “savash” paytida taftini ayamay sochgan oftob ham o‘z manzili sari safarni boshlab yuborgan, changga botib, terlab-pishgan yigitlar ham Qobul atrofidagi bog‘larni yashnataturg‘on, kengligi mo‘jaz daryoni uyaltiraturg‘on Mirzo ariqning zilol suvig‘a hopitib chiqib, charchog‘ini tarqatgach, o‘z o‘rdulari tomon kelayotqon g‘aznachining va bovurchilarning arobasini ko‘rib nigohlari yashnab, turfa olam ko‘zlarig‘a firdavsmonand rang ila ko‘rina boshladi. Bir muddat o‘tub, yer o‘choqlarda eritilayotgan quyruq moyining jaz-buziga kissalardagi tangalarining mayin jingir-jingiri omuxta bo‘lub, ko‘ngillarga tanbur navosidan-da totliroq kuy yanglig‘ o‘rnoshdi.
Avazbek tepalik ustidagi o‘z chodiri soyasida turgan egarga o‘tirib, olis-olislardagi, xuddi xira bulutdek, hoshiyalari elas-elas ko‘zga tashlanib turgan Hindikush tog‘lariga qarab uzoq o‘tirib qoldi. Hindikush. Undan norisi esa bepoyon Hind diyori. U yurtni ollohning bir mo‘jizasi, deb aytishgan. Yil o‘n ikki oy yoz. Tufrog‘i za’faron kuz neligini, qahraton qish neligini bilmag‘on. Qovunlari daraxtda pishadurg‘on, yong‘og‘i otning kallasidek keladurg‘on diyor…
Bu eshitg‘onlarining qanchasi rost, qanchasi o‘truq, bundin g‘ofildur, ammo bul yurt ta’rifining yarmi rost bo‘lsa ham, Boburshoh hazratlarining eng tirraqi navkarining ham ostonasi tillodin bo‘lub ketgusi…
Shu payt Qobul yo‘lida ikki suvoriy qorasi ko‘rindi. Avazbekning o‘tkir ko‘zlari ularning bu yerlik emasligini angladi. Ular navkarlardin emasligi aniq. Ammo yerlik aholiga ham o‘xshamaydir. Sardor xos navkarini chorlab kelguvchilarni o‘z yoniga boshlab kelishini buyurdi…
– Biz Boburshoh qabatig‘a navkarlikka o‘tish uchun keldik, taqsir, – dedi o‘rta bo‘y, ammo keng yelkali, mushakdor, hamrohiga nisbatan yosh va baquvvat ko‘rinadurg‘on, qora mag‘iz yigit.
– Ore, – deb boshini likillatib tasdiqladi, ikkinchi g‘alati ko‘rinishdagi, yoshini aniq aytish mahol bo‘lgan, bir oyog‘i ikkinchisidan kaltaroq bo‘lganidanmi, og‘irligini goh unisi goh bunisiga tashlab, betinim yelkasini uchirib, qo‘llarini o‘ynatib turguvchi, o‘ng beti dumaloq, chapi cho‘zinchoq, o‘ng ko‘zi ko‘k, chaqchaygan, chapi esa qisiqligidan g‘ilayroq ko‘rinadurg‘on kimsa.
Uning xuddi mushuk pixillagandek pang ovozi ham sardorga o‘tirishmadi. Ammo ko‘nglida g‘aroyib kimsaning qay go‘rdan paydo bo‘lganligini bilishga bo‘lgan kuchli istak uyg‘onib, ularni tovachilarga uchrashishga maslahat berib, jo‘natib yuborishdan qaytardi.
– O‘lturingiz, – dedi sardor ularga joy ko‘rsatib, – maqsadingiz navkarlik ekan, nechun tovachilarg‘a ro‘baro‘ bo‘lmading‘iz?
Kimarsa indamadi. Yigit so‘zlashga og‘iz juftladi.
“Bul kimarsa yo shul yigitning yelkasiga minib olg‘on bir tekinxo‘r, yo bul yigit uning aqli bilan yurub, ish qiladurg‘on, bilagi miyasidan ko‘ra kuchliroq kas. Har ikki holatda ham u ayyorliqda iblisqa dars beraturg‘on, tullakdur”.
– Tovachilar bizni avval o‘rgamchiklarg‘a, keyin piyoda navkarlar safiga qo‘sharlar…
– Ihi, qo‘shinning nizomi shul turur. Bugun qaysi bir ovuldin ushlab olib ertan ponsodliqqa qo‘­yilmaydir, hech qayerda!
– Bizg‘a ponsodliq kerakmaydir, – pixilladi kimarsa. Shunda Avazbekning nigohi uning ko‘zlari bilan to‘qnashdi. Kimsaning o‘ng ko‘zi qora, chapi esa to‘q mallarang, ya’ni qo‘y ko‘z edi. Ko‘zlarida milt etgan nur yo‘q, go‘yo oysiz tundek zim-ziyo va tubsiz edi.
– Yo, alhazar, bundaychikin kasni ilk bora ko‘rishim, uni tengri ne maqsadda bunyod etdiykin? -xayolidan o‘tdi sardorning.
– Xo‘sh unda ne istarsiz? – so‘radi ovozini chiqarib sardor.
– Bizni qabatingizga olsang‘iz.
– Bizni o‘rdu hazratimning xossa tobini ekanlig‘idin xabaring‘iz bormu?! – ovozi bir bahya baland, qahr zardobidan bo‘tanalashib chiqdi.
– Ore, – yana pixilladi kimarsa, – xabarimiz bortur, taqsir. Sardor ikkalasig‘a yana bir qur nazar soldi. Yigitning qizg‘ish yuzi, xaridek yo‘g‘on bo‘yni, chaqaloqning boshidek keladigan mushti birinchdin qo‘yilgandek yaltirab turardi.
– Ozroq mashq ko‘rib, jang hadisini olsa, ajoyib jangchi chiqadir, biroq hamrohi… – ichidan kulib qo‘ydi sardor.
Lekin botinini zohir qilmay, hamon qovoqlarini solgancha so‘roqladi.
– Bir shartim bordur. Bizning bahodirlar bilan olishasiz. G‘olib chiqsangiz xossa tobinda qolursiz. Mag‘lub bo‘lsangiz, bunda qorangizni ham ko‘rsatmagaysiz Ma’qulmi?
– Ma’qul, – dedi yigit ishi o‘ngidan kelgani uchunmi, ko‘zlari yolqinlanib.
– Ore, – deb qo‘ydi xamrohi ham pixillab.
– Bo‘lmasa taomdan so‘ng yalang­likda so‘g‘ish qiladursiz, – dedi sardor va o‘rnidan turdi. Ular ham turishganidan so‘ng xos navkariga buyurdi. – Bovurchilarg‘a ayt, bularg‘a ikki korson taom bersun.
Navkar ikkala hamrohni ergashtirib pastga, yer o‘choqlar tizilib turg‘on yonbag‘irga boshlab ketdi.
Navkarlar taomni yeb, ustidan qumg‘on choyni ermak qilg‘ancha yonbosh­lab, istirohat qilayotganlarida sardorning xos navkari barchani yalanglikka chorladi.
– Ikkita bahodirlikka da’vogar kelganmish. Sardor ularni biz bilan olishtirib, sinab ko‘rmoqchi emish.
Bu gap zumda og‘izdan-og‘izga ko‘chib, ming pahlavonning bari savashga shay holatga keldilar. Ikki mo‘jaz tepa bir-biriga uyqashgan joyda jomg‘a mengzaydurg‘on chuqurlik hosil bo‘lg‘on, uning tubida aylanasi ikki yuz qulochlik sayhonlik bo‘lub, bul sayhonlik savash qiladurg‘onlarg‘a, tikkalab ketgan yonbag‘irlik esa savashni tomosha qiladurg‘onlarg‘a xo‘b qulay edi. Bahodirlar o‘z mavqelariga qarab, yuqori-past bo‘lib, yonbag‘irlarga chordona qurub o‘ltirib oldilar. Sardor ikki da’vogarni sayhonga chiqarib qo‘llariga ikki qulochdan kelaturg‘on kaltakni tutqazdi.
Oldinda turg‘on yigitda hech bir noqislik ko‘rmasalar-da, uning ortidag‘i anjimat kimsaning badburush yuziga, buning ustig‘a biri uzun, biri kalta oyoqlari ustida zo‘rg‘a turg‘ondek, munkib-munkib yurishiga qarab oldin bir-ikki kimsa, ularning ortidan butun yonbag‘irga cho‘kkalagan navkarlarning bari bir ovozdan xoxolab yubordilar.
O‘zining ustidan kulishayotganini anglag‘on badburush kimsaning peshonasidagi qat-qat ajinlarning soni yana bir karra oshib o‘ng ko‘zi battarrok chaqchayib, chapi esa bil’aks qisila borib, bor-yo‘g‘i bir yoysimon egri chiziqqa aylandi.
– Qay biring‘iz birinchi bo‘lib chiqasiz? – so‘radi sardor o‘zini zo‘rg‘a kulgudan tiyib.
– Biz ikkalamiz-da bir paytning o‘zida savashurmiz. Bizg‘a to‘rt harifni chiqaring‘iz, – dedi kimarsa past ovozda. Ajab, bul daf’a uning tovushida pang pixillash nuqsi yo‘q edi.
– Anglamadim. Ne istarsiz? – Qulog‘iga ishonmay qayta so‘radi sardor.
– Biz ikkimiz yelkama-elka turib olishuvg‘a o‘rganganmiz. Bizg‘a qarshi to‘rt navkaringizni davrag‘a solsang‘iz-da rozimiz, – tushuntirdi yigit baland ovozda.
Masxara tovushlari tingib o‘rniga g‘azabnok visir-visir egalladi. Shu payt bir barvasta kelbatli navkar o‘rnidan sapchib turdi.
– Sardor, mang‘a izn bering‘, bul ikki mahmadonani yerg‘a qoziqdek qoqib qo‘yay!
– Shoshma Xarsang, sen ular bilan savashsang suyaklarini qumdek maydalaysan. Alarni so‘g‘in kim yig‘ishtirib olur?! – baqirdi kimdir ro‘baro‘dagi yonbag‘irdan. Alar bilan oldin men olishurman. Ijozatmi, Sardor?
Sardor miyig‘idan kulgancha Xarsangni joyiga o‘tqazub, qotmadan kelgan, naynov va dasti uzunligidan panjalari naq tizzalari yonida osilib yurganidanmi, Hamduna (maymun) laqabini olgan navkarni yonig‘a chorladi.
– Hamduna to‘g‘ri aytadur. Sendan so‘ng alardin nom-nishon qolmaydir. Bizlarni-da tomoshadin benasib qoldirursan. Hamduna, sening galing!
Sardorning iznidan so‘g‘in Hamduna ikki hatlaganda mo‘jaz sayhonlikning qoq markazida paydo bo‘ldi. Xos navkar ham unga gavronni tutqazdi. Hamduna tayoqni ilib olib, bosh ustidan va qo‘ltiqlari orasidan viz-viz aylantirib ko‘kka otdi va bir umbaloq oshib uni ilib oldi.
– Bale, Hamduna! Tengri seni faromushlig‘da bashar qiyofasinda yaratmish. Aslida maymun bo‘lib ochung‘a kelishing adolatdin bo‘lur erdi.
Davrani tark etayozgan xushchaqchaqlik yana qaytib yig‘ilg‘onlarining lablarig‘a tabassum indi.
Sardor “boshlang‘iz” degan yanglig‘ qo‘l silkidi. Hamduna yana aql bovar qilmas chaqqonlik bilan gavronni orqa-oldi, boshi-yonboshi uzra aylantirib telba girdibod kabi raqiblari ustig‘a bostirib bora boshladi.
– Taqsir, – dedi yigit sardorga o‘girilib, – ikkinchi navkari­ngiznida chorlang‘iz. Bul adolatdan emas. Biz ikkitamiz, ul esa yolg‘iz.
– Ikkinchisi seng‘a ne darkor. Oldin shundan joningni omon saqlog‘il!
– Shundoqmu?
– Shundoq, taqsir, – sardor “taqsir”ni yigitga taqlidan talaffuz etdi. Barcha kulib yubordi.
Yigitning ko‘ksida yovvoyi, o‘ljasiga tashlanayotgan yo‘lbarsnikidek sovuq alanga chaqnadi. Gavron cho‘pni mahkam ushlagancha Hamdunaning ro‘parasidan chiqdi. Uning aylantirayotgan gavroniga gavronini qarshi qo‘ydi. “Qars” Gavron aylanishdan to‘xtadi. Shu payt badburush kimsaning tayog‘i Hamdunaning tizzasi ortiga yengilgina kelib tegdi va Hamduna oyog‘i osmondan kelib yiqildi. Badburush mushukdek chaqqonlik bilan uning ustiga chiqib gavronini uning bo‘yniga tiradi – qoidaga binoan Hamduna endi “murda”.
– Bas, – dedi Sardor.
Kimsa gavronni bo‘ynidan oldi. Hamduna nomiga monand chaqqonlik bilan o‘rnidan sakrab turdi va alam aralash g‘azab bilan, uzun dastini cho‘zgancha harifining bo‘ynidan bo‘g‘ib oldi. Bu adolatdan xorijda ekanligini sardor ham, tomoshatalab navkarlar ham bilib turishardi. Lekin Sardor paysalga solgani uchun ham “miq” etmay bu holni intihosi ne bilan tugashini sabrsizlik bilan kuta boshladi. Bu hol uzoqqa cho‘zilmadi.
Badburush kimsa nafasi qaytib xirilladi va gavdasi chayqalib ortga ena boshladi. O‘z-o‘zidan Hamduna ham u bilan birga engashdi. Shuni kutib turgan kimsa uzun chap oyog‘i bilan raqibining chotiga zarb berdi va kalovlanib qolgan Hamdunani ustidan oshirib tashladi. Ko‘kragiga minib olib jag‘iga musht tushirdi. Hamduna cho‘zilib qoldi.
Avazbek sardor nomi chiqqan pahlavonning shalvirab qolganini ko‘rib pisandiga ilmagan bul yigitlar anoyilardan emasligini sezib endi maydonga ikki pahlavonni chiqardi. Davraga talpinayotgan Xarsangni yana yelkasidan bosdi. “Shoshma”.
Ikki navkar gavron cho‘plarini o‘ynatib ularga ikki tomondan yaqinlashdilar. Bir-biriga yelka tirab turgan raqiblar ularning yaqinlashishiga imkon bergancha jim o‘tirardilar. Pahlavonlar esa ularni ko‘z ochishga qo‘ymay, yashin tezligida mahv etish uchun, vahimali hayqirgancha tayoqni o‘ynatib yeldek chopib kela boshladilar. Shunda kutilmagan hodisa yuz berdi. Ikki tomondan bostirib kelayotgan pahlavonlar qimirlamay turgan raqiblariga yetishlariga ikki qadamlar chamasi qolganida badburush o‘ngga, yigit chapga o‘zlarini otdilar. Ikki pahlavon urishqoq qo‘chqorlarday bir-biriga kalla qo‘yib shilqillagancha ortga quladilar. Ularning ko‘kragiga gavron cho‘p tirashning ham hojati yo‘q edi. Ular zarbning zo‘ridan allaqachon hushdan ketgandilar.
Garchi o‘z o‘rtoqlarini sharmandayi sharmisor qilgan bo‘lsalar-da, lekin kelgindilarning bahamjihat, chiroyli harakat qilishlari tomoshatalablarga ma’qul bo‘lgandi. Ular bor ovozlari bilan g‘oliblarni olqishlashar, lekin o‘zlari jangga talabgor ekanliklarini ham qistirib o‘tishni unutmasdilar.
Sardor endi Xarsangni ushlab o‘tirishdan ma’ni yo‘qligini angladi. Uning yoniga yana uch pahlavonni ajratib, baqamti qo‘ydi. Bundan Xarsangning dili og‘ridi, lekin sardorning ra’yini qaytargisi kelmadi. “Kelaverishsin, mayli. Bu jinqarchalarni yerga qoziqdek qoqib qo‘yganimda bular sug‘urib olishga yararlar”.
Xarsang uch yigitni uch tomonga qo‘yib, o‘zi o‘rtadan raqiblariga hamla qilib boraverardi. Unga yigit ro‘baro‘ bo‘ldi. Badburush chaqqonlik bilan gavronni o‘ynatgancha uch pahlavonning zarbalarini bir o‘zi daf qilib, shu orada ularga bir ikki qarshi zarba berishga ham ulgurdi. Uning zarbalari belgilangan joyga bexato tekkanidan bo‘lsa kerak, bir navkarning burnidan qon sharillab oqa boshlagan bo‘lsa, ikkinchisining esa o‘ng ko‘zi do‘mbira bo‘lib shishib ketgan edi.
Yigit ustiga balo-qazodek bostirib kelayotgan Xarsangning keng yelkalari ortidan qizarib botayotgan oftob shu’lasi ko‘zlarini qamashtirib esankirab qoldi. Shu lahzada zuvillab kelayotgan gavronning tovushi qulog‘iga chalinib, qo‘li bilan gardaniga mo‘ljallangan zarbdan ihotalandi. Gavron bilagiga qarsillab urilib, simillagan og‘riqni his qildi. O‘ylab o‘tirishga vaqt yo‘q edi. U gavron cho‘pga tayangancha oyoqlarini juftlab Xarsangning boshiga zarba berdi. Oyoqlari yerga qaytib tegar-tegmas gavron bilan zarbdan gangib turgan raqibining bo‘yniga tushirib qoldi. Xarsang qalqib ketdi, ammo yiqilmadi. O‘zini o‘nglab olib, balo-qazodek bostirib kela boshladi. Uni shunchaki zarbalar bila qulatib bo‘lmasligini his qilgan yigit raqibining gavron sermayotgan qo‘liga zarb bilan tepdi. Gavron uchib ketdi. Qurolsizlangan pahlavonga ketma-ket ikki zarba o‘ng va chap yelkasiga tushdi. Xarsangning ko‘zi qonga to‘ldi. Cheksiz g‘azabdan ko‘zlari so‘qir, quloqlari botil bo‘ldi. Shamshirini qinidan sug‘urdi. Bu mashqlarda ishlatadigan tig‘i arra bo‘lib ketgan vazni og‘ir o‘rgamchik shamshir emas, balki Qobulning eng zo‘r pichoqchi ustasi yasagan ikki tig‘li keskir qurol edi. Xarsang xuddi bu jinqarchani nimtalab tashlashga qasd qilgandek, qulayotgan tog‘ yanglig‘ ustiga bostirib kelardi. Uning bahaybat yelkasi barkashdek qizarib, g‘urub qilishga chog‘lanayotgan quyoshni qo‘rg‘oshindek qop-qora abr singari to‘sib oldi. Sermayotgan shamshiri chaqindek yaltirar, ajaldek badvahima va ilon tangachalarining to‘linoy nurida akslanishi yanglig‘ sovuq edi. Yigit bu olishuvning intihosi qonli tus olishi muqarrarligini his qilib shamshir tig‘iga chap bera-chap bera belbog‘ini bo‘shataverdi.
Bu paytda Badburush kimsa esa ikki harifini allaqachon jangga yaroqsiz holga keltirgan, ularning biri ko‘zini ushlagancha, cho‘kka tushib olgan bo‘lsa, ikkinchisi nozik joyidan zarba yeb, bukchayib qolgandi. Uchinchisi esa hech bo‘yin bergisi kelmas, zarbalarga chaqqonlik bilan chap berar ekan, qarshi zarba yo‘llab qolishni-da uddalardi.
Yigit salqi belbog‘ining so‘nggi tugunini yechishga urinayotganida Xarsang bir zarb bilan raqibining boshini sapchadek uzib olishni maqsad qilib shamshirni baland ko‘tardi. Yigit yashindek kelayotgan shamshir tig‘iga chap berib uning yo‘liga gavronni to‘g‘anoq qildi. Keskir tig‘ gavronni sarimoyni kesgandek ikkiga bo‘lib o‘tib ketdi. Xarsang shamshirni ikkinchi zarbaga yo‘naltirguncha yigit qo‘lida qolgan ikki qarichlik cho‘ltoq gavronni merganlik bilan otib raqibining burniga tekkiza oldi. Atigi bir lahzagina Xarsang gangidi. Shu yigit uchun yetarli bo‘ldi. U belbog‘ini ochib tashladi. Tomoshatalablar “oh” tortib yuborishdi. Yigitning qo‘lida ham shamshir paydo bo‘lgandi.
Endi har ikkalasi ham qilichbozlik qila boshladilar. “Jarang-jurung” tovushlar tomoshabinlarning g‘alag‘ovurini bosib tushdi. Xarsang payt poylab, yanada kuchliroq zarb bilan tig‘ sermadi. Yigit uning yo‘nalishiga shamshirini tutdi. Bu endi gavron cho‘p emas, axsikatlik ustalar yasagan ajabtovur xislatli po‘lat shamshir edi. Xarsangning qilichi qoq o‘rtasidin cho‘rt uzilib dastasi qo‘lida qoldi. Tig‘i shuvillab aylangancha botayotgan quyoshning alvon nurlarida olrang yiltirab uchib ketdi. Paytdan foydalangan yigit uni chalib yiqitdi va ko‘ksiga shamshirni tiradi. Bu paytda Badburush kimsa ham uchinchi raqibini yer tishlatib ulgurgandi.
Sardor qo‘lini ko‘tardi. Bu “jang” tugaganini bildirardi. Yigit shamshirini belbog‘iga o‘rab, beliga bog‘lab oldi. Yigit biroz lapanglab lat yegan bilagini uqalagancha, hamrohi esa uzunroq chap oyog‘ini sudrab bosib, iloji boricha oqsoqlanmaslikka harakat qilib, sardorga ro‘baro‘ keldilar.
– Balli, jang qilishning ancha hadisini olgan ekansizlar. Kimsizlar, qay yurtdan bo‘lasizlar?
– Mening otim Qilich. Bu kishi ustozim bo‘ladilar. Ibn Sotuna.
– Arabmi? – so‘radi Sardor ismi ham o‘ziga o‘xshash g‘alati kimsaga ajablanib qaradi.
– To‘g‘risini aytsam, bilmayman. Qoshg‘arda uchrashib, tanishib qolg‘onmiz. Bu kishi meng‘a dast jangi qoidalarini o‘rgatib, mashq qildirdilar. Shundin yaqinlashib ketdik.
– Asli qayerdansan, yigit?
– Axsikatdanman.
– Hm… – sardor uning qilichi Xarsangning shamshirini cho‘rt uzib tashlaganining sirini topqondek bo‘ldi.
– Padaring temirchi bo‘lg‘onmi?
– Ore, taqsir, padarim Axsikatning eng zo‘r qilichsoz ustasi bo‘lg‘on erkanlar. Shul birgina shamshir menga ul kishidan yodgorlik bo‘lib qolg‘on. Shul sababli ham otim Qilich bo‘lubdur.
– Ma’qul. Sizlar bu tun mening chodirimda uxlaydursiz, ketdik.
Sardor ularga azbaroyi hurmat yuzasidan emas balki, yengilgan pahlavonlarning alam ustida bulardan qasd olishlari mumkinligidan xavotirlanib, shu yo‘lni tutgan edi. Darhaqiqat, bunday olishuvlarda g‘alaba nashidasini surib o‘rgangan Xarsangning avzoyi buzuq edi. Undan har narsani kutish mumkin.
Avazbek ularni xos chodir o‘rnash­gan tepalikka boshlab chiqar ekan, bu ikkala jangchining jang usullaridan xayratga tushgani haqida mulohaza qilardi. Kirishimli, biroz soddadil Qilich ko‘ngliga o‘tirishgan, Ibn Sotuna deganlari Qilichga qaraganda mahoratli bo‘lsa-da, pixini yorgan tullaklardan ekanligi iblisona basharasidan bilinib turardi. U yo‘lini topib ikkalasini ajratishni, Qilichni o‘z yoniga qoldirib, Sotunani o‘rdusidan badarg‘a qilishni diliga tugdi.
– Sardor, biz bir-birimizdin ajralmaslikka qasamyod qilg‘onmiz, – pixilladi Sotuna, xuddi sardorning dilidagini o‘qib turgandek.
Sardor yalt etib unga qaradi. Shunda uning nigohi yana Sotunaning o‘ngirdek qop-qora, tubsiz, bo‘m-bo‘sh ko‘zlari bilan to‘qnashdi. Hech qanday ma’nini zohir qilmaydurg‘on bul nigohlar uning ko‘nglida allaqanday, tushuniksiz vahm uyg‘otdi. U minba’d bul dahshatli nigohlarga qaramaslikka ont ichdi.

-3-

1981yil. Toshkent. O‘zbekiston.
Shahar militsiyasining jinoyat-qidiruv bo‘limi inspektori, katta leytenant Abdurasul Jo‘rayevning mo‘jaz ishxonasidagi shaloq telefon kun bo‘yi jiringlayverib holdan toygan shekilli, endi jiringlashga ham madori yetmay “qitir-qitir” qilib qo‘yadi, xolos. Katta leytenatning ham go‘shakni ko‘tarib, telefon bechorani bu cheksiz azobdan xoli qilishga qo‘li bormaydi. Go‘yo butun shahar bir jonu bir tan bo‘lib, uni kuzatayotgandek, topshirilgan ishni bajara olmay, sharmanda bo‘lishini besabrlik bilan kutayotgandek edi. Buning ustiga boshliqning do‘q-po‘pisasi, keyin sohasidagi katta-yu kichik rahbarchalarning bari ish o‘z nazorati ostida ekanligini aytib qo‘­yish uchun qo‘ng‘iroq qilishlari, har biriga erinmay nechanchi martadir ishning borishi to‘g‘risida hisobot berishi, ularning esa qayta-qayta ijikilab so‘rashlari, to‘g‘risi bari achigan oshdek me’dasiga urdi. Telefon bechora ovozi xippa bo‘g‘ilganidan nolakor xirillardi. Jo‘rayev noiloj go‘shakni ko‘tardi. Narigi tomondan o‘spirinning hayajonli ovozi kelardi.
– Allo, salomalaykum. Siz tergovchimisiz, amaki.
“Endi sen yetmay turuvding so‘ramagan, jinqarcha!”
– Ha, tergovchiman. Senga nima kerak? – dedi qo‘rslik bilan Jo‘rayev.
– Siz kerak edingiz. Men o‘ldirilgan professorning qo‘shnisi bo‘laman.
– Shoshma, shoshma o‘ldirilgan professor, deysanmi?
– Ha, shunaqa. Siz shu ishni tergov qilayapsizmi?
– Ha, men olib boryapman. Biron narsa bilasanmi, shu haqda? – shoshilib so‘radi Jo‘rayev.
– Men Jamshid Abdullayevman. 112-maktabning 9-sinfida o‘qiyman. O‘sha kuni professorning uyiga bir g‘alati kimsa kelib ketgandi.
– Shoshma, shoshma, Jamshidjon. Sen o‘sha odamni aniq ko‘rdingmi?
– Ha.
– Yaxshi, Jamshid. Kechga yaqin uylaringga o‘taman. Aytgancha uying­larning raqami nechchi edi?
– 17. Professorning ro‘parasida turamiz. Ularniki 18. Bilasiz-a?
– Yaxshi kechqurungacha boraman. Kutib turasan-a.
– Bo‘pti.
Jo‘rayev go‘shakni qo‘yib, stoli ustida sochilib yotgan qog‘ozlarni tartibga soldi va chetga surib qo‘­yib, qalingina papkani qo‘liga oldi. Qog‘oz papkaning ustiga qizil siyohda, “Miryunusov Mirmaqsud Mirolimovich” deb yozib ko‘yilgandi. Abdurasul Jo‘rayev papkaning bog‘ichini yechib, taxlanib turgan qog‘ozlarga ko‘z yugurtira boshladi. Bu qog‘ozlar bir insonning tug‘ilganidan tortib, to o‘ldirilgunicha bosib o‘tgan hayot yo‘lini o‘zida aks ettirardi.
Mirmaqsud Miryusupovich Miryunusov 1940 yilda tug‘ilgan. 1957 yilda o‘rta maktabni, 1963 yilda Unversitetning tarix fakultetini tugatgan. Bobur va boburiylarning Hindiston tarixida tutgan o‘rni mavzusida 1967 yilda nomzodlik ishini yoqlagan. 1974 yilda esa doktorlik darajasini olgan. Professor. Sharqshunoslik institutida kafedra mudiri, Uylangan, xotini ham o‘z kafedrasida ishlaydi. Bittagina qizlari bor. 112-maktabda o‘qiydi..
112-maktab, shoshma, hozir telefon qilgan yigitcha ham shu maktabni aytgandi. To‘g‘ri.
Jo‘rayev professorning qizi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qaytadan hijjalab o‘qiy boshladi.
“Nafisa Miryunusova 1965 yilda tug‘ilgan. 112-maktabning 9-sinfida o‘qiydi.
Shu ikki satr Jo‘rayevga ko‘p narsani aytib turardi. Jamshid bu qizchagayam, demak shu xonadongayam befarq emas…
…Mirmaqsud Miryunusov
2 iyun kuni soat 18 larda o‘ldirilgan. Uch xonali kvartirasida, o‘z ish kabineti va kutubxonasi xisoblangan to‘rdagi mo‘jaz xonasida, o‘zi yaxshi ko‘radigan, o‘rganib qolgan oromkursisida, peshonasidan o‘q yeb, o‘lib yotgan holda ko‘rishgan. To‘g‘rirog‘i, xotini Rahima Akbarovna ko‘rib, hushdan ketib qoladi… Shu payt nimadir so‘rab chiqqan qo‘shni xotin, qo‘ng‘iroqqa hech kim javob bermayotganidan ajablanib (chunki Raxima Akbarovnaning uyga kirganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan edi-da) eshikni tutqichidan tortsa, eshik ochiq ekan. Kirsa, Rahima Akbarovna koridorda yiqilib yotibdi. Qo‘shni xotin uning yuziga suv sepish uchun to‘g‘ridagi xonaga kirsa…
U shosha-pisha pod’ezdga chiqib shovqin ko‘taradi. Ish vaqti bo‘lganligi uchunmi, butun boshli besh qavatdan bor yo‘g‘i bitta erkak, u ham pensioner Salom chol chiqadi. Chuvillashayotgan xotinlardan professorga bir balo bo‘lganini anglab ichkariga kiradi. U bilan kirgan xotinga Rahima Akbarovnaning yuziga suv sepishga shoshadi. Professorning tirishgan, basharasiga, chaqchaygan ko‘zlariga, guldor palas ustidagi qonli xalqobga nazar tashlab, hammasiga tushunadi. U koridorga chiqib avval militsiyaga, keyin hamon o‘ziga kelmayotgan bechora xotinga qarab “tez yordam”ga qo‘ng‘iroq qiladi. Rahima Akbarovna hamon og‘ir ahvolda kasalxonada yotibdi. Mayitni esa ukasi Mirmahmud Miryunusovning Eski shahardagi hovlisidan chiqarishdi.
Sudmedekspertizada murdani yorib ko‘rishganida, peshonasidan kirib, miyasining qatig‘ini chiqargancha, ensa suyagiga sanchilib qolgan o‘qni chiqarib oladilar. Ballistik ekspertiza natijasida o‘q “Makarov” to‘pponchasidan uzilganligi aniqlanadi. Bu to‘pponchadan asosan organ xodimlari va harbiy ofitserlar foydalanishadi.
Qotil shu o‘qdan boshqa hech qanaqa iz qoldirmagan. Uning qo‘li tegish mumkin bo‘lgan barcha ashyolarni kriminalistlar diqqat bilan tekshirganlarida ham hech qanaqa barmoq izlari qolmaganligining guvohi bo‘ldilar. Bittagina o‘q bilan uning iziga tushish, hattoki Sherlok Xolmsning ham qo‘lidan keladigan ish emas. Agar qurolning o‘zi bo‘lganida boshqa gap edi.
Shunda anchadan beri harbiy prokuraturada ishlaydigan tanishi Murod esiga keldi. Oq-sariqdan kelgan, xushfe’l bu yigit unga yoqardi. Bir paytlar telefon raqamini ham qoldirgandi. Jo‘rayev stol tortmasidan semiz telefon kitobini olib varaqlay boshladi. Nihoyat, topdi shekilli, raqam tera boshladi. Bir muddat o‘tib narigi yoqdan Murodning ovozi eshitildi.
– Salom, Murod. Abdurasulman. Yaxshimisan? Og‘ayni, bir ishda yordaming kerak bo‘p qoldi. Bu sal mujmalroq… Bir qotillikni tekshirayotgandim. “Makarov”dan otishgan… o‘qi bor, ammo qurolning o‘zi yo‘q. Maboda qurol yo‘qolgani to‘g‘risida biror ma’lumot yo‘qmi, sizlarning sohangizda. Shuni so‘ramoqchiydim… Og‘ayni bir yordam qil. Kechgacha deysanmi… Mayli. Agar tuzukroq ma’lumot bersang ikki shisha pivoga eriyman. Nima deyapsan? Men so‘zimning ustidan chiqaman. Sen mening aytganimni bajarsang bo‘ldi. Esingdan chiqmasin. “Makarov”. Bo‘pti. Ko‘rishguncha.
Jo‘rayev go‘shakni qo‘yganidan keyin, biroz o‘ylanib qoldi. Murod qurmag‘urda bir gap bor. Bo‘lmasa birdan suyunchi so‘rab o‘tirmasdi.
Katta leytenant soatiga qarab millar 5 tomonga siljiyotganini ko‘rib shoshgancha qog‘ozlarni yig‘ishtirib o‘rnidan turdi. Ko‘chaga chiqqanida kuni bo‘yi shaharni tandirday qizdirgan quyosh g‘arbga og‘ib, tafti pasaygan bo‘lsa-da, asfaltdan ko‘tarilayotgan hovur odamni lohas qiladigan darajada yoqimsiz edi. Jo‘rayev terga botib, halloslagancha professor o‘ldirilgan mash’um uyga yetib kelganida, issiq asfalt ustida yalangoyoq to‘p tepayotgan bolakaylarga sinchiklab nazar tashladi. Nazarida ular orasida Jamshid o‘ynab yurgandek edi. Lekin bolalar militsioner amakiga ishlari bo‘lmay, to‘p ortidan shataloq otgancha yuguraverdilar. Jo‘rayevning hafsalasi pir bo‘lib, pod’ezd tomon yurdi va ikkinchi qavatga ko‘tarilib, “17” raqami urilgan eshikning qo‘ng‘irog‘ini bosdi. Ichkaridan 40-45 yoshlardagi ayol eshikni ochdi. Qo‘shnilari o‘ldirilganidan beri bunaqa tashriflarga o‘rganib qolgan shekilli, ayol uni ichkariga taklif ham qilmadi. “Xo‘sh, xizmat” degandek unga qosh chimirdi.
– Salomalaykum, opa. Jamshidjon uydami?
Ayol biroz taraddudlandi.
– Jamshidda nima ishingiz bor edi?
– Qo‘shningizning qotilini u ko‘rgan ekan. Shu masalada…
Ayolning qoshlari yana chimirildi.
– Yo‘q. U hech narsani ko‘rmagan. Yolg‘on aytgan, qirilib ketgur!
– Opa, men jinoyat qidiruv bo‘limining inspektori Jo‘rayevman. Guvohning o‘zi bilan gaplashishga haqqim bor. U cho‘ntagidan qizil muqovali guvohnomasini olib ko‘rsatdi. – Agar shu yerda o‘g‘lingiz bilan suhbatlashishga ruxsat bermasangiz, ertaga bo‘limga chaqirishga majbur bo‘laman. Keyin ovora bo‘lib yetaklashib borasizlar.
Ayol noilojlikdan qovog‘ini solgancha eshikni ochib yo‘l berdi.
– Kiring, – keyin ortiga o‘girilib ovozini ko‘tardi. – Jamshid!
Ichkaridan jingalak sochlari o‘ziga yarashib turgan, 16-17 yoshlardagi ozg‘ingina o‘spirin chiqib keldi.
– Salom, o‘rtoq katta leytenant, – dedi u yoshiga yarashmagan sipolik bilan. – Yaxshisi, mening darsxonamda suhbatlashsak. Maylimi, oyi?
Ayol chimirilgancha bosh irg‘ab qo‘yib, oshxonaga kirib ketdi. Jamshid Jo‘rayevni o‘z xonasiga boshladi.
Abdurasul Jo‘rayev xonaga kirib, eng avvalo shkafda taxlanib turgan kitoblarga e’tiborini qaratdi. Qalin-yupqa kitoblar tartib bilan taxlab qo‘yilgandi.
– O‘tiring, o‘rtoq katta leytenant, – dedi unga kursi surib qo‘yarkan Jamshid.
– Meni Abdurasul aka, deyaver, – dedi inspektor, uning hadeb, “o‘rtoq katta leytenant” deyaverishi ochiq suhbatlashishiga xalaqit berishini his qilib.
– Mayli, Abdurasul aka.
– Shularning barchasining o‘zing o‘qiganmisan? – kitoblarga diqqatini qaratdi inspektor.
– Ha, qariyb hammasini o‘qib chiqayozdim. Bularning ko‘pchiligi detektiv kitoblar. Konan Doyl, Cheyz, Simenon, Agata Kristi…
– Yaxshi… Demak bizning sohadan xabaring borga o‘xshaydi. Qo‘shnilaringiznikida bo‘lgan voqea yuzasidan bilganlaringni bir boshdan gapirib ber-chi.
Jamshid qo‘lini iyagiga tirab, biroz o‘ylanib turdi.
– Bilasizmi, Abdurasul aka, o‘sha kimsa judayam g‘alati edi. Bir oyog‘i kalta, bir qo‘li ikkinchisidan ancha uzun. Tinimsiz qiyshanglab, yelkalarini uchirib turadi. Men pastda yo‘lak oldidagi o‘rindiqda o‘tirgandim. Uni ko‘rib seskanib ketdim. U menga bir ko‘zini chaqchaytirib, birini qisib qaradi va tepaga ko‘tarila boshladi…
– U oldin ham kelarmidi?
– Aytyapman-ku, bunaqa badbashara kimsani hech qachon ko‘rmagandim. Shuning uchun ham seskanib ketdim-da.
– Davom etaver-chi…
– Keyin u odam tepaga ko‘tarila boshladi. Qadam tovushi ham g‘alati edi: “gurs-taq”, “gurs-taq”. Nazarimda, ikki oyog‘i ikki xil tovush chiqarardi. Birozdan so‘ng Nafisalarning eshigini taqillatdi. Oradan 10 daqiqalar o‘tib bir narsa paqillab ketdi.
– O‘sha odamning qaytib chiqqanini ko‘rdingmi?
– Yo‘q. U qaytib chiqqani yo‘q. Chiqsa ko‘rardim. Chunki tushayotganida qanaqa qadam tovushi chiqishiga qiziqib qolgandim.
– Yaxshi, – dedi Jo‘rayev o‘ylanib turib. – Keyin uni qaytib ko‘rmading, shundaymi?
– Ha.
– Balki, u professorni otgach tepaga chiqib, chordoq orqali boshqa pod’ezddan chiqib ketgandir, nima deysan?
– Abdurasul aka, paqillagan tovushdan keyin, Nafisalarning eshigi ochilib yopilganini eshitmadim, – dedi Jamshid, keyin fikri qat’iylashdi shekilli, Jo‘rayevga tik qaradi. – Siz menga ishonmayotgan bo‘lsangiz, yuring ko‘rsataman…
Ular yetaklashib yo‘lakka chiqishdi.
– Sizda ularning uyining kaliti bor-a?
– Nega bu uyning kaliti menda bo‘lishi kerak? – o‘smoqchiladi inspektor.
– Chunki bu ishni siz olib borayapsiz. Kutilmagan bir fikr tug‘ilib qolsa, xohlagan paytda kelib, uyni tintuv qilish uchun-da.
Molodets, – xayolidan o‘tdi Jo‘rayevning, – kallang ishlaydi sen bolaning. Boqsa odam bo‘lar cho‘ting bor…
Abdurasul Jo‘rayev cho‘ntagidan kalit olib Miryunusovlarning eshigini ochdi. Og‘ir eman eshik qattiq g‘ichirlab ochildi. Eshik tutqichini qo‘yib yuborganida ichkaridan prujina o‘rnatilgan, shekilli, qarsillab yopilib, o‘z-o‘zidan qulf­lanib qoldi.
– Mana ko‘ryapsizmi, Abdurasul aka, bu tovushni ko‘chadan ham eshitsa bo‘ladi. Endi pastga tushaylik, men qayerda turganimni ko‘rsataman.
Ular pastga tushishdi. Bir-biriga ro‘para qilib qurilgan to‘rt qavatli uylarning umumiy hovlisida o‘rnatilgan qator o‘rindiqlarni biriga borib o‘tirishdi. Bu yerdan uyning har to‘rtala pod’ezdi ham ko‘rinib turardi.
– Agar u xohlagan pod’ezdidan chiqqanida ham ko‘rgan bo‘lardim. Demak…
– Demak, u hech qayerga chiqib ketmagan demoqchimisan?
– Shunday, Abdurasul aka. U hech qayerga chiqib ketmagan. U Nafisalarning uyida yashirinib turgan…
– Agar shunday bo‘lsa, murdani o‘likxonaga, Rahima Akbarovnani kasalxonaga olib ketishgach, kriminalistlar barmoq izi-yu, suratga olish ishlarini tugatgach, hamma joy tinchib qolgach, shom qorong‘isida sekin chiqib, juftakni rostlavorgan, demoqchimisan?
– Shunaqaga o‘xshaydi…
– Eshikning g‘ichirlashi-chi? Agar eshik ochilib yopilsa butun pod’ezd eshitgan bo‘lardi. Keyin shuncha payt qayerda yashirinib turgan bo‘lishi mumkin. Xonadonga yigirmadan ziyod odam kirib chiqib turdi. Birining bo‘lmasa birining ko‘zi tushardi…
– Qayta tintuv o‘tkazishingiz kerakmikan, nima deysiz?
– Balosan-ku, Jamshidvoy! Buncha narsani kimdan o‘rganding?
– Boya siz ko‘rgan kitoblardan. Ayniqsa, Sherlok Xolmsdan.
Abdurasul Jo‘rayev ertaga albatta kriminalistlar bilan tintuv o‘tkazishga qaror qilib, o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
– Bo‘pti, Xolmsning shogirdi. Ertaga tushdan keyin shu yerda bo‘lib tursang. Tintuvda qatnasharding.
– Yaxshi, Abdurasul aka. Darslarim soat birda tugaydi. Xayr.
Abdurasul Jo‘rayev avtobus bekati tomonga o‘ychan odimlarkan, yigitchaning tiyrak aqliga, izquvarlik iste’dodiga qoyil qolib borardi. Bundan yaxshigina izquvar chiqadi, degan gap xayolidan o‘tdi.
…Ular boshlashib qahvaxonaga kirishganda, shom qo‘nib havo anchagina salqinlab qolgan edi. Ikki bokal pivo buyurishdi. Kun bo‘yi shaharning issiq va dim havosida rosa terlab ishlaganlari uchunmi, muzdek pivo rohatijon bo‘lib tuyuldi.
– Bilasanmi, Abdurasul yaqinda bir “Ish” qo‘limga tushib qolgandi. Afg‘ondagi bir qismimizda anchadan beri qurolfurushlik bilan shug‘ullanib kelgan ikki ofitser – harbiy ombor boshlig‘i bo‘lgan mayor va uning xodimi praporshchik janjallashib qolishadi mayor xodimini otib yarador qiladi. Shu voqeani surishtirish jarayonida qurolfurushlik jinoyati ochilib ketadi. Ular afg‘onlarga katta pulga qurol sotishar, kamomadni esa ustalik bilan “Akt” tuzib yopib yuborisharkan. Agar ikkalasi janjallashib qolmaganlarida hech kim bundan xabar topa olmasdi. Bu savdoda asosiy ishni praporshchik bajargan. U mijoz topgan, savdolashgan, qurolni chiqarib berib pulni olib kelgan. Biroq mayor pulning kattaroq qismini olib, ozrog‘ini praporshchikka bergan. So‘nggi safargi savdoda bitta “Makarov” to‘pponchasi va 100 dona patroni, bitta “Kalashnikov” avtomati, ikkita o‘qdoni yana 500 dona patronni sotadi. Qaytib kelib mayorga pulni bermaydi. Yo‘qotib qo‘ydim, dey­di. Tabiiyki, mayor bunga ishonmaydi. O‘rtada janjal ko‘tariladi va mayor xodimini otib qo‘yadi. Buning qiziq tomoni shundaki, praporshchik tergovda mijozni shunday tasvirlaydi: uning bir oyog‘i va bir qo‘li kalta, yuzining bir tomoni cho‘ziq, bir tomoni dumaloq, yurganda lapanglab, kalta oyog‘i tomonga og‘ib yuradi. Eng qizig‘i uni praporshchik emas, mayorning o‘zi topgan. Chunki bu g‘alati odam rus tilida bemalol gaplasha olarkan. Lekin mayor bunday odamni ko‘rganim yo‘q, deb turib olgan. Praporshchikni tomi ketib qolganlikda ayblagan. Shunaqa gap­lar, do‘stim.
Abdurasul Jo‘rayev hatto pivo ho‘plash ham esidan chiqib, o‘ylanib qoldi. Jamshid tasvirlagan qotil bilan praporshchik tasvirlagan mijoz bir kishi ekanligi bilinib qolgandi. Biroq mijoz qanday qilib Afg‘onda qurol sotib olib, Toshkentda qotillik qildiykin. Bu muammoni yecha olarmikin. Yechimi bormikan, o‘zi…
– Ha, o‘rtoq o‘ylanib qolding, – dedi Murod pivodan bir ho‘plab qo‘ygancha Jo‘rayevga tikilib.
– Haligi sening praporshchiging tasvirlagan mijoz bilan bugun bir guvoh tasvirlagan qotil bir kishi bo‘lib chiqayapti-da.
Murod unga hayrat bilan tikilib qoldi…

-4-

1981 yil. Dehli. Hindiston.
– Namaste, Chopra sohib, – deya qiyshanglagancha ta’zim qildi u. – Sizni anchadan beri izlab yurgandim. Va nihoyat, topa olganimdan boshim ko‘kda!
Professor uning pixillagan pang ovozidan, irkit basharasidan ko‘ngli ozib ketgandi. Shunday bo‘lsa-da, qon-qoniga singib ketgan olijanobligi va tarbiyasi bu tuyg‘uni zohiriga chiqarishga yo‘l qo‘ymasdi.
– Keling, qanday tashvish yuzasidan ovora bo‘lib kaminani izlab yuribsiz?
– Dunyodagi eng zo‘r qadimshunosligingizni eshitganimdan beri, siz bilan uchrashishni ko‘nglimga tukkan edim. Bir gal kelganimda Londonga safar qilgan ekansiz, – pixillab kulib qo‘ydi kimsa.
– Siz tarixchimisiz?
– E, yo‘q. Zakovatimiz bu ilm oldida ojizdir, sohib. Ajdodlarimizdan meros qolib kelayotgan bir qadimiy kitob bordir. Unda nelar yozilganini bilmoq istagida sizni izladim.
Professorning qalbini, bu kimsaga nisbatan uyg‘ongan jirkanish hissi o‘rnini qiziqish egalladi.
– Qani yuring, xonada gaplashamiz. Bu yer issiq.
Professor kimsani konditsioner betinim ishlab salqinlatib turgan xonasiga boshlab kirdi. Kimsa qo‘ynidan qadimiyligi shundoq ham bilinib turgan qalingina kitobni chiqarib, yaltoqlanishga o‘xshagan chuchmal ta’zim bilan professorga uzatdi.
Professor oldidagi irkit kimsani butkul unutib, kitobni ko‘zdan kechira boshladi. Kitobni ochib sahifalariga ko‘z yugurtirar ekan, borgan sari hayrati oshib borardi. Kitob boshida arabiy nasta’liq xatda bitilgandek tuyulsa-da, ammo unda zeru zabar yo‘q. Ba’zi harflari ham arabiyga o‘xshamaydi. G‘alati imlo! Nahotki “Xatti Boburiy” shu bo‘lsa?! Axir, Bobur zamonidan keyin bu imlo butunlay yo‘q qilib yuborilgan-ku…
Shu payt kimsa stulni g‘ichirlatib surib, burnini tortib qo‘ydi. Professor boshini ilkis ko‘tarib, kimsaga yiltiroq ko‘zoynagi ostidan sinovchan tikildi.
– Siz bilan hali tanishmadik-a, sohib?
Kimsa yelkasini bir uchirib olib, uzun chap qo‘li bilan qulog‘ini qashidi.
– Sohib, sizni butun jahon taniydi. Biz faqir kishi panada, qabilida kun ko‘ruvchi odam… Otim Sotuni. Darbadar umr kechiraman.
Professor uning gaplariga unchalik ishonmadi.
– Darbadarlikda umr kechirsa­ngiz, unda bu kitob qanday qo‘lingizga tushib qoldi?
– Sohib, bilsangiz men bir joyda olti oydan ortiq yashay olmayman. Ko‘ch-ko‘ronim otamdan qolgan bir sandiqqa joy bo‘ladi. Bu shahar badimga ursa, sandiqni orqalayman-u ikkinchisiga yo‘l olaman. Bir yilcha oldin Ahmadoboddan chiqib ketish tadorigini ko‘rayotganimda sandiq tubidan shu kitobni topib oldim. Otamga tegish­li tuguncha ichida ekan. Uni o‘qiy olmadim. Men arab yozuvini ham sanskrit xatini ham o‘qiy olaman. Biroq bunga tishim o‘tmadi. Keyin bir ikkita ilmdor kishilarga ko‘rsatdim. Ular o‘qiy olishmagach, sizni tavsiya qilishdi. Men sizni izlab kelaverdim. Bor gap shu, sohib.
– Buni menga qoldirib keta olasizmi? – dedi professor biroz o‘ylanib turgach. – Mutaxassislar bilan maslahatlashib bir yechimini toparmiz…
– Sohib, sizga ishonaman, – dedi u ming‘illagancha, kalta o‘ng qo‘li bilan iyagini qashidi. Keyin kitobni menga qaytarasizmi?
– Bu kitob sizniki. Biroq agar rozi bo‘lsangiz akademiya buni yaxshigina narxga sotib olishi ham mumkin.
Professor bu taklifni bildirib, undagi o‘zgarishni kuzata boshladi. Axir, bir nochor daydi bo‘lsa, unga kitobdan ko‘ra pul ko‘proq zarur emasmi… O‘zini Sotuni deb atagan kimsa yelkasini uchirib oyog‘ini tipirlatib polga urib olganidan so‘ng o‘lik ko‘zlarini professorga qadadi.
– Yo‘q, sohib. Uni sotmayman. Qaytarilishiga kafolat bersangiz, o‘zingiz aytgan muddatgacha qoldirib ketishim mumkin.
– Ixtiyoringiz, – dedi professor uning qat’iy gapidan hayratini yashira olmay. Menimcha uch oyga qoldirsangiz, yetarli bo‘lardi, chamamda. Tilxat beraymi?
– Ie, nimalar deyapsiz, Chopra sohib! Men sizdek odamdan tilxat olib, o‘libmanmi! Sizga ishonaman! Uch oydan keyin kelaman, xayr sohib.
U o‘rnidan turib, kalta oyog‘i tomonga biroz munkigancha chiqib ketdi.
Professor esa stoli ustida turgan bu jumboq kitobni varaqlab chuqur o‘yga botib qoldi. Shunda xayoliga bir necha yil oldin akademiyaning qadimgi qo‘lyozmalar bo‘limida ko‘rishib qolgan, o‘zini Bobur yurtidan deb tanishtirgan yosh olim kelib qoldi. U bir oycha bu yerda ishlagan, tanishganlaridan keyin qariyb har kuni uchrashib, suhbatlashib turgan edilar. U Bobur va Boburiylar tarixi bo‘yicha ilmiy ish qilayotgan ekan. O‘shanda “Xatti Boburiy” to‘g‘risida ham gaplashgandilar.
Professor o‘rnidan turib, akademiya chop ettirgan, Bobur va boburiylar tarixi haqida yozilgan ilmiy ishlar va bu ish bilan shug‘ullangan olimlar to‘g‘risidagi katalogni shkafdan oldi. Uni varaqlab kerakli sahifani topdi va ko‘z yugurtira boshladi.
“d-r Miryunusov Mirmaqsud. Toshkent. O‘zbekiston. Toshkent Sharqshunoslik instituti kafed­ra mudiri. Ilmiy maqolalari: “Boburnoma”da tarixiy haqiqatning aks ettirilishi”, “Boburning Hindiston madaniyatiga ko‘rsatgan ta’siri”, “Xatti Boburiy” …”.
Professor qolganini o‘qib o‘tirmadi. “Xatti Boburiy”… Shu jumlaning o‘ziyoq uni hayajonga solgandi. Qo‘lidagi kitob “Xatti Boburiy” imlosida bitilganini ko‘ngli sezib turibdi…
U ilmiy kotibini chaqirib, Toshkentga, O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga xat jo‘natib, o‘zining nomidan doktor Mirmaqsud Miryunusovni Hindistonga ilmiy safarga jo‘natishlarini iltimos qilishni topshirdi. Xatda Boburiylar tarixiga oid noyob qo‘lyozma topilganini bildirishni ham tayinladi.

-5-

1527 yil. Panipat. Hindiston.
Bobur hazratlari Ibrohim Lo‘diy bilan bo‘ladigan asosiy jang uchun Panipat yaqinidagi yassi tepalikni tanladi. Bunday holatda Lo‘diyning yuz ming kishilik qo‘shini va fillari pastlikda, Bobur hazratlarining qirq ming kishilik qo‘shini esa yuqorida qolardi. Bu hol Bobur hazratlarining chavandoz­lariga biroz noqulaylik tug‘dirar, chunki tepalikka chopib chiqishdan ko‘ra, undan tushish qi­yinroq. Asosiy ustunligi, uchqur otlari va Movarrounnahrning abjir chavandozlaridan iborat bo‘lgan har ikki qanotdan bir vaqtda zarba berib, to‘lg‘ama usulida, yashin tezligida yovni qurshab oladigan otliq qo‘shin bu yassitepalikda ish bermay qolishi mumkin.
Amirlashkarlar shuni o‘ylab, jang maydoni noto‘g‘ri tanlandi, degan shubhaga borishardi. Biroq hech kim bosh sarkardaga buni aytishga jur’at qila olmas, Boburshohning o‘zlari ham bu haqda birovga og‘iz ochmasdi. Oradan bir necha kun o‘tganidan keyin, belgilangan jang maydoniga usmonlilar tomonidan qo‘yilgan og‘ir mis zambaraklar keltirilganidan keyin nega bosh sarkarda yassi tepalikni tanlagani ayon bo‘ldi. Mustahkam arobalarga o‘rnatilgan zambaraklar tepalikka sudrab chiqilib, bir safga tizib, bir-birlariga xoda va charm qayish­lar bilan birlashtirildi. Bosh sarkardaning ishorasi bilan barcha ellik zambarak bir vaqtning o‘zida o‘q uzib, pastga bir qator bo‘lib harakatlanishi, bir vaqtning o‘zida to‘pchilar uni qayta o‘qlab, dushmanga yaqinlasha borib yana o‘q uzishlari lozim edi.
Birinchi mashq ko‘ngildagidek bo‘lmadi. Arobalar bir vaqtning o‘zida harakatlana olmay, birining charm qayishi uzilib, birining birlashtiruvchi xodasi sinib ketib, bir-birlari bilan ayqashib ketishdi. Bosh sarkarda yana to‘plarni tepalikka olib chiqib mashqni qaytarishini buyurdi. To‘pchiboshiga kimlar qayerda xato qilganini tushuntirdi.
Bobur hazratlarining bu usulni tanlashiga Lo‘diyning yuzta jangovar fili qo‘shinning boshida jang­ga kirishi sabab bo‘ldi. Jang oldidan mast qiladigan ichimlik­lar ichirilgan fillar quturib, raqib qo‘shinini piypalab tashlashini ko‘p bor eshitgan Boburshoh, shu fillarga o‘zining yashirin quroli bo‘lgan zambaraklar va to‘fang­larni qarshi qo‘ymoqchi edi. Agar fillar ustiga olov sochib, gumburlagan tovushlar chiqarib bostirib kelayotgan to‘p­lardan qo‘rqib ortiga o‘girilsa, o‘z qo‘shinini yanchib o‘tib ketadi. Bosh sarkarda shunga umid qilib mashqqa zo‘r bermoqda edi. Nihoyat uchinchi kuni ellik aravaning birortasi ham ortda qolmay, qayishlar uzilmay, xodalar sinmay bir tekisda pastga tusha oldi.
Jang kuni Boburshoh pastdagi Ibrohim Lo‘diyning qo‘shiniga qarshi ellik zambarakni qo‘shinning markaziga joylashtirdi. To‘pchilarning ikki qanotiga yuztadan to‘fangdozlarni qo‘ydi. Bular Lo‘diyning fillarini safdan chiqarishi va otliq qo‘shinning pasttekislikka tushib olib bemalol to‘lg‘ama qo‘llashi uchun imkoniyat yaratib berishi kerak edi. Avazbek sardor boshchiligidagi “xossa tobin” esa bosh sarkardaning zaxirasi sifatida bosh qarorgoh yonida qoladigan bo‘ldi. Ibn Sotuna bilan Qilich ham shu navkarlar ichida edi.
Quyosh nayza bo‘yi ko‘tarilganida Lo‘diy qo‘shinida dovul va sur ovozi eshitildi. Ulkan qo‘shin harakatga tushdi. Qo‘shin oldida jangovar fillar na’ra tortib balo-qazodek bostirib kela boshladi.
Bobur hazratlari yassi tepalikning cho‘qqisida, o‘zining sevimli saman tulporida, zirhli jangjomada turardi. Lo‘diyning jangovar fillari tepalikka o‘rlay boshladi. Fillar ortidan yuz ming kishilik qo‘shin jangovar hayqirib vahima bilan kelishardi. Oraliq ikki yuz qadam qolgan bosh sarkarda to‘pchiboshiga ishora qildi. G‘ildiraklar orasiga suqib qo‘yilgan xodalar sug‘urilib, ellik arava birdan qo‘zg‘aldi. Shu asnoda zambaraklar yalpisiga o‘q uzdi. Bir nechta fil gumburlab yiqildi. Ba’zilari ortga o‘girilib, o‘z askarlarini piypalab, bosib-yanchib qocha boshladi. Zambaraklarning yana o‘qlab olishga vaqt kerak edi. Shunda Boburshoh to‘fangdozlarga o‘t ochish buyrug‘ini yetkazishni topshirdi.
– To‘fangdozlar filni emas, ustidagi filbonlarni nishonga olishsin!
Avazbek sardor buyruqni yetkazishni Qilich bilan Sotunaga topshirdi. Omon qolgan fillar qo‘shinga juda yaqinlashib qolgan edi. Sotuna ot choptirib borar ekan xurjundan “Kalashnikov”ni olib, unga o‘qdonni o‘rnatdi. Zatvorni sharaqlatib tortdi.
– Hazrati oliylari o‘t ochishga amr qildilar! Filni emas, filbonni nishonga olinglar! – bor ovozi bilan baqirdi Qilich to‘fangdozlar safiga yetib kelganlarida.
Paq-puq, gumbur-gumbur quloqni qomatga keltira boshladi. Sotuna esa shoshilmay avtomatni yaqinlashib kelayotgan fillarga o‘qtalib tepkini bosdi. Ta-ta-ta-ta! Bir zumda ikkita fil quladi. Uchinchi-to‘rtinchilari esa filbonsiz qolib ortiga o‘girildi. Ortdan chopib kelayotgan piyoda askarlar bir pas to‘xtab qoldilar. Qo‘rqib ortiga burilgan quturgan filning oyog‘i ostida qolmaslik uchun o‘zlarini chetga olmoqchi bo‘lishar, biroq tiqilinchda joylaridan qimirlay olmay, filning ulkan oyoqlari ostida toptalib ketardilar. To‘fangdozlar to‘fanglarini o‘qlab olish uchun biroz sukut saqladilar. Shunda dushman yana o‘z saflarini tiklashga urinayotganda yana avtomat tarillab qoldi. Viz-viz uchib kelayotgan o‘qlar bir nechta navkarni va safni tiklashga urinayotgan sardorni yerga qulatdi. Bu orada to‘plar yana gumburladi. Lo‘diyning ulkan qo‘shini tartibsiz olomonga aylanib duch kelgan tomonga o‘zini ura boshladi. Endi bu olomonni Ibrohim Lo‘diydek noqis sarkarda tugul, hatto buyuk Amir Temur, yo Iskandar Zulqarnayn ham boshqara olmasdi.
Boburshoh ikki qanotdagi otliq qo‘shinni harakatga keltirdi. Ular tepalikda tushib, chekinayotgan Lo‘diy qo‘shinini to‘lg‘ama usulida aylanib o‘tib, Panipat qal’asiga kirish yo‘lini to‘sishi kerak edi. Bosh sarkarda Avazbekni yoniga chaqirib, qochayotgan Ibrohim Lo‘diyni ta’qib qilishni va uning qal’aga kirib olishiga yo‘l qo‘ymaslikni buyurdi.
Avazbek saralangan navkarlardan iborat “xossa tobin”ni jang maydoniga boshlab kirdi va qoq markazdan Lo‘diy qarorgohi tomon yaqinlashib bora boshladi. Shu payt qarorgohdan bir to‘p otliq ajralib chiqdi va katta tezlikda qal’a tomonga yelib ketadi. Otliq qo‘shin to‘lg‘ama qilib qal’a yo‘lini to‘sib ulgurgani yo‘q. Shoshilishmasa Lo‘diy qal’aga kirib, darvozalarni tambalashga ulguradi. Agar shunday bo‘lsa, qal’ani qamal qilishga to‘g‘ri keladi. Bugungi g‘alaba tatimaydi.
– Shunqorlarim! – Hayqirdi Avazbek qonga botgan qilichini yuqori ko‘tarib. – Ibrohim Lo‘diy qochmoqda! Kimki uning tirigi yo o‘ligini olib kelsa Hazrati oliylarining marhamatiga noil bo‘lg‘ay! Saralangan navkarlar Lo‘diyning ortidan ot surdilar. Oldinda Qilichning zulukdek qop-qora oti yelib borar, uning ortida esa Hamduna, Xarsang va Avazbek sardor borishar, ular bilan izma-iz borayotgan Sotuna avtomatning o‘qdonini almashtirayotib biroz sekinlagandi. Nihoyat, quvg‘inchilar qochayotganlar to‘piga yuz qadamcha yaqinlashdilar. Sotuna otiga qamchi bosib, Avazbek sardorning to‘piga qo‘shildi. Qilich hamon oldinda borardi.
– Qilich! Qilich! Chetga o‘t! – baqirdi Sotuna avtomatni qochayotgan otliqlar to‘piga to‘g‘irlar ekan.
Qilich uning nima qilmoqchi ekanligini tushunib otini o‘ng­roqqa burdi. Shunda avtomat yana tarillab, Lo‘diyning xos navkarlari tutdek to‘kila boshladi. Qilich esa tillarang sovut kiygan otliqqa yaqinlashib qolgandi.
Shivaning olov otuvchi qurolini qo‘lga kiritgan bu kasofatlardan qochib qutulib bo‘lmasligiga aqli yetgan Ibrohim Lo‘diy, ajalini bo‘yniga olib, shahid bo‘lmoq uchun jang qilishga ahd qildi. Otining jilovini tortib, qilichini yalang‘ochlagancha ortidan izma-iz kelayotgan Qilichga ro‘baro‘ bo‘ldi. Qilich shamshirini bir sermab, Lo‘diyning qilichini qoq o‘rtasidan bo‘lib yubordi. Ikkinchi bor sermaganda Ibrohim Lo‘diyning sersoqol boshi otining tuyog‘i ostiga dumalab ketdi. Shu onda allaqanday bir quyun paydo bo‘lib, xas-xashakni chirpirak qilib aylantirgancha, osmonu falakka o‘rlab ketdi. Qilichning eti jimirlab ortiga o‘girildi. Ortidan kelayotgan Sotuna yer yutgandek, yo‘qolib qolgandi.
Bu orada Avazbek sardor boshchiligida otliqlar ham yetib kelib Lo‘diyning qolgan xos navkarlarini qilichdan o‘tkaza boshlashdi.
Qal’aga boradigan yo‘l har ikkala qanot otliq jangchilari bilan to‘silganidan keyin, sarkardasiz qolgan qo‘shin mag‘lubiyat muqarrar ekanligini tushunib, taslim bo‘ldi. Jang tugadi.
Avazbek sardor g‘alati quroli bilan dushmanni tutdek to‘kkan Sotunani izlab topolmadi. Jang maydonidagi jasadlarni bittalab qarab chiqdilar. Biroq Sotunaning o‘ligi ham tirigi ham topilmadi.
Avazbek Lo‘diyning qonli boshini nayza uchiga o‘rnatib, Qilichni ergashtirgancha Bobur hazratlarining huzuriga jo‘nadi.

-6-

1981 yil. Toshkent. O‘zbekiston
Miryunusovning kvartirasini ikkinchi bor tintuv qilgan Abdurasul Jo‘rayev u yerdan ishga aloqasi bo‘lgan tuzukroq dalil topa olmadi. Qotil hojatxonadan boshqa joyda yashirinib tura olmasdi. Biroq qovug‘ida muammosi bo‘lgan keksa fotograf jinoyat joyini suratga olayotib, bir necha marta bu yerga kirib chiqqani Jo‘rayevning esida.
Jumboqning yechimini bu xonadondan izlash befoydaligini sezgan inspektor hafsalasi pir bo‘lib tashqariga chiqdi.
– Balki, institutga borarsiz, Abdurasul aka, – dedi unga ergashib kelayotgan Jamshid.
Ha-ya, institutga albatta borish kerak, xayolidan o‘tdi Jo‘rayevning. Keyin buni esiga tushirgan yigitchaga minnatdor nigoh tashladi.
– Maktabni bu yil tugatasanmi?
– Ha, 10-sinfda o‘qiyapman.
– Maktabni tugatganingdan so‘ng menga bir uchrash. Izquvar bo‘lmoqchisan-ku, To‘g‘rimi?
– To‘g‘ri, Abdurasul aka, – dedi Jamshid yoyilib iljaygancha.
Ular qo‘l tashlashib xayrlashdilar. Abdurasul Jo‘rayev avtobusga o‘tirib Sharqshunoslik institutiga yo‘l oldi.
– Mirmaqsud boburshunoslikda benazir olim edi, – xo‘rsinib gap boshladi Miryunusov rahbarlik qilgan kafedraning keksa professori Obid Qodirovich. – Hatto, Ang­liya, Hindiston, Turkiya olimlari ham muammoli masalalarda uning fikrlariga tayanishganiga ko‘p bora guvoh bo‘lganman. Yaqinda Hindis­ton akademiyasi yangi topilgan bir qo‘lyozma masalasida uni Dehliga taklif qilishgandi. Bir oy Hindis­tonda safarda bo‘lib qaytdi. Uning aytishicha, qo‘lyozma “Xatti Boburiy” imlosida yozilgan ekan. Darvoqe, siz “Xatti Boburiy”ni bilasizmi? – professor savoliga javob kutmay tushuntira ketdi. – Zahiriddin Muhammad Bobur shoh, buyuk sarkarda, shoir, tarixchi bo‘lishdan tashqari, zo‘r musiqashunos ham bo‘lgan. Yana arab imlosini soddalashtirib, ba’zi harflarni o‘zgartirib, yangi imlo ixtiro qilgan. Buni “Xatti Boburiy” deb atagan. Biroq johil ulamolar muqaddas Qur’on bitilgan yozuvni o‘zgartirish Xudoga shak keltirish, deb, bu yozuvga tish-tirnoqlari bilan qarshilik ko‘rsatganlar. Bobur o‘limidan keyin bu imloda yozilgan barcha kitoblarni kuydirib tashlashgan. Yaqinda Hindiston akademiyasi “Xatti Boburiy”da bitilgan bir qo‘lyozmani topadi. Bu imloni biladigan jahonda yagona mutaxassis o‘zimizning Mirmaqsud edi. Shuning uchun ham uni Dehliga taklif qilishgan. U yerda bir oy ishlab Mirmaqsud qo‘lyozmani ingliz tiliga o‘girib beradi. Qo‘l­yozmaning mikrofilmini olib keladi. Uni o‘z yozuvimizga o‘girib kitob holida chop ettirmoqchi, uning ustida ilmiy tadqiqot olib bormoqchi edi. Afsus…
– Obid Qodirovich, Miryunusov Hindistondan kelganidan keyin biror bir o‘zgarish sezilmadimi? Aytaylik, yurish-turishi, gap-so‘zi, deganday…
Professor inspektorga, bu bilan nima demoqchisiz, degandek savol nazari bilan qaradi.
– Mirmaqsud biror kattaroq ishni tugatganidan keyin, hazilkash, sho‘x yigitga aylanib qolardi. Latifa aytib kuldirib yurardi. Ilmiy ish bilan shug‘ullanayotgan pallada jiddiylashib qolar, butun borlig‘ini ishga bag‘ishlaganidan bo‘lsa kerak, ichimdagini top qabilida oylab yonidagi odam bor-yo‘qligini ham sezmay, indamay yuraverardi. Hindistonga borib kelganidan keyin ham shunaqa holatda edi. Yangi topilgan qo‘lyozma ustida jiddiy ish boshlagan edi, – Obid Qodirovich bir zum sukut saqlab turdi, baroq qoshini yuqori ko‘tarib, ajin bosgan peshonasini tirishtirgancha Jo‘rayevga termildi. – Aytgancha, bu voqeaning sizga nafi tegib qolishi mumkin. Bir kuni kafedraga kirsam, Mirmaqsudning yonida bir kishi o‘tiribdi. Bunaqa turqi sovuq odamni shu yoshimgacha ko‘rmaganman…
– Gapingizni bo‘lganim uchun uzr, domla, – dedi Abdurasul Jo‘rayev uzrxohlik bilan jilmayib. – Uning bir oyog‘i, bir qo‘li kalta, yuzining bir tomoni dumaloq, ikkinchisi esa cho‘zinchoq, tinimsiz qiyshanglanib, qashinib o‘tiradi. Ovozi pixillab chiqadi, shunaqami?
– Xuddi shunday. Demak siz uni ko‘rgan ekansiz-da?
– Yo‘q, ko‘rmaganman. Bir nechta guvohlarning ko‘rgazmasiga asoslanib aytyapman. Davom etavering, domla.
– Men kirganimdan keyin u be­zovtalanib qoldi. Tezda xayrlashib, chiqib ketdi. Mirmaqsudning esa basharasidan qoni qochib, qalt-qalt titrardi. “Tinchlikmi?” so‘radim undan. U esa yarim piyola sovuq choyni ichib sal o‘ziga keldi. “Bu odam anavi qo‘lyozmada tasvirlangan kimsaning xuddi o‘zi! Qo‘lyozmaning xuddi shu joyini o‘qib turganimda osmondan tushgandek paydo bo‘ldi. Professor Rakesh Chopra ham qo‘lyozmani olib kelib bergan kimsani xuddi shunday tasvirlagan edi. Siz ham uni ko‘rdingiz-a?” so‘radi u mendan. “Ha, ko‘rdim,” dedim. “Agar siz ham ko‘rmaganingizda ko‘zimga jin-pin ko‘rindimikan, degan o‘yga borgan bo‘lardim”, dedi u hamon qaltirog‘ini bosa olmay. Oradan bir hafta o‘tmay uni otib ketishibdi, degan sovuq xabarni eshitdim. Bor gap shu…
– Domla, Miryunusov qo‘lyozmani, mikrofilmni qayerda saqlardi?
– Hech qayerda saqlamasdi. Doim yonida, portfelida olib yurardi.
Tintuv paytida hech qanaqa qo‘lyozma ham mikrofilm ham topilmagandi. Demak qotil shularni olib ketgan.
– Domla, bu mening telefon raqamim, – dedi Abdurasul Jo‘rayev bir parcha qog‘ozga ism-sharifi va telefon raqamini yozib uzatarkan. – Yana bironta, bizni qiziqtiradigan gap esingizga tushib qolsa, qo‘ng‘iroq qilarsiz…
– Siz qotilni topishingizga ishonasizmi? – dedi ishonchsizlik bilan inspektorga tikilarkan keksa professor.
– To‘g‘ri, bu murakkab ish. Biroq qotilning topilishiga ishonmasam, ovora bo‘lib bu sohada ishlab yurmasdim.
Abdurasul Jo‘rayev professor bilan xayrlashib xonasiga qayt­ganida, quyosh ufqqa yaqinlashib qolgan, oqshom salqini tusha boshlagan edi. U qog‘ozlar uyulib ketgan stolini tartibga solib, kursiga cho‘kdi. Bugun uchinchi odamdan ta’rifini eshitgan kimsani o‘zicha tasavvur qilib ko‘rdi. Kim bo‘lishi mumkin bu ustomon? U bir paytning o‘zida Afg‘onistonda, Hindistonda, Toshkentdayam paydo bo‘la oladi…
Keyin xayoliga yana Murod keldi. Shaloq telefonning go‘shagini ko‘tarib uning raqamini terdi. U joyida yo‘q shekilli, telefonni hech kim ko‘tarmadi.
Jo‘rayev parishon holatda o‘rnidan turib, xonasini qulfladi va uyiga ketdi. U o‘zini juda charchagan, holdan toygan his qilardi.
Ertalab ishga chiqqanida kayfiyati kechagiga qaraganda yaxshiroq edi. Biroq boshlig‘i shu kayfiyatini ham dabdala qildi.
– Qotilni qachon qo‘lga olasiz? – dabdurustdan masalani ko‘ndalang qo‘ydi u.
– Shu, ba’zi bir dalillarni qo‘lga kiritdik. Guvohlar…
– Bilaman, nima qilib yurgani­ngizni. Og‘zidan ona suti ketmagan go‘dak bilan, miyasi suyulgan ezma choldan nimayam olardingiz?! Ishga jiddiy kirishmasangiz, bo‘shatib qo‘ying o‘rningizni, qo‘lidan ish keladiganlar ishlasin! Bo‘pti, sizga yana uch kun muhlat beraman.
Jo‘rayev boshliqning xonasidan miyasiga qon tepib chiqdi. O‘z jo­yiga kelib o‘tirganida telefon jiring­ladi. U istar-istamas go‘shakni ko‘tardi.
– Allo, Jo‘rayevmi?
– Ha, eshitaman.
– Men professor Obid Qodirovichman. Telefon raqamingizni qoldirgandingiz-ku.
Abdurasul Jo‘rayev birdan tetiklashib, qaddini ko‘tardi.
– Esimda, tinchlikmi domla?
– Bilasiz, bizning institutga sharq mamlakatlaridan kitoblar, gazeta-jurnallar kelib turadi. Bugun qo‘limga Hindistondan kelgan bir gazeta tushib qoldi. Unda Mirmaqsud bilan birga ishlagan professor Rakesh Chopra o‘ldirilgani haqida maqola bor ekan…
– Domla, siz kafedrada bo‘lib turing, iltimos. Men hozir yetib boraman.
Abdurasul Jo‘rayev institutga yetib kelganida Obid Qodirovich assistent yigitga nimalarnidir diktovka qilib yozdirayotgan ekan.
– Bir daqiqa sabr qilib turasiz-da, Abdurasuljon, – dedi u inspektorga o‘tirishga joy ko‘rsatarkan.
Birozdan keyin professor ishini tugatdi. Assistent ham yozuv mashinkasidan qog‘ozni chiqarib, professorga uzatdi. U ikki qog‘oz matnni sinchiklab o‘qib, ba’zi joylariga qalam ham tekkizib bo‘lgach, tilla gardishli ko‘zoynagini olib, Jo‘rayevga tikildi. Keyin stoli ustida turgan ingliz tilidagi gazetani olib, kerakli joyini topdi va inspektorga ko‘rsatdi. Unda qora ramkaga olingan nuroniy professor Rakesh Chopraning surati va maqola bosilgan joyga nuqidi.
– Mana bu yerda Chopraning qanday o‘ldirilgani yozilgan. Keyin qotilni ko‘rgan guvohning ko‘rsatmasi ham berilgan. Sizga oson bo‘lsin uchun, maqolani tarjima qilib, mashinkalatib qo‘ydim.
U hozirgina assistent yigit bergan qog‘ozlarni inspektorga uzatdi.
– Agar mumkin bo‘lsa, gazetani ham…
– O, bemalol, bemalol, – dedi professor gazetani uzatarkan. – Hali maqolani o‘qib, o‘zingiz ham xulosa chiqararsiz, mening fikrimcha, bu ikkala olimning o‘ldirilishida boshqa bir gap borga o‘xshaydi.
– Nega bunaqa fikrga keldingiz, domla?
– Mana qarang, Mirmaqsud ham, Rakesh Chopra ham bir vaqtning o‘zida, bir xil holatda, buning ustiga bir kishi tomonidan o‘ldirilgan. Bu yerda, – professor qog‘ozga ishora qiladi, – Chopraning xizmatkorining ko‘rsatmasi ham bor. U qotilning ko‘rinishini tasvirlab bergan. Kimni tasvirlaganini esa sezib turgan bo‘lsangiz kerak…
Abdurasul Jo‘rayev gazeta va qog‘ozlarni olib papkasiga soldi va Obid Qodirovichga minnatdorchilik bildirib, xayrlashdi.
Xonasiga kelib professor bergan qog‘ozlarni sinchiklab o‘qiy boshladi.

-7-

1981 yil. Dehli. Hindiston.
Dehlidagi issiq iqlim, buning ustiga mashinalar tirbandligi, ulardan havoga chiqayotgan tutun yoshi qaytib qolgan professor Rakesh Chopraning sog‘ligiga yomon ta’sir qila boshladi. U boshi og‘rishidan, nafasi qaytib qolishidan aziyat chekardi. Natijada Mirmaqsud Miryunusov tarjima qilib bergan qo‘lyozma ustida olib borayotgan tadqiqoti o‘lda-jo‘lda qolib ketayotganidan asabiylashardi. Oxir-oqibat, ishini shaharda davom ettira olmasligiga ko‘zi yetib, barcha hujjatlarni olgancha Jamna daryosi bo‘yidagi dala hovlisiga chiqib ketdi. Dala hovlida Jamnaning salqin havosi ufurib turar, hovliga tutashib ketgan o‘rmonzorda qushlarning sayrashi, maymunlarning sho‘x qiyqiriqlari eshitilib turardi. Dala hovlida keksa xizmatkori bangalorlik Bhishan Sinxdan boshqa hech kim yo‘q. U ham faqat ovqat, yo choy olib kirishini demasa, xo‘jayinini hadeb bezovta qilavermaydi. Xullas, mazza qilib ishlaydigan joy.
Chopra sohib qo‘lyozmani berilib o‘qirkan, ba’zi joylarini boshqa matnlarga solishtirar, qalin daftariga qayd qilardi. Sotuni olib kelgan qo‘lyozma kitob Boburshohning Ibrohim Lo‘diy ustidan g‘alaba qozongan Panipat jangi haqida edi. Unda Boburshoh lashkarining “xossa tobin”i, ya’ni xos gvardiyasi safida bo‘lgan ibn Sotuna degan jangchining ko‘rinishi tasvirlangan bobga kelganida Chopra sohibning ichi chumoli o‘rmalagandek jimirlab ketdi.
“Shu payt, Qobul yo‘lida ikki suvoriy qorasi ko‘rindi. Avazbekning o‘tkir ko‘zlari ularning bu yerlik emasligini angladi. Ular navkarlardin emasligi aniq. Ammo yerlik aholiga ham o‘xshamaydir. Sardor xos navkarini chorlab kelguvchilarni o‘z yoniga boshlab kelishini buyurdi…
– Biz Boburshoh qabatig‘a navkarlikka o‘tish uchun keldik, taqsir, – dedi o‘rta bo‘y, ammo keng yelkali, mushakdor, hamrohiga nisbatan yosh va baquvvat ko‘rinadurg‘on, qoramag‘iz yigit.
– Ore – deb boshini likillatib tasdiqladi, ikkinchi g‘alati ko‘rinishdagi, yoshini aniq aytish mahol bo‘lgan, bir oyog‘i ikkinchisidan kaltaroq bo‘lganidanmi, og‘irligini goh unisi goh bunisiga tashlab, betinim yelkasini uchirib, qo‘llarini o‘ynatib turguvchi, o‘ng beti dumaloq, chapi cho‘zinchoq, o‘ng ko‘zi ko‘k, chaqchaygan, chapi esa qisiqligidan g‘ilayroq ko‘rinadurg‘on kimsa.
Uning xuddi mushuk pixillagandek pang ovozi ham sardorga o‘tirishmadi. Ammo ko‘nglida, g‘aroyib kimsaning qay go‘rdan paydo bo‘lganligini bilishga bo‘lgan kuchli istak uyg‘onib, ularni tovachilarga uchrashishga maslahat berib, jo‘natib yuborishdan qaytardi…”
– Bu xuddi o‘sha, qo‘lyozmani olib kelgan kimsaning tasviri-ku! – xayolidan o‘tdi professorning. – Nahotki, bu navkar o‘shaning o‘zi bo‘lsa…
Professor, qo‘lyozmaning davomini o‘qirkan, hayrati o‘n chandon oshib ketdi. O‘zining yaqinda Panipat tepaligi yonida o‘tkazgan qazish ishlarida topilgan kalla suyagi, unga sanchilib qolgan o‘q, La’l Kumarning aytgan gaplari esiga keldi. O‘shanda laborant yigitdan bekorga xafa bo‘lganligiga, muammoning yechimi ushbu kitobda ekanligiga amin bo‘ldi.
– Nahotki, shunday buyuk zot, o‘z qo‘shinida shayton ham birga yurganini his qilmagan bo‘lsa… Farishtalarga muallimlik qilgan bu kasofat vaqt tizginini tortish ilmini suv qilib ichib yuborgan-ku…
Professor chuvalashib ketgan fikrini tartibga solib ulgurmasidan, Jamnaning salqin epkini kirib turishi uchun ochib qo‘yilgan derazaning bir tavaqasi taraqlab yopilganidan professor cho‘chib tushdi. Tashqarida allaqanday girdibod xas-xashakni osmonga uchirib o‘ynardi.
– Qiziq, bu faslda, ayniqsa bu yerlarda bunaqa quyun bo‘lmasdi-ku, – xayolidan o‘tdi professorning va o‘rnidan turib deraza yoniga keldi.
Qarasa, girdiboddan darak ham yo‘q. Soniya ichida hamma joy tinchib qolgan, o‘rmondan qushlar va maymunlarning shovqini ham eshitilmasdi.
Shu payt dahlizda Bhishan Sinxning ohista tashlagan qadam tovushlari eshitildi.
– Sohib, sizning huzuringizga bir kimsa kirmoqchi. Aytishicha, uch oy oldin uchrashishga kelishib olgan ekan.
Professorning xayoliga birdan o‘zini Sotuni deb atagan odam keldi.
– Ismi Sotuni ekanmi?
– Shundoq, sohib.
Professor stoli ustida turgan, “Xatti Boburiy” imlosida bitilgan qo‘lyozma kitobni qo‘liga oldi. Ko‘ng­liga ko‘p g‘ulg‘ula solgan bu kitob bilan ajrashish fursati yetganidan g‘alati bir tuyg‘uni his qilib uning charm muqovasini siypalab qo‘ydi.
– Mayli, kirsin, – dedi professor, hamon eshik bo‘sag‘asida qo‘l qovushtirib turgan bangalorlik xizmatkoriga.
… La’l Kumar yerto‘ladagi o‘z laboratoriyasidan chiqarkan, yo‘lakda bir tomonga og‘ib, lapanglab kelayotgan, g‘alati ko‘rinishdagi irkit kimsaga ajablanib qaradi. Bu kimsa to‘g‘ri uning oldida oyoq ildi. Qo‘lini juftlashtirib, salom alomatini qilgach, qiyshanglagancha, yelkalarini uchirib, pang ovozda so‘rashgan bo‘ldi.
– Professor Chopra sohibni qayerdan topsam bo‘ladi, janob? – so‘radi u.
Bu irkit kimsaning jahon tan olgan olimda qandaydir yumushi bo‘lishini aqliga sig‘dira olmagan Kumar bir zum jim qoldi.
– Professor sohib hozir yo‘q, – dedi Kumar birozdan so‘ng. – Dala hovlisida ishlayapti.
– Shunaqami, – pixilladi kimsa. Keyin qaddini biroz ko‘tardi. – Professor topib kelgan boshchanoqdagi o‘q esingdami? – bu safar ovozi pixillamay, aniq va ravon eshitildi. – O‘shani men otganman.
Kimsa hang-mang bo‘lib qolgan La’l Kumarni yo‘lakda qoldirgancha, bir zumda ko‘zdan yo‘qoldi. Kumar hovlida o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan va bir pasdan keyin yo‘qolgan quyunga e’tibor qaratish ham esiga kelmay, shalvirab turaverdi.
Ertasi kuni esa ishga kelayotib, sotuvchi boladan tonggi gazetani xarid qilib, birinchi sahifasiga ko‘zi tushgach, gandiraklab ketib, simyog‘ochga suyanib qoldi. Birinchi sahifada professor Rakesh Chop­raning katta surati bosilgan va o‘qlovdek harflar bilan yozilgan tagso‘zni zo‘rg‘a o‘qidi.
“London Qirollik akademiyasining a’zosi, arxeologiya professori Rakesh Chopra o‘z uyida noma’lum kimsa tomonidan otib o‘ldirildi”.
Keyingi sahifada esa suiqasd sodir etilgan vaqt va professorning xizmatkori Bhishan Sinxning ko‘rgazmasi yozilgan edi. Sinxning qotilni tasvirlagan joyini o‘qiyotib Kumarning ichi muzlab ketdi. Bu o‘sha kecha yo‘lakda uchratgan irkit kimsa edi.

-8-

1981 yil. Toshkent.  O‘zbekis­ton.
Abdurasul Jo‘rayev professor Obid Qodirovich tarjima qilgan matnga ingliz tilidagi gazetani ilova qilib ishga tikib qo‘ydi. Keyin Murodga telefon qilib, qurolfurushlar “Ish”idan o‘sha praporshchikning ko‘rgazmasidan nusxa olishga ko‘maklashishni so‘radi. Tushdan keyin Murod yetkazib bergan qog‘ozlarni ham olgach, bemalol o‘tirib xulosani shoshilmay yozib, Mirmaqsud Miryunusovning “Ish”iga tirkagach, semizgina papkani qo‘ltiqlagancha, boshliqning xonasiga yo‘l oldi. Shu payt tashqarida nimadir taraqlagandek bo‘ldi. Derazadan osmonga bo‘y cho‘zgan teraklarni shamol silkitayotgani ko‘rinib turardi.
– Qiziq, – xayolidan o‘tdi Jo‘rayevning, – bu paytda shamol bo‘lmasdi-ku…
Abdurasul Jo‘rayev boshliq qabulxonasi eshigini endi tortgandi ham, ichkaridan chiqib kelayotgan kotiba qizga urilib ketishiga sal qoldi.
– Ie, sizmisiz, Abdurasul aka, hozirgina boshliq sizni yo‘qladi, – dedi kotiba qiz bidirlab. – Shunga sizni chaqirishga chiqayotgandim.
Inspektor boshliqning xonasiga kirgach, oldin uning yonida o‘tirgan kimsaga e’tibor bermadi. Qo‘lidagi papkani boshliqning stoliga qo‘yib, u ko‘rsatgan joyga o‘tirganidan ke­yingina kimsaga nazar tashladi-yu, qotdi-qoldi. Bu o‘sha, ta’rifini necha bor eshitgan, badburush kimsa edi!
– Xo‘sh Jo‘rayev, – dedi boshliq unga qattiq tikilarkan. – Qotilni topdingizmi?
Jo‘rayev yalt etib badburush kimsaga qaradi.
– Ha, o‘rtoq boshliq, u ro‘para­ngizda turibdi!
Boshliq kalovlanib, bir kimsaga, bir Jo‘rayevga qaradi.
– Hoziroq uni qamoqqa olishga buyruq bering. Unga qarshi dalillar yetarli!
Kimsaning cho‘zinchoq chap yuzi dirillab ucha boshladi. O‘ng tomoni esa qisilib ketdi.
– Bu qanaqasi, kamandir, – pixilladi kimsa, o‘rnidan turarkan.
Abdurasul Jo‘rayev bir sakrab uning yoniga o‘tdi va uning uzun chap qo‘lini orqasiga qayirdi. Bu orada boshliq asli operativ xodimlikdan chiqmaganmi, uning o‘ng qo‘lidan ushladi va chaqqonlik bilan kishanni o‘tkazdi. Abdurasul Jo‘rayev uning yelkasidan bosib, stulga o‘tqazdi.
– Bu yerda, – dedi Jo‘rayev hozirgina stolga qo‘ygan papkasiga ishora qilib, – buning barcha kirdikorlari bitilgan. Barcha dalillar, guvohlar yetarli. Endi bemalol tergovni boshlashimiz mumkin.
Boshliq tugmachani bosib, nav­batchi militsionerlarni chaqirdi. Ular yetib kelgunlaricha papkani ochib, birinchi varag‘ini qiziqsinib o‘qiy boshladi.
Shu payt deraza tavaqasi taraqlab ochilib, quyun o‘zini ichkariga urdi. Boshliqning oldidagi qog‘ozlar birdan sochilib ketdi. Abdurasul Jo‘rayev hali nima yuz berganini anglamay turib, qo‘li shilimshiq narsaga tegib ketgandek eti jimirladi. Shu payt kimsa havoda eriy boshladi. Oniy lahzada uning qo‘llarida po‘lat kishanni qoldirib kimsa daydi girdibodga qo‘shilib xonani tark etdi. Girdibod orasida uning badburush yuzi ko‘rindi va xunuk qahqahasi eshitildi, deraza taraqlab yopilib, xona bir zumda tinchib qoldi.
Jo‘rayev kishanni hamon ushlab turar, boshliqning stoli ustidagi Miryunusovning “Ish”i yer yutgandek g‘oyib bo‘lgandi.
Bu ajabtovur ish Abdurasul Jo‘rayevning ham, uning boshlig‘ining ham boshiga og‘ir savdolarni soldi. Har ikkalalarining ko‘rgazmalarini eshitgan rahbarlar ularni jinnixonaga jo‘natib yuborishlariga sal qoldi. Boshliq nafaqaga chiqib qutulgan bo‘lsa, Abdurasul Jo‘rayev poytaxtdan olisdagi bir cho‘l tumani jinoyat-qiduv bo‘limi boshlig‘i vazifasiga, surgunga jo‘natildi.
Tamom.

“Ijod olami” jurnali, 2017 yil, 4-son