Anvar Obidjon. Restoranda tanishganlar (hajviya)

– Dunyoning ishlari g‘alati-da, uka. Tasodifan bitta stolda o‘tirib qolib, mana, tuzukkina tanishvoldik.
– O‘zi qayerliksiz, aka?
– Eshonguzarda turaman.
– Ie! Balki pochchamni tanirsiz?
– Opang eshonguzarga tushganmi?
– Yo‘q, singlim. Oti Xolinisa.
– Xolinisa dedingmi? To‘xta, to‘xta, haligi hindujamol kelin seni singling bo‘lmasin tag‘in? Qoshlari tutash. O‘rtasida ofatijon xol. Topdimmi?
– Hmm…
– Yuzlari lo‘ppigina … Bodomqovoq…
– Ha endi…
– Kaltabaqay. Sochlari taqimini o‘pib turadi. Ko‘zlari shahlo. Topdimmi?
– Shu gaplarni menga gapirishingizni qarang…
– Mo‘dalar uyida ishlaydimi axir?
– Xuddi o‘sha! Bilarkansiz-ku!
– Nega bilmayin? U har kuni ishga kelayotib ham, qaytayotib ham do‘konimning yonidan oqqushdek suzib o‘tadi. Mana bunday, mana bunday qilib…
– E, o‘tiring, aka. O‘tirsangiz-chi. Hammaga tomosha bo‘lyapsiz… Xullas, pochchamni uchratib qolsangiz, unga mendan salom aytib qo‘ying. Bo‘ptimi?
– Hey, qiziq yigit ekansan-ku. Pochchangni umrimda ko‘rmagan bo‘lsam, qanaqasiga unga salom aytaman?
1978 yil.