Akbar Mirzo. Qoyadagi chaqaloq (hikoya)

Quyosh tog‘ ortiga o‘tdi. Qurbon aka otning beliga tashlangan xurjundan qalin lattaga o‘ralgan qo‘ng‘iroq olib, boshi barobar ko‘targanicha qattiq chaldi. Adirni birdan qo‘y-qo‘zilarning ba’ragan ovozi tutdi. Qo‘zichoqlar dikonglab chopishdan to‘xtab, onalarini qidirib qolishdi.
– Qani, o‘tovga, qaytu qayt!
Qurbon akaning hayqirig‘idan so‘ng adirni yana jimlik qopladi. Serka buyruqni tushunganday yo‘l boshladi, poda asta adir yoqalab pastga yo‘rg‘aladi.
Tog‘ning soyasi chor-atrofni qoplay boshladi. Uzoqdagi qoramtir bulutlarga ko‘zi tushgan Qurbon ota tog‘ havosiga ishonib bo‘lmasligini yaxshi biladi, ko‘ngliga kelgan xavotir ichida: “Olapar!” – dedi qo‘ng‘iroqni jigarrang xurjunga joylarkan. Olapar egasiga bir qarab qo‘ydi-da, lapanglab podani biroz tezlatdi. Suruv qorong‘i tushmasdan o‘tovga yetib keldi. Qurbon aka qo‘ra oldida peshvoz chiqqan o‘g‘lini ko‘rib hayron bo‘ldi. Yo‘lda Olapar bejiz hurimaganini, o‘tovga yetar-etmas chopib ketganining boisini endi ang­ladi.
– Tinchlikmi, Ergashali, erta qaytibsan? – Xavotirini yashirolmay so‘radi Qurbon aka Olaparni silab erkalayotgan o‘g‘liga tikilarkan.
– Tinchlik, dada, tinchlik, – dedi Ergashali qaddini tutib, dadasiga salom bergach.
– Birato‘la imtihonlarni topshirib kelaman, deganding-ku? – otdan tushishga shoshilmagan ota hamon o‘g‘liga sinchkov nazar tashlab turardi.
– O‘tgan yili ijara turgan uyimizda odam bor ekan. Yana o‘n kunlarda bo‘sharmish. Shaharda tentirab yuramanmi, deb kelaverdim. Ungacha sizga qarashib turarman, dada, – dedi Ergashali endi otning jilovini qo‘lga olib, uning keng peshonasini silarkan.
– Shunaqa degin? – Qurbon aka bu g‘amxo‘rlikning boisini tushunolmay yana ajablandi. Ergashali ertaroq bormasam bo‘lmaydi, deb turib olgandi-da. Axir imtihonga yaqin ketarsan, ungacha yaxshilab tayyorgarligingni ko‘r, yana o‘tgan yilga o‘xshab kirolmay qaytib kelmagin, demaganmidi? Xo‘sh, kim haq bo‘lib chiqdi? Nahot bu qaysar bola xato ish qilganini endi tushungan bo‘lsa? Balki shuning uchun otaning ko‘zlariga tik qaray olmayaptimikan? Ha, pushaymon bo‘lganga o‘xshaydi. Bo‘lmasa bunchalar mehribonchilik qayoqda edi. Qurbon aka hamon viqor bilan o‘tirarkan, boshini tebratib qo‘ydi. Ergashali dadasiga qaradi: “Tushasizmi?” Buni o‘zicha tushungan ota, nihoyat, uzangiga oyog‘ini tiradi, pastga tushgach, otining ketiga asta-asta urib, bugungi xizmatiga minnatdorchilik bildirdi. Tolmas bunga javoban bo‘ynidagi uzun yollarini silkitdi.
Ota-bola quchoqlashib ko‘rishishdi. Ergashali dadasining sog‘inganini sezdi. “Ota baribir ota-da”, – dedi ichida, so‘ng chaqqonlik bilan ishga kirishdi: otni bog‘lab, qo‘raning og‘zini berkitdi. Qurbon aka o‘tov chetidagi o‘choq boshida kuymalanib yurgan keliniga, tarvaqaylab ketgan qari tutning tagidagi supachada qo‘llarini yo‘rgakdan chiqarib olgancha og‘zidagi so‘rg‘ichni tinimsiz so‘rayotgan nevarasiga bir-bir qarab chiqdi. Tiyrak nigohlari yana kimnidir qidirdi. O‘tov ichidan qo‘lida dasturxon bilan chiqib kelgan xotiniga ko‘zi tushgach, vujudini xotirjamlik egalladi.
Ishini tamomlagan Ergashali supa tomon yurdi. Tut shoxiga ilingan chiroqni burab yoqdi. Keyin bugun rosa uch oylik bo‘lgan farzandining ustiga engashdi. Go‘dak dadasini taniganday mitti qo‘lchalarini o‘ynatib talpindi, og‘zidan so‘rg‘ichni chiqarib yubordi.
– Seni sog‘inibdi, – dedi xontaxta ustiga dasturxon yozayotgan Toshxon aya jilmayib. Ammo keyin birdan o‘zgardi: yig‘lab yuborishdan o‘zini zo‘rg‘a tiydi, dilini o‘rtagan gapni esa pichirlabgina aytdi: – Bularni opketib qolsang… qanday chidarkanman?
– Hali ketayotganim yo‘q-ku. Avval o‘qishga kiray-chi.
– Baribiram-da, – dedi Toshxon aya nevarasini qo‘lga olib, jajji barmoqchalaridan ketma-ket o‘parkan.
– Bo‘ldi, ona, – Ergashali dadasi tomon ko‘z qiri tashladi. – Iltimos, boshlamay turing. Dadam eshitsa…
Itining fe’li egasiga ma’lum, deydilar. Toshxon aya darrov o‘zini qo‘lga oldi: hech narsadan xabari yo‘qday, eriga: “Keldingizmi, charchamay”, – dediyu kelini tomon yurib namiqqan ko‘zlarini yashirgan bo‘ldi.
Oila dasturxon atrofida to‘planganda adir tagidagi o‘tovga yana fayz kirdi. Qurbon akaning nazdida o‘g‘li biroz sermulozamat edi, o‘zini ancha erkin tutishi, o‘qishga kirishiga ishonch bilan gapirishi ham e’tiborini tortgan, hatto taajjublanishiga sabab bo‘layotgandi. “Qiziq, – xayolidan kechiradi ota oshni ishtaha bilan paqqos tushirayotgan farzandiga zimdan nazar tashlab. – Nega bunchalar ichi qiziyaptiykin?”
Dasturxonga duo qilingach, Qurbon aka nevarasini bag‘riga oldi. “Danagidan mag‘zi shirin-da”, – dedi negadir mo‘ltirab turgan xotiniga ko‘z qirini tashlab. Keyin bolakayni erkalay boshladi. Ergashali bu holni uzoq kuzatib o‘tirolmadi, nimanidir bahona qilib o‘rnidan turdi. Mazali palov uchun rahmat eshitgan kelin avval idish-tovoqlarni, keyin dasturxonni yig‘ishtirdi. Kattagina suyak bilan siylangan Olapar qo‘ra tomon ketdi.

* * *

Ergashali barvaqt turib, suruvni oldiga soldi. Otasi hamroh bo‘lay degandi, unamadi.
– Charchagansiz, dam oling.
Bu g‘amxo‘rlikni o‘zicha tushungan Qurbon aka noiloj o‘tovda qoldi. “Mendan keyin boqaverasiz, podayizni, degani-da bu”, – deya xayolidan o‘tkazdi qo‘liga ketmon olarkan.
O‘g‘li shaharga ketgandan buyon ekin-tikinga qaray olgani yo‘q edi. Ishlashga fursat topilgani uchun boshqa gaplarga qo‘l siltadi. Tepadan sizib kelayotgan suv yo‘lini to‘sib, pomidor ekilgan egatlarga to‘g‘riladi. Keyin sal pastroqdagi terakzor tomon yurdi. Ancha ko‘zga ko‘rinib qolgan daraxtlar uning ko‘zini quvontirdi. Endi ularning yonidan chiqqan mayda shoxlarni kesib, shakl berish kerakligini o‘ylab o‘tovda ancha ishlar yig‘ilib qolganini payqadi. Ergashaliga ruxsat berganiga achindi. Shu ishlarni u bajarganda yaxshi edi-da. Oltmishga kirganda daraxtma-daraxt chiqib yurmaydi-ku axir. Yaxshisi, ertaga o‘g‘lini o‘tovda qoldiradi. Rostdan ham ketib qoladigan bo‘lsa, barcha qiyin ishlarni tugatib ketsin. Qishdan bir amallab chiqib olishsa, u yog‘i bir gap bo‘lar.
Go‘dak yig‘isi eshitildi. Qurbon aka nevarasi uyg‘onganini anglab, chaylaga qaytdi. Quyoshning tafti tanga yoqa boshladi. Tut soyasiga kelib o‘tirgach, keliniga: “Qani, polvonni opchiqing-chi!” – dedi mehri tovlanib.
Zurriyod! Qurbon aka go‘dakni qo‘lga olib peshonasidan o‘pganda yuragida qandaydir o‘zi darrov anglab yetmagan hislar jo‘sh urganini sezdi. Nasl davomchisi tug‘ilganida bir quvongan bo‘lsa, hozir u quchog‘ini to‘ldirib turganidan, bobosiga qarab jilmayib qo‘yayotganidan ming quvondi. Qani edi, Yo‘ldoshali yurib qolgan bo‘lsayu, qadami yetgan butun yerlarni ko‘rsatib chiqsa! Ot mindirib, atrofdagi borliq jonivorlarni bir-bir tanishtirsa, ularga oshno qilib, mehr uyg‘otsa… balki shaharga ketishni istamagan bo‘larmidi?
Xotinining kechasi allamahalda aytgan gapi esiga tushib, ko‘ngli g‘ashlandi. Nima emish, agar o‘qishga kirsa, bola-chaqasini olib ketarmish. Yopiray, bu narsa uning xayoliga qayerdan keldi? Yoki kelin shunaqa shart qo‘ydimikin? Tavba, bu bola shaharga o‘qish uchun ketyaptimi yoki oilasini boqishgami?
Uyqusi qochgan Qurbon aka kechki ovqat ustidagi gap-so‘zlarning mohiyatini endigina anglaganday bo‘ldi. Hm, o‘zini sal baland tutishi bekorga emas ekan-da. Hali institutga kira oladimi, yo‘qmi? Yana o‘tgan yilga o‘xshab… lekin imtihonlardan o‘tsa-chi? Unda nima bo‘ladi?
Qurbon aka beixtiyor qo‘lidagi go‘dakka termildi. Yana bir necha kundan keyin nevarasi ketib qoladiganday uni mahkamroq quchdi. Dadasiga yo‘ldosh bo‘lsin deb, ismini Yo‘ldoshali qo‘ygani-chi? Endi afsus chekishga hojat yo‘q: chaqaloqqa ism qo‘yilgan, qulog‘iga azon aytilgan. Balki aqlini tanigach, bobosining oldiga qaytar? Qarigan chog‘ida beliga quvvat, ko‘ziga nur bo‘lar. Yana kim biladi? Axir o‘g‘liga ham ne umidlar bilan Ergashali deb ism qo‘ygandi menga ergashsin, o‘rnimni bossin deb. Ammo oqibati nima bo‘ldi? Besh-olti kun shaharda yurib: “Biror haftada ketaman”, – deb o‘tiribdiyu, bu go‘dak u yerning nonini yeb, havosidan nafas olsa, qaytib kelarmidi?
Qurbon aka birinchi marta o‘zini ojiz sezdi. Biroq tezda fikrini jamladi: hozirdanoq umidsizlikka tushishni ep ko‘rmadi. Chaqaloqni ko‘tarib o‘tov atrofini aylantirdi. Kelinining issiqqa olib chiqmang, deb kuyinganiga e’tibor qilib o‘tirmadi. Tog‘ning toza havosidan to‘yib-to‘yib nafas olsin, deya soya-salqin joylarda ancha yurdi. Hatto qorni ochqab yig‘iga tushganda ham onasining qo‘liga tutqazishga shoshilmadi.
“Dadang mendanam qaysar chiqibdi. Esini taniganda “Seni o‘qitaman”, degan bitta gapimni mahkam ushlab olganini qara. Rostdan ham chin ko‘ngildan aytganmanmi yoki otdan qulab kasal yotganimda jahl ustida gapirib yuborganmanmi, bilmadimu ammo og‘zimdan chiqqani haqiqat. Shuning uchun lafzimdan qaytolmay, o‘qishiga qarshilik qilmadim. Negaki, kirolmasligiga ko‘zim yetadi-da. Cho‘ponning o‘g‘li institutga kira olardimi? Ertayu kech qo‘yning ortidan tayoq ko‘tarib yurgan bo‘lsa, qanaqa bilim bo‘lsin unda? Oyda bir-ikki marta maktabga borib qo‘ysa, hisobga o‘tarkanmi? Yoki maktabni tamomlagani haqidagi guvohnoma nima uchun yozib berilganini bilmaymanmi? Eh, Ergashali-ya, Ergashali, gapimga quloq tutmadi. Ana, o‘tgan yili nima bo‘ldi? Yiqilgan kurashga to‘ymasligini bilaman. Nega sal kunda qaytib ketaman, deb gapirdiykin? Bu esi past dadang nimaga bunaqa dediykin? Yo meni sinash uchun atay aytdimikin? Gapir, gapirsang-chi, mittivoy! G‘ala-g‘ovur shaharga ketasanmi yoki mana shu tinch, osuda adirda men bilan qolasanmi? Mana bu bog‘ni ko‘ryapsanmi? Hov, anavi baland tog‘larni-chi? Ha, barakalla. Endi bularning hammasi o‘zimizniki, bolam. Ularga ko‘z-quloq bo‘lmasak, asrab-avaylamasak, nima bo‘ladi? Ie, Burgutvoy havoga ko‘tarilibdimi? Qara, ko‘ryapsanmi? Ana, huv, ana. Lekin… sal bezovtami, deyman. I-i, sherigiyam chiqib olibdi-ku. Nega bolasini yolg‘iz qoldirdi ekan? Yo senga o‘xshab ularning ham qorni ochdimikin? Onangni chidolmay oldimizga kelayotganiga qaraganda uyam sening ochiqqaningni sezganga o‘xshaydi. Bo‘pti, qani, yur-chi, bo‘lmasa”.
Rayhon o‘g‘lini olib o‘zlariga ajratilgan chaylaga kirib ketdi. Qurbon aka dasturxon yozilgan supaga kelib o‘tirdi. Ishtahasi yo‘qligidan, biqiniga yostiq tiradi. Keyin necha yillardan buyon Bobotog‘ni makon qilgan Burgutoyga termildi. Uning goh pastlab, goh balandlab uchishini, ba’zida tanish ovoz chiqarib qo‘yishini sal xavotirlanib kuzata boshladi. Boyaqish o‘tgan yili bolasidan ayrilib, alamzada bo‘lib ancha uchib yurdi. Bir joyda qo‘nim topolmay o‘zini tog‘dan toqqa urgani-chi? Tinchlanguncha atrofdagi jonzotlarni ancha halak qildi. Hartugul bu yil polapon ochib, yana xotirjam parvoz qila boshladi. Nechta ochdiykin? Bolasi qanot chiqarib qolgandir?
Dasturxonga nigohi tushib, bir piyola choy quydi. Biroq xayoli o‘g‘liga ko‘chib, ishtahasi yo‘qoldi. “Bu yerda ko‘p qolmasmish. Shaharda yashasa, xuddi o‘qishga kirib ketadiganday gapirdi-ya. Nimasiga ishonyapti bu bola? Ishlab qorniga, ijarasiga pul topadimi yoki o‘qishga tayyorgarlik ko‘radimi? Rostdanam tushunolmay qoldim. Hali kelsa, jiddiyroq gaplashaman shekilli”.

* * *

Kechqurun suhbat uchun umuman imkon bo‘lmadi. Kiyimlarini apil-tapil almashtirgan Ergashali qishloqqa tushib ketdi. Sinfdoshi uylanayotgan ekan, bormasa bo‘lmasmish. O‘g‘lining ortidan qarab qolgan Qurbon aka balki to‘y uchun qaytib kelgandir degan o‘yga bordi. Ijara bandligini bahona fahmlab, boshini sarak-sarak qilganicha televizor ko‘rish uchun yonboshladi.
Ertalab o‘g‘lini egarlangan ot ustida ko‘rib gapirishga yana botinolmadi. Erkaklik tusi urayotgan Ergashaliga ot juda yarashib turardi. Ularga qaragan odam “Ot – yigitning qanoti” degan maqol naqadar to‘g‘ri aytilganiga yana bir bor amin bo‘lishi aniq. Shundoq o‘ktam yigitning ra’yiga qarshi borging ham kelmaydi. Buning ustiga adirma-adir qo‘y boqish uzoq safarga chiqish bilan barobar. Yo‘lga otlangan odamning dilini bilib-bilmay og‘ritib qo‘ysang, ishi yurishmasligi mumkin. Xudo ko‘rsatmasinu mabodo biror xatarga yo‘liqsa, bir umr afsus-nadomatdan qutulolmaysan. “Keyingi pushaymon – o‘zingga dushman”, deb bekorga aytilmagan axir. Marhum dadasidan eshitgan pand-nasihatlar xayolidan o‘tib, ortiqcha gap qilib o‘tirmadi: “Bo‘pti, yaxshi borib ke. Omadingni bersin”.
Tushdan keyin osmonda yana tanish qushlar paydo bo‘ldi. Diqqati bo‘lingan Qurbon akaning qo‘li ishga bormay qoldi. Burgutlarning shiddatli parvozi ko‘nglini xijil qildi. Nima bo‘ldiykin ularga? Kechayam bunchalik be­zovta emasdi-ku? Yoki iniga birortasi tahdid soldimikin-a? Biroq qoyaga chiqish har kimning ham qo‘lidan keladigan ish emas. Balki ilondir deyishga odamning tili bormaydi. Chunki burgut tog‘u toshdagi har qanday tajovuzkor ilondan qo‘rqmaydi. Unda burgutlarning tinchini buzishga kim jur’at qildiykin? Bu qadrdon qo‘shnisining halovati yo‘qolib, nega chir aylanib uchyapti?
Qurbon aka otga minib Bobotog‘ tomon borsammikin, deb taraddudga tushib qoldi. Egar-jabduqni endi qo‘liga olgandi, birdan xotini yuz ochdiga ketgani miyasiga urildi: attang! Chor-atrofga najot bilan termildi. Anchagacha ham hech kimdan darak bo‘lmadi. Shunday paytda Olapari yonida bo‘lmaganiga afsuslandi. Uni bemalol qorovul qilib tashlab ketishi mumkin edi. Tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan odamday hafsalasi pir bo‘ldi. Qo‘lidagi narsalarni joyiga tashladi. Kechadan beri bir joyda turib qolgan Tolmas bu holatdan jahli chiqqanday yer depsindi. Qurbon aka: “Nima qilay, chorasizman” – deganday qo‘llarini yoniga shapillatib urdi.
Bobotog‘ tepasida bir juft burgut hamon charx urib uchardi. Kelinning o‘zini qoldirishga ko‘ngli bo‘lmagan Qurbon aka joyida o‘tirolmay qoldi. Xotini hali-beri kelmasligini bilib, battar achchiqlandi. “Shu xotinlarga ham hayronman, – dedi o‘z-o‘zi bilan gaplashib. – Bir gapga tushib ketishsa uyi borligini ham unutib qo‘yishadi”. Ter bosgan peshonasini artarkan, birdan bekorga jahl qilayotganini anglab qoldi. Bu tog‘u toshda, o‘tovda hayot kechirishning o‘zimi? Xotini bechora shunaqa paytlarda bir yayrab olmasa, qachon yayraydi? Xudoga shukrki, kelin olib, ayniqsa, nevara ko‘rib bag‘ri-dili ochilgan, ba’zida shu kengliklarga ham sig‘may ketadi. Mayli, to‘yga bormaganga yarasha, yuz ochdida bemalol o‘tirib kelsin. Anov gaplar chin bo‘lib, kelin ham shaharga ketib qolsa… yuragi yana yarimta bo‘lib qoladi. Xuddi anavi bezovta burgutlar misoli o‘zini qayerga qo‘yishni bilmay qolsa kerak. Boyaqishga qiyin bo‘ladi-da.
Qushlar o‘tovga ancha yaqin kelib uchishi Qurbon akaning xayolini bo‘ldi. Odatda ular o‘tov tepasiga kamdan-kam kelishardi. Ha, oxirgi marta qachon kelganini esladi. Chaqaloq ovozi qir-adirlarda aks-sado berganda ularni shu yaqin-atrofda ko‘rgandi. Go‘yo qutlagani kelishganday ancha parvoz qilib qaytib ketishgandi. Qurbon aka yanglishmasa, o‘sha kunlari ularning polaponlari ham ko‘z ochgandi. Burgutlarning hozirgi xatti-harakati o‘sha paytdagi sokin parvozga sira o‘xshamas edi. Ovoz chiqarishlari ham bo‘lakcha. Go‘yo boshlariga xatar tushganday, undan ogoh etmoqda. Yoki tog‘da qandaydir yov o‘rmalab yuribdi…
Qurbon aka qo‘l-oyog‘i ipsiz bog‘langan odam degan naqlning mohiyatini ana endi to‘liq tushungandi. O‘ziday nochor ahvolga tushib ko‘zlagan manzilga keta olmagan odam aytgan ekan-da, deb fikr yuritdi qo‘rg‘on atrofini aylanar ekan. U shu zaylda bot-bot tulporining yoniga kelib qolar va egarga ko‘z tashlab qo‘yardi.
Burgutlar bu yerda hech qanday najot yo‘qday birdan g‘oyib bo‘lishdi. Ammo kechga yaqin negadir podaning ustida aylanib uchib o‘tovga yaqinlashishdi. Ulardagi bu jur’atni ko‘rib Qurbon aka yana taajjubga tushdi. Ular endi bezovtalanib qanot qoqishmas, bir-birini ta’qib ham qilmas edi. Tinch va sokin parvoz Qurbon akaning ko‘nglidagi g‘ashlikni biroz aritsa-da, necha yillardan buyon qadrdon bo‘lib qolgan bu qushlarning jimgina o‘tovni kuzatishlari allanechuk g‘alati tuyulayotgandi.
O‘g‘liga razm soldi. Ergashali odatdagiday sipo edi, ammo qattiq toliqqani bilinib turardi. Qurbon aka otga nigoh tashladi. Jonivor yaxshigina dam olgan chog‘i, charchoq alomatlari sezilmasdi.
– Burgutlar bugun juda bezovta bo‘lishdi-da, ini atrofida begona odamga ko‘zing tushmadimi?
Ergashali bu savolni kutgan shekilli: “Yo‘q, ko‘rmadim”, – deya xotirjamlik bilan javob qildi. Biroq qo‘y-qo‘zilarni qo‘raga qamarkan, ko‘z qirini otasidan uzmadi.
– Qorong‘i tushib qoldi, qaytishsa bo‘lardi.
– Haydab yuboraymi?
– Ular odamzodning gapiga quloq solmaydi, o‘g‘lim.
– Miltig‘ingiz bor-ku.
– Nima, ularga o‘q uzmoqchimisan?
– Qo‘rqitsak, qaytib ketisharmidi, deyman-da.
– Ana, ketishyapti.
Darhaqiqat, bu paytda bir juft burgut o‘tovdan uzoqlasha boshlagan edi.

* * *

– Xo‘p desangiz, bugun ekin-tikinga qarasam, – dedi Ergashali yuz-qo‘lini shoshilmasdan yuvib kelgach.
– Hm, charchadingmi?
– Onamga ham qarashay-da. Toshkentga ketib qolsam…
– Shunaqami? – deya xotinining yuz-ko‘zida paydo bo‘layotgan ma’noli ifodalardan bir nimalarni uqqan Qurbon aka belini mahkamroq bog‘ladi. – Mayli, onangga qarash, ekin-tikinlarni epaqaga keltir. Ishqilib, bugun-erta ketib qolmaysanmi?
– O‘tovdagi ishlarni tugatay-chi.
– Bo‘pti, men ketdim. Iyi, polvonim bilan xayrlashmadim-ku. Bor, olib chiq!
Qurbon aka nabirasini qo‘lga olib erkalatdi. Shop mo‘ylovini jajji qo‘llariga ishqab kuldirdi. Bu orada o‘g‘liga yuzlanib, shu quvonchni bizdan olib ketmoqchimisan, deganday boshini sarak-sarak qildi. Keyin nari ketarkan, ichidagini baribir gapirdi.
– Bu polvon shaharning bolasi emas. Anavi erkin burgutlardek shu keng qir-adirlarning, osmono‘par tog‘laring shunqori bo‘ladi. Sening yo‘lingni to‘smaymanu ammo bu pahlavonni olib ketib qolma. O‘qishni bitirsang, u yog‘i bir gap bo‘lar.
Ergashali gap orasida burgutlar degan so‘zdan keyin xayoli chalg‘ib, pahlavonni polapon deb eshitganday bo‘ldi, tezda boshini egarkan, yer ostidan toqqa qarab qo‘ydi. Dadasi sal uzoqlashgandan keyingina yengil nafas oldi.
Tushga yaqin Sarvixon aya: “Dadangga ovqat tashlab kelay”, – degan bahonada yoshlarni xoli qoldirdi. Ona farzandining dilini sezadi, kelinning harakatlaridan niyatini biladi. Axir u ona-da.
Emin-erkin qolgan yoshlar bir-birining diydoriga to‘yishdi. Keyin ozroq tamaddi qilgan bo‘lishdi-da, yana o‘tovga oshiqishdi. Ichkari issiq va dim bo‘lgani bois, chaqaloq injiqlik qila boshladi. Rayhon bolani tutning soyasidagi belanchakka solish uchun tashqariga olib chiqdi. Nimadir yodiga tushib, o‘g‘ilchasini supachaga yotqizdi-da, yana ichkariga oshiqdi. Go‘dagining oyoq-qo‘llarini yaxshilab yo‘rgaklab qo‘ymasa, qimirlab uyg‘onib ketishi mumkin. Mahkam yo‘rgakda bola tinch va uzoq uxlaydi.
Ergashali darrov qaytgan xotinini bag‘riga tortdi.
– Bolani hali yotqizmadim.
– Bo‘laqol, jonim.
Rayhon ko‘zlari yumilib ketayotgan chaqalog‘ini yuzlaridan o‘pib-o‘pib yo‘rgakladi, endi belanchakka yotqizmoqchiydi, belidan bog‘laydigan bog‘ichni olmagani yodiga tushdi. Belanchakni o‘rtasidan bog‘lamasa bo‘ladimi?
– Keldingmi, asalim.
– Birpas sabr qilsayiz-chi. Xayolimni o‘g‘irlaysiz-a.
– Hm, yana nima?
– Bog‘ichni olmabman-ku. Belanchakni bog‘lashim kerak.
– Bo‘pti, bo‘pti. Boraqol. Ha, to‘xta, bilasan-a, yaqin kunlarda seni shaharga olib ketishimni. Yaxshi bir joyni ijaraga olib maza qilib yashaymiz, – dedi Ergashali xotinining yelkasidan quchib. – Bu tog‘u toshlarda tentirab yurmaymiz. Biz boshqacha yashaymiz!
– Avval o‘qishga kirib oling-chi.
– Mana ko‘rasan, bu yil albatta, kiraman.
– Bo‘pti, hozir kelaman.
– Shoshma, bir o‘pib olay.
– Bola tashqarida qoldi.
– Ke, kelsang-chi!
Ergashalining baquvvat qo‘llaridan chiqib ketish oson bo‘lmadi. Erining issiq bag‘rida Rayhonning ko‘z o‘ngidan hamma sharoitlari bor shinam xonadon o‘tdi. Qanday yaxshi! Kirni mashina yuvsa, gilamni chang yutgich tozalasa, suv isitmasa, yozilgani tashqariga chiqmasa. Birgina yumush – ovqat tayyorlashgina qolarkan-da unga. Erib ketdi. Ergashalining otash bo‘salari unga porloq kelajak hadya qilardi…
Bir payt Rayhonning chinqirig‘i butun borliqni tutdi. Tog‘ning baland qoyalariga urilib aks-sado berdi. Nafasi ichiga tushib ketgan Ergashali tashqariga otilib chiqqanida xotini dod solganicha qandaydir bahaybat qushning ortidan chopib borardi. Bir payt boshidan ro‘moli uchdi, sochlari to‘zidi, qadamlari tezlashdi. Baqiriq borgan sari ham kuchayar, ham pasayar edi.
“Bu urg‘ochi burgut-ku! Nima, u o‘g‘limni olib qochdimi?”
Ergashali Rayhonning: “Bolamni qaytar! Qaytar deyapman senga!” – degan nidosini endi angladi. Mudhish hodisa ro‘y bergani miyasiga urganda tamom bo‘ldi. “Qasos!” U kechirilmas xatoga yo‘l qo‘yganini tushunib yetganida bo‘g‘zidan ana shu birgina so‘z otilib chiqdi.
– O‘ldiraman! O‘ldiraman, bolamni joyiga qo‘y! – deya baqirdi Ergashali. Uning ham g‘azab, ham o‘kinchga to‘la ovozi uzoq-uzoqlarga yetib bordi.
Rayhon birdan to‘xtab, orqasiga o‘girildi. Erining tahlikali baqirig‘i uni shunga majbur qilgandi. Ergashali gandiraklab o‘tovga kirib ketdi. Bag‘rini tig‘layotgan yosh onaning ko‘ngli yana bir dahshatli hodisa ro‘y berishi mumkinligini sezdi chog‘i, endi ortiga qarab chopdi. Yiqilib tushdi, ammo bunga e’ti­bor qilmadi. Oyoqlari qiyshayib ketsa-da, chopdi, uning birdan-bir maqsadi tezroq o‘tovga yetib kelish edi. Bu paytda ko‘zlari qonga to‘lgan Ergashali qo‘lida qo‘shotar bilan o‘tovdan chiqdi. Vaqtni boy berishni xohlamadi, otmasa, burgut uning o‘g‘lini qoyadagi iniga olib ketadi. Tipirchilagan bola u yerdan tushib ketishi mumkin. Shuncha balanddan qulagan chaqaloqning tirik qolishi… yo‘q, u toshlarga urilib, nobud bo‘ladi. Undan ko‘ra qushni yaralagani ma’qul. O‘ljadan ayrilishni istamagan burgut go‘dakni tashlab yubormaydi. Asta biror yerga qo‘nadi. Xayolidan yashin tezligida o‘tayotgan bu fikr uning nazarida to‘g‘ri edi. Mo‘ljalga oldi. Otdi, ammo shu on kimdir qo‘llariga tirmashdi: o‘q xato ketdi.
– Otmang! Aslo ota ko‘rmang! O‘q bolamga tegsa nima bo‘ladi? Uni o‘z qo‘llaringiz bilan o‘ldirmoqchimisiz?
– Nari tur!
– Otmaysiz!
– O‘ldiraman bu gazandalarni! Tuxumini quritaman!
Er-xotin tortishar, burgut esa shiddat bilan qoyadagi ini tomon uchib borardi.
– Miltiqni menga bering! Boring orqasidan, bolamni olib keling!
– Bolani qoyadan olib tushib bo‘lmaydi.
– Men bilmayman, boring, boring dedim sizga!
– E-e.
– Bo‘lmasa, o‘zim boraman! Qayerdaligini aytsangiz, bas.
Ergashali nima qilarini bilmay qoldi. Burgut undan qasos olgandi. U ikki kun toqqa qanday chiranib chiqib, uning bolasini o‘g‘irlagan bo‘lsa, qushchaning onasi ham shunday yo‘l tutgandi. Jonga jon bo‘ldi: o‘ch olindi. Bundan bexabar Rayhon yirtqich qushlarni qarg‘ashga tushdi. Bu yerga kelin bo‘lib tushganiga afsus-nadomat cheka boshladi. Bolasiga bir narsa bo‘lsa, hammayoqni ostin-ustun qilib tashlashini aytganda Ergashali chidab turolmadi, miltiqni o‘tov tomonga uloqtirdi-da, qoya sari yo‘lga tushdi.
– Hoy, otga minmaysizmi?
Ergashali xayolini yig‘di, darvoqe, tulpori bor-ku. U otga egar urib o‘tirmadi. Bir sakrab ustiga mindi-da, endi oyoqlari bilan biqiniga niqtagan edi, dadasiga ko‘zi tushdi. Rayhon qaynotasini ko‘rib, o‘kirib yig‘lab yubordi.
Nima hodisa yuz berganini ko‘rgan Qurbon aka o‘g‘lining yo‘liga g‘ov bo‘ldi. Ergashali otni arang to‘xtatib qoldi. Dadasining g‘azab to‘la nigohlariga chiday olmay boshini xam qildi.
– Bolasiga tegindingmi?
Ergashalining tili aylanmadi.
– Sendan so‘rayapman, yaramas!
Ergashali zo‘rg‘a boshini qimirlatdi. Shu ishorani kutib turgan Qurbon aka o‘g‘liga yaqin keldi-da, qarsillatib shapaloq tortib yubordi. Ot hurkib ketdi, Ergashali o‘mbaloq oshib yerga quladi.
– Ko‘rnamak! Kimga sotmoqchi bo‘lding? Nega katta gapirib qoldi desam, gap bu yoqda ekan-da.
– Ota, kechiring meni, pulga qiziqib… – Ergashali o‘rnidan turib dadasining oyoqlariga yopishdi.
– Pul desa vijdoningni ham sotasanmi?
– Jon ota, bilmay qoldim, sizdan yolvorib so‘rayman, bolamni qaytaring!
– Sen menga emas, anavi burgutlarga yolvor, ahmoq!
Ergashali bunday qarasa, xotini tepasida turibdi. Qo‘lida qo‘shotar. Ko‘zlari qinidan chiqib ketgan er bir otasiga, bir nafrat bilan tikilib turgan Rayhonga qaradi.
– Nima qilyapsan? E-e-esing joyidami?
– Agar bolamni tiriklayin olib kelmasangiz… sizni ham, o‘zimni ham otib tashlayman!
Qurbon aka xotinini suruv oldida qoldirib kelib to‘g‘ri qilganini tushundi. Bu ko‘rgiliklarga guvoh bo‘lganida chidarmidi, boyaqish. Kelinida paydo bo‘lgan jur’at Qurbon akani sergaklantirdi.
– Polaponni qayerga yashirding?
– Tepalik ortidagi daraxt kovagiga.
– Bor, opke!
Ergashali otga qamchi bosdi. Qurbon aka muloyim gapirib, kelinning qo‘lidagi qurolni oldi. Qayerdadir chaqaloq ovozi eshitilganday bo‘ldi. Rayhon boshini changallab yana dod soldi. Keyin yo‘lga tushgan qaynotasiga ergashdi.
– Yo‘q, siz shu yerda kuting.
– Bormasam bo‘lmaydi. Burgutlar bolamni tilka-pora qilib tashlagan bo‘lsa-chi? – tizzalariga mushtladi kelin.
– Ular vahshiy emas, qizim. Polaponini ko‘rishsa… qaytib keladi. Mana ko‘rasiz, nabiramga ziyon yetkazishmaydi.
– Xo‘p, ota. Boring, boraqoling, bo‘lmasa.

* * *

Ergashali polaponni qoyaga olib chiqmoqchi bo‘ldi. Qurbon aka unamadi. Baland tepalikka ko‘tarilib, yerga oq choyshab yoydi va uning o‘rtasiga borib qanot chiqarib qolgan qushchani ikki qo‘llab uchirib yubormoqchiday boshi uzra bir necha marta havolatdi, lekin erkiga qo‘ymadi. Ochiqqan qushcha ota-onasini qidirganday noliy boshladi. Uning g‘azabkor ovozi asta kuchaydi. Qurbon aka qoyalardan ko‘z uzmas, bir zum jim qolgan polaponni yuqoriga ko‘tarib, jahlini chiqarishda davom etardi.
Ana, havoda bir emas, ikki burgut ko‘rindi. Qurbon aka vaqt bo‘lganini ang­ladi va polaponni choyshab ustida qoldirib, pastga tusha boshladi. Qushlar ovozni tanigan edi, shunday bo‘lsa-da, tepalikka qo‘nishga shoshilmadi. Obdon aylanishdi, hech qanday xavf yo‘qligiga ishonch hosil qilgandan keyingina erkak burgut birinchi bo‘lib bolasining oldiga tushdi. Lekin choyshab ustiga chiqmadi. Polapon qanot silkib joyida turaverdi. Shunda qandaydir ovoz chiqardi, aftidan bolasini yoniga chorladi. Bu holdan ona burgut xavotirlandi chog‘i, pastlab uchib keldi-da, qanotlari bilan polaponni nari surdi. Choyshabdan tushgan qushcha ikki-uch qadam tashladi. Xuddi shu paytni poylab erkak burgut panjalarini ishga soldi: bolasini changallab osmonga ko‘tarildi.
Qurbon aka yengil nafas oldi.
Ergashali qoyaga tikilganicha dong qotib turaverdi.
– Ketdik!
– Qayerga?
– O‘tovga.
– O‘g‘lim-chi?
– O‘g‘ling ishonchli joyda.
– Dada! Hazilning vaqtimi, hozir?
– Bola o‘g‘irlatish qalay bo‘larkan?
– Dada! Mazax qilmang, iltimos. Men hozir…
– Qayoqqa?
– Qoyaga chiqib…
– Burgutlarning uchta ini bor, qaysi biriga chiqasan?
– Hozir qorni ochib yig‘lay boshlaydi. Shunga qarab, qayerdaligini bilib olaman.
– Shu yerdan qimir etma. Kut! Men suruvning oldiga ketdim. Onang ta’zirini yegandir.
– Nimani kutaman? Qachongacha kutaman? – so‘radi Ergashali otga minayotgan dadasidan jahli chiqib.
– Burgutlar bolangni olib tushgungacha.
– Olib tushmasa-chi?
– Ular senchalik bag‘ritosh emas.
– Dada!
– Nima, dada? Shaharga ketganidan ko‘ra… qoyada unib-o‘sganiyam ma’qul menga.
– Yo‘q, uni olib tushmasam bo‘lmaydi. Mana ko‘rasiz, hali zamon keliningiz ham yetib keladi. Men chiqmasam… u o‘zini qoyaga otadi. Bu yerda qo‘l qovushtirib o‘tiraversam, ikkovidan ham ayrilib qolaman.
Ergashali shunday deb yig‘lab yubordi.
– Mayli, yig‘la-siqta. Ammo yarim soat joyingdan qimirlama. Men tezda qaytib kelaman.
Qurbon aka suruv tomon ot choptirib ketdi. O‘g‘lining o‘kirib yig‘lashiga yuragi ezilsa-da, ortiga qaramadi.

* * *

Anchadan keyin osmonda tanish burgut ko‘rindi. Biroq uning changalida yo‘rgaklangan bola ko‘rinmadi. Ergashalining ko‘zlari tinib, boshi gir aylana boshladi. Tomog‘i qurib, og‘ir-og‘ir yutindi. Tizzalab olganicha qoyaga tikildi, tikilaverdi. Endi unda birgina ilinj qolgandi: hademay inida qolgan urg‘ochi burgut parvoz qiladi va uning o‘tkir panjalarida yo‘rgak bo‘ladi…

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 10-son