Bir mung keladi, qadimlardan to‘g‘ri chiqib, ko‘kragimni qiyib o‘tganicha ertangi kunimga tortilib turadi bu ingichka sim dor. Bolalik kunlarim shu dorga tizilgan.
Oyim, tizzalarida tikish, nigohlari igna teshigidan o‘tib, uzoq-uzoqlarga – qizliklari o‘tgan uzoq tog‘dagi Garasha degan qishloqqa ketib qolgan. Og‘ir so‘lish olishlaridan bilaman: e-e, toshqo‘rg‘onda turar edik, bir yong‘oqlar bor edi, bir yong‘oqlar! Xayolimga haybatli tog‘lar keladi, sharqiragan soylari bo‘yi quyuq yong‘oqzor. Oyim bir kuni suv olishga tushsalar, bir odam osmonga shoxalab ketgan shunday yong‘oqning tagida unga qarab turib: “E-eh-he! Aqqol solibdi bu!”, degan ekan, shig‘il solib turgan yong‘oq bechora shu zahoti o‘rtasidan qars ayrilib, sinib tushibdi. Ko‘zi shunaqa yomon odam, bir narsaga tikilmasin, to‘g‘ri bo‘lgani odammi, hayvonmi, o‘zicha o‘ysiz o‘sib yotgan daraxtmi, nima bo‘lmasin, shikast yetar ekan. Yaxshi ham ko‘zi yong‘oqqa tushgan, oyimga qaramagan, qaragandami, Xudo ko‘rsatmasin, oyim ham, men ham bu yerda shunday o‘tirmagan bo‘lar edik deb, necha-necha yillar oldingi xavotirdan endi seskanaman. Qo‘rqqanidan yelkasidagi obkashga ilingan satildagi suvgacha dir-dir titrayotgan kichkina qiz ko‘z oldimda kelib, Garashaga, oyimning o‘sha yoshliklariga tushib borib, ko‘zlik odamdan qo‘rigim keladi.
Oyim Garashani gapirishdan oldin bir chuqur nafas olib oladilar-u, meni bu yerda qoldirib ketadilar. Garashani gapirayotganlarida egilib pastdan ko‘zlariga qarayman: yig‘i yo‘q, yig‘lagani yosh qolmagan.
Bugunlarga kelib bilaman, yig‘laydigan ko‘ngillarini o‘sha Garashaga qo‘yib kelganlar, bu ko‘ngil qo‘l bo‘shab, tinchini topgani chog‘lari “hiy-y” degan so‘zsiz faryod bo‘lib izlanadi, yillarning tax-taxidan sizib o‘tib kelib, mening ham yuragimni simillatadi.
Samarqand uch yuzu oltmish dara,
Ko‘rmadim hech bir odami dusara…
Matalmi, qo‘shiqmi, xirgoyimi, nimaligini bilmayman, boshqa davomi yo‘q. Oyim menga meni ko‘rmay bir qarab qo‘yadilar. O‘zimni keraksiz, begona sezib, yuragim shuvillab ketadi. So‘rashga tilim aylanmaydi. Bilaman, e-e, bolam, odamzotning bir gapi-da bu ham, deb qo‘yadilar, xolos. Ichimga g‘ulg‘ula kirib, oyimga shu o‘tirishimda qarab turib, o‘zim ko‘rmagan Samarqandning kungurali qoyalari ustidan uchib o‘tayotgan bo‘laman, pastdagi daralarda olomon shovqinlaydi, g‘ovir-g‘uvurda otim ham umid bilan chiqib turadi, shu uchgan ko‘yi yuragim taka-puka, odami dusaraning iziga tushganman, uni izlayapman-u, uchratib qolishdan qo‘rqaman; kallasi ikkitami yo orqa-oldi ham bet bitta boshmi deb ko‘z oldimga keltirolmay ham g‘am bosadi. Uning yo‘qligini, ming izlasam ham uchratmasligimni bilib, izlash vahmidan qutulgim kelmaydi, shu vahmda uchish nimadir mardlik ham berib, oyimning himoyasida kezaveraman.
Ko‘p uchganman o‘zim ko‘rmagan Samarqandning ustida.
Toshqo‘rg‘oni qanaqa bo‘lsa, uylari ham toshdan tiklanib, baland devorlar bilan o‘ralganmikan? G‘aziramizdagi uylar xomg‘ishtdan quriladi yo sinch. Imoratlarning qo‘shoshyonligi yo‘q. Chiqib bahorikordan qarasa, hammasi ustiga g‘ubor yoyilgan ko‘klikka ko‘milib ko‘rinadi. G‘ubdin tog‘imiz yetti chaqirim narida, qorlar birinchi o‘sha yoqqa tushadi, lekin qishda turavermaydi, har qancha yoqqani ham ko‘klamning boshiga yetmay erib ketadi. O‘ynagani chiqqanda burgut-murgut degan narsalarni ko‘rmaganmiz. Arxar bo‘lgan deyishadi, lekin bu ham mahovat, hamma tog‘da bo‘ladigan ayiqning urug‘i ham yo‘q. Hay, nomiga kakligi bor, odamlar tutib, to‘rqovoqda sayratib qo‘yganini eshitib qolamiz. Tog‘imizning nari yoqlari ichkarilab ketgan, juda katta deb gap qilishadi, ammo bu yoqdan, G‘aziramizdan kul bosgan tepalik misol ko‘rinadi. Tog‘ oti bo‘lgandan keyin qo‘r to‘kib tursa, unga qaraganda ko‘ngling ko‘tarilib ketsa-da.
He-e, bu yoqda siqilishdan boshing chiqmaydi. Oyim ustimda qarchig‘aydek qanot yozib olganlar: hay bolam, u bilan o‘ynama, bu bilan piyola alishma, xom suv ichma, oftobaning oftobda qolganiga qo‘lingni ham yuvma, terlab Qipchoqariqqa tushma, nahor uydan och chiqma, bir tishlam non bilan bir piyolagina choy esingda tursin, yo‘talsang jon qoladimi menda, tirishma gapimga, achchiqchangdan o‘rgildim… seni odam qilguncha o‘zim o‘lib bo‘lamanu…
Tugamaydi! Qaqshashga meni ataylab tuqqanlar, tergab tolmaydilar. Ha, qo‘ymang, deb baqirib ham beraman, yer tepaman, araz qilib sakrab turaman, dalaga ketib qolaman. E tavba, o‘zimda es yo‘qmi! Axir, o‘ynamaymi hech kim bilan, maktabga bormaymi, to‘yga kirmaymi! A, u odam ayirib o‘tirmasa, bir doridimi, keyin tamom, bu bola yaxshi bola, ovqatdan oldin qo‘lini yuvadi, qo‘lini kasali borlar bilan bir tovoqqa uzatmaydi, piyola alishmaydi deb qo‘yib qo‘ymaydi, olib ketaveradi. Oyisining aytganini qiladimi, qilmaydimi deb so‘rab o‘tiradimi!
Lekin oyimdan kun yo‘q, juda oshib tushadilar – suvga tuyilib qolsam ham yuraklari yoriladi!
Musallam men tengi, hamsoyamiz, oramizda bitta uvat, ularning oshkadisi palagi biznikiga o‘tib tugadi, olmurudimizning yarim shoxi ularnikiga solingan, dasturxon ustida ikki uy bir-birimizni ko‘rib o‘tiramiz, o‘rtada ol tovog‘im-ber tovog‘im. Oyim o‘zlari Ziynat xola bilan gurung qilib, bemalol piyola almashib o‘tiradilar-u, menga kelganda, hay, u yoqqa o‘tma, o‘ynama shu Musal bilan, deb shivirlab ular yoqqa chimrilaveradilar. Qattiq shivirlaydilar, baqirgandan ham battar: kasal bo‘lmasa ham odam qo‘rqib ketadi.
Musallam bilan bir sinfda o‘qiymiz. Bolaligimizda ko‘p birga o‘ynar edik. Keyin bir-birimizdan sal tortinadigan bo‘ldig-u, lekin maktabdan birga qaytamiz. Qoramag‘izdan kelgan, miqtigina, yugurib charchamaydi, yo‘talib yurganini ham bilmayman, shunga otasidan kasal yuqmagan deb yurar edim.
Undan ko‘m-ko‘k paxtaning ichida bo‘ynini cho‘zgancha og‘zini ochib qarab turgani chizilgan rasmdek aniq xotira qolgan. Hali maktabga ham bormagan vaqtlarimiz, yashinmachoq o‘ynab yuruvdik. Bo‘yimizni ko‘madigan bo‘liq g‘o‘za, yotib qaramasa, o‘tirib bekingan Musallam ko‘rinmaydi, uni topaman deb ikki egat o‘rtasiga endi boshimni qo‘yganimda birdan g‘iyq-g‘iyq, g‘ichir-g‘ichir bo‘lib qoldi. Sakrab turdim, Musallam yonimda, bu egatda ekan, bo‘ynini cho‘zdi. Ikki tomoni yakkam-dukkam tut yo‘ldan qator arava o‘tyapti, yo‘lning chuquridan faqat aravakashu aravaga bosilgan beda ko‘rinadi, otning boshi silkinib chiqadi, misoli ko‘m-ko‘k ko‘l suvida g‘aram ortilgan ot boshli qayiq karvoni suzib ketayotgandek. Shu anqayib turishimizda qatorning boshida kelayotgan aravakash bizni ko‘rib, shotida tikka turdi-da, qamchinini o‘qtalib, po‘pisa qildi, “Ha, bemazalar! Aytib beraman!” deb baqirdi.
Bekorga tuhmatga qolayotganimizni bilmay, tomoshadan hayron Musallamning o‘sha beayb turishi hozir ham ich-ichimda bir xo‘rsiniq uyg‘otadi. Uning nima bo‘lishini bilib, indamay yurgandek, bilib yordam qilmagandek, nimadir ichimni ezib o‘tadi.
U yettinchi sinfda o‘qiyotganimizda o‘lib qoldi. Qancha xastalandi, Po‘shkinda yotib keldimi, yo‘qmi, bilmayman.. Ertalab uylaridan huvillab yig‘i chiqqanida bor edim, lekin ko‘tarib ketishgani esimda qolmagan. Shu, chiqarish vaqti kelganda oyim meni, bola narsa, ko‘rib yurmasin deb, bor, mollaringga qarab, kitobingni o‘qi, tushga kelmay, Bulung‘urga tushsang ham mayli, deb dalaga ketkizib yuborgan bo‘lsalar ehtimol. Lekin keyin kelib uyimizning orqasiga chiqib, ikki chaqirim u yoqdagi Valibobo mozoratiga tikilib turaverganimni bilaman. Uning to‘p qayrag‘ochlari ustida qandaydir qora sharpalar izg‘igandek, osmon ham burqinib olgan; ichida yotgan o‘liklar kuchanayotgandek do‘mbaygan go‘rlar orasidagi yangi tuproq tagida bosh-oyog‘i oqqa o‘rog‘liq Musallam tepaga qarab yotibdi, lahad qorong‘isida qo‘rquv bosib: “Ustimni ochinglar! O‘lmagan edim! Nimaga eshitmaysizlar!” deb tinmay chinqiradi, chinqirig‘i ustidagi qalin tuproqni teshib o‘tib, qulog‘imgacha yetib keladi, men eshityapman, lekin tinch bir dahshatda qimirlamay turaveraman.
Bu mozoratda molimizni boqaman, pichan qilaman, o‘lik ko‘mganlarida borib qarab ham turganman. Tomoshadan yuragim seskangani bilan, ko‘pchilikning orasida, uncha qo‘rqmaganman. Lekin hozirlari ham izg‘irin alam bilan yuzimga chang solayotgandek, Musallamning bir o‘zi yotgani meni ham tortib ketayotgandek bo‘laveradi.
Oyimning bizni jon halak qo‘rib-qo‘njishlaricha bor edi: ko‘hna kasal Musallamlarning uyidan hammani quritmaguncha ketmadi. Oldin otasini oldi, keyin Musallamni, dardlarda kuygan onasi so‘g‘in yiqildi, yo‘q, orada onaning ukasi, Musallamning katta tog‘asi Bahrom aka o‘tdi (u kishining xotin-bola-chaqasi nima bo‘ldi, yodimdan butkul o‘chgan, lekin ikkita ro‘zg‘or bitta hovlida, Musallamning otasi ichkuyov edi shekilli), so‘ngra hali uylanmagan kichik tog‘asi Hamdam aka ham qaytish bo‘ldi. Bitta besh yoshli Teshani amakisi Eshim kal o‘ziga olgandan keyin, shuncha bolasini yutgan azaxonada g‘am yutib bir boshi bilan Ziynat xolaning o‘zi qoldi. Tarashaday qotgan, kasal ilinadigan eti ham yo‘q pitrak kampir endi yashab ham nima qildim deb, dunyoga qo‘l siltab o‘zi ham ketib yubordi. Tupirkilos obod bir hovlini sekin-sekin odam turmaydigan choldevorga aylantirdi. Eshim kal o‘ziga yangi joy qilganda bu uylarni buzib, bolorlarini olib ketgandan keyin devorlari osmonga angrayib, odamning yuragini uvishtiradigan vahimazor bo‘ldi-qoldi. Bir o‘zim bo‘lsam, tiklab qarashga ham yuragim betlamas edi: kimdir past bir yig‘i tovushi bilan o‘ziga chaqirayotgandek tuyulaverar, bu yig‘i Musallam ham bo‘lar edi. Hovli necha yil tashlandiq yotdi, hamma yerda yuradigan ilon ham chiqmadi bu yerdan, balki shu palakat narsa ham omonatini avaylab bu yerga yaqin yo‘lamagandir.
Asli butun baloning koni kunbotishdagi Po‘shkinda edi. Shamol o‘sha yoqdan turadi, tupirkilos kasallarning yo‘talgan nafasini bizning G‘aziraga olib keladi! Shu zararlangan havo to‘g‘ri o‘pkaga urilib turgandan keyin go‘rga qochasanmi! Sil kasalliklari shifoxonasini qurib qo‘ygan o‘sha yerda, butun tumandan yotqizilgan sillar yo‘talib, ko‘hna kasalni havoga yoyib yotadi. Nimaga bunaqa kasofatxona odamlarning orasida, qishloqning o‘rtasida bo‘lishi kerak? Ovloqroq joy qurib ketganmi? Ana, G‘ubdinning tagidagi Qoraqasmoq, odam turmaydi, daraxtlari ko‘p, sersoya, saratonda ham hur-hur shabada urib, tog‘dan beri yoyilgan bahorikorlarga o‘tib ketadi. Keyin, qadamjoy, yozdan odamlar borib jonliq qiladi, qo‘y so‘yadi, kasallarga ham yaxshi. Qishi qattiq, yozlari qaynab ketadigan past havoli, chang-chung Po‘shkinda pishirib qo‘yibdimi!
Biz tomondan, G‘aziradan turib tikilib qarasa, tupirkilosning shu Po‘shkin yoqdan, o‘rtadagi Istalinning daraxtlari osha imi-jimida siypalib o‘tib kelayotgani ko‘rinib qoladigandek ham tuyular edi.
Lekin nogahonda o‘zi ham lop etib kelib qoladi. Maktabga borsak, oq terakmi-ko‘k terak o‘ynab, koptok tepadigan joyimizda so‘rrayib turgan bo‘ladi-da! Hamma yog‘i, oynalari ham bir xil och ko‘kka bo‘yalgan uzun tobut! Qochib ketishga oyoq ham ishlamay qoladi. Ana, kasali ochilib qolishidan qo‘rqdi, degan gap chiqishi bundan yomon… Qator navbatda turamiz, hamma o‘zi bilan, o‘zining joni tashvishida, atrofga javdiraymiz, bir-birimizga begonasirab mo‘ltiraymiz. Kasal emasman, kirmayman, menga tegmanglar, deb ichimizda izillab yig‘layveramiz, lekin himoyachi yo‘q, otamiz, onamiz bu yerda emas, muallimlarning esa o‘zlari ushlab beryapti. Qorong‘ida qalt-qalt titrab, yalang ko‘kragimizni rentgenning sovuq temiriga tutamiz, g‘ira-shira ko‘rinayotgan xalatli xotinga unsiz yolvorib qaraymiz. Avtobusdan tushgandan, qaranglar, mana, bu kasal chiqdi, ushlanglar, deb yana shu avtobusga tiqib Po‘shkinga jo‘natib yuborishadigandek, g‘irra juftakni uramiz. Sinfda yo ko‘chada nafas rostlab olgandan keyin, do‘xtir xotin hech nima demadi-ku deb, mardligimiz ham tutadi, rentgenga qo‘rqmay tushganimizni maqtanamiz, namoyishga qattiq-qattiq yo‘talib, bu boshqa narsadan deb bemalol izoh beramiz.
Yana bitta emlashlari bor, bu ham qo‘rqitadi-yu, lekin ko‘pchilikning ichida, rentgenchalik emas. Bilakni chizib tilib, achitmaydigan ham bir dori qo‘yishadi: kasalni shunaqa qilib yuqtirib ko‘rishar ekan, agar tilingan joy qizarib shishsa, organizm sog‘lom, qarshilik ko‘rsatyapti; shunaqa gapga juda ishonamiz, organizm nimaligini ham bilamiz, shishmasa – urdi Xudo, Po‘shkinga talabgor, endi boshlanayotgan bo‘lsa, semiz-semiz qo‘y go‘shti, quyruqmoyni uraverish kerak, shunda qaytadi. Kattalarning og‘zidan olingan bu gapga juda ixlos qo‘yganmiz.
Bir kuni nimadir ish bilan Pushkin kolxoziga borganimda o‘sha kasalxonaning oldidan o‘tdim. Dahshat – odamlar yashaydigan joyning o‘rtasiga qurilgan! Gird aylanasi hovlilar, egalari esa yonlarida shunaqa yuqma kasallar borligiga parvo qilmay, bemalol kirib-chiqib turibdi. Ey insonlar, axir, axir… nimaga bu yerda yashaysiz, deb baqirgim keldi, lekin buni o‘zlari ham biladi-ku, qayoqqa ham ko‘chishsin, birov boshqa joyda uylar qurib, tayyorlab qo‘yibdimi, keyin o‘zlari ham o‘rganib, immunitet paydo bo‘lgan, dedim yana ichimda. Immunitetni ham ko‘p gapirar edik: odamda shu kuchli bo‘lsa, mingta kasalning ichida balo ham urmaydi.
Tupirkilos Musallamlarning oilasidan shuncha odamni olib ketib, o‘rtada devor ham yo‘q, xudoga shukr, uyimizdan bittamizga ham ko‘zini tikmadi. Bu endi oyimning g‘ayratlaridan. Endi o‘ylab qoyil bo‘laman, nima qilib bo‘lsa ham bizga kasal tekizmaganlar-da.
Qushda tinim bor, menda tinim yo‘q, der edilar. Ertadan kechgacha ro‘zg‘or bilan tomorqaga fido, ko‘zu quloqlari bizda, katta qidirishlari G‘aziraning bozoriga tushib kelish. Hatto Samarqandga ham bormaganlar. Jinday nafas rostlab, qo‘llariga tikish olgan paytlari Garashani dard qilib qoladilar, uning tosh qo‘rg‘onlari oralab yong‘oq tagida sharqiragan soyida hasratlari oqib ketadi.
Garashani oyim bu yoqqa tushganlaridan keyin qaytib ko‘rmaganlar, shundan u qishloq xayollari kun-kundan chiroy ochib, yong‘oqlari tobora gurkirab, tog‘i ham osmon qadar balandlab ketavergan. Faqat Samarqandda ko‘rinmagan odami dusara to‘g‘risidagi mungli matallarining mag‘zini chaqa olmayman. Nimaga darasi uch yuzu oltmish ekanini haligacha bilmayman. Lekin shuni aytsalar, nimagadir Garashaning tog‘lari menga yaqin keladi, qorlaridan oqib kelgan havoday tip-tiniq suvlar bo‘yida, tosh qo‘rg‘onlarida yashaydigan odamlari yoniga kasal ham chiqa olmaydigandek tuyuladi, o‘sha yoqda bo‘lganimizda oyim menga buncha ko‘p javramagan bo‘lur edilar.
G‘aziraning ko‘kliklari ichida suvga cho‘kkandek yuraman, nimaga qishlog‘imiz tog‘da emas deb ko‘nglim cho‘kadi. G‘ubdinimizning bulut ko‘lankasidek kelbatiga qarab o‘zimni kamsitaman: nimaga buncha past, cho‘qqilari cho‘qqi emas, do‘ngalak, qishdan yoqqan qordan yozda oq qalpoq kiymaydi, shu ham tog‘ bo‘ldiyu. Lekin Garasha! Katta bo‘lsam, oyimni olib boraman, deb shunchalar orzu qilamanki! Ammo katta bo‘lib, o‘zimdan bo‘shamadim, mashinalik bo‘lib, olib borishga imkoni kelgan payti esa oyim yotib qoldilar – armonlari menga qoldi.
Hozirlari shaharda yashayman.
Men turgan joydan tog‘lar ko‘rinmaydi.
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 6-sonidan olindi.