Odam bu dunyoda yolg‘iz emas. Keyin, u faqat yomonlik ichida, yomonlik ko‘rib yashamaydi, uning umr yo‘li yaxshiliklar silsilasidan iborat.
Nuqul yomonlik haqida o‘ylaydigan odam o‘ziga yomonlik qilib yashaydi.
Men bir oddiy odamga uchrab qolganimni qirq yildan beri o‘ylayman. Qirq yildirki, shu odam xayolimdan ketmaydi, bir-ikki marta hikoya yozishga ham chog‘landim, lekin yozsam, xuddi to‘qiydigandek, ataylab bo‘rttiradigandek, ya’ni “badiiy tus” beradigandek bo‘laverdim. Keyin, bu voqeani, baribir, o‘zim hayotda o‘qiganman, shuning uchun o‘zimdan o‘zim ko‘chirmakashlik qiladigandek tuyulaverdi. Endi esimda qolganicha gapirib beraman.
Ming to‘qqiz yuz yetmish uchinchi yili, may oyida harbiy xizmatdan qaytdim, ukam maktabni a’lo baholar bilan bitirgan, hali attestat olganicha yo‘q, lekin uni biron oliy o‘quv yurtiga joylashni o‘ylash kerak, bu tashvish men – akaning zimmasida; keksa otamizning duo qilib o‘tirishdan boshqasiga kuchlari yetmaydi. To‘g‘ri Samarqand pedagogika institutiga bordim, domlam, rahbarimga, universitetda o‘qiganimda aka-uka bo‘lib ketganmiz, dardimni yordim, ukam “otlichniy” bitirdi, shuni kiritishga qarashib yuborsangiz, dedim. Domlam menga bir zum afsus bilan qarab turdi, keyin og‘ir so‘lish olib, a, shu darding bor ekan, fevralning boshlarigacha aytmaysanmi, harbiydan xat yozsang ham bo‘lar edi-ku, endi kech, ro‘yxat… ro‘yxatga ukang, kallasi tilladan bo‘lsa ham, kirolmaydi, umuman, Samarqandga ovora bo‘lma, dedi. Ochiq aytganiga ham rahmat, xay, hujjat topshirsin-chi, ko‘ramiz, deganda aldanib yuraverar edim, Toshkentga kelib, yana Navoiy muzeyida katta (lekin maoshi juda kichkina – yetmish so‘m) laborantlik ishimni boshladim. Kallada bir o‘y, ukamni qayerga joylashtirsam? E-e, to‘xta, Jizzaxda pedagogika instituti ochilgan-ku, rektori tanish, yaxshi odam, aytsam yo‘q demas, men ham bir kuni odam bo‘lib, qilgan yaxshiliklarini qaytararman, degan fikr keldi aqlimga, shu dono aqlimga suyanib Jizzaxga ot soldim.
Juda qizig‘-a, maktabni a’lo baholar bilan bitirgan, rostdan ham a’loga o‘qigan peshqadam o‘quvchining o‘zi institutga kirolmasa! O‘zi kirolmaydi, vassalom! Undan zo‘rlari ham bo‘lgan-da, desangiz, o‘qishga kirgandan keyin shunaqa zo‘rlarni kunduz kuni chiroq yoqib axtarasiz. Qoyilmi? Yo‘q, qoyil bo‘lmay qo‘ygansiz.
Shundoq qilib, yetmish uchinchi yili, iyun oyining boshlarida, ukamning qo‘liga attestat tegay deb turibdi, lekin VUZlarga hujjat topshiradigan mavsum boshlangan, Toshkent avtovokzalidan chipta olib, o‘sha burun qonidek qip-qizil mashhur “Ikarus”ga o‘tirdim. Chiptaga yozilgan joyim oyna tomonda ekan, o‘tira qo‘limdagi kitobni ochdim: Devid Jerom Selinjer, muzey kutubxonasiga yangi kelgan edi, muqovasi to‘q ko‘k, nomi chiroyli zarhal bilan bosilgan qalingina to‘plam. Bir qaragan odam uning bu yerdagi nashriyotlarda emas, Moskovda bosilganini anglaydi. Salobatli kitob, uncha-muncha odamni suri bosadi. Men o‘zi kitobxo‘rman, harbiyda bir hijjalab, bir qayta – ikki marta o‘qigan bo‘lsam ham, yana o‘qigim kelib yurgan edi, boshimni ko‘tarmadim.
Yonimga bir odam kelib o‘tirayotganda o‘rindiq silkindi, qaramay boshimni silkidim, salomim shu bo‘ldi.
Uzoq yo‘lga kitobdan yaxshi hamroh yo‘q, “Nad propastyu vo rji”dan ko‘z uzolmayman. Yonimdagi hamrohim bilan esa yo‘l bo‘yi gaplashmadik, hatto bunday yuziga ham qarab qo‘ymabman. Uka, o‘qiyapsizmi, dedi bir marta, ha, o‘qiyapman, deb g‘udurlab qo‘ydim, ko‘rmayapsizmi degan ma’noda. Jizzaxga yetib borguncha hangomamiz shu bo‘lgan bo‘lsa kerak, chunki sal-pal gurung qurganimizda esimda qolar edi. Borib tushganimizdan keyin ham yoningda o‘tirgan hamrohing kim edi, deb birov so‘rasa, aytolmas edim.
Gap cho‘zildi, uzr, o‘zi asosiy voqea shu, avtobusdan tushgandan keyin boshlandi. Jizzaxga birinchi kelishim, avtobekatdan shaharga qaysi avtobusda borishini bilmayman, shuni bir odamdan so‘rasam, yo‘l bo‘yi yonimda o‘tirib kelgan hamrohim ekan, yuring men bilan, deb avtobusga boshladi. O‘rindiqlarga cho‘kdik, yana yonma-yon, qo‘limda, albatta, kitob. Uka, Jizzaxga oldin kelganmisiz, deb so‘radi yana shu odam. Men yo‘q, dedim. Unda qayeriga, kimnikiga borasiz, bilasizmi o‘zi? – qiziq, unga nima, so‘ramasa turolmaydi, shekilli. Lekin pedinstitut yotoqxonasida turadigan bir muxbir jo‘ramnikiga borishimni aytdim. Bugun uning oldida yotib qolmoqchi, ertaga rektorga uchrashmoqchiman, buni aytmadim. Yotoqxona qayerdaligini bilasizmi, oldin kelmagan bo‘lsangiz, deb yana so‘radi. Bu odam nima, Jizzaxga mirg‘azabmi, muncha surishtiradi, deb ensam qotdi. So‘rab-so‘rab topaman-da, dedimu Selinjerni o‘qiyotganga soldim o‘zimni. U odam yoqtirmaganimni sezdimi, boshqa gapirmadi. Ancha yurganimizdan keyin avtobus to‘xtagan edi, haligi odam o‘rnidan turdi, meni ham turg‘izdi, qani, shu yerda tushamiz, dedi. Yotoqqa yetib kelibmiz-da, deb unga ergashib tushdim. Qarasam, qator hovlilar, odamlarning uylari, mahalla, yotoq bor joyga o‘xshamaydi. Yuring, yuring, deb qistadi bu odam, hali boramiz shu yotoqxonaga. Chor-nochor ergashdim. Ancha yurib, bir uyning darvozasi oldida to‘xtadik… Yo‘q, to‘xtamadik, bu odam darvozani ochdi. Qani, ichkariga, dedi. Men nima qilaman bu yerda deb taysalladim. Uka, bir pasginaga, deb turib oldi bu odam. Obbo, bu yog‘i qandoq bo‘ldi endi deb noiloj kirdim. Keyin, uncha yomon odamga o‘xshamaydi, qo‘lidan yomonlik qilish kelmaydi, lekin, baribir, men begonani nimaga uyiga boshlab keldi, g‘alati.
Hovlisi kattagina, bir chekkadagi bostirma tagida “Volga” – GAZ-21 turibdi, yangi ham, eski ham emas, u paytlari bunaqa mashina bir-da yarim otliqda bor edi, xolos, lekin hovli fayzlikkina bo‘lsa-da, boyvachcha turadigan joyga sira o‘xshamadi – boylik nuqsi urmagan. Mashinasini birov qo‘yib turibdi, shekilli.
Lekin qanaqa bo‘lmasin, o‘zimning nimaga kerakligimni anglamayapman. Odamning kallasiga tayinli bir fikr kelmasa, xayoli ming ko‘chaga kirib chiqaverar ekan. Haligi dono aql ish bermay qoldi.
Xay-e, nima bo‘lsa bo‘ldi deb, ostona hatladim, yana yigit boshing omon bo‘lsa… deb ko‘rpachaga cho‘kdim. Bu odamning ayoli keldi, so‘rashdi, dasturxon yozdi. Sal ko‘nglim tinchidi – eru xotinning muomalasi nimadir xotirjamlik berdi. Lekin kallam tayinsiz o‘ydan bo‘shagani yo‘q, aksincha, ko‘ziga juda katta odam bo‘lib ko‘rindimmikan, biron masalada qo‘llab yuborishni so‘rarmikan yo gazetaga ishi tushib, muxbir jo‘ramga ayttirmoqchimi, begona bir odamni quruqdan quruqqa uyiga olib kirib, dasturxon yozib… qilgan taxminlarimning bittasi ham to‘g‘ri kelmaydi, hatto kulgili, oyligi yetmish so‘m, qo‘lida kitobidan boshqa hech vaqosi yo‘qdan qanaqa katta odam chiqadi, biron narsaga arziydimi o‘zi… Uka, o‘ylanmang, hammasini qilamiz, yotoq pedinstitutning yonida, boramiz ham, do‘stingizni topamiz ham, lekin oldin bir piyola choy ichib olaylik, ho‘ xotin, ataganingni opke, ishimiz zaril, dedi. Ana, endi battar taajjublandim, nimaga boramiz, nimaga ishimiz, bu odam menga qo‘shilib olmoqchimi? Juda g‘alati bo‘lyapti-ku!
Xay, ayolining atagani muzdekkina uvra ekan, issiq kunda, ayni muddao, bir kosadan urib oldik. Endi, mayli, turamiz, dedi aka, xuddi ikkovimizning ham ishimiz bitta bo‘lgandek. Ha, aytgancha, avval tanishib olaylik, mening otim Marlen, yo‘q, boshqa millatdan emas, o‘zbekman, shu, otamiz anuv qama-qama yillari ko‘p azob tortib (shu hozir aniq esimda qolmabdi, bobosi qamalib yo‘q bo‘lib ketganmi, otasimi, ishqilib, repressiyani boshidan o‘tkazgan), hukumatga yaxshi ko‘rinmasam bo‘lmaydi deb, otimni Marks bilan Leninning qisqartmasi qilib Marlen qo‘ygan, sizning otingiz nima, deb so‘radi. Men ham otimni aytdim. Uka, men o‘qituvchiman, dedi Marlen aka, so‘ramasam ham. Bo‘lmasa, uka, hozir yotoqqa borib jo‘rangizni topib kelamiz, dedi. Men ichimda, e-e, xudoga shukur-ey, bu betayinlikdan qutular ekanman-ku, lekin nimaga jo‘ramni topib bu yerga qaytib kelamiz, degan savol o‘tdi, xay, yo‘liga aytdi-da deb, indamadim. Marlen akaga ergashib darvozaga yurdim. Shu yerda xayrlashsak kerak, deb umid qilib, qayoqqa qarab yuraman endi, desam, Marlen aka avval darvozani ochaylik, dedi, xuddi bunda ham bir hikmat bordek. Darvozani ochdik, Marlen aka, bir daqiqa, dedi-da, haligi “Volga”ni haydab chiqdi. Cho‘zilib men tomondagi eshigini ochdi-da, o‘tiring, dedi. E-ha, bu akamiz kirakash ekan-u, zo‘r mijoz deb o‘ylab, qo‘ldan chiqargisi kelmagan, deb bir ko‘nglim oydin bo‘ldi-yu, cho‘ntakda bor-yo‘g‘i o‘n yetti so‘m bilan qanaqa ham mijoz bo‘laman deb, kayfiyat tushib ketdi. O‘sha vaqti xayolan takror-takror hisoblayverganimdan shu o‘n yetti so‘m haligacha esimda.
U vaqtlari xususiy mashina juda ham tansiq. Borda shaldiragan “Moskvich”, “Jiguli”ning hali oti ham chiqmagan, “Volga” GAZ-24”ni endi-endi nufuzli korxonalar olyapti, shaxsiyga butkul yo‘q. Birda-yarim odamda “GAZ-21” uchrab qoladi. Lekin Marlen aka – oddiy o‘qituvchida bo‘lishi mo‘jiza, albatta, kechayu kunduz tinmay kira qilib, pul topib olgan degan sal jo‘yali, lekin tamom sayoz o‘y kallamda o‘rnashib qoldi.
Yotoqqa oborib qo‘ysa, qancha so‘rar ekan? Uch so‘mdir, Jizzax kichkina shahar-ku, xay, uvrani ham qo‘shsak, ustiga ikki so‘m qo‘shib bersam bo‘ladi, shu bilan qutulaman degan xayolda boryapman mashinada.
Yotoqxonaga keldik. Tushdim, Marlen aka ham tushdi, cho‘ntakni paypaslab, besh so‘mlikni tayyorlab kelayotgan edim, lekin qo‘limni chiqaraman desam, Marlen aka parvoiga ham olmay, meni ichkariga boshladi. Yana hayron bo‘ldim, pulni-ku hali aytar, lekin o‘ziga nima bor yotoqxonada? O‘rtoq meniki bo‘lsa, bu odam tanimasa? Qani, jo‘rangizni topaylik-chi, uni ham olib ketamiz, deydi! Yana uyiga borar emishmiz! E-e astag‘firullo, pul berib ham qutulmayman, shekilli! Tavba, uyiga olib bordi, ugra ichkizdi, olib kelib qo‘ydi, katta rahmat, endi xizmatining haqini olib ketavermaydimi!
Yo‘q, ketay demaydi! Oldinga tushib oldi, xonama-xona bosh suqib, jo‘ram yotadigan joyni ham o‘zi topdi. Unga dumdek ilashib yuraverdim. Kirsak, jo‘ravoyning o‘zi yo‘q, uning o‘rnida bir qop-qora tursichan to‘ng‘iz yotibdi, yo‘q, u keladimi, kelmaydimi, men qaydan bilaman, dedi-da, teskari o‘girildi. Shunaqa odamlar ham bo‘lar ekan-ey. Men jo‘ramning kelishini kutib qolmoqchi edim, Marlen aka yengimdan tortib, tashqariga sudradi. Aytgancha, hisob-kitob qilish kerak-ku, qaytib kiraman, deb ergashib chiqdim. Uka, ko‘rdingizmi, a bu odam emas-ku, shuning oldiga tashlab ketamanmi sizni, deydi. E-e tavba, meni tamom o‘ziniki qilib oldimi! Yana ketdik biznikiga, keyin qaytib kelib topamiz jo‘rangizni yo boshqa boradigan joyingiz yo‘q-ku, emish. Esimga tushib qoldi, bor, Ali aka degan odam bilan birga o‘qiganmiz, Hamid Olimjon kolxozida turadi, uyini bilmayman, lekin topib boraman o‘zim, dedim. Shunaqa demaysizmi, topamiz, o‘tiring, dedi Marlen aka chehrasi ochilib. Obbo, yo‘q deyishning sira iloji yo‘q, xay, tavakkal xudoga, nachora, mashinasiga o‘tirmaganga qo‘ymayapti.
“Volga” yo‘lga tushdi. Yana kira pulini hisoblashga tushdim. Hamid Olimjon kolxoziga boramiz, Ali akaning uyini topamiz, bu odam muloyim-xunuk, meni Ali akamga topshiradi-da, endi, uka, “Volga”da yallo qilib kezishning o‘zi bo‘lmaydi, bir hisob-kitob qilib qo‘yaylik, deydi. Bu yog‘i chatoq, Toshkentga qaytishga to‘rt so‘m qolarmikan, Hamid Olimjoni necha kilometr bo‘lsa… Ja noinsoflik qilib katta so‘rasa, birga o‘qiganimizda mendan uch-to‘rt yosh katta bo‘lsa ham oramiz yaqin edi, Ali akadan so‘rab turarman. U paytlari taksida yurish qandayligi esingizdan chiqib ketgan-da. Shaxsiy “Volga”da yurishni chidaganning ham zo‘riga chiqargan edi.
Yo‘l bo‘yi xayolim pulda bo‘ldi, “Volga” g‘ildiragi aylangani sayin cho‘ntakning yo‘q barakasi ham uchib ketyapti. To‘xtatib tushib qolishning, albatta, iloji yo‘q. Marlen akamning avzoi tushganimga qo‘ymaydi.
Anchalar yurdik, necha ko‘chalarni aylanib, Ali akaning uyini topdik. Ali aka uyida ekan, chiqib hayron bo‘ldi, keyin ayanchli iljayib ichkariga manzirat qildi. Yana haligi hisob-kitoblar xayolida Marlen aka bilan xo‘shlashay desam, u ham men bilan kirdi. Endi o‘zim ham besaranjom bo‘lib qoldim. Uy ichi vag‘-vug‘, bolalar yig‘isi kelyapti, oshxonadan quyuq tutun chiqyapti, Ali aka o‘tirib turinglar, ovqatim tagiga olyapti, deb oshxonaga chopdi. Ayoli ko‘rinmadi. Tashvish ustiga tashvish bo‘lib keldim shekilli, ustiga ustak, manavi odam ham eshimchaga qo‘shimcha bo‘lib oldi, ketay demaydi. Yana o‘tirib olib, u yoq-bu yoqqa alanglab boshini chayqaydi, menga ketamiz, deb imo qiladi. Ali aka qaytib kirdi. Ahmadjon, xush kelibsiz, bir otamlashar ekanmiz-da, lekin men manov ikki bolani tinchitib, xotinga bir piyola yovg‘on tashlab kelishim kerak, uch kundan beri u bannitsada, biz – bola bog‘cha, xay, hech bo‘lmasa, bitta choy damlay, deb Marlen akaning biz turamiz, ovora bo‘lmang, deganiga qaramay chiqib ketdi; bolalari shamollaganmi, yo qorni ochgan, tinmay yig‘laydi. Uka, turdik, bu yerda qololmaysiz, ko‘ryapsiz-ku kursdoshingizning ahvolini: bolalariga qarasinmi, xotinigami yoki sizgami, ketdik, dedi Marlen aka. Noiloj, bu odamni yomon ko‘rib qolyapman-u, lekin, baribir, Ali akanikida qololmayman…
Qanday kirgan bo‘lsak, shunday chiqdik. “Volga” yurgandan keyin Marlen aka, endi bo‘ldi, bugun biznikida mehmon bo‘lasiz, dedi. Ha, bo‘ldi, tamom! Bunga pul emas, o‘zim kerakman, shekilli.
Yarim kundan beri bu odam ovora, mashinasi ovora, mening esam kallam ovora, cho‘ntagimni o‘ylab. Bu odamdan qanday qutulsam endi, nima istaydi mendan?! Maqsadi nima o‘zi? Yana uyga olib ketaman, deydi!
Juda bo‘g‘ildim, lekin menga xo‘jayinmisiz, pulimning bori shu o‘n yetti so‘m, shuni oling-da, meni tinch qo‘ying, deb baqirib berolmayman-ku.
Yalindim oxiri: jon aka, yana shu yotoqxonaga boraylik, jo‘ram kelib qolgan bo‘lishi mumkin, kelmasa, uning joyida tunayman. Yo‘q, qanaqa qilib uning o‘rnida yotasiz, yonidagi odamni ko‘rdingiz-ku, deydi.
Yotoqqa borsak, buni qarangki, otini ham aytay, Sulaymon jo‘ram kelgan ekan, quchoq ochib kutib oldi. Bo‘ldi-ey, xudoga shukur, endi Marlen aka yuz so‘m so‘rasa ham qo‘rqmayman. Sulaymon o‘zida bo‘lmasa, yer tagidan topib beradi.
Sulaymon uni tanimasa ham bir piyola choy ichib ketasiz, dedi. Marlen aka ham yo‘q demay o‘tirib oldi. Choy damlandi. Bigizning ustida o‘tirgandek o‘tiribman. Sulaymonni qanday qilib chetga tortib, pul so‘rasam? Kira haqi ham manov yerda elliklarga bordi-yov.
Undan-bundan gaplashgan bo‘ldik. Marlen aka, sezyapman, Sulaymonga razm solyapti. Ha, aytgancha, haligi sovuq qayoqqadir chiqib ketgan ekan. Marlen aka choyni ichib piyolani to‘ntardi-da, endi, ukalar, ikkovlaring ham turinglar, bizning uydan bir piyola choy ichasizlar, dedi. Sulaymon nima deyishini bilmay menga qaradi. Men, o‘laman sattor, bormaymiz, deb turib oldim. Xo‘p tortishdik, Marlen aka yuringlar, deydi, men yo‘q deyman, Sulaymon hayron, kim bu odam deb mendan so‘rashi noqulay. Nihoyat, Marlen aka, – nihoyat-ey! – “Ahmadjon uka, mana, jo‘rangizni ko‘rdim, ko‘nglim joyiga tushdi, chin jo‘ra ekan, men endi bemalol, ko‘ngilxotirjam sizni qo‘yib ketsam bo‘ladi. Bizga javob. Qani, omin!” deb fotihaga qo‘l ochdi.
Elkamdan tog‘ ag‘darildi-ya! Eshikka chiqayotib Sulaymonga “Bor pulingizni olib oling!” deb shivirladim. Sulaymon boshini irg‘adi: bor puli cho‘ntagida, shekilli.
“Volga”ga borguncha Marlen aka ko‘zimga yaxshi ko‘rinib qoldi, shuncha qilgan xizmatiga ming so‘m so‘rasa, albatta, yonimda shu pul bo‘lsa, qo‘sh qo‘llab tutqazar edim. Behazil.
Bilasizmi, hozirgacha o‘zim ham tushunmayman, Marlen aka pul so‘ramadi, so‘rashga yaqin ham keltirmadi, “E-e, ukalar, yo‘q deyapsizlar-da, bir chaqchaqlashib o‘tirar edik. Hali ham bo‘lsa…”, deb yalindi. Pul tutsam, bu odamni yerga urgan bo‘laman, degan fikr keldi nihoyat kallamga.
Ana shunaqa, bormadingiz – xudo xohlasa, yana ko‘risharmiz, deb juda ochiqko‘ngilda xayrlashdik.
– Kim bu odam? – dedi Sulaymon Marlen aka ketishi bilan.
– Bilmayman, bugun tanishdik, – dedim.
– Qanchaga gaplashgan edingiz? Oldin berib qo‘yganingiz yetdimi? – deb
– Sulaymon yana surishtirdi, pul olib oling, degan edim-ku.
– Hech qanchaga, – dedim. – Avtobusda yonma-yon o‘tirib keldik, gaplashmadik, tushganimizdan keyin qayoqqa borasiz, deb so‘radi, sizni aytdim, uyiga olib bordi, uvra ichirdi, sizni izlab keldik, yo‘q ekansiz, xonangizda bitta to‘ng‘iz yotgan ekan, meni qoldirishga ko‘zi qiymay, Hamid Olimjon kolxoziga olib bordi, Ali aka o‘zi bilan o‘zi ovora ekan, yana uyiga olib ketmoqchi edi, men ko‘nmadim, bu yoqqa keldik, kelsak, xudoga shukur, bor ekansiz. Kun bo‘yi yurdik, – dedim.
Sulaymon juda taajjublandi:
– Quruqdan quruqqami? Yo‘q, ishonmayman!
– O‘zim ham ishonmayman, – dedim.
Rostdan, haligacha ham ishonmayman. Fisabillo beg‘araz yaxshilik qilishga o‘rganmagan odam, qanday ham ishonay!
Mayli, siz ham ishonmang, o‘xshatib aytolmagandirman, lekin bir og‘iz ham yolg‘oni yo‘q – shunday bo‘lgan, nimaga bu odam shunday qildi deb o‘zim ham qirq yildan beri o‘ylayman.
Aytgancha, rektor bilan ishimiz bitmadi, tushunasiz-ku, ukam Toshkentga kelib institutga kirib ketdi, qizig‘-a, Samarqandu Jizzaxga ro‘yxatga kirolmagan bitiruvchi o‘quvchi Lenin stipendiyasi olib o‘qidi, keyin fan nomzodi bo‘ldi. Taqdir taqozosi bilan men Jizzaxdan uylandim, bir kuni qaynog‘amning mashinasida Marlen akani rosa izladik, uyini tusmol qilib topa olmadim. Ko‘p yillar keyin bir odam Marlen aka ularga dars berganini aytdi, lekin u ham uyini bilmas ekan.
Bor gap shu.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 2-son.