Abulqosim Mamarasulov. Uch so‘m pul (hikoya)

Shoniyoz boya olgan o‘nta biletini  haligacha o‘tkaza olmadi. Boshqalar bo‘lsa bu vaqt ichida yigirma-o‘ttiztadan sotib qo‘ydi. O‘zi, bugun, negadir, Shoniyozning ishi yurishmayapti. Ertalab uydan chiqqanda, ilojini qilib, ikki-uchta biletni qimmatroq sotib, ozroq pulni Bahodirdan yashirib qolishni o‘ylagandi. Onasi kasalxonaa yotipti. Shu pulga onasiga olmami, anormi, olib bormoqchi edi.
Kino seansi yaqinlashyapti. Hali Bahodirda bir yuz elliktacha bilet bor. Agar o‘tmay qolsa, uning achchig‘i chiqadi. Keyin hammasini urishadi. Shoniyozga ko‘proq gap tegadi.
Kassaxonaga ikkita yigit kirib keldi.
– Akalar, bari bir kassadan bilet ololmaysizlar, – dedi Shoniyoz, ularning yoniga borib. – Qolmagan. Agar hozirgi seansga kerak bo‘lsa, mana, menda bor… Sizlarga nechta bilet kerak?
– Ikkitasi yetadi, – dedi ularning biri. – Sen qanchadan sotyapsan?
– Ikki so‘mdan to‘rt so‘m bo‘ladi. – Shoniyoz chaqqonlik bilan ikkita biletni ajratib, ularning qo‘liga tutdi.
– Shoshma, shoshma, xohlasang biz bir so‘mdan ikki so‘m beramiz.
– Yo‘q, bo‘lmaydi, – dedi Shoniyozning ruhi tushib. – Bir yildan keyin ham bir so‘mga bilet ololmaysizlar.
– Bari bir hozir seans boshlanadi, biletlaring kuyib ketadi.
– Buning uchun sizlar qayg‘urmasalaringiz ham bo‘ladi, – deya Shoniyoz ters o‘girilib, boshqa xaridor izladi. Ammo go‘yo bir narsasini yoo‘qotganday, yana o‘sha yigitga o‘girildi. U hamon sinovchan tikilib turardi. Qandaydir, qarashlari boshqacha. Xuddi Shoniyozning turishiga rahmi kelayotganday. “Bechora, kuning bilet sotishga qolipti-da”, deyayotganday. Shoniyoz  ko‘zlarini olib qochdi. Alanglab, o‘ziga yomon tikilib turgan Bahodirni ko‘rdi.
Shoniyozga va uning bilet sotuvchi sheriklariga  Shoniyoz boshchilik qiladi. Bahodirning tanishlari ko‘p. Qo‘rqmaydi. Har seansdan oldin kassisdan bir talay biletlar ko‘tarib chiqadigan ham o‘sha. Foydani bo‘lishayotganda Bahodir bir chismini kassisga ajratadi. “Uni xafa qilmaslik kerak”, deydi. Kassir bilan kelishadi, shekilli-da. Ba’zan yakshanba kunlari seans uchun sotiladigan biletlarning salkam hammasi Bahodirning qo‘lida bo‘ladi. Odatda bunaqa kunlari kinoteatrga odam ko‘p keladi. Albatta, yaxshi filmlar qo‘yiladiyu, Shoniyoz va sheriklarining qo‘li qo‘liga tegmaydi.
Posbonlardan ham Bahodir qo‘riqlaydi. Doim eshikning oldida ko‘z-quloq bo‘lib turadi. Bir-ikkita shu atrofda aylanib yuradiganlari bor. Ular bilan Bahodir apoq-chapoq . Ko‘pincha pullarni bo‘lishgandan keyin Bahodir o‘shalar bilan choyxonaga ketadi. Bir marta bilet sotayotganda  Shoniyozni ikki kishi ushlab: «Maktab o‘quvchisi bo‘la turib, shunaqa yo‘l bilan pul topishni o‘rganyapsanmi?” deya sudray boshlashdi. Eshikning oldida bilmagan kishiday voqeani kuzatib turgan Bahodir birdan yo‘q bo‘lib qoldiyu, zum o‘tmay o‘sha, posbon do‘stlaridan birini boshlab keldi.
– Siz shu yerga biriktirilganmisiz? – so‘radi ularning biri posbondan.
– Ha.
– Unday bo‘lsa mana bu bolani olib keting. Kassada bilet yo‘g‘u, bu bir dastasini ko‘tarib yuripti.
– Qaysi maktabda o‘qiysan? – Bahodir yetaklab kelgan posbon xo‘jako‘rsinga do‘q urdi.
Shoniyoz go‘yo qattiq iztirob chekayotganday, yerga qaradi. Bu orada odamlar yig‘ila boshlashdiyu, posbon: “Yur, sen bilan boshqa joyda gaplashamiz”, deb anavilardan ajratib olib haydab ketdiyu O‘shanda Shoniyoz qayta bilet sotmayman, deb o‘zicha qaror qilgandi. Bo‘lmadi. Yana sotyapti.
Bir marta ular bilet sotadigan kinoteatrga yana bir bola kelib, bir o‘zi bilet sotadigan qiliq chiqardi. U juda chaqqon, Shoniyozga o‘xshaganlar bir kishiga sotgancha, u uch-to‘rt kishi bilan muomala qilishga ulgurardi. Bahodir o‘sha bolani chetga chiqarib: “yaxshilikcha ket, bizga xalaqit beryapsan”, dedi. U esa: “Ishingni qil, men senga tekkanim yo‘q, senlar ham menga tegmalaring”, deb yana biletini sotaverdi. Sheriklar birgalashib do‘pposlashmoqchi edi, Bahodir: “Indamasdan ishlaringni davom ettiraveringlar”, deb sal o‘tmay posbon do‘stlaridan birini yetaklab keldi…
O‘zi, Shoniyozning bu guruhga qo‘shilishi qiziq bo‘lgan. Otasi universitetda domlalik qilib, student qizlardan birini sevib qolgan, endi onasi bilan ajrashmoqchi, lekin uch-to‘rt oydan beri tortishib yurgan kunlar edi. O‘shanda otasi doim uyga o‘qrayib kelar, onasining ko‘zlari mo‘ltillab qaltanglab qolardi. Ba’zan onasi hiqillab yig‘lar, otasi bo‘g‘ilib baqirar “… tushunsangchi, sen ham odamsan, men ham odamman! Axir odamlarday yashashga haqqimiz bormi, yo‘qmi? Men uni sevaman! Tushunasanmi shuni?! Sevaman!! Sen bilan shuncha yil turmush qurdik, endi yaxshilikcha ajrashaylik. Axir tushunadigan xotinsan-ku, nega meni qiynaysan?”, derdi. Onasi o‘kirib yig‘lar, otasi jahl bilan chiqib ketar, haftalab uyga kelmay qo‘yar, kelsa, janjal qaytadan boshlanardi. “Menga qara, – derdi otasi, – uyni senga qoldiraman, aliment to‘layman. Qiziq odam ekansan! Senga yana nima kerak? Sen ham mening polojeniyamga kirib ko‘r-da…” Keyin otasi kelmay qo‘ydi. Xuddi o‘sha paytlari Shoniyoz kinoteatrdagilar bilan tanishdi. Ko‘chalarida yashaydigan bir tengdoshi bilan yakshanba kuni birga yo‘lga chiqib qoldi. Shoniyozning qo‘lida ozroq puli bor, kinoga tushmoqchi edi. Tengdoshi Bahodirning guruhida ekan. Bilet topolmay hayron bo‘lib turganidan Shoniyozga o‘z bahosida bitta bilet berdi. Kino tamom bo‘lgandan keyin Shoniyoz qaytib kelib, kechgacha do‘stiga yordam berib, bilet sotishdi. Keyin do‘sti uni Bahodirga duchor qildi. Shu taxlit Shoniyoz har yakshanba kuni kinoteatrga keladigan bo‘ldi. Buning nimasi yomon. Axir pul kerak-ku! Onasiga yordam bersa yaxshi emasmi?  Onasi hozir nima qilishini bilmay, o‘z yog‘iga o‘zi qovrilib yotipti. Shoniyoz hech bo‘lmasa o‘z kunini o‘zi ko‘radi-ku. Yakshanbalarning birida Shoniyoz kassaxonaga otasining yoshgina qizni yetaklab kirganini ko‘rib, qotib qoldi. Qiz go‘zal edi. Agar studentligini bilmaganija Shoniyoz uni tengdoshim deb o‘ylardi. Otasi qizni qo‘ltiqlab olgancha, kassa tarafga borardi. Shoniyoz shunaqa xafa bo‘lib ketdiki… Shunaqangi xafa bo‘lib ketdiki,.. demak,.. onasiga aytgan, “kechikib topgan baxti”ni yetaklab kelgan. Hozir,.. ho..zi..ir… Hozir gaplashib bir…  Shoniyoz qanday qilib ularning qarshisida paydo bo‘lganini o‘zi ham bilmay qoldi:
– Sizga bilet kerakmi? Ovora bo‘lmang, kassadan topolmaysiz. Mana oling!
– Shoniyoz?! – garangsib qolgan otasi beixtiyor biletga qo‘l uzatdi.
– Shoshmang, avval pulini to‘lang, – dedi Shoniyoz qat’iy, hatto do‘q aralash. Ko‘zlari o‘tdek yonib, otasining nigohiga qadalar, har zamonda yonidagi qizchaga ham nazar tashlarkan, ichini bostirib kelayotgan xo‘rlik xurujini to‘xtatish uchun nuqul chiranib baqirishga urinardi. Qani endi otasi  xotinchasining qo‘lini bo‘shatib, “o‘g‘lim”, desa. Agar otasi shunday  desa, Shoniyoz ham qo‘lidagi biletlarni duch kelgan tomonga uloqtirib, tomog‘iga tiqilib turgan yig‘ini baralla qo‘yib yuborar, otasining bag‘riga otilgan bo‘lardi. Axir ikkita singlisi  otalarini ozmuncha sog‘inganmi? Shoniyozning o‘zi uchun uyda otasi yo‘qligi ozmuncha bilindimi? Onasi ozmuncha aziyat chekdimi? Hammasi otasi tufayli.
Yo‘q, hozir oldida boshqa odam turardi. Bu avvalgi otasi emas. Bu odam hatto bir og‘iz “o‘g‘lim” deya olmaydi. “O‘g‘lim” deyishga yonidagi xotinchasidan hadiksiraydi. Sevgi deganlari shunaqa bo‘larkan-da!? Yo‘q, hammasi mayli, ayniqsa, kichik singlisiga qarab, Shoniyozning yuragi o‘rtanib ketadi. Yoshiga nomunosib ravishda o‘ychan bo‘lib qolgan. Otasini juda sog‘inadi. Yana otib-otib o‘ynatishini, erkalatishini istaydi, ammo murg‘ak qalbi bilan endi otasining begonaligini sezadi.  O‘sha murg‘ak qalbi bilan o‘sha  odamni tilga olmaslik kerakligini ham yaxshi biladi. Biladiyu… qiynaladi. Singlisiga  qarab, Shoniyoz chidolmay ketadiyu, uydan qochib chiqadi. Shunday, qochib chiqqan kunlarining birida kinoteatrga kelib qoldi. Endi qarshisida otasi baqrayib turipti. Yonida shahloko‘z xotini. Kulimsirab, nozlanib domla –eriga tikiladi. Endi imtihonlardan bemalol o‘tsa kerak. Pul ko‘p, tayin uy-joy bor, o‘ynab-kulib, erkatoy bo‘lib yuraveradi…
– S.. se.. sen bilet sotyapsanmi? Nega?
– Ishingiz bo‘lmasin. Olasizmi, yo‘qmi?!
– Ыanchadan sotyapsiz? – sщradi yonidagi xotini, erining holatini  payqamay.
– Besh so‘mdan ikkitasini o‘n so‘mga sotayotgandim. Sizlar o‘n so‘mdan yigirma so‘m berasizlar.
– Ikkita biletgaya? O‘ylab gapiryapsizmi? – xotincha chaqqonlik bilan savdolashmoqchi edi, Shoniyoz uni jerkidi:
– Sizga hech kim gapirayotgani yo‘q. Jim turing. – otasiga o‘girildi. – Xo‘sh, nega o‘ylanib qoldingiz? Olasizmi, yo‘qmi?
Otasi hamon bir narsa deyishga ojiz, karaxt holda bir dasta o‘n so‘mliklarni chiqargan edi, Shoniyoz orasidan ikkitasini oldiyu, otasinining qo‘liga ikkita bilet tutqazib, chetga o‘girildi… Behol bo‘lib devorga suyandi. Bag‘ri bo‘shashib, yig‘lagisi kelsa-da, kuch bilan o‘zini to‘xtatib turardi.
– Shoniyoz, bu yoqqa qarasang-chi, Shoniyoz!
Shoniyoz cho‘chib o‘ziga kelganday bo‘ldi. Bahodir chaqirayotgandi.
– Garang bo‘lib qoldingmi? Nega indamaysan? Bir so‘mdan bo‘lsa ham mana bularga sotib, pulini olsangchi! – dedi boyagi ikki yigitni ko‘rsatib.
Ikki yigit biletni olarkan, savdolashgani zao‘arxanda qildi6
– Ha, jo‘ra, bir yil emas, bir minutga ham yetmadi-ng-ku! Bu yog‘i qanday bo‘ldi?
Shoniyoz qayrilib Bahodirga, sheriklariga qaradi. Turib-turib alam qilib ketdi. Bu nima qilgani endi? Shuyam ish bo‘ldimi? Bir unga bilet oling, deb sarg‘ayadi, bir bunga. Qachongacha odamlar yuziga mana shu taxlit zahrini sochib ketaveradi? Ba’zilar biletni olishga oladiyu, bundan beshbattar qilib ketishadi, Shoniyoz esa biletini o‘tkizganiga xursand bo‘lib qolaverishga mahkum. Boshqa iloji yo‘q. Hozir esa ham omadi yurishmay, ham otasi esiga tushib kayfiyati buzilib turganda judayam alam qilib ketdi.
– Shoniyoz, qancha bileting qoldi?
Bahodirning ovozini eshitib, Shoniyoz hushini yig‘di. “Hali bor”, degancha kassaxonaga o‘n-o‘n ikki yoshlardagi qizchasini yetaklab kirayotgan kishining orqasidan yurdi.
– Aka, sizga hozirga bilet kerakmi? Kassadan topolmaysiz, ovora bo‘lib yurmang. Mana, ikkita biletim qoldi, oling, ikki so‘mdan beraman…
U kishi o‘girilib qaradi. Shoniyozning gaplari og‘zida qoldi. Qarshisida  qizining qo‘lidan ushlab, sinf rahbari turardi.
– Shoniyo-oz!? – dedi o‘qituvchisi hayratlanib. – Senmi?
Shoniyozning ko‘zlari katta-katta ochilgancha, vujudi bo‘shashib ketdi.
– Sen bilet sotyapsanmi? – so‘radi o‘qituvchisi, uning qo‘lidagi bir dasta biletga tikilib. – Yaxshi, yaxshi kasb tanlapsan, o‘g‘lim. Omon bo‘l!
Shoniyoz indamadi. Yerga mixlandi.
– Ikki so‘mdan dedingmi? – sinf rahbari kissasidan pul chiqarib, Shoniyozga tutdi. Keyin qo‘lidan ikkita bilet oldi-da, chiqib ketdi.
Shoniyozga bugun bir nima bo‘ldi. Omadi ketgandan ketyapti. Qo‘lidagi biletlar orasida sinf rahbarining to‘rt so‘mi ham bor. Nega?.. Nega shu ishlarga aralashib qoldi? Nahotki hammasidan birato‘la voz kechish mumkin emas? Shu bugun, hoziroq. Bari bir ertaga sharmanda bo‘ladi. O‘qituvchisi tinch ketadigan o‘qituvchilardan emas. Ayniqsa, sinfdoshi Vaziraning yuziga qanday qaraydi endi?
Vazira bilan birga bir sinfda o‘qishadi. Juda yaxshi, muloyim qiz. Shoniyoz uni… yaxshi ko‘radi. Qiz ham o‘zi haqda yaxshi fikrda bo‘lishini istaydi. Vazira tufayli keyingi vaqtlarda yaxshi o‘quvchilar qatoridan joy olgandi. Biladi, Vazira ham uni… yaxshi ko‘radi. Ammo,… endi… nima bo‘ladi? Vazira undan yuz o‘giradimi? Shunday yaxshi qiz-a? Yo‘q. Shoniyoz bunga yo‘l qo‘ya olmaydi. Qo‘ymaydi! Shoniyoz kissalaridagi biletlarni bir qo‘liga, pullarni bir qo‘liga to‘pladi. Hozir hammasini Bahodirga topshiradiyu, ketadi. Vassalom. Ammo… onasi-chi? Onasi otasi ketgandan beri o‘ziga kelolmaydi. Oxiri kasalxonaga tushib qoldi. Ovqat yemaydi hisob. Shuning uchun ishtaha ochadigan olmami, anormi olib bormoqchi edi. – Shoniyoz Bahodirga qaradi. U bir do‘sti bilan gaplashyapti. Unga e’tibor bermayapti. Hech bo‘lmasa uch so‘mni yashirib qolsa-chi? Yon-veriga qaradi, sheriklarining u bilan ishi yo‘q. O‘zlaridagi biletga xaridor izlash bilan band. Shoniyoz ko‘zlari bejo bo‘lib, puldan uch so‘mlikni ajratib oldi. Pul tutgan qo‘li qaltirayotganini sezdi. Keyin butun vujudi qaltiradi. Yana alang-jalang bo‘ldi. Hozir pulni kissasiga soladi.- Vassalom! Ammo negadir qo‘li irodasiga bo‘ysunmayapti. Avval pulni olgandan darrov kissasiga solmoqchi edi. Ammo  qo‘li juda sekin qimirlayapti. Hech kissasiga yaqin bormayapti. Unga nima bo‘ldi? Nimaga buncha hayajonlanyapti? Pulni sheriklari ko‘rib qolmasligi uchun g‘ijimladi. Bir iloj qilib pul tutgan qo‘lini kissasiga yetkizdi. Bir zumda terlab ketdiyu Biroq qo‘l kissasiga kirishni xohlamas, qaltirardi. Shoniyoz birdan holsizlanib qoldi. Nega o‘zini qiynayapti? Uch so‘mga shunchalar zormi? Yaxshisi hamma pulni topshiradi-yu, chiqadi, ketadi. U dadillanib, qo‘lini ko‘tardi. Bahodir tomon bir-ikki qadam tashladi, ammo u do‘sti bilan suhbatlashib, chetga chiqib ketdi. Bu, menga xalaqit berma, muhim bir ish bilan bandman, degani edi. Shoniyoz kutib qoldi.Hamma pulni berishga beradi, ammo mehnat qildi-ku! Mana, yigirma so‘mlik bilet sotdi. Nega o‘z haqqini olmasligi kerak? Agar hozir hamma pulni tutqizadigan bo‘lsa, Bahodir bir tiyin ham bermaydi. Shoniyoz qo‘lidagi pulga qaradi. – G‘ijimlangan uch so‘mlik juda boshqacha bo‘lib ajralib turardi. Sheriklari qaramayapti. Bahodir uzoqlashib ketdi. Ayni qulay fursat.
Shoniyoz uch so‘mlikni battar g‘ijimladi. Sheriklarining kuzatayotgan-kuzatmayotganini qarab, kissasiga solaman, deb o‘ylagandi, pul yerga tushib ketdi. Shoniyoz terga botdi. Fikrlari alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib, miyasi g‘uvilay boshladi. Bir yerdagi pulga, bir sheriklariga qaradi. Kerak emas, hozir hammasini yig‘ishtiradiyu, Bahodirga topshirib jo‘naydi. Uch so‘m pul uchun o‘zini shunchalar qiynash shartmi? – Shoniyoz pulni olish uchun egildi. Shimining pochasi ko‘tarilib, payopog‘i ko‘rindi. Paypog‘iga solsachi? Axir bu o‘g‘irlikmas, halol ishlab topgan puli! – Shoniyoz pulni paypog‘iga tiqdiyu, tezlik bilan o‘rnidan turdi. Turdiyu, vujudi qo‘rquvdan bo‘shashib ketdi. Sal narida Bahodir ishshaygancha o‘ziga tikilib turardi. Hozirgina do‘sti bilan gaplashayotgandi, qachon yetib kelib ulgurdi ekan? Bahodirning ko‘zlaridagi g‘azabli tabassum ifodasi, “davomi qanday bo‘larkan”, deganday Shoniyozning harakatlarini kuzatardi. Bahodir uni ko‘rsatkich barmog‘i bilan o‘ziga tomon imladi. Shoniyoz qimirlamadi. Yo‘q, u qochmoqchi emasdi, qochish xayoliga ham kelmagandi, ammo Bahodirning oldiga borishga-da majoli qolmagandi.
– Kel deyapman bu yoqqa! – Bahodir past ovozda gapirsa ham har bir so‘zi dahshatli edi. Ko‘zlaridagi zao‘arli ishshayish o‘rnini sovuq ifoda egallagandi.
Shoniyoz shalviragancha yaqinlashdi.
– Necha pullik bilet sotding?
Shoniyoz titroq qo‘llari bilan cho‘ntaklaridagi pullarni chiqardi. Keyin Bahodirning buyrug‘iga binoan qolgan biletlarni ham qaytarib topshirdi.
– Do‘stim, nega bunchalar qaltiraysan? – dedi Bahodir yana zaharli ishshayib, Shoniyozning yoqasini to‘g‘rilarkan, – bu deyman, pul yashiradigan odatlari  ham bor ekan-da,a? Ilgari ham shunaqa qilarmidilar,.. yoki bilmasdan,.. shayton yo‘ldan ozdirib, a?..
Shoniyoz yerga qaradi. Nima ham desin? Uch so‘m unga qanchalar kerakligini qanday tushuntirsin?
– Javob berishni istamaydilarmi? Yaxshi. Paypog‘ingdagi pulni chiqar. Tez chiqar deyapman!
Zoriqib kutilgan daqiqa yetib kelgani uchunmi, Shoniyoz birdan xotirjam tortdi. Qaltirog‘i bosilib, o‘zida allaqanday ishonch tuydi. Egilib, pulni oldi-da, Bahodirga tutdi. Keyin Bahodir uning hamma cho‘ntaklarini, paypog‘iyu, tuflisiga qadar tekshirtirdi. Boshqa hech vaqo yo‘q edi.
– Yaxshi! Juda soz! Endi,.. tez tuyog‘ingni shiqillat! Lapashang!
Shoniyoz Bahodirdan hamma narsani kutgan, hozirgi bir necha daqiqa davomida necha bor o‘lib-tirilgan, ammo bunchalar oson qutularman, deb sira xayoliga keltirmagandi. Ko‘zlariga ishonmay, burilgancha, endi yurayotgandi, bir narchaga qattiq chalkashib, yuztuban yiqildi. Nega bunday bo‘lganini to‘la anglab yetmay, tepasida o‘ziga g‘olibona tikilib turgan Bahodirni ko‘rdi. Qattiq alam qilib ketdi: “Bunchalar kalaka qilgancha bir-ikki musht tushirsa yaxshiroq bo‘lardi”. Jismonan Bahodirga kuchi yetmasligini o‘ylab, ezildi. Iloji boricha Bahodirning ko‘ziga qaramaslikka urinib, o‘rnidan turgancha, yo‘lga tushdi. U tobora jahl bilan ildam ketib borarkan, avvaliga orqasidan shitob bilan kelayotgan qadam tovushlarini, key    in yonginasidan Bahodirning: “Shoniyoz! To‘xta!” degan tahdidli buyrug‘ini eshitdi va orqasiga qaramay, qo‘lini ortiga sermadi. Shu asnoda o‘zi bilmagan holda Bahodirning og‘zi-burni aralash urib yubordi.
– Axmoq! – Bahodir labini tutgancha, ikkinchi qo‘li bilan Shoniyozni bilagidan ushladi va yuzko‘zi aralash Shoniyozni  qattiq mushtladi.
Shoniyoz yiqildi, ammo darrov o‘rnidan turdi-da, “o‘zing axmoqsan!”, degancha yo‘lida davom etdi, ammo yelkasidan tushgan musht uni yana yerga mixladi. Yotgan joyidan o‘girilib Bahodirga: “ablax ekansan!”, dedi shivirlab, burnidan kelayotgan qonni bilagiga artarkan. Keyin bamaylixotir o‘rnidan turib, go‘yo yonida hech kim yo‘qday, go‘yo hech narsa bo‘lmaganday, Bahodirga zarracha e’tibor bermay, yo‘lida davom etdi. Sal  o‘tmay, endi bilet sotmasligini idrok etib, ko‘ngli yorishdi. Og‘riq hozirgina kaltak yeganini eslatsa-da, tobora dili ravshanlashib borardi. Shoniyoz bozorga yaqinlashganda  onasiga quruq borishini o‘ylab, ikkilana boshlaganda… kimdir uni quchoqlab oldi:
– Iy-e, jiyan, bormisan?!
Qarasa, barloslik Mamat tog‘asi!
– Omonmisizlar, jiyan?! Tinchlikmi? Qaysi kuni qo‘shnimiz Rahima xolaning o‘g‘li bor-ku, Vohid, shu yerda o‘qiydi, student, o‘sha, singlingiz kasalxonaga tushib qoldi, deb xabar berdi. Eshitdimu, ertalab, Samarqand qaydasan, deya yo‘lga chiqdim. Hozirgina bozordan olma-anor kabi meva-chevalardan olib,  oldin kasalxonaga borsammikan yo uyga, deya ikkilanib turuvdim.  Yaxshi bo‘ldi…
Shoniyozning ko‘zlariga yosh qadaldi. Ko‘ngli bo‘shashdi. Yig‘laguday bo‘lib, hamma gapni aytib berdi.
– Ha-a, ishqilib… – Mamat tog‘asining qoshlari chimirilib, bo‘ynini ishqaladi. – Men bir vaqtlar : “Qo‘y shuningdi, barlosdayam yigitning urug‘i qurib ketmagandir”, deganimda o‘z bilganidan qolmagandi. Akasi bo‘lib mening xabarim yo‘q. Norxolning onasiga o‘xshaganlar bu gapni doston qilib yurgan emish… Bo‘pti, omonchilik bo‘lsin. Shahar bo‘lmasa, beriroq, sizlarni o‘zimizning Barlosga ko‘chirib ketaman.
Tog‘a-jiyan yo‘lga tushishdi. Ko‘pdan beri arzini tinglaydigan dardkash yo‘qligi tufaylimi, Shoniyoz hamon o‘pkasini bosib ololmasdi.