Abduqayum Yo‘ldosh. “V.B” va boshqalar (grotesk qissa)

I

…Bizga uning o‘zidan avval dovrug‘i yetib keldi.
Vaholanki, yelkasiga ortilayotgan yuk vazni kundan-kunga oshayotganday tobora qaddi bukchayib borayotgan, ko‘zlari alang-jalang qila boshlagan, hat­toki kotibasiga buyruq berganida ham ovozidagi vahm aralash titroqni yashira olmay qolgan sho‘rlik rahbarimiz hali o‘z kursisida edi. Ammo, baribir, omonat baribir omonat ekan-da; balki shu bois, amaldagi xo‘jayinimiz tilga olinganida nechukdir elburutdan uning maqomi yoniga anchayin oshkor va hattoki tahqiromuz tarzda “sobiq” unvoni ham qo‘shib aytilayotgandi. Alamzadaroq hamkasblarimiz esa necha yillardan beri ko‘ngillarining tub-tubidagi zulmat bag‘rida asrab yurgan intiqom, qasd tuyg‘ulariga axiyri ozodlik berishgan va alalxusus butun vujudlarini, yetmish ikki tomirlarini egallagan zardobdan sarxush holda, ko‘zlari o‘t bo‘lib yonganlaricha, ayrimlari irg‘ishlab, ayrimlari namoyishkorona sallona-sallona qadam tashlaganlaricha xonadan xonaga o‘tib yurisharkan, atay bepisand ohangda, ko‘pchilik, ayniqsa sobiq rahbarning tarafkashlari eshitadigan darajada pisanda qilishardiki: “V.b. bo‘lib kelgan edi, v.b. bo‘lib ketdi-ya…”
Ammo bu qavmning mazkur iddaosi hali holvasi ekan. Yiqilganni o‘xshatib tepib o‘tishni xush ko‘radigan yana bir Bezbet Alamzadamiz necha tunlar uxlamay, rahbardan boplab o‘ch olish yo‘lini o‘ylay-o‘ylay, aloha bu borada “Evrika!” deya qichqirib yuboradigan darajada kashfiyot yaratganini uchragan kasga og‘zidan ko‘pik sachratib hikoya qilarkan, darhol yangiligini namoyish qilib qo‘yishni ham unutmasdi: “Anov ablah “i.o.” bo‘lib kelgandi, “io-io” bo‘lib ketdi! Io-io!.. Vah-hah-ha!”. Rosti, hangrayotgan Bezbet Alamzadaning ter bosgan peshonasimi, kosalaridan otilib chiqib ketguday kattalashgan, qabariq oynaklar ortida yanada vahimali ko‘rinayotgan ko‘zlarimi, do‘rdoq lablarimi, ishqilib, nimasidir haqiqatan ham o‘sha shalpangquloq maxluqni eslatardi-yu, ko‘ngilga g‘ubor olib kirayotgan bu tomosha tezroq tugashini istab qolardi kishi.
Darhaqiqat, amal kursisidagi so‘nggi omonat kunlarini o‘tkazayotgan bechora rahbarimiz bundan naq to‘rt yil burun bizga “vazifasini bajaruvchi” sifatida kelgan, keyin esa uning “v.b.” ekanligi yuqorida o‘tirganlarning yodlaridan chiqib ketdimi yoinki – ayrim gap-so‘zlarga qaraganda – shaxsan kattaning o‘ziga kirib, bu haqda gapirishga jur’ati yetadigan jo‘mard boshliq topilmadimi, ishqilib, sho‘rlik haligacha “rahbar” degan maqomi yoniga tirkaladigan “v.b.” qo‘shimchasini baayni ortiqcha dumdek sudrab yurgani-yurgan edi. To‘g‘ri, u kishi bizga yetakchilik qila boshlagan ilk kundan jamoa hech qanday qaror-paror yoinki og‘zaki kelishuvlarsiz, yakdil ravishda bu qo‘shimchani unutdi, ya’ni barcha rasmiy murojaatlaru rahbar jimjimador imzosi va muhri bilan tasdiqlab berishi lozim bo‘lgan oylik, choraklik, yarim yillik, yillik rejalar hamda hisobotlarning birinchi sahifasining o‘ng tomoni yuqorisida boshliqning unvoni yozilgan mahal “v.b.” o‘z-o‘zidan tushirib qoldiriladigan bo‘ldi. Bechora rahbarimizga shu ham yoqardi shekilli. Ko‘ngil-da. Jamoada esa faqat xo‘jayinga nima xush kelishini aniqlash bilangina shug‘ullanadigan va bu og‘ir vazifani sharaf bilan uddalay oladigan tor doiradagi mutaxassislarimiz yetarli edi. Biz-ku, buni epladik, ammo “yuqori” hech narsani unutmas ekan. “Tepa”dan kelgan xat, ko‘rsatma, bildirgi, yo‘riqnoma, bayonnoma borki, bari-barisi “v.b. Falonchi Pistonchiyev”ga yo‘llanardi. Hay, tishni tishga mahkam bosgancha bularga ham chidasa bo‘lar, har qalay, bexato ishlaydigan mashinaga o‘xshash “yuqori” o‘z nomi bilan “yuqori”-da: ular hammasini bilishadi, hammasini ko‘rishadi, hammasini hisobga olishadi. Biroq bayramlarga kelgan zarrin qog‘ozlardagi rangin qutlovlarda ham katta-katta harflarda “v.b.” yoxud to‘laqonli “vazifasini bajaruvi”, yanada yomoni – “vaqtinchalik vazifasini bajaruvchi” deb ko‘rsatilganiga ko‘zi tushgan mahal sadoqatli Muovin bechoraning – ha, u ham bechoralardan edi va bunga voqeamiz bayoni davomida o‘zingiz shohid bo‘lasiz – tepa sochi tikka bo‘lardi. “E Xudo! – deya nola qilardi u qo‘llarini musht qilib ko‘kragiga tiragancha ko‘kka tikilarkan. So‘ng stoli ustida ochiq turgan tabrikka musht o‘qtalardi: – Shuni uzundan-uzoq qilib yozish o‘tirish shartmidi axir? Xo‘p, yozibsan, hech bo‘lmasa “v.b” deb qo‘yaqolsang bo‘lardi-ku qo‘ling akashak bo‘lgur!” O‘ylaymanki, o‘sha “qo‘ling akashak bo‘lgur”lar har bayramda o‘z ijod namunalari bilan bechora Muovinni qanchalik zahmat chekishga, qon yutib ishlashga majbur etayotganliklarini bilganlarida edi, allaqachon o‘z ixtiyorlari bilan tabriknoma yuboriladiganlar ro‘yxatidan bizning ishxonamizni o‘chirib tashlashgan yo bo‘lmasa o‘sha ortiqcha “v.b.” yoinki “vazifasini bajaruvchi”lardan bir yo‘la voz kechib qo‘yaqolishgan bo‘lishardi. Illo, qutlov yuboruvchi ular, ammo bechora Muovin bilan jafokash Kotiba terlab-pishib nainki kompyuter matnlaridagi, hattoki konvert ustidagi o‘sha ortiqcha “v.b.”larni olib tashlash uchun qanchalik mashaqqat chekishlarini biz yaxshi bilamiz-ku axir. Zero, bu asabga o‘ynaydigan qo‘shimchalarni bechora Muovin shivirlabgina, lekin ehtirom bilan “shtrix” deb ataydigan oq bo‘yoqda sezilmaydigan darajada o‘chirishning yoinki, buning iloji bo‘lmagan taqdirda, bira to‘la yangisiga almashtirib qo‘ya qolishning (rangli printerni o‘ylab topganning ota­siga rahmat!) o‘zi bo‘ladimi?! Bu ishni shunday ustalik va mahorat bilan amalga oshirish kerakki, toki Rahbar biron nimani sezib qolmasin; toki qutlovga ko‘z tashlagan rahbar – ha, ha, Muovin bu masalada haq: haqiqiy boshliq tabrik matnini o‘qib chiqmaydi, unga shunchaki ko‘z tashlab qo‘yadi, xolos: muhimi, kimdan, qaysi tashkilotdan kelgani; odatdagi chuchmal va jimjimador, hammaga yod bo‘lib ketgan so‘zlar aslida hech nimani anglatmaydi, – o‘zini to‘laqonli Rahbar his etsin. Bu masalada boshqa tashkilotlar bizning xo‘jayindan har qancha ulgi olishsa arzirdi: nainki o‘z navbatida uzungina ro‘yxat bo‘yicha bayram tabriknomalari, hattoki rasmiy noma va so‘rovnomalar, hisobotlaru ma’lumotnomalar yo‘llayotgan mahal ham Rahbarimiz, shunday maqomga ega ekanligini aniq bo‘lsa-da, katta-kichik muassasa boshliqlarining ism-shariflari yoniga “v.b.”ni mutlaqo qo‘shdirmasdi, mutlaqo!
Har qalay, bechora Muovin bilan jafokash Ko­­tibaning sa’y-harakatlari besamar ketmadi: “v.b.” qo‘shimchasi bora-bora nainki “yuqori”da o‘tir­gan­larning, hatto bizning ham yodimizdan tamomila ko‘­ta­rilib ketdi. Rahbarmi – rahbar, tamom-vassalom!
Ammo ish o‘z nomi bilan ish-da; fursat o‘ta borgan sayin kattami-kichikmi rahbar o‘z vakolatlariga mazaxo‘rak bo‘la borarkan, buning ustiga, boshliq deganlari ikki dunyoda ham jamoadagi hammaning ko‘nglini ololmaydi, hammaga birday yaxshi ko‘rinolmaydi. Xo‘jayinni tushunish kerak: buning iloji yo‘q, hatto istagan taqdirida ham. Boshlig‘ini jon-jahdi bilan himoya qilayotgan Muovin bir gal jo‘shib ketib aytganidek: “Faqat fohisha hammaga yoqishi mumkin, shundayam qilgan xizmati uchun pul so‘ramaganida”. Yaxshiyam bu e’tirof erkaklar orasida tilga olingandi, aks holda ingichka qoshlari chimirilgan (ensasi qotganidan dalolat), shusiz ham baland ko‘kraklari yanada balandroqqa ko‘tarilib tushayotgan (rosmana hayajonlana boshlagani belgisi; ishonavering, bu ikkala bir-biriga zidday tuyulgan holat bir vaqtning o‘zida bitta ayolda jam bo‘la oladi) jafokash Kotiba xotin-qizlarning gender huquqlari (bu atamani u negadir “tender” deb tilga olardi) poymol etilayotganini ro‘kach qilgan ko‘yi ancha sasigan bo‘lardi va, odatdagidek, biri tog‘dan-biri bog‘dan kelgan, ayrimlari esa umuman mantiqdan xoli, “O‘zing ahmoq!” qabilidagi dalil-dastaklari asosida oxir-oqibat erkaklarning o‘zlarini o‘sha qadimiy kasb egalariga chiqarardi-qo‘yardi. Ha, jafokash Kotibaga gapir-u, qoch, u bilan bahslashgan odamning o‘zi tentak; aks holda ham boshing baloga qoladi, ham moddiy jihatdan zarar ko‘rasan: ora-sira bayramlar bahona tuhfa etilib turiladigan mukofotlardan mahrum bo‘lasan. Kotiba buni qanday eplaydi, taxmin qilish mumkin, xolos, ammo isbotlab bo‘lmasa-da, mavjud bu voqelikka hammamiz ko‘nikib ketganmiz…
Xolisanillo aytganda, sobiq rahbar bizdan o‘pkalamasa ham bo‘ladi. Buning o‘rniga imi-jimida, siyig‘i bitganini tushungan holda, xayr-ma’zurni nasiya qilib bo‘lsa ham jo‘nab qolgani ma’qul. U kecha bor edi, bugun esa yo‘q. Yo‘q, tamom-vassalom. Endi u ko‘lanka, ha, ana, nari borsa kabinetida so‘nggi soatlarini titrab-qaqshab o‘tkazayotgan sharpa, xolos. Endi uni hech kim jiddiy qabul qilmaydi. Nojiddiy ham qabul qilmaydi. Umuman qabul qilmaydi! Axir yangi Birinchi kelayapti! Aytishlaricha, omonat “v.v.b”, hattoki “v.b” ham emas, haqiqiy Rahbar, haqiqiy Birinchi! Yana kim deng! Bunday Birinchining oldida besh daqiqasi kam sobiq rahbarimiz kim bo‘libdi! Muqoyasa joiz bo‘lsa, aytaylik, hech zamonda chiyabo‘ri yo‘lbars bilan tenglasha olganmi? Albatta, yo‘q. Dumini qisgan-u, pusib-qochgan. Siz ham shotirlaringizni ergashtiring-u, vaqtida pusib-qochib qoling, ismi jismiga mos “v.b” rahbar! Ana shunda balki biz, ko‘payishib qolgan botirlar ortingizdan musht do‘laytirib qo‘yish bilangina kifoyalanarmiz. Aks holda… Aks holda aytamiz desak, bizda ham gap ko‘p, aka, gap ko‘-o‘p… Har qalay, yodingizga solib qo‘ya olamiz tish-tirnog‘ingiz bilan yopishib olgan qanday g‘alati usul bilan bizga rahbarlik qilganingizni… O‘zingizning ham yodingizdan chiqmagandir, uzluksiz tarzda bizning har birimizni bittalab ham chaqirib, ham baqirib turganlaringiz, behudadan-behudaga g‘azablanganlaringiz, ko‘­zimizga tik qarab turib og‘zingizdan tupuk aralash zahar sochganlaringiz… Natija-chi: ikkita infarkt, bitta insult. To‘g‘ri, ming shukrlar aytsangiz arziydi, osongina qutulyapsiz: baxtingizga biron mardum ish stolida ko‘ksini changallagancha u yoqqa jo‘nab qolmadi, ana unda boshingiz g‘avg‘odan chiqmay qolgan bo‘lardi, ammo baribir qirq sakkiz oy uchun “ikki plyus bir” ko‘p, juda ko‘p. Inchunun, bizning xotiramizda hammasi, biz hech narsani, hech qachon unutmaymiz; eslash uchun bahona yo sabab bo‘lsa bas…

II

Bizda o‘zi taomil shunaqa: marhumlar haqida yo umuman gapirilmaydi, yo faqat yaxshi gaplardan gapiriladi; sobiq rahbarlar haqida esa aksincha – ham ko‘p gapiriladi, ham rosa po‘stagi qoqiladi. Yov chekingandan so‘ng botir ko‘payadi-da; g‘alabaning egasi ko‘p bo‘lishi xususida-ku, va’zxonlik qilib o‘tirishning o‘zi ortiqcha. Nima uchun bunday, bilmayman. Balki rub’i maskundagi ko‘z ochib-yumgunchalik qisqagina umrini yakunlab, doril fanodan doril baqoga rixlat etgan, diydorlashuv qiyomatga qolgan banda ruhi qoshidagi ojizona qo‘rquv aralash ehtiromimiz hosilasidir bu? Axir vaqti-soati kelganda kim to‘rva xaltasini ko‘tarib u yoqqa jo‘nab qolmaydi, kim dunyoga ustun bo‘libdi? Ammo, unday desak, nima, sobiq rahbarlarning borar joyi boshqami, mahshar tongi ular ila yuzma-yuz bo‘lmaymizmi? Har nechuk, uyam ojiz banda, tabiatning shafqatsiz qonunlariga bo‘ysunadi, shunday ekan, har ehtimolga qarshi behisht bog‘larining to‘rida, kavsar suvi to‘lib-toshib oqib turgan huzurbaxsh ariq bo‘yida o‘zi uchun alohida dalahovli qurib qo‘ymagandir, huri g‘ilmonlar abadul-abad xizmatida bo‘lmas. Ular har ne erkalik qilishsa shu dunyoda qilishadi, har ne pastkashlik qilishsa, shu dunyoda qilishadi. Dala hovli ham, huri g‘ilmonlar ham, hatto qamoqxonadagi alohida qulayliklarga ega maxsus xona ham shu dunyo­da. Ana, N. viloyatining sobiq birinchi rahbarini oling. Uch yil ichida anavi “karam” deganlarining o‘zidan bir g‘aramini yig‘ishga ulgurgan; katta-katta yig‘ilishlarda sen ayol, sen yosh, sen keksa deb ajratib o‘tirmagan, bir yo‘la hammaning onasining ishini hallab qo‘yavergan, ammo bu bilan ham kifoyalanmay, jannatmonand Chorvoq bo‘yidan sovg‘a qilingan uch qavatli dacha evaziga qo‘yniga kirgan yoshgina qo‘shiqchi qiz bilan aysh-ishrat qilishdan charchamagan; qo‘l ostidagi mutelarcha bosh egib turgan xodimlarni kaltak­lab turishni xush ko‘rishi bois “po‘lat musht” laqabini olgan; hatto ayol kishiga qo‘l ko‘targan; aytishlaricha, bir necha odamning yurak sanchig‘idan o‘lib ketishiga sababchi bo‘lgan; koptok o‘ynayotgan mahali oyog‘iga bexosdan tegib ketgan mirshabni shu zahoti ishdan haydattirgan; yana shohidlik berishlaricha, yaxshi salom bermaganmi yoinki kayfiyati yo‘qroq payti duch kelib qolganmi, ishqilib, shotirlariyu qo‘l ostidagi rahbarchalari ila qaramog‘idagi hududni ko‘zdan kechirib chiqayotgan mahal “paxtasiga yaxshi qaramagan yaramas” bir sho‘rlik fermerni gurziday mushti ila (qo‘rqqanga qo‘sha ko‘rinadi, axir!) bir urishda tizzasiga qadar, ikki urishda beliga qadar va uch urishda yelkasiga qadar yerga kiritib yuborganmish vallohi a’lam, to‘g‘ri, ayrim ichi qora odamlar birinchi zarbaning o‘zidanoq gunohkor banda beliga qadar yerga kirib ketgan deb yurishdi, ammo bunga ishonib bo‘ladimi, lof ham evi bilan-da, axir buni mardi maydon deydilar: har bir zarba kuchi oldindan hisobga olingan; qo‘lining qichig‘i qongan, ammo ko‘nglining qichig‘i qonmagan bu badkirdor keyingi xo‘jalikka o‘tib, yana o‘shanaqa kasb egalarini yiqqanu, yarmini saratonning otash oftobi tig‘ida ochiq dalada uch soat tik turishga majbur etgan, ikkinchi yarmini esa shundoq shiypon yonidagi suvi aynib ketgan sassiq hovuzga tashlagan, o‘zi bo‘lsa salqinda o‘tirgan gazsiz suvdan ho‘pla-ab; va yana aytishlaricha, suvi o‘rtacha odamning bo‘g‘ziga qadar keladigan hovuzga tashlangan mardumlar orasida bir pakanasi ham bor ekan, o‘sha sho‘rlikning cho‘kib ketishiga bir bahya qolgan (shovqin ko‘tarish, yordam so‘rash esa mumkin emas!), haliyam kasbdoshlari tishlarini tishlariga bosganlaricha suv ostidan bildirmasdan uni ko‘tarib turishni eplashgan, shunday bo‘lsa-da, aynigan suv ichiga kiraverib, qanorday shishib ketgan bu banda bora-bora chumchuq “pir” etsa yuragi bilan qo‘shilib ichi ham “shir” etadigan vahimakashga aylangan. Baribir nafsi orom olmagan quturgan qo‘tos har bir katta-kichik muassasayu korxona, xo‘jaligu boshqarmaning “uchligi”ni – rahbar, o‘rinbosar, bosh hisobchi – tungi soat birda ulkan majlislar zaliga yig‘ib, navbatdagi vahimali mashvaratini olib borayotgan mahal odatiga ko‘ra minbarda quruq gap bilan cheklanib qolmagan-da, nazarida dala yumushlarini vaqtida ado etmagan kichikroq bir bank boshlig‘ini sahnaga sudrab chiqib, qorniga bir musht tushirishda qulatganu, bir poyining o‘zi ming dollar turadigan yashil timsoh teri tuflisining to‘rt enlik poshnasida uning jag‘ini ezib turavergan: bir daqiqa, ikki daqida, uch… to sakkizga qadar; ha, qachonlardir “dala malikasi” makkajo‘xoriga oshufta Nikita Sergeevich deganlari qandaydir anjumanda nutq irod etayotgani mahal shartta bir poy tuflisini yechib olib, minbarga taqillatib urganini eslashgani-eslashgan, vaholanki, mana, oson ekan-ku yo‘li, o‘sha kalbosh bizning qahramonimizdan ulgi olgan holda, pishak do‘qi qilib o‘tirmasdan, manfur imperializmning biron tipik vakilini shartta yoqasidan sudrab sahnaga olib chiqib, bir yo‘la jag‘ini ezib tashlamaydimi arzon tuflisining poshnasi bilan (poyabzalni arzon deganimiz boisi, shohidlar minbar aynan taqillab ketganini eslab qolishgan, haqiqiy charmdan esa bunday ovoz chiqmaydi, bunday taqillash yo “tosh kalish”ga, yoinki narxi yigirma besh rubl atrofida turadigan sho‘ro tuflisiga xos va mos); xullas, odamlarni dahshatga solgan bu odam qiyofasidagi yovuz ajdar, yuho o‘tirganmish-ku alohida kamerada, yegani oldida, yemagani ketida. Mashina-mashina oziq-ovqat kiritilarmish “falonchixon akaga, shaxsan o‘zlariga”, deb; mashina-mashina qiz kiritilarmish “falonchixon akaga, shaxsan o‘zlariga” deb. Hay-hay demasangiz kechqurun o‘sha Chorvoq bo‘yidagi serqichiq qo‘shiqchi o‘ynashining yoniga ketib, tong bilan katta ishni ado etgan odamday g‘o‘dayib kirib kelishdan ham toymaydi bu murtad. Bir mardum adashib oddiy odamlar ichadigan oddiy choy olib kirib qolgan ekan, sobiq rahbar nima qilibdi deng? Choyni pachka-machkasi bilan o‘sha sodda mardumning basharasiga otibdi. Va izzat-nafsi behad toptalgan, kamsitilgan banda sifatida guldurab sado beribdiki: “Bunaqa choyni men uyimdagi xizmatkorimga ham ravo ko‘rmayman, past!” Ha, bunaqalar otdan tushsa ham egardan tushishmaydi, mahkam o‘rnashib olishgan, dog‘uli sayyodday pistirmada kutib turishadi: biron salqi biyami, baytalmi kelib qolsa bas, shartta egarni bosib, ayilni tortishadiyu, qamchisidan qon tomgan holda “bolta tushguncha kunda dam olibdi” qabilida ot surishadi. Dam shu damdir, u yog‘iga xudo poshsho…
Biz bunday boshqaruv usulining ayrim unsurlarini sobiq rahbarimizda ko‘rdik. Ochig‘i, endi shunday tuyulayapti. Balki shu paytgacha sobiq rahbarimizning ta’sirida, gipnozi ostida bo‘lganimiz uchun buni sezmagandirmiz. Ammo, mana, shukrki, endi ko‘zimiz ochilyapti. Illo, “sobiq” degan voqelik baayni ni­gohingizdagi rangli pardani olib tashlarkan, atrof-borliqqa, kechagi va bugungi kunga, kechgan hodisotlarga, eng asosiysi esa – sobiq rahbar shaxsiga boshqacharoq, deylik, tanqidga monandroq, oq-qora nuqtai nazardan qaray boshlarkansiz, ayniqsa, endi uning qayta o‘nglanmasligiga, “nomenklatura” atalmish sirli-sinoatli ro‘yxatdan tamomila tushib qolishiga ishonchimiz komil bo‘lib turgan onlarda. Endi, xolisanillo aytganda, insof ham kerak-da, nima, kabinetidan oyoqlarini oldinga qilib ko‘tarib chiqishmasa hisob emasmi? Bunday bersin-da navbatni yoshlarga o‘z inon-ixtiyori bilan. Yumshoq kursisiga zulukday yopishib olish bilan nimaga ham erishardi? Umrida bir marta bo‘lsa ham itoatidagi xodimlar oldiga dasturxon yoysin (yo‘q, yo‘q, to‘y bahona to‘yona yig‘ish, ma’raka bahona “moddiy yordam” supurib olish emas bu), chaqchaqlashib o‘tirsin va bazm so‘nggida tantanali ravishda e’lon qilsinki: “Mana, azizlar, men shuncha yil o‘zimni ayamay itday, ta’bir joiz bo‘lsa, galareyadagi tinmay eshkak eshuvchi qulday ishladim, o‘larday charchadim, endi rahbarlik jilovini bir munosib odamga topshirsam…” Albatta, buni shunchaki navbatdagi makkorona sinab ko‘rish, tuzoq, imtihon deb o‘ylagan xodimlar jovillab unga yopishishadi: “Aziz Palonchi Pistonchiyevich! Bu nima deganingiz? Sizsiz biz nima qilamiz? Siz bo‘lmasangiz ish butkul to‘xtab qolishi-ku aniq, bundan tashqari hammayoq ostin-ustun bo‘lib ketadi, oxirzamon bo‘ladi!.. Ketmang bizni tashlab!.. Yetimchalarning ahvoliga rahm qiling!..” Hatto hayajonu vahima zo‘ridan bir-ikkita xodim ho‘ngrab yig‘lab yuborishi ham aniq. Bundoq odamni eritib yuboradigan xushomadlarni eshitgan, buloq bo‘lib chiqayotgan ko‘z yoshlarini ko‘rgan rahbar… ishonadi-da o‘zining osmonga ustun bo‘lib turganiga.
Vaholanki, birinchi bo‘lib o‘z sadoqatini namoyon etishga shoshganlarning o‘zlari aslida rahbarning birinchi dushmanlari. Vaholanki, ko‘z yoshlarini daryo qilib oqizayotganlarining o‘zlari rahbarni ko‘rarga ko‘zlari, otarga o‘qlari yo‘q raqiblardir.
Axir, vaqtida ko‘p karomatlar ko‘rsatdi-da bu zang‘ar!
“Rahbarlik” atalmish mazasi tobora oshib boradigan qazidan rosa shimib o‘rganib qolgan emasmi, allaqachon kasbiga (balki hunariga) xos past-balandning hadisini olib ulgurganini uni bizga tanishtirishga olib kelishgan kunning o‘zidayoq sezgandik. Baayni g‘addor xalq dushmanlari to‘piga majburan tushib qolgan qolgan hukmdor firqaning hushyor zobiti yanglig‘ u prezidiumda qo‘r to‘kib o‘tirgan joyi­da hammamizga oshkora shubhalanib, “Hali kunlaringni ko‘rsataman!” deganday o‘shshayib qarar, hatto, halitdan dastlabki qurbonlarni tanlab olayotganday ayrim bandalarga ayricha sinchiklab qarardi. Bu, qovog‘idan qor yog‘ayotgan, turqi-tarovati bilanoq ishxonamiz miqyosida, inchunun, stakan ichida kechajak bo‘lg‘usi bo‘ronlaru to‘fonlardan shohidlik berayotgan xo‘jayin ko‘plar qatori kaminaning ko‘ngliga unchalik o‘tirishmadi. Ammo darhol “Dastlabki taassurot aldamchi bo‘ladi”, deya o‘zimni o‘zim ishontirdim: har nechuk, katta rahbariyat bejiz tanlamagandir, ko‘rsatib qo‘ygan alohida xizmatlari, deylik, fidoyiliklari bordirki… Ayniqsa, qo‘l ostidagi katta-kichik xodimlardan tortib farroshu qorovulga qadar ehtirom bilan “siz”lab murojaat qiladigan, eng katta orzusiga yetib, pensiyaga chiqqunga qadar qolgan ikki yilini idoramizda eson-omon o‘tkazib olgan yumshoqfe’l, ko‘zlari kulib turadigan, o‘ziyam hamisha ichakuzdi latifa eshitishga, “voh-hoh-ho”lab yayrab kulishga hozir odamday jonsarak holda odamlarning og‘ziga qarab yuradigan, tug‘ilgan kun-u bayramlar ko‘rinishidagi asosli sabablarni qo‘ya turaylik, hatto eng jo‘n bahona topilmay qolgan taqdirda ham soat oltiga yaqinlashaversa “Hm-m… bugun payshanba-ya… Uylanmagan qo‘chqorning dumbasi xo‘p yaxshi bo‘ladi-da” yoinki “Hm-m… bugun seshanba-ya… Suyaklarni bir moylab olish kerakmidi…” qabilidagi ma’nodor ishoralari bilan choyxonada oshxo‘rlik tashkil etishga fatvo berib yuboradigan, eng sevgan mashg‘uloti qo‘lda bir piyola musallas bilan (hatto aroq ham icholmasdi bechora) mehr-oqibat xususida uzoq nutq irod etishu, bazm yakunida davradagilarga palov oshatish bo‘lgan (xobbining shunaqasi ham uchrarkan-da: o‘zining teshik oshqozoni allaqachon sob bo‘lgan, shuncha so‘lagi oqib, ko‘zlari chaqnab kutganiga qaramasdan, oshdan nari borsa uch yoki to‘rt qoshiq olardi; nazariy jihatdangina o‘ta oshxo‘r bu kishi uchun palov tayyorlanishi, suzib kelinishining o‘zi qiziq edi, shu jarayonni so‘rining to‘rida yonboshlab olib, barchaning izzat-hurmatini his qilgan holda tomosha qilib o‘tirishga, allaqachon mayi nobdan xurmachasiga siqquniga qadar no‘sh etib olganligi ko‘zlari suzilib ketayotganidan ayon Shig‘irchiga “Yangisidan bo‘lsi-in!” deb qo‘yishga intiq edi; u ham kutdirib qo‘ymasdi, “Men sening yuzingdan, ko‘zingdan, so‘zingdan o‘pmoq istayman” tarzidagi uyqash misralarini sharillatib o‘qib tashlardi) avvalgi rahbarimizdan so‘ng balki bizga rostdan ham qattiqqo‘lroq yetakchi kerakdir. Sho‘rlik oldingi rahbarimiz anavi nozikroq masalada ham o‘zini osh yemaydigan oshxo‘rday tutardi: yosh ayollar ortidan tamshanib qarab qolishni boplardi, hatto tomog‘ini taqillatib, ma’nodor ko‘z qisib ham qo‘yardi, ammo, butun jamoa guvoh, birontasiga changal solmagan, birontasiga yomon ko‘z bilan qaramagan, bil’aks, u kishining xotin-qizlarga munosabatida otalarcha yoki og‘alarcha mehribonlik unsurlari shundoqqina “yarq” etib ko‘zga tashlanib turardiki, bu borada hattoki biron notozaroq gumonga borishning o‘zi gumrohlikdan boshqa narsa emasdi. Ustiga-ustak, avvalgi rahbarimiz – payshanba o‘z-o‘zidan tushunarli – juma kunlari ham xodimalarning ishdan bir soat vaqtli ketishiga izn berar, bayramlar arafasida esa hammani shaxsan o‘zi qutlarkan, shu munosabat bilan ayollar tushdan keyin “ozod” ekanligini qistirib o‘tib ketishni unutmasdi, hatto shu yoqimli so‘zlarni aytayotgan chog‘ida ham ayollarga emas, erkaklarga qarardi; allaqachon yarim asrlik cho‘qqini hatlab o‘tgan, ammo ishning rosa hadisini olgan, yarim kechasi uyg‘otib so‘rasangiz ham, falon buyruqning pismadon bobini yoddan aytib bera oladigan, favqulodda quvvai hofizasi bilan barcha xodimlarga beminnat yordam beradigan, bir yo‘la ish yurituvchilik vazifasini ham ado etadigan kotibasi Karis xolaga har hafta bir plitka shokolad yoki bir dasta gul hadya etib qo‘yarkan, “Proletariat dohiysi hammaning ko‘zini ochganida sizlar qayoqda bo‘lgansizlar-a?” deb hazillashib qo‘yishni unutmasdi (Qachonlardir qattiq suyishib qolib, har ikkala tomonning qarshiligiga qaramasdan o‘zbek yigitiga turmushga chiqqan, tilimizda sharillatib, uncha-muncha millatdoshimizdan ham yaxshiroq gapiradigan, oyda bir-ikki marta o‘z qo‘li bilan tayyorlagan, ishxonani tutib ketadigan hidining o‘ziyoq og‘izning suvini qochiradigani karischa “chim-chim” yoki “Napoleon” torti olib kelib, hammani mehmon qiladigan, hazor taassufki, farzandsizlik bois o‘z tashabbusiga ko‘ra eridan ajralgandan keyingi o‘n yilini faqat ish bilan ovutib o‘tkazayotgan, marmarday tiniq yuzida bironta ajini yo‘q, hamma “Karis xola” deb ataydigan ko‘hlikkina, qiyiq ko‘zlari ham o‘ziga yarashib turadigan Lida-Latofat xonim esa “Biz kelajakni oldindan ko‘rib, uyalib ketganimizdan shartta ko‘zimizni yumib olganmiz”, deb turaverardi). Balki shu sabablidir, ayollarimiz ham uni o‘z og‘alaridek, o‘z padarlaridek yaxshi ko‘rishar, hurmat qilishar, katta-kichik biron muammo tug‘ilib qolsa bas, istihola ham qilib o‘tirmasdan, farzand ko‘rish baxtiga muyassar bo‘lgan hamjinslariga buyuk hayrat va ehtirom bilan munosabatda bo‘ladigan, ularga qo‘lidan kelgan-kelmagan ko‘magini ayamaydigan Karis xola bilan til biriktirishgancha to‘g‘ri rahbarning huzuriga kirib borishar va o‘sha muammoni bemalol birgalikda muhokama qilishardi. Bundoq dildan kechadigan suhbatlardan so‘ng qanchalab xodimalar qizargan ko‘zlariga nafis dastro‘molchalarini bosib chiqishlarini sanash mushkuldir, ammo undan ham ko‘proq ayolga oshig‘ich tarzda moddiy yordam ko‘rsatish xususidagi buyruq imzolanganligi bor gap. Men aniq bilganim, rahbarimizning o‘zi shaxsan bozorga borib, qo‘li kaltaroq farrosh opamiz uchun ishxonamiz nomidan beshik sotib olgandi: sho‘rlik ayol nevarasini yo‘qlab borolmay turgan ekan. Jamoada kimdir to‘y qilib qolsa, rahbarimiz tom ma’noda o‘sha yerga borib yotib olardi. Ma’rakada ham shunday… Ishqilib, so‘ngroq mamnuniyat ila eslab yurganimizday, avvalgi rahbarimiz barakali ishxonamizda barakali mehnat qilib, eson-omon pensiyasiga ham yetib oldi. Ana endi yurgandir muloyim jilmaygan ko‘yi keksalik gashtini suri-ib, tuzsiz ovqat ye-eb, shakarsiz choy ichi-ib… Darvoqe, o‘rni kelib qoldi, endi buniyam qayd etib o‘tmasak bo‘lmas, ayrim tili zahar xodimlar tomonidan “Chuchmal” laqabiga munosib ko‘rilgan – shunday tilla odam-a! – avvalgi boshlig‘imiz “Bu dunyoda ikkita oq o‘lim bor: biri tuz, ikkinchisi shakar” deb hisoblar, ularni iloji boricha kam iste’mol qilar, shu sababli, bu mulohazani og‘izda to‘la qo‘llab-quvvatlagan holda choyxonaga cho‘ntagimizga sho‘rtak qurtdan to‘ldirib borardik-da, xo‘jayinga bildirmasdangina, tuzi past osh bilan shakarobga qo‘shib yeyishni uddalardik; ishxonada esa nafaqat rahbarimizning, boshqa biron mardumning ham ko‘zi tushib qolmasin uchun shakarni eng quyi g‘aladonlarimizga yashirib tashlardik. Faqat Karis xolagina “Shakar emas, novvot ishlatdim, novvot – qandning pishirilgani, sovuqlik emas, issiqlik” qabilidagi sabablarni ro‘kach qilib, “Napoleon”idan bir bo‘lagini o‘tkazishni eplardi.
Darvoqe, ishxonamizda ikkita “xola” va bitta “xonim” bor edi. Karis xola, har qancha tavallo qilishmasin, yalinib-yolvorishmasin, hattoki aldab-suldab so‘rab ko‘rishmasin, baribir mutlaqo o‘ziga xos koreyscha “chim-chim” tayyorlash usulini bironta ayol bilan o‘rtoqlashmasligi, baayni muqaddas sirni bir umr saqlab o‘tishga qasam ichgan mutaassibdek miq etmay turaverishi, juda qo‘yishmasa, gapni boshqa mavzuga burib yuborishi bilan tanilgan edi. Bundan tashqari, Karis xola go‘shangada ko‘z ochib ko‘rgan eriga sadoqat borasida ham qoyadek sobit va mahkam edi: eh-he, viqor ila qadam tashlagan mahallari o‘ziga yarashib turadigan liboslari go‘zal qomatini ko‘z-ko‘zlaydigan ayolga ne-ne erkaklar oshiq bo‘lishmadi, ne-ne odamlar oraga tushib, sovchi bo‘lib kelishmadi, hatto rahbarimiz ham bir gal xotini vafot etgan o‘rtog‘ining iltimosiga “yo‘q” deyolmasdan, sharafli vazifani ado etmoq qasdida kotibasining xonadoniga tashrif buyurgan, ammo qat’iy rad javobini olgach, noilojligini bildirganday, ikkala qo‘llarini keng yoygan-u, “kuchuk go‘shti yeyaverib, mijozing sovuqlashib ketgan sen xotinning” tarzidagi dashnom bilan kifoyalangan. Oxir-oqibat bu masalada Karis xolani tinch qo‘yishdi.
Ishxonamizdagi ikkinchi xola bo‘lmish Nitsshe xo­laning kechmishi sal boshqacharoq edi. Nitsshe xola institutni bitirib, oq-qorani taniganidan keyin kitobxonlik kasaliga chalinganlardan. Ayollarning shivir-shivir qilishicha, yangi turmushga chiqqan kezlari er bot-bot uzoq muddatli safarlarga ketavergan. Yangi kelinchak vaqtini o‘tkazish uchun uyda yig‘ilib qolgan kitoblar mutolaasiga zo‘r bergan. Buni qarangki, oxir-oqibat juvon biron nima o‘qimasa turolmaydigan bo‘lib qolgan. Nitsshe xolaga farqi yo‘q edi: qo‘liga tushgan matn borki, u badiiy asarmi, ilmiy maqolami, bog‘dorchilikda hosilni oshirishning vositalari xususida risolami, poydevorni qanday qurish kerakligi haqidagi yo‘riqnomami, chorvachilik istiqbollari borasida majmuami – o‘qiyverardi. Tamakisiz qolgan kashanda atrofga qanday olazarak bo‘lib, qidirinqirab qarasa, Nitsshe xola ham chor tarafga shunday tikilardi: zora o‘qish uchun qo‘lga ilingulik biron nima chiqib qolsa.
Albatta, bora-bora ayolning sevgan muallifi paydo bo‘lgan va bu zot faylasuf Fridrix Nitsshe edi. Tashqi ko‘rinishidan Gorkiygami o‘xshab ketadigan bu olmon nimasi bilan maftun etgan, tushunish mushkul, ammo juvon uning asarlarini topib o‘qiyvergan-o‘qiyvergan, uqishga ham urinavergan. Buning nimasi yomon? Ammo mutolaadan xiyla uzoqroq bo‘lgan muhandis erga bu hol yoqmaydi va u kitobxon rafiqasiga bir necha bor o‘ta qadimiy mazmunda va tarzda dakki beradi: “Yotib olib kitob o‘qigandan ko‘ra ro‘zg‘orga qarasang o‘lasanmi?” Ammo allaqachon xronik xastaga evrilib ulgurgan ayolga bu ta’sir qilmaydi. (To‘g‘ri, ayrim tili uzunroq hamkasb ayollarning bizga yetkazib kelgan uzunquloq mish-mishlariga qaraganda, ishxonasiga yaqin joyda bo‘lgan er sho‘rlik tushlik mahali uyga yaqin o‘rtog‘ini bir boshlab keladi, ikki, uch… O‘rtoq qarasaki, qachon kelishsa, mehmonxona xontaxtasida dasturxon yozilgan. O‘rtoq o‘z hayratini izhor etishga shoshgan: “Xotining malades ekan, hamisha dasturxon yozib qo‘ygan bo‘ladi-ya!” Shunda er og‘ir xo‘rsinib aytgan ekan: “Bu dasturxon qachondir yig‘iladimi o‘zi deb so‘ra mendan!”. Ayollar mana shu voqeani er-xotin orasidagi ixtilofning boshlanish nuqtasi, ibtidosi, munosabatlar taranglashuvi kosasiga to‘kilgan so‘nggi sabr tomchisi deb bilishadi).
Har ne bo‘lganda ham, bu juftlikning umri mana shu tarzda o‘tib ketishi – o‘rtada bolalar bor, axir – haqiqatga yaqinroqday edi. Hatto orqavoratdan “kompromat” ma’lumotlar to‘plashga ulgurgan alamzada erning Nitssheni “O‘zi bir tutqanoq, tentak olim bo‘lgan bo‘lsa, buning ustiga singlisiga uylangan bo‘lsa, o‘ziga o‘zi Iso bo‘lib ko‘ringan bo‘lsa, shunday odamning yozganlari nimayam bo‘lardi?” qabilida bo‘ralatib so‘kib qolishlari ham oradagi er-xotinlik iplarini uzib tashlashga qodir qaychi vazifasini o‘tay olmasligi aniq edi. Ammo kutilmaganda juvon qovun tushirib qo‘yadi. O‘ta jiddiy tarzda. Hodisotning muxtasar bayoni shuki, er ishlayotgan zavodda birdan qisqartirish boshlanadi-yu, ikkala oyog‘i ham soppa-sog‘ bo‘lgani holda, nechukdir cho‘loqlanib yuradigan, bu ham kamday, hassa ham tutadigan tsex boshlig‘i qandaydir eski alamini olmoq qasdidami, uni ro‘yxatning boshiga tirkab qo‘yadi. Bu qadar nohaqlikdan tutab ketayotgan er uyga kelib, qaydandir bahona topib olgancha jami lang zotini ayovsiz so‘kib turgan mahal xotin yuvilmagan qoshiqday oraga suqiladi va hech gapdan-hech gap yo‘q, tuyqusdan, baayni o‘z nuktadonligiyu ilmini namoyish etmoqchiday, Nitsshe janoblaridan iqtibos keltirib qoladi-ku: “Boshliqlarni hurmat qil va ularga bo‘yinsun, hatto boshlig‘ing cho‘loq bo‘lsa ham, bo‘yinsun! Yaxshi uyquning sharti shu. Axir mening aybimmi, agar boshliq cho‘loqlanib yurishni yoqtirsa?”
Keyinroq, azobli xotiralarga berilgan chog‘lari juvonning o‘zi bizga bot-bot gapirib yurdi: bu gap­larni eshitgan er, xuddi quloqlariga ishonmayotgandek, bir muddat xotiniga angrayib-garangsib qarab qolgan. So‘ng ohista, juda ohista so‘ragan: “Bo‘lmasa mening aybimmi?”. Shaksiz, ayol ulug‘ faylasufning mushohadasini bu qadar jo‘n, ya’ni bilvosita emas, bevosita tushungan eriga achinib qaraydi va uzundan-uzoq izoh bermoq niyatida (aks holda omi er hech narsani anglamaydi), o‘z tuyg‘ulari va mulohazalaridan to‘liqib va hayajonlangan ko‘yi ma’ruzasini boshlaydiki: “Buyuk Nitsshe…”
Ammo er bir gapni kam, ikkita gapni ko‘p deydigan asabiy ahvolda edi. Shu boisdanmi, xotinining basharasiga tik qaragan ko‘yi ko‘nglidagi gapni nafrat bilan shartta aytadi-qo‘yadi: “O‘sha Nitssheng bilan qo‘shmozor bo‘l!”. Shundan so‘ng er o‘ta klassik tarzda, ya’ni bitta kostyumini yelkasiga tashlaydi-yu, uydan chiqadi-ketadi. Ayol “oh” degancha yuzini changallab qolaveradi (To‘g‘ri, yana o‘sha hamma narsadan boxabar hamkasaba ayollar er uncha uzoqlashmaganini, anchadan beri don olishib yurgan jazmani, ya’ni xotinining qo‘shni mavzeda yolg‘iz yashaydigan dugonasinikiga borib qo‘ya qolganini naql qilishadi. Kelishuv shundoq bo‘lgan ekan: qariqizdan uy va muhabbat, sobiq dugonaning sobiq eridan esa muhabbat xolos).
Ayol zotini sog‘lom mantiq bilan tushunib bo‘­larmidi! Shundan keyin bizning hamkasabamiz mutolaani yig‘ishtirib qo‘yib, “er bermoq – jon bermoq” tarzida yeng shimargancha jufti haloli uchun astoydil kurashga bel bog‘lagan deb o‘ylasangiz qattiq yanglishasiz. Zero, taqdirga juda tezlikda tan bergan ayol… mutolaaga zo‘r berdi. Yana kitoblar, yana Nitsshe… O‘zining tul qolishiga sabab bo‘lgan faylasufni shu qadar ko‘p gapirib, shu qadar undan mo‘l iqtibos keltira boshlagan ayol oxir-oqibat “Nitsshe xola” laqabini orttirib oldi. Ammo Nitsshe xolaning ajabtovur bir odati yildan-yilga gazak olib, kuchayib borardi: ayol o‘tmishni qo‘msardi. Balki shu sababdir, tinmay xotiralarga berilar, kechmishini, chunonchi, eri bilan o‘tgan kunlarini bo‘yab-bejar, ideallashtirar, afsus chekar, armon qilar, o‘zini azoblarning tubsiz chohiga tashlar, ta’bir joiz bo‘lsa, xotiralarning madda boylagan yarasini shafqatsizlarcha yorib, ustiga tuz separ va bu azobdan behad rohatlanar edi. “Biz birga yashaganimizda… Birga teatrga borganimizda… Birga kinoda bo‘lganimizda… to‘yda bo‘lganimizda… toqqa chiqqanimizda…” Xotiralar tinmay quyilib kelar, Nitsshe xola ko‘z yoshi aralash ularni entikib-to‘liqib gapirib, yig‘lab-kulib charchamas edi. Biroq shakarning ham ozi shirin. Achchiq xotiralarning-ku, inchunin. Bora-bora Nitsshe xolaning hayajonli dilrozlari ko‘pchilikning me’dasigi zig‘ir yog‘day urib bo‘ldi. Birdan qarib, bukchayib qolgan xola mana shu kattakon idoramizda o‘ziga bittagina suhbatdosh, to‘g‘rirog‘i xotiralarini achinish aralash hayrat bilan eshitadigan, ora-sira tasalli berib turadigan tekin quloq qidirib charchaydigan bo‘ldi. Maqsadiga yetib qolsa-ku, undan baxtli odam yo‘q edi. Mabodo izlagani besamar bo‘lsa, uchragan kishi ming bitta bahona bilan o‘zini olib qochaversa yo uning gapini eshitib ham o‘tirmay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqa tomonga qayrilib ketsa, Nitsshe xola behad ezilar, dovdirab xonadan-xonaga o‘tar va axiyri mehribon Karis xolaning huzuriga borib, dil dardlarini yana o‘sha olmon mutafakkiri so‘zlari bilan insho etardi: “Nahotki men oxirgi baxtni farog‘at orollarida va olislardagi unutilgan dengizlardan izlashim kerak?” Karis xola achinib bosh chayqar, hamdardlik izhor etar, ammo hamishagiday ishi boshidan oshib yotganini, inchunin, Nitsshe xolaning maj­ruh ko‘nglidan to‘lib-toshib, armon qirg‘oqlarini buzgan holda bosib kelayotgan xotiralar vasfini ting­lab o‘tirmoqqa fursati yo‘qligini aytib, darhol uzr so‘rashga o‘tardi…
Inson tafakkuri, ong-shuurining uncha-muncha aql bovar qilavermaydigan noqisliklari mo‘l-ko‘l-da. Bo‘lmasa, shunday ulug‘ faylasufni o‘qiydigan, uzun-uzun, murakkab jumlalarni yod aytib tashlaydigan, o‘zi boshiga ko‘taradigan muallifining “Mukammal ayol odamzotning komil erkakdan ko‘ra oliyroq turidir” degan mardona e’tirofini hayotiy shiorga aylantirib olgan, balki shu sababli ora-sira qarama-qarshi jins vakillariga sal achinibroq ham qaraydigan Nitsshe xola kelib-kelib turmushning arzimagan masalasida yosh boladay aldanib o‘tirsa-ya! Naqadar go‘llik. Gap shundaki, uyda er bor paytlari Nitsshe xola turli to‘lovlar degan narsalarning yonidan ham o‘tmagan, hatto chiroq haqini to‘lash qog‘ozini qanday to‘ldirishni bilmagan. Boshga nogahon ayriliq tushgach esa, bu ishlarning hammasini o‘zi qilishga majbur bo‘lgan. Albatta, bu yerda hech bir qiyinchilik yo‘q, qolaversa, odam qilgan ishni odam qiladi, buning ustiga xola bir eshitgan yo ko‘rgan narsani tez ilg‘ab oladi, farosatli. Biroq nima jin urgan, hech kim bilmaydi, ishqilib eshikka qistirib ketiladigan chaqiruvlar qog‘ozlari talablarini ado etgan holda goh issiq suv, goh sovuq suv, goh gaz, goh chiqindi, goh soliq idorasiga chopaverib tinkasi qurigan, shundayam allambalolarni chalkashtirib yuborayotgani uchun boshi pena to‘lashdan chiqmay qolgan, buning ustiga ancha-muncha qarz ham bo‘lib ulgurgan va ayniqsa ushbu so‘nggi holatdan ko‘p aziyat chekayotgan, ezilayotgan Nitsshe xola – “Sizlar ham shuncha to‘laysizlarmi? Axir bu ahvolda bitta oylikni qanday yetkazib bo‘ladi?!” – bir kuni anchayin sirliroq tarzda, ko‘-o‘p narsani biladigan mukammal ayol sifatida shivirlabgina e’lon qilib qoldiki, tez orada hayotimiz yangi, oppoq sahifadan boshlanadi, chunki… chunki… Shu yerga kelganda xola allaqanday navozish va qoniqish bilan, suhbatdoshlarining toqatini sinamoqchiday ma’nodor sukutga tolar va axiyri maqsadiga yetganini anglagachgina shodumonlik bilan ma’lum etardi: chunki tez orada davlat odamlarning JEKdagi jami qarzlaridan kechib yuborarkan. Keyin barcha kommunal to‘lovlar “nol”dan boshlanarkan. Chunki hammasi chalkashib ketgan, kim to‘lagan-kim to‘lamaganligini aniqlash qiyin bo‘lib qolgan. Davlat shuning uchun shunday yo‘l tutayapti. Buni mo‘tabar idorada ishlaydigan, juda-juda ishonchli bir ayol yaqin tanishiga aytgan. O‘sha yaqin tanish esa xolaning yon qo‘shnisining ammasining dugonasi bo‘lib chiqibdi… Xolaga kompyuter zamonida to‘lovlar borasida chalkashlik bo‘lishi mumkin emas, degan gapni aytishning o‘zi befoyda edi: titrab-qaqshab, buyuk mamnuniyat va ishonch bilan tez orada hayot yangi sahifadan boshlanishini kutayotgan ayol baribir bu e’tirozni pisand qilmaydi, u o‘zi ishonib turgan kunni, saodatmand soatni kutmoqda. Ya’ni bir kuni ertalab uyg‘onadi-yu, biron to‘lov bo‘yicha bir so‘m ham qarzi yo‘qligidan voqif bo‘ladi. Hayot ana shundan keyin boshlanadi. Nitsshe xola ana shundan keyingina barcha to‘lovlarni oyning boshida amalga oshirib qo‘ya qolishini ma’lum qilib ham charchamasdi. Xola deyarli bir yillik muddatni mana shunday xomxayollar og‘ushida o‘tkazib yubordi, bu fursat ichida uning barcha to‘lovlarni to‘lashdan vaqtincha tiyilib turishni ixtiyor etgan izdoshlari guruhi ham paydo bo‘ldi. To‘g‘ri-da, baribir davlat yaqinda hamma qarzlardan voz kechib turganidan keyin to‘lashning nima keragi bor? Guruh ohangrabosi hatto Donishmand Bo‘rimizni ham o‘ziga tortib ketdiki, sho‘rlik mashriqparastimiz “qadimiy ildizlarga ega bundoq boshqaruv usul”ining o‘sha ildizlarini g‘ayrat bilan izlashga tushib ketdi va bir emas, bir necha joydan topdi ham… Afsuski, hamishagidek voqelikning qattiq toshi orzu-ilinjlarning rangin oynasini chil-chil sindirdi va odatdagi kunlarning birida Nitsshe xola turli-tuman to‘lovlar bo‘yicha bo‘yniga qadar qarzga botganidan rasman voqif etildi, sudga chaqirildi… O‘sha kunlari benihoya dov­dirab qolgan, rangi ko‘mirday qorayib ketgan, lablari pir-pir uchayotgan xolaga qarashning o‘zi azob edi, shu boisdan biz hammamiz u kishidan o‘zimizni olib qochib yurdik, illo, Nitsshe aytganiday: “Hamdardlik dard chekishdan ko‘ra azobliroqdir”.
Voqeadan xabar topgan Karis xola darhol Nitsshe xolani rahbarning huzuriga olib kirdi, sho‘rlikka eng kam ish haqining o‘n ikki barobarida moddiy yordam ko‘rsatish haqida buyruq chiqartirib berdi. Ammo bu oz edi, yetmasdi. Qat’iy ishonch aralashgan go‘llikning aybsiz qurboniga aylangan, vahima to‘fonida qolgan qalbi terak bargiday dir-dir titrayotgan xola adoyi tamom bo‘lgan mahal… Ko‘ngil uzib ketgani bilan, sobiq oilasida kechayotgan voqea-hodisotlardan boxabar sobiq er yetib keladi va bir kunda hamma moddiy muammolarni hal qiladi-qo‘yadi-yu, qanday paydo bo‘lgan bo‘lsa, shunday izsiz g‘oyib bo‘ladi… Larzaga tushgan va aftidan, nimalardandir umid ham qila boshlagan xola ancha mahalgacha faylasufning “Kimdir bizdan uzr so‘ramoqchi bo‘lsa, bu ishni o‘ta mohirona bajarmog‘i kerak. Aks holda biz o‘zimizni aybdordek noqulay his etamiz”, degan hikmatini bot-bot takrorlab yurdi. Biroq, ilinj oqlanavermagach, ilojsiz holda boshini eggan xola yana o‘zini o‘zi yupatishga, ayni paytda o‘zini ta’na-dashnomlarga ko‘mib tashlagan ayrim hamkasabalaridan himoyalanishga majbur bo‘ldi: “Har qanday haqiqat – egri. Chunki vaqtning o‘zi ham bir doiradir…”
Muassasamizdagi yana bir juvonning laqabi “Nigilist xonim” bo‘lib, bu qo‘pol unvonning boisini ayolning asl ismi Nigorami-Nilufar ekanligiga, hattoki familiyasi Bozorovaligiga ham taqab bo‘lmasdi. Hamishagiday qandaydir yo‘llar bilan barcha xodimlarning hayotida kechgan hattoki eng maxfiy yaqin o‘tmish voqealarini miridan siriga qadar bilib oladigan ayollarning burchak-burchakdagi shivir-shivirlariga qaraganda, xushro‘ygina Nigorami-Nilufar fan osmoniga chiqib kelayotgan yulduzcha misoli endi-endi porlay boshlagan mahal bu ko‘kda anchadan buyon muqim joy egallab turgan yoshi ulug‘roq yulduzning birgalikda bulutlar bag‘riga sayr etish haqidagi taklifini anchayin keskin ohangda rad etish asnosida bilagi tomon cho‘zilgan qo‘l sohibining yuziga tarsaki tortib yuborishdan o‘zini tiyib turolmaydi. Natijada tez orada semiz ilmiy jaridalardan birida Nigorami-Nilufar olib borayotgan tadqiqotning tit-piti chiqarilgan, uch pulga qimmatligi isbotlab tashlangan tanqidiy maqola chop etiladi. Bu zarbadan o‘zini yo‘qotib qo‘ygan qahramonimiz to o‘zini oqlab-o‘nglab olguniga qadar poyezd ketib qolgan bo‘ladi: mavzu allaqachon yopilgan. Buyam kamday, ich-ichidan siqilib, kuyaverganidan Nigorami-Nilufar xastalikka chalinib qoladi-yu, buni yashirib yurishning hech iloji qolmagach, aloha quv-quv yo‘talgan holda, og‘ziga bosilgan ro‘molchadagi qon yuqini dalil sifatida namoyish etaroq ahvolini turmush o‘rtog‘iga aytib bera boshlagan mahal… E voh, balki bu shunchaki beixtiyor ro‘y bergandir, balki odamning o‘zini o‘zi asrashga intilish instinkti ishlab ketgandir, har nechuk, kasallik haqida eshitayotgan mahal nechukdir ko‘zlari katta-katta ochilib ketgan er o‘zi o‘tirgan stulni yarim qadam ortga suradi. Buni ko‘rib qolib, “Erim o‘ziga kasalligim yuqib qolishidan qo‘rqayapti”, degan vahimali xulosaga kelgan juvonning ko‘ziga dunyo qorong‘i ko‘rinib ketadi. Va o‘shandan buyon ahvol shu: Nigorami-Nilufarimiz olamni qora rangda ko‘rgani-ko‘rgan, baayni ko‘ziga ko‘rinmas qora ko‘zoynak taqib olgan yoinki qora linza o‘rnatgan deysiz. Er sho‘rlik o‘zini oqlayverib charchagan, ammo o‘zicha qat’iy xulosaga kelib bo‘lgan juvon uning bittayam so‘ziga quloq solmagan. Kasallik-ku, yuqumli emas ekan, hatto shifoxonada yotmasdan, uyi­da yarim yil davolangan ayol undan butkul qutildi, ammo diliga o‘rnashib qolgan, chirmovuqday tobora butun vujudiyu qalbini egallab olayotgan ildizsiz darddan xalos bo‘lolmadi. Bil’aks, tobora uning ojiza bandisiga aylana bordi. Nigora-Nilufar baayni rub’i maskundagi jami ranglarni, kamalak tovlanishlarini inkor etib, bitta rangga mahkam yopishib oldi; barcha ezguliklarni benihoya ustomon makkorlar yuzlariga vaqtinchalik tutib olgan niqob deb bildi, ularning ortidagi asl basharalarni ko‘rib turganini da’vo qilib turaverdi. Juvon hech kimga, hech nimaga ishonmay qo‘ydi, uning uchun muqaddas narsaning o‘zi qolmadi. O‘zim guvohman, to‘y-ma’rakalarda sira raqsga tushmaydigan, o‘rtaga tortqilab qolishsa g‘oyat jiddiylik bilan “Men uchun raqsga tushishdan ko‘ra oltita devni o‘ldirib kelish oson”, deb qutuladigan, bunday g‘alatiroq bahonaga ishonmay, tixirlik qilib turib olganlarga esa “Buni Servantes aytgan, siz o‘zi uning kimligini bilasizmi?” deya gapni aylantirib-chuvalashtirib tashlar edi. Bir safar boshining yaltirab qolgan tepa qismiga ustalik bilan tuflab yopishtirilgan yonboshdagi shusiz ham siyrak soch tolalari o‘rnidan qo‘zg‘alib ketishidan cho‘chiydigan Hisobchi jiringlab qolgan telefonini qulog‘iga bosib “Alyo… alyo” degancha xonamizdan chiqdiyu, bir necha soniyadan so‘ng barmoqlarini qarsillatgancha o‘ynab qaytib keldi va og‘zi qulog‘iga yetgan holida bir amallab xitob qilishni epladiki, birodarlar, bizning o‘g‘ilcha o‘z kuchi bilan o‘qishga kiribdi, testdan falon ball olibdi, kontrakt­ga ilinibdi ablahcha. Tabiiyki, hammamiz bundoq “ablahcha”ning baxtiyor otasini qutlashga shoshdik. Faqat Nigora-Nilufargina labini istehzoli burgancha o‘shshayib “Qancha berdingiz?” deb so‘radi. Ustidan sovuq suv quyilganday birdan sergak tortgan Hisobchi o‘g‘lining necha fursatdan beri repetitorga qatnashiyu, tun bo‘yi uxlamasdan dars qilib chiqishlari borasida uzundan-uzoq izoh bera boshladi. Ammo Nigora-Nilufar bu dastaklarning birontasini eshitmaganday, aytayotgan gapiga ishonchi balqib turgan sovuqqonlik bilan keyingi zarbani yo‘lladi: “Shu zamonda o‘qishga tekin kirib bo‘larkanmi? Shu zamonda-ya?”. Bunaqa hujumni kutmagan Hisobchi g‘o‘l­dirab qoldi. Biz bir-birimizga ma’nodor qaradik: darvoqe, shunaqaga o‘xshaydi, bir balosi bo‘lmasa…
Bular hali holvasi. Ichki asabiylik aralash norizoligi yuziga urgani boismi yoinki qachonlardan buyon pardoz-andoz nimaligini unutganiyu oqarib qolgan sochini bo‘yamay yurishi sabablimi yoshiga nisbatan keksaroq ko‘rinadigan Nigora-Nilufar avtobus-metroda yosh-yalang joy bersa o‘tirmas, noma’lum nuqtaga tikilgan ko‘yi haykaldek qilt etmay turaverar, qayta takliflarni eshitmas yo o‘zini eshitmaganga solardi; bozorda birontasi yukini ko‘tarishga yordamlashmoqchi bo‘lsa qo‘pollik bilan rad etardi; o‘ziga iltimos bilan murojaat qilganlarni gap bilan siltab tashlardi… Uyida esa… aytishlaricha, uyida Nigora-Nilufar tom ma’noda bir paytlar o‘zidan bir soniyaga bo‘lsa ham… irgangan (ha, ha, Nigora-Nilufar xuddi shunday hisoblardi!) eriga nisbatan sovuqqonligu har qanday mantiqdan xoli alamzadalikning tirik timsoliga aylanardi. Deylik, er, “Falonchi vafot etibdi” desa, rafiqa g‘oyat beparvolik bilan “Bu dunyoning tashvishlaridan qutulibdi”, der, uydagi muzday sukunatdan siqilib ketib, nima mavzuda bo‘lsa ham gaplashib o‘tirishni ixtiyor etgan er “Pistonchi tanishimiz turmushga chiqibdi” desa, rafiqa o‘shanday xotirjamlik bilan “Borib ta’ziya izhor etib kelish kerak ekan”, deya sado berar, er so‘nggi ilinj yetovida “Balki falonchi akanikiga mehmonga borarmiz”, degan taklifni o‘rtaga tashlasa, lablarida achchiq zaharxanda o‘ynay boshlagan xotin qarorini ma’lum etardi: “Meni o‘zlariga teng ko‘rmagan xonadonning ostonasini hatlab o‘tmayman, o‘zi bemalol boraversin”. Darvoqe, o‘sha voqeadan keyin Nigora-Nilufar nimagadir eriga uchinchi shaxsda murojaat qiladigan bo‘lib qolgan. Aytishlaricha, bir kuni er ochiqko‘ngillik bilan televizorda odob-axloq, imon-e’tiqod haqida jo‘shib so‘zlayotgan olimga ishora qilgan: “Rosa yaxshi gaplarni aytayotibdi-ya. Tanishing shekilli”. Shunda birdan bosib kelgan nafrat-g‘azab tuyg‘ularidan vujudi qalt-qalt titrab ketgan ayol shartta: “Men bu g‘arning so‘zlarida riyo, ko‘zlarida makr ko‘ryapman”, degan. Xullas, er “ali” desa, xotin mutaassiblarcha qaysarlik ila “bali” deb turavergan. Oxir-oqibat bunaqa hayot jonidan to‘ydirgan er… Tom Soyerning do‘sti Geklberri Fin kabi kechqurunlari ko‘chaga chiqib, to xumordan chiqquncha so‘kinib-so‘kinib kelishni, shu yo‘l bilangina hovurdan tushishni o‘ziga odat qilib olgan. Yana aytishlaricha, bunisi endi haddan ortiq-ov, yana kim biladi deysiz, sho‘rlik er hech chiday olmay qolgan kezlari atay toqqami, cho‘lgami chiqib, uvlab-uvlab ham kelarmish…
Shunday ayolni “Nigilist xonim” deb atamay bo‘ladimi? Ammo inkorni inkor qonuni ham bor-ku. Nigilist xonimning bu dunyoga kelib topgani ikki farzandi edi. Agar ularning baxti, kamoli uchun joningni qurbon qil deyishsa, juvon hech ikkilanmay, aksincha, shod-xurramlik bilan bu taklifga rozi bo‘lardi-qo‘yardi. Nigilist xonim olamga, tiriklikka nisbatan qanchalik sovuqqon bo‘lsa, farzandlariga nisbatan shunchalik mehribon edi. Juvon bolalarini sport maktabiga, musiqa maktabiga vaqtida olib borib kelish uchun kerak bo‘lsa yalinib-yolvorib ishdan javob so‘rar, keyin, yumushdan so‘ng qolib bo‘lsa ham shu vaqtni halol ishlab berardi. Nigilist xonim vaqtida ovqatlanmasligi, haftalab non-choy bilan yuraverishi mumkin edi, ammo o‘g‘il-qizining yaxshi yeb-ichishini, ularning cho‘ntagida hamisha yetarli pul bo‘lishini qattiq nazorat qilardi. Xonim bir so‘m ustida bo‘lim boshlig‘i yoki kassir bilan tomog‘i xirillab qolguncha talashib-tortishib, baqir-chaqir qilishi, sovg‘a uchun pul yig‘ilganida esa “Tug‘ilmay o‘lsin!” deb qarg‘anishi mumkin edi, ammo bolalariga zarur pulni yerning ostidan bo‘lsa ham topib berardi. U haftalab eri bilan gaplashmasligi, u so‘z ochib qolgan taqdirda nafrat bilan yuzini ters burishi mumki edi, biroq bolalarga biron nima uchun uch-to‘rt so‘m lozim bo‘lib qolganida o‘sha mag‘rur betini shartta sidirib tashlab, “bu odam”dan pul talab qilib turaverardi.
O‘z-o‘zidan ayon, yumushxonamizda Nigilist xonimning na sirdoshi, na darddoshi bor edi; oldidan kelganni tishlaydigan, ortidan kelganni tepadigan juvonda bunga intilish ham, ehtiyoj ham yo‘q edi. Ayni paytda juvon rahbariyat qoshida tilini tishlab turishning rosa hadisini olgandi, uzundan-uzoq davom etadigan yig‘ilishlar chog‘i ham bu gaplarning o‘ziga mutlaqo aloqasi yo‘qday noma’lum nuqtaga tikilgan ko‘yi “miq” etmay o‘tiraverardi. Aftidan, ayol bu fe’l-atvori bilan boshqa joyda ishlay olmasligini, bo‘shab ketgan taqdirda esa ehtimolki umuman boshqa korxonaga kirolmasligini yaxshi anglab turardi, shu bois pensiya yoshiga qadar o‘zini qurbonlikka keltirib bo‘lsa ham bir amallab chidab yurishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygandi.
Idoramizda aksariyat Nigilist xonimdan o‘zini olib qochardi. Hatto Nitsshe xola ham tekin eshitguvchi topish dardida bir necha bor juvonning yo‘lak oxiridagi badrafxona yonida joylashgan, bir taraf devorini sho‘r bosib ketgan xonasiga uch-to‘rt bor qadam ranjida qildi. Ammo ayolning ko‘zda yosh bilan hamdard bo‘lish o‘rniga o‘ta sovuqqonlik bilan “Yaxshi bo‘libdi… vaqtida qutulibsiz-ku… Pishirib yesin erchangizni!.. Yo‘qolgan pichoqning sopi oltin bo‘libdi-da!.. Baribir bu yil bo‘lmasa, kelasi yili ketardi biron yosh, dirkillagan, sochi kalta manjalaqining oldiga!” qabilidagi serpiching dashnomlari suyak-suyagidan o‘tib ketdiyu, qaytib bu dargohga qadam bosmadi, xonimni ko‘rib qolganda esa o‘zi birinchi bo‘lib yo‘lni teskari soladigan bo‘ldi.
Darvoqe, sobiq rahbarimiz ishdan bo‘shaganidan keyin ham ko‘p qavatli uyning sakkizinchi qavatidagi uch xonali uyda yashayverganini eshitganimizda ne-ne xodimlarimiz unga achinishgani, yana qanchasining tomoq taqillatib “Ana rahbar! Ana xo‘jayin!” deb qo‘yishgani bor gap, faqat Nigilist xonimgina pinagini buzmasdan, go‘yo o‘ziga juda yaxshi ma’lum haqiqatni aytayotganday “Yashiryapti! Hovlilarni bosib tashlagan!” deb turaverdi. Hatto ayrim xodimlarning sobiq rahbarimizdan xabar olishga borib kelganlaridan so‘ng ont ichib shohidlik berishlariyam Nigilistimizga chivin chaqqanchalik ta’sir qilmadi: ularning har biri bilan alohida-alohida urishib chiqadiganday alfozda chaqchayib, “Bosib tashlagan!” deb turaverdi. Nima, hovli ko‘rpamidiki, yig‘ib, bosib tashlasa? Agar chindanam hech bo‘lmasa bittagina hovlisi bo‘lsa edi, avval yashirgan bo‘lsa yashirgandir-u, mana endi, pensiyaga chiqqanidan so‘ng yotmasmidi sadarayhon gullab yotgan hovlida oyog‘ini uzatib, xotiniga o‘choq-qozonda osh qildiri-ib… Yo‘q, Nigilist xonim baribir zarracha bo‘lsin yon bermaydi, tullagan kurka misoli bo‘ynini oldinga cho‘zadi: “Bosib tashlagan!” Tamom-vassalom!.. Ha, bunday xotinni urib o‘ldirib qo‘ymagan o‘sha erning o‘zigayam, otasigayam ming rahmat…
Va-nihoyat Shig‘irchimiz. U bir ishq bandisi, hayotning andisi, hijrondan yurak-bag‘ri kuyib ado bo‘layotgan, bu dunyoga sig‘may o‘tayotgan, uquvsiz, turmushning birinchi mushti u yoqda tursin, yengilgina shapalog‘iga duch kelgandayoq dovdirab-esankirab, kalavasining uchini yo‘qotib qo‘yadigan, shu holiga yana tunlari uxlamay, o‘zicha bir nimalarni qoralab ham yuradigan, shundan taskin topadigan darvish, yoshi ellikka yaqinlashib qolgan bola edi. Uning hammadan berkitadigan, o‘zi ora-sira, yashirincha o‘qib kelganligi esa yig‘i va uyqusizlikdan qizarib ketgan ko‘zlaridan ayon bo‘ladigan bitiklariga baho bermoq imkonim xorijida, men faqat Shig‘irchimizning bu masalada benihoya halol ekanligini bilardim. Ya’ni, u hech qachon birovning misrasini yoinki butun boshli shig‘irini o‘ziniki qilib olmas, avval “Falonchiniki” deb, keyin o‘qir, hatto odatda choyxonada, “qizib olganidan” so‘ng aytadigan “Men she’r o‘qiydirman, ayting, kim kabi? Ziyofatlarda mast Delvig singari” degan mashhur baytining ikkinchi misrasi Pushkinga tegishli ekanligini alohida ta’kidlab o‘tib ketishni ham unutmasdi. Xullas, roviylar andog‘ rivoyat qiladurlarkim, talabalik yillari adog‘ida Shig‘irchining burchak-burchak­larda o‘pichlar berib yurgan suyuklisi uning eng yaqin jo‘rasiga tegib ketadi. Bundoq qo‘shaloq xiyonat zarbasidan adoyi tamom bo‘lgan Shig‘irchini Majnun yanglig‘ sahrolarga bosh olib chiqib ketmoq qasdidan bizning ishxonaga berilgan yo‘llanma qaytarib qoladi. Baribir yuragini tuzalmas alamli armon qilichi tilib o‘tgan ekan, yosh mutaxassis “qalbidan sirqirab oqib turgan qop-qora qon” bilan – bu uning misrasi, albatta – do‘zax qiynoqlarini boshdan o‘tkazib yashay boshlaydi. Teng-to‘shlarning, voqeadan voqif bo‘lgan ishxonadagilarning “Asl muhabbat faqat hijronda bo‘ladi. Agar o‘shanga uylanganingda edi, ikki oydan keyin bir-birlaringni ko‘rarga ko‘zlaring, otar­ga o‘qlaring bo‘lmay qolardi. Ko‘p kuyinma, baxting hali oldinda”, tarzidagi yupatishlari esa olovga moy sepganday ta’sir qiladi, ko‘z yoshlariga g‘arq qahramonimiz titrab-qaqshagancha “U… u boshqacha edi… Endi unaqasi uchramaydi” deb turaveradi. Bilmadim, balki vaqt davo topmas dardlar ham bo‘lar. Illo, fursat o‘tib Shig‘irchimiz uylandi, uch qizlik bo‘ldi, ammo qorachiqlarida qotib qolgan mungdan xalos bo‘lolmadi, qandaydir to‘laqonli, odamga o‘xshab kun ko‘rib ketolmadi, mudom nimanidir kutib, balki nimani kutayotganligini o‘zi ham bilmasdan, baayni ertaga hayoti butkul o‘zgarib ketadigandek, shunda bari-barisiga qo‘l siltab, yangi hayot sari ketadigandek qandaydir hafsalasizroq, qandaydir omonatroq yashardi. Garchand ozgina kayf qilib olganidan ke­yin ziyofatlarimizda ulug‘ shoirlarning “Alvido, yor… Agar shu balo Qismatda bor bo‘lsa alvido…” yoki “Hammasi tugadi. Oramiz ochiq. So‘ng bor qo‘llaringni o‘parkan, pari, Sha’ningga to‘qiyman mungli bir qo‘shiq, Tinglayman javobin: “Tugadi bari…” yoinki “Hayot mendan ayamadi ne’matlarini, Ne istasam,barin berdi, hech bir tonmayman, Faqatgina bir g‘am o‘rtar yuraklarimni – Men muhabbat taqdirimdan maqtanolmayman” va yoki “Men seni shunchalar yaxshi ko‘raman, Ammo og‘ir-og‘ir yoqqanida qor Yoningda yursam ham, nega, bilmayman, U kirar qalbimga munis, beozor” tarzidagi mungli-mungli bitiklarini ko‘zlarida jiqqa yosh bilan mungli-mungli o‘qisa-da, ko‘rinishidan taqdirga tan berganday tuyilsa-da, u baribir bir ishonib-bir ishonmay bo‘lsa hamki Mo‘jiza kutib yashardi. Bu yoqda esa umr o‘tib borardi, umr…

III

Yana “v.b.”, hattoki “v.v.b” rahbarga qaytamiz.
Darvoqe, tanishtiruv marosimida uning “v.b”mi, “v.v.b”mi ekanligi masalasi shunday ustalik bilan aylanib o‘tib ketildiki, biz uni to‘laqonli rahbar sifatida qabul qildik; mazkur maqom salgina keyinroq, ilk ixtiloflaru orqavoratdan musht do‘laytirishlardan so‘ng ayon bo‘ldi.
Dastlab, tabiiyki, yangi rahbarning soyasiga salom berib, qavat-qavat ko‘rpacha soladiganlar qatlami paydo bo‘ldi. O‘sha paytlari bu guruhga keyinchalik Bezbet Alamzadaga aylangan Bezbet rahbarlik qilardi. Lofi bilan aytganda xuddi birov ataylabdan uni bir urib, yerga mixlab qo‘yganday bo‘yi uch, ha, ana, bizdan ketsa ketsin, nari borsa to‘rt qarich, shu holida plyus to‘rtinchimi-beshinchi ko‘zoynak taqadigan, qabariq linzalar ortida ko‘zlari odamning etini junjiktirib yuboradigan darajada vahimali ko‘rinadigan, zahil yuzli Bezbet uzoq yillar o‘zining yulduzli onlarini sabr bilan kutib kelgan ekanmi, aloha davri kelganini his qildi chog‘i, bandilikdan ozod bo‘lgan buk­ri jin misoli yangi rahbarga o‘lib-tirilib xizmat qilishniyam, to‘rt bukilib xushomad qilishniyam juda o‘rinlatdi. Har bir xodimning qanday oyoq olishidan tortib, kim bilan yaqinligigacha, ish mahali nimalarni gapirishigacha, yumushdan keyin kimlar bilan uchrashishigacha, hatto nimalarni orzu qilishigacha – bularni qanday bilib olgan u g‘addor, aql bovar qilmaydi – bari-barisini oqizmay-tomizmay xo‘jayinga yetkazib turdi. Ishqilib, bu o‘lib-tirilib qilingan sa’y-harakatlar besamara ketmadi: tez orada “v.b.”mi, “v.v.b”mi rahbar tomonidan suyak irg‘itildi: Bezbet muassasamiz kasaba uyushmasi Raisi bo‘lib oldi. Jamoatchilik asosida. O‘, endi u kunlar… Bezbet xodimlarni eshik yonida avtomat bilan kutib olib, avtomat bilan kuzatib qo‘ymadi, xolos. Necha yillar davomida ko‘nglining tub-tubida yig‘ilib yurgan fasod birdan yuzaga qalqib chiqdimi yoinki o‘zining bo‘yidan ezilib, “Hap senlarnimi! Hali hammalaringning kunlaringni ko‘rsataman, darozlar!” deb yurgan ekanmi, bir yumalab rahbarcha bo‘lib olgan Bezbet haqiqatan hammaning kunini ko‘rsatdi. Bo‘yini alohida ta’kidlab ko‘rsatmoqchiday mudom poshnasi rezinka yassi poyabzal kiyadigan, shundanmi, xonama-xona sassiz yurishni boplaydigan Rais o‘zining asosiy vazifasi qo‘l ostidagi mehnatkashlarning ko‘ngliga vahima, g‘ulg‘ula solishda deb bilar va bu missiyani o‘ta shafqatsiz darajadagi mahorat bilan ado etardi. Chunonchi, yerdan chiqqanday yo osmondan tushganday to‘satdan biron xodimning shundoq tepasida paydo bo‘ladigan va shusiz ham dovdirab qolgan hamkasabamizni battar esankiratib, ilonday vishillagancha so‘roqqa tutishni-yu, javobini eshitmaslikni, keyin esa darhol umumiy yig‘ilish chaqirib, majlisda ham hech kimga so‘z bermasdan o‘sha bechoraning po‘stagini qoqishni boplaydigan, rasmiy tarzda bayonnomaga kiritiladigan “oxirgi ogohlantirish” e’lon qilgan mahali lazzatdan qabariq ko‘zlari suzilib ketadigan Bezbetdan ko‘pchilik yuragini oldirib qo‘ygandi. O‘zim ko‘rganman, bora-bora ne-ne xodimlarimiz, ular orasida necha yillik tajribaga ega mutaxassislarimiz ham bor edi, Bezbet yaqinlashsa bas, yonlarida sovuq ilon paydo bo‘lganday qo‘rquvga tushib, dir-dir titraydigan bo‘lishdi.
Tabiatidagi qurumsoqligi, maydakashligi boismi, printerga ishlatililadigan qog‘ozni ham bittalab, ming shikva-shikoyat aralashgan minnat bilan sanab, tavbangga tayab, bungayam qanoat hosil qilmay, yonidan qo‘ymaydigan qalin jurnaliga imzo qo‘ydirgandan so‘nggina beradigan, keyin esa ayni ushbu qog‘ozlarning orqa tomonidan ham to‘la-to‘kis foydalanishlarini erinmay nazorat qiladigan Bezbet bir kuni erkaklar badrafxonasida kimdir ma’lum maqsadlar uchun olib kirib, so‘g‘in ishlatmasdan tashlab ketgan oppoq qog‘ozni ko‘rib qoladi-yu… Bo‘ldi janjal, bo‘ldi to‘polon. Ishxonamizning har bitta erkak xodimi Rais tomonidan “Nonko‘rlik!” deya qat’iy baholangan bu ishni o‘zi qilmaganligini bildirib, tushuntirish xati yozib berdi. Aytishlaricha, Raisimiz xuddi shunday maqsadda, ya’ni “iz tushmagan oppoq qorday” qog‘ozni uning tasarrufidagi idora ojizalari haliginday maqsadlarda, xo‘sh, deylik, manzilsiz tarzda ishlatib yubormayotganmikin degan xavotirda ayollar badrafxonasiga ham bir-ikki burun suqib ko‘radi, ammo tasodifan ustiga kelib qolgan bahaybat yetakchi mutaxassis Masha xola uni qiltiriq bo‘ynidan mahkam changallagancha, kasal jo‘jaday chiyillatib ko‘tarib, “Seksualniy manyak!” deya uch-to‘rt qadam nariga otib yuborgachgina bu mashg‘ulotini bas qiladi. To‘g‘ri, rahbarchamiz Masha xolaning o‘ziga taqagan laqabidan bir muddat g‘ururlanib, go‘yo aslida ham o‘zi shunaqa odamday uchragan ayolga ko‘zlarini ola-kula qilib qarab yurdi. Biroq ming chirangani bilan bu mavqega erisha olmasligini o‘zi ham angladi shekilli, oxiri bu mashg‘ulotini bas qilib qo‘ya qoldi.
Bezbetning mantiqan izohlab bo‘lmaydigan ajab­tovur odatlari ham bor edi. Rahbarning ishdan ke­yin kechki sakkiz-to‘qqizgacha to‘rt raqamli hukumat tele­foniga qanday sadoqat bilan, hattoki kabineti to‘ridagi badrafxonaga shamollab kelishga ham chiqmasdan – xudo ko‘rsatmasin, xuddi shu payt telefon qilib qolishsa-chi! Ishtonini ko‘tarmasdan chopib chiqqan taqdirda ham ulgurmay qolishi mumkin axir! – termulib o‘tirishidan boxabar Bezbet ichki telefonga mana shunday mo‘ltirab qarab o‘tirishni o‘ziga kasb qilib oldi. Mayli, bilganini qilmaydimi, ammo Bezbet to o‘zi kabinetni tark etmaguncha barcha xodimlar ish o‘rnida o‘tirishlari lozimligini shart qilib qo‘ydi. Buyruq bilan. Bo‘ysunmaganlar… xullas, arizasini yozishlari mumkin, shu kunning, yo‘q, shu soatning o‘zidayoq. Ana tomoshayu, mana tomosha! Na iloj, chidaymiz-da, ko‘pga kelgan to‘y. Qilayin desangiz ish yo‘q, gazeta-pazeta o‘qib o‘tirayin desangiz – qo‘rqasiz: sira kutmagan mahalingiz Rais qanotlari yozilgan vahshiy kalxat misoli boshingizda charx urib qolishi hech gap emas. Qachon katta rahbar ketadi, keyin Rais. Ana shundan keyingina narsalarni yig‘ishtira boshlashingiz va yana o‘sha qalin jurnalga falon soat, piston daqiqada ketayotganingizni o‘z qo‘lingiz bilan qayd etib, imzo qo‘yishingiz lozim. Tong saharda Bezbetning o‘zi, xuddi siz uning arpasini xom o‘rib ketayotgandek aftini burishtirgancha eshik oldida yana o‘sha “qora daftar” bilan kutib oladi: yana “dastxatu imzo”, bu safar o‘z qo‘lingiz bilan ishga qachon kelganingizni belgilab qo‘yasiz. Soat roppa-rosa to‘qqizda jurnal yopiladi, shundan kechikdingizmi, tamom, dod-voyingizni birov eshitmaydi, Bezbetning shaxsan o‘zi huzuriga chorlab, yarim soat-qirq daqiqa sasiydi, ish va ish vaqtining daxlsizligi, hatto muqadadasligi xususida ming‘irlab qayta-qayta ma’ruza o‘qiydi, kechikkaningiz sababini so‘rayverib odamni sil qilib yuboradi; bironta gapingizga ishonmaydi, bironta sababni tan olmaydi; na to‘yni biladi, na ma’rakani. Raisga deng, na kasallik varaqasi o‘tadi, na shifokorning ma’lumotnomasi, “Men bunaqangi tufta qog‘ozdan kerak bo‘lsa elliktasini olib kelib berishim mumkin, lekin bu ishni qilmayman, nega?” deydi kiprik qoqmaydigan bahaybat ko‘zlarini sizga tikib. O‘zingizni oqlash uchun bir nimalarni g‘o‘ldiraysiz, “fidoyi rahbarsiz”, deysiz, po‘latday mustahkam sog‘lig‘iga havas qilgan bo‘lasiz (“E, xudo, yolg‘onni o‘zing kechir!”), ishga sadoqatiga tan berasiz, xullas, ish kerak ekan, xushomad qilasiz, aybingizni tan olasiz. “Sizda mas’uliyat degan narsaning “em” harfi ham yo‘q, – deya suhbat ibtidosiga qaytadi Bezbet. – Chunki…” Yana plastinka boshidan boshlab aylana boshlaydi. “Dod” ded yubormaslik, qarshingizda damo-dam yupqa lablarini yalagancha, sizni ma’nan ezib, tamomila irodasiz kasga, itoatdagi ijrochiga aylantirib tashlamoqchi bo‘layotgan Bezbetni dunyodagi eng iflos so‘zlar bilan so‘kib tashlamaslik uchun tishlaringizni bir-biriga shu qadar qattiq bosasizki, ular sinib ketguday bo‘ladi; o‘z-o‘zidan mamnunligi barq urib turgan zahil basharani kaltaklab tashlamaslik uchun mushtlaringizni shu qadar qattiq siqasizki, ular qisirlab ketadi… Odatda, “tarbiyaviy soat” tugagandan so‘ng Raisning kabinetidan bir lagan loyday bo‘shashib, bor quvvatingizdan ayrilib chiqarkansiz, yana bir bor bunday muloqotga uchragandan ko‘ra idora yonida tong ottirib bo‘lsa ham ishga vaqtida kelganim ma’qul degan uzil-kesil qarorga kelasiz. Shunisi behroq…
Zo‘rdanam zo‘r chiqqanidan keyin, birinchi zo‘r dumini qisib qolaverarkan. Bezbet Raisimiz hatto Nigilist xonimni ham tavbasiga tayantirdi. Sho‘rlik ayol bolalarini sport yoki musiqa maktabiga olib borish uchun tiz cho‘kib javob so‘rardi hisob. Shundayam Raisimiz taslim bo‘lmasdi: “Siz ishdan javob so‘rab ketsangiz-u, yo‘lda bir nima bo‘lib qolsa, misol uchun sizni mashina urib ketsa, kim javob beradi?.. Yo‘q, shopir emas, men. Men. Menga shu kerakmi, a? A?..” O‘zim ko‘rganman: aqalli bir soatga ham javob ololmagan Nigilist xonim Raisning xonasidan qon-qon yig‘lab chiqar va telefonga yopishib, oz sonli tanish-bilishlariga yalinib-yolvorishga tushardi: “O‘tinaman… qulingiz bo‘lay… hamma kirlaringizni o‘zim yuvib beraman… uydagi pardani ola qoling, menga kerak emas… faqat… faqat sezdirmang, siltalamang bolamni… O‘zim keldim, deng, o‘z ixtiyorim bilan keldim, deng, oyingga o‘zim telefon qildim deng… Yaxshi kunlaringizda xizmatingizni qilay…” Bulardan ham yorug‘lik chiqmagan taqdirda esa ayol titrab-qaqshab “bu odam”ga qo‘ng‘iroq qilardi: “Nima bo‘lsayam ular darsdan qolmasliklari shart! Shart! Axir ularam bu odamning bolalari-ku…” Bolalarning darsni qoldirishi ehtimoli juvon uchun chidab bo‘lmaydigan darajada fojia, oxirzamon edi.
Bunday kunlari Nigilist xonimning vujudigina ish stolida o‘tirar, adoyi tamom bo‘lgan, qarib ketgan behis vujudigina xonama-xona sudralib yurar, ruhi-qalbi esa bolalarining yonida, sport yoki musiqa maktabida bo‘lardi. O‘zim ko‘rganman: shunday azobli kunlarning birida yo‘lakdan o‘shshayib o‘tayotgan Raisni ko‘rib qolgan Nigilist xonim yuziga suv sachraganday birdan seskanib ketdi, o‘rnidan otilib turib Bezbetga shu darajada nafrat va g‘azab bilan boqdiki, chin so‘zim, ayni soniyada bu ayolning qo‘lida pichoq bo‘lganida edi, hech ikkilanib o‘tirmasdan uni Raisning qorniga shartta tiqib olgan bo‘lar edi. Yo‘q, mana, axiyri ong yurakdan ustun keldi va balki ko‘zining oqi-qorasi bo‘lgan zuryodlari kelajagini o‘ylagan Nigilist xonim shosha-pisha nigohini quyiga tikdi…
To‘g‘ri, qachonlardir bir paytlar Bezbet bilan bir xonada o‘tirgan, birga ish boshlagan Shig‘irchi tobora hukmdorlik mazasidan totinib, haddidan oshib borayotgan Raisning huzuriga kirishga, ayrim masalalarni yotig‘i bilan tushuntirishga urinib ko‘rishga o‘zida ma’naviy huquq bor deb o‘yladi va oxir-oqibat shunday yo‘l tutib ham ko‘rdi. Ya’ni, katta aka, dedi Shig‘irchi ehtirom bilan, juda ulug‘-ulug‘ ishlar qilayapsiz, g‘ayratingizga hammamiz tan berayapmiz, bundanam yuqori vazifalarga munosib ekanligingizga ham ishonch hosil etayapmiz; ayni paytda, kichkina bir mulohaza bor ediki, okean ortida olib borilgan ayrim ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, ertalabki soat to‘qqizdan kech oltiga dovur ish o‘rnida bo‘lgan xodimning mehnati samarali hamda sifatli bo‘larkan, shundan keyin, ayniqsa soat sakkiz-to‘qqizgacha joyida qadalib o‘tirgan xodim esa ham jismonan, ham ruhan charcharkan, tabiiyki, bunday holda ertangi va undan keyingi kungi ishlarda na unum bo‘ladi va na baraka; ijodkorlik va izlanuvchanlik borasida-ku, gapirib o‘tirmasa ham bo‘ladi. Shunday ekan, katta aka, agar ruxsat etsangiz, siz bilan – qonun doirasida albatta – xodimlaringizga ozgina erkinlik berish masalasini muhokama qilayin degan niyatda…
Gap shu yerga kelganda halidan buyon qovog‘ini uyib o‘tirgan Bezbet sobiq hamxonasiga chaqchayib qaraydi, “Erkinlik?” deb so‘raydi mazaxomuz, so‘ng bosh bar­mog‘ini ikkala barmog‘i orasiga tiqadi va shartta Shig‘irchining burni tagiga olib keladi: “Mana senga erkinlik!”. Izza bo‘lgan, issig‘i chiqib ketgan Shig‘irchi shu zahoti ikkinchi hujumga ro‘baro‘ bo‘ladi – Rais g‘aladondan qalingina hujjatni olib, go‘yo tit-pitini chiqarib tashlamoqchiday uni ayovsiz silkitarkan: “Bizda ish ne normirovanniy! Ne nor-mi-ro-van-niy! – deydi bo‘kirib. – Kimga yoqmasa, ana, katta ko‘cha. Hech kimni majburlab ushlab turganim yo‘q, ushlab turmayman ham! Daje seniyam!”
Er bilan bitta bo‘lgan Shig‘irchi endi o‘rnidan turib, bu yerdan tezroq qorasini o‘chirishga chog‘lanayotgan mahal uchinchi, hal qiluvchi zarbaga duchor etiladi – Rais ko‘rsatkich barmog‘i bilan shiftga ishora qiladi va hatto haftafahm odamga ham ayon ma’nodor ohangda sado beradi: “Bu gapni o‘zlariga aytishim kerak! Hoziroq!”.
Kabinetdan o‘qday otilib chiqqan Shig‘irchi uch-to‘rt kun o‘ziga kelolmay, nimadandir xavfsirayotganday atrofga qo‘rqib-pusibgina alanglab yurdi.
Darvoqe, Bezbet bu qurolini qachon ishlatishning rosa hadisini olgan edi. Payshanbalik palovlar ham barham topib, kunimiz ora-sira chaqirib qolinadigan oshlarga qolgan edi. Bir kuni shunday nahorgi oshlardan birida Bezbet bilan bir stolda o‘tirib qoldik. Sal kechroq kelgan ekanmizmi yo to‘y egasi mo‘ljalni noto‘g‘riroq olganmi, balki xizmat yaxshi yo‘lga qo‘­yilmagandir, ishqilib, taomni bir muddat kutib qoldik. Shunda, rahbarning oldida jimgina o‘tirish lozimligi yodidan chiqdimi yoki hadeb ho‘rillatib choy ichaverish joniga tegdimi, haytovur, kutilmaganda Orzumand (biz bu banda xususida quyiroqda to‘xtalamiz) hozirgi guruchlarning dimlanganda shishmayotganidan nolib qoldi. Gapiga qaraganda, avval ikki kosa guruch solsa qozoni to‘lib ketarkan, endi esa uch kosa solishga majbur bo‘layotgan ekan. Bekorchilikda bu ham gap-da, degan o‘yda biz ham bu mavzuni davom ettirdik. Ha, dezvira ham avvalgiga o‘xshamaydi, “Alanga” degani chiqqan, har qancha suv solsangiz ham olovda kuydirib olinganday shishmay turaveradi; tunov kuni menga “xorazm guruchi” deb sotganlari asli shu atrofda yetishtirilgan jaydari navga o‘xshaydi, avvalgi xorazm guruchlariga o‘xshamaydi… va hokazo.
Bilmadik, jim o‘tirmaslik, hangomani ulash uchungina aytilayotgan, bu gaplarda qanday tagma’no bor ekan, biroq kutilmaganda rang-quti o‘chib ketgan Bezbet Raisimiz shartta o‘rnidan turdi-da, ko‘rsatkich barmog‘ini ko‘kka bigiz qilgancha: “Men bu gaplarni o‘zlariga borib aytishim kerak”, dediyu, shipillab ketdi-bordi. Angrayib qolaverdik.
Axiyri sheriklarimizdan biri shiftga ishora qilib, “Kamera” deb shivirladi. Biz ko‘z ostidan bir amallab tepaga qaradik. Darhaqiqat, shiftda, qandil yonida yashil shishagami, chiroqqami o‘xshash nimadir yiltirab turardi. Biz hali o‘zimizga kelib olmasimizdan burun yana bir sherigimiz oshig‘ich o‘rnidan turdi va bo‘ynini cho‘zib o‘sha yoqqa qaragancha burro-buro qilib: “Men Falonchi Pistonchiyevichning bu yerda bo‘layotgan gap-so‘zlarga aloqam yo‘q”, dedi va xayr-xo‘shniyam nasiya qilgancha shartta jo‘navordi.
Noqulay ahvolda qoldik. Hatto Orzumandning shosha-pisha “Kelinglar, uyat-uyat gaplardan gaplashaylik” degan odatdagi taklifini kiritishi ham bu o‘ng‘aysizlikni bartaraf etolmadi.
Osh olib kelishdi, ammo o‘sha kuni biz osh yemadik, osh bizni yedi…
Xayriyat, bo‘limimizda chirsillab turgan asabiy muhit uzoq davom etmadi: yashirin duolarimizu iltijolarimiz ijobat bo‘ldimi, kutilmaganda Bezbet Raisimiz qovun tushirib qo‘ydi.
O‘sha paytlari ishxonamiz yaqinidagi qahvaxonada dunganlar g‘alati usulda pishiradigan baliq mashhur bo‘lib ketgandi. Taomning nomi qovurilgan balig‘-u, ammo zo‘ldir shaklida, baayni erta ko‘klamda terib olingan pishgan tutday, yana deng, qiltig‘i yo‘q, og‘izda erib ketadi.
Xullas, “v.b”mi, “v.v.b”mi rahbarimizning uyi­ga nozik ham gapmi, o‘ta nozik mehmon keladigan bo‘lib qolibdi. Tabiiyki, bizning Bezbet Raisimiz yelib-yugurib xizmatda bo‘lgan va qator topshiriqlar qatorida qovurma baliqdan keltirishni ham zimmasiga olgan.
To‘kin-sochin dasturxon atrofiga o‘tirganlari mahal o‘ta nozik mehmon allambalo idishda turgan baliqqa ishora qilgan va nozik jilmayish ila lutf etganki: “Bu mo‘jizaning muallifi kim?”. Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin-da. Bizning Rais ham kamtarinlik ila “Dunganlarning qahvaxonasidan olib keldik”, desa bo‘lardi. Ammo xo‘jayini yonida yanada ko‘proq obro‘ga ega bo‘lib qolish istagida yonayotgan Bezbet shosha-pisha: “Siz uchun o‘z qo‘lim bilan tayyorladim. Shuni tayyorlash uchun kechasi bilan uxlamay chiqdim”, deydi. Hozirgina jilmayib turgan o‘ta nozik mehmon birdan jiddiy tortadi, so‘ng allanechuk sovuq ohangda: “Men odamlarning o‘zim uchun bunchalik ovora bo‘lishlarini istamayman. Umuman, minnatli baliqdan qattiq non yaxshi”, deydi va dasturxondan bir bo‘lak non olib og‘ziga solgach, fotiha qilishga, o‘z makoniga qaytib ketishga shoshadi, mezbonning yalinib-yolvorishlariga quloq osmaydi…
Noiloj o‘ta nozik mehmonni kuzatib kelgan “v.b”mi, “v.v.b”mi rahbar butun g‘azabini Bezbet Raisga sochadi…
Rais ertasi kuniyoq o‘z ixtiyoriga ko‘ra amalidan ketdi. Ammo biroz xo‘jayinlik qilib, mazaxo‘rak bo‘lib qolgan ekanmi, Bezbet kursisiga qaytadan joylashib olish uchun rosa o‘lib-tirilib harakat qildi, katta xo‘jayinning huzuriga zir qatnadi, u yerdan har safar orqasiga o‘xshatib tepki yeb qaytavergach, oraga ne-ne odamlarni qo‘ymadi. Axiyri toqati toq bo‘lgan xo‘jayin ikkovlon yolg‘iz qolgan mahal “Agar yana vositachi yoki elchi jo‘natadigan bo‘lsang, bira to‘la dumingni tugaman!” deya o‘shqirib berganidan so‘nggina Bezbet maqsadga erishishning bu usulidan voz kechib, boshqacha yo‘ldan borishga qaror qildi. Bezbet atrofiga hamfikrlarini to‘play boshladi, ayrimlarni esa kelgusida amalga ko‘tarish va’dasi bilan yoniga chaqirib oldi. Xullas, asli Bezbet rahbarchamiz tez orada Alamzada Bezbetga aylandi-qoldi. Uning es-hushi nima qilib bo‘lsa ham xo‘jayinni yiqitish va o‘sha ohanrabosi bor kursiga qayta joylashib o‘tirish edi. Bir o‘tirib olsa bas, bu safar uni hech kim siljitolmaydi, endi tajribasi mo‘l, uncha-muncha raqibni pisand etmaydi. Mana shu katta maqsadi yo‘lida Bezbet Alamzada sobiq qo‘l ostidagi xodimlarining o‘ziga istehzoli boqishlariga ham, unga eshittirib “ot aylanib qozig‘ini topdi” qabilida uchirma gaplariga ham betining terisini yanada qalin qilgan ko‘yi chidab kelardi. Muhimi – maqsadiga yetib olsa bas. Maqsad vositani oqlaydi. G‘oliblarni sud qilmaydilar. Bezbet Alamzada hatto chekkaroqqa chiqqan mahali orqasidan yetib kelgan Nigilist xonimning “O‘l bu kuningdan, jinqarcha! O‘zing ayagan tualet qog‘ozidan farqing qolmabdi-ku, seniyam ishlatib bo‘lib, otib yuborishibdi-ku!” degan alamli haqoratini ham ichiga yutdi, boplab o‘ch olish fursatini keyinroqqa, yana amaldor bo‘ladigan davriga surdi: “Hali hammang ko‘rasan mendan, hammang!.. Sen birinchi bo‘lib… Sen…”
Ishxonamizda uzoq yillardan buyon yana bir kishi mehnat qilardiki, bu zot xususida alohida to‘xtalib o‘tmasak bo‘lmas. Bu – o‘zining yaxshi odam ekanligini juda yaxshi biladigan Yaxshi Odam edi.
Mudom quyuq mo‘ylovi tagidan tilla tishlarini yiltiratib namoyish qilgancha iljayib turadigan bu bandani bir, ikki, uch ko‘rgan kishi dunyodagi eng baxtli inson shu bo‘lsa kerak-ov, degan taxminga borishi tayin edi. Bu taxminning allaqachon ko‘pchilik, hattoki ishxonamizning aksariyat xodimlari tomonidan mutloq haqiqat sifatida e’tirof etilishi ham bor gap edi. U haqida gap ketganda odatda avval yagona tashxis yangrardi: “Yaxshi Odam-da”. Sifatlar esa keyin aytilardi: “Chumoligayam ozor bermaydi bechora… O‘ylagani savob ish… Bilimdon… Mehribon… Kuyinchak… Hamma bilan xushmuomala… Birovning dardini eshitsa, yuragi og‘rib qoladi… Ko‘-o‘p o‘qiydi… Ko‘-o‘p narsa biladi… Birovning sirini o‘laqolsayam boshqaga oshkor qilmaydi…”
Vaholanki, garchand ancha yillar shunday cho‘p­chaklarga sidqidildan ishonib yashagan, Yaxshi Odamni g‘oyibona boshimga ko‘tarib yurgan bo‘lsam-da, – illo, oshkor etilgan hurmat-ehtirom o‘z ohorini yo‘qotadi, tussizlashadi, deb hisoblayman – uning aslida kim­ligini ishxonada faqat men bilardim. Ha, hayot haqiqati bu: o‘zining yaxshi odam ekanligini bilgan yaxshi odamdan qo‘rq.
O‘shanda… Yaxshi Odam bilan bir xonada ishlab o‘tirgandik. Shunday inson bilan bir havodan nafas olish baxtidan masrur holda edim, yumushim ham kayfiyatimga mutanosib tarzda jadal ilgarilab ketayotgandi. Xonaga yoshi taxminan qirqlardan oshgan, so‘lg‘in ayol kirib keldi. Tabiiyki, Yaxshi Odam darhol o‘rnidan turib ayolni Yaxshi Odamga xos izzat-hurmat bilan kutib oldi, jurnal stoli yonidagi yumshoq kursiga o‘tqazdi, meni xijolatlarga solgan ko‘yi mehmonga bir piyola choy uzatishni ham unutmadi va ana shundan so‘nggina muloyimlik bilan tashrif sababini so‘radi: “Keling, singlim”. Bundoq samimiy muomalani kutmaganmi, ayol avvaliga sal esankirab ham qoldi, keyin, o‘ziga kelgach esa tutila-tutila, qizarib-bo‘zarib… Shig‘irchimizni so‘radi. Sho‘bamizning yetakchisi sifatida Shig‘irchini qaygadir xizmat safariga yuborgan Yaxshi Odam muloyim jilmaygan ko‘yi ikkinchi savolni berdi: “U kishiga biron xizmat bormidi, singlim?” Kamtarlikni qarang, “mening qo‘l ostimdagi xodimga” yoki oddiygina qilib “Shig‘irchiga”ga demadi, “u kishiga” dedi. Ayol to‘lib turgan ekanmi, birdan yig‘lab yubordi va ko‘z yoshlari aralash entikib-hiqillab, o‘ta chalkash tarzda, biri tog‘dan, ikkinchisi bog‘dan kelgan jumlalar bilan poyintar-soyintar tarzda gapirib ketdi… Xullas, agar bu hayajonli dovdirashlarning barcha ortiqcha o‘rinlarini olib tashlab, muxtasargina holiga keltirganimizda shu narsa ayon bo‘ldiki, ayolni ertaga og‘ir, aniqrog‘i deyarli umidsiz operatsiya kutayotgan ekan. Shunga, ayol imkon topib, bir paytlar o‘zi institutda birga o‘qigan Shig‘irchi bilan ko‘rishmoqchi (“vidolashmoqchi” desa to‘g‘riroq bo‘lar) ekan. Darhol angladim: qarshimda Shig‘irchining talabalik yillaridagi suyuklisi o‘tirardi. O‘sha, burchak-burchaklarda Shig‘irchiga o‘pichlar berib yurgani holda ta’lim adog‘ida uning eng yaqin jo‘rasiga tegib ketgan suyuklisi… Ayol yig‘lashdan to‘xtab, ora-sira entikib qo‘yayotgan mahalgina boshimni ko‘tarib, bemisl azob-uqubat, iztirob, pushmonlik aralash o‘kinch va ayni paytda hech bo‘lmasa hayotining so‘nggi damlarida nimagadir jur’at qilganligi, har qancha sharmandalik botqog‘iga botirmasin, har qancha la’natu qarg‘ishlarga mustahiq etmasin, endi bu shaxdidan qaytmasligi sezilib turgan ko‘zlarga oniy soniyaga qaray oldim, xolos. So‘ng men birinchi bo‘lib ko‘zlarimni olib qochdim. Yo rabbiy, men bularning barini anglashdan burun his qildim. Zero qarshimda yelkasiga urilayotgan ajalning sovuq nafasini sezgani holda ehtimol hayotida ilk va so‘nggi bor telbavor qadam qo‘yayotgan, doril fanodan doril baqoga shu kunga qadar dardi dunyosini qorong‘i qilib kelgan armon azobi bilan ketmaslikni ixtiyor etgan Ayol turardi. Muallifi yodimda yo‘q, ammo rosa topib aytilgan hikmat bor: ayol baribir muhabbat jasorati borasida erkakdan ustun turadi. Bilhaqiqat, shunday…
Shubhasiz, Yaxshi Odam mendan burun ayolning ahvolini tushundi va muloyim gaplar bilan albatta Shig‘irchini topishini va shifoxonaga yo‘llashini aytib, ayolning vayrona ko‘ngliga umid nihollarini eka boshladi. Bu qadar mehribonlikdan ko‘zlarimga yosh keldi, hech chiday olmasdan yo‘lakka chiqdim, samimiy muloqotga xalal bermay degan o‘yda hovliga o‘tib, yarim soatga yaqin bemaqsad tentib yurdim.
Qaytib xonaga kirganimda Yaxshi Odam qunt va ixlos bilan ishlab o‘tirardi. Yaxshi Odamga qarab minnatdorona bosh irg‘ab, jilmayib qo‘ydim, bunga javoban Yaxshi Odam ham xuddi shunday qildi. Yayrab ketdim. Mana haqiqiy erkakcha suhbat. Men ming‘irlab “Ayolga qanday yordam berdingiz?” deb so‘rab o‘tirmadim, Yaxshi Odam ham o‘zining yaxshiligi to‘g‘risida hijjalab gapirib berish noqulayligidan xalos bo‘ldi.
Olam go‘zal…
Ko‘nglimni sal xira qilib turgan holat Shig‘irchi bilan ayolning ko‘z yoshlariga g‘arq bo‘lib vidolashishlari edi, albatta. Biroq bu taqdir, biz bandalarning qo‘lidan nima ham kelardi. Balki shundan keyin Shig‘irchimiz qaysidir shoir qon bilan yozgan “Ishonaman, bu ayriliqning Visoli bor oldinda hali” degan satrlarini o‘qishga o‘tar. Balki shundan keyin Shig‘irchimiz hayotga boshqacha ko‘z bilan qaray boshlar. Balki…
Shu kayfiyat ta’sirida ertasi kuni ora-sira Yaxshi Odamga minnatdorona boqib qo‘ygan ko‘yi kechgacha sarg‘ayib Shig‘irchini kutdim. Nimagadir u kelmadi. Nahot uchrashuv shunchalik cho‘zilib ketgan bo‘lsa degan gumonda ishdan chiqib, shifoxonaga bordim. Qabulxonada ayolning operatsiya stolida vafot etganini aytishdi. Ko‘ngil so‘rab qo‘yay degan niyatda Shig‘irchiga qo‘ng‘iroq qilsam… u hali ham safarda yurgan ekan. Nimagadir ayol haqida gapirolmadim.
Ertasi kuni Yaxshi Odam odatiga ko‘ra meni quyoshday charaqlab kutib oldi. Ming istihola bilan voqeani aytdim. Yaxshi Odamning bir tuki qilt etmadi. Aksincha, mehribonlik bilan yelkamdan quchib olib, samimiy ohangda tushuntirdiki, “Ukajon, siz hali yoshsiz, hayotni bilmaysiz, tajribangiz kam. Men uzoq yillik hayotim davomida bir haqiqatga qattiq ishonch hosil qilganman: aralashmaslik, aralashmaslik va yana aralashmaslik. Ya’ni, neytrallik. Mana shu mening hayotiy pozitsiyam. To‘g‘ri, kecha ayolning gapi mengayam qattiq ta’sir qildi, hatto yuragim achishib og‘rib ketdi, ikkita validol ham yeb oldim, lekin men o‘z printsipimdan og‘ishmagan holda bu ishga aralashmaslikni ma’qul ko‘rdim. Nega? Xo‘p, begona bir ayolga achinib, shosha-pisha Shig‘irchini chaqirdim ham deylik. Lekin Shig‘irchining ko‘z ochib ko‘rgani-chi? Farzandlari-chi? Nega endi ularni o‘ylamasligim kerak? Ularning aybi nima? Qolaversa, Shig‘irchining o‘zi-chi? Uning ko‘nglini vayron qilishdan muddao ne? Demak, bir chetda jimgina turish kerak, vaqt hammasini o‘z o‘rniga qo‘yadi”. Men hech narsani tushunmadim. Shu boisdan, vaqt hamma narsani o‘z o‘rniga qo‘yib bo‘lganini, juvon kecha vafot etganini aytdim. Yaxshi Odam ko‘zlariga yosh oldi, pichirlab duoi fotiha qildi, “Joyi jannatda bo‘lsin”, deb qo‘yishni ham unutmadi, shundan keyin g‘amgin ohangda dedi: “Yaratganning irodasi. O‘zi bergan, o‘zi oladi… Buni Shig‘irchiga aytmay qo‘ya qolaylik, o‘zi eshitib qolsa boshqa gap…” Shig‘irchiga nima ham derdim, qaysi yuz bilan aytardim? Indamadim. Ahvolimni sezdi shekilli, Yaxshi Odam qimmatli maslahatini berdi: “Boshimdan o‘tgan, tushunaman, og‘ir. Siz yaxshisi ovloqroq joyga, misol uchun hojatxonaga o‘ting-da, o‘zingizni qattiq siltalab tashlang. Shunda vujudingizga yopishib olgan barcha tashvish-qayg‘ulardan, keraksiz muammolardan forig‘ bo‘lasiz. O‘ziyam onadan qayta tug‘ilganday bo‘lasiz…”
O‘zim ko‘rardim: shu voqeadan keyin ham Yaxshi Odam har kuni yayrab-yashnab, chindan ham onadan qayta tug‘ilganday tabassumlarga ko‘milib kirib kelardi, hamma bilan issiq-issiq so‘rashib chiqardi, ayollarga xushomad qilib qo‘yishni ham unutmasdi, shundan so‘nggina yanada shodmon, o‘z hayotidan mamnunlik ifodalari shundoqqina yuzida barq urib turgan holda ishga o‘tirardi. Bir kunda necha marta ovloqqa, misol uchun hojatxonaga o‘tib, o‘zini siltalab tashlar ekan bu banda?..
Birinchi imkoniyat tug‘ilishi bilan boshqa xonaga o‘tib ketdim. Bundan voqif bo‘lgan Yaxshi Odam ko‘p afsus chekdi, kelib mahkam quchib qo‘ydi, yelkalarimga shapatiladi, bo‘ynimni uqaladi, menga juda o‘rganib qolganini, garchand bir binoda ishlasak-da, baribir sog‘inishini bot-bot takrorladi, shundan so‘ng qanday baxtiyor chehrada kirgan bo‘lsa, shunday chehra bilan xonadan chiqdi. Hamkasblarim hayrat bilan boshlarini chayqashdi: “Naqadar buyuk-a bizning Yaxshi Odam! Qarang, sizday bir… oddiygina odamni ham ham atay o‘zi kelib ziyorat qilib ketayapti, bo‘lmasa shu gaplarni koridor-poridorda lutf etsa ham bo‘lardi-ku. Yo‘q, shaxsan o‘zi keladi, shaxsan o‘zi aytadi, shaxsan o‘zi hurmatini izhor etib ketadi… Gap yo‘q lekin… Shu odamning xotinining armoni bormikan…”
Vaholaki men Yaxshi Odamdan qo‘rqib qolgandim. Uni ko‘rsam bas, ich-ichimdan qaltiroq turardi… Hatto Bezbet Rais ham meni bunchalik qo‘rquvga solmasdi…
Texnikadan sal-palgina xabari bor kishi aksariyat jihozlarda yetaklovchi va yetaklanuvchi mexanizmlar bo‘lishini biladi, albatta. Xullas, idoramiz Muovini mana shunday yetaklanuvchi mexanizmlar sirasiga kirardi. Na biron-bir tashabbus ko‘rsatadigan, na biron ishni mustaqil hal qiladigan O‘rinbosar bir umr yetaklanib yurishga ehtiyoj sezadigan ijrochilardan edi. Rahbarlar almashardi, Muovin qolaverardi. Eng asosiysi, Muovinda har bir rahbarning talab-istaklariga, xohish-irodasiga to‘la-to‘kis bo‘ysunish salohiyati bor edi. O‘rinbosar go‘yo yumshoq plastilin edi, har bir rahbar undan o‘ziga kerakli shakl-shamoyilni yasab olardi. Ayni paytda o‘lguday qo‘rqoq va ehtiyotkor O‘rinbosar moddiy masalalarga aralashaslikni afzal ko‘rardi, imzo huquqidan bir yo‘la va butunlay voz kechgandi, shu sababli eng oddiy buyruq yoinki to‘lov qog‘ozini ko‘tarib boshliqning huzuriga yo‘rtardi. Muovin biron mutaxassisni ishga ololmasdi – boshliqning og‘ziga qarardi, hatto farroshni ham ishdan bo‘shatolmasdi – yana mute tarzda boshliqning amrini kutardi. Xullas, Muovin – hokimiyatsiz hokim edi. Ammo o‘ta sadoqatli edi, xo‘jayinining chizgan chizig‘idan chiqishni xayoliga ham keltirmasdi…
Ha, mayli, bunday bechoralarga ko‘p to‘xtalib o‘tir­maylik; illo, undaylar hamisha bo‘lib kelgan, hoziram bor va bundan keyin ham bo‘ladi.
Mana, bugun havosi chiqqan sharday shalvirab qolgan, ishga kirishgan kezlari esa o‘tli damiga osh pishadigan “v.b.”mi, “v.v.b”mi rahbar faoliyatini qurbonlik izlashdan boshladi va topdi ham. Buni qanday eplagan, hatto tasavvur etishning o‘zi ham mushkul, ammo faoliyatining dastlabki yigirma to‘rt soatining ichidayoq u Karis xoladan o‘z ixtiyoriga ko‘ra ishdan bo‘shash to‘g‘risidagi ariza olgan. Bunga aql bovar qilmaydi: ham ish yurituvchi, ham kotiba, ham barchaning beminnat yordamchisi bo‘lgan, kechasi uyg‘otib so‘rasangiz ham falon buyruqning pismadon bobini yoddan aytib beradigan Karis xola-ya! Shunday tilla ish yurituvchisiz ishni yuritib bo‘ladimi? Bu noxush xabarni eshitganimiz mahal ko‘pchilik dovdirab qolganligi qanchalik rost bo‘lsa, umrining deyarli o‘ttiz yilini shu muassasada o‘tkazgan Karis xolaga mehnat daftarchasi pochtadan, buyurtma xat orqali yuborilganligidan voqif bo‘lganimizda undan ham ortiq kishi esankirab qolganligi shunchalik haqiqat. Illo, nedandir dili og‘rigan shekilli, Karis xola daftarchasini olishga kelmadi. Tez orada esa xolaning o‘z tarixiy vataniga jo‘nab ketganligini eshitdik. Biz ancha paytgacha xolaning “Napoleon” torti va chim-chimlarini tamshanib eslarkanmiz, oxir-oqibat “U xotin pishiq. Oldindan hammasini imi-jimida bitirib qo‘yib yurgan-da, shuning uchun “jon-jon” deb bizdan bo‘shagan, bo‘lmasa-ku…” qabilidagi mantiqiy xulosamizni ochiq-oshkor aytardik.
Kuydi-pishdi Karis xolamizning o‘rniga ishga olingan jafokash Kotibaga esa – darvoqe, bular “v.b” boshliq bo‘lgan avvalgi idorada birga javlon urishgan ekan – ancha mahal o‘rganolmay yurdik. Selit­ra berib o‘stirilgan risoladagi qovunday-qovunday kattalikdagi ko‘kraklarining yarmini ochib yuradigan, engashgan chog‘lari bu ochiqlik to‘rtdan uch qism darajaga yetadigan, tanasining shu uzvidan mutaassiblarcha faxrlanadigan ingichka qosh Kotibaning bo‘sh vaqti – Karis xolamizga nisbatan olganda – shu qadar ko‘p ediki, u kun bo‘yi va bemalol ishxonadagi ayollar bilan valaqlashib o‘tiraverishi mumkin edi. Ajabki, tinmay sotilayotgan gap mavzui aksar hollarda ayollarning kindigining tepasiyu bo‘yinning pastidan uncha uzoqlashmas ekan. “Menga o‘xshab oltinchi razmer lifchik taqib yuradigan bir xotinga bir erkak suykalaveribdi-suykalaveribdi, – deya hikoya qilibdi u ish boshlagan dastlabki kunlarning o‘zidayoq. – Bezor bo‘lgan xotin “Senga shu kerakmi?” debdi-yu, shartta shilqim uxajyorning ustiga yotib olib, ko‘kraklarini uning yuziga qattiq bosib olibdi. Shunda nafasi qaytib ketgan haligi erkak bir-ikki “pix-pix” qilibdi-da, o‘libdi-qolibdi!”. Tabiiyki, bu hangoma shu soatning o‘zidayoq xodimalar tomonidan erkaklarga oshkor etildi. Biz dastlab hatto bu ishni Kotibaning o‘zi amalga oshirmaganmikan, degan gumonlarga ham bordik va qotillik quroliga xavfsirab qarab-qarab yurdik. Ammo tez orada qachonlardir yer tagida qimirlab qo‘ygan ilonni ham aniqlab olishga qodir xodimalarimiz mazkur voqea olis va qorong‘i o‘tmishda, ayollar hali siynaband taqishni o‘rganmagan kezlari, o‘rmonli Rossiyaning odam oyog‘i yetmas bir xutorida, shahvatparast pomeshchik xonadonida ro‘y berganini aniqlashdi. Orada Shig‘irchimizning navbatdagi ziyofatda “Ko‘zlarimni qiymalar Asli qotil siynalar” deb boshlanadigan ijod namunasini o‘qigani qoldi.
Jafokash Kotiba bilan birgalikda ishxonamizga turfa o‘tkir bo‘ylar kirib keldi. Ularning xush­bo‘yligi borasida bahs yuritish mumkindir, ammo o‘tkirligi aniq edi. Ayniqsa Kotibamiz biron nimani gapirgan chog‘ida so‘zlar moddiylikka, o‘tkir bo‘ylarga aylanishi ajabtovur edi. Avvaliga buni biz tushunmay yurdik. Aloha ishxonamizning jami jumboqlari yechimini juda tezlikda aniqlab olish salohiyatiga ega hamkasaba roviyalarimiz andog‘ rivoyat qildilarkim, avvalgi yumushxonasida, xuddi shunday lavozimda mehnat qilib yurgan paytida… kechirasiz-u, bir o‘rinlik ayollar hojatxonasiga kirgan xodima nechukdir eshikni ichkaridan qulflamasdan yalpayib o‘tirgan Kotibaning xijolatga tushib qolganini ko‘radi-yu, lutf aylaydiki: “Sira bezovta bo‘lmang. Bu yerdan gurkirab gul hidi kelib turibdi. Siz o‘zingiz shu qadar xushbo‘ysizki, sizning hatto… – xo‘sh, bundayroq tilda aytadigan bo‘lsak, “o‘sha narsangiz” – ham xushbo‘y”. Maqtov kimga yoqmaydi, deysiz. Xullas bu ayolning – darvoqe, tez orada u bo‘lim mudiraligiga ko‘tariladi – moyday yoqib ketgan shirin so‘zlarini tom ma’noda tushungan Kotiba endi o‘tkir-o‘tkir atirlarni ustiga ko‘loblatib quyish bilan kifoyalanmasdan, ulardan… oz-ozdan icha boshlaydi hamki, toki… Ha, biz bo‘lsak muxlislar misol uchun Maykl Jekson yoinki Britni Spirsning tupurib tashlagan saqichlaridan tortib najosatlarigacha suvli idishlarda avaylab saqlashlari sababini bilmay, o‘zimizcha ularni tomlari ketgan tentaklar deb yuramiz. Mana gap qayerda ekan. Xushbo‘y-da, xushbo‘y…
Ayollar bilan g‘iybatlashib o‘tirgan mahallari Kotibamiz: “Men avvalgi idoramizga kelgan ne-ne balolarga mana shu jafokash ko‘kragimni tutib berganman. Shuning uchun ham xo‘jayin meni yaxshi ko‘radilar, shuning uchun ham meni bu yerga o‘zlari chaqirib oldilar”, deb maqtangan emish. Xo‘jayinning Kotibani yaxshi ko‘rishi aniq, bunga hech kim shak keltirolmaydi, ammo, qiziq, ular qanday balolar ekanki, o‘sha joydan nariga o‘tolmaydigan…
Emishki, erkak bilan ayolning tuprog‘i har joydan olinarmish. Bu gapga ishonib bo‘lmaydi-yov. Bizningcha, tuproq bir joydan olinadi va erinmasdan “bu erkak uchun”, “bu ayol uchun” qabilida ajratib o‘tirilmaydi. Ayniqsa ko‘p narsalar aralash-quralash bo‘lib ketgan bizning zamonda ba’zan bu tuproqlar chog‘ishib ham ketadi. Bunday deyayotganimning sababi bor. Biz bilan o‘zini o‘zi maqtashga suyagi yo‘q Orzumand banda ishlardi. Biron xushro‘yroq ayol zoti ish bilan huzuriga kelib ketsayam o‘zini tenggi yo‘q Don Juan hisoblaydigan, shu tuyg‘u ta’sirida joyida o‘tirolmay, tipirchilab qoladigan, bu holga hech kim e’tibor bermagan taq­dirda esa o‘rni kelsa-kelmasa “hi-hi”lab, “Keling­lar, uyat-uyat gaplardan gaplashaylik” degan doimiy taklifini o‘rtaga tashlaydigan, so‘ng, biron mardum undan hech nima so‘ramasayam lazzatdan ko‘zlari suzilgancha yaqindagina, ikki-uch kungina burun, hattoki kecha kechqurun ro‘y bergan ishqiy sarguzashtini hayajon bilan so‘zlab berishga tushib ketadigan bu bandani siltalab tashlashga yoinki – xudo ko‘rsatmasin! – yolg‘onchilikda ayblashga nechukdir jur’at etolmasdik. O‘ziyam shunchalar entikib-to‘liqib, ko‘zlari chaqnab, titrab-qaqshab, barmoqlarini burdalab, yuzi ilk bor bu sinoatdan boxabar bo‘lgan ma’sum yigitchaniki yanglig‘ o‘tday yonib, ayni paytda zavq-shavq, ilhom va – eng asosiysi – eshitgan kishini maftun etib qo‘yadigan dilbar samimiyat bilan so‘zlardiki, baayni har bir nuqta-verguliga qadar ma’lum va ayon latifani yuzinchi bor eshitayotganini bilib turgan, bundan g‘ashi kelayotgan, shunga qaramasdan, so‘nggi jumlani eshitgan mahal beixtiyor yayrab qah-qah otib kulib yuborgan tinglovchi misoli ayniqsa voqeaning yakuniy qismini maroq aralashgan allaqanday ichki g‘ayirlik yetovida jon qulog‘imiz bilan tinglashdan o‘zimizni tiyib turolmasdik. Har qanday samimiyatda inson ong-shuurini, qalbini va hattoki sovuq mulohazakorligini o‘ziga bandi etib qo‘yadigan buyuk kuch mavjudligiga biz mana shu o‘larday o‘trikchi Orzumand timsolida imon keltirardik. O‘ziyam yolg‘onni, ayrim hollarda esa yo‘q pashshadan fil yasab tashlashni boplardi-da qurg‘ur. Deylik, avtobusda biron suluv ayol – ayol albatta go‘zal bo‘lishi kerak edi, ko‘ngli nozik birodarimizning tasqaralarga tobi yo‘q edi; o‘zining, to‘g‘rirog‘i Chexov degan yozuvchining ta’biri bilan aytganda, “qurbaqaga shakar sepib berishsa ham yemasdi” – salgina jilmayib qarab qo‘ysa bas, ilhomlanib-jo‘shib ketgan Orzumand keyingi bekatga qadar juvonni quchib, qaynoq bo‘salarga ko‘mib, yechintirib, ishini bajarib, qayta kiyintirib, hattoki xayr-xo‘shlashib ham ulgurardiki, natijada bu xayoliy sarguzasht davramizga mutlaqo voqeiy shakl-shamoyilda kirib kelardi: “Uchrashib qoldik… ko‘z-ko‘zga tushdi… Bir qarashda hammasini tushundim… Tolesiz muhabbat… Er o‘lib ketgan… Odamni o‘rtab yuboradigan yolg‘izlik… Baxt yo‘q, quvonch yo‘q… Kimsasiz, zulmat bag‘ridagi uyiga bordik… Dardlarini to‘kib soldi, boshini yelkamga qo‘yib yig‘layverdi, yig‘layverdi, ko‘ylagim ho‘l bo‘lib ketdi… Men ham qo‘shilishib uzoq yig‘ladim… Men uni yaxshi ko‘rib qoldim… Keyin…” Ha, ha, Orzumand har gal navbatdagi tanishiga chin ko‘ngildan muhabbat qo‘yar va bu darajada sersevarlik boisini so‘raganimizda yanada ochiqko‘ngillilik bilan: “Men xotinboz emasman. Men ayollarga yomon niyatda qaramayman. Men faqat sevib qolganimdan keyingina qo‘limni beliga yuboraman”, deb turaverardi. Bu bir qarashda paydo bo‘ladigan otashin sevgilarning umri qisqaligi esa – boshqa masala, albatta.
Yana go‘yoki hamma narsadan xabardor xodimalarimizning sho‘rlik Orzumand uyida bir og‘iz shirin so‘zga zorligi, xususan, kuni kecha og‘ir azoblardan so‘ng yaqin jigari vafot etganday yoki ertaga aniq vafot etadiganday yil-o‘n ikki oy qovog‘ini osiltirib yuradigan, tilga olgan gapi yo‘qchilikdan nolishu omadsiz erni shafqatsizlarcha cho‘qilab turuvchi kesatiq-pichinglardan, nari borsa mutlaqo behis tarzda turmush tashvishlarini sanab berishdan iborat ra­fiqasidan qo‘rqib-pisib yashashi, shu bois, hattoki tongda ishga kelgan mahali hamkasaba ayollar tomonidan aytiladigan bir og‘izgina “Yaxshi keldingizmi” degan iliq so‘zning o‘ziyoq qahramonimizni larzaga solishi, yetmish ikki tomirini bo‘shashtirib, ko‘zlariga yosh kelishi borasidagi ma’lumotlariga unchalik ishonqiramasdan qaraymiz, ammo butkul rad ham etolmaymiz, zero, mana necha yildan beri birga ishlaymiz, ammo orzumand hali biron marta biron kasni xonadoniga taklif qilmagan; dastlabki yillari-ku, bizni uyga obormaslik uchun bahona izlayverib charchab ketardi bechora, oxiri shu qadar chalkashib-adashadigan bo‘ldiki, ko‘zlari jovdirab turgan hamkasbimizga achinganimizdanoq bu mavzuni yopishga o‘zimiz shoshadigan bo‘ldik…
Biz dastlabki kuzatuv-taxminlar hosilasi o‘la­roq, o‘zimizcha mana shu Orzumand bilan jafokash Kotibaning tuprog‘i bir yerdan olingan degan to‘xtamga keldik. Illo – ishxonada gap yotarmidi! – Orzumandning “Kelinglar, uyat-uyat gaplardan gaplashaylik” degan beo‘xshov taklifi tarozining bir pallasida tursa, ikkinchi pallasiga jafokash Kotibaning ayollar davrasida o‘tirgan mahali ataylab o‘sha maqtanadigan joyini namoyishkorona yalang‘ochlagancha, bu manzaradan o‘zlarini noqulay his qila boshlagan ham­jinslariga eshittirib: “Ikki cho‘qqining orasiga ki­­rib olibdi, qayerdan joy topishni biladi-ya bu yaramas!” degancha bir o‘lik chivinni chiqarishini qo‘yish mantiqdan emasmi? Shunda muvozanat tiklanardi-qo‘yardi. Inchunun, so‘qir so‘qirni qorong‘ida topganiday, tez orada Orzumandimizning jafokash Kotiba bilan topishuvi, o‘rtalarida hech qursa nazariy jihatdan qisqa muddatli yorqin muhabbat sarguzashti boshdan kechishi aniq emasmi? Axir Kotibamiz lozim ko‘rgan chog‘lari xumor ko‘zlarini suzib, ingichka qoshlarini chimirgancha shirin-shakar gaplarni ham qalashtirib tashlaydiki, buni ko‘rgan Orzumandning ipini uzishga shoshib qolishi o‘z-o‘zidan ayon.
Biroq… biroq biz bu safar ham sharmandalarcha yanglishdik va qo‘llarimizni baland ko‘targan ko‘yi inson his-tuyg‘ularini ma’lum o‘zanlarga solib bo‘lmasligini nechanchidir bor tan oldik. Zero, qalblarining tub-tubida, qorong‘i puchmoqlarida ne o‘y-xayollar kechgan, ne mulohazalar bo‘roni xulosa sahrosida uvvos solib uyoqdan-buyoqqa chopgan, ne achchiq hayotiy tajribalar hukm uchun asos sifatida xizmat qilgan – bularni tusmol ham qilolmaymiz, faqat bilganimiz shu bo‘ldiki, bu ikkovlon biz zoriqib kutgan dastlabki uchrashuv soniyalarida qandaydir tushuniksiz savqi tabiiylariga asoslanib bir-birlariga sinovchan nigoh tashladilar, bir-birlarini zimdan kuzatdilar, bir-birlarini kamoli diqqat bilan o‘rgandilar, bir-birlarining til uchida aytilgan kalomlarini ayricha e’tibor bilan tingladilar va… Va hammasi tamom bo‘ldi: ular bir-birlarini ko‘rarga ko‘zlari, otarga o‘qlari yo‘q dushmanlarga aylandilar. Jafokash Kotibaning nafrat bilan qisilgan ko‘zlaridan g‘azab paykonlari otildi, Orzumandning lablarida “Men sening siringni bilaman!” deganga o‘xshash istehzoli tabassum paydo bo‘ldi. Bu ikki orada kechayotgan so‘zsiz jang edi.
Tabiiyki, bu muhorabada tish-tirnog‘igacha qurol­langan imkoniyatlar lashkari jafokash Kotibada benihoya mo‘l edi. Ammo ba’zan bahaybat filning mitti sichqondan xavfsirashi rost ekan. Shu boisdan g‘animlar murosa yo‘lini tanlashni xayollariga ham keltirmagan bu olishuv taqdiri tez orada hal bo‘ldi-qo‘ydi: Orzumand Karis xoladan keyin ikkinchi bo‘lib o‘z arizasiga ko‘ra, silliqqina ishdan bo‘shab ketdi. Albatta, odatiga ko‘ra, avvaliga mag‘lub tomon aravani rosa quruq olib qochdi: nima emish, o‘tgan hafta restoran yonida bezorilardan himoya qilib, tasodifan tanishib qolgan navbatdagi suyuklisi kattakon firmaning boshlig‘i ekan, “Jonim! Yonimga ishga keling! Molimam, o‘zimam sizniki!” deb rosa yalinib-yolvorayotganmish, “yo‘q” deyish noqulay emish, chunki ayolni arosatda tashlab ketish erkak kishiga yarashmasmish, shuning uchun ariza yozishga majbur bo‘lganmish… Bu safsata adog‘ida tovushi titrab ketgan Orzumand kutilmaganda piqillab yig‘lab yubordi va achchiq ko‘z yoshlarini yashirmagan ko‘yi “Undan ehtiyot bo‘linglar… U hammalaringni birin-ketin ezib tashlaydi”, dedi. Shubhasiz, biz gap kim haqida ketayotganini va u ojiza bizni qayeri bilan ezib tashlashi mumkinligini tushungan, ammo o‘z kuchlariga ishonib turgan oqil hamda hushyor, ayni paytda bu ogohlantirish qitiq patlariga tekkan erkaklardek beparvo qo‘l siltab qo‘ydikki, shoshmay turing, kim kimni va qay tarzda ezib tashlashini hali ko‘ramiz, Don Juanboy, hali ko‘ramiz…

IV

Odatda, rahbar ishlab turgan paytida ko‘klarga ko‘tarib maqtaladi: “Falonchi Pistonchiyevichning do­no rahbarligi ostida…” “Falonchijon akamizning qimmatli yo‘l-yo‘riqlariga amal qilib…” “Bu masalada Falonchi Pistonchiyevichning shaxsan o‘zlari bizga ibrat bo‘lib turganlaridan keyin…” “Men alohida mamnuniyat bilan shaxsan Falonchi Pistonchiyevichga…” “Yaxshiyam baxtimizga siz bizga rahbarlik qilayapsiz, muhtaram Falonchi Pistonchiyevich…” va hokazo va ho­kazo.
Ammo bu safar nimadir o‘zgardi. Yangi rahbar hali ishga kelib ulgurmasidan maqtala boshlandi! Boshliq! Haqiqiy boshliq! Qandaydir omonat “v.b.” emas, haqiqiy Birinchi! “V.v.b”ni-ku, umuman tilga olmang, hurmatsizlik bo‘ladi-ya.
Ishxonamizning asosan ayollardan iborat bo‘­ladigan ma’lumot yig‘uvchilar guruhiga bu safar erkaklar ham jon-dillari bilan qo‘shilib olishdi. Natijada qisqa muddatda yig‘ilgan dalil-dastaklar esa haqiqatan ham bu safar bizning rahbarga yolchib qolganimizni ko‘rsatardi.
O‘zingiz tasavvur eting. Maktab – oltin medal bilan tugallangan. Institut – qizil diplom bilan. O‘zi o‘qigan institutda bir muddat o‘qituvchilik qilgan, nomzodlik ishini yoqlagan. Aytishlaricha, o‘sha paytlardayoq favqulodda halolligi bilan ajralib turgan. Shu sababli imtihonda hatto rektorning erkatoy jiyaniga “qoniqarsiz” qo‘ygan. Quturib ketgan jiyan to‘rtta o‘taketgan bezori, tekkanga tegib, tegmaganga kesak otadigan oshnasi bilan qorong‘u tushganda ishdan qaytayotgan bu qaysar o‘qituvchining yo‘lini to‘sgan. Keyin nima bo‘libdi deysizmi? Muallim xotirjamlik, hattoki o‘ta sovuqqonlik bilan to‘rtta bezorini to‘rt tomonga otib yuborgan, buni ko‘rgan po‘k jiyan esa shataloq otib qochib qolgan. Axir bizning bo‘lg‘usi rahbarimiz o‘sha paytlaridayoq erkin kurash bo‘yicha sport ustasi ekan-da.
Yana aytishlaricha, – bunisi yaqinda, bor-yo‘g‘i ikki-uch yil burun ro‘y bergan voqea, – bo‘lg‘usi rahbarimiz bozordan u-bu narsa ko‘tarib chiqsa, yigirma besh yoshlardagi bir yigit terlab-pishib “Neksiya”si eshigini ochishga urinayapti ekan. Yigit hatto kabob sixini oyna yoniga suqishga harakat qilib ham ko‘radi, ammo eplay olmaydi. Shunda bu holni ko‘rgan bo‘lg‘usi rahbarimiz qo‘lidagi narsalarni orqaroqda turgan “Moskvich” kapoti ustiga qo‘yadi-da, yigitga achinib qaragancha: “Hormang, uka”, deydi. Bosh ko‘targan yigit “Bor bo‘ling, aka”, deb qo‘yadi, keyin yana ishini davom ettiradi. “Kalit ichkarida qolib ketiptimi?” so‘raydi bo‘lg‘usi rahbarimiz. Yigit qo‘llarini yoyib, noilojligini bildiradi: “Ko‘rmaysizmi, shunaqa bo‘p qoldi. Parishonxotirligim bor-da”. Bo‘lg‘usi rahbarimiz afsuslanib bosh chayqaydi: “Shu yoshda-ya. Yaxshimas, yaxshimas. Qani, menga bering-chi”. Shundan keyin bo‘lg‘usi rahbarimiz ustalik bilan sixni oyna ortiga tiqib, eshikni ochib beradi: “Marhamat”. Yigit xursand bo‘lib ketadi: “E, rahmat-e, aka”. Bo‘lg‘usi rahbarimiz “Arzimaydi, – deydi, keyin egilib rul yoniga qaraydi, ajablanib so‘raydi: – Ie, kalit ko‘rinmaydi-ku”. Yigit xijolat aralash: “Yo‘g‘-e, – deydi, engashib qaraydi, rostdan ham kalit yo‘qligiga amin bo‘lgach, o‘zini oqlagan bo‘ladi: – Aytdim-ku, sal xotiram parishonroq deb”. Bizning bo‘lg‘usi rahbarimiz kuyinchaklik bilan: “Endi nima qilasiz?” deb so‘raydi. Yigit kamtarinlik bilan: “Siz boravering, aka. Bu yog‘ini o‘zim bir amallayman”, deydi. Ammo bo‘lg‘usi rahbarimiz ko‘nmaydi: “Qo‘ying-e. Sizni shu ahvolda tashlab ketamanmi?” Yigit mashina ichiga alanglaydi, birdan xursand bo‘lib ketadi: “Ha, ha, esladim, – degancha o‘rindiqlar o‘rtasida turgan barsetkaga ishora qiladi. – Kalitni shunga sop qo‘ygandim”. Bo‘lg‘usi rahbarimiz hayron qolganligini yashirmaydi: “E, qoyil! Juda pishiq haydovchi ekansiz”. Yigit qo‘lini ko‘ksiga qo‘yadi: “Mayli, aka…” Ammo bo‘lg‘usi rahbarimiz xayr qilsa butun qiladiganlardan, hech qachon savob ishni chalakam-chatti holida tashlab ketmaydi, shu boisdan: “Mayli”si nimasi, kalitni oling, yurg‘azing mashinangizni. Ana shunda ko‘nglim xotirjam bo‘ladi”, deydi. Osmondan tushganday paydo bo‘lib qolgan bu hojatbarordan osonlikcha qutulmasligini tushungan yigit qappayibgina turgan barsetkani ochadi, ichiga chap qo‘lini tiqadi. Nimadir “shirq” etadi. Yigit dodlab yuboradi, og‘riq zo‘ridan “Onangni…” deb so‘kinadi ham. Bo‘lg‘usi rahbarimiz xavotirga tushib so‘raydi: “Nima bo‘ldi?” Yigit: “Dard bo‘ldi!” degancha qo‘lini barsetkadan chiqaradi. Uning panjalari qopqonga tushgan bo‘ladi. Bo‘lg‘usi rahbarimiz tamomila hayratda qoladi: “Ie, hammayoqqa qopqon qo‘yib tashlashibdimi?” Bu orada joni yomon og‘riyotgan yigit qopqonni sug‘urib olishga harakat qiladi, “Ablah!” deb kimnidir so‘kadi. Rahbarimiz qiziqadi: “Kim qilgan ekan-a bu ishni?” Yigit alam bilan “Kim bo‘lardi”, deydi, biroq birdan tilini tishlab qoladi. Ana shunda… ana shunda bizning bo‘lg‘usi Birinchimiz xotirjamlik bilan, yigitning besaranjom ko‘zlariga tik boqqan ko‘yi: “To‘ppa-to‘g‘ri, uka! Buni mashinaning egasi qilgan!” deydi. Yigit angrayib qoladi. Bizning bo‘lg‘usi Birinchimiz o‘shanday sovuqqonlik bilan, o‘nglanmaydigan qilib ikkinchi zarbani beradi: “Umuman olganda, uka, bu mashina meniki”. Ana endi omadsiz o‘g‘rining qanday ahvolga tushgani ko‘z oldingizga kelayotgandir. Yigit atrofga alanglaydi, keyin qo‘lidagi qopqonniyam unutganday jon halpida hezlanib, o‘ladigan ho‘kiz boltadan qaytmas qabilida bizning bo‘lg‘usi rahbarimizning ustiga bostirib kela boshlaydi. Bizning bo‘lg‘usi Birinchi unga xotirjam tikilib turaveradi va: “Uka, men senga o‘xshagan muttahamlarni bir chaqirim naridan taniyman”, deydi. Dahshatmi? Tamomila adoyi tamom bo‘lgan yigit bizning bo‘lg‘usi rahbarimizni urmoqchi bo‘lib hezlanadi: “Men hozir seni…” Bo‘lg‘usi rahbarimiz joyida “qilt” etmay turaveradi va g‘azabdan qalt-qalt titrayotgan yigitga shunday deydi: “Maslahat bermayman. Qara, o‘pkang xirillab turibdi. Demak rosa chekasan. Qo‘llaring qaltirayapti. Demak yaxshigina ichasan ham. Shu yoshingdan qorin qo‘yvoribsan. Demak, qo‘lingga pul tushib qolganda kun demay, tun demay bo‘kib yog‘li ovqat yeysan, sasib uxlaysan, boshqa payti esa och ham yurasan. Demak, topganingdayam baraka yo‘q. Xullas, uka, menga kuching yetmaydi”. Naqadar mantiqli gaplar! Erkak-da, erkak. Shundan so‘ng o‘g‘rigina yigit taslim bo‘lsa ham bo‘lar. Ammo omadsiz mashina o‘g‘risi shimining orqa cho‘ntagidan pichoqcha chiqaradi, tugmachasini bosadi, pichoq dami yaraqlab ko‘rinadi. U “O‘ldiraman, iskovuch!” degancha g‘azab bilan bizning bo‘lg‘usi yetakchimizga tashlanadi. Bo‘lg‘usi rahbarimiz o‘zini chetga oladi. Munkib ketgan yigit bir amallab o‘zini o‘nglab olib, pichoqni baland ko‘targancha yana mashina egasiga tashlanadi. Shunda bo‘lg‘usi Birinchimiz osonlik bilan pichoqni urib tushiradi, yigitchaning qo‘lini qayirib, qimirlatmay qo‘yadi. Keyin xotirjamlik bilan cho‘ntagidan qo‘l telefonini oladi, raqam teradi: “Alyo, militsiyami?..”
Yana aytishlaricha, bo‘lg‘usi rahbarimizning eng sadoqatli shogirdlaridan biri ho‘-o‘ katta joyda ishlarmish, haftada bo‘lmasa ham, oyda bir marta “Bizga nima xizmat bor, ustoz?” deb kelib turarmish. “Katta joy” shu qadar yuksaklikda ediki, o‘sha tarafga havasmand ko‘z tikib turganlarga Nigilist xonimning “Xizmat emish?! Ustoz-shogird birgalashib biznes qiladi-da”, deya odatiga sodiq holda sassiq gap qilishi chivin chaqqanchalik ham ta’sir qilmadi, baayni eski hikmat yana bir bor o‘z isbotini topdi: bir narsa huraveradi, karvon o‘taveradi.
Yana aytishlaricha, bo‘lg‘usi rahbarimiz har qanday idoraga ishga borgan zahoti faoliyatini hammaning maoshini keskin oshirishdan boshlarkan, bundan tashqari oylik, choraklik va barcha bayramlar munosabatlari bilan katta-katta mukofotlar muntazam berilishini kafolatlarkan, buyam kamday, har xodimga yil davomida eng kam ish haqining o‘n ikki barobari miqdorida moddiy yordam ko‘rsatilishini shaxsan o‘zi nazorat qilarkan. Biron xodimning to‘y-ma’rakasi bo‘lib qolgan taqdirda esa ana shu tadbirga yetadigan miqdordagi yordam ko‘rsatishni ham uddalarkan…
Yana aytishlaricha…
Xullas, shunday odam rahbar bo‘ladi-yu, biz qu­vonmaymizmi?
Ayniqsa so‘nggi dastak ko‘plarning lablarini yalab, shirin tamshanib qo‘yishiga, Shig‘irchimizning esa birdan shoxi qayrilishiga sabab bo‘ldi. Illo, ishxonamizda nima yumush qilayotganini o‘zi ham bilmaydigan, shunchaki kelib-ketib yuradigan, ammo kun bo‘yi stulida qilt etmay o‘tiradigan “tirik jonlar” ham bor ediki, hatto o‘shalar ham, go‘yo bir narsani qoyil qilishadiganday, “Bunaqa pul berishadigan bo‘lsa, boshqa narsaga chalg‘imay, ishlaymiz-da”, deb yuborishdi.
Ko‘ngli nimanidir sezganmi, keyingi paytlari sal hardamxayolroq bo‘lib qolgan Shig‘irchi bu ta­lo­to‘plarga aralashmay yurdi. Men-ku, undan o‘zimni olib qochganim-qochgan edi. Hamma o‘zini yalavorgiday darajada yaxshi ko‘rishini juda yaxshi biladigan Yaxshi Odam esa avvalgiday har tong xuddi bir oy ko‘rmay, sog‘inib qolganday Shig‘irchi bilan quchoqlashib ko‘rishar va quvonchdan gul-gul yashnagan ko‘yi o‘zining, uyidagilarining hol-ahvolini qayta-qayta so‘ragani-so‘ragan edi.
Shig‘irchi avvaliga bo‘lg‘usi haqiqiy rahbarimizni og‘izlaridan ko‘piklar sachragancha biri-ikkinchisidan oshgan holda ko‘klarga ko‘tarib olqishlayotganlarga, halitdan uning soyasiga qavat-qavat ko‘rpacha solishga hoziru nozir hamkasblariga andak istehzo aralashgan achinish bilan qarab yurdi, bir-ikki marta “Yangi sehrgar boshliq kissasida hammamizga yetarli mo‘jiza olib kelarmidi?” deya o‘rtaga bahs qo‘zg‘aydigan savol tashlashga ham urinib ko‘rdi. Ammo yangiliklar shavqidan sarmast olomon bunday yaqqol ko‘zga tashlanib turgan badxohlik bilan aytilgan mayda-chuyda luqmalarni eshitadigan, ularni tahlil qiladigan ahvolda emasdi. Shig‘irchiga naf­rat bilan qarab qo‘ygan jafokash Kotibamiz qip-qizil lablarini burgancha hammaga eshittirib “Ayrim ko‘rolmaganlar kuyib o‘lsin!” deganida, umuman olganda, bu safar – ehtimol bizga ishga kelganidan buyon birinchi marotaba – ko‘pchilikning fik­rini juda aniq-tiniq ifodalagan edi. Hisobchimiz esa hayajonlanib-to‘liqib: “Hali biz u kishi bilan… hali biz u kishi bilan yuksaklarni zabt etamiz! Bizga ergashmaganlarni shartta pastga otib yuboramiz!” deb qo‘ydi. “Uchar gilam”ga ishtiyoqmand boshqalarning ham o‘ziga yovqarash qilib qo‘yganini sezgan ekan chog‘i, ertasiga ertalab tun bo‘yi uxlamay, o‘ziga ma’qul bir nimalarni yozib chiqqani chaqnab turgan ko‘zlaridan sezilib turgan Shig‘irchi meni chekkaroqqa olib o‘tdi va dabdurustdan “Bir grotesk eshiting, o‘zimniki”, dedi. Men hali bu “tesk” nima ekanini so‘rab ulgurmasimdan Shig‘irchi qo‘ynidan qog‘oz chiqarib, “Jamoamizning yangi rahbarga iltimosi” dedi va pichirlab o‘qiy ketdi:

“– Mana, jilovimiz, oling, marhamat,
Manovi yelkamiz, marhamat, mining.
Manov ot yolidan yugan alomat,
Manovisi qamchin, marhamat qiling.

Sochlarimiz uzun, eshsak – uzangi,
Churik liboslardan to‘qim ham tayyor.
Ey, cho‘ng irodaning suyuk farzandi,
Keling, mushfiqlarni aylang baxtiyor.

Yo‘qsa uloqqan kar qo‘ylarday jarga
Emish dardi bizni ketadi tortib.
Biz ham cho‘qqilarga bir chiqaylik-da,
Hech bo‘lmasa ustga birovni ortib.

Shubhasiz, vafodor bo‘lamiz sizga,
Og‘iringiz yengil qilamiz ham ko‘p.
Faqat niqib turing biqinimizga,
Bo‘ynimizga sanchib turing xalacho‘p…”

Bitigini o‘qib bo‘lgan Shig‘irchi menga savolomuz qaradi. Nima derdim, she’r deganlarini tushunmasam, allaqanday “tesk-pesk”larni-ku, inchunun. Shu bois har ehtimolga qarshi avval “Anavi… Cho‘ng irodaning bolasi” deganda yangi rahbarimizni, bo‘lg‘usi Birinchini nazarda tutyapsizmi?” deb masalaga oydinlik kiritib oldim. Shoir “Albatta” dedi. “Unda yozganingiz dahshat” deb qo‘ydim. Bechora Shig‘irchi allaqanday kishi bilmas qahramonligi uchun maqtov eshitgan yosh boladay taltayib ketdi.
Shu bilan oramizda qandaydir yaqinlik paydo bo‘ldimi, ora-sira, ayniqsa olomon hali kelib ulgurmagan yangi rahbarga qo‘sha-qo‘sha zar chopon kiydira boshlagan mahallari Shig‘irchi menga ma’nodor qarab qo‘yardi, kamina ham, aslida hech narsaga aqlim yetmayotgan bo‘lsa-da, go‘yo hammasini tushunib turganday, yanada ma’nodor tarzda bosh irg‘ab qo‘yardim.
Yaxshiyamki, meni juda yengil torttirgan holda, bunday unsiz muloqotlarimiz birdan barham topdi.
Vaqtning tez o‘tishini! Shig‘irchimiz ham bir payt qarasaki, kollejni bitirib, tikuv fabrikasida ishlayotgan to‘ng‘ich qizi to‘ppa-to‘sindan chorak asrlik cho‘qqi ostonasiga yetib turibdi-da. Keyingi qiz yigirma uchda. Haligilardan esa darak yo‘q. Hech chiday olmayotganidan katalakday uyni chir aylanayotgan mushtipar rafiqa har kuni erini egovlaydi: “Munday bir tuzuk pul topolmasligingiz evaziga, hech qursa biron amalda o‘tirsangiz nima qilardi-ya… suprasi quruq bo‘lsayam mayliydi. Ana shunda uyimizdan sovchi arimay qolgan bo‘lardi… Odamlar… odamlar qizlari uchun unday qilishayotgan ekan… bunday qilishayotgan ekan… Siz bo‘lsa boriniyam yo‘q qilib o‘tiribsiz. Aytgandim-a o‘shanda…” Ota uchun, er uchun bunday ta’nali-minnatli gaplarni eshitishdan og‘iri bormi? Ayniqsa serhissiyot Shig‘irchimiz uchun. Xullas, osmondan yerga tushganday yon-atrofga sinchiklabroq razm solgan va to‘ng‘ichining ko‘zlaridagi allaqanday mungni ilg‘agan, bundan yarador yuragi siqilib ketgan ota tamomila dovdirab-esankirab qoladi. Illo, bundan uch-to‘rt yil burun, ona qishlog‘idan so‘rab kelishganida Shig‘irchi o‘zicha qiziga qishloqda tappi terib yurishni ravo ko‘rmaganligi bois keskinroq tarzda rad javobini bergandi. O‘shalar norozi bo‘lib, “Baxti ochilmasin!” deya qarg‘ab ketishganmi nima balo. Bu yer shahar bo‘lsa. Ba’zan yon qo‘shningning uyida kim yashashini bilmaysan-u…
Shig‘irchimiz shu tarzda o‘z yog‘iga o‘zi qovurilib yurgan kunlarning birida – bu ne baxt! – birdan yosharib, muloyim tortib qolgan, ko‘zlari allanechuk sururli porlay boshlagan rafiqa erning qulog‘iga asta shivirlaydi: “Tez kunlarda… kelib qolisharkan…”
O‘, o‘sha kunlari Shig‘irchimizni bir ko‘rsangiz edi. Yo‘q, u yurmasdi, suzib-uchib yurardi, sira lab-lunjini yig‘ishtirib ololmasdi, hammaga yaxshi gaplardan gapirgisi kelardi. Shig‘irchi xushomadgo‘y jamoani ham olijanoblik bilan avf etdi, “tesk-pesk”ini yirtib, o‘zining ta’biri bilan aytganda, Leta daryosiga irg‘itdi. Illo, kelayotgan Birinchimiz xodimlarning to‘y-ma’rakasi bo‘lib qolgan taqdirda ana shu tadbirga yetadigan miqdordagi yordam ko‘rsatishi haqidagi xushxabar allaqachon baxtiyor otaning qulog‘iga yetib borgandi. O‘, bunday misli ko‘rilmagan saxiylik oldida qolgan barchasi bir pul. “Tesk” nima ekan, tfu, o‘shayam ijod bo‘libdimi, shunchaki, ermak bir narsa edi, Shig‘irchi Birinchi haqida doston yozadi! Qasida yozadi! To‘g‘ri, vijdonli Shig‘irchi bu ishni ayrim yaltoqilarga o‘shab, elburutdan emas, Birinchi ish boshlaganidan so‘ng dastlabki yuz kun o‘tgandan so‘ng qiladi, deylik, dastlabki ijobiy natijalardan – ularning bo‘lishi esa shubhasiz! – ilhomlangan holda; ana shunda vijdoniga ham qarshi bormagan bo‘ladi. Illo, butun oila a’zolari jam bo‘lishib, muhtarama zotlar kelishi sharafiga torgina uyni qirib-qirtishlab, chinniday tozalab qo‘yishgan bo‘lishsalar-da, endi mushtipar rafiqani bo‘lajak to‘y tashvishi g‘am-vahimasi ezmoqda edi va u har soatda bu yoqimli tashvishlarini eri bilan o‘rtoqlashishni kanda qilmasdi. Demak, risoladagiday to‘y o‘tkazish uchun ishxonaning, aniqroq aytganda, Birinchining ko‘magi kerak bo‘ladi. To‘y desang do‘st yordam bermasligi mumkin, xesh-urug‘ yordam bermasligi mumkin, ammo Birinchi yordam beradi! Shak-shubhasiz! Axir u bejiz Birinchi emas-da… Xudoning suygan bandasi, peshonasi yarqiragan odam… Yo‘q, u oddiy odam emas, birinchi harfi katta bilan yoziladigan Inson. Inson!..
Shig‘irchining ham safimizga qo‘shilganini ko‘rib, rosti, nimagadir yengil tortdim.

V

Torroq davrada gurunglashib o‘tirganimiz mahali “Men istagan odamning uyiga istagan mahal kirib boraveraman!” deb chirangani bilan, hattoki bizning “Boring-da! Siz bormasangiz kim boradi?” qabilidagi pishang berishlarimizdan so‘ng ham asli sinashta bo‘lmagan joyga, buning ustiga bo‘lg‘usi Birinchining uyiga qadam ranjida qilishga yuragi po‘killab turgan Hisobchimiz bu sharafli vazifani birinchi bo‘lib jafokash Kotiba ado etganidan xabar topganida avval biz qatori hayratlandi, so‘ng, pushaymonlar o‘tida qovrilgan ko‘yi o‘zini o‘zi yanib, ich-etini yeb tashladi. Ammo fursat o‘tib bo‘lgan edi. Kotiba esa baayni dugonasining xonadoniga chiqib kelganday “Bordim, ko‘rishdim, gaplashdim”, deya bez bo‘lib turaverdi. Yugurganniki emas, buyurganniki deganlari shu bo‘lsa kerak-da. Bo‘lmasa Hisobchimiz necha marotabalab bu xonadonga qanday kirib borishidan tortib to uy egasiga qanday murojaat qilishigacha, qay mahal so‘zlab, qay mahal odob bilan sukut saqlab turishigacha – barcha-barchasini, miridan-sirigacha xayolidan o‘tkazgan va biz bilan qayta-qayta mashq qilib ham ko‘rgan edi-ya.
Tabiiyki, Kotiba savollarga ko‘milib ketdi. Ammo bu safar u pishiqlik qildi, huzur ila ko‘zlarini yumgancha, boshini qayta-qayta liqillatdi, so‘ng, “qult” etib yutinib qo‘yish asnosida o‘zining kekirdagining harakatiga ham kamoli diqqat bilan qarab turgan xodimlarga qarata “Zo‘r!” deb qo‘yish bilangina kifoyalandi. Bu bir og‘iz so‘z qiziqish olovini battar alangalatdi, albatta, ammo jafokash Kotiba, baayni qasam ichib kelganday, hatto odatiga xilof ravishda miq etmay turaverdiki, bu g‘ayritabiiyroq holat ko‘plarning ko‘nglida “Hay shu bormagan-ov”, qabilidagi ishtibohni uyg‘otdi, ammo buni ovoz chiqarib aytmakka hech kim jur’at etmadi: bilib bo‘ladimi – mabodo rostdanam borgan bo‘lsa-yu, bo‘lg‘usi Birinchimiz bilan ayrim masalalarda til biriktirib kelgan bo‘lsa-chi? Umuman olganda, balo bu xotin, balo. To‘g‘ri, deylik, andakkina tovuqmiyaligi ham bor, axir bu qilig‘i bilan u hozircha amalda qaltirabgina o‘tirgan, o‘zini yaxshi ko‘radigan “v.b” xo‘jayinga, yumshoqroq aytganda, xiyonat qilganini, uni sotganini tushunmas. Kim biladi, balki buyam Kotibaning baxtidir, axir hamma narsani tushunaversa, shunaqangi lo‘mbillab, ochilib-sochilib yurarmidi. Ustiga-ustak, Donishmand Bo‘rimiz bir gal istehzo ila, ammo topib aytganiday, Kotiba ko‘chma kubokday gap: har gal g‘olibga nasib qilaveradi.
Kotibadan tayinli gap ololmagan jamoa yana Hisobchiga tikdi umid ko‘zini. O‘z kuchi bilan o‘qishga kirgan o‘g‘lining kontrakt pulini ishxona hisobidan to‘lamoqchi bo‘lgan, ammo “v.b”dan allaqachon rad javobi olib ulgurgan, shuning uchun ko‘zi qonga to‘lib yurgan Hisobchimiz taysallana-taysallana, chekinishga boshqa iloj va makon qolmagach, axiyri bu ishga jur’at etdi: saodatmand kunlarning birida, yumush vaqti tugaganidan keyin, kunni qorong‘ulatib, mayda-chuyda solingan xaltachani bag‘riga bosgan ko‘yi yo‘l oldi bo‘lg‘usi rahbarimizning oshyoniga. Biz, bir guruh ko‘ngilli haybarakallachilar ishxonamizning har qanday savolga o‘ta o‘ziga xos tarzda, ya’ni mashriqona nuqtai nazardan kelib chiqan holda javob bera oladigan Donishmand Bo‘ri boshchiligida bekat yonidagi qahvaxonada vakilimizni kutib o‘tiradigan bo‘ldik.
Ammo ora-sira turli taxmin-farazlarni o‘rtaga tashlagan ko‘yi, mashriqparast Donishmand Bo‘rining “Kiyev” nomi aslida o‘zimizning “kiyib”, “qiyib”, “quyib”, ehtimolki “kuyov” so‘zining buzilgan shakli ekanligi borasidagi yangi kashfiyotini eshitib ulgurmasimizdan rangi bo‘zarib ketgan Hisobchimiz yov quvganday halloslab qaytib keldi. Uni bu ahvolda ko‘rib bizam vahimaga tushib qoldik. Vakilimizning shosha-pisha, titrab-qaqshab aytayotgan so‘zlaridan ma’lum bo‘ldiki, u ulkan darvoza yoniga borib, endi qo‘ng‘iroq tugmachasini bosmoqchi bo‘lib umtilgan mahal shundoqqina eshikka suyab qo‘yilgan, nimadir liq to‘la salafan xaltani ko‘rib qolibdi. Hisobchi sumkaning rangi ko‘k ekanligini, uning yonboshiga “Angel” deb yozilgani ham ayniq aytdi. “Bu “farishta” degani” deya o‘z bilimdonligini oraga suqishga urindi Donishmand Bo‘ri. Birdaniga besh-olti kishi unga “Jim tur!” deb o‘shqirib berdi. Vakilimiz davom etdi. Xullas, u ajab­langancha sumkaning bir chetidan sal ochib ko‘rsaki… xuddi kichik-kichik g‘ishtlarga o‘xshab taxlab qo‘yilgan pul dastalari! Bir sumka liq to‘la pul! Liq to‘la!
Shunda asli quyonyuraklardan bo‘lgan Hisobchimiz qo‘rqib, muzday terga botgan, xayoliga ming-ming biri-ikkinchisidan vahimali taxminlar bostirib kelavergan, ulardan eng zalvorlisi “Meni shunday qilib, daliliy ashyo bilan qo‘lga tushirishmoqchi!” bo‘lgan. “Seni qo‘lga tushirishga kimning zarili qopti?” deydigan odamning o‘zi yo‘q, shu bois vakilimiz ortga shataloq otib qochgan, yo‘l-yo‘lakay qo‘lidagi mayda-chuyda solingan sumkasi tushib qolganiga ham e’tibor qaratmagan. Mana endi, buni bilgach, “Unda barmoq izlarim qolgan-ku” deya battar vahimaga tushayapti, “hay-hay” demasangiz, ichi o‘tib ketguday, balki allaqachon o‘tib ham bo‘lgandir, har qalay, shu odam tarafdan qo‘lansa bo‘y bosib kelayapti…
Bu chala-chulpa, so‘zlarning yarmi ichiga yutilgan dovdirashlarni eshitgach ko‘pchiligimiz sumkadagi yozuvning “farishta” ma’nosini bildirishini e’lon qilgan Donishmand Bo‘riga o‘girildik. “Bu yerda bir gap bor, – dedi u ancha vaqt sukut ichida mulohaza yuritgach. – Bir balosi bo‘lmasa shudgorda quyruq na qilur…” O‘z-o‘zidan ayonki, bu yerda bir emas, bir necha gap borligini tushunish uchun unchalar katta fahm-farosat, inchunun ilm talab etilmasdi. Shu bois tishimizni tishimizga bosgancha tashxisning davomini kutdik. “Menimcha bu yo sovg‘a, yo bo‘lmasa biron jiddiy iltimos ado etilganidan so‘ng beriladigan xizmat… ihm…… buyam inkognito sovg‘a-da. Bu qadim Sharqda ancha keng tarqalgan usul, – dedi Donishmand Bo‘ri. – Bir tomondan, Hisobchimiz bunga aralashmasdan yaxshiyam qilipti. Keyin o‘zini oqlab olishi qiyin bo‘lardi. Balodan nari…”
To‘g‘risi, sovg‘aning bunday maxfiy tarzda taqdim etilishini tushunish mushkul, ammo Donishmand Bo‘riga e’tiroz bildirib o‘tirmadik: balki shunday kelishilgandir, balki muallif shu vosita orqali o‘zining kimligini bildirar – har kimning o‘z ishi bu, unga burun suqish shart emas. Muhimi, mana shu voqeaning o‘zi ham bo‘lg‘usi Birinchimiz biz omi bandalarning qo‘li yetmas yuksaklikda parvoz etishiniyu, pul degan balo uning oyoqlari tagida xazondek sochilib yotishi haqidagi tasavvurimizga yana bir ishonchli dalil bo‘lib chippa yopishdi-qoldi. Birinchining oldida o‘zimizning naqadar mayda, kichik odamchalar ekanligimizni dil-dilimizdan his qilgan ko‘yi ortga qaytdik.
Yo‘l-yo‘lakay Donishmand tinmay chuldirab keldi, biroq biz uni eshitmadik hisob – og‘zini to‘ldirib nimani gapirishi ma’lum-ku: “oynai jahon”dan tortib kompyutergacha, “uchar gilam”dan tortib qit’alararo ballistik raketagacha allaqachonlar, ho‘-o‘v olis za­monlardayoq shu zaminda yaratilib bo‘lingan, inchunun, tamaddun borasida endi sabiylik ostonasiga qadam qo‘yayotgan mag‘ribu shimolu janub, baayni “shayton ara­va”ni qaytadan kashf etayotganday, ularni endi-endi ixtiro qilmoqda, xolos…
Ko‘pchilik o‘z joyida tinchgina ishlab o‘tirgani holda, keyingi kunlar mobaynida goh u xodim, goh bu xodim shaxsan bo‘lg‘usi Birinchimizning huzuriga borganligi, bo‘lg‘usi rahbarimiz uni juda yaxshi kutib olganligi, yurakdan suhbatlashganligi xususidagi mish-mishlarni eshitib qolardik, bu gap-so‘zlarning qahramoniga ham hasad, ham havas bilan qarardik, uning o‘rniga nega o‘zimiz bormaganimizga tushunolmay, ich-etimizni yerdik. Baayni Birinchi ish boshlamasidan turib “hormang”ga bormaslik u kishiga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatishday tuyula boshladi. Ana, yaqindan beri yana mamnuniyat ila yupqa lablarini yalashga o‘tgan, qandaydir amalga oshishi kutilayotgan botiniy ilinj ta’sirida bahaybat chag‘ir ko‘zlari yiltiray boshlagan Bezbet Alamzada allaqachon gu­ruhi bilan o‘sha yerga tanda qo‘yib olganmish-ku. Nigilist xonim-ku, odatiga ko‘ra hammasiga tupurib, bo‘lg‘usi rahbar-pahbar bilan uch chaqalik ishi bo‘lmay yuribdi, ammo Nitsshe xola ulguribdi, shundoq bo‘lg‘usi yetakchimizning xonasiga kirib borib, ulug‘ mutafakkirning hikmatlarini yoddan o‘qib ketibdi: “Inson ham xuddi daraxtga o‘xshaydi. Daraxtlar yuksaklik, yorug‘lik sari qanchalik ko‘p intilsalar, ildizlari yer qa’riga, qorong‘ulikka – tubanlik tomon shunchalar chuqurroq kirib boraveradi”. Mazkur chigalroq iqtibos uy egasida qanday taassurot qoldirgani noma’lum, ammo tashrifidan so‘ng Nitsshe xolaning qaddini ko‘taribroq, viqorliroq tarzda yura boshlaganini hammamiz ko‘rib turardik.
O‘zi oxirgi kunlarimiz hayratu havas, hasadu vahimalarga boy bo‘ldi. Hatto Donishmand Bo‘rimiz ham bo‘lg‘usi xo‘jayinimizning xonadonida bo‘lib qaytibdi-ya. Albatta, odatiga ko‘ra u to‘rt-besh daqiqa ichidayoq nainki insoniyatning o‘zi, balki dunyo tamadduni Bo‘rilar avlodlari tufayligina mavjud ekanligini, aks holda bani bashar ibtidoiy jamoa tuzumidayoq tamomila qirilib ketgan bo‘lishini isbotlab tashlagan. Bitta qolmay! So‘ng o‘zining “ko‘zir qarta”larini ishga solib, Yenisoyning aslida Enasoy, Turgenevning aslida Turg‘unov qabilidagi o‘ta jo‘n haqiqatlarni hisobga olmay turgan taqdirimizda ham, “Alyaska” deganlari aslida o‘zimizning zabonimizdagi “Ali askar”, “Amerika” deganlari “Amri qoon” va “Meksika” aslida “Maxsum aka” yoki “Mahsili aka”dan kelib chiqqanini ham kuyib-pishib tushuntirib o‘tgan va olis moziyning eng yorqin, eng saodatmand davrlarini lazzatlanib, faxr va g‘urur bilan eslay boshlagan. Aytishlaricha, odatiga ko‘ra hamsuhbatini jimgina eshitadigan bo‘lg‘usi Birinchimiz bu gal miyig‘ida jilmayib qo‘ygan va nim tabassum ila: “Shunday bo‘lgan taqdirdayam, bu muvaffaqiyatlarda sizning shaxsiy hissangizni ko‘rmayapman… Umuman olganda, orqaga ko‘p qarayverib, borayotgan yo‘lingizda qoqilib ketmang, birodar… Menga qolsa, o‘z xodimimni buguni va kelajagi uchun hurmat qilishni istardim”, deganmish. Har qalay, bu mish-mish rostga o‘xshaydi: mashriqparastimiz o‘zining nuqtai nazariga qarshi aytilgan gaplarni ortmoqlab keladigan darajada telba emas, ammo, baayni taxminimizni tasdiqlaganday, Donishmand bir-ikki kun hurpayib yurdi, so‘ng yeng shimarib, g‘ayrat bilan o‘z nazariyasini isbotlaydigan yangi-yangi dalillar qidirishga tushib ketdi. Axiyri qovog‘i ochilib, ko‘zlari chaqnay boshlaganiga qaraganda, yana nimadir topgan. Tez orada u yorila qoldi: etimologik jihatdan olib qaraydigan bo‘lsa, okean ortidagi “Sietl” shahri nomi bilan bizning “satil” so‘zining o‘zagi bir xilga o‘xshayapti. Kecha paydo bo‘lgan shahar qayoqda-yu, bizning qadimiy so‘zimiz qayoqda. Demak… demak…
So‘nggi xabarlarga qaraganda, bo‘lg‘usi rahbarimiz o‘ziga ishonib topshirilgan har qanday yangi ishga sadoqatli do‘sti bilan birga borarkan, imzo huquqi va muhrni faqat o‘shanga ishonarkan. Buni eshitgan Muovin ancha vaqtgacha titrab-qaqshab, bu qadar adolatsizlikdan junbushga kelgan tuyg‘ularini bosolmasdan, duch kelgan odamga “Men bechorada nima ayb?… Gunohim ne?” deganday mo‘ltirab qarab yurdi. Yo‘q, har tugul, kim maslahatchi bo‘lgani noayon, biroq Muovin ham katta boshini kichik qilib, hech kimga sezdirmasdangina bo‘lg‘usi Birinchimizning huzuriga bo­ribdi, o‘zining naqadar bechoraligini, hozir vaq­tinchalik amalda bo‘lgan rahbar ostida qanchalar ezilib ishlaganini va ishlayotganini batafsil, miridan-sirigacha bayon qilib beribdi, bo‘lg‘usi rahbarga o‘z sadoqatini izhor etibdi, ikkinchi nima ekan, hattoki uchinchi muovin sifatida ham jon-dili bilan ishlayverishga hoziru nozirligini aytish asnosida “eski rivoyatlarning davri o‘tdi, bu ikkita, kerak bo‘lsa uchta o‘ziga o‘xshagan kalla bilan bir qozonda bemalol qaynayveradi” deya boshiga shapatilabdi, “eng asosiysi – o‘rinbosarlik maqomining saqlab qolinishi” ekanligiga alohida urg‘u beribdi, xullas, oxir-oqibat u tarafdan o‘z faoliyatini shu yo‘sinda davom ettiraverishga moyillik bildirilishiga erishibdi; mana endi yuribdi bir narsaga to‘ygan xo‘rozday gerdayib, hali bunday sharafga musharraf bo‘lmaganlarga tepadan boqi-ib.
Aloha guruhimizda ham muz o‘rnidan ko‘chdi: avval Falonchi, keyin Pistonchi… Qarasam, safdan ajralib qolayapman. Shig‘irchi bilan birga borishga kelishib olganimdan so‘ng men ham asta tadorigimni ko‘ra boshladim: nimalarni gapirish kerak, nimalarni gapirmaslik; qaysi savolga nima deb javob berish lozim va hokazo, va hokazo…
Biroq…
Ulgurolmay qoldik.
Kutilmaganda…
Saratonda bo‘ralatib qor yog‘sa ham bunchalik esankirab qolmasdik.
Bo‘lg‘usi Birinchimiz o‘lib qoldi.
Kimnidir – uzunquloq gaplarga qaraganda, bu biz­ning ishxonadan borgan xodim bo‘lgan – meh­mon­xonasida indamasdan uzoq eshitgan, keyin indamasdan yotoqxonasiga o‘tgan, indamasdan o‘ringa cho‘zilgan va…
Ertalab qarashsaki, yotgan emish indamasdan…
Infarktning shunaqasi ham bo‘larkan.
Bizning qay ahvolga tushganimizni hatto tasavvur etish ham mushkul…
Birinchi bo‘lib Shig‘irchi sindi.
Sho‘rlik keyingi paytlarda bo‘lg‘usi quda tomonini maqtayverib esi ketib yurgandi: “O‘zimizga o‘xshagan oddiygina oila ekan, bizga shunisi yaxshi-da, teng tenggi bilan axir. Hali ko‘rasizlar, biz tez til topishib ketamiz, to‘yniyam kamtarona o‘tkazamiz. Ularam o‘zlari bizdan shu taklifni kutib turishgan bo‘lishsa kerak. Axir biz uchun muhimi ikki yoshning baxti, to‘g‘rimi?”.
To‘g‘ri, Birinchimiz tuyqusdan vafot etib qol­ganida Shig‘irchi bo‘lajak to‘y xarajatini o‘ylab ko‘p kuyinib yurdi, ammo…
Falokat kutilmaganda ro‘y berdi.
Shig‘irchining uyiga axiyri ko‘p kutilgan aziz meh­monlar kelishgan, biroq…
Uch ayoldan iborat sovchilar avval Shig‘irchi oilasi bilan yashaydigan ko‘p qavatli uyga burunlarini jiyirib qarashgan, keyin pod’ezd eshigi yonida bir muddat allanimalarnidir muhokama qilib turishgan, bu jarayonda bir-birlariga nisbatan ancha keskin gap­lar ham aytishgan, nihoyat xonadonga kirishgan-u…
Sovchilar gulday yashnab chiqib kelgan beka bilan til uchida salomlashishlari asnosida ensiz yo‘lakni, torgina xonalarni tanqidiy ko‘zdan o‘tkazishga, eh­timolki kvadrat metrlariniyu odmigina jihozlar narxiga qadar hisoblashishga ulgurishgan, so‘ng, is­tihola qilib ham o‘tirmasdan, uchga-olti o‘lchamli oddiy mehmonxonaga bostirib kirishgan, undan ikkiga-uch o‘lchamli balkonga ham sirg‘alib o‘tishgan va mana shu tarzda surbetlarcha amalga oshirilgan tekshiruv-baholash jarayonini yakunlaganlaridan so‘nggina bir-birlariga ma’nodor qarab qo‘yishgan hamda bu g‘alati mehmonlarga dovdirab boqayotgan bekaning tinmay tak­rorlayotgan “Kiringlar, kiringlar” degan manziratiga javoban sovchilarning kattasi “Aslo ovora bo‘lmang, o‘rgilay” degan va shundan so‘ng, buyruq bo‘lganday, bekani ong-tong ahvolda qoldirgancha xonadonni tark etishga shoshishgan. Bekaning vahima ichidagi “Voy, voy, qayoqqa? Qayoqqa?” degan so‘rog‘iga javoban o‘sha yoshi ulug‘roq ayol asta engashib, uning qulog‘iga ro‘y-rost shivirlagan: “Biz bunaqangi uyda yashaydigan oila bilan quda bo‘lolmaymiz, o‘rgilay!..”
Rafiqani qo‘ya turgan taqdirimizda ham, sho‘rlik Shig‘irchining adoyi tamom bo‘lganini aytib o‘tirish shartmikan? U nuqul asosiy sababchilar qolib bizning har birimizga “Nega?.. Nega?..” deb savol beraverar, ammo bu so‘roqqa mantiqli javob topib bo‘lmasligini aftidan o‘zi ham his etib turardi.
Ana shunda… ana shunda tamomila aql-hushdan ayrilgan Shig‘irchi katta xatolikka yo‘l qo‘ydi: u kuyovlikka nomzod bo‘lgan yigitcha bilan uchrashdi. Odobli yigitcha-ku, “Onamning gapi men uchun qonun”, deb bosh egib turavergan, ammo “gapi farzandi uchun qonun bo‘lgan” o‘sha ona “O‘tmay qolgan isqotisini majburlab o‘tkazishga uringan hajiqiz” Shig‘irchining uyiga kelib qiladi janjal, qiladi to‘polon…
Shig‘irchining asablari bunga dosh berolmadi…
Avvaliga navbati bilan uch kunda bir marta ruhiy xastaliklar shifoxonasiga borib, jazavasi qo‘zigan chog‘lari “Men yashash istayman, istayman g‘amni, Mu­habbat va baxtga achchiqma-achchiq. Ular tantiq qildi mening aqlimni, Peshonamni silab yubordi ortiq!” deb baqirib shig‘ir o‘qiydigan, so‘ng “Bu Lermontovniki” deb eslatib qo‘yish asnosida nechukdir jovdirab-mo‘ltirab “Biz uchun muhimi ikki yoshning baxti-ku, to‘g‘rimi?” deya savol beradigan Shig‘irchidan xabar olib turdik. So‘ng, yaralar eskirdimi, xabar olishni haftasiga bir martaga o‘tkazdik. Shu oydan o‘n besh kunda bir borsak ham bo‘lar, degan qarorga kelib turibmiz, qolganini keyin o‘ylashib ko‘rarmiz. Nima, biz qayta-qayta boravergan bilan u sho‘rlik tuzalib qolarmidi? Qaytaga nimalardir esiga tushib, qiynalgani qoladi…
Buning ustiga, hayot davom etmoqda. Hayot taomili bu: baxt va baxtsizlik yonma-yon yuradi. Salkam Birinchi bilan Shig‘irchini o‘ylayverib to‘kkan ko‘z yoshlarimiz qurimasidan burun xushxabar ham kelib qoldi: Nigilist xonimning qizi Luvrda o‘tkazilgan xalqaro musiqachilar tanlovida bosh sovrin – Gran-prini qo‘lga kiritibdi. Bayramni sog‘inib qolgan ekanmizmi, Nigilist xonimning qarshiligiga qaramasdan, u kishining ishtirokisiz, go‘yoki bu bizning rosmana g‘alabamizdek, ishxonamizda rosa bitimiz to‘kilib bazm qildik o‘ziyam…
Ikkinchi bo‘lib Hisobchining asablari ishdan chiqdi. U o‘sha, marhum – endi shunday deb atasa bo‘ladi – Birinchilikka da’vogarning darvozasi eshigiga suyab tashlab ketilgan ko‘k rangli “Angel” sumkasi to‘la pulni nima uchun o‘zi bilan olib ketavermaganini o‘ylab jig‘ibiyron bo‘lar, alamdan dod deguday ahvolda barmoqlarini g‘ajir, tepakalini bekitib turgan soch tolalarini ayamasdan bittalab yulardi. Axir pulni mehribon va rahmdil farishta aynan Hisobchiga, “ablahcha”sining kontrakti pulini to‘lash uchun tashlab ketgan, u nodon bo‘lsa buni tushunmagan… Shunaqangi betinim o‘ylar ta’sirida bo‘lsa kerak, bora-bora aqli xira tortgan, boshida bir tuk qolmagan Hisobchi ko‘k sumka to‘la “ko‘k”idan edi, men ahmoq nega yo‘limga chiqarib qo‘yilgan nasibamni olmadim-a, deya ko‘ksini pora-pora qilgancha dod-faryod qiladigan, bironta yumshoqko‘ngil hamkasabasining ko‘ksiga boshini qo‘yib, o‘zini eng yomon so‘zlar bilan haqorat qilgan ko‘yi yum-yum yig‘laydigan odat chiqardi…

VI

Odam achinadi, – bizga Birinchi bo‘lib ulgurmagan Birinchini aytyapman, – har qalay, shuncha kutgandik, u kishi bo‘lsa birdan ketvordi. To‘g‘ri, o‘z ixtiyori bilan emas, albatta. Biroq baribir odam achinadi-da. Mayli, bo‘lar ish bo‘ldi, bo‘yog‘i ko‘chdi, endi ming dod-voy, tavallo qilmaylik, hech narsani o‘zgartirib bo‘lmaydi. Buning ustiga, aytishlaricha, o‘zi haddan ortiq kamtar, kamsuqum bo‘lgan ekan, endi, to‘g‘risi, bunday odamning bizning ishxonaga rahbarlik qilishi ham qiyin bo‘lardi-da…
Ana, so‘qir ko‘zga ham yaqqol tashlanib turibdi: tamomila zabun, yer bilan bitta bo‘lgan, avzoyidanoq hammasiga tan berganligi, mag‘lubiyatni bo‘yniga olganligi ko‘rinib qolgan, hatto farrosh kampirga ham gapi o‘tmayotgan “v.b”mi, “v.v.b”mi yana qaytadan qaddini tiklashga urinmoqda. Kecha uning huzuriga zipillabgina kirib ketayotgan Bezbetni ko‘rishibdi.
Ammo endi uning davri o‘tdi, o‘tdi. Illo boshqa mujda bor. Aytishlaricha, yaqinda, tez, juda tez kunlar ichida bizga yangi rahbar kelarmish. Haqiqiy Rahbar.

“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 4-son