XX asr elliginchi yillarning boshlari, o‘spirinlikdan o‘tib, o‘smirlikka ilk qadamlar qo‘ygan kezlarim edi. Yilning shunday payti ediki, Qish bilan Ko‘klam tortishar, Qish “Davom etaveraman” desa, Ko‘klam “O‘rinni bo‘shatib qo‘y, endi mening galim keldi” derdi, ya’ni ba’zan Qish izg‘irini essa, ba’zan Ko‘klam yeli kelardi. Shunday kunlarning birida tushdan keyin maktabdan keldim-da, uyda o‘tirolmay qoldim, ko‘nglim nimanidir, balki kimnidir istardi, lekin bu “nimanidir”, “kimnidir”ni bilmasdim. Tushki ovqatni ham qilmay boqqa otlandim. Onamning “O‘g‘lim, ovqatlanmaysanmi?” deganlariga qaramay yo‘lga chiqdim. Hastimomdan Zarqaynar ko‘chasiyu Eski Jo‘va maydoni orqali Xadraga kelib, 8-tramvayga o‘tirdim. Ikki tiyin to‘lab “Ko‘kcha”ga keldim.
Ko‘ngil bezovta, g‘ash, xira, notinch, majhul paytlarda qabristonlarga borib, aziz-avliyolarning, ota-bobolarning mozorlari ziyorat qilinsa, ko‘ngil ravshan tortadi, degan tavsiyani o‘qigan edim. Shu tavsiya yodimga tushib, Shayx Zayniddin jome masjidi tomon yurdim. U paytlarda xarsang yotqizilgan uchta zinadan ko‘tarilib, masjid darvozasi ostonasiga chiqilardi. Shu sababli tub aholi Pastbozordan boshlanib, Nazarbekka olib boruvchi Toshko‘chaning bu qismini “Mozortegi” deb atardi. Ot mingan yo‘lovchilar bu yerda otdan tushib, piyoda o‘tishardi.
Masjid hovlisi orqali o‘tib, Shayx Zayniddin buva qabristoniga “Qiyomat yaqin”, “Qiyomat yaqin”, “Qiyomat yaqin” deya qadam qo‘ydim. Avvalo Shayx Zayniddin buva maqbarasiga yaqin borib, g‘ishtin supachaga qiblaga qarab o‘tirib (u paytlari maqbara eshigi qulfloqlik bo‘lardi, ichkariga kiritilmasdi), Qur’oni Karimning “Fotiha” va “Ixlos” suralarini tilovat qilib, savobini Shayx Zayniddin buva, u kishining avlodlari va qabristonda yotgan barcha mo‘min-musulmonlar, muslimalar ruhiga baxshida etdim. Ruhim ancha ravshan tortdi.
Ellik metrcha orqaga qaytib, bobom Ibrohimhoji otaning g‘ishtin sag‘analari yoniga keldim. Bu yerda cho‘kkalab o‘tirib tilovat qilib, savobini bobom ruhlariga, u kishining vafot etgan zurriyodlari ruhiga, Ikkinchi jahon urushidan qaytmagan Mansurboy amakim, otam Abdusamad Ibrohimhoji o‘g‘li ruhi poklariga bag‘ishladim. Ko‘nglim yanada ravshanlashib ketdi.
Qabristondan chiqa boshlaganimda, ko‘zim yer bag‘irlab yotgan, hajmi katta kitobning muqovasidek oq marmar taxtachaga tushdi. Sinchiklab qarasam, unda arabcha suls xatida “Abdurahim qizi” degan yozuv bor, xolos. Marhumaning na ismi sharifasi, na tug‘ilgan va vafot etgan yili bor. Hayron bo‘ldim. Shu paytgacha mening ko‘zim tushgan xotira lavhalarda marhum yoki marhumaning ismi, otasining ismi, tug‘ilgan va vafot etgan yili yozilgan bo‘lardi. Savolimga javob topish umidida eshigiga “Imom xatib” degan lavha o‘rnatilgan hujraga yaqin bordim. Ichkaridan Qur’on tilovati eshitilardi. Tilovat tugab, fotiha o‘qilgach, salom berib ostonadan ichkariga bir qadam bosdim:
– Assalomu alaykum!
– Vaalaykum assalom! Keling, jiyan, – dedilar xonaning quyirog‘ida joylashgan tanchaga bag‘rini berib o‘tirgan o‘rta yashar, siyrak soqol kishi. Men bu xonani torgina bir hujra bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim, chunki hovli tomonda bir tavaqali eshik va bitta derazasi bor edi-da. Yo‘q, xona o‘n bir yog‘ochli, to‘sin oralariga toqi (vassa) qo‘yilgan rosmana uy ekan. To‘rida o‘rtasi tokchali ikkita taxmon, ikki tomon devorlari qator tokchalik edi. Tancha ustida dumaloq mis barkash turardi, unda ushatilgan kallaqand, novvot va sochiqqa o‘ralgan yopgan non.
Men xona sohibining salobati bosib, tik turardim. U kishi muloyimlik bilan meni o‘tirishga undadi.
– O‘tiring, marhamat, – deya tancha yoniga taklif etdi. – Jiyan, agar adashmasam, biz ko‘z tanishlarmiz. Siz juma namozlarida masjidimizga kelib turasiz, to‘g‘rimi?
– Halimko‘p mahallasidan kelib ketaman, – dedim men. – Narigi tomondagi Oqilon mahallasida tug‘ilganman. Shahar hovlimiz katta bozorga yaqin Bedabozor mahallasida edi, hozir u davlatga o‘tib ketgan, yerto‘lamiz choyxona qilingan, 84-choyxona.
– Ibrohimhoji otaning nabiralaridan ekansiz-da?
– Shunday.
– Bu masjidni, yonimizdagi qabristonni obod qilishda Ibrohimhoji otaning katta hissalari bor. Bu hujrani, yonimizdagi noib imom va mutavalli o‘tiradigan xuddi shunday hujrani, chap tomonimizdagi xonaqoh oldidagi katta ayvonni, qarshi tomonimizdagi go‘rkovxona, qorovulxona va guvalaxonalarni bobongiz qurdirgan, Shayx Zayniddin buva maqbarasining peshtoqini qayta bunyod etgan. 1866 yilda Toshkentda qattiq zilzila bo‘lganda Toshkentdagi ko‘pgina binolar, jumladan, Xo‘ja Nosiruddin Ahror valiy jome masjidi, Shayx Zayniddin maqbarasining peshtoqi qulab tushgan. Maqbara to 1922 yilgacha peshtoqsiz xarob bo‘lib yotgan. O‘sha yili bobongiz Ko‘kcha Oqtepasi mavzeida maxsus g‘ishtxumdon qurdirib, pishgan g‘ishtlarni masjidimiz darvozasigacha ot aravalarda tashitib keltirgan. Butun Toshkent masjidlarida umumxalq hashari e’lon qilingan. O‘sha paytda navqiron yigit edim. Qoriyog‘di mahallasida yashardik. Savobtalab uch-to‘rt jo‘ralarim bilan birga maqbarani ta’mirlashda qatnashganman. Masjid darvozasi oldidan to maqbara oldigacha g‘ishtlarni qo‘lma-qo‘l qilib keltirdik, hasharchilar ko‘p edi-da. Bobongiz ustalarga haq to‘lagan, lekin ayrimlari haq olishmabdi, u kishi ertalab nonushta, peshinda suyuq ovqat, oqshom palov bilan siylagan, oshpazlar pul olishmabdi, savob uchun ishladik, deyishibdi. Peshtoq uch oyga borar-bormas tiklandi. Buning sharafiga masjid hovlisida ma’raka oshi tortildi. Shahrimizning katta domlalari, ulamolar, yurt kattalari kelishdi. Hammaga osh tarqatildi. Biz yoshlar ham osh tashidik, keyin to‘yib palov yedik. Yig‘in oxirida bir olim odam Shayx Zayniddinning kim ekanligi haqida so‘zladi, ancha ma’lumotga ega bo‘ldik. Eng oxiri bobongiz haqida so‘z bo‘ldi, xayrli ishlari maqtaldi. Shu tariqa Ibrohimhoji otaning obro‘-e’tiborlari shahrimizda yanada oshib ketdi. Aytishlaricha, asrimiz boshlarida o‘zlari tug‘ilib o‘sgan Bedabozor mahallasida o‘z nomlarida jome masjid va madrasa qurdirganlarida ham bunchalik yuksak e’tibor qozonmagan ekanlar. Negaki, bu gal Shayx Zayniddin bobodek ulug‘ avliyo ajdodimizning ruhi poklari shod etilgan edi… Men o‘zim xotiralarni hikoya qilishni bolaligimdan yaxshi ko‘raman. Aslida tarixchi bo‘lsam bo‘larkan, deb qo‘yaman o‘zimga-o‘zim. Mashhur tarixchi, “Tarixi jadidai Toshkand” degan kattakon tarix kitobini yozib ketgan Muhammad Solih Qoraxo‘ja o‘g‘li aslida bizning “Qoriyog‘di” mahallamizdan-da. Mahallamizda azaldan qorilar ko‘p bo‘lgani uchun shunday atalgan. Tarixchilar o‘zi biroz ezmaroq bo‘ladi, tinglovchi topilsa, o‘tmishdan gapiraveradi… Endi muddaoga o‘taylik, halizamon asr namoziga azon aytilib qoladi.
– Bir savolimga javob istab oldingizga kirib keldim, – dedim men.
– Xo‘sh?
– Bobom qabrlari yaqinida suls xatida bitilgan, yer bag‘irlab yotgan bir qabr toshini ko‘rib qoldim. Unda “Abdurahim qizi” degan yozuvdan boshqa hech qanday ma’lumot yo‘q. Na marhumaning ismi, na tug‘ilgan va vafot etgan sanalari bor.
– Bobongizning dafn etish paytida men ham o‘sha qabrtoshni ko‘rib hayron bo‘lgandim. Surishtirib bilsam, bu ayol Eski Jo‘va maydoni yonida bir jome masjid qurdirgan ekan. Xalq uni “Xotinmasjid” deb atabdi. Hozir bu masjid yo‘q. O‘rnini Xotin-qizlar klubi egallagan, joy nomi esa Xotinmasjid bo‘lib qolavergan. Bu borada bilganim shu, jiyan.
Shu payt asr namoziga azon aytila boshladi: “Ollohu akbar, Ollohu akbar, Ollohu akbar!..”
Keyin surishtirib bilsam, suhbatdoshim masjid yigirmalik kengashining a’zosi Abduhakimqori aka ekan. U kishi allaqachon olamdan o‘tgan. Ajdoddan avlodga qon o‘tadi, deydilar. Abduhakimqori akaning nabiralaridan biri Ne’matullo Muhamedov taniqli tarixchi olim, Toshkent davlat islom universiteti dotsenti, “Shosh vohasi olimlarining ilmiy-ma’naviy merosi” deb atalgan monografiya yozgan.
Xotinmasjid borasida Abduhakimqori akadan eshitganimni to‘ldirish va aniqlash maqsadida yana izlanishda davom etdim.
* * *
Eski Jo‘va maydonining sharqi shimolida, hozirgi Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ining shimoli g‘arbida bir badavlat beva ayol tomonidan 1754 yili ishga tushirilgan masjid Toshkentning yirik va qadimiy masjidlaridan, noyob me’moriy yodgorlik bo‘lgan. Ayol kishi qurdirgani uchun “Xotinmasjid” deb atalgan. 1858–59-yillarda toshkentlik O‘rozaliboy tomonidan ta’mirlangach, uning nomi bilan ham atala boshlangan. 1907 yili O‘rozaliboyning o‘g‘li, masjid mutavallisi Mulla Normuhammadning shaxsiy mablag‘i hisobiga qayta ta’mirlangan. 1932 yilda Xotinmasjid Shayx Xovandi Tohur mozori yoniga ko‘chirib borilgan. 1953 yilda ushbu masjid binosi 240 kvadrat metr maydonni egallab turgan. Xotinmasjiddan bir qancha vaqt kutubxona sifatida foydalanib kelingan. 1957 yili biror sababsiz Toshkentda o‘nlab masjidlar qatorida buzib tashlangan.
Xotinmasjidning asl o‘rni toponim (joy nomi) sifatida tub toshkentliklar yodida hamon saqlanib kelmoqda. Bu yerga 1932 yili qurilgan Xotin-qizlar klubi sho‘rolarning Eski shahardagi mafkuraviy muassasalaridan biri bo‘lgan. Klubning katta zali keyinchalik kinoteatrga aylantirilib, unga “Oktyabr” nomi berilgan. Men ham yoshligimda bu kinoteatrda hind va arab filmlarini ko‘rganman.
* * *
Xalq orasida Xotinmasjid qurilishi haqida ko‘p rivoyatlar yuradi. Ba’zilar rivoyat emas, hikoyat deyishadi. Bir hikoyatda aytilishicha, shu masjidning o‘rnida joylashgan tashqi, o‘rta va ichki qismlardan iborat kattakon hovlida Ne’matillaboy yashab o‘tgan. Uning vafotidan keyin hovli-joylari, yer-suvlari, do‘konlari, chorva mollari, yaylovlari, yilqilari, xullas, barcha boyligi uning Ismatilla boyvachcha degan yolg‘iz o‘g‘liga meros bo‘lib qolgan. Ismatillaning boyligi otasining boyligidan ham ortib ketgan bo‘lsa-da, xaloyiq uni Ismatillaboy deb emas, Ismatilla boyvachcha deb atashda davom etavergan.
Ismatilla boyvachcha dastlab, otasi tirikligida, o‘n olti-o‘n yetti yoshida uylangan, xotini bilan ikki-uch yil yashasa-da, farzand ko‘rmagan. Yaqinlari boshqaga uylanishni maslahat qilishgan: “Boshqasidan farzand ko‘rib qolsang ajabmas”.
Ismatilla boyvachcha shu maslahat bo‘yicha ish tutgan: mahrini to‘lab, birinchi xotinini rozi qilib, javobini berib yuborgan-u, boshqasiga uylangan. Bu xotinidan ham farzand ko‘rmagach, yaqinlari qoziko‘chalik (keyin Tabibko‘cha deb atalgan) tabibga borib uchrashishni maslahat qilishgan. Xaloyiq bu tabibni Eshon tabib deb atagan, sababi, u mashhur, dami o‘tkir, muridi ko‘p eshonzodalardan bo‘lib, hatto Toshkent tevarak-atroflarida ham dami o‘tkir ruhoniy, bilimdon, qo‘li yengil tabib sifatida keng tanilgan.
Ismatilla boyvachcha nonushtadan keyin Eshon tabib tomon otliq yo‘lga chiqdi. Egnida pocha-po‘stin, boshida suvsar chaqmoq telpak, oyog‘ida qo‘nji kalta ag‘darma maxsi va kovush.
Qahraton qish. Yer muz qotgan. Ot o‘qtin-o‘qtin toyib ketadi. Egasi hushyor va chaqqonlik qilmasa, otdan uchib ketishi turgan gap. Lekin Ismatilla boyvachcha mohir chavandoz, olti-etti yoshidan boshlab ot mingan, o‘spirin, o‘smirligidan poyga, ko‘pkari va uloqlarda qatnashgan.
Ismatilla boyvachcha Eshon tabibning qo‘shtabaqali katta darvozasiga yaqin borib, otdan tushmasdan egilib, kattaligi kosaning og‘zidek keladigan mis halqani bir-ikki darvozaga urdi. Darvozaning bir tabaqasi yarim ochilib, ostonada bir o‘smir ko‘rindi:
– Assalomu alaykum, – dedi u muloyimlik bilan, aftidan xizmatkor edi.
– Vaalaykum assalom, – dedi Ismatilla boyvachcha. – Tabib janoblariga uchrashmoqchi edik.
– Marhamat, tabib janoblari uydalar, – deya xizmatkor darvozaning ikkala tabaqasini lang ochib yubordi. Ismatilla boyvachcha chaqqonlik bilan otdan yerga sakrab tushdi. Xizmatkor yigit darhol jilovni qo‘liga oldi. Chamasi, u Ismatilla boyvachchani ko‘rinishi, kiyinishi va vajohatidan hokim o‘rdasidan kelgan katta amaldor deb o‘ylagan edi.
Ismatilla boyvachcha kirgan joy Eshon tabibning tashqi hovlisi edi. Hovlining to‘rt tomoni imoratlar – xona va ayvonlardan iborat edi. Qarshi tomonidagi tomiga oq tunuka yopilgan imorat balandroq bo‘lib, to‘rt poyali g‘ishtin zina orqali chiqilardi. Kungay tomondagi uzun ayvonda yigirma chog‘li uzoq-yaqindan kelgan odamlar qo‘llarini manqaldagi olovga toblab, isinib o‘tirishardi. Aftidan, ular Eshon tabibdan najot topish umidida kelgan bemorlar edi. Ular Ismatilla boyvachchani hurmatlab, salom berishdi. U alik oldi.
Eshon tabib Ismatilla boyvachchani issiq kutib oldi, hurmati uchun o‘rnidan turib, qo‘shqo‘llab so‘rashdi, to‘rdan joy ko‘rsatdi:
– Marhamat qilsinlar, xush ko‘rdik, qani, yuqoriga marhamat qilsinlar. Kamina sizni orqavoratdan taniyman. Kurashlarda yelkasi yerga tegmagan polvon Ismatilla boyvachcha ekaningizni ham bilaman. Bir kalla urib otni qulatganingizdan ham xabarim bor.
– Endi… o‘rtoqlar bilan bahslashib qolib, shunday noma’qulchilikni ham qilib qo‘yganmiz-da, – dedi Ismatilla boyvachcha xijolat chekkanday bo‘lib.
– Endi sira bunday qila ko‘rmang, boyvachcha janoblari, – dedi tanbeh yo‘sinida Eshon tabib. – Bo‘yin umurtqasi shikast topsa yomon-a, Xudo ko‘rsatmasin.
– To‘g‘ri, lekin biz kelib chiqishi yo‘g‘ontepalik bo‘lgan odamlarda kalla urishtirish qadimdan odat, – deya e’tiroz bildirdi Ismatilla boyvachcha. – Mana, meni ko‘ryapsizmi, boshim bilan yelkam tutashib ketgan, go‘yo bo‘yin umurtqam yo‘qdek.
– Oqtepa, Qiziltepa, Ko‘ktepa, Qo‘shtepa, Uchtepa, To‘ytepa degan nomlarni eshitgan edim. Lekin Yo‘g‘ontepa deganini eshitmagandim. Yo‘g‘ontepa o‘zi qaysi tomonda? – qiziqsinib so‘raydi Eshon tabib.
– Kungay taraflarda, Sayramdan ham, Chimkentdan ham narida, Muyunqumda, Qo‘qon xonligiga qaragan deyishadi. Qishloqda hech qanday tepalik yo‘q, odamlarning bo‘yni yo‘g‘on bo‘lgani uchun qishloq Yo‘g‘ontepa bo‘lib ketgan ekan.
– Ha, shunday deng… Biz tomonga qaysi shamollar yetaklab keldi sizni, boyvachcha janoblari, – deya Eshon tabib muddaoga o‘tdi.
– Manglayimda bor ekan, ikki bor uylandim-u, lekin farzand ko‘rmadim. Yaqinlarim to farzand ko‘rmagunimcha xotinni almashtira borishni maslahat berishmoqda. Bu yo‘l to‘g‘rimi, shuni bilmoq uchun keldim, tabib janoblari.
– Bunday holatda eng to‘g‘ri yo‘l shumi, shu emasmi, bu savolingizga aniq javobni Olloh taolo biladi. Men esa sizga tashxis qo‘ygach, o‘z javobimni aytaman. Siz boshdan-oyoq yechinib anavi to‘shakka chalqancha yoting.
Ismatilla boyvachcha Eshon tabib aytganini qildi.
– Hoy, Fayzulla, bu yoqqa qarab yubor, – dedi Eshon tabib xonaga kirish eshigi tomonga qarab. Xizmatkor yigit eshik orqasida shay bo‘lib turgan ekan shekilli, darhol qo‘lida qumg‘on, yelkasida oppoq bo‘z sochiq bilan ostonada paydo bo‘ldi.
– Labbay, taqsir!
– Qo‘lga suv quy. Men bemorni ko‘zdan kechiraman. Sen kuzatib tur. Shu tariqa ko‘zing pisha boradi, tajriba orttirasan.
Fayzulla qumquvg‘onda suv quydi, Eshon tabib yengini shimarib, xanik tepasida qo‘lini yuvdi, oq bo‘z toza sochiqqa artdi. So‘ngra Ismatilla boyvachchani boshdan-oyoq sinchiklab ko‘zdan kechira boshladi:
– Bismillahir rohmanir rohiym. Yo Ollohim, o‘zing bemorimning dardini ayon qil, shifosini o‘zing bu ojiz bandangga bildir. Omin!
Eshon tabib Ismatilla boyvachchaning bilak tomirini ushlab yurak urishini o‘lchadi, ko‘zini katta ochtirib, ko‘z soqqasi, ko‘zining oqini kuzatdi, o‘mrovi, ko‘krak qafasi, yelkasi, umurtqasi, xullas, har tomonlama obdan tekshirdi, qovug‘iga ham nazar soldi. Eng oxirida xanik tepasiga kelib, qo‘lini yuvdi-da, oppoq bo‘z sochiqqa yaxshilab artib joyiga kelib o‘tirdi. Ismatilla boyvachcha Eshon tabib aytajak gapini jon qulog‘i bilan tinglashga shay edi. Eshon tabib shoshilmay gap boshladi:
– Sizda, ayon bo‘lishicha, erkaklik quvvati bor ekan. Miltiq ham bor. Miltiq pistonida o‘q ham bor. Lekin shu o‘q pistondan kuch bilan otilib chiqmas ekan. Otilib chiqmagan o‘q nishonga borib tegmaydi. Chunki qovug‘ingizdagi naychaning bir qismi tor. Bor gap shu.
– Shunday deng, – Ismatilla boyvachcha ma’yuslanib, umidsizlanib qoldi. – Bundan bu yog‘iga men nima qilishim kerak?
– Birinchidan, xoli joyda qorningizni ichga tortib, biroz ushlab turib, keyin kuch bilan qo‘yib yuborib, ya’ni kuchanishni mashq qila borasiz. Mana bunday (Tabib kuchanib, siltanib qo‘yadi). Farzand ko‘rsangiz, ajabmas. Farzandni Olloh taolo ato qiladi. Uning dargohi keng, himmati cheksiz. Sira noumid bo‘lmang. Albatta, yeyish-ichishga ham e’tibor bering. Bilasiz, yem yemagan ot poygaga yaramaydi. Albatta, ovqatning miqdori, sifati va turlicha bo‘lishiga e’tibor bering. Yotishdan avval to‘yib ovqatlanmang. O‘ta och qorinda ham, o‘ta to‘q qorinda ham xotiningiz bilan muomalaga kirishmang. Kun ora palov yeng. Palovni qishda qora turp bilan yeng. Palov yog‘siz qo‘y go‘shtiga, zig‘ir yog‘iga qilingani ma’qul. Nahorga besh-oltita bedana tuxumini ilitib yutishni kanda qilmang. Kuniga besh-oltita turshak, besh-oltita oq mag‘iz yong‘oq, besh-oltita g‘alvirak bodom, bir qismdan soyaki mayiz va xandon pista iste’mol qila boring. Qishin-yozin ho‘l mevani yeb turishni esdan chiqarmang. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, turshak yurakka, bodom buyrakka, yong‘oq shaklan miyaga o‘xshaydi. Bu degani bu yemishlar odamning shu a’zolariga quvvat beradi. Achchiq bodom qaynatmasi buyrakni quvvatlantiradi… Boyvachcha janoblari, endi mana bu maslahatimga quloq soling. Odam doimo harakatda bo‘lishi shart. Ana shunda umringizning oxirigacha sog‘lom bo‘la borasiz, ham uzoq yashaysiz, ortiqcha semirib ketmaysiz ham. Hozir vazningiz yuz ellik qadoq bo‘lsa kerak?
– Ikki yuz qadoqman, suyagim yo‘g‘on-da.
– Yoshingiz nechada?
– Ikkinchi muchalimga to‘ldim.
– Iya, tengdosh ekanmiz, ha-xu deguncha chorak asrni yashab qo‘yibmiz-a. Boyvachcha janoblari, kamina aytganlarini qila borsangiz, umringizning oxirigacha shu vaznda qolasiz, qorin qo‘yib, semirib ketmaysiz. Bilib qo‘yingki, xotin zoti qorin qo‘ygan erkaklarni yoqtirmaydi. O‘zi ortiqcha yukning nima keragi bor… xalaqit beradi. Haftada bir marta hammomga boring, xodimi qildiring. Qishda sovuq haddan oshganda issiq uyda qora kishmishdan solingan toza musallasdan bir-ikki piyola ichishingiz mumkin. Hozircha shu bilan bugungi suhbatimizni tugatsak, nima deysiz, Ismatilla boyvachcha janoblari? Vaqti-vaqti bilan kelib bizga uchrashib turasiz. Umid Ollohdan…
Aslida Eshon tabibda Ismatilla boyvachchaning qachonlardir farzand ko‘rishiga yuzdan to‘qson to‘qqiz foiz ishonch yo‘q edi. Lekin shunday bo‘lsa-da, mijozini mutlaqo umidsizlantirib qo‘ymaslik maqsadida bu fikrini undan yashirdi. Yaxshi tabiblar o‘lishi aniq ko‘rinib turgan o‘salga ham “Olloh xohlasa, tuzalib ketasiz” deyishadi-da. Qolaversa, Eshon tabib Ismatilla boyvachchadek badavlat mijozini darhol qo‘ldan chiqarib yuborishni istamasdi.
Ismatilla boyvachcha Eshon tabib yo‘rig‘i bo‘yicha ish tuta boshladi, bir necha marta uylandi. Javobini bergan xotinlarini ranjitmay, mahrini ortig‘i bilan berib, rozi qilib yuboradi. Ular idda muddatini o‘tkazgach, turmushga chiqib, bola-chaqali bo‘lib ketishadi. Ismatilla boyvachcha tadbirkor, saxiy, o‘zgalar holini tushunadigan va yordam qo‘lini cho‘zadigan odam edi. Sobiq qaynotalari, qaynog‘a va qaynilariga ham yordam qo‘lini cho‘zardi. “Axir ular ne-ne orzu-umidlar bilan qizlarini, opa-singillarini menga xotinlikka berishgan edi-ku”. Sal qo‘lidan ish keladigan bo‘lsalar, biriga arqon korxonasini ochib berar, ikkinchisiga bo‘z to‘qish dastgohini o‘rnatib berar, uchinchisiga sarmoya berib, savdogar qilib qo‘yar edi va hokazo. Hatto afsonasifat shunday gap ham tarqalgan ekan: Ismatilla boyvachcha sobiq xotinlaridan biri umrining oxirida yolg‘izlanib, qarovsiz qolganida uning ahvolidan xabar oldirib, moddiy yordam ko‘rsatib turgan ekan.
* * *
Ismatilla boyvachcha umrida birinchi marta tunda o‘zi kutganidek hordiq chiqara olmadi. Bundan o‘zi ham, choy qoshiqday ixcham xotini ham hayron bo‘lishdi. Sababi – qattiqroq harakat qilsa, harsillab, nafas yetishmaganday bo‘lardi. Endilikda u saksonga yaqinlashib qolgan edi, lekin bunday ulug‘ yoshlarga borganini xayoliga ham keltirmasdi, chunki g‘ayrati, hayotga bo‘lgan shavq-zavqi, farzand ko‘rib, o‘zidan zurriyod qoldirishga bo‘lgan umidi avvalgidek kuchli edi.
Ismatilla boyvachcha nonushtadan keyin Eshon tabib tomon yo‘lga chiqdi. Egnida pocha-po‘stin, boshida suvsar chaqmoq telpak, oyog‘ida qo‘nji kalta ag‘darma maxsi va poshnasi va tagcharmiga nag‘al qoqilgan kovush. Qahraton qish edi-da. Yer muz qotgan. Ot o‘qtin-o‘qtin toyib ketadi. Lekin Ismatilla boyvachcha mohir chavandoz o‘tgan, olti-etti yoshidan boshlaboq ot mingan, o‘spirin, o‘smirligidan poyga, ko‘pkari, uloqlarda qatnashgan va ko‘pincha g‘olib bo‘lgan, otda yurishning hadisini olgan, hamon qayerga bormasin otliq qatnaydi, juma kunlari Xo‘ja Ahror jome masjidiga otda borib keladi.
Eski Jo‘vadan to Eshon tabib yashaydigan “Olaqarg‘a” mahallasigacha bir yarim chaqirimcha edi. Eshon tabibning qo‘sh tabaqali katta darvozasi oldigacha yarim soatlarda yetib bordi. Otdan tushmasdanoq egilib, kattaligi kosaning og‘zidek keladigan halqani bir-ikki darvozaga urdi. Darvozaning bir tabaqasi yarim ochilib, ostonada eski tanishimiz Fayzulla ko‘rindi. Endi u yoshi yetmishlarga borib qolgan, ozg‘in, novcha siyrak soqol chol bo‘lib qolgan, lekin hamon yoshlardek chaqqon, serharakat edi. Eshon tabib Fayzullaning sadoqat bilan qilgan xizmatini qadrlab, unga ozodlik berib, yoshi yigirmalarga borgach, uylantirib, oq fotiha berib, shu mahalladan kichik bir hovli sotib olib ko‘chirib qo‘ygan edi. Lekin Fayzulla “umrim oxirigacha shogird bo‘lib qolaman” deb Eshon tabib huzurida qolavergan. Endilikda uvali-juvali bo‘lib, hatto yaqinda avara ham ko‘rgan edi.
– Xush kelibsiz, boy ota, – dedi u Ismatillaga ko‘zi tushiboq. – Marhamat qiling, tabib janoblari uydalar.
Fayzulla ota darvozaning ikkala tabaqasini lang ochib yubordi. Ismatilla boyvachcha kirgan bu joy unga azaldan tanish, Eshon tabibning tashqi hovlisi edi. Hovli bundan ellik besh yillar burun qanday ko‘rinishda bo‘lsa, hamon o‘shanday edi. Hovlining to‘rt tomoni imoratlar – xona va ayvonlardan iborat, qarshi tomondagi tomiga oq tunuka yopilgan imoratga to‘rt poyali g‘ishtin zina orqali chiqilardi, zinaning ikki tarafiga endilikda panjaralar o‘rnatilgan bo‘lib, tepasi soyavonli edi. Kungay tomondagi uzun ayvonda yigirma chog‘li uzoq-yaqindan kelgan erkak va ayollar qo‘llarini manqaldagi olovga toblab, isinib o‘tirishardi, ular Eshon tabibdan shifo topish umidida kelgan bemorlar, shuncha bemorning navbat kutib o‘tirishi Eshon tabibning xalq oldida hamon e’tiborli ekanidan darakdir.
…Eshon tabib Ismatilla boyvachchaning qizarib, taranglashib ketgan yuzini ko‘riboq, salom-alikni ham qisqa qilib, darhol muolajaga kirishib ketdi.
– Fayzulla, mis jomni olib kel.
Eshon tabib tokchadagi qutichadan oq surpga o‘ralgan nashtarni olib, Ismatilla boyvachchani xotirjam qilish maqsadida dedi:
– Sira qo‘rqmang, sal achishadi, xolos.
Eshon tabib Ismatilla boyvachchaning chakkasidagi yo‘g‘on tomirlariga navbatma-navbat nashtar urdi. Ismatilla boyvachchaning quyuq, qoramtir qoni Fayzulla ota tutib turgan jomga to‘kildi. Eshon tabib Ismatilla boyvachchaning ikkala chakkasini manglayi aylana boylab qo‘ygach, dedi:
– Boyvachcha janoblari, endi bir-ikki soat shu yerda dam olasiz. Biz bemorlarni qo‘shni xonada qabul qila qolamiz.
Ismatilla boyvachcha ko‘rsatilgan joyga borib cho‘zildi, oyoq tarafiga pochapo‘stinini tashlab oldi. Fayzulla ota olib kirib bergan sharbatni ichgach, uyquga ketdi.
Ikki soatlar o‘tgach, Eshon tabib xonaga qaytib kirdi. Bu payt Ismatilla boyvachcha uyqudan uyg‘onib, o‘rin ustida o‘tirardi.
– Ollohning o‘zi mehribon, sizni uning O‘zi asrab qoldi. Bir falokatingiz aridi. O‘z vaqtida bizga yo‘liqqansiz. Agarda biroz kechiksangiz… Xudo ko‘rsatmasin.
– Sizga ko‘p tashakkur, tabib janoblari, – dedi Ismatilla boyvachcha. – Xizmatingizni ikki dunyoda unutmaymiz.
– Biz tabib sifatida Olloh taolo buyurganini ado etdik, xolos, – dedi kamtarlik bilan Eshon tabib. – Endi gap bunday. Bundan bu yog‘iga har borada (ta’kidlab), ha, har borada harakatni kamaytirasiz, qoningiz quyuqlashgan, yurak urishingizning me’yori buzilgan. Bu holatlarni tuzatish mumkin. Siz kaminaning aytganlarini bajarasiz. Birinchidan, parhezni qattiq saqlaysiz. Qazi-qarta, sur go‘sht, to‘sh yemaysiz. Sholg‘omli, sabzili qaynatma sho‘rva ichasiz. Yog‘siz mol go‘shti yeysiz. Endi har qanday sovuq kunlarda ham musallas ichmaysiz. Kamina beradigan hap dorilarni, suyuq dorilarni, damlamalarni o‘z vaqtida icha borasiz. Uch kun uydan chiqmay dam olasiz, bir hafta davomida o‘rinni alohida soldirib yotasiz, eng muhimi ham shu. Ertaga bomdoddan keyin sizga zuluk solgani huzuringizga Fayzulla bilan birga boramiz…
– Tushundik, tashakkur, tabib janoblari, – deya Ismatilla boyvachcha o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
– Boyvachcha janoblari, – dedi Eshon tabib jiddiy holatda. – Ayniqsa shu kunlarda sizga keskin harakat qilish mutlaqo mumkin emas. Otga sakrab minib yurmang, uyingizga yayov, asta qadam tashlab boring. Otingizni Fayzulla yetaklab boradi.
Eshon tabibning bu ogohlantirishini Ismatilla boyvachcha hovliga chiqiboq unutdi-qo‘ydi. Jilovni Fayzulla ota qo‘lidan olib, bir sakrab egarga o‘tirdi. Uning zarbidan otning beli qayishib ketdi. Anqayib qarab turgan Fayzulla otaga qarata:
– Xayr, xo‘sh, – deya otga asta bir qamchi urib, tabib hovlisidan ko‘chaga chiqdi. Endi sovuq ancha yumshab, qor sal-pal erib, yer usti pilch-pilch bo‘lgan edi.
Ismatilla boyvachcha o‘tgan-ketganlarning salomiga alik ola-ola, uyiga qaytar ekan, o‘zi bilan o‘zi gaplashardi: “Mahallamdagi tengdosh jo‘ralarim, maktabdoshlarim, madrasadagi saboqdoshlarim birin-ketin o‘tib ketishdi. Biri qirqqa bormay o‘tdi, boshqasi payg‘ambar yoshida ketdi. Oxirgisi kecha go‘rga kirdi. Oxirgisi?.. Yo‘g‘-ey! O‘zim oxirgisi bo‘lib qolibman-ku. Navbat menga yetib kelibdi. Ha, tug‘ilmoq bor ekan, o‘lim muqarrar. Nafas oluvchi har bir jonzod o‘lim sharbatini ichajak… O‘tganlardan hech bo‘lmasa zurriyod qoldi. Mening esa hamon zurriyodim yo‘q. Bu bo‘lishi shart. Chekinish yo‘q. Noumid shayton. Kuch-quvvatim joyida, – mushtumlarini qattiq qisib qo‘yadi. – Ko‘zguga qaramasang, yosh ulug‘lashganini sezmaysan. Ko‘z soch oqarganini, manglayga ajin tushganini ko‘radi. Qalb esa bularni ko‘rmaydi, chunki qarimaydi, u hamisha yosh. – Ha, bu xotinim tug‘ishi kerak. Xotinim orqamda o‘g‘lim yoki qizim bilan qolsa, bolamiz bilan ovunib yuraverishi mumkin. Lekin farzandsiz bo‘lsa, hali yigirmaga ham bormagan, albatta kimgadir erga tegishi turgan gap. Yo‘g‘-ey, bunday bo‘lishiga chiday olmayman, tirik ekanman, bunday bo‘lishiga yo‘l qo‘ymayman, qo‘ya olmayman ham. Axir, bu suyukli xotinimning birovning qo‘ynida yotishiga qanday chidash mumkin?”
Ismatilla boyvachcha o‘sha kuni tabib aytganini qilmadi, o‘zining kuchiga haddan tashqari ishonib yubordi, hayotdan yagona ilinji o‘zidan zurriyod qoldirish edi-da. “Agar zurriyodim qolsa, vorisim bo‘ladi, – deb o‘ylardi Ismatilla boyvachcha. – Butun umrim bo‘yi yiqqan-tikkanim, mol-mulkim sovrilib ketmaydi, nomim ham, o‘z uyimdagi chirog‘im ham o‘chmaydi”.
Boyvachcha o‘sha kuni o‘rinda jon taslim qildi. Butun mol-mulki, uy-joylari, yer-suvlari so‘nggi yosh xotiniga meros bo‘lib qoldi. Boshqa vorislar yo‘q edi. Ismatilla boyvachchaning yoshgina bevasiga idda muddati tugar-tugamas mahalladan, tevarak-atrofdan xaridorlar chiqa boshladi. Ismi sira oshkor qilinmagan bu beva ayol dono ekan, biladiki, g‘oyibona bu “oshiq”larni uning husni jamoli emas, balki mol-mulki qiziqtirardi. Beva o‘ylab-o‘ylab, bor davlatini masjid qurdirishga bag‘ishlashga ahd qildi. Niyatini mahalladagi otinoyi orqali mahalla ellikboshisiga yetkazdi. Bu qarorga hech kim qarshi turmaydi – yurt musulmonobod, el – musulmon, islom dini to‘liq joriy. Voqeaning bunday tus olishi Ismatilla boyvachchaning xayoliga ham kelmagan. Umr bo‘yi yiqqan mulki ezgulikka buyurdi – masjid qurilishiga bag‘ishlandi. Bundan Ismatilla boyvachchaning ruhi shodlangan bo‘lsa kerak.
Qurilish poyoniga yetgani sayin bevaga xaridorlar ham kamaya borardi. Masjid bitganida boyvuchcha bu ayol oddiy bir beva xotinga aylangan, dang‘illama, ichkari-tashqarili hovli sotilib, mablag‘i masjid qurilishiga sarflanib, yolg‘iz cho‘risi bilan bir xonayu bir ayvondan iborat imoratli kichik hovliga ko‘chib o‘tgan edi.
Masjid ishga tushgach, ayolga sovchi chiqmay qo‘ydi. Uning o‘ylagani to‘g‘ri chiqdi – xaridorlarni uning o‘zi emas, mol-mulki qiziqtirgan ekan.
Qorlar yog‘ib izlar bosilib ketgach, bir kosib yigitdan sovchi keladi. Ma’lum bo‘ladiki, bu yigit bilan beva ayol ilgari devor-darmiyon qo‘shnilar bo‘lib, yigit unga ko‘ngil qo‘ygan, qizning ota-onasi farzandlarini bu kambag‘al kosibga bermay, qari, badavlat, lekin befarzand Ismatilla boyvachchaga uzatib yuborishgan ekan. Beva ayol oqilona ish tutibdi. Agar u beva bo‘lib qolgach, o‘sha yigitga turmushga chiqish istagini bildirganda, yurt zo‘ravonlari yo‘lini topib, bevani badnom qilishlari, yigitni esa yo‘q qilib yuborishlari mumkin edi. Endi esa ularni kambag‘al beva xotin qiziqtirmasdi. Ayol tadbiri orqali yigitning sevgisi haqiqiy, beg‘ubor, hech bir ta’masiz muhabbat ekani o‘z tasdig‘ini topgan. “Xotinmasjid” hikoyati ana shundan iborat.
Albatta, bu ayolning go‘zal ismi bo‘lgan, lekin uning ota-onasi shunchalar taqvodor bo‘lishganki, biror nomahram qizimizning ismini nogahon eshitib qolib, ko‘ngli buzilmasin, deya ismini aytmay, “qizim” deb murojaat qilishgan, nikoh xutbasi o‘qilayotganda ham ismi aytilmay, “Abdurahim qizi” deb qo‘ya qolingan.
* * *
Bu esseni yozib bo‘lib, mushohada qilib o‘tirardim. Bir mahal hovlimizdagi dov-daraxtlarga ko‘zim tushib qoldi. Hammasi har xil meva beradi, bo‘y-bastlari ham turli-tuman, birining mevasi ko‘klamdayoq yetiladi, ikkinchisi yozgi, uchinchisi kuzgi. Biri har yili hosil beradi, ikkinchisi yil oralab. Birining mevasi shirin, ikkinchisining mevasi nordon, uchinchisi esa bemaza. Ba’zi daraxtlarning mevalari bir necha oy davomida birin-ketin pisha boradi, ularni bir necha oy tanovul qila bora olasiz. Ba’zi bir meva, masalan, xurmo bir paytda – noyabrning boshlarida yalpi yetiladi, ularni yeyishga, terib olishga ham shoshilib qolasiz. Hovlimizda faqat bir tup meva bermas daraxt bor. Uni manzarali daraxt deyishadi. Lekin barcha daraxtlarning ildizi birdek ona tuproqda. Ularning barini, ona bolasini ko‘ksiga bosib turgandek, Yer ko‘tarib turmoqda.
Bir tafakkur qiling-a! Tabiat bilan insoniyat naqadar o‘xshash!
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 3-son