Abdulhamid Cho‘lpon. Seni ko‘b ko‘rmasun (hikoya)

(Farg‘ona hayotidan)

– Hah, Tangrimga shukur-ah, uxlab ketdi! – dedi va eski to‘­shaklar orasida to‘lub-toshib uxlab yotqan bolasig‘a ona muhab­bati bilan uzoq-uzoq tikilib qarag‘andan keyin: – Jindak mizg‘ib olay! – dedi va boshini sekingina bolishg‘a qo‘ydi.
Bu kattagina bir qishloqda o‘tub yotqan bir ro‘zgor, u bolasini uxlatqan Xadichaxon degan yosh bir juvon. Uxlab yotqan bola bo‘lsa uning kichik o‘g‘li Ishoqjon edi.
Ishoqjonning otasi Roziqjon o‘sha qishloqliq bir dehqon yigit bo‘lub, to‘rt-besh tanob yerga o‘zi ishlab besh-olti yildan beri shu ro‘zgorni aylantirib kelar edi.
Ro‘zgor katta emas: bir xotuni, bir onasi, ikki bolasi va bir o‘zidan iborat kichkinagina bir yig‘in edi.
Inqilobdan bir-ikki yil burun, yangi uylangan vaqtlarida, ro‘zgorlari yaxshi, tinch, bir xilgina o‘tub turub edi.
Inqilob bo‘lub, mana bu ichki urushlar boshlanib, yurt urush maydonig‘a aylangandan keyin tolag‘a chiqub dehqonchiliq qilish qiyinlashib, ro‘zgorni kaldiratib olib borish ham juda og‘ir bo‘lub qoldi.
Shunday bo‘lsa hamki, yosh, g‘ayratlik, lokin yoshlig‘idan beri tinch­liqni sevib katta bo‘lg‘an Roziqjon kuch va quvvatini, g‘ayrat va harakatini birga o‘n oshirib bir qarich tuproq ustida ishladi. So‘ng choqlarg‘acha ro‘zgorni tebratib keldi.
Ro‘zgorning ichki hojatlari uchun ikkita sog‘im sigir, bitta qo‘shchi ot ortdirdi.
Shunday qilib, bu turmush o‘tkan yili shu choqlarg‘acha bir xilda davom etib keldi.
Bultur shu vaqtlarda Roziqjon o‘… xuftongacha toladan qaytmasdan kechikib qoldi. Xadichaxon zamonaning tinchsiz vaqtlarida erining kech qolishidan qo‘rqsa ham, «Bugun o‘roqni bo‘lsa, narigi jugari tomong‘a suv bog‘lamoqchi edi», – deb shu bilan o‘zini yupatdi.
Yarim kecha – sahar bo‘ldi. Roziqjondan xabar bo‘lmadi. Xadichaxon bilan qari kampir og‘ir bir iztirob ostig‘a tushkan edilar.
Eshikni qoqdilar.
Eshik ochmoq uchun chiqib ketkan kampir «voy, bolam»lab yig‘lab kirdi. Ko‘ngli buzulg‘an Xadichaxon irg‘ib tashqarig‘a chiqishi bilan uch erkakning qo‘llari ustida qora qong‘a bo‘yalib yotqan Roziqjonni ko‘rdi.
Bir nafas to‘qtadi, na yig‘i keldi, na boshqa, boshi qotdi. Ke­yin o‘likni bo‘yraning ustiga qo‘yib ketayotqan kishilardan:
– Voy, bu nima gap? – deb so‘radi. Qishloq kishilari shoshilmasdan, hovliqmasdan, vazminlik bilan:
– Kelinbu, toladan kelayotib yo‘lda beklar otib ketibdur… – deb javob berdilar…
Munga bir yil bo‘lub o‘tdi.
Roziqjon esdan chiqayozib qoldi. Xadichaxon bolasi Ishoqni uxlatib bo‘lub o‘zi bolishqa boshini qo‘yg‘an vaqtida Roziqjon xayolig‘a tushdi. Undan keyin uxlay olmay uzoq-uzoq o‘ylanib yotdi.
Kun chiqqan, tig‘lari panjara orqali cho‘zulub uy ichiga kirganlar edi. Uxlay olmadi, turdi. Bolasig‘a yana bir tikilib olg‘ach boshiga kalta kamzulini yopinib to‘ppa-to‘g‘ri ko‘chaga chiqdi. Besh qadam yurub chap qo‘ldag‘i tor ko‘cha bilan tolag‘a chiqdi. Tolada ishlab yotqan dehqonlarg‘a qarab Roziqjonni tugalgina eska solmoqchi edi.
Bu yil birmuncha yerga paxta ekilgan, ana u Turdiali o‘z yerida paxta chopib turadur. Tutning tagiga o‘t yoqib kichkina chovgunchani qaynatib qo‘yg‘an, to‘nini tutqa ilgan…
Oh, agar shu Roziqjon bo‘lsa edi, choydishni qo‘yub choy damlab, zog‘ora non bilan olib chiqar edi…
Ko‘ngli to‘ldi. Ko‘ziga xohlar-xohlamas bir necha tomchi yosh keldi. Ko‘z yoshlarini kir-mog‘or yengi bilan sekingina artib yana uyga qaytdi.
Ko‘cha tarafdagi eshikni ochib ichkariga kirishi bilan kampir yo‘luqub:
– Sobirjonni ikki xurmacha qatiq berib shaharga yubordim, «Darrov sotib bir qadoq-yarim qadoq go‘sht olib kel!» – dedim, bolam bechora ketdi, – dedi.
Kelinning aqli tolada, bir vaqtlar tolani yashnatqan Roziqjonda edi. Anglar-anglamas bir aft bilan, bo‘shangg‘ina, eshitilar-eshitilmas qilib:
– Yaxshi qilubsiz, – dedi.
Shu bilan indamasdan uyga kirib ketdi.
Peshin bo‘ldi, kech kirdi, Sobirjondan darak bo‘lmadi. Kampir bilan kelin talvasag‘a tushdilar. Darhol qo‘ni-qo‘shnig‘a xabar berib qo‘shnining katta o‘g‘li Xolmatni otqa mindirib shaharga yubordilar.
Xolmat u kecha qaytmadi.
U kechani kampir bilan kelin bir do‘zax azobida o‘tkazdilar, choy ham ichmadilar, ovqat ham yemadilar.
Ertasi kuni erta bilan Sobirjonning o‘ligini ko‘tarib Xolmat keldi.
Yig‘i-sig‘i orasida so‘rag‘anlarg‘a Xolmat yigit sira pinagini buzmasdan:
– Shaharda otish bo‘lg‘an ekan, daydi o‘q tekgandur yo armanilar otib-otib ketkandur, – deb javob berdi.
Xadichaxon yigirma uchga qadam bosqan.
Lokin hech kim uni yigirma uchda demaydur, bilmagan kishilar uni qari juvon, o‘ttiz beshlarga kirgan bir xotun deydurlar.
Uning aqlu hushi ham joyida emas, qishloq bolalari «Xadi jinni» deb ot qo‘yg‘onlar. Muning ahvolini yaxshi bilgan kishilarning hamma vaqt unga rahmlari keladur, «bechora juvon» deydurlar.
Bechora juvonning kichik o‘g‘li Ishoqjon ham kasal. Munday zamonada tabib, doru-darmon ham topilmaydur.
Bechora juvon bezgak changalida qaltirab yotqan bolasini zaharlik ko‘z yoshlari to‘kub turub qurub-qotib ketkan bag‘rig‘a bosadur-da:
– Bittayu bittam, yolg‘uz qo‘zichog‘im, Xudoyim senigina ko‘b ko‘rmasun!.. – deydur. Va tiqilg‘an, bo‘g‘ulg‘an nafasi bilan uzulub-uzulub yig‘laydur…

1924