Abdujalol Rahimov. Ishqing bilan (hikoya)

Diloromning botini yashin urgan daraxtdek kuyib ketdi. Bu azob suymaganiga erga bermoqchi bo‘lishganida boshlangan, hamon ichu tashi yonadi. O‘sha kundan mungli ko‘zlari yoshga to‘lib yurdi. Nigohini odamlardan olib qochishga o‘rgandi, ammo ixtiyorsiz harakatlari yuragida lovullab turgan olovni oshkor qilib qo‘yayotgandek bo‘laverdi.
To‘y hamshiralik kollejini bitirishi arafasida bo‘ldi. Qo‘l-oyo­g‘ini bog‘lagudek qilib qo‘shni qish­loqlik Zafar degan yigitga erga berishdi. Onasiga zor-zor yig‘lab dardini aytdi: “Umar akamni yaxshi ko‘raman, u kollejimizda bog‘bon”, dedi. To‘tinisa opa tushungandek bo‘lgandi. Otasi qahr bilan gapni kesdi: “Qizingni o‘qishga yuborganman, yigit topishgamas!”. Otasining gapi uyda qonun. Unga hech kim qarshi borolmadi.
To‘y o‘tganiga bir hafta bo‘ldi. Zafar – uning eri, to‘y arafasida uchrashganlarida yaxshi ko‘rishini ayt­gan. Dilorom ham unga o‘rganib qolgandek edi. Kecha uylariga, ota-­onasini ko‘rgani borganida dardi qayta yangilandi. Uyida o‘zining xonasiga kirib qayta dunyoga kelgandek bo‘ldi: kitoblari, qizlik kiyimlari beg‘ubor kunlarini yodiga soldi. Hammadan yashirib yurgan otash tuyg‘ulari yana lovullab yondi. Rohatbaxsh onlar arimasligini istab ko‘zlarini yumdi. Bir tomchi qaynoq yosh yonog‘iga yumaladi. Boshini ko‘tarib, ko‘zini ochganida shirin xotiralari vaqt puchmoqlariga singib ketdi… Lekin mudom ro‘yoga qaytmoq bor… Endi taqdiridan qocholmaydi…
Dilorom xona o‘rtasida tik turganicha ko‘zini ochdi. Nigohi kichik javon ustidagi oq-qo‘ng‘ir ayiqchaga qadaldi: bu ayiqchani Umar akasi tug‘ilgan kunida sovg‘a qilgan. U ayiqchani olib, begonalar ko‘rib qoladigandek qo‘rqa-pisa atrofiga alanglab, bag‘riga bosdi. Momiq yungiga yuzini qo‘yib, Umar akasi bilan oxirgi uchrashgan kunlarini esladi.
…Dilorom kollejga yo‘lovchi avtobusda qatnardi. Bugun juda erta keldi. Kollejning keng yo‘lagidan yurib borayotganida chap tarafda shitirlagan ovoz eshitildi. Cho‘chib o‘sha tomonga qaradi. Na’matakzorda tokqaychi ushlagan bo‘ydor, bug‘doyrang, qotma yigit, kollejlarining bog‘boni – Umar akasi turardi.
– Dilor, buyoqqa qara, – dedi u yoqimli jilmayib.
– Yo‘q.
– Bir zumgina.
– Birov ko‘rsa uyat bo‘ladi.
– Bir zum dedim-ku?
Dilorom atrofga alanglay-­alanglay Umar akasi tomon burildi. Ko‘klamda boshliqlar bog‘bonga na’matakzorni yo‘qotishni buyurishgandi. Umar gulga kirgan butalarga achindi. Qo‘liga qo‘lqop kiyib, bolta, tokqaychi bilan bir hafta ishladi. Tikanli butalarni chilpib, qo‘rg‘on shakliga keltirdi. Oq, pushti gullarga burkangan yashil qo‘rg‘onning kirish, chiqish “eshik”lari ham bor edi. Bu ajoyibotni ko‘rgan bosh­liqlar vajohatlaridan tushishdi. Shundan buyon Umar na’matakzorini mehr bilan parvarishlaydi. Doira shaklidagi yashil qo‘rg‘onning o‘rtasidagi maydon ajriq bilan qoplangan. Umarni ko‘pda shu yerdan topish mumkin edi.
Dilorom qisinib-qimtinib Umar akasiga yaqinlashdi. U qizni na’matakzorning ichkarisiga boshladi.
– Bugun qanday kun, bilasanmi? – dedi erkalovchi ovozda.
– Yo‘q.
– Tug‘ilgan kuning, o‘n sakkizga to‘lding.
– Voy, siz ham bilasizmi?!
– Sen haqingda hamma narsani bilaman, seni yaxshi ko‘raman!
– Uyat!
– Nimasi uyat, yaxshi ko‘rish uyatmi? Kollejni bitiryapsan, baribir senga uylanaman. Faqat…
– Nima?!
– Uyingdagilar berisharmikin? Otam rais bo‘lgan, deganding. Biz onam bilan yolg‘iz yashaymiz, otam ham o‘tib ketgan, – Umar biroz jimib qoldi. – Men oddiy bog‘bon bo‘lsam, bo‘sh paytimda ustachilik qilaman. Sen bularni bilasan…
– Baribir yaxshisiz.
– Rostdanmi?!
– Rostim.
– Kel, bitta o‘pay!
– Voy! – Dilorom o‘zini orqaga oldi.
– To‘xta, Dilorom, senga sovg‘am bor.
Yurib borayotgan Dilorom o‘girildi. Umar o‘tloqning bir chetidan katta sellofan olib uzatdi:
– Bu tug‘ilgan kuningga sovg‘a.
Dilorom sellofanni ochib, quvonchdan qiyqirib yubordi:
– Voy, ayiqcha-ku!
– Ayiqcha.
Dilorom oq-qo‘ng‘ir ayiqchani sellofandan chiqarib mahkam quchoqlab oldi. Momiq yungli ayiqchaning to‘shi, yelkasi qo‘ng‘ir, qolgan joylari oppoq edi.
– Bu – men, – dedi Umar ayiqchaning qo‘ng‘ir yelkasini dag‘al kafti bilan silay turib, – bu esa sen, – ayiqchaning oppoq boshiga qo‘lini qo‘ydi.
– Nega? – Dilorom ko‘zlarini pirpiratib unga qaradi.
– Meni qara, qoravoyman, oyim erkalatib shunday deydilar. Sen bo‘lsa oppoqqinasan.
Dilorom uyalib ko‘zini olib qochdi.
– Meni unutmaysanmi, Dilor?
– Unutolmayman.
– Ozgina sabr qil, yana biroz yig‘inay, oyimni uyinglarga yuboraman. Kutasan-a?
– Kutaman…
Ammo, u kutolmadi, kutgani qo‘­yishmadi, qarshilik ko‘rsatgani kuchi yetmadi… Hozir Dilorom shularni eslab ayiqchani yanayam qattiq quchoqladi.
Xonasidan oq-qo‘ng‘ir ayiqchani ko‘tarib chiqqanida eri Zafar hayron bo‘ldi.
– Meniki… dugonalarim sovg‘a qilishgan, – dedi xomush bo‘lib qolgan Dilorom. – Olib ketamiz.
Uylariga qaytganlarida ham Diloromning chehrasi ochilmagandi. Qaynonasi Xadicha xola buni tug‘ilgan uyining xumoriga yo‘yib indamadi. Qaynotasi Erkin aka kelinga azza-bazzada e’tibor beravermasdi.
Yotayotganlarida Dilorom o‘ziga alohida joy soldi. Eri ajablanib qaragandi:
– Kasalman, – dedi. – Ertalab diplomimni olib kelgani boraman.
Zafar, shunday bo‘lishi kerakdir-da, degan xulosa chiqardi, indamadi. Dilorom tunda tinch uxlolmadi. Ayiqcha yuragidagi kulga ko‘mmoqchi bo‘lgan cho‘g‘ni alangalatib yuborgandi. Umar akasining bo‘y-bas­ti ko‘z o‘ngidan ketmadi. Tush ko‘rdi: Umar akasi uni na’matakzoriga chaqirarmish. Dilorom u tomonga talpinarmish-u, oyog‘iga tosh bog‘langandek sira joyidan jilmasmish. Qo‘rqqanidan ovozi ham chiqmay qolibdi. Umar akasining o‘zi u tomonga yura boshladi, ammo sira yetib kelolmadi…
Dilorom shu alfozda tunni bir amallab o‘tkazdi, o‘rnidan turib hovliga chiqdi, yuz-qo‘lini yuvib yana uyga kirdi. Eri Zafar tinchgina uxlab yotardi. U oq-qo‘ng‘ir ayiqchasini mahkam quchoqlab darvozadan chiqib ketdi.

* * *
Erkin aka – past bo‘yli, suyagi yo‘g‘on bu kishining yoshi oltmishga yaqinlagan bo‘lsayam uzzukun tinmaydi. Erta saharda eski “Jiguli”sida kiraga chiqib ketgandi. Kun yoyilganda achchiq ko‘k choyini qo‘msab uyiga keldi. Hovli jimjit. Sepoyaga osilgan suzma xaltadan tomayotgan zardob suvning “chak-chak” tovushi eshitildi. Ayvonda Xadicha xola xamir qorardi.
– Kelin qani? – so‘radi dabdurust­dan Erkin aka.
Xadicha xola, odatda, nafaqat kelin, uy-ichilarining ham qayerga borgani bilan ishi bo‘lmaydigan erining so‘rog‘idan ajablandi.
– Qayerda bo‘lardi, uyida, hali turgani yo‘q, uxlayapti, mayli uxlasin, yosh-da, – Xadicha xola keliniga yon bosdi. – Xamir qorish ham ish ekanmi, o‘zimdan ortmaydi. Zafar o‘g‘lingiz bo‘lsa choy ham ichmasdan ishiga ketibdi.
Erkin aka xotinining javrashlariga e’tibor bermasdan, ayvonning bir chetiga kelib o‘tirdi:
– Kelinni uydan yolg‘iz chiqarma… Bugun ertalab yoshgina bir kelinni mashina urib yuboribdi.
– Voy o‘lay, tirikmi?! – Xadicha xola ko‘zini ola-kula qilib labini tishladi.
– Tirik deyishdi. Kasalxonaga olib ketishganmish.
– Hozirgi yoshlar xayol bilan yurishadimi-ey…
– Kir, keliningni uyg‘ot.
– Nega?
– Qara, kun peshinga yaqinlashyapti, billa o‘tirib choy ichaylik.
Xadicha xola sirlangan guldor xitoyi tog‘orada qorgan xamirini dasturxonga o‘radi, toza ko‘rpachaning qatiga oldi. O‘rnidan turib, “Diloromxo-on, xo-o Diloromxo-on”, deganicha kelinning uyiga kirib ketdi. Bir dam o‘tmay ayvonga qaragan ikki tavaqali eshik taraqlab ochildi. Ostonada ro‘moli yelkasiga tushib, rangi quv o‘chgan Xadicha xola ko‘rindi:
– Voy o‘lay-y, kelin yo‘q!
Hamon ayvon chetida oyog‘ini osiltirib muvaqqat o‘tirgan Erkin aka gavdasiga yarashmagan chaqqonlik bilan sapchib o‘rnidan turdi:
– Nega?!
– Men qaydan bilay…
Er-xotinning oralaridagi masofa uzayib ketgandek bo‘ldi. Xadicha xola ham, Erkin aka ham bir fursat jimib qolishdi. Xadicha xolaning yuragi xonaga qamalib qolgan qushdek pitirlardi. Erkin aka – tik turganicha g‘o‘labirday gavdasi qotib qolgan, hozir uning xayoli ming bir vahimali ko‘chalarga kirib chiqayotgandi. Shu payt darvoza ochilib, Zafar kirdi. Erkin aka bilan Xadicha xola yalt etib unga qarashdi. Zafar bir-biriga ro‘para ikki uyning ayvonida bir ahvolda turgan dadasi bilan ayasiga qaradi-da, sekin yurib kelib hovlining o‘rtasida turib oldi:
– Diloromni mashina urib ketibdi, – dedi o‘zinikiga o‘xshamagan palag‘da ovozda.
– A-a?! – Xadicha xola ko‘rsatkich barmog‘ini tishladi.
Erkin aka o‘zi turgan ayvonning ustuniga suyanib qoldi:
– Qachon chiqib ketgandi, nega?!
– Saharda, diplomini olib kelmoqchi edi.
– Tirikmi?! – Xadicha xola ostonadan yugurgilab tushib, o‘g‘lining oldiga kelib oldi.
– Tirik.
– Nima qilibdi?!
– Meni ishxonamdan kasalxonaga chaqirtirishdi, – Zafar duduqlanib tushuntira boshladi. – Borsam…
– Nima-a?! – Erkin aka baqirib yubordi. – Mijg‘ovlanmasdan gapir!
– Miyasi chayqalibdi, o‘ng qo‘lidagi barmoqlarini kesib tashlashibdi, – alam bilan baqirdi Zafar.
– Kirdingmi? – Erkin aka bunga o‘g‘li aybdordek o‘dag‘aylab, vajohat bilan uning oldiga keldi.
– Yo‘q! – Zafar otasiga tik qaradi. – Kirmadim!
– Nega?
– Menga invalid xotin kerakmas! O‘rtoqlarim nima deyishadi, ularning oldida qanday bosh ko‘tarib yuraman, dada?!
– Voy sho‘rim-m, – Xadicha xola yuzini qo‘llari bilan berkitib cho‘k tushib o‘tirib oldi. – Endi nima bo‘ladi, qudalarni oldida…

* * *
Kasalxonaning nimqorong‘i yo‘lagida ikki ayol gaplashib turishardi.
– Meni kechiring quda, – dedi Xadicha xola ko‘ziga yosh olib. – Qizingizni asrolmadim.
Undan yoshrog‘i – To‘tinisa opa boshini chayqadi:
– Sizda ayb yo‘q. Qizimning peshanasi sho‘r ekan.
– Unday demang, o‘rgilay, hali yaxshi bo‘lib ketadi.
– Joni omon qolganiga shukr.
– O‘g‘lim, Zafar…
– Hammasini eshitdim, taqdir shunday ekan, sizlarni ham ayblamayman… Hamma ayb o‘zimda.
Xadicha xola qudasining bu gapiga tushunolmay, tikilib qoldi. Oraga sovuq sukunat cho‘kdi.
– Men o‘g‘lim bilan gaplashaman, – Xadicha xola bu gapni pichirlab aytdi.
– Keragi yo‘q, qiynamang o‘g‘li­ngizni.
Xadicha xola javob qilmadi, boshini egib, eshik tomonga yurib keta boshladi. Yo‘lakda bo‘ydor, qotma bir yigitga urilib ketishiga bir bahya qoldi. Yigit o‘zini chetga olib, yo‘l berdi. Shoshib To‘tinisa opaning oldiga keldi. Boshini egib, biroz jim turdi. To‘tinisa opa Dilorom yotgan xonaga ishora qildi:
– Kiring, o‘g‘lim.
Yigit shoshilib eshikni ochdi. O‘rinda yotgan Dilorom yalt etib qaradi:
– Umar aka!
– Men keldim, Dilorom!
Dilorom avval suyunib ketdi, keyin ko‘zlarini chirt yumdi:
– Endimi? Endi… kech, – Diloromning yonog‘iga yosh oqib tushdi.
Yigit ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yganicha unga yaqinlashdi:
– Sendan boshqa kimim bor, Dilorom, bilasanmi jonim, kimim bor… Onam, yolg‘izgina onajonim bor. Sen bo‘lsang, sen qo‘ng‘iroqlarimga javob bermay qo‘yding. To‘­yingni eshitganimda adoyi tamom bo‘ldim, Dilorom! Uyingga kelmoqchi, seni olib ketmoqchi edim. Onam, onajonim ostonaga yotib oldilar, “senga bir narsa bo‘lsa, o‘zimni o‘ldiraman”, dedilar. Men boshimni devorlarga urib o‘kirdim, Dilorom, yig‘lamadim, ovozim osmonlarga yetib bordi. Sen eshitmadingmi, Dilorom?! Tunda izlaring qolgan na’matakzorga borib yotdim. Ajriqzorni mushtlab “dod” dedim, Dilorom, ohlarimni eshitmadingmi?! Endi seni tashlab ketmayman, ketolmayman. Menga boshqa hayot yo‘q, Dilorom, tushunyapsanmi, hayot yo‘q… Qara, ayiqchamiz ham shu yerda ekan… Sen… unutmabsan-da!
– Qanday unutay, Umar aka, unutish mumkinmi? – Dilorom piqillab yig‘lay boshladi. – Ayiqchamni quchoqlab uydan chiqdim… Kollejga bormoqchi, sizni ko‘rmoqchi edim… Yo‘lda mashina urib yubordi… Bu qanday bo‘lganini bilmayman, xayol bilan ketayotgandim. Kasalxonada o‘zimga keldim. Hamshira aytib berdi, ayiqcha tufayli tirik qolibman. Bo‘lmasa boshim majaqlanib ketarkan… Endi barmoqlarim yo‘q, eshityapsizmi, Umar aka, nogironman! Endi ularga kerakmasman, u kelmadi, hech kimga kerakmasman.
– Sen menga keraksan, Dilorom!
– Sizga munosibmasman, qanday, axir…, – Dilorom yig‘lab yubordi. – Nogironman men, Umar aka!
– Men senga barmoqlarimni beraman!
Dilorom boshini chayqab teskari qarab oldi.
– Ishqing bilan ado bo‘ldim, Dilorom, menga bir qara!
Dilorom sekin boshini u tomonga burdi. Jilmaydi.
– Siz o‘sha-o‘shasiz, faqat ozibsiz, ko‘zlaringiz… muncha chiroyli!
– Ular seni ko‘rish uchun yaralgan.
– Shunaqamisiz?
– Sensiz yasholmayman, endi menikisan!
– Shu ahvolda-ya? – Dilorom bu gapni ohista, xotirjam aytdi.
– Ha!
Xonaga To‘tinisa opa kirib keldi.
– Oyi, bu kishi Umar akam, – dedi Dilorom.
To‘tinisa opa indamadi.

“Ijod olami” jurnali, 2017 yil, 4-son