Ko‘chada kimdir to‘xtatib sanani so‘radi: Aytdim, 30 dekabr.
– Ie, – yodiga nimadir tushganday sergaklandi notanish odam, – ertaga bayram-ku. Sal bo‘lmasa esimdan chiqibdimi!
Uning holatidan kulgum qistadi.
– Ie, ertaga yangi yil–ku, – so‘ngra esimga tushgan gapdan sergaklandim va qadamimni tezlatib uyga shoshildim…
– Voy dadasi, qayerda yuribsiz? Ertaga bayram. Uyga mehmonlar keladi. Pishiriq qilishim kerak, siz bozorga tushib meva-cheva, ul–bul olib chiqishingiz kerak, keyin o‘zimizam mehmonga borishimiz kerak…
Bir dunyo “kerak-kerak”lar bilan kutib oldi keliningiz. Unga eshittirmay “kerak-kerak”lar safiga o‘zimning “kerag”imni qo‘shib qo‘ydim. Shuning bariga pul kerak, buning uchun qarz olish kerak, qarzni kimdan so‘rash kerak?
Bir pasda boshim g‘ovlab ketdi. Hasan qurumsoq bermaydi, Husanga avvalgi qarzini ham qaytarganim yo‘q, Habibullaning-ku umuman puli yo‘q, xo‘jayindan so‘ray desam, noqulay.
Ana xolos, bir pasda “kerak-kerak”lar “yo‘q-yo‘q”lar bilan joy almashdi. Lekin keliningizga bularni aytmadim. Aytib jinni bo‘ldimmi. Menga Do‘stmurod aka aytgandi: “Xotin – egov, unga bir bahona topildimi, boshingdan tortib oyog‘ingacha egovlab chiqadi”. Sir boy bermadim.
– Menga qara, bunaqa mayda-chuyda xarajatlar bilan mening boshimni qotirma. Hozir muhim ish bilan ketyapman. Xo‘jayin chaqirgamish.
Shularni aytdi-mu quyonning dumini ijaraga oldim. Ko‘chaga chiqib o‘ylanib qoldim. “Qayoqqa boraman o‘zi. Bugun yarim ish kuni bo‘lsa, shuning uchun ishgayam bormagandim. Kel, tavakkal, ishxonaga boray-chi, biror gap chiqib qolar”.
– Ey, aka bormisiz? Sizga mukofot puli yozilganu, olay demaysiz-a, – deya qarshi oldi bosh hisobchimiz.
– Shunaqami? Mana olaylik deb keldik-da, – dedim quvonchdan yuragim yorilgudek bo‘lib. Cho‘ntaklar qappaydi, bozorga bormoqchi bo‘ldim.
– Menga qarang, bugun bayram ekan. “Yuz-yuz” qilaylik, keyin ketaverasiz, – deb qoldi hisobchi.
– Mayli-yu, hozir bozorga tushmoqchi edim. Keyin bir kishidan qarzman. Shuni berib qo‘yay. Yangi yilga eski yilning qarzlari bilan o‘tmay deyman, irim bo‘ladi.
– Ey, qo‘ying-e, qanaqadir irim-sirimlarga ishonib o‘tirsangiz. Irimdan foyda yo‘q, – yana yo‘ldan urdi u.
– U nima deganingiz, – yuzimga yasama jiddiylik berib uni ishontirishga urina boshladim. – Irim bor narsa. Agar yilni qarz bilan boshlasangiz, oxiriga qadar shunday ketadi.
Hisobchi gaplarimga ishondi, lekin baribir “yuz-yuz”ga ko‘ndirdi. Restoranga kirdik. “Yuz-yuz”dan boshlangan tadbir “ming-ming” bilan yakun topdi. Hotamtoyga aylanib hammasini o‘zim to‘ladim.
– Endi uyga borib yangi yilni kutib olaman, – dedim hiqillagancha.
Ulfatim kuldi:
– Yangi yil ertaga kiradi.
– Nima bo‘pti, men bugun kutaman.
Ajrashdik…
Kimdir soatni so‘radi. Aytdim. – 2.00.
– Nima – peshonasiga shappatladi u, – shu vaqtgacha nima qilib yuribman.
So‘ng menga tikildi. Tanish, juda tanish. Xuddi otamning katta o‘g‘liga o‘xshaydi. Shu payt uning yonida bir ayol paydo bo‘ldi. Yana tikildim. Qaynotamning kenja qizi. Menga o‘qraygancha tanbeh berdi:
– Ha dadasi, oynaning orqasida kim bor? Aksingizga gap sotmay kirib yoting…
Nimadir esimga tushdi. Fosh bo‘lganim alam qildi. Indamay yotdim…
Ertalab keliningiz har galgi xirgoyisini boshladi “kerak-kerak”. Menam xirgoyi qildim “bo‘ladi-bo‘ladi”. Chiqib ketdim. Kecha Husanning pulini bermaganim yodimga tushdi. Irimchiman, bermasam bo‘lmaydi. Pulini olib bordim. U meni “yuz-yuz”ga taklif qildim. “Bor-yo‘g‘i “besh-besh” olaylik”, dedi. Oldik, qanchalar “besh”lar qulog‘ini ushlab ketdi. Nihoyat shirin o‘tirishning yoqimsiz onlari keldi. Hotamtoy menga havas qilgan bo‘lsa, ajabmas…
Ertalab keliningiz yangi yil bilan qutladi. Boshimni ko‘tarolmasam-da, tirjayib qo‘ydim. U bu yilga ham qarz bilan o‘tganimizni aytib irim qildi.
Men beparvo qo‘l siltadim:
– Irim yo‘q narsa…

