Abduhamid Muxtorov. O‘trikchi (hajviya)

Chekish haqida yozgan tanqidiy maqolalarim birin ketin respublika matbuotida e’lon qilindiyu, ancha muncha shov-shuvga sabab bo‘ldi. Chekmaydigan ayollar faqatgina qishloqlarda uchrashi haqidagi maqolada aytilgan gaplar muharrirga yoqib tushdi. U meni ajoyib maqola yozganim bilan tabriklar ekan: “Xohlasangiz bizga ishga keling, tahririyatimizga sizday mohiyatni tez ilg‘aydigan ijodkorlar kerak”, deya meni ishga ham taklif qildi. Omadni qarang, garchand talaba bo‘lsam-da, tahririyatga yarim kunlik ishga ham o‘tib oldim.

Tez orada bahor keldiyu bir oz bo‘lsada hordiq chiqarish uchun qishloqga g‘izilladim. Oyog‘imda qo‘qonda tikilgan, sifati emas ko‘rinishi italyanikidan aslo qolishmaydigan, tumshug‘i g‘isht kabi to‘rt burchak tufli, egnimda esa enamning tabiri bilan aytganda, bodilarga (shevada olifta ma’nosini beradi) xos libos. Hovlimizga yetib kelishim bilan birinchi bo‘lib qarshi olgan enam bo‘ldi.

– Voy, enang aylansin o‘zingmi, buncha ozib ketding, – deya qulog‘imga mayin eshitilayotgan qishloq shevasida alqay-alqay quchog‘iga oldi.

– Bu talaba degani quruq suv bilan hovo yeydimi, nima balo urib buncha ozib ketding, ke chiq buyoqqa, – Chorpoyaga taklif qildi u kishi. Non-choy, hol–ahvol so‘rashuvdan keyin gap yozgan maqolalarimga kelib to‘xtagan edi hamki, enam tanqidni boshlab qoldi.

– Menga qara o‘g‘lim qip-qizil yolg‘onchi bo‘psanmi deyman.

Enamning birdaniga hujumga o‘tganiga hayron bo‘lib:

– I ena, nega unday deysiz, – dedim o‘smoqchilab. Enamning qoshi chimirildi.

– Nega unday deysizmish. Akang yozganingni o‘qib berdi. Shaharlik qizlar chekadi, qishloqdagilar chekmaydi debsan, shumi to‘g‘ri gaping?

Endi men qizishdim.

– Buning nimasi noto‘g‘ri, qishloqda hech qaysi ayolning sigaret chekkanini bilmayman, yo siz bilasizmi?

– Bilaman, – enam ovozini bir pog‘ona baland ko‘tardi, – bilaman, qishlog‘ingni xotinlari sigaret chekolmaydi, nekin nos ham chekishga kirmaydimi?

– Kiradi!

– Unday bo‘lsa ular ham kashanda ekan, nega deysanmi, nos chekadi.

Enamning bu gaplaridan so‘ng o‘ynab o‘tirgan shari yorilib qolgan bola holiga tushdim. Enam esa yolg‘onchi ekanligimni isbotlaganidan xursand bo‘ldi. Enamning bu tariqa mot qilishini sira kutmagandim.

– Yo‘g‘-e-e…

– Nima yo‘g‘-e-e, mani bitta o‘zingni uyingni misol qilib ko‘r,– astoydil kuyib-pishib tushintira boshladi enam, – opang chekadi, anavu erdan qaytgan ammangku  nosning uyini kuydiradi, ha endi uni tushinsa bo‘ladi, alamidan chekadi. Meniku qo‘yaver. Hammaning og‘zi tuproq bilan to‘lsa meniki nos bilan to‘ladi…

Bu gaplarni eshitib ming-ming mushtariylar oldida g‘irt yolg‘on so‘zlaganimdan vijdonim qiynalib ketdi. Shaharga qaytsam o‘sha maqolamga raddiya yozib, xatoyimni tuzatishni ko‘nglimga tugdim. Enamdan esa kashandalikning sharqona turiga qachon o‘rganganligini so‘radim.

– Ena.

– Ha bolam.

– Nos chekishni qanday o‘rgangansiz?

– Bobong o‘rgatgan.

– Ie qanaqasiga?

– Hali chilt yangi kelinchak paytim tishim og‘rib qoldi, ana shunda bobong qishloqning nargi boshida turadigan mol doktorning oldiga olib bordi.

Shu yerda, – Tovba nega mol doktorga olib bordi, – deya enamning gapini bo‘ldim.

Gapini bo‘lganim uchun xushlamay bir qaradiyu eshitsang bilasan deganday davom etdi: – Qishloqda odam doktorni qayerdan topasan. O‘shanda bobong, – Molga qaraydimi, odamgami, seravno doktor, davlat o‘qitib ustiga oq xalat kiydirib qo‘ygan, qolaversa, tish moldayam odamdayam bor, yur kettik, – deb obordi.

Bobong to‘g‘ri aytgan ekan mol doktor bo‘lsayam, odamning ham kasalini bilarkan. Tishlarimga qarob-qarab dori yozib berdi. O‘zida yo‘q ekan, shahardan olib kelinglar dedi. Bundon bobongning achig‘i chiqdi, – Shaharga boradigan bo‘lsam sening oldinga kelib nima qildim, bitta tishni davolayolmayapsan sufe senga, – deb doktorga baqirib berdi.

Bechora doktor, – Shermat aka mendan bekorga xafa bo‘layapsiz, men mol doktorman, – deb o‘zini oqlamoqchi bo‘ldi.

Bobong battar tutadi, – Nima molda tish yo‘qmi, gapni opqochma sen o‘zi bilmas ekansan, bitta xotinning tishi bo‘lsa o‘zimam davolab olaman, – deb doktorga jahl qilib meni yetaklab uyga obkeb qo‘ydi.

Enam hikoyasini to‘xtatib bir pas jim qoldi. Menda besabirlik ustunlik qilib, – Keyinchi, – deya u kishini davom etishga undadim. Enam gapni qisqaroq qildi, – O‘sha payti ma buni chek deb nos berdi. Chekkandim tishim qo‘yib qoldi, ana shundan beri chekishga o‘rganib qoldim.

– Bobom indamadimi, gapni aniqlashtirish uchun yana luqma tashladim.

– Urganib qolganimni bilib, yana cheksang qo‘yib yuboraman, – deb qo‘rqitti. Qo‘yib yuborishidan qo‘rqib o‘n yil yashirib chekdim. Oxiri buniyam bilib qoldi, bir ikki baqir-chaqir qildiyu ko‘nikib ketti. O‘sha paytlarda bobongning nosidan o‘ziga bildirmay o‘g‘rilab chekardim, endi dangal bo‘lishib chekamiz.

Enamga kashandaligi uchun dakki berib turganimda, darvoza tomondan sharpa sasi eshitildi. O‘girilib qaradim, bobom ekan.

– Hoy chol, qayoqqa yo‘qoldingiz mana bu meni yeb qo‘ydi, nega nos chekasan deb.

Bobom men bilan ko‘rishar ekan, hazilomuz o‘zini oqlagan bo‘ldi.

– Mamadiyorni kampiri bilan yarashtirib qo‘ydim.

Ayol zoti azaldan gap desa o‘zini tomdan tashlaydi. Bu yarashtirib qo‘yish enamning e’tiborini tortdi.

– Ha aytganday, o‘zi nima bo‘lgan ekan?

– Kampiri bilan nosga talashib urishib qopti, – kulganicha so‘zini davom etdirdi bobom, –O‘zing bilasan, nosning xumori yomon bo‘ladi…

– He yomon bo‘lmay o‘lsin, yana nosmi, – bobomning gapini zarda bilan bo‘ldi enam. – Kadingizdi oling sabilning xumori tutdi…