Maqsadimizni anglash uchun «Kavkaz asirasi» badiiy filmidagi bir epizodni eslang: ona o‘rdak bolalarini yo‘lning u tomoniga boshlab o‘tish uchun piyodalar o‘tish joyini tanlaydi. Parranda yo‘lning duch kelgan joyidan o‘tib ketsayam bo‘lardi. Ammo uning o‘zi «qoida»ni buzib, polaponlariga «o‘rnak» bo‘lolmasdi.
Odamlar-chi? Mashinalarning keti uzilmaydigan yo‘ldan o‘tayotganda o‘n karra xavfli — piyodalar o‘tishi taqiqlangan joylardan ham o‘tib ketaveradilar. Yurtimizda yo‘llar kengayib, mashinalar soni ham ko‘payayotir. Ammo yo‘lda yurish madaniyatimiz ham shunga yarasha yuksalayapti, deya maqtanish mushkul.
… «Chilonzor buyum savdo kompleksi». Bozorning yonidan «Bunyodkor» shoh ko‘chasi o‘tgan. Katta yo‘lda qatnayotgan mashinalarning harakatiga xalal bermaslik maqsadida piyodalar uchun maxsus yer osti yo‘li qurilgan. Shunday bo‘lsa-da, ko‘pchilik bu yerdan o‘tishga erinib, bo‘ylaridan baland panjaradan oshishni ma’qul ko‘radi. Bunga deyarli har kuni guvoh bo‘lishingiz mumkin.
Bir necha yil burun namoyish qilingan «Qish sonatasi» serialidagi bir epizod xayolimda muhrlanib qolgan. Unda filmning bosh qahramonlari Yu Jin va Jun Sang katta yo‘lni kesib o‘tishi kerak bo‘ladi. Biroq ular o‘tmoqchi bo‘lgan joydagi svetofor buzilib qolgan. Buni ko‘rgan film qahramonlari asablarini taranglashtirishmaydi, yo‘lni ham kesib o‘tishmaydi. Aksincha, Jun Sang hamrohiga bir ajoyib taklif aytadi: “Yur, boshqa yo‘l topamiz!”
Bu so‘zlar bir qarashda jiddiy ahamiyat kasb etmaydigandek tuyuladi. Ammo chuqurroq mulohaza qilib ko‘rsangiz, film rejissyori yo‘lda yurish madaniyatini shu ikki og‘iz so‘zga mohirlik bilan singdirib yuborgani ma’lum bo‘ladi.
Yo‘l harakati qoidalariga rioya etish madaniyatini targ‘ibot-tashviqot, tushuntirish orqali odamlar ongiga singdirish, shakllantirish mumkin. Faqat bu sa’y-harakat zerikarli bo‘lib qolmasligi lozim. Bu borada olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Toshkent shahar IIBBning Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomon yo‘l oldik. U yerga kirib borganimizda ajoyib anjuman boshlanish arafasida ekan. Ma’lum bo‘lishicha, «Targ‘ibot avtokarvoni» deb nomlangan bu tadbir Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan tashkil etilib, bolajonlarga yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni yana bir karra eslatish, ularning xavfsizligini ta’minlashga ota-onalar, qolaversa, keng jamoatchilik e’tiborini qaratish asosiy maqsad qilib olinibdi. Aslini olganda bunday tadbirlarni har kuni qilsa arziydi.
«Targ‘ibot avtokarvoni» biz ko‘rgan an’anaviy anjumanlardan butunlay farq qildi. Avtokarvon tarkibida avtohalokatga uchragan mashinalarni manzilga yetkazadigan ulovlar, tez yordam mashinasi, tashkilotchilar hamda OAV xodimlari shahrimiz ko‘chalari bo‘ylab harakat qilishdi, belgilangan joylarda uchrashuvlar o‘tkazildi. Avval 28-maktabga to‘xtagan avtokarvon tashkilotchilari o‘quvchilar bilan suhbatlashdilar. So‘ng «O‘shlik» talabalar shaharchasidagi kollej, litsey o‘quvchilari, oliy o‘quv yurtlarining talabalari bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazildi. Talabalar shaharchasidan Chilonzor tumaniga qarab yo‘l olgan «Targ‘ibot avtokarvoni»dagilar «Bunyod» nomidagi 534-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida bo‘ldilar. Shundan so‘ng avtokarvon keng jamoatchilik e’tiborini jalb qilish maqsadida yana bir muddat shahrimiz ko‘chalari bo‘ylab harakatda davom etdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga qaraganda, yer yuzida har yili 1,3 milliondan ziyod inson yo‘l-transport hodisasi tufayli halok bo‘lar ekan. Bu chog‘roq davlat aholisining soniga teng raqam. Ularning ko‘pchiligi yo‘l harakati qoidalarini buzayotganlarida hayoti tamom bo‘lishi haqida sirayam o‘ylashmagan. Biroq…
So‘ngso‘z o‘rnida tag‘in o‘sha ona o‘rdakni eslasak. Yo‘l chetida turgan o‘rdak biz o‘tish huquqiga egamiz, deya ko‘kragini kergancha yurishda davom etsayam bo‘lardi. Ammo u ortga qaytdi, «g‘aq-g‘aq» deya bolalariniyam qaytardi.
Qissadan hissa shuki, o‘zimiz ham yo‘l harakati qoidalariga amal qilib, bolalarimizga, yon atrofimizdagilarga o‘rnak ko‘rsatsak yaxshi bo‘lardi…
Darvoqe, ehtiyot bo‘ling: «g‘aq-g‘aq…»
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2011).