Abdulla Qahhor. Zamona va adabiyot (1964)

O‘zbek sho‘ro adabiyoti eski klassik adabiyotimizdan, xalq­­ning og‘zaki ijodidan, rus va jahon adabiyotidan oziq, yangi g‘oyadan quvvat olib o‘sdi deyishadi. Bu haq gap, lekin, buyuk Navoiy aytmoqchi, quyosh olamga barobar nur sochsa ham, sahroda qomg‘og‘u tikan, bo‘stonda gul bitadi. Adabiyotimizni gul qilib yetishtirgan, shubhasiz, yurtimizdagi yangi sharoit – tuzumidir. Busiz mazkur manbalardan hech biri adabiyotimizning bu qadar tez sur’at bilan taraqqiy qilishi va voyaga yetishuvida rolini o‘ynay olmas edi.
Yangi davrdagi adabiyotimiz, haqiqatan, juda tez sur’at bilan taraqqiy qildi va juda tez voyaga yetdi, ya’ni mahorat cho‘qqisiga chiqib oldi. Bunga hech yo‘l bilan rad etib bo‘lmaydigan dalil – uning bosh yutug‘i – adabiyotimizda yaratilgan obrazlarning soni va salmog‘idir.
Biron davr, biron xalq adabiyotining taraqqiyot darajasini, uning mahorat kuchini yozuvchilarning miqdori, nashr etilgan kitoblarning soni emas, unda yaratilgan obrazlar, kitob sahifalarida yashamoqda bo‘lgan «adabiy aholi»ning soni va salmog‘i belgilaydi. Modomiki shundoq ekan, hozirgi adabiyotimiz yuksak darajadagi adabiyotni, respublikamiz doirasidan chiqib, qomatini butun Ittifoqqa va hatto jahonga ko‘rsatib turgan «adabiy aholi»mizni yaratgan qalamkashlarimiz katta mahorat egalari bo‘lgan qalamkashlardir.
Hozirgi adabiyotimizning darajasi va mahorati kuchini shu kungi va yaqin o‘tmishdagi adabiy tilimiz orasidagi tafovutdan ham qiyos etsa bo‘ladi.
Furqatning 1891 yilda yozgan maktubidan:
«… xossa ul siyodatpanohi karim tab’ Muhiddinxo‘ja qoziykim, holo nomlari qazo devonining debochasig‘a tug‘rodur, tabiatlari fazilat ahlig‘a moyil ermish bir do‘st vositasi birla shinosolig‘ muyassar bo‘ldi…»
1911 yilda chiqqan bir kitobdagi hikoyadan:
«… vaqtiki mishig‘ kaklik bilon chilning kelgonini ko‘rdi, darhol sajda qila boshladi… solus sajdadin forig‘ bo‘lg‘onidan so‘ngra alar oldig‘a borib o‘z ahvollarini arz qilib insofni tiladilar. Mishig‘ aytdiki, e yigitlar, qarilik mango asar qilib ko‘z va quloq va boshqa havosimg‘a sustlik va nahiflik paydo bo‘ldi, yaqinroq kelinglar, toki man so‘zlaringizni masmo‘ qilib mulohaza va ta’mil aylab hukm qilgayman…»
Boshqa zamon va boshqa sharoitda bu xildagi tafovutni yo‘qotish uchun yuz yillar ham kifoya qilmas edi…

1964 yil