Qo‘ldosh Ergashev, Rustam Tursunov. Savod istab… (1989)

So‘nggi yillarda oshkoralik tufayli matbuotda juda ko‘plab munozarali fikrlar paydo bo‘lmoqda. Ulardan biri: «Inqilobgacha jumhuriyatda aholining 2 foizi savodli bo‘lgan», degan fikrdir. Bizda «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida e’lon qilingan I. Abdullayevning (1989 yil, 5 may) hamda Tohir Qahhorning (1989 yil, 10 fevral) maqolalarida bayon etilgan fikrlari katta taassurot qoldirdi. Darhaqiqat, o‘sha davrda machit va madrasalarda ta’lim olganlar, arab alifbosida o‘qish va yozishni biladiganlar inqilobdan so‘ng savodsizlar deb ataldi. Vaholanki ular hozirgi ayrim «savodlilardan» ustun edi. Ular o‘zlarigacha bo‘lgan klassik adabiyot namunalarini ham, muxandislik, tibbiyot ilmini ham juda yaxshi bilganlar. Bedilni yod o‘qiganlar. Mir Alisher Navoiy, Mavlono Lutfiy, Abdurahmon Jomiy, Bobur, Mashrab… kabi Sharq allomalariga ixloslari baland bo‘lgan, tarix va falsafada benazir bahslashganlar.

Afsuski, jumhuriyatimizda yozuv alifbosining bir necha bor o‘zgartirilishi inqilobgacha bo‘lgan madaniy merosimizni qalin pardalar orqasida qoldirdi. Endilikda o‘sha paytda qilingan xatolarni tuzatish, kech bo‘lsa ham eski o‘zbek tilini o‘rganish, uni maktablarda o‘qitilishi shartligi haqida mulohazalar bildirilmoqda. Shaxsga sig‘inish tufayli ajralib qolgan alifbomizni qayta tiklab, ota-bobolarimiz tomonidan yaratilgan merosni o‘rganishda yosh avlodga yordam qilishimiz kerak.

Mamlakatimizda grajdanlar urushi, chet el interventlarining bosqinchilik harakatlari davom etayotgan bir pallada 1919 yil 26 dekabrda V. I. Lenin imzosi bilan «RSFSR aholisi o‘rtasida savodsizlikni tugatish to‘g‘risida» dekret e’lon qilingan edi.

«Respublikaning barcha aholisiga mamlakat siyosiy hayotida ongli ishtirok etish imkoniyatini berish uchun, — deyilgan edi mazkur dekretda, — Xalq Komissarlari Soveti shunday qaror qabul qildi: 1. Respublikaning 8 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan o‘qish va yozishni bilmagan barcha aholisi ixtiyoriy ravishda o‘z ona tilida yoki rus tilida o‘z savodini chiqarishi majburiydir…»

Ushbu lenincha dekret yuz minglab nusxada nashr qilinib, butun mamlakatga tarqatildi. Ishlar qizib ketdi. Savodlilik uchun kurash boshlandi. Hamma joyda, har xil sharoitda: maktablarda, klublarda, kazarmalarda, hatto janglar oralig‘idagi tanaffuslarda, qorovulda turganda ham shu ish bilan shug‘ullanishdi. Maktablardan tashqarida «savodsizlikni tugatish punktlari» tuzildi. Ularda 3 oy mobaynida o‘qish, yozish va hisob o‘rganilar edi. Keyinroq 2 sinf hajmida ilm beruvchi o‘quv plani asosida 10 oylik kurs — savod maktablari tashkil etildi. Bundan tashqari to‘liq boshlang‘ich maktab ta’limini beradigan «chala savodlilar» maktablari ham ishlab turdi.

1930 yil 25 iyulda VKP (b) MK «Umumiy majburiy boshlang‘ich ta’lim to‘g‘risida» qaror qabul qildi. Partiya bu ishga barcha kommunistlarni, sovet xodimlarini, kasaba soyuz va komsomol tashkilotlarini, ziyolilarning keng ommasini, savodli ishchi va dehqonlarni safarbar etdi. Bu harakat ommaviy tus olib, umumxalq harakatiga aylandi.

Partiyaning maktab ta’limi sohasidagi bu siyosati Sovetlar Turkistonida qanday amalga oshirildi? Umuman mana shu siyosat o‘zini oqladimi? Bundan keyingi mushohadalar mana shular haqida bo‘ladi.

Shunday qilib, 1930 yildan umumiy majburiy ta’limga o‘tish haqida qaror qabul qilindi. Keyinchalik, urushdan oldin yetti yillik ta’lim joriy etilib, 50-yillarning o‘rtalarida yetti yillik ta’limga o‘tish asosan tugallandi.

Biroq, shuni tan olish kerakki, 30-yillardan boshlangan shaxsga sig‘inish, ma’muriy-buyruqbozlik uslubi, 50-yillar oxiri, 60-yillar boshidagi volyuntarizm, sub’ektivizm, 70-yillar va 80-yillar boshidagi turg‘unlik davri salbiy holatlari maktablarimiz taraqqiyotiga, umuman aholining savod o‘rganish darajasiga salbiy ta’sir etdi. V. I. Lenin hayotligida asos solingan maktabning demokratik negizlariga qarshi hujum boshlandi. Maktabda «bolshevistik tartiblarni» o‘rnatish uchun olib borilgan kurash amalda yosh avlodni tarbiyalash ishiga putur’etkazdi, natijada bolalarga kattalarning xohish-irodasini va talablarini itoatgo‘ylik bilan bajaruvchilar deb qaraladigan bo‘ldi. O‘sha davrda amalga oshirilgan qatag‘onlarni oqlash uchun matbuot har kuni yangi-yangi materiallar bosib chiqardiki, «xalqlar otasi»ning nomi kundan-kunga ko‘klarga ko‘tarildi. Maktab fanlarining hammasi Stalin ruhida olib borildi. «Partiya va shaxsan o‘rtoq Stalin kun sayin bolalarga, maktabga bo‘lgan haqiqiy muhabbat va g‘amxo‘rlik namunalarini ko‘rsatishmoqda. Stalinning qo‘lida pioner qizcha bilan tushgan tasviri bizda partiyaning sovet bolalariga bo‘lgan mehr-muhabbati timsoli bo‘lib qoldi»,— deb yozgan edi «Pravda Vostoka» gazetasi o‘zining 1940 yil 30 iyun sonida. Bu so‘zlar «buyuk dohiy»ning obrazi yanada yorqinroq bo‘lishi uchun bitilgan so‘zlarning birginasi edi, xolos. Ta’lim-tarbiya ishida shu xildagi rasmiyatchilikning kuchayishi savodsizlikka olib kelgan edi.

Yangi sharoitda pedagogika fanining jahon miqyosidan orqada qolganligi, aniq nazariy tavsiyalarning yo‘qligi, pedagog olimlar bilan amaliy ish olib boruvchilar o‘rtasidagi aloqaning sustligi sababli qiyinchiliklar va hatto yanglishishlar yuz berganligi ma’lum bo‘lib qoldi. Moddiy baza yo‘q edi, mehnat o‘qituvchilarining atigi 3—4 foizigina oliy ma’lumotli bo‘lgani holda, asosiy e’tibor mehnat ta’limiga qaratilgan edi. Ko‘p joylarda o‘quvchilarni ishlab chiqarishga taalluqli bo‘lmagan kasblarga o‘rgatish keng avj oldi. Ayniqsa qishloq maktablarida mehnat ta’limi, kasbga o‘rgatish darslari o‘rniga o‘quvchilar maktab yonidagi paxta dalasida chopiq, yagana qilish, paxta terimiga yordam berish ishlari bilan shug‘ullandilar.

Ayniqsa turg‘unlik yillarida yosh avlodga bilim berish sohasida juda mushkul qiyinchiliklarga uchradik. Bu davrda partiya tashkilotlari va ta’lim-tarbiya xodimlari maktab tarmog‘ining jamoatchilik xususiyatini amalda to‘liq hayotga tadbiq eta olmadilar. Ta’lim-tarbiya ishida ayrim pedagoglar va xalq ta’limi idoralari rasmiy mezonlargagina yopishib olib, amaliy ishga e’tiborni susaytirib yubordilar. Ta’lim bilan tarbiya o‘rtasida muayyan uzilish paydo bo‘ldi. O‘quvchilarga mehnat tarbiyasi berishda rasmiyatchilikka yo‘l qo‘yildi, bu tarbiya g‘oyaviy-siyosiy va axloqiy tarbiyadan ajratilgan holda olib borildi.

Yigirma yil muqaddam maktab o‘n yillik umumiy ta’lim yo‘liga o‘tdi. Bu g‘oyaning o‘zi yaxshi, ilg‘or g‘oya edi, biroq u na ilmiy, na metodik, na iqtisodiy, na ma’naviy jihatdan tayyorlangandi. Shior tashlandi va ma’muriy buyruqbozlik sharoitida real voqelik mana shu shiorga moslashtirila boshlandi. O‘qituvchi baholarni «zo‘rma-zo‘raki» qo‘yishga, ko‘zbo‘yamachilik qilishga majbur bo‘ldiki, unga bugungi kunda ham shunday ayblarni qo‘ymoqdalar. Bu davrda qobiliyatli o‘quvchiga ham, qobiliyatsiziga ham o‘rta ta’lim olganligi haqida attestat berilaverdi, oqibatda bilimning obro‘si pasayib ketdi. Turg‘unlik pedagogikasi xalq ta’limini boshidan oxirigacha qamrab olib, davrga mos odamlarni yarata boshladi. Brejnevchilik maddohlari pedagogikada jamiki yangi, ilg‘or narsa yuzaga kelsa, uni ilk davridayoq bo‘g‘ib tashladilar, novator-olimlarga, ilg‘or pedagogik fikrlarga g‘ov bo‘la boshladilar.

O‘quvchilarning yaqin-yaqingacha ham paxta terimiga jalb etilishi maktabdagi ta’lim-tarbiya jarayoniga, ayniqsa, salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Moskvadagi Oktyabr inqilobi nomli Markaziy Davlat arxivida hujjatlarni varaqlayotib, shu narsaning guvohi bo‘ldik: 1970—1980 yillar mobaynida jumhuriyatimiz maktablarining o‘quvchilari 23 oydan ko‘proq muddat paxta terimi bilan band bo‘lishgan. Demak, ular 10 yil o‘rniga 8 yildan kam hajmda maktab ta’limini olganlar. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, bilim saviyasi pasaygan.

Pedagoglar bilim va malakasining pastligi o‘quvchilar bilim saviyasini yanada pasayishiga olib keldi. Masalan, birgina 1984 yilda oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirgan 74 ming kiruvchidan 38 ming nafar yigit-qizgina imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tdi. Medallar bilan bitirgan yoshlarning 32 foizigina o‘ziga berilgan yuksak bahoni oqladi («Uchitel Uzbekistana», 1985 yil, 22 may).

Shuni ham ta’kidlash kerakki, maktablarimizda bunday buzilish holatlarining vujudga kelishi va taraqqiy etishida xalq maorifi muassasalarining iqtisodiy jihatdan yetarli ta’minlanmaganligi ham sabab bo‘ldi. Shu boisdan ham SSSR xalq maorifi xodimlarining s’ezdida (1988 yil) maktab va o‘qituvchilarning iqtisodiy ahvoli masalasi juda qattiq jarangladi.

So‘nggi 30 yil davomida maorifimiz ehtiyojlari uchun yo‘naltirilgan milliy daromadimizning qismi 10 foizdan 7,2 foizga qisqardi. Maorifimizning moddiy ta’minoti darajasi ishlab chiqarish tarmoqlarining moliyaviy ta’minotidan 10 marotaba orqada qolayotir. O‘qituvchilarning nisbatan ish haqlari ko‘zga ko‘rinarli darajada qisqarib bordi. Agar 1943 yilda o‘qituvchilarning ish haqi mamlakatimizdagi o‘rtacha ish haqidan 2 barobar ko‘p bo‘lgan bo‘lsa (o‘rtacha 330 so‘m, 1-razryadli o‘qituvchilarniki esa 650 so‘m), 60-yillarga kelib 90 foizni, 1986 yilga kelib, bu ko‘rsatkich mamlakatimiz xalq xo‘jaligi tarmoqlarida ishlovchi xodimlar ish haqining oshishi hisobiga o‘rtacha ish haqining 79 foizini tashkil qildi. SSSR xalq deputatlari s’ezdida SSSR xalq artisti Rolan Bikov aytganidek, hozir davlatimiz tomonidan mutaxassis tayyorlash uchun ajratilayotgan 12 ming so‘mga (kapitalistik davlatlarda esa 80 ming dollar) faqatgina mutaxassisning timsolini tayyorlash mumkindir. Mana shu tariqa maktablarimizning iqtisodiy tangligi, ta’lim-tarbiya sohasida salbiy holatlarning vujudga kelishiga asosiy sabablardan biri bo‘lib xizmat qildi.

Shu narsani ochiq tan olishimiz kerakki, V. I. Lenin boshlab bergan savodsizlikka qarshi kurash 30-yillar boshlarigacha o‘z harakatini to‘xtatmadi. Keyinchalik esa biz savodlilikdan savodsizlik tomon keta boshladik. Shu tariqa ta’lim-tarbiya sohasida lenincha asoslarni tiklash va mustahkamlash zarur bo‘lib qolgan edi. Shu boisdan ham 1984 yilning aprelida KPSS Markaziy Komitetining Aprel plenumi maktablarni isloh qilish borasida ko‘rsatma berdi. Ammo shoshma-shosharlik, lenincha ko‘rsatmalarning ayrimlarini yoddan chiqarganligimiz, moddiy jihatdan ta’minlanmaganlik, mahalliy sharoitlar hisobga olinmay xatolarni qayta takrorlaganligimiz natijasida maktab islohoti bir joyda depsinib qoldi va barbod bo‘ldi. Jumladan, bizning jumhuriyatimizda 6 yoshlilar uchun sharoitning yo‘qligi, EHMsiz kompyuter darslarining olib borilishi, oila etikasi va psixologiyasi borasida qo‘llanmalarsiz ish yuritish, o‘qituvchilarimiz turmush sharoitida (maosh oshganligini hisobga olmaganda) o‘zgarishlar deyarli sezilmaydi. Shuning uchun ham KPSS Markaziy Komitetining 1988 yil Fevral plenumida bu masala har tomonlama muhokama qilindi va xatolarimiz ochiqchasiga tan olindi.

Ta’lim-tarbiya xususida qalam tebratishimizga nima sabab bo‘ldi? Umuman mavjud muammolarni to‘kib solishimizdan maqsadimiz nima? Jamiyatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi ilm-ma’rifatda ham nochor ahvol yillar davomida o‘nglanmadi. Ayniqsa bunday ayanchli ahvol keyingi o‘n yilliklar davrida yaqqol ko‘zga tashlanib qoldi. Bizni tashvishga solayotgan narsa jumhuriyatimizning maorif sohasidagi o‘pirilishlardir. Umuman bu ahvolga milliy zamindan uzilib qolishimiz sababli tushib qolmadikmikin? Oshkoralik nuqtai nazaridan xolis baho berishimiz, xato va kamchiliklarimizni tan olishimiz kerak.

Maktablarimizda saboq berish zamon talabi darajasida emas. Darslar fan yangiliklari bilan bog‘lanmagan. Tarix, matematika, adabiyot, jo‘g‘rofiy saboqlar yuzaki o‘tilayapti. O‘quvchilar milliy an’ana, madaniyatdan uzilib qolayaptilar. Hatto poytaxtimizning ayrim nohiyalarida mahalliy shart-sharoitlar bilan hisoblashmaslik hollari uchrab turipti. O‘qitish rus tilida olib borilayotgan maktablar soni ko‘paygani holda o‘zbek bolalari turarjoylaridan uzoqqa saboqqa qatnayaptilar. Masalan, Frunze nohiyasining Shota Rustaveli ko‘chasidan aeroportga boraverishdagi katta ko‘prikkacha bo‘lgan o‘ramda birorta ham o‘zbek maktabi yo‘q. Ota-onalar majbur bo‘lganlaridan farzandlarini 118-maktabga berayaptilar. Rus tilidagi saboqni o‘zlashtirish murg‘aklarni qiynab qo‘ymoqda.

Biz rus tilida saboq beradigan maktablar nufuzini kamsitmoqchi emasmiz. Ammo ta’lim-tarbiyaning milliy, shakliy, siyosiy tomonlariga putur yetmasligini istaymiz.

Xullas, bir so‘z bilan aytganda, turmushimizda har qadamda uchrayotgan layoqatsiz, yalqov, tarbiyasiz, yengil turmush kechirishga moyil, savodsiz yosh zamondoshlarimiz o‘zga sayyoralardan kelib qolayotganlari yo‘q. Ular shunday ko‘z o‘ngimizda, turmush tarzining mahsuli sifatida namoyon bo‘lmoqdalar.

Shunday sharoitda kamol topayotganlar orasidan Abu Rayhon Beruniy, Al-Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino, Al-Xorazmiy, Al-Asir, Ulug‘bek kabi buyuk ajdodlarimizning izdoshlarini izlashning o‘zi xayoliy xayolparastlikdir. Vaqti kelib jamiyatimizda savodxonlik borasida orzu qilingan darajaga yetganda, biz yashayotgan davr savodxonlari necha foizni tashkil qilar ekanlar?!

Qo‘ldosh Ergashev, Rustam Tursunov, tarix fanlari nomzodlari

«Guliston» jurnali, 1989 yil, 12-son