Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Rag‘batga ehtiyoj sezilmoqda (1990)

Bismillahir rohmanir rohim.

«Yoshlik» jurnali sahifalarida yozuvchi Abduqahhor Ibrohimovning «O‘tmishni unutganning kelajagi bulmaydi» badiasini qiziqish bilan o‘qib chiqdim.

Arablar «O‘tgan xalqlarning kim ekanligini bilmoqchi bo‘lsang, qoldirgan asarlariga qara» deydi. Haqiqatan osori-atiqalar har bir xalqning qobiliyati, ma’naviyati va boshqa xususiyatlarini ochiq-oydin ko‘rsatib beradi.

Yozuvchi zikr qilgan madrasa, masjid, xonaqo, shifoxona, karvonsaroy va rabotlar bizning ota-bobolarimiz kim ekanligini yorqin ko‘rsatib turgan bo‘lsa, mazkur osori-atiqalarning bugungi ayanchli holi zukko, xassos bobolarning bugungi nabiralari kim bo‘lib qolganini yaqqol namoyon qilmoqda.

Biz ham o‘zligimizni anglab, yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatishimiz vaqti allaqachon kelib yetdi. Bobolarimiz o‘zlarining suyukli jufti halollari sha’niga, momolarimiz ko‘z ochib ko‘rgan erlariga bir umr sodiqlik ramzi sifatida masjidlar qurdirgan bo‘lsalar, biz nabiralar o‘sha ulug‘ bobo va momolar xotirasi hurmati, ulardan qolgan merosni saqlab qolishga harakat qilaylik.

Abduqahhor Ibrohimov toshkentlik bo‘lgani uchunmi, faqat poytaxtdagi me’morchilik obidalari haqida so‘z yuritgan. Jumhuriyat miqyosida so‘z yuritadigan bo‘lsak minglab me’morchilik durdonalari, xalqimizning ulkan madaniy merosi yer yuzidan supurib tashlanganini afsus bilan aytmoq lozim bo‘ladi.

Dinga qarshi kurash niqobi ostida xalqimizga ko‘pdan-ko‘p zarar yetkazilganini to‘la tushunish uchun ancha vaqt kerak bo‘ladi.

Har bir narsa nimaga atalgan bo‘lsa o‘shanga xizmat qilgani ma’qul. Masjidlar nimaga atalganini hammamiz yaxshi bilamiz, shuning uchun ham hozirda dindorlar ixtiyorida turgan masjidlar havas qiladigan darajada. O‘zgalarning holini ham ko‘rib turibmiz…

Qayta qurish sharofati bilan ba’zi masjidlar musulmonlarga qaytarib berildi va ular isloh qilinmoqda. Shu jumladan A.Ibrohimov zikr qilgan Saqichmon mahallasidagi «To‘xtaboy» jome’ masjidi ham.

Shubhasiz, xalqimiz boyligi bo‘lgan obidalarning hozirgi ayanchli holga tushib qolishida hammamiz aybdormiz. Lekin birinchi navbatda shu ahamiyatli ishga mas’ul bo‘lgan, shuning orqasidan non yeb, qorin to‘yg‘azgan mutasaddilar aybdordir.

Ochig‘ini aytish kerak, bu ishda layoqatsiz, mas’uliyatni his qilmaydigan va xalqning millionlab pulini behuda sarflashga ustasi farang kishilar va ularning yaqinlari to‘planib olishgan. Ularning faoliyatini hech kim jiddiy taftish qilmaydi. Ba’zi obidalarning islohi 20-30 yillab davom etsa ham natija yo‘q.

Xech esimdan chiqmaydi, hozirgi Imom Buxoriy nomli Toshkent Islom ma’hadi joylashgan «Namozgoh» masjidi tashlandiq joy bo‘lib, axlatxonaga aylangan edi. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari Diniy boshk,armasi ma’had ochish maqsadida mazkur binoni isloh qilishni boshlamoqchi bo‘lganda ba’zi kishilar «O‘likni tiriltirish bilan barobar ish» deb aytgan edilar. Lekin musulmonlarning himmati bilan «o‘lik» obida tirildi. Isloh ishlari tamom bo‘lib darslar boshlangan vaqtda yodgorliklarni saqlash tashkilotidan tayyoriga ayyor odamlar kelib u yog‘ini-bu yog‘ini o‘lchab, g‘isht qatorlarini sanab, hujjatlashtirib bo‘lib, «bu bino bizning hisobimizda, ruxsatimizsiz biror g‘ishtga ham qo‘l tekkizmaysizlar» deb ketdilar.

Xayriyatki, xalqimiz tushunib yetib, obidalarimiz haqida qayg‘urib qoldi, bu juda katta gap. Lekin mas’ul kishilar hali tushunib yetmagan ko‘rinadilar. Muallif aytib o‘tgan va boshqa mahallalardan otaxonlar tinmay murojaat qilishib, masjidlarni qaytarib berilishini so‘rashib, islohni o‘z zimmalariga olishlarini aytmoqdalar. Lekin ularning so‘ziga quloq osadigan mard qani? Kunduz kuni chirok, yok,ib topib bo‘lmaydi. Uylab ko‘ring, o‘zlari eplab isloh qilisha olmasa, isloh qilishni zimmasiga olganlarga imkon berishmasa, buni nima deb aytish mumkin? Buning ustiga mahallalardagi otaxonlar uchun qanday e’tibor, ahamiyat berilganki, ularning birdan-bir ovunchog‘i, jamoat bo‘lib namoz o‘qish uchun o‘zlari masjidni isloh qilib olishmoqchi bo‘lsalar-u, rad javob olsalar, buni nima deyish mumkin?

Xalqning tashabbusini so‘ndirish o‘rniga rag‘batlantirish lozim.

Muallif turar joylar, ko‘chalar, maydonlar, shahar va qishloqlar nomi haqida ham haqli fikrlar aytgan. Tuzukroq o‘ylab ko‘rgan odam bu nomlarning o‘zbekchasi ko‘pmi yoki ozmi — bilmay qoldi.

Kezi kelganda ko‘cha va maydonlar nomi bilan bir qatorda o‘zimiz va ota-bobomiz nomi haqida ham chuqurroq o‘ylab ko‘rishni taklif etmoqchiman. Menimcha, bu taklif ona tilimizga davlat maqomi berilgan bir paytda alohida ahamiyat kasb etsa kerak. Xujjatlarimizda qayd etilgan ism va otalarimizning ismlari yozilishida ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘yilgan.

Shuni e’tiborga olib kishilar ismlarini tuzatish bo‘yicha bir safarbarlik o‘tkazish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Xalqimiz tarixi haqidagi mulohazalarga kelsak, bu borada qilinadigan ishlar nihoyatda ko‘p. Qisqasi, ilmiy asosda tarixga qaytadan murojaat qilib, xalqimizga o‘z tarixi haqida ro‘y-rostni aytish tarixchilarimizning o‘zbek xalqi oldidagi ham qarzi, ham farzidir.

Muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf,

O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari Diniy Boshqarmasi raisi, SSSR Xalq deputagi

“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 4son