Jamol Kamol: “Tenglik va ozodlik — jahon tarozusining ikki pallasi” (1989)

Bir qushcha yig‘laydi bo‘g‘ot tagida,
Uvoqqina qalbi qayg‘uga to‘lib,
Ne ajab, bir qatra yosh pardasidan
Olam ko‘rinadi yoshga g‘arq bo‘lib…
Bir qushcha quvnaydi bo‘g‘ot tagida,
Uvoqqina qalbi quvonchga to‘lib,
Ne ajab, bir zarra nur pardasidak
Olam ko‘rinadi nurga g‘arq bo‘lib…

Ha, hamma gap dunyoni qaysi nuqtadan turib, qaysi ko‘z bilan kuzatishda — yuksaklikka ko‘tarilibmi yoki tubanlikka tushibmi… Dunyo «yangi tafakkur» pallasiga qadam qo‘ydi. «Umumevropa uyi», «Umumosiyo uyi», «Umumafrika uyi», «Umumamerika uyi» birikib, bir kun odamzotning «Umumdunyo qo‘rg‘oni»ga aylansa, ajabmas. Biz, o‘zbeklar mash’um shaxsga sig‘inish va turg‘unlik yillaridan meros qolgan cho‘nqirlik — zo‘ravonlikning sassiq o‘rasidan chiqib, dunyoga ko‘z solishimiz, dunyoni o‘zimizga, o‘zimizni dunyoga qiyoslab boqishimiz, shu yo‘sinda o‘zimizni ham, dunyoni ham yangicha baholashimiz lozim va lobid. Boshqacha aytganda, o‘zimizni ham, qadriyatimizni ham, orzu-armonlarimizni ham bir yo‘la dunyo tarozusiga qo‘yish payti keldi. Nega? Negaki, biz ham shu dunyoning bir bo‘lagi, bashariyatning bir parchasimiz. Birovlardan kamlik yerimiz yo‘q. Yangicha tafakkur millatlararo ostinlik, ustunlikni rad etadi. Inchunin, tenglar safida tengmiz. Bilasiz, tenglik va ozodlik — tarixning, asrlarning o‘tli faryodi. Tenglik va ozodlik — dunyo tafakkurining avj nuqtasi. Tenglik va ozodlik — jahon tarozusining ikki pallasi. Tenglik yo‘q joyda ozodlik, ozodlik yo‘q joyda tenglik yo‘q… Mana, bugun jahonga joriy etilgan tarozu. Boshqacha mezon endi ketmaydi…

Shoir Jamol Kamol bilan suhbatimiz ana shunday qizg‘in pardalarda boshlandi. Biz bir necha savollar bilan unga murojaat etdik.

— Jamol aka, suhbatni hozirgi muloqotlarda an’anaviy tusga kirgan mavzu — qayta qurish va oshkoralikka bo‘lgan munosabatingizdan boshlasak. Aytingchi, respublikamizda qayta qurishni tezroq amalga oshirish uchun nimalarga ko‘proq e’tibor berish kerak?

— Necha bor kuzatganman: «qayta qurish» desa, birovlar jonlanib, «yonib» ketadi, birovlar miyig‘ida kulib, qo‘l siltaydi, birovlar ma’yus tortib, o‘y-xayolga botadi… Lekin qayta qurish — hayot-mamot masalasi ekanligini hamma ham yetarli darajada tushunarmikan? Yolg‘iz biz uchunmas, dunyo uchun ham. Bizda qayta qurishning qanchalar amalga oshirilishi dunyo taqdirini belgilaydi. Dunyoning tonglari kelajakda yorug‘ bo‘ladimi, qorong‘u — bizning qayta qurishimizga bog‘liq. Shu tufayli ham butkul dunyo nafasini ichiga yutib, butun jismu joni ko‘z va quloq bo‘lib, bizni kuzatib turibdi: «Uddasidan chiqisharmikin? Horib-charchab aro yo‘lda qolishmasmikin? Unda nima bo‘ladi?» va hokazolar…

Siz Respublikada qayta qurishni so‘radingiz. Nega umumittifoq miqyosida emas? Axir, O‘zbekiston — Sovet Ittifoqining bir bo‘lagi, to Ittifoqda qayta qurish amalga oshirilmas ekan, bizda qayta qurish qilib bo‘lmaydi. Biz, o‘zbeklar ba’zan keragidan ortiq darajada andishali va kamtarinmiz. Nuqul respublika miqyosida o‘ylaymiz, umumittifoq doirasida gapirish go‘yo noqulay. Keling, shu safar ana shu an’anani buzamiz. Xo‘sh, nima qilsa, qayta qurish umumittifoq doirasida tezroq oyoqqa qalqadi? Men shu haqda ko‘p o‘ylayman.

Shundoq yon qo‘shnimiz Qozog‘istonning Semipalatinsk shahri yaqinida atom sinov poligoni bor: bir yilda o‘n sakkizta bomba portlatiladi. Bunday poligonlar Ittifoqda bitta emas. Ketadigan sarfu xarajatlarni chamalab ko‘ring: milliard-milliard pul. Xalqning peshona teridan yig‘ilgan mablag‘. «Mudofaa uchun» deb o‘tkazilayotgan ana shu sinovlarni vaqtincha to‘xtatib tursa, nima qiladi? Axir, shusiz ham qiyomat qoyimni bir qadam qilib qo‘yibmiz-ku…

Boyqo‘ng‘irdan kosmik kemalar fazoga ketma-ket parvoz qilib turibdi. Bir uchish — bir respublikaning yillik byudjetiga teng, deyishadi. Shularning sharofati bilan bahorda qor, yozda yomg‘ir yog‘adi. Ekin-tekin, bog‘-rog‘larga qancha ziyon, qancha zarar… Xo‘sh, shu uchishlarni ikki-uch yilga to‘xtatib qo‘ysa, osmon uzilib yerga tushadimi? SSSR xalq deputatlarining birinchi s’ezdida akademik A. Saxarov g‘alati bir gapni aytib qoldi. Amerika Qo‘shma Shtatlari, GFR va Xitoy Xalq Respublikasi qurolli kuchlarini qo‘shib hisoblaganda ham bizning armiyamiz ularnikidan ko‘proq ekan. Eshitib quloqlarimga ishonmadim. Nahotkn, axir bu qancha kuch, qancha xarajat degani. Demak, million-million insonlar umri harbiy mashqlarga sarflanib, zoye ketyapti. Rossiyaning markaziy rayonlarida qariyb bir million hovli-joy kimsasiz, qarovsiz, huvillab yotibdi. Ular agrofidagi ekilmay yotgan behad-behisob dalalar-chi… Ana shu maydonlarda dexqonchilik qilib, rizq-ro‘z undiradigan yigitlar otishni mashq qilib, yer tepib yurishibdi. Xo‘sh, insofdanmi shu? Xullas, armiyani keskin qisqartirish kerak. To‘g‘ri, hozir qisqartirishyapti, lekin bu kifoya emas… Ha, rivojlanayotgan mamlakatlarga berayotgan yordamlarimiz-chi? Bir yilda — oltmish milliard so‘m! Ularning ba’zilarida turmush darajasi biznikidan baland. Bizda aholining 86,5 foizi — kambag‘al. Qirq million kishi kambag‘allikdan ham tubanda yashaydi…

Shu ahvolda hotamtoylik qilish aqlga sig‘adimi? Mamlakatda hukm surayotgan vaziyatni hisobga olib, chetga moddiy yordam ko‘rsatishlarni darhol to‘xtatish kerak… Loaqal ana shu tadbirlar amalga oshirilsa ham, mamlakatning tomiriga qon yugurar, keskinlik, taranglik yo‘qolar, odamlar erkin nafas olardi.

Endi O‘zbekistonga qaytaylik. Boltiqbo‘yi respublikalarini bekorga «qayta qurish bayroqdorlari» deyishmaydi. Ulardan ibrat olish darkor. Tasavvur qiling: bir otaning o‘n besh o‘g‘li bor. O‘n besh o‘g‘ilda o‘n besh oila: xotin-xalaj, bola-chaqa degandek… Qozon bitta, bitta dasturxon atrofida o‘ltirib ovqatlanishadi. Hamma yoq qiy-chuv, aralash-quralash, tartib-intizom yo‘q, rohat-farog‘at oz, qut-baraka ham haligidek… Shunda tabiiyki, aqlli ota oxir-oqibat o‘g‘illarini chaqirib: «Bolalarim, mana, ko‘payishib qoldingiz, endi hadeb bir-biringiz bilan turtishib-surtishmay, har kim o‘z uyida tartib o‘rnatsin, o‘z qozonini o‘zi qaynatsin. Ha, meni ham unutmanglar, holimdan xabar olib turinglar», — deydi. Chamamda bizda ham shunday bo‘lyapti. Bu — yaxshi. O‘n besh respublikada tartib va farovonlik yaratilsa, butun mamlakatda tartib va to‘kinlik hukm suradi. Xullas, paysalga solmay, respublikani xo‘jalik hisobiga o‘tkazish, iqtisodiy mustaqillikka erishish lozim. Xalqimiz yetishtirayotgan paxta, pilla, qorako‘l teri, go‘sht, sut, meva va sabzavot mahsulotlari hamda qazib olinayotgan gaz, neft, tilla kabi yer osti boyliklariga jahon bozori xarid narxlari talablaridan kelib chiqib, narx qo‘yish — birlamchi vazifa. Paxtaning suv tekinligi ma’lum. Bir kilogramm pilla jahon bozorida 136 so‘m turadi. Bundan ko‘z yumib, bor-yo‘g‘i olti so‘m to‘lab, o‘zbek pillakori qo‘lidan uni qoqib olish — insofdan emas. Bizdan faqat paxta, pilla kabi qimmatbaho xom ashyolar emas, hattoki ozuqabop kunjara, makkajo‘xori kabi mahsulotlar ham qirib-qirtishlab tashib ketilar ekan. Men buni nima deb atashni ham bilmayman… Tabiiyki, bu turmush mashaqqatini oshirib, turli noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Har bir xalq, har bir millatning siyosiy-iqtisodiy haq-huquqlari to‘la ta’min etilmas ekan, qayta qurishda ilgari siljish bo‘lmaydi.

— Gapingiz o‘z-o‘zidan milliy masalaga kelib taqalayapti. Ayni kunlarda milliy masala mamlakatimizdagi eng dolzarb, eng og‘ir muammolardan biri. Milliy kelishmovchiliklar, noroziliklarning tub ildizi nimada, deb o‘ylaysiz?

— Odamzod dunyoga kelibdiki, dunyoni anglashga, dunyo ko‘zgusiga solib o‘zini tanishga intiladi. Shuni o‘ylab, to‘xtovsiz yo‘l bosadi. Yo‘l boshida u yolg‘iz edi, keyin urug‘ qabila-bo‘ldi, qabilalar elatga uyushdi, elatlar qovushib— xalq, xalqlar birikib, millatga aylandi. Millat — insoniyat rivojining oliy cho‘qqisi, odamzod kamolining timsoli mujassami. Leninizm bayrog‘i ostida ish ko‘rgan stalincha byurokratiya ana shu oliy haqiqatni bir yo‘la rad etmoqchi bo‘ldi. Hamma joyda millatga chovut soldi, milliy qadriyatlarga o‘t ochdi, millatning qonuniy haq va huquqlarini tuproqqa qorishtirdi. «Millatchi» (o‘z xalqining ravnaqinn ko‘zlagan kishi) so‘zining asl ma’nosini buzib, uni «dushman» so‘ziga tengladi. Millatlarni nari urib, beri surdi. Ularning azaliy otlarini o‘chirib, yangidan nom qo‘ydi. Mana, eshiting:

Iosif Stalin — aziz otamiz,
O‘zingiz berdingiz xalqimizga nom.
Shuning-chun o‘zbeklar har qutlug‘ ishda
Aziz nomingizdan oladi ilhom…

G‘afur G‘ulom qalamiga tegish bu misralar zamirida xalqimiz tarixining necha bir fojiali sahifalari yashirinib yotibdi… Stalincha byurokratiya millatlarni istasa bor, istasa yo‘q qildi. Qaror chiqarib «sovet xalqi» degan yangi bir millat joriy etmoqchi bo‘ldi. Ammo dekret bilan millat yaratib bo‘lmasligini xayoliga ham keltirmadi. Endi mulohaza qilib qarang: jamiyatimizning avval asosini sovetlar hokimiyati tashkil etadi. «Sovet jamiyati», «Sovet mamlakati», «Sovet xalqi» degan tushunchalar shundan kelib chiqadi. Shundoq emasmi? Bugun ma’lum bo‘lishicha, oradan yetmish yil o‘tsa hamki sovetlarga hali hokimiyat berilmagan ekan… Shu paytgacha «Sovet hokimiyati» deb yurganimiz nisbiy bir gap ekan. Unda yuqorida sanalgan tushunchalarning ahvoli nima kechadi? Demak, ular ham nisbiy, yasama gaplar ekan-da…

O‘sha uqubatli yillar SSSR Konstitutsiyasi «erkin, teng huquqli, suveren» deb ataladigan, respublikalarning haq-huquqlari amalda nazar-pisand etilmadi. Bu bepisandlik hamon davom etyapti. Atrof-muhitni omonsiz zaharlayotgan Navoiy sanoat kompleksining markazga bo‘ysunuvchi zavodlari, rahbarlari respublika matbuoti vakillarini qabul qilishmayapti. Ularning iddaosi ma’lum: «Biz O‘zbekistonda yashaymiz, uning suvi, havosi, boyliklaridan bahramand bo‘lamiz, lekin O‘zbekistonning o‘zini tan olmaymiz!» Bu — stalincha, brejnevcha siyosatning oqavalari. Darvoqe, markaziy ministrliklar tomonidan milliy respublikalarga go‘yoki mustamlaka deb qarash mayllari SSSR xalq deputatlari birinchi s’ezdida keskin tanqid qilindi.

— Mazkur s’ezd sovet kishilarining siyosiy mafkurasida butunlay to‘ntarish yasadi, desak, yanglishmaymiz. Lekin redaktsiyamizga «S’ezdda shuncha gaplar aytildi, biroq amalda hech qanday o‘zgarish sezilmayapti» degan ma’noda ko‘plab xatlar kelmoqda. Sizningcha, anjuman xalq hayotini yaxshilashga biror turtki beradimi?

— Falsafa tarixida «Avval so‘z yaralganmi yoki dunyo?» degan masala bor. Odatda avval so‘z yaralgan, deyishadi… S’ezdda yillar bo‘yi odamlar qalbida tosh bo‘lib cho‘kib yotgan achchiq haqiqatlar, haqqoniy so‘zlar birdan tilga keldi. Tilga keldiyu dunyoni larzaga soldi. Andrey Saxarov, Yuriy Vlasov, Sergey Zaligin, Yevgeniy Yevtushenko, Chingiz Aytmatov, O‘ljas Sulaymonov, To‘labbergan Qaipberganov, Boltiqbo‘yi respublikalari vakillarining otashin so‘zlari yodingizdami? Bu so‘zlar shunchaki suvga otgan toshdek izsiz, samarasiz ketarmikin? Yo‘q, ishonmayman. Xayriyatki o‘zimizdan borgan deputatlar orasida Odil Yoqubov bor ekan. Yozuvchining so‘zi bilan o‘zbek xalqining yuzi yorug‘ bo‘ldi. U ham boshqalarga o‘xshab, og‘ziga suv solib, tavoze bilan o‘ltirsa holimiz ne kechardi? Yaqinda SSSR Oliy Soveti majlislari yana davom ettirildi. Biror o‘zbek minbarga chiqib, dardimizni aytarmikan, deb soatlab televizorga ko‘z tikamiz. Qani endi chiqa qolsa!.. Chiqqani ham mayda-chuyda gapdan nariga o‘tolmay, ensani qotiryapti. Axir butunittifoq minbarida turib, muhokama, munozara yuritish uchun bilim kerak, tafakkur kerak. Yolg‘iz ilg‘or ishchi, ilg‘or kolxozchi bo‘lishning o‘zi kamlik qiladi. Xo‘sh, bizda munosib nomzodlar yo‘q edimi? Akademik Mirzaali Muhammadjonovni nega saylashmadi? Abdurahim Po‘latovni nega saylashmadi? Saylashmadi emas, saylashga qo‘yishmadi. Mana bugun rayosatda ko‘krakni g‘oz kerib, uyat va xijolatpazlikni ko‘rib, o‘zimizni ko‘rmaganga solib o‘tiribmiz. Bu xalqimizga saboq bo‘lishi, boshqa takrorlanmasligi kerak. Davlatimizning oliy organlariga «falon qadar ishchi», «falon nafar kolxozchi» emas, kim bo‘lishidan qat’i nazar, xalq dardi bilan yashaydigan, chuqur bilimli, keng tafakkurli, chinakam intellektual kishilar saylanmog‘i darkor.

Endi o‘zgarishlar xususida. SSSR xalq deputatlarining s’ezdi chaqirilib, unda achchiq haqiqatlarning ro‘y-rost aytilishi — birinchi ijobiy o‘zgarish. SSSR Oliy Soveti majlisida Estoniya, Latviya, Litva respublikalarini xo‘jalik hisobiga o‘tkazib, ularga iqtisodiy mustaqillik berilishi — ikkinchi yaxshi o‘zgarish. To‘g‘ri, bu o‘zgarishlar kutilgan darajada emas. Ruslarda «Tog‘ sichqon tug‘ibdi» degan naql bor. Har qalay, sichqon bo‘lsa ham — tug‘ibdi-ku. Hech vaqo tug‘masa, nima qilardik?.. Endi qo‘l qovushtirib o‘tirmay, harakat qilish kerak. Xo‘jalik hisobiga o‘tish, iqtisodiy mustaqillikka erishish — O‘zbekiston uchun ham hayot-mamot masalasi. Respublikamizning boyliklari, moddiy-iqtisodiy imkoniyatlari Estoniyanikidan kam emas, ortiq. Bu ikki karra ikki — to‘rtdek hammaga ayon haqiqat. Lekin ba’zi va’zxonlar ana shu ko‘rinib turgan haqiqatni ham buzib ko‘rsatmoqchi bo‘lishdi. O‘zbekistonni «tekintomoq», «boqimanda» deyishgacha borib yetishdi. Hali ham ahyon-ahyonda shu gapni takrorlab, ming‘irlab yurishibdi. Ha-da, paxtaning xarid narxini karam va kartoshkadan ham kam qilib qo‘ygach, bundan boshqacha bo‘lishi mumkinmi? Xalq bunday va’zxonlarga endi ishonmaydi.

— Din — jaholatdir, degan aqida endi eskirib qoldi. Hatto Chingiz Aytmatov o‘zining «Qiyomat» romanida din vakili Avdiy Kallistratovni hozirgi davrning eng pok kishisi sifatida gavdalantiradi. Bugungi odamlarning vahshiylashib ketishiga diniy e’tiqodning yo‘qolib borayotgani sababdir, deb talqin etadi. Aytmatov fikriga qo‘shilasizmi?

— Qo‘shilaman. Din — tarix, din — tajriba, din —tarixiy ma’rifat va donishdir. Yolg‘iz bugina emas. Din — mehr va shafqat, insof va diyonatdir, insoniyat o‘zi ustidan o‘zi o‘rnatgan oliy nazoratdir… Xo‘sh, insonga o‘z-o‘zini nazorat etish nega kerak? Hayvonlarga tabiat ato etgani — yolg‘iz jismoniy kuch, xolos. Odamzotga ham jismoniy kuch berilgan, ham aql-zakovat. Ana shu ikki quvvatga suyangan insonning qudrati naqadar cheksiz…. U nimalarga qodir emas!… To insof va diyonat kuchi bilan to‘g‘ri yo‘lga solib turilmas ekan, inson o‘zini ham, o‘zgalarni ham mavh etishi mumkin. Xullaski, insonga insof va diyonat kerak. Bunga tariximiz kafil. Biz yaqin-yaqinlargacha buyuk faylasuf shoir Xo‘ja Ahmad Yassaviyni xudojo‘ylikda ayblab, malomatlarga ko‘mib yurdik. Insof bilan ayting: dunyoda qaysi ulug‘ ijodkor xudoga ishonmagan? Pushkin ishonmaganmi? Gogol yoki Tolstoy ishonmaganmi? Dante-chi? Shekspir-chi? Ahmad Yassaviy ham ishongan va o‘z ishonchiga suyangan. Bilasizmi, nega? Tasavvur qiling: bek jabr qilsa, kimga arz qilasiz, sultonga borasiz; sulton zulm qilsa, kimga arz qilasiz? Xudoga. Ahmad Yassaviy ham xudoni o‘rtaga qo‘yib, jahon hukmdorlarini insofga chaqirgan. Demak, uning uchun xudo — vosita, nazorat vositasi, maqsad emas. Maqsad — insonga shafqat, insof va adolat…

Endi bugungi kunga qaytaylik. Yaqinda markaziy televideniye orqali xabar qilishdi: Semipalatinskda o‘tkazilgan atom sinovlari ta’siri ostida 110 kishi kasalga chalinib, o‘z-o‘zini osib o‘ldiribdi. Insof-diyonat bo‘lsa, shungacha borib yetarmidik? Bizda insof bo‘lsa, zarur ehtiyot choralarini ko‘rmasdan, Chernobil atom elektr stantsiyasini ishga tushirarmidik? Bizda insof bo‘lsa, amerikaliklar Vetnamda qo‘llagan dahshatli zahar — butifosni o‘n besh yillab o‘z xalqimiz ustiga socharmidik? Bizda insof bo‘lsa… yana qay birini aytay? Xudodan qo‘rqmagandan qo‘rq, deb bekorga aytishmagan. Biz o‘n yillab, o‘zimizga ham, o‘zgalarga ham qo‘rqinch solib yashadik. Dunyo hozir nafasini ichiga yutib, insof-diyonat yo‘lini tutarmikin, deb bizni kuzatib turishi bejiz emas…

Bu — masalaning bir tomoni. Masalaning ikkinchi tomoni shundaki, dinni ko‘r-ko‘rona rad etish — insoniyatning ming yilliq ma’naviy tajribasini rad etish, o‘zni dono sanab, dinga e’tiqod etgan va etayotgan milliard-milliard insonlarni yalpisiga nodonga chiqarish degan gap. Xo‘sh, aqlga, mantiqqa sig‘adimi shu? Hozir dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida payg‘ambarlar tarixini o‘qib, o‘rganishyapti. Bu — tabiiy. Chunki, bu «insoniyat tafakkuri» deb atalgan so‘ngsiz daryoning izma-iz yoki yonma-yon to‘lqinlari.

Mendan goho «xudo bormi?» deb so‘rashadi. «Xudojo‘yga xudo bor, xudosizga xudo yo‘q» deb javob beraman. «Kosmonavtlarimiz osmoni falakni kezib, hammayoqni titkilab chiqishdi, lekin xudoni ko‘rishmadi» deb menga e’tiroz etishadi. «Ko‘zi borlar xudoni ko‘radi, ko‘zi yo‘qlar xudoni ko‘rmaydi» deb javob beraman men. Axir, xudo yetti qavat arsh ustida kaltak ko‘tarib turgan, sersoqol, qahrli bir qariya emas. Xudoni ateistlarcha jo‘n va sxematik tushunish bu. Xo‘sh, xudo kim? U — Xudo. So‘ngsiz qudrat, yuksak haqiqat, qutlug‘ insof va adolat, mislsiz sirri xilqat ramzi. Butun dunyoni to‘ldirgan ezgulikning mo‘tabar ismi. Oliy nom. Oliy. timsol. Husni mutlaq… Mehri mutlaq… Jonsiz va jonli tabiatda uning jilvasi. Qimirlagan har bir jonda uning nafasi. U — insonning cheksiz kamolot yo‘lidagi so‘ngsiz porloq nuqta. Shu’lasi olamga taralgan… Unga yetishib bo‘lmaydi, faqat yaqinlashish mumkin… Inson har gal uning shu’lasiga o‘zini solib, o‘z-o‘ziga, baho beradi. «Xudoyo, — deydi u — tirik jon ato etganingga, inson qilib yaratganingga shukur! Lekin men ana shu himmatingni oqlayapmanmi? Mehru muruvvatingga munosib yashayapmanmi? Senga banda, ya’ni inson bo‘lishni eplayapmanmi?» Shunday deydiyu yana yuksaklikka, kamolotga intiladi…

— Insonni borliq olamning egasi, deyishadi-ku…

— Bundoq deyish juda katta ketish bo‘ladi. Bu — o‘ylamay-netmay, g‘oyat manmanlik, takabburlik bilan aytilgan so‘z. Tasavvur qiling: cheksiz-chegarasiz o‘rmon. Unda behad-behisob daraxtlar o‘sadi. Shu daraxtlarning birida, aniqrog‘i, uning bitta butog‘ida yolg‘iz bir uyacha bor. Ana shu uyachada yolg‘iz bir qushcha yashaydi. Oy o‘tib, yil o‘tib, qushcha qanot chiqaradi va bir gal «pirr» etib uchib, oshiyonini gir aylanib, yana o‘rniga qo‘nadi. Atrofga mag‘rur ko‘z solib, deydi: «Shu cheksiz — chegarasiz o‘rmon meniki! Men uning tanho xo‘jasiman!» Qushchaning shu aytganiga siz ishonasizmi? Axir, shu cheksiz-chegarasiz o‘rmonning nahot shu qushchadan bo‘lak egasi bo‘lmasa?..

— Shu kunlarda respublikamizda «Tillar to‘g‘risidagi qonun» muhokama etilmoqda. Loyihaga va matbuotda bildirilayotgan fikrlarga munosabatingiz…

— Loyihaning yaroqsizligi takror-takror aytildi va aytilmoqda. Avvalo uning aytilishi chatoq. «O‘zbek tili to‘g‘risida qonun» bo‘lishi kerak edi, tillar to‘g‘risidamas. Nega? Negaki, Sovet Ittifoqida har bir tilning o‘z qonuniy egasi bor. Rus tilining qonuniy egasi RSFSR, ukrain tilining rasmiy egasi — Ukraina SSR, tojik tilining egasi — Tojikiston SSR… Biz o‘z tilimiz haqida qonun chiqara olamiz, boshqa tillar haqida qonun chiqarish kafolati bizga berilmagan. To‘g‘ri, «O‘zbek tili to‘g‘risidagi qonun»da boshqa tillarni ham muhofaza etish, asrab avaylash haqida gapirish lozim. Ammo bu ularga qonuniy maqom berish, degan gap emas. Qonuniy maqomni ularga o‘z qonuniy davlatlari — respublikalari beradi.

Til komissiyasi tayyorlagan va Sarvar Azimov taqdim etgan («Pravda Vostoka», 22 iyul) loyihalarda o‘zbek tili — O‘zbekiston SSRning davlat tili, rus tili — millatlararo muomala tili, deb ko‘rsatilibdi. O‘qib, ajablanasan kishi. Bu yerda birinchi gap ikkinchini, ikkinchi gap birinchini rad etishi nahot mualliflarga ayon bo‘lmasa? O‘zingiz o‘ylab qarang: o‘zbek tiliga davlat tili huquqi berildi, deylik. Demak, davlat idoralari tili — o‘zbek tili. Lekin o‘sha davlat idoralarida turli millat vakillari ishlaydi. Ularning o‘zaro muomala tili — rus tili… Xo‘sh, bundan ortiq mantiqsizlik bo‘ladimi? Respublika davlat tili shu respublika miqyosida millatlararo muomala tili bo‘lmas ekan, uning davlat tili ekanligi — yolg‘on. Va aksincha: Respublikada millatlararo muomala tili — davlat tili emas ekan, bu ham — kulguli bir gap… O‘zbekistonda davlat tili ham, millatlararo muomala tili ham — o‘zbek tili. To‘g‘ri, kezi kelganda rus tili va boshqa tillardan ham foydalanish kerak. Lekin bu o‘zbek tilining davlat maqomiga daxl etmasligi, unga soya solmasligi shart. Rus tilining o‘z qonuniy o‘rni bor. U — Rossiya tili, umumittifoq minbarlari tili, xalqaro munosabatlar tili. Shuning o‘zi kifoya emasmi?

O‘zbekiston aholisining 72,5 foizini o‘zbeklar tashkil etadi. Respublikada yashovchi qozoqlar, qirg‘izlar, tojiklar, turkmanlar, qoraqalpoqlar, turklar, ozarbayjonlar, tatarlar, boshqirdlar, chuvashlar, qumiqlar, uyg‘urlar, qrim-tatarlarni qo‘shib hisoblaganda o‘zbek tilini biluvchilar soni 90 foizdan oshadi. Shuning uchun o‘zbek tili O‘zbekistonda millatlararo muomala tili ekanligini ham ko‘rsatmaydimi? Aslidaku «Millatlararo muomala tili» degan moddaning sira hojati yo‘q. Bu — to‘qib chiqarilgan gap. Dunyodagi biror konstitutsiyada uchramaydi. Hattoki davlat tili to‘g‘risida bundan o‘n yillar oldin qonun qabul qilgan Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, konstitutsiyalarida ham bu haqda bir nima deyilmagan… Odamlar o‘zaro qaysi tilda gapirishadi, qaysi tilda muomala qilishadi, bu ularning inon-ixtiyoridagi narsa. Buni qonunga solish, qonunlashtirib qo‘yish — bachkanalik, byurokratizm va hattoki insonlarning insoniy haq-huquqlariga daxl etish bilan baravar. Huda-behudaga o‘zbek tili yoniga rus tilini tiqishtira berishga kelsak bu — o‘ziga xos zo‘ravonlik belgisi, monokultura oqibati…

— Tushunmadim…

— Bizning jamiyatimiz — monokultura jamiyati. Biz umr bo‘yi bitta shaxs, bitta dunyoqarash, bitta yo‘l, bitta ekin, bitta tilga sig‘inib yashaymiz. Rus tilini ulug‘lab, uni ko‘klarga ko‘tarib, nimalar deb maqtamadik! Holbuki, mamlakatda ko‘pchilik kishilarning rus tilida gapirishi bu tilning tanho go‘zalligiyu mislsiz ulug‘ligi tufayli emas. Bu — tarixning hukmi, zamonaning zayli. Agar tarix buyursayu zamona zayl etsa, boshqa tillarni qo‘ya turing, o‘sha uzoq shimoldagi chukchalar tili ham shunday qudrat va qamrov kasb etishi hech gapmas. «Ulug‘ xalqlar bo‘lmaydi, ulug‘ shaxslar bo‘ladi» degan edi Karl Marks. Buning boshqa bir ma’nosi: «Ulug‘ tillar bo‘lmaydi, ulug‘ shoir va yozuvchilar bo‘ladi» demakdir. Bir tilda bir kishi gapirsin, boshqa tilda — milliard kishi, lekin ular o‘z yaratuvchisi, tabiat oldida… teppa-teng. Va insonlar uchun birdek aziz va mo‘tabar. Chunki, unisi ham, bunisi ham — inson tili. Aytaylik, bir xil gul yuz gektar maydonda o‘sadi, boshqa gul-kaftdek bir yerda. Lekin bundan ularning mohiyati, qiymati o‘zgarmaydi. Unisi ham, bunisi ham — gul, tabiat farzandi. Bu — oliy haqiqat, ta’bir joiz bo‘lsa, ilohiy adolatdir. Biz ana shu haqiqat va adolatdan ko‘z yumdik.

Boshqa tillarni nari surib, butun mamlakatda rus tili monokulturasini joriy etdik. Endi mana shundan voz kechish qiyin bo‘lyapti, xuddi paxta yakkahokimligidan qutilish og‘ir kechayotgandek…

Rus tili bepoyon Rossiyada daxlsiz, sheriksiz, erkin jaranglaydi. Masalan, Eston xalqi ham bir parcha tuprog‘ida o‘z tilining shunday daxlsiz, sheriksiz, erkin jaranglashini orzu qiladi. Yuragida ezgulik hissi, adolat tuyg‘usi bo‘lgan kishilar buni qo‘llab-quvvatlashlari, bunga faqat xursand bo‘lishlari kerak. O‘zbekiston ham xuddi Rossiya yoki Estoniya kabi — mustamlaka emas, teng huquqli, suveren respublika. O‘zbek xalqining shu yorug‘ dunyodagi yakkayu yagona qonuniy davlati. Boshqa O‘zbekiston yo‘q. Qonuniy yagona davlatimizning qonuniy yagona davlat tili o‘zbek tili bo‘lishi — biz uchun quyoshdek ravshan haqidat,

Loyihalar munosabati bilan ba’zan o‘ylab-o‘ylamay, almoyi-ajmoyi gaplar aytilyapti. Bu borada ayniqsa, «Tashkentskaya pravda» va «Pravda Vostoka» gazetalari «sovrin» olishyapti. Yaqinda «Pravda Vostoka»da g‘alati bir maqola bosildi. Emishki, o‘zbek tili davlat tili bo‘lsa, o‘zbek yigitlari rus tiliga qanday o‘rganadi?.. Bundan ham ortiqroq tuturiqsiz gap bo‘lishi mumkinmi? Ajobo, armanlar, ozarbayjonlar, gruzinlar rus tilini bizdan yomon bilishadimi?. Axir, ular allaqachon o‘z tillarini davlat tili deb e’lon etishgan-ku… .

Adashmasam, «Tashkentskaya pravda» gazetasida bir rus injeneri o‘zbek tilining lug‘at boyligi 60 ming so‘zdan iborat, rus tiliniki — bir necha yuz ming, shunga ko‘ra, o‘zbek tili davlat tili bo‘lolmaydi, deb yozdi. Nadomatlar bo‘lsinkim, xuddi shu gazetada bu chalkash va betayin gapni O‘lmas Umarbekov ham yozdi. Xo‘sh, injener-ku, injener ekan, yozuvchini nima deyish mumkin. Yozuvchi degan bir gapni aytishdan oldin bundoq so‘rab-surishtirmaydimi? Bu yerda «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»ga jamlangan 60 ming so‘z rus tilining jamiyki so‘zlari — bor bisotiga qiyos etilibdi. Bu — adolatdan emas, «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» «Rus tilining izohli lug‘ati»ga qiyoslanmog‘i lozim edi. Muallifi S. I. Ojegov bo‘lgan mazkur lug‘atda bor-yo‘g‘i 57 ming so‘z bor, xolos. O‘zbek tilining bor bisoti baholanadigan bo‘lsa, undagi so‘zlar nufuzi bir necha yuz ming emas, millionga yetadi…

Bolaga ona tili — ona suti kabi hayotbaxsh. Bu ilmiy jihatdan isbot etilgan. Xalqaro ilmiy kuzatishlar, ayniqsa, Skandinaviya mamlakatlari olimlari tadqiqotlarida shu narsa isbot etilganki, bolaning kelajakda yetuk shaxs bo‘lib yetishuvida uning ona tilida gapirishi bag‘oyat muhim. Bola kamida o‘n bir yoshgacha ona tili muhitida shakllanmog‘i darkor. Bu haqda xalqaro tashkilot — YuNESKOning maxsus tavsiyalari bor… Boringki, bu gaplardan madaniyat ministrining xabari bo‘lmasin, ammo u Chingiz Aytmatovning ayni shu mavzudagi chiqishlaridan ham bexabarmikin? Bu deganim — rus tilini o‘rganmaslik kerak, degan gap emas. Rus tilini o‘rganish kerak. Lekin avval asos — ona tili. U — bamisoli suyanch tog‘i. Inson ana shu toqqa tayanib turib, boshqa tog‘larga tirmashadi…

Xulosa shuki, biz rus, ukrain, belorus, arman, ozarbayjon, gruzin va boshqa tillarning o‘z respublikalari chegaralarida, tarixiy territoriyalarida to‘laqonli davlat tili bo‘lishiga tarafdormiz. Mabodo o‘zbeklar Armanistonga borib yashaydigan bo‘lishsa, ular arman tilini o‘rganishlari mutlaqo shart va vojib. Biz o‘zimizga qo‘ygan ana shu talabni boshqalarga ham qo‘yamiz: birodarlar, O‘zbekistonda yashamoqchi ekansiz uning izzatini o‘rniga qo‘yib yashang, tilini o‘rganing, madaniyatini qadrlang, turmush tarziga rioya qiling… Tuprog‘i saxovatli, suvi rohat, havosi yoqimli, noz-ne’matlari shirin bo‘lgan yurtning tili achchiq bo‘lmaydi.

— Jamol aka, endi an’anaviy savol. Hozirgi ijodiy ishlaringiz…

— Ora-sira she’rlar yozib turibman. Umar Xayyom, Abu Ali Ibn Sino, Adib Sobir Termiziy, Shayx Najmiddin Kubro, Mavlono Jaloliddin Rumiy, Mirzo Abdulqodir Bedil, Amir Xusrav Dehlaviy ijodidan saralab tarjima qilib, «280 ruboiy» degan bir kitob tayyorladim. «Masnaviyi ma’naviy» tarjimasi davom etyapti. Ammo ko‘p vaqtim tashkiliy ishlarga ketyapti. Bilasiz, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi huzurida Respublika tarjima markazi ochildi. Xorijiy tillardan tarjima bo‘limi mudirligini menga yuklashdi. Chamalab ko‘rdik: ingliz, frantsuz, nemis, ispan, arab, fors, turk, hind, xitoy, yapon tillaridan bevosita o‘zbek tiliga tarjima qiluvchilar hozir — 200 kishi. Maqsadimiz — ana shu safni kengaytirish, xorijiy tillardan tarjima qilish to‘lqinini respublika madaniy hayotining qudratli bir oqimiga aylantirishdir. Ilk qadam sifatida chet el yozuvchilarining hikoyalaridan iborat «Muhabbat» to‘plamini tayyorlashga kirishdik. Chet tillardan bevosita tarjima qilib bosuvchi «Er yuzi» jurnalini tiklash niyatimiz bor. Xorijiy tillardan tarjima qilish kuchimizga kuch, idrokimizga idrok qo‘shadi va bu alal-oqibatda jahonaro millatlar davrasidagi tenglik va ozodligimizga xizmat qiladi.

Suhbatni Bobur To‘xtaboyev olib bordi.

“Yosh leninchi” gazetasi, 1989 yil 19 avgust