Bir gazetchi kabi bugungi odamlarning kayfiyatlari haqida ko‘p o‘ylayman.
— Hozir kishilarning kayfiyatlarini nima belgilaydi? — deb o‘zimga o‘zim savol beraman. — Bu kayfiyatlarga nimalar ko‘proq ta’sir qiladi? Nimalar ko‘proq boshqaradi?
Bu savollarga o‘zimcha shunday javob topmoqchi bo‘laman:
— Odamlarning kayfiyatlarini haqiqat belgilaydi.
— Odamlarning kayfiyatlariga haqiqat ko‘proq ta’sir qiladi.
— Ular o‘zlarini qora kuch emas, yo‘q, aslo, qora kuch emas, haqiqat boshqarishini istaydilar.
Bir gazetchi kabi men ko‘pdan ko‘p kishilarning gazetalardan najot kutishlari, najot izlashlari, najot istashlariga bot-bot duch kelaman.
Buning o‘z ijtimoiy yozilmagan qonuniyati bor: Odamlar haqqa erishish, haqiqat topish uchun shunday qiladilar.
Bizda haqni himoya qilish, haqiqatga zavol yetkazmaslik, haqiqatni qaror toptirish usul-idoralari shakllanib yetmagan.
Boshqa hech qayda emas, faqat bizda bir haqiqat atrofida mingta «ammo» paydo bo‘ladi. Haqiqat, ijtimoiy, g‘oyatda zarur haqiqat yuzlab «ammo»larga chirmab tashlanadi. Milliy tillar davlat tili, davlatchilikni yuritadigan, usul-idorani boshqaradigan til bo‘lishi kerak deymiz. Lekin darhol «ammo» deymiz… va yuz turli to‘qib chiqarilgan bahonalarni o‘rtaga tashlaymiz, ularni muhokama qilishga berilib ketamiz. Ayon ko‘rinib turgan narsani «ammo»lab, butkul shubhalarga ko‘mib tashlaymiz. Milliy jumhuriyatlarning erki, mustaqilligi haqida so‘zlaymiz, erkin tanlab olish huquqini yoqlab chiqamiz, bular har qalay, Konstitutsiyamizda ro‘yrost qayd etilgan va huquqlarimizning muhim bir hayotiy qonuni kabi belgilab qo‘yilgan. Amalda ish yuritishga kelganda darhol «ammo» deymiz.
— Bu qandoq bo‘ladi?..
Gazetalarimizning manglayiga «haqiqat», «bayroq» degan ulug‘ so‘zlarni chiqardik. Nega shunda uzoq zamonlar haqiqatlar toptalib, million-million nodir odamlar begunoh qurbon bo‘lib ketdilar? Nega «haqiqat» bunga qarshi faryod ko‘tarmadi? Nega adolat ramzi bayroqlar o‘sha nodir qurbonlar yodi uchun biror marta tushirilmadi?
Nega begunoh qurbonlar yodini tiklash shunchalar mushkul kechayapti?
60 yil yangi odamni tarbiyaladik, yangi odam tarix harakatini o‘z qo‘liga, ixtiyoriga oldi deb bong urdik. To‘g‘ri emasmi?
Qani, o‘sha «yangi odam»?
Kim qurbonlikka keltirdi millionlab fikrlovchi, ezgu xayol sovet odamlarini?
Kim yaratdi mash’um shaxsga sig‘inishni!
Kim keyingi chorak asr davomida haqiqatni toptab keldi, hayotni ko‘zbo‘yamachilik bozoriga aylantirdi? Rost so‘zni ta’qib qildi. Rost so‘zdan tondi. Rost so‘zdan dushman kabi hazar qildi! Yana o‘sha «yangi odam» emasmi? Siz bilan biz emasmidik shu, o‘sha, anov «yangi odam»? Partiya nihoyat nega yangi odam, nega butun bir ulug‘ xalq loqayd bo‘lib qolganligining sabablarini ochdi. Lekin hali hamma sabablar to‘la va baralla ochilganicha, aytilganicha yo‘q. Iqtisod, ekologiya, madaniyat, ma’naviyatdagi barcha fojialarimiz zamirida uzoq yillar davomida xalqqa singdirilgan ana shu loqaydlik yotibdi. Bu loqaydlik uncha-muncha, anov-manov loqaydlik emas. Nega deb so‘rang! Bu ongsiz, qora ommaning loqaydligi emas. Agar shunday bo‘lsa, buni yengish, bundan qutulish ehtimol, nisbatan oson kechar edi.
Bu to‘da yoki bir guruh yoki guruhlarning loqaydligi ham emas.
Bu zamonaviy bilim va ixtisoslarga ega, zamonaviy videolarni tomosha qiladigan, zamonaviy kassetalar bilan har tomonlama qurollangan, har kuni zangor oynadan jahonda nima bo‘layotganligini kuzatib o‘tiradigan, yuzlab gazeta-jurnallar, kitoblarni varaqlaydigan, radioda bahslar olib boradigan, hamma narsalarni kompyuterlashga intilayotgan zamonaviy bilimdon odamlarning loqaydligi!
Qanday qilib yengib bo‘larkin bu ma’rifatli loqaydlikni? Axmr, men bugungi ichayotgan suvimiz kechagidan emas, u kechagi toza suvlardan yurakka mador va vujudga muhim moddalarni bermay qo‘ydi, unda nitratlar kun sayin erib, ko‘payib boryapti, desam siz ko‘zingizni pirpiratib turasiz. Buni o‘zim ham bilaman deysiz.
Men bugun hammayog‘imizni axlat bosdi. Uydan ko‘chaga chiqqan zahoti ko‘zimiz axlat, temir, qog‘oz va boshqa ne balo uyumlariga tushadi desam siz ko‘zingizni pirpiratib turasiz. Buni o‘zim ham bilaman deysiz.
Men bolalar o‘qishga, bilimdon bo‘lishga qiziqmay qo‘yyapti. Sang‘ish, laqillash, tor ixtisosni egallab, shu bilan o‘z-o‘zini aldash tobora kuchayib boryapti, desam siz ko‘zingizni pirpiratasiz. Buni o‘zim ham bilaman, deysiz.
Xo‘sh, men aytishim mumkin bo‘lgan va siz o‘zingiz biladigan bunday hodisalar ozmi? Ularni quruq sanab chiqishning o‘ziga qancha vaqt ketadi?
Xo‘sh, mana shu ko‘p bilimdon loqaydlikni birgalashib qanday yengsak bo‘ladi?
Sizda buning dori-darmonlari bormi?
Bor dori-darmonlar!
Kuni kecha aprel Plenumi bo‘lib o‘tdi. Ko‘p zarur fikrlar aytildi. Gorbachev jamiyatda barcha qatlamlar, barcha kuchlar uyg‘un harakat qilaylik deb aytdi. Loaqal shu fikrga amal qilsak, ne-ne natijalarga erishmas edik! Ayrim xodimlar shunday yig‘inlarda matbuotdan nolish, matbuotga hujum qilishni odatga aylantirib oldilar. Ularga gazetalarning jonkuyarligi va nihoyat, haqiqat uchun astoydil kurasha boshlaganligi aslo yoqmayapti. Ular hatto o‘zlarining saylanmay qolganliklarini ham matbuot va uning o‘tkir chiqishlaridan ko‘rmoqdalar. Kecha qanday rohat qilib yashagan edi, rohat qilib juda osondan-oson saylangan edi ushbu xodimlar!
Ha, gazeta chin kuchga, Lenin orzu qilgan kuchga aylanyapti. Odamlarning gazetalardan najot kutayotgani aslo bejiz emas. U endi-endigina haqiqatni ayta boshladi. U endi-endigina qo‘rquvni yenga boshladi. U endi-endigina mustaqil yo‘lga chiqa boshladi. U endi-endigina xalq ovoziga aylana boshladi.
To‘g‘ri. Uning kamchiliklari ham bor. U ba’zan haqiqatni barqaror qilishi yo‘lida shoshma-shosharlik qiladi. Ba’zan yetarli faktlar bilan muhokama yuritmaydi. Ba’zan uni chalg‘itadilar. Ba’zan esa eski o‘lchovlardan qutulishda qiynaladi. Lekin bugungi jo‘shqin, ishonchli, jonboz matbuot qayta qurish farzandi. U qayta qurishni birinchilar qatori o‘z jon ishi deb qabul qildi. Qayta qurishning jangovar aqlli kurashchisiga, iitellektual kuchiga aylandi.
Oshkoralik va demokratiya juda oqil, keng va mustahkam haq-huquqlar bilan tirik. Ularni bir-biridan hech vaqt ajratib bo‘lmaydi. Oradan biri tushib qolsa yoki lat yesa, yoki falajlansa, qolgan ikkisi ham lat yeydi, falajlanadi. Boshqa bir hol: bir chimdim oshkoralik, bir chimdim demokratiya, bir chimdim haq-huquq bilan ham kun ko‘rishga odatlanish mumkin. Uzoq zamon ijtimoiy, ma’naviy-madaniy hayotda shunday tarzda har narsadan bir shingil-bir shingil qilib kun kechirish tajribalari mavjud. Lekin bunday xasislik bilan o‘lchab berilgan demokratiya, oshkoralik va insoniy haq-huquqlar har qanday kutilmagan tasodiflarga tez qurbon bo‘ladi. Ulug‘ mamlakatning minglab erk istagan kishilari necha yillab orzu qilib yaratgan va tarix sahnasiga chiqqan Ta’sis majlisi bir yil ham umr ko‘rmay, matros Jeleznyakovning: «Qorovullar charchadi, zalni bo‘shatinglar!» — degan amri bilan tarqalgan ekan. Shunday kalondimog‘lik bilan oshkoralik va demokratiya, inson haq-huquqlari kurtaklarini yulib tashlash, toptash, payhon qilishni istovchilar hozir yo‘q deysizmi? Matbuotga bo‘layotgan to‘xtovsiz hujumlarda jeleznyakovchilik kayfiyatlari yo‘q deysizmi? Hatto juda aqlli odamlar ham, demokratiya yaxshi, oshkoralik yaxshi, haq-huquqlar yaxshi, ammo buni endi hamma narsa qilish mumkin ekan deb, tushunmaslik kerak. Hozir ayrim matbuot sahifalarida shunday hamma narsa mumkin deb tushunishmoqda va tushuntirishmoqda, buning oqibati og‘ir bo‘ladi, deb demokratiyaning ustiga suv sepishga, uning cho‘g‘ini, piligini pasaytirishga urinishmoqda. Bu ko‘pgina chiqishlarda ko‘p bora aytilmoqda.
Lekin, keling, bir chamalab ko‘raylik, qani o‘sha «hamma narsa mumkin» deyotgan gazeta-jurnallar? Qani o‘sha «hamma narsani qilaveraylik» deb chiqayotgan maqolalar, jurnalistlar? Hali biz «hamma narsa» nima ekanligini hatto tasavvur ham qilolmaymiz. Hali biz «hamma narsa»ning hatto eshigini ham ochganimiz yo‘q. «Ogonyok» aytyaptimi hamma narsani? «Moskovskiye novosti» aytyaptimi, «Noviy mir», «Znamya», «Izvestiya» aytyaptimi «hamma narsa»larni? O‘z vaqtida hammadan oldin to‘liq, xolis va xalqni qanoatlantiradigan axborot hamda xabarlar beryaptilarmi? Chernobildan, Tbilisidan, Olmaotadan o‘z vaqtida to‘g‘ri, halol, «hamma narsa»ni ochiq-oshkora aytgan xabar o‘qidikmi? Nega unda hali hech narsa qilmay turib, aqlimiz «hamma narsani qilish mumkin»ligi ehtimolidan ogohlantirmoqda, orqaga qayirmoqda, qayta qurish shahdini, azmini yana loqaydlik bilan almashtirishga urinmoqda.
Mening chuqur ishonishimcha, bular bari odamlarning aqliga, imoniga, ixtiyoriga ishonmaslik natijasi. Hozirgi zamonning eng mudhish aqllilik balosi». Ha, agar odamlarning aqliga, ixtiyori, yurak intilishlariga ishonsak, unda hamma narsa mumkin. Agar odamlarga ularning aql-irodalariga ishonmasak, unda «hamma narsa mumkin emas». Gap shu haqda boryapti.
Barcha huquqlari yetarli va mukammal ta’minlangan hamda muhofaza qilingan, hayoti, erki, vmjdoni but odamlar erkinlik nimaligini juda yaxshi biladilar, erkinlik tub mohiyati bilan yaxshilik, ezgulik, insonparvarlikka xizmat qilishini chuqur anglaydilar. Biz butun kuch-qudratimizni erkinlikni yaxshi tushunadigan, erkinlikni qadrlaydigan va to‘la erkinlik ichida o‘z insoniyligini har tomonlama namoyon qila biladigan odamlarni tarbiyalashga qaratishimiz kerak. Intellektual kuchlarimiz, matbuotnmiz qudrati shunday tarbiyaga qaratilmas ekan, ogohlantirishlar, hadiksirashlar, orqaga qaytarishga urinishlar, ulug‘ bir xalqning boshini gangitish, chalg‘itish xatti-harakatlari avjlanaveradi. Leknn bunday «jilovbardorlik» harakati o‘tgan o‘n yilliklarda o‘z maqsadlariga to‘la erishgan edi. Endilikda zamon o‘zgardi. Qayta qurish bizgagina emas, butun dunyo xalqlariga yangi kayfiyat bag‘ishladi. Xalqlar, mamlakatlar oldida yangi yo‘llar ochila boshladi. Bunda matbuotning, jonkuyar, halol, fidokor jurnalistlarning hissalari katta. Bunda matbuot oldingi safda boradi. U ezgulik uchun kurashadi. Shu bois uning piligini pasaytirish emas, piligini ko‘tarish kerak. Hozirgi zamon jarayonlarida uning roli, ta’siri beqiyos ortib boraveradi.
Mamlakatimiz kelajagi bor yo‘lga qadam qo‘ydi. Taraqqiyot yo‘li esa xuddi aqlning yo‘liday cheksiz. U xoh tirik, xoh o‘lik g‘ovlar ustidan o‘tib boraveradi. Hayot to‘xtovsiz qaynagay!
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 5 may