Hamid G‘ulom. Hammasi o‘zimizga bog‘liq (1989)

1. Sizningcha sotsial-siyosiy islohotlar sharoitida milliy munosabatlarni rivojlantirishning istiqbollari qanday?

2. Ko‘pmillatli davlatimizda milliy tillarning o‘rni va ahamiyati sizningcha qanday bo‘lishi kerak?

3. Milliy madaniyatlarning boyish yo‘llari haqida sizning tasavvuringiz?

Gazetaning 10-sonida Oydin Hojiyeva millatlararo munosabatlarning, tillar rivojining muhim muammolariga bag‘ishlangan «Ruhimizga yong‘in tushmasin» sarlavhali maqolasida bir qancha yozuvchilarni bahsga da’vat etgan.

«Qolaversa, — deb yozadi shoira, — xalqning yaxshi-yomon kunlarida birga bo‘lgan, elu yurtini o‘z og‘ziga qaratgan qahramonlarimiz Komil Yashin, Uyg‘un, Zulfiyaga jamoatchilik umid ko‘zini tikmoqda.

Shoiraning bu so‘zlarida haqli talab bilan bir qatorda ozgina gina-kudurat ham yo‘q emas. Darhaqiqat, mamlakatimiz, jamiyatimiz kutayotgan muhim anjuman — KPSS MKning milliy munosabatlarni takomillashtirishga bag‘ishlanadigan Plenumi oldidan madaniyat arboblari, olimlar, yozuvchilar, pedagoglar va ziyolilar o‘z fikr-mulohazalarini xoh matbuotda, xoh yig‘ilishlarda ro‘y-rost aytib, davrimiz o‘rtaga qo‘ygan milliy masalani to‘g‘ri hal etishga hissa qo‘shishlari ham farz, ham qarzdir.

Oydin Hojiyevaning da’vatini o‘zimga ham, kasbdosh do‘stlarimga ham to‘la taalluqli, deb bilaman. Umuman, gazeta anketasiga javoban yozilgan barcha maqolalarni o‘qib, juda xursand bo‘ldim. Bularda fikrlar turlicha bo‘lishidan qat’i nazar, mualliflar yagona fikrni — millatlar orasidagi munosabatlar adolatli bo‘lishi zarurligini, milliy tillarning o‘z ona zaminida har taraflama erkin ravnaq topishi xalqlarning ma’naviy kamoliga, madaniyatlarning gullab-yashnashiga xizmat qilishini haqli ravishda takrorlaydilar.

«O‘zAS» anketasiga o‘xshash anketalar boshqa gazetalarda ham, chunonchi «Sovet O‘zbekistoni» gazetasida ham e’lon qilindi. Bu gazetamiz anketasiga berilgan javoblar ichida akademik Erkin Yusupovning batafsil maqolasi ancha diqqatga sazovor.

Bu maqolani shoiraning chaqirig‘iga javoban yozar ekanman, ayni vaqtda, shu kunlarda menga tez-tez murojaat qilib turgan kitobxonlarning tashvishlanib berayotgan savollariga javobimni ham aytmoqchiman.

Bu tashvishlarga sabab shu bo‘ldiki, yaqinda televideniye tashkil qilgan davra suhbatda Temur Po‘latov, akademik Ahmadali Asqarov bilan men bizning davrimizda yuksak madaniyatli, bilimdon kishi bo‘lish uchun ikki tilni — o‘z ona tilini va rus tilini mukammal egallash zarurligini aytdik. O‘sha suhbatda Chingiz Aytmatovning «Qirg‘iz tili — ona tilim, u mening vujudimga ona suti bilan singigan, rus tili esa, muallimim, ustozim», degan so‘zlarini misolga keltirdim. Temur Po‘latov esa bizning mamlakatimizda xalqlar, millatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda rus tilining bebaho ahamiyati haqida so‘zladi. Davra suhbatiga qatnashgan boshqa o‘rtoqlar ham fikrimizni quvvatladilar.

Afsuski, ba’zi ziyolilar, ayniqsa yoshlar bizning fikrimizni noto‘g‘ri tushunib, «O‘zbek tili davlat tili bo‘lmas ekan-da», deb tashvishga tushib qolibdilar.

O‘sha teleko‘rsatuvdan keyin bir necha kun davomida uy telefonim tinimsiz jiringlab turdi, anchagina maktublar oldim, juda ko‘p odamlar bilan suhbatlashdim. Yaqinda shulardan biri bilan uchrashdim.

Respublika Kasaba soyuzlari Markaziy Komitetining majlislar zalida o‘tkazilgan «Mehr-shafqat va salomatlik fondiyaning ta’sis konferentsiyasidan chiqib, Navoiy teatri oldidagi maydonga o‘tgan edim, bir yigit salom berdi.

— Kechirasiz, sizga bitta savolim bor edi… — U o‘zini tanishtirdi. Farg‘onadan Toshkentga ish bilan kelgan muallim ekan. — Anovi kun televizorda ko‘rdik. Ikki tillilik haqidagi fikrlaringizni eshitdik. Nihoyatda taajublandik… Nahotki, o‘zbek tili davlat tili bo‘lmasa?..

— Kim sizga o‘zbek tili davlat tili bo‘lmaydi, deb aytdi? — so‘radim undan.

— Bunday fikr ochiq aytilmagan bo‘lsa ham, biz shunday tushundik…

— «Biz» deganingiz kimlar?

— Suhbatingizni eshitganlar…

— Ha, shunday deng, — dedim mehmonga. — Sizlar fikrimni yaxshi ilg‘amabsizlar. Fikrimni bilmoqchi bo‘lsangiz, eshiting va do‘stlaringizga ham aniq qilib yetkazing: O‘zbekiston SSRda o‘zbek tili davlat tili bo‘lishi kerak, rus tili esa xalqlar, millatlararo munosabatlar tili bo‘lib qoladi, ayni vaqtda respublikamizda yashab turgan boshqa xalqlarning tillari teng huquqli tillar sifatida amalda bo‘lib, rivojlanaveradi, — dedim.

Unga bu juda muhim, juda murakkab, ayni vaqtda nihoyatda dolzarb masalani ishlab chiqish, hal qilish va qonun sifatida shakllantirish uchun xalq, jamoatchilik ko‘magida juda ko‘p ishlar qilinishi zarurligini aytdim.

To‘g‘ri, farg‘onalik yosh muallim bilan suhbat, kichkinagina bahs — shu kecha-kunduzlarda butun el-yurtda qizib ketgan muhokamalar, munozaralardan bir shingil, xolos. Qayta qurish davrida oshkoralik, demokratiya yaratib bergan imkoniyatlar moddiy va ma’naviy hayotimizda to‘planib qolgan muammolarni o‘rtaga tashlashga, behisob murakkab masalalarning yechimini keng jamoatchilik ishtirokida izlashga, topishga yo‘l ochdi.

Ayiiqsa, SSSR xalq deputatligiga nomzodlar bilan har kuni bo‘lib turgan uchrashuvlar o‘z-o‘zidan katta bahslar, munozaralar minbariga aylanib ketmoqdaki, bunday holni katta-kichik hamma tabiiy bir hol deb tushunmoqda. Paxta monokulturasi, ekologiya masalalari, xalqning salomatligi, onalar va bolalar ahvoli, bolalar mehnati, o‘tmish madaniy merosga munosabati kabi ulkan muammolar qatorida millatlararo munosabatlar, tillar mustaqilligi va raanaqi masalalari ham o‘rtaga qo‘yilmoqda.

Shunday uchrashuvlarning birini misolga keltiraman. 115-nchi Toshkent — Hamza milliy territorial saylov okrugida deputatlikka nomzod Abdulla Oripov bilan uchrashuv bo‘ldi. Abdullajonning iltimosi bilan nomzodning ishonchli vakili sifatida O‘zFAning Ximiya instituti majlislar zalida o‘tkazilgan uchrashuvga qatnashdim. Unda xalqni qiziqtirayotgan, qizg‘in bahslarga sabab bo‘layotgan, vaqtli matbuotda aytilayotgan dolzarb masalalar tilga olindi.

Albatta, millatlararo munosabatlar, davlat tili, turli fanlarni va birinchi navbatda, adabiyotni o‘zbek tilida o‘qitish masalalari saylovchilarni nihoyatda qiziqtirdi.

Abdulla Oripov bu uchrashuvda odillik va ziyraklik bilan saylovchilarning hamma savollariga mukammal javob qaytarishga, bahsdoshlarini mamnun etishga ulgurdi.

O‘sha yig‘ilishda O‘zFAning Botanika institutidan akademik Jo‘ra Kamolovich Saidov so‘zladi.

Sakson yoshga kirgan muhtaram olim Jo‘ra aka Qori Niyoziy, Habib Abdullayev, Obid Sodiqov bilan birga ishlashgan, hozir ham ilmiy ijodini davom ettirayotgan alloma.

Muhtaram botanik olim so‘z oldiyu men, qalami ancha qayralgan adib uning tashbehlarga boy, go‘zal nutqini maroqlanib tingladim, go‘yo u o‘zi parvarish qilgan nabotot chamanidagi rang-barang gullar jilosini ko‘rsatayotganday edi…

Olimning nutqi g‘oyat ravon, so‘zlar nafis jaranglar, tinglovchini beixtiyor o‘ziga mahliyo qilib olardi.

Yig‘ilishda Jo‘ra Kamolovichning nutqiga tamomila ters, chin ma’noda to‘mtoq, jumlalari telba-teskari tuzilgan, o‘zbek va rus so‘zlari kerak-nokerak aralashtirib yuborilgan, eshitgan odamni beixtiyor ranjitadigan boshqa bir nutqni ham tingladik. Mazkur nutqni so‘zlagan kishi ham olim — kimyogar va ayni vaqtda kasaba soyuz arboblaridan biri. Bu kishining ism-shariflarini aytib o‘tirmayman, o‘zlari ham, yig‘ilishda qatnashgan kishilar ham yaxshi biladilar. Binobarin, bunday «notiq»lar oz emas. Bundaylarni uzoq va chekka joylardan qidirib yurishga hojat yo‘q. Televideniyeda har kun, kunora bo‘lib turgan davra suhbatlarning anchagina ishtirokchilari, ayniqsa rahbarlik lavozimidagi bir qancha yurtdoshlarimiz «tilga e’tibor — elga e’tibor» degan hikmatdan mutlaqo bexabar ekanliklarini namoyish qilmoqdalar.

Notiqlik ham o‘ziga xos iste’dod hisoblanadi. Biz xo‘jalik rahbarlari, turli lavozimdagi yurtdoshlarimizdan qayta qurish vazifalari haqida otashin nutqlar so‘zlashlarini talab qilayotganimiz yo‘q. Binobarin, turg‘unlik davri anchagina vazifadorlarning tillarini bog‘lab qo‘yganki, ular yordamchilar, kotiblar, maslahatchilar yozib bergan ma’ruzalarni bazo‘r hijjalab o‘qiganlar.

Endi boshqa davr, boshqa zamonlar keldi. Dillarning qulfi ochildi, tillarning tuguni yozildi. Endilikda yurakda yetilgan fikrlarni bemalol, erkin ifodalash uchun imkoniyat tug‘ildi.

Buning uchun, avvalo, til bilish kerak. Mayli, o‘zbek tili, mayli, rus tili, mayli boshqa bir istagan tilingizda yozing, so‘zlang, so‘zlashing. Til madaniyati — umuminsoniy madaniyatning eng oliy ifodasidir.

Men o‘zbek tili respublikamning davlat tili sifatida qonunlashtirilishini o‘ylaganimda, avvalo, xalqimning, birinchi navbatda, uning ziyolilarining o‘z ona tillarini mukammal bilishlarini, bul noyob ma’naviy xazinadan mohirona va samarali foydalanishlarini, o‘tmish merosdan, hozirgi taraqqiyot imkoniyatlaridan to‘la foydalangan holda, uning millatlararo obro‘-e’tiborini yuksaltirishlarini nazarda tutaman.

Tilni bilish kerak. Bilish uchun esa, uni sevish kerak. O‘z tilini bilibgina qolmay, uni seaib ardoqlagan, boyitgan, sayqal berib rivojlantirgan ustozlar bilan hamsuhbat, hamkor, to‘g‘rirog‘i, ularga dastyor bo‘lganimdan faxrlanaman. Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, G‘afur G‘ulom, Oybek, A. Qahhor kabi allomalarning bir so‘z yoki bitta hikmat tarixi ustida bahslashganliklariga guvoh bo‘lganman. Usmon Nosir «Demon»ni tarjima qilayotganida «chodra»ga «Xadra»ni qofiya qilmoqchi bo‘lib, meni Xadraga boshlab kelgan va shu so‘zning ma’nosini keksalardan so‘rab «had roh» ya’ni «yo‘lning chekkasi…» ekanligini bilgan.

Maqsud Shayxzoda doim tilga oid yon daftarini olib yurgan.

Mirtemir oltmish yoshga to‘lganida yubiley komissiyasining raisi bo‘lib qoldim. Kitobxonlar bilan uchrashish uchun avval Andijonga, keyin O‘shga bordik. Ayniqsa, qirg‘izlar «Manas»ni o‘zbek tiliga ag‘dargan alloma shoirni samimiy hurmat va muhabbat ila siyladilar. Chunonchi, Novqat rayonida tog‘ etagidagi bir qishloqqa bordik. Bizga rayon partiya komitetining sekretari Suyunbeka ismli bir suluv juvon hamrohlik qildi.

Tog‘ tagida shishaday tiniq, zilol bir ko‘l bor ekan. Quyosh charaqlab turgan payt. Ko‘l loladay tovlanadi. Undan oqib chiqayotgan ko‘m-ko‘k ariq esa lolaning ko‘k bandini eslatadi.

— Ko‘limizga nom qo‘yib bering, Mirtemir og‘a! — deb iltimos qildi Suyunbeka.

— Suyunko‘l bo‘lsin! — dedi shoir.

Mirtemir endi yo‘q, ammo Suyunko‘l qirg‘iz diyorida hamon quyosh shu’lasida mavjlanib, yashnab turibdi…

Til — tinimsiz jonli ijod.

Lekin bu ijodiy jarayon haqida, tilimizni boyitgan ijodkorlar haqida, ularning asarlarining tili haqida yetarlicha fikrimizni ayta oldikmi? Afsuski, yo‘q. Adabiy asarlar tili haqidagi tadqiqotlarimiz deyarli yo‘q hisobida, borlari ham g‘oyat nochor. Demak, hali oldinda qilinadigan ishlar ko‘p. Badiiy asarlar tili chuqur o‘rganilishi kerak.

Xo‘sh, tarjimalarimiz tili tahlil qilindimi? O‘tgan yetmish yil davomida qilgan tarjimalarimiz ozmunchami? Homer, Dante, Rustaveli, Firdavsiy, Shekspir, Sa’diy, Hofiz, Bayron, Pushkin, Tolstoy, Dostoyevskiy, Gorkiy, Shevchenko, Sholoxov, Chingiz Aytmatov… Jahon adabiyotining o‘nlab, yuzlab zabardast allomalari turli tillardan mohirona tarjima qilinib, nashr etildi-yu, biroq ularning til borasidagi mahorati batafsil tahlil etilmadi. Axir original ijod bilan bir qatorda tarjima ham avvalo, badiiy tilni tadqiq etish, takomillashtirish, xalq tilini boyitish sohasida kashfiyotlar yaratish emasmi?

O‘zbek xalqining, o‘zbek adabiyotining do‘stlari avvalo, o‘zbek tiliga muhabbatlarini amalda isbot etib kelganlar. Ikkitagina misol keltiraman: leningradlik olim va shoir, turkiy tillar bilimdoni Sergey Ivanovning xalqimizga, madaniyatimizga qilayotgan xizmatini kim bilmaydi, deysiz. Yoki mashhur yozuvchi Konstantin Simonovning o‘z asarlarida, tarjimalarida o‘zbek tiliga va uning ifodalariga g‘oyat nozikta’blik bilan yondashganligi-chi?

Esimda, K. Simonov «Soldat bo‘lib tug‘ilmaydilar» romanida shahrimizda sodir bo‘ladigan voqealar tasvirini yozib tugatgach, qo‘lyozmani o‘zbek do‘stlarining nazaridan o‘tkazish uchun Toshkentga kelgandi. U bizdan: «O‘zbek so‘zlarini to‘g‘ri ishlatibmanmi? Milliy urf-odatlaringieni to‘g‘ri tasvirlay bilibmanmi? Nomlar to‘g‘ri yozilganmi?», deb so‘ragandi, maslahatlar olgandi.

Xo‘sh, endilikda-chi? Nega bugungi kunda bunday muloqotlar yo‘q. Tilimizga e’tibor sezilmaydi. Tarjimonlarimiz tilimizni yaxshi bilishmaydi. Chunki rag‘bat yo‘q. Bu rag‘batni o‘zimiz so‘ndirganmiz. Tilimizga e’tiborsizlik o‘zimizdan boshlangan. Endi uni boshqalardan talab qilib olarmidik?

Qayta qurish, oshkoralik va demokratiya davrining sharofatli ishlaridan biri — xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar o‘rnatilib, amaliy muloqotning tobora kengayib borayotganidirki, bunday imkoniyatlar millatlarning adabiy tilini yaxlit bir jarayonda rivojlantirishga ham yo‘l ochadi.

Afg‘oniston, Turkiya, Saudiya Arabistoni, AQSh, GFR va boshqa bir qancha mamlakatlarda o‘zbeklar yashaydilar. Ularning keksa avlodlari turli davrlarda turli sabablar bilan yurtlarini tark etganlar, yosh avlodlari esa xorijda tug‘ilganlar. Demak, ular tillarida ham ma’lum o‘zgarishlar yuzaga kelgan. Lekin «Vatan» jamiyati va boshqa jamoat tashkilotlari vositachiligida xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar tobora kengroq ko‘lamda o‘rnatilyapti, bordi-keldi, muloqotlar yo‘lga qo‘yilyapti. O‘zbek yozuvchilarining bu sohadagi sa’y-harakatlari tahsinga sazovor.

Modomiki, yer kurrasi bo‘ylab sochilib ketgan o‘zbeklar endilikda yangi davr, yangi sharoitlarda uchrashib, ko‘rishib, suhbatlashib, yaqinlashib borayotgan ekanlar, bu tahsinga saeovor jarayonning milliy til rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasizdir.

Gazeta anketasida sotsial-siyosiy islohotlar sharoitida milliy munosabatlarni rivojlantirishning istiqbollari qanday bo‘lishi haqida savol berilibdi.

Men qayta qurish milliy munosabatlarning barq urib ravnaq topishiga barakali ta’sir ko‘rsatadi, deb qattiq ishonaman.

SSSRdagi teng huquqli birodar xalqlarning qardoshlik oilasi tobora mustahkamlanib boraveradi. Har bir millat va xalq ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan tobora rivojlanib, kamol topib borgani sari, ularning fani, madaniyati, adabiyoti, tili erkin taraqqiy etadi va shu tariqa umummamlakat, umumjamiyat iqtisodiy qudrati mustahkamlanib, barq urib ravnaq topaveradi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 17 mart