Dilmurod Saidov. Moziy haqiqati (1990)

Xalqimizning ma’naviyati tarixiga xolisanillo nazar tashlasak, bu yurt ne-ne fozillaru shoirlar, oqinlaru sohibqironlarning yurti bo‘lganligiga guvoh bo‘lamiz. O‘z boshidan achchiq sitamlarni kechirgan, ammo falakning yozmishi ekan, deb bo‘yin egishni o‘ziga or bilgan ajdodlarimiz jasoratidan haqli suratda faxrlansak arziydi. Afsuski yillar, asrlar davomida bu yurt osmonida paydo bo‘lib turgan qora bulutlar quyuqlashsa quyuqlashdiki, ammo tarqalmadi. Zulmning zo‘rligidan urf-odatlar, an’analar barham topdi, sharqona mehr-oqibatga putur yetdi. Uzoqqa bormaylik, yaqin o‘ttizinchi yillardagi ommaviy qirg‘inning o‘zi xalqlarni «o‘tir», desa o‘tqazib, «tur» desa turadigan qilib qo‘ydi. Odamlar mute turmush kechirishga mahkum etildilar.

Mana shunday hukmron siyosat bizlarni ham ajdodlar xotiridan ajratdi. Tilimizni, dilimizni, shuurimizni o‘z izmiga solib qo‘ydi. Baynalmilalchilik degan soxta niqob bilan ko‘zimiz to‘sildi. Ming-ming yillik tariximizdan yuz o‘girdik. Uzoq vaqt sukut saqladik. Qadriyatlarimiz toptaldi. Ko‘rib turib ko‘rmaslikka oldik. Ba’zan sezgir, to‘g‘ri so‘z, halol, pokiza, bo‘lar so‘zni aytgan ijodkorlarni, xalqparvar kishilarni quvg‘in qilishdi, ta’qib ostiga olishdi. Imlomiz bir emas ikki marotaba yangilandi. Go‘yo biz bir daraxt bo‘lsak ko‘kka bo‘y cho‘zmadik, yerga qarab o‘sdik. Boshqacharoq qilib aytganda, tomirimiz yer yuzida qolib tanamiz yer ostiga ko‘mildi. Jilovbardorlarimiz bizni ana shunday ustalik bilan teskari o‘stirib bor ovoz bilan qoloq, savodsiz ommani madaniyatli qilib tarbiyalayapmiz, deb olamga jar soldilar. Bora-bora o‘zimizni madaniyatli bo‘lib borayotganday his eta boshladik go‘yo.

Aslida-chi, o‘z tariximiz, o‘zligimiz, odamiyligimiz, madaniyatimiz, yerimiz, suvimizdan tondik. Hatto ota-onamizni tan olmaydigan to‘tiqushlarga aylana boshladik. Ichdan buzildik. O‘z ota tuprog‘ida yashab, ona tilini unutganlar ko‘paygandan-ko‘paydi. Go‘yo ota-bobolari tilida gaplashsa madaniyatsiz bo‘lib qolarmish! Ziyolilar oilasida o‘zbek tilida gaplashishga or qiladiganlar hatto tilimizga Davlat maqomi berilganidan keyin ham subutsiz, oriyatsiz bunday kimsalar o‘z Ona tili bilan faxrlanish o‘rniga uni tan olmasdan, oyoq tirab turishibdi. Shuning oqibatida ommaviy harakat — davlat tili haqidagi qonunni amalga oshirish yo‘lidagi urinishlar ba’zan to‘siqlarga uchramoqda. Shunga qaramay ko‘pchilik bir yoqadan bosh chiqarib yakdil harakat qilmoqda. Xatolar tuzatilmoqda. Bunday urinishlarimiz esa besamara bo‘lib qolmayotir. Mana, birgina Toshkentdek shahri azim ko‘chalari, mavzelari nomlanishiga e’tibor qiling-a. Shahrimizdagi 486 ta ko‘cha, mavze, joy nomlari Gorkiy, Shevchenko, Ivanov, Petrov kabi qardosh xalqlar nomoyandalari ismi bilan yuritilib, 257 ta ko‘cha, joy nomlari o‘rta osiyolik allomalar nomida ekan.

Buni qarang, bizning naqadar qardoshlikka sadoqatimiz baland! Hatto ko‘chalarga nom berishda ham o‘z ulushimizni do‘stlarimizga in’om etib yuboramiz. Hatto «Figurnaya», «Otkritiy» kabi hech bir ma’nosiz so‘zlardan tashkil topgan joy nomlari soni 300 dan ortib ketgandi. Bu yerda izohga hojat bo‘lmasa kerak.

Yuqorida qayd etilgan nomutanosiblikni bartaraf etish, xalqimizning munosib farzandlari xotiralarini abadiylashtirish maqsadida Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi Ijroiya qo‘mitasi 1988 yil dekabrida joy nomlarini belgilovchi Atamalar jamoasini tuzdi. Mazkur jamoa tarkibiga xalqimiz, yurtimiz tarixini yaxshi bilgan, shaharning kundalik hayoti bilan bog‘liq sohalarda ishlovchi nufuzli kishilar jalb etildi.

Adabiyotshunos olimlardan Iristoy Qo‘chqortoyev, Muhsin Zokirov, tarixchilardan professorlar Qodirxo‘ja Fozilxo‘jayev, G‘ulomqodir Rashidov, shahar Bosh rassomi R. Yusupov, yozuvchi Mirmuhsin, Dadaxon Nuriy, mehnatda o‘rnak ko‘rsatgan shahar oqsoqollar Kengashi raisining o‘rinbosari T. S. Sodiqov shular jumlasidandir.

Atamalar jamoasi qisqa vaqt ichida 260 ta ko‘cha, mavze, maktab, mahalla, korxona, tashkilotlar nomini o‘zgartirdi, ayrim nomsizlariga nom berdi.

Shu jumladan 12 ta tarixiy joy atamasi va 49 ta tarixiy shaxslar nomlari tiklandi.

«Visokovoltniy» mavzei o‘zining tarixiy «Yalang‘och» dahasi nomi bilan atala boshlandi. «Moskva» mehmonxonasiga joylashgan o‘rniga ko‘ra «Chorsu» tarixiy nomi berildi.

Toshkent viloyati Kalinin nohiyasi hududidan Toshkent shahriga o‘tgan yerlarda qurilgan turar-joy mavzei noma’lum sabablar bilan «Kalinin massivi» deb nomlanib qolgan edi. Aholi talabiga ko‘ra va turar-joy o‘ramining yangi ToshMI shifoxonasiga yaqin joylashganligi inobatga olinib tibbiyot ilmining sarboni Abu Ali ibn Sino nomi berilib, «Abu Ali ibn Sino mavzesi» deb yuritiladigan bo‘ldi…

«Yasniy» mavzei aholisining so‘roviga ko‘ra bu joyga atoqli sarkarda, tarixiy shaxs, Humoyun nomi berildi. «Solnechniy» mavzeiga esa o‘zbek klassik adabiyoti namoyandalaridan biri Ahmad Yugnakiy nomi berilib, «Ahmad Yugnakiy mavzesi» deb atala boshlandi.

Poytaxtimizda barpo etilgan madaniyat va istirohat bog‘larining birortasi o‘zbekcha nom bilan atalmas edi. Bu haqda shahar mehnatkashlaridan ko‘plab e’tirozli maktublar olindi. Shuningdek, bu haqda jumhuriyat matbuotida, radio va televideniyeda qator tanqidiy gaplar aytilgan. Shahar mehnatkashlarining e’tirozlari to‘g‘ri deb topildi.

Kirov nomi bilan yuritiladigan maydon, ko‘cha, nohiya, maktab, yodgorlik mavjudligi hisobga olinib, uning nomi bilan ataladigan madaniyat va istirohat bog‘iga Zahiriddin Muhammad Bobur nomi berildi. Shuningdek, Toshkent darvozalaridan biri hisoblanmish tayyoragohdan boshlanuvchi B. Xmelnitskiy ko‘chasining Sh. Rustaveli ko‘chasigacha bo‘lgan qismiga ham Bobur nomi berildi. Shahrimizdagi markaziy istirohat bog‘i Lenin komsomoli nomi bilan atalishi hisobga olinib, «O‘zbekiston LKSM 40 yilligi» nomli istirohat bog‘i YuNESKO Qarori asosida va shahar mehnatkashlari iltimosiga ko‘ra Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek xotirasiga «Ulug‘bek nomli madaniyat va istirohat bog‘i» deb qayta nomlandi.

Al-Xorazmiy, Qozizoda Rumiy, Temur Malik, Sharafiddin Iloqiy, Shohakim Toshkandiy, Abu Bakr ibn Ismoil Shoshiy, Ahmad Yassaviy, Zakariyo Roziy kabi tarixiy shaxslar, olim, shoir va sarkardalar nomlari shahrimiz ko‘chalariga, maktablarga, mavzelarga berildi.

Istibdod yillari qurbonlari Mirali Mirkarimov, Cho‘lpon, Fitrat, Usmon Nosir xotiralari ham abadiylashtirildi.

Mirali Mirkarimov nomi Kirov nohiyasidagi «Bashkirskaya» ko‘chasiga, Cho‘lpon nomi Hamza nohiyasidagi «Uchitelskaya» ko‘chasiga va 258-maktabga, Usmon Nosir nomi 242-maktab va Toshkent matbaa o‘quv yurtiga, Fitrat nomi «Novыy put» ko‘chasiga berildi.

Shuningdek, ko‘plab ko‘chalarga, maktablarga o‘zbek sovet davrining atoqli kishilari, fan, san’at namoyandalari nomlari berildi. Akademiklardan Yahyo G‘ulomov, G‘ani Mavlonov, Sa’di Sirojiddinov, Marat Nurmuhamedov, Ahror Muzaffarov, Sodiq Azimov nomlari, san’atkorlardan Abror Hidoyatov, Shukur Burxonov, Mirshohid Miroqilov, Amin Turdiyev, Soib Xo‘jayev, Hamza Umarov nomlari, davlat arboblaridan A’zam Xo‘jayev, Jahon Obidova, Asadulla Xo‘jayev nomlari abadiylashtirildi. Bu bir tomondan ulug‘ kishilarga xalq hurmatining ifodasi bo‘lsa, ikkinchi tomondan mana shu ko‘chalardan o‘tgan, shu maktablarda tahsil olganlarning faxr va g‘urur bilan ajdodlarini eslab, xotirlab turishiga sabab bo‘ladi.

Shahrimizdagi 300 ga yaqin hech bir ma’no anglatmaydigan ko‘chalar, mavzelar ro‘yxati qayta nomlanish uchun aholi fikrini bilish maqsadida «Toshkent oqshomi» ro‘znomasida e’lon qilindi. E’lon bo‘yicha shu yilning sakkiz oyi davomida 132 ta ko‘cha nomi o‘zgartirildi. Yil oxirigacha mazkur ro‘yxatdagi atamalar xalqimiz dili va didiga mos keladigan nomlar bilan o‘zgartiriladi.

Jumhuriyat davlat tili haqidagi Qonunning 24 moddasida: «O‘zbekiston SSRdagi shaharlar, qishloqlar, nohiyalar, ko‘chalar, maydonlar, bekatlar, tarixiy obidalar va boshqa jo‘g‘rofiy-hududiy o‘rinlarning nomlari milliy shaklda beriladi va yagona davlat tilida yoziladi» deyilgan. Qonun qabul kilingan kundan to shu kungacha 1092 ta ko‘cha, 9 ta mavze nomlarining ko‘rsatkichlari milliy shaklda berilib, yagona davlat tilida yozildi. Hozirgacha jami 22800 ta ko‘rsatkich o‘rnatildi. Yil oxirigacha 2000 ta ko‘cha va mavze bo‘yicha 36000 ko‘rsatkich o‘rnatiladi.

Tramvay-trolleybus ishlab chiqarish boshqarmasi, shahar aholisiga xizmat ko‘rsatuvchi yo‘lovchi transporti Boshqarmasi, shahar savdo, umumiy ovqatlanish, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish, dehqon bozorlari boshqarmalari boshliqlariga, Davlat Yo‘l harakati xavfsizligi idorasi rahbarlariga Davlat tili haqidagi Qonunning 24-moddasi bajarilishi yuzasidan rasman ko‘rsatma berildi va ularning faoliyatlari nazoratga olindi. Bu boradagi sustkashliklar uchun shahar, nohiya miqyosida ish yurituvchi maishiy xizmat, savdo shoxobchalari, korxonalar rahbarlari ogohlantirildilar. Ularga shu yilning oxirigacha «O‘zbekiston SSRning Davlat tili haqidagi Qonuni» talablari bo‘yicha qator tadbirlarni amalga oshirish haqida ko‘rsatmalar berildi.

Toshijroqo‘m Atamalar jamoasi mazkur qonun bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston oynai jahoni, havo mavjlari, matbuoti xodimlari bilan birgalikda yil davomida 12 marta bahs tashkil qildi. Jamoa faoliyati haqida aholi matbuot va boshqa vositalar orqali doimiy ravishda xabardor qilib turilayapti.

Biroq amalga oshirilayotgan bu ishlar ayrim hamshaharlarimizga yoqmayotir. Ular o‘zlarini o‘zbek xalqi tomonidan kamsitilayotgan qilib ko‘rsatishga urinmoqdalar. Ittifoq, jumhuriyat miqyosidagi rahbarlarga, matbuotlarga asossiz ravishda shikoyat va maktublar yo‘llamoqdalar. V. Dyadichenko, X. Knyazev, A. Pak, I. Adayev, I. Ishchenko kabi qator hamshaharlarimiz o‘zlarining o‘rinsiz shikoyatlari «Rabochaya tribuna», «Veteran» kabi ro‘znomalardagi nojoiz maqolalari bilan ishimizga xalal berishga harakat qilmoqdalar. 20—30 va hatto 50— 60 yil o‘zbek yurtida yashab shu yurtning suvini ichib, nonini yeb, mahalliy tilni bilmasliklaridan uyalmaydigan bu kimsalar Davlat tili haqidagi Qonunga o‘zga millatni kamsituvchi dastur sifatida qora chaplashga o‘tib olishgan.

So‘zimiz boshida xalqimiz tarixi, ajdodlarimiz xotirasi haqida to‘xtalgan edim. Darhaqiqat, bu yurtda Ismoil al-Buxoriy, Abu Iso at-Termiziy, Mahmud Qoshg‘ariy, Ibn Sino, Beruniy, Yusuf Xos Hojib, Al-Xorazmiy, Navoiy, Bobur, Nodira, Mashrab kabi yuzlab allomalar voyaga yetgan. Bu yurt tuprog‘i Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Amir Temir kabi jasoratli o‘nlab sarkardalar kindik qoni tomgan, Spitamen, To‘maris, Muqanna, Torobiy, Nomoz, Qurbonjon dodxoh, Bobon Aliboy o‘g‘lidek minglab xalq qahramonlari kamol topgan muqaddas tuproqdir. Bu yurt tuprog‘ini tavof qilsa arziydi. Chunki bu yurt fozilu shoiru olimlar qadami tekkan, erk uchun, ozodlik uchun asrlar davomida kurashib o‘tgan qahramonlar qoni tomgan muqaddas tuproqdir. Uni e’zozlamagan mehmon bu yurtda qadr topmas. Bu tuproqqa oyoq qo‘yib uni ko‘zga surtmagan mezbon ro‘shnolik ko‘rmas. Bu yurt xalqining tilida «Xamsa» bitilgan. Bu yurt so‘zlagan tilda ash’or bitib, Lutfiy kamol topgan. Bu tilda yozilgan «Ulug‘bek xazinasi», «Diyonat», «Me’mor», «Jayhun ustida bulutlar», «Mehrobdan chayon», «O‘tgan kunlar», «Umid», «Farg‘ona tong otguncha», «Qo‘shchinor chiroqlari», «Ko‘rgan kechirganlarim», «Navro‘z», «Sarob», «Tobutdan tovush», «Hazrati inson» kabi necha o‘nlab asarlarni dunyo xalqlari o‘z ona tillariga tarjima qilib o‘qimoqdalar. Zero, xalqimiz irodasi oldida Chingizxon, Iskandar Zulqarnayn, Boyaziddek dunyoni larzaga solgan jahongirlar ham tan berganligiga ko‘hna tarix guvoh, tarixni esa o‘chirib ham, sindirib ham, yondirib ham bo‘lmaydi!

Umumxalq ishi hisoblangan bizning ishimizga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lgan kishilarga kelsak, qaysi davr, qanday tuzum bo‘lmasin, har biri o‘z yalovochlariga, manqurtlariga ega bo‘lganligini eslash kifoya. Manqurtu yalovochlar doimo o‘zgarib turganlar. XALQ va HAQIQAT esa abadiydir.

Dilmurod Saidov, Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi ijroiya qo‘mitasi atamalar komissiyasi raisining o‘rinbosari.

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 11-son