Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohot qayta qurishning eng muhim jihati bo‘lib, u o‘z rivojidagi yakuniy nuqtaga — bozor iqtisodiyotiga o‘tish bilan bog‘liq bo‘lib qoldi. Bozor iqtisodiyotiga o‘tish orqali boshqarishning ma’muriy-buyruqbozlik usuli iqtisodiy usul bilan almashtirilishi kerak. Bozor iqtisodiyoti deganda tovarlar xarid qiladigan dehqon bozorini yoki chayqov bozorini tushunish noto‘g‘ridir. Bozor bu — keng ma’noda sotuvchi va xaridor o‘rtasidagi oldi-sotdi aloqalar bo‘lib, u pul vositasida amalga oshiriladi, savdoning va moddiy-texnika ta’minotining barcha turlarini o‘z ichiga oladi. Albatta, bunga dehqon bozori ham kiradi, lekin uning tarkibida davlat va shirkat savdo, korxona va tashkilotlarning moddiy-texnika ta’minoti asosiy o‘rin egallaydi.
Bozor iqtisodiyoti — bu bozordagi mollarga bo‘lgan talabni qondiruvchi, bozordagi vaziyatga qarab o‘zgarib turuvchi, sharoitga g‘oyat moslashuvchan ishlab chiqarish omili demakdir. Ayni vaqtda bu oldi-sotdilar jarayonida mollarni adolatli baholar bilan, ya’ni ekvivalent ayirboshlash, bu baholarning talab va taklifga qarab o‘zgarib turishini, shu munosabat bilan mahsulotlarni bozorda ularning o‘tishi yoki o‘tmasligiga qarab ishlab chiqarishni bildiradi. Shunday qilinganda iste’molchi, ya’ni xaridor o‘z shartini qo‘yadi, ishlab chiqaruvchiga o‘z izmini o‘tkazadi, u tovarlarni o‘z bilganicha tanlab olish imkoniga ega bo‘ladi. Buning uchun, albatta, ishlab chiqarishdagi ayrim korxonalarning yakka hokimligi — monopoliyasi, qolaversa, zo‘ravonligi tugatilishi kerak. Bir-birining o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishda korxonalar bir-biri bilan raqobat qilib, xaridorni o‘zining mijoziga aylantirishga intilishi paydo bo‘ladi. Raqobat mahsulot sifatini oshirish, uning sarf-xarajatlarini pasaytirish omiliga aylanadi. Buning uchun davlat korxonalari o‘rniga ko‘plab mayda va o‘rtacha jamoa korxonalar, shirkatlar va hatto shaxsiy korxonalar paydo bo‘lishi kerak. Davlat korxonalarining hukmronligi barham topadi, ular ham raqobatga kirishadilar. Umuman davlat korxonalarining soni keskin qisqartiriladi. Agar hozir davlat korxonalari qo‘lida asosiy ishlab chiqarish vositalarining 80 foizdan ziyodroq qismi bo‘lsa, keyinchalik ularni taxminan 25 — 30 foizi davlat qo‘lida qolishi kerak. Bozor iqtisodiyoti mulkchilikning xilma-xilligini, korxonalar turini ko‘paytirishni bildiradi, toki ular jamiyat ehtiyojini qondirish, bozordagi xaridorni og‘dirib olish uchun bellashsinlar. Yangicha, iqtisodiyot korxonalarni to‘la-to‘kis mustaqil bo‘lishini, hatto ularni tashqi savdo yuritish va valyuta olib, uni ishlatishda ham o‘z huquqini topib olishni talab qiladi. U markazdan turib planlashtirishni anchagina cheklash, rejalashtirish ishining og‘irlik markazini korxonaga ko‘chirish, narx belgilashda davlat idoralari huquqini cheklash, narxni bitimga binoan belgilashni, korxona bilan davlat o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlar asosi soliq to‘lash munosabati bo‘lishini taqozo etadi.
Bozor iqtisodiyoti — bu iqtisodiy erkinlik, haqiqiy demokratiya, lekin tartibsiz, o‘zi bo‘larchilik emas, albatta. Gap shundaki, hozir hech qayerda XVIII — XIX asrdagi stixiyali, boshqarib turilmaydigan bozor ekonomikasi yo‘q. Hamma yerda uni jamiyat tartibga solib turadi. Bu qoida biz mo‘ljallagan bozor iqtisodiyotiga ham taalluqli.
Xo‘sh, uni kim, nima bilan tartibga soladi?
Iqtisodiyotni, birinchidan, bozorning o‘zi tartibga solib turadi. Ikkinchidan, bu ishni jamiyat nomidan davlat bajaradi. Bunday qonunlarga rioya etmagan korxona uzoqqa bormaydi. Masalan, qiymat qonunini olaylik. Unga ko‘ra har bir korxona o‘z mahsulotiga ijtimoiy darajada mehnat sarflashi kerak. Buning ma’nosi shuki, jamiyat ehtiyojini qondirishga yetarli miqdorda va sifatli mehnat sarflanishi taqozo etiladi. Bozor mana shunday sarfnigina e’tirof etib, tan oladi, ya’ni mana shu sarfga yaqin narxdagina mahsulot sotilishi mumkin. Agar korxona o‘z sarfini bundan oshirib yuborsa, zarar ko‘radi yoki foydani g‘oyat kam oladi, agar uni bu darajadan pasaytirsa, foydani ko‘p oladi, gullab-yashnab ketadi. Korxona sarfining ijtimoiy sarfga tenglashtirilishi uning xarajatini pasaytirib borishga, tovar sifatini yaxshilashga undaydi. Bozor boshqargich — bu mahsulotga talab va uning taklifi haqidagi iqtisodiy qonundir. Talab va taklif muvozanatda bo‘lishi kerak. Talab oshsa, narx ko‘tarilib, sotuvchi foydasi ko‘payadi, talab pasayib, taklif oshib ketsa, aksincha hodisa yuz beradi. Bozordagi talab va taklifga qarab ishlab chiqarish o‘zgarib turadi. Muayyan mahsulotga talab oshsa, unda ishlab chiqarish ko‘payadi, ishlab turgan korxonalar kengaytiriladi, yangi korxonalar quriladi. Agar talab kamaysa, shunga ko‘ra ishlab chiqarish ham qisqaradi. Xullas, bozor holatiga qarab ishlab chiqarish vositalari va ishchi kuchi turli sohalar o‘rtasida ko‘chib turadi, iqtisodiy shakllanish yuz beradi.
Davlat o‘z qo‘lidagi iqtisodiy vositalardan foydalanib bozor boshqargichga ta’sir qiladi. Davlat narx-navoni tartibga solishi mumkin. U eng muhim mahsulotlar narxini (bular bozordagi hamma narxlarga ta’sir qiladi) eng yuqori chegarasini belgilab qo‘yadiki, amaldagi narxlar undan oshmasligi kerak. Aks holda, chayqovchilik paydo bo‘ladi. Davlat buyurtmasi yo‘q bo‘lmasa-da, kam miqyosda saqlanadi. Davlat o‘z buyurtmalarining bahosi orqali boshqa narxlarga ta’sir qiladi. Davlat qo‘lida moliyaviy vosita — soliqlar mavjud. Davlat soliqlarni oshirish yoki kamaytirish orqali korxona ishini tartibga solib turadi.
Davlatning yana bir vositasi — bu bay berishdir. Qarz haqi bo‘lmish foiz darajasini o‘zgartirib turish orqali ham davlat iqtisodiyotiga ta’sir qiladi. Masalan, davlat yengil sanoatga beriladigan bay uchun foiz to‘lovini past belgilab qo‘ysa, shu sohaga keladigan pul ko‘payadi. Qarz hisobidan korxonalarni qayta jihozlash, yangi korxonalarni qurish avj oladi, chunki qarz arzonga tushadi. Qarz foizi foyda hisobidan beriladi. Foiz qancha past bo‘lsa, shunga ko‘ra foydaning ko‘p qismi korxonaga tegadi. Davlat eksport-import jarayonlarini rag‘batlantirish orqali ham iqtisodiyot ishiga aralashadi, chunki bular ichki bozor holatini o‘zgartiradi. Agar import ko‘paysa, korxonalar xaridorni og‘dirib olish uchun o‘z mahsulotlari sifatini oshirishi, uni arzonga tushirishi kerak bo‘ladi. Xullas, bozor iqtisodiyotini boshqarib turish usullari ko‘p, ular faol qo‘llanmasa iqtisodiy tartibsizlik, o‘zibo‘larchilik paydo bo‘lishi mumkin, bu esa g‘oyat noxush voqeadir.
Yangicha iqtisodiyotga o‘tish O‘zbekiston uchun qiyin masala ekanini unutmaslik kerak. Gap shundaki, O‘zbekiston ittifoqdagi iqtisodiy jihatdan eng kambag‘al jumhuriyatlardan biridir. U aholi jon boshiga yaratilgan milliy daromad, aholi daromadi va iste’moli jihatidan oxirgi o‘rinlarni egallaydi. Masalan, ishchi va xizmatchi oilasining jon boshiga tekkan bir oylik daromad 1988 yili quyidagicha bo‘ldi: Litva — 181,6 so‘m, Estoniya — 177,9 so‘m, RSFSR — 165,1 so‘m, Belorussiya — 163,6 so‘m, O‘zbekiston — 100,6 so‘m, Tojikiston — 80,7 so‘m. Jamoa xo‘jaligida ishlaydigan oiladagi tafovutlar ham bundan oz emas, jon boshiga olgan bir oylik daromadi jihatidan O‘zbekiston faqat Tojikistondan oldinda turadi. Bu daromad O‘zbekistonda 70 so‘m, Ukrainada 138,6 so‘m, Gruziyada 140 so‘m, Moldaviyada 129,9 so‘mni tashkil etdi. Toki, jumhuriyatimiz iqtisodiy jihatdan zaif ekan, uning korxonalari bozor iqtisodiyoti sharoitidagi raqobatga bardosh beraolmaydi. O‘zbekistonda texnikaviy zaif, yuksak malakali ishchi kuchi yetishmagan, zarariga ishlovchi korxonalar oz emas, albatta. Ular yangi iqtisodiyotga o‘tishga hozir tayyor emaslar.
Yana bir muammo — jumhuriyatimizda ishsizlarning ko‘pligi, kambag‘al oilalar qatlamining katta bo‘lishidir. Bu biz uchun aholini ijtimoiy jihatdan himoya qilish masalasini nihoyatda dolzarb qilib qo‘yadi. Gap shundaki, hoziroq jumhuriyatda taqchillik kuchaydi, buning ustiga bozorga mo‘ljallangan mahsulotlarning katta qismi o‘lkamizga tashqaridan keltiriladi. Xalq iste’molining boshqa jumhuriyatlar ishlab chiqarishiga qaramligi muammolarni yanada keskinlashtiradi. Hozir pulning qadrsizligi tobora chuqurlashib bormoqda. Natijada pul daromadlarining cho‘g‘i kamaymoqda. Bu hol kambag‘alchilikning keskinlashuviga olib keladi. Kambag‘al aholi, ya’ni kam ta’minlangan aholi salmog‘i jihatidan jumhuriyatimiz SSSRda yuqori o‘rinda turadi. Hozirgi o‘lchovda kambag‘allar — jon boshiga oylik daromadi 70 — 80 so‘m bo‘lgan kishilardir. 1988 yilgi ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda 75 so‘mga qadar daromad oluvchilar umumiy aholining 43 foizini tashkil etadi. Odatda jumhuriyat aholisining 9 million kishisi kambag‘al deb yuritiladi. Agar biz pulning qadrsizlanishini hisobga olsak, aholining 50 foizi kambag‘allashadi, deyishimiz mumkin. Kambag‘al aholi soni 12,5 million kishi, degan fikrlar ham bor. Kambag‘allar orasida o‘ta muhtojlari ham bor. Masalan, kam darajada ovqatlanish uchun oyiga 36 so‘m pul kerak, vaholanki, oylik daromadi 25 — 30 so‘m bo‘lgan kishilar ham bor. Mana shular eng kambag‘al qatlam. Kambag‘allarning aksariyat qismi qishloq ahli. Jumhuriyatimizda jamoa xo‘jaligida ishlaydiganlar bir yil deganda jon boshiga 8 kilogramm go‘sht iste’mol qilishi o‘ta kambag‘allikning yaqqol alomati emasmi?
Bozor iqtisodiyotiga o‘tish uchun kambag‘allarni narxning oshishidan himoya qilish kerak. Aks holda ular og‘ir ahvolga tushib qoladilar. Bizning hisob-kitobimizga ko‘ra, 10 million kambag‘alni kam darajada oziq-ovqat bilan ta’minlab turish uchun 3,6 milliard so‘m mablag‘ kerak. Narx oshgan sharoitda bu pulni kambag‘allarga berish kerak yoki shu pul hisobidan ularga talon bilan hozirgi narxda oziq-ovqat sotish kerak bo‘ladi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida, ayniqsa uning dastlabki bosqichlarida ishsizlikning ko‘payib borishi muqarrar. Gap shundaki, texnika yangilanib, ishchi kuchi siqib chiqariladi. O‘zbekistonda yopiladigan va qayta quriladigan sanoat korxonalari ko‘p bo‘lishi mumkin. Aholi tez o‘sishidan hozirning o‘zida O‘zbekistonda 1 million kishiga yaqin ishsizlar bor. Xomaki hisobotlarga ko‘ra, bozor iqtisodiyotiga o‘tganida jumhuriyatimizda 1994 yilga borib ishsizlar 2,5 million, jami 5 million kishi ishsiz bo‘lishi mumkin. Bu — g‘oyat o‘tkir ijtimoiy masala. Buni yechish uchun yangi ish joylari hosil etish zarur. Ungacha ishsizlik uchun nafaqa joriy etish kerak. O‘zbekistonda ishsizlik miqyosi katta va u uzoq davom etishi munosabati bilan nafaqa kam ish haqining 100 foizi miqdorida berilishi kerak. Aholini ish bilan ta’minlashning barcha yo‘llarini qo‘llash zarur.
Albatta, istiqbol jihatidan zamonaviy texnologiyaga ega korxonalarni qurib, shu yerda ishsizlarni band qilish mumkin, lekin bu katta kapital mablag‘ talab qiladi. Shu sababdan arzon turadigan ish joylarini yaratish yo‘lidan ham borish mumkin. Bu nafaqat joylarda zavod-fabrikalar bo‘limlarini ochish, sermehnat dehqonchilik turlarini joriy etishdir. Aholiga mayda shaxsiy yoki oilaviy korxonalar ochishga ruxsat berish, mayda savdo, maishiy xizmat ko‘rsatishga o‘tish ish bilan band bo‘lishga ko‘maklashadi. Yana bir mulohaza — bu, uyda o‘tirib ishlash haqidagi fikrdir. Ayniqsa, bu yo‘l tikuvchilikda ish beradi. Mazkur sohani rivojlantirish uchun qulay sharoit bor: birinchidan, murakkab bo‘lmagan tikuvchilik mahsulotiga talab-ehtiyoj g‘oyat katta. Masalan, sochiq, ro‘molcha, choyshab, yostiq jild, meditsina va texnikada kiyiladigan korjomalarni har yili tashkilotlar va korxonalar uchun sotilishi milliard so‘mga yetadi. Bu kengayib boruvchi sotish bozorining borligidan dalolat beradi; ikkinchidan, uyda ishlash ishlab chiqarish binolari va mehnatni texnika bilan jihozlash uchun katta pul talab qilmaydi. Ishchi va xizmatchilarning 54,9 foizi o‘z uyiga ega, ularning 39,9 foizi alohida xonadonlarda yashaydi. Jamoa xo‘jaligida yashaydiganlarning 78 foizi jon boshiga 9 kvadrat metr uyga ega. Binobarin, u y sharoiti mablag‘ sarflamay ishlash imkonini beradi.
Odatda tikuvchilik uchun mashinalar yetishmasligi ro‘kach qilinadi. Aslida chok mashinasi bo‘lmagan oila kam. Hozir har 100 ishchi va xizmatchi oilasida 66 tikuv mashinasi, kolxozchi oilasida esa 64 ta shunday mashina bor. Bas, shunday ekan, katta moddiy sarfsiz ish joyi hosil etish mumkin. Buning ustiga oddiy narsalarni tikish uchun yuksak malaka talab etilmaydi.
Bizning sharoitda ish bilan ta’minlashning arzon yo‘li tez buziladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi mayda korxonalar ochishdir. Bu ham ko‘p pul, uzoq vaqt va yuqori malaka talab qilmaydi. Bunday korxona, lar mahsulotiga ham bozor mavjud. Shuni aytish kifoyaki, jumhuriyat aholisi har yilgi yoz mavsumida 1,5 — 2 million banka sabzavot mahsulotlarini uyda konservalaydi. Demak, shunday mahsulotga talab-ehtiyoj mavjud. Ishsiz aholini boshqa jumhuriyatlarda mavsumiy ish bilan ta’minlab, unga qisman bo‘lsa-da, pul topish imkonini berish mumkin. Shuningdek, ishchi kuchini xorijga eksport qilish ham ishsizlikni bartaraf etish vositasidir. Buning uchun albatta yoshlarga chet el texnologiyasi va chet el tilini chuqur o‘rgatish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Kambag‘allarni ijtimoiy himoya qilish ishsizlarga yordam berish bilan cheklanmaydi. Gap shundaki, O‘zbekistonda ishlovchilar orasida ayniqsa qishloqdagilar orasida kambag‘allar ko‘p. 1989 yil jamoa xo‘jaligidagi 59,9 foiz oilalarning daromadi jon boshiga 50 so‘m, o‘rtacha daromad 70 so‘mga teng bo‘ldi. Demak, ularning mutloq ko‘pchiligi kambag‘allardan iborat. Jamiyatning ularga yordami ikki yo‘ldan iborat. Birinchidan, ularning mehnat unumini oshirib, qo‘shimcha daromadni ishlab topishi va kambag‘allikdan chiqishiga sharoit yaratish zarur, ikkinchidan, mavjud daromadlarni kambag‘allar manfaatiga taqsimlash mumkin.
Kambag‘alparvarlik jihatidan taqsimlashning ikki tomoni bor. Bu rahm-shafqat jihatidan zarur, lekin bu mehnat stimullarini zaiflashtiradi. Mana shu sababli taqsimlashga ehtiyotkorona yondoshuv ma’qul bo‘ladi. Kambag‘al oilalarga uning muhtojligini hisobga olib, qo‘shimcha yer berilsa, ular o‘z mehnati bilan daromad topishadi. Bundan tashqari mazkur qatlam aholiga bir qator imtiyozlar bersa bo‘ladi. Bular jumlasiga birinchi navbatda yaxshi ishga joylashish, malaka oshirib, yangi kasbni egallash, uy olish, yirik shaharlarga propiska qilish, davolanish, dam olish, bolalarni o‘qishga, bog‘chalarga joylashtirish sohasidagi imtiyozlar kiradi. Kambag‘allik miqyosining kengligini hisobga olib, ularga ijtimoiy yordam berish to‘g‘risida prezident farmoni yoki jumhuriyat Oliy Sovetining maxsus qarorini qabul qilish mumkin.
Bozor iqtisodiyoti ijtimoiy tabaqalanishni shubhasiz kuchaytiradi, lekin bu jarayon ham nazorat qilinib, tartibga solinib turiladi. Ijtimoiy yordam rejalarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirish orqali davlat va korxona jamoalari jamiyatdagi ijtimoiy muvozanatni ta’minlay oladilar. Ijtimoiy ziddiyatlar ma’lum doirada va darajada bo‘lishi mumkin. Aks holda u siyosiy beqarorlikka olib keladi. Ijtimoiy tabaqalanish yaxshi yashashga havas uyg‘otib, yaxshi ishlab daromad topishga undaydi, lekin u gengsizlikni keltirib chiqaradi. Bu tengsizlik ancha yuqori turmush darajasi sharoitida yuz beradi, u kambag‘allar tengligidan afzaldir.
Ahmad O‘lmasov, Jumhuriyatda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, iqtisod fanlari doktori, professor
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 7-son