Vladimir Ognev. Gurjiston xotiralari (2000)

Men turli sabablar bilan Gurjistonga tez-tez borib turardim. Shu jumladan, yubileylarga qatnashgani ham borardim.
… Tun. Kaxetiya. Mashinalar tirband. Vodiyni qoplagan tuman sharoblar qaynayotgan qozonlardan chiqayotgan bug‘ bilan aralashib ketgan. Mashina buzilib qoldi. Bizlarni duch kelgan yo‘lovchi mashinalarga tiqishtirishadi. Meni o‘tqazishgan avtobus militsiyaniki ekan. Xushro‘y polkovnik menga qarab bir yo‘talib qo‘ydi-da, qo‘lidagi aloqa apparatiga gapirishda davom etdi:
— Allo, Vaxtang… Ya’ni “Rifma”, meni eshityapsanmi? “Sonet” gapiryapti. Yurishda davom etamiz!
Avtobus chirog‘iga, derazalariga parvonalar kelib urilayapti. “Sonet” salonida yaxshi konyak hidi anqiydi.
Tbilisida bo‘lsa muhtasham zal, yasan-tusan kiyingan kishilar, she’riyat kechasi. Rus va gurji tillarida she’rlar yangraydi, ehtirosli nutqlar so‘zlanadi. Hamma xursand, hayotdan, bir-biridan, o‘zidan ko‘ngli to‘q. Qo‘shiqlar qo‘shiqqa, kuyga ulanadi.
Rustaveli yubileyida, Baratashvili yubileyida ham shunday. Ana shunday safarlarimdan birida Mayakovskiy bayramida qatnashdim.
Shevarnadze Rossiya va Gurjiston san’atkorlarining do‘stligi haqida gapirdi. Birdan hushyor tortdim. Mening familiyamni men uchun muqaddas bo‘lgan odamlar bilan bir safga qo‘yib gapirdi-ya! Tushunarli — hurmat yuzasidan. Lekin, baribir ko‘nglim ko‘tarildi. Rossiyada qator do‘stlarimga boshqacha qarashadi. Bu yerda “byurokratiya”ni chetlab o‘tishadi.
Buning farqi bor — jiddiy farq, albatta. Ayni paytda bu san’atga cheksiz muhabbat belgisi hamdir.
Ha, agar biror joyda sifat talabi qolgan bo‘lsa u ham Gurjistondadir.
K.Simonov buni juda yaxshi ilg‘ab oldi, “Literaturnaya Gruziya” asosida respublikalararo adabiy jurnal tashkil etdi. Sobiq SSSR hududlarida chiquvchi “Sibirskiye ogni”, “Ural”, “Pamir”, “Zvezda Vostoka” singari barcha yupqa va yarim qalin jurnallar orasida faqat “Literaturnaya Gruziya”gina Rossiyaning eng yaxshi san’atkorlariga boshpana berdi. G.Margvelashvili, E.Eligulashvili, G.Asatiani san’at bayrog‘ini baland tutdilar va Moskvada qanday bo‘ron turmasin, uni qo‘llaridan tushirmadilar. Qadimgi madaniyat mamlakati bo‘lgan Gurjiston Rossiya, G‘arb va dunyoning boshqa madaniyatlari bilan do‘stlik rishtalarini mardona asray oldi. Faqat Gurjistondagina noyob jamoat markazi — xorijiy adabiy aloqalar komissiyasi tuzilgan edi. Uning tepasida ajoyib, dono inson — Otar Nodiya turardi. Pitsunda va Gagrada gurji adabiyoti bo‘yicha qator seminarlar ana shu kishining tashabbusi bilan o‘tkazilgan edi. Tbilisidagi qadimiy toqi-ravoqda biz, Gurjiston do‘stlari, mushtarak ishlar — nashriyot, tarjima zarurati bilan juda ko‘p bo‘lganmiz.
Shklovskiy aytganday, “ana shunday”.
Bir safar E.A.Shevardnadze K.Simonov bilan meni Rustaveli shohko‘chasidagi “katta uy”ga taklif qildi. (Uning keng zinapoyasi keyinchalik S.Eyzenshteyn filmida Odessa zinapoyasi singari mashhur bo‘lib ketadi. O‘sha yerda milliy g‘urur himoyachilarining begunoh qoni to‘kiladi. “Sapyor belkuragi kechasi” degan mash’um kecha o‘sha yerda sodir bo‘ladi… Keyinchalik birinchi mustaqil “Nerv” kinostudiyasida shu haqda yaratilgan hujjatli filmda men ham ishtirok etgandim.)
“Ana shunday”…
Shevardnadze bizni mo‘jazgina xonada qabul qildi. Yoz issiq, deraza ochiq va xonaga mashinalarning shovqini bostirib kirardi. Eduard Amvrosiyevich juda sekin gapiradi. Simonov stulini yaqinroq surib unga sog‘lom qulog‘ini tutdi (boshqasi urushdan buyon yaxshi eshitmaydigan bo‘lib qolgandi). Men tortinganim uchun E.A. nima gapirganini zo‘rg‘a tushunardim.
Gap esa yangi jurnal haqida borardi.
Jurnal “Literaturnaya Gruziya”ning yuksak an’analarini davom ettirishi, uni umumittifoq darajasiga olib chiqishi kerak edi. Buni jurnalning baynalminal xarakteri bilan uyg‘unlashtirish oson emasdi. Gap shu haqda edi.
Simonov menga gurjilardan bo‘ladigan muharrir bilan bir qatorda yangi nashrning hammuharriri sifatida qarardi. Shevardnadze jurnalning g‘oyasini ma’qulladi, lekin aniq bir javob aytmadi.
Biz Konstantin Mixaylovich bilan Rustaveli shohko‘chasi bo‘ylab borarkanmiz, men undan nega Shevardnadze masalani darhol hal qila qolmadi, deb so‘radim. Men tushunolmay qoldim — u bu g‘oyaga tarafdormi yoki qarshimi? Konstantin Mixaylovich jilmaydi:
— Hali ko‘p narsani o‘rganishingiz kerak. Katta kishilarni tushuna bilmoq kerak bo‘ladi. Men, masalan, u biz bilan ekaniga ishonch hosil qildim. Lekin nozik bir tomoni bor. Siyosiy Byuroning boshqa milliy vakillari bunga qanday qarasharkan?
— Siyosiy Byuro? Namuncha yuksak?
— Ha, Volodya. Siz hali hayotni o‘rganishingiz kerak bo‘ladi, — Simonov kuldi. “Hayotni o‘rganish” — bu har ikkalamizga tushunarli so‘z o‘yini edi.
Menga MKda g‘oyaviy “adashishlar” uchun hujum boshlangan bir paytda, men xizmat qilayotgan “Litgazeta” epchillik qildi — meni qo‘riqqa uzoq muddatga muxbir qilib ishga jo‘natdi.
Hokimiyat uchun kurashda yutqazib qo‘ygan guruhni qo‘llab-quvvatlab xatoga yo‘l qo‘ygani tufayli MKga nomzodlikdan chiqarilgan Simonov uzoq vaqt Toshkent yaqinida “hayotni o‘rgangan” edi.
“Hayotni o‘rganish” bizlar uchun bir chekkada “jim yurish” edi.
Yangi jurnal munosabati bilan Simonov menga jim yurishni taklif etdi. Shevardnadze bilan uchrashuvimizni ham vaqtincha unutishga to‘g‘ri kelardi.
Men unutdim. Umuman unutishga harakat qildim.

* * *

Yon daftarimda qisqa va shoshilinch qaydlar (1968 y): M.Chiaureli huzurida — Giya, Lyuba, Rezo Gabriadze… 18 avgust. — Mtsxet. “Marani”. Dumbadze, Ketavani, Beso Jgenti, Lamara va Grigol Abashidze. Kechqurun — Grigolnikida “qahvaxo‘rlik.” “Qahva” — qizil va oq rangda, harorati “Marani” kabi. 19 avgust — Irakliy Abashidze huzurida. 20 avgust. Giya Daneliya otasining qarindoshlarinikida… 21 avgust — Sxnetiyada Asatiani mehmonimiz. 22 avgust — Lado Gudiashvili huzuridamiz. 23 avgust — Giya Margvelashvili”.

Meni Gudiashvili uyiga kim boshlab borgani esimda yo‘q. U yerda Nadya bilan birga bo‘ldik. Yoqimtoy, kichkinagina, o‘ta mehmondo‘st Lado harakatchan va quvnoq.
Kirib borganimizda ish ustida ekan:
— Hozir, bir daqiqa. Ikkitagina chizgi. Bu vrachga gonorar. U bir soatdan so‘ng keladi. Bo‘ldi. Tamom.
Oq qog‘oz uzra — uzun sochli qiz boshi. Bir ko‘z. Profil.
Ulkan zal — faqat kartinalar, rasmlar. Derazalar baland-baland. Mebel, javon degan narsa ko‘rinmaydi. Oila boshqa ikki kichik xonaga joylashibdi.
— Bu yerda Pushkinning o‘zi yurgan, deydi yeyilib ketgan parketga ishora qilib. — Nima, ishonmaysizmi? Juda qadimiy uy, eski parket… Mana bu devor-chi — o‘zimga alam qiladi… Tarixni bilmaysizmi? Bu yerda Titsian, Paolo, Pasternak dastxat yozib qoldirishgan… men qo‘rqib ketdim. Qatag‘on boshlangandi-da… Beriyadan qo‘rqdim. Do‘stimni chaqirdim — kechasi bilan suvab, oqlab chiqdik, gilam ilib qo‘ydik. O‘zimni hecham kechirmayman. Keyin suvog‘ini ko‘chirishga urinib ko‘rdik. Sarg‘aygan gazetalar qoldi, rasmlar, dastxatlar o‘chib ketdi…
Albomni ko‘rsatadi. Unda Pasternakning dastxati, tanish qo‘l.
“Sizni ko‘rgani kelsam, oddiy ish kunlari ham bayramga aylanadi, siz bilan o‘tkazgan damlarim boshqa vaqt oylariga, boshqa asrga o‘xshaydi. Siz bilan uchrashganimning keyingi kuni bo‘lib o‘tganlar tushdek tuyuladi menga. Yurakning yagona, hech qanday xazina bilan qiyoslab bo‘lmaydigan boyligi — san’at hamisha baland bo‘lib, tushga o‘xshab turishi kerak”.

Na silkinish, na to‘ntarishlar
Yangi hayot uchun ocholmaydi yo‘l.
Asl samimiyat, qalb harorati,
Iliqlik bag‘ishlar dillarga nuqul.

Rassom Pasternak haqida jo‘shib gapiradi — rostdan ham unga hamma narsa yoqardi, men qilayotgan ishlarning hammasi ma’qul kelardi. U nosamimiy bo‘lolmasdi… U kattagina go‘dak edi.
O‘z ishlarini ko‘rsatadi. Devorga osig‘liklarini ham, katta papkalardagini ham.
Suhbatimiz, albatta, uning ijodi haqida, she’riyat va shoirlar haqida davom etardi. Ayniqsa, Pirosmani haqida gapirishdan charchamasdi, mezbon uni bilar va yaxshi ko‘rardi.
Men Irakliy Abashidzening yangi dala hovlisi, uning ulkan sharob xumi bor yerto‘lasi haqida gapiraman.
Uning yerto‘lasi devorlari do‘stlarining dastxatlari bilan to‘lib ketgan. Men — gurjicha “Ognev” nima bo‘ladi, deb so‘rayman. “Setsxladze”, — deydi Gudiashvili kulib, keyin qo‘shib qo‘yadi:
— Sen ham — Lado! Lado Setsxladze — sening ismi familiyang shunday tarjima qilinadi.
Marosim ziyofatidan so‘ng bizlarga rangli bukletlarga dilkash dastxatlar yozadi.
Qiziq bir holat bo‘lgandi, bunga meni Karlo Kaladze tayyorlab qo‘ygandi:
— Agar sen unga yoqib qolsang, biror narsasini senga sovg‘a sifatida taklif etadi. Olmaganing ma’qul. Sotmaydi ham.
Juda g‘alati-da Karlo. Albatta, olmayman.
Yo men Ladoga yoqmadim, yoki darhol bukletini so‘raganim uchunmi, sovg‘a haqida gap ham bo‘lmadi.
Rassom har ikkalamizni ham bag‘riga bosdi-da, samimiy kuzatib qo‘ydi.
Karlo hayratlanib, qo‘l siltadi:
— Bo‘lishi mumkin emas!
Buni qaranki, u mening Gudiashviliga yoqishimga shubha qilmagan ekan. Rasmni ola qolgin deb meni ko‘ndirishga urinadi deb o‘ylagan ekan. Karloning kayfiyati buzildi. Keyin meni ovutish uchun bo‘lsa kerak, shunday dedi:
— Gudiashvili hech kimga hech narsa sotmaydi, tuhfa qilmaydi ham. Ana shunday! Qani, Gurjistonning buyuk rassomi uchun ichaylik! Boris Leonidovich uchun! Buyuk…
Suluv Gulnora erining jo‘shqin nutqini bo‘ldi:
— Karlo, azizim, muzeyga kechikayapmiz. Keyin, azizim, keyin! Gruziya san’ati tarixi muzeyi zahiralarini ko‘rish xayolimga ham kelmagandi. Muhtarama Gulnora xonim muzey yerto‘lalarida meni uch soatcha yetaklab yurdi. Men Pirosmanining hamma tasvirlarini ko‘rdim. Turli-tuman sanamlar, rasmlar, chizmalar, buyumlar. Har biri bir hayajon soladi yurakka! Goh Gulnora tushuntiradi. Goh o‘zim jo‘shib so‘zlayman.
Harholda muqaddas saljuqiy ko‘zlar, Kaxetiya haqida gapirganim esimda. Kaxetiyadagi uylar tomida qiziq tasvirlar bo‘lardi — kiyik, ovchilar aksi ko‘zga tashlanardi. Pirosmani shu joylardan. Qandaydir bog‘liqlik bor, axir!
Gulnora buyuk san’atshunos, jilmayib qo‘yadi. Uning shohona, nozik go‘zalligi ko‘zlarining mayin, saxovatli yonishi bilan uyg‘unlashib ketardi. U qadimiy san’atning ajralmas qismiday tuyuldi menga.
Saxiy va mungli bir go‘zallik bor edi Gulnoraning ko‘zlarida! Afsuski ko‘p yashamadi u bu dunyoda.

* * *

Bir safar Tbilisiga ogohlantirmay uchib bordimu mehmonxonasiz qoldim. Kech bo‘lgani uchun hech kimni bezovta qilgim kelmadi. O‘y surgancha Rustaveli shohko‘chasida borarkanman, Tengiz Mirzashviliga duch kelib qoldim. Bu rassom bilan meni Grigol Abashidze tanishtirgandi.
— E, shu ham muammomi? — dedi Tengiz.
— Mehmonxonaning nima keragi bor? Ustaxona turganda!
Yarim soatdan keyin biz kattakon uyga kirib bordik. U yerda rassomlar yashashardi. Yuqoridagi qavatlardan birining derazasidan kechqurungi Tbilisining jamolini kuzatdim. Tengiz qayoqqadir shoshayotgandi. U menga ayrim narsalarni ko‘rsatib, tushuntirib ketdi. Yotadigan joy, sovutgich to‘la oziq-ovqat zahirasi, yana sharob to‘la mesh ham.
Tengiz ishga tushga yaqin keldi. Gruziyada rassomlar ham yozuvchilardan farq qilishmaskan — uyqudan kechroq turisharkan.
Men uning rasm chizishini kuzatdim — soatlab, tag‘in ichib o‘tirarkan gapirar, lekin chizayotgan rasmdan ko‘z uzmasdi. U bir-biriga o‘xshash manzaralar chizardi. Rasmlaridan ikkitasini menga sovg‘a qildi. Men o‘zimning Gurjistonda yozgan kitobim “Tungi sayr”da u haqda, tug‘ma iste’dod sohibasi — yosh tushinlar shoirasi haqida yozganman. Tengiz uning g‘alati she’rlarini menga tarjima qilab bergandi. Uning she’riy lavhalari sirliligi va cheksiz mungliligi nimasi bilandir Mirzashvili manzaralariga o‘xshab ketardi.
Ajoyib inson, kamgap va tiyran ko‘zli bu odam she’riyatni sevar, uning tilini tushunardi.
Tengiz bilan yonma-yon, bir yo‘lakda, menga orqavorotdan tanish bo‘lgan rassom Dmitriy Eristavi yashardi. U chizgan qizchalarning nozik qomatlarini men “Ogonyok” jurnalidan qirqib olgandim. U chizgan qizlar Pikassoning “Shardagi qiz”iga juda o‘xshab ketardi. Bu ishimdan o‘zim ham o‘ng‘aysizlangandim.
— E-e, nimaga uyalasan, — dedi Tengiz. — Hatto o‘rtoq Stalinning o‘zi ham “Ogonyok”dagi rasmlarni qirqib olishni yaxshi ko‘rgan.
— O‘rtoq Stalin ham qirqib olgan bo‘lsa, unda boshqa gap, — kulishdik biz. Lekin Dima Eristavi bilan men baribir tanisha olmadim. U safarda ekan.

* * *

Tengiz Abuladze meni bir tamaddi qilaylik deb shahar chekkasiga taklif etdi. Mo‘jazgina mayxonada, toza havoda barra go‘shtni qovurib kelishlarini kutarkanmiz, toza sharob ichib o‘tirdik.
Tengiz o‘zining “Orzu daraxti”, “Tashnalik” filmlari haqidagi mening hali e’lon qilinmagan maqolalarimni o‘qish bilan band edi. “Merani” jurnalida mening kitobim bosilishi kerak edi. U Kutaisida bosmaxonaga topshirilgandi.
Biz Gudiashvili haqida gaplashdik. Men Tengizga keksa usta bilan uchrashuvim haqida gapirib berdim. Meni hayratga solgan bir faktni aytmasdan ilojim yo‘q edi: rassom oliy mehmonlar dastxatlari bilan bejab tashlangan devorni oqlashga buyurgan ekan — bu Gruziyada Beriya qatag‘oni yillarida sodir bo‘lgandi.
Tengiz pishloq va ko‘kat solingan idishni nariroq surdi-da, stol chetini yaxshilab artarkan, sirli jilmayib qo‘ydi. Keyin qog‘ozlar jilddonidan bir dasta suratlarni olib, oldimga yoyib tashladi.
Men lol qoldim.
Kishilar guruhi tasvirga tushirilgan har bir suvratda bir kishi yaqqol ko‘zga tashlanardi. U menga yaxshi tanish edi. Shu’lalanuvchi pensne… shlyapasini quloqlarigacha tushirib kiygan kimsa.
Beriya!
Bu suvratlar havaskor tomonidan olingani shundoqqina ko‘rinib turardi. Ularni shu paytgacha qaysi tentak asragan ekan?
Abuladze men ularni shoshilmay, yaxshilab ko‘zdan kechirishimga qo‘yib berdi-da, keyin hammasini yig‘ishtirib oldi.
O‘shanda men uning “Tavba-tazarru” filmi haqidagi niyatini bilib olgandim.
Stsenariya ustida ish hali boshlanmagan edi. Abuladze film haqidagi ikki variantidan qaysi birini tanlash xususida bir to‘xtamga kelmagan edi. U Beriya haqida film yaratmoqchi edi. Lekin uni ko‘proq ramziy yechimni talab qiluvchi umumiy xayol jalb qilardi. Zo‘ravonlik, shafqatsizlik, makrning tarixiy umumlashmasini ifodalamoqchi edi u. Abuladzening rejalaridan xabari bo‘lgan kishilar orasida men ham bor edim. Biz Beriya mavzusiga alohida e’tibor qaratish tarafdori edik.
Tengiz uzoq sukut saqladi.
— Ikkinchi variant o‘tishi mumkin.
— Bu borada ikkalasi ham gumon, — dedim men.
Shunda Abuladze bu xususda Shevardnadze bilan kelishib qo‘yganini aytdi.
— Filmni Gurjistonda ko‘rsatishadi. Shunda ma’lum bo‘ladi. Eduard Amvrosiyevich faqat Gurjiston xususidagina kafolat berdi.
U Shevardnadzega ishonardi, men ham. Esimda, bir vaqtlar “Pirosmani” filmi o‘tmay qolganda Shevardnadze jonga ora kirgandi.
Tog‘ tomondan salqin tun epkini ufurdi. Shaharga qaytganimizda oy chiqqan edi.

* * *

Kundalikda: “1968 yilning 16 iyuli. Mixail Chiaurelining mehmonimiz. Giya, onasi va Lyuba. Rezo ham shu yerda”.
Giya — bu Daneliya. Lyuba — uning rafiqasi, mehribon, saxiy qalb egasi. Aktrisa, yuzlab ikkinchi darajali rollarda o‘ynagan ayol. Giyaning onasi Meri negadir sochlari oppoq bo‘lishiga qaramay, hamma uni Meri deb chaqirdi. Umuman — mening muhabbatim. Aqlli, jafokash va iste’dodli ayol. “Gruziyafilm” uni o‘z xodimasi deb biladi. Uning Tbilisidagi qarindoshlari Meri oldida bosh egadilar, benihoya hurmat qiladilar.
Rezo — bu Gabriadze. Iste’dodli adib. Noyob hazil-mutoyiba, hajv ustasi.
Chiaureli — chinakam rejissyor. Gelovani uning kashfiyoti. Mushtuk bilan “xalqlar otasi”ning o‘zi bo‘ladi qo‘yadi. Gelovani hozir bu yerda yo‘q, lekin menga, biz bilan yong‘oq murabbosidan qo‘shib choy ichayotganday tuyulaveradi.
Biz Gelovani haqida bemalol gaplashib o‘tiribmiz, lekin uning qahramoni haqida gap ketsa, har bir gapni ehtiyotkorlik bilan aytamiz. Chiaureli eng muhim narsalar haqidagi bugungi gap-so‘zlarni xush ko‘rmaydi.
Gelovani obrazga qanday kiradi? Meningcha, muhimi, u bu obrazdan hali ham chiqib ketolgani yo‘q. Bir safar u bu obrazga kirishga tavakkal qildi-yu noiloj unda qolib ketdi. Kirdi, eshik yopildi, u chilimi bilan ko‘zlarini pirpiratgancha qolaverdi…
Shahar bo‘ylab borarkanman, Chiaurelining hikoyasini esladim. Yuqori idora devonining o‘rta bo‘g‘inidan chiqqan o‘g‘ri haqida edi bu hikoya. O‘sha paytlar bizning tilimizda hali “korruptsiya” so‘zi yo‘q edi. Sodda qilib aytganda millionlar irodasini o‘g‘irlagan kattagina o‘g‘ri bo‘lgan edi. O‘shanda men yangi hayot xo‘jayinlari o‘g‘irlangan boyliklarni korruptsiya haqida shovqin-suron bilan qutqarib qolmoqchi bo‘lganlarigacha yashaymiz deb sira o‘ylamagan edim. Hali, bunday xo‘jayinlar shunaqa ko‘payadiki, “o‘g‘rining qalpog‘i yonayapti” degan qichqiriq yana millionlab dod-voyga jo‘r bo‘ladi va minglab qalpoqlar alanga ola boshlaydi. Dahshatli manzara. Gadoylar gulxani.
Chiaureli kelajakka nigoh tashlamasdi. U sukut saqlardi, xolos.
… Men birdan Yu.Olyoshani esladim. O‘shanda men u bilan Pavlenko haqida gaplashayotuvdim (ha, esladim! keyin aytaman), u Petr Pavlenko bilan qo‘shib Chiaurelini so‘kib yubordi. Gap “Qasam” va “Berlinning qulashi” haqida ketayotgandi. Xuddi shu filmlarda Gelovani mushtugi bilan javlon urardi…
“Voqea” esa shunday bo‘lgan edi. Men bilan Yevgeniy Vinokurov Adabiyot institutidan urushda orttirilgan sil kasalligimizni davolash uchun jo‘natilgan edik. Bu 1949 yili bo‘lgan edi. Yaltada kun juda isigan payt. Biz Pavlenko huzuriga kirishga qaror qildik. Pavlenkoning Yaltada villasi bo‘lib, o‘sha yerda mudom yashar, har zamonda poytaxtga borib turardi. Yo‘q, qiziqqanimizdan kirganimiz yo‘q, menga Pavlenkoga topshirish uchun “Pravda”dan xat berib yuborishgandi. Juda iltimos qilishgani uchun adibning dala hovlisini zo‘rg‘a, bir amallab topdik. Kulrang g‘ishtdan qurilgan kattagina bino ekan. Malla uy xizmatchisi bizni zo‘rg‘a kiritgan kattagina peshayvon, salqingina ekan. Salqinda yayrab, uy sohibini kuta boshladik. “Mehmon qilarmikan?” shivirladi sherigim…
Zina tepasida Pavlenko bizga qarab turardi. U kafanga o‘ranganday oppoq kiyib olgandi. Oldimizga tushib kelishga erinmadi, xatni oldi. Lekin bir piyola choyga taklif qilishni xayoliga keltirmadi. Jenya (Vinokurov) ichishga suv so‘radi. Pavlenko tepaga qarab qichqirdi: “Kim bor, yosh yigitlarga suv beringlar!” Kim degani boyagi malla oqsoch ekan. Suv ichgim yo‘q edi, zo‘rg‘a ichdim. Jenyaning xafsalasi pir bo‘lib xo‘rsindi. Biz chiqib ketdik. Sovet klassigi orqamizdan qo‘l siltab qoldi.
… O‘sha payt shov-shuvga sabab bo‘lgan “Baxt” filmining bo‘sh stsenariysi va zo‘rma-zo‘raki yozilgan narsalaridan tashqari, Pavlenkoning, xudo haqqi, Shomil haqida, tog‘liklar urushi haqida ajoyib ocherki bor edi! U yaxshi yozishni bilardi, lekin tezda aynib qoldi. Garchi tarix ham Peredelkinodagi Pavlenko ko‘chasiga Pasternakni joylashtirib achchiq hazil qilgan bo‘lsa-da, Pavlenkoni buning uchun ayblab bo‘lmasdi…
… Chiaurelinikidan chiqib ketarkanman, Gelovani ham, Mixail Edisherovich ham, ular uchun stsenariy yozgan Pavlenkoning o‘zi ham bir davrning qurbonlari edilar. Bu davr esa iqtidorli kishilarni o‘z nog‘orasiga o‘ynatishni bilardi.

O‘sha safarimiz chog‘ida Giya Daneliya otasining qarindoshlarinikida ham mehmon bo‘lgan edik. Men rafiqam bilan “Rero” ansambli nog‘orachisi Vaxtang Kikabidze ko‘rigida qatnashdik. Vaxtang Kikabidzeni “Qayg‘urma” filmidagi Benjamen roliga sinab ko‘rishayotgan ekan. Keyinchalik men uni televizor ekranida ko‘rdim. Noyob iste’dod sohibi va dilkash odam.

* * *

Mashhur xonanda va kinoaktyor Vaxtang Kikabidze xotirlaydi (“Drujba narodov”. 1998. №-6): “Menga ayniqsa yoqadigan ikkita qahramon bor… Bular — Xemingueyning Morgani va Tolstoyning Hojimurotidir. Men Hojimurot rolini o‘ynashni orzu qilardim. Shuni o‘ynasam, keyin kinoga tushmasam ham mayli deb o‘ylardim. O‘n besh yil burun Hojimurot haqidagi kino suratga olinmoqchi edi. O‘shanda Georgiy Nikolayevich Daneliya qo‘lida ajoyib stsenariy bor edi, juda ajoyib. Bosh rolga balki meni tanlar deb o‘ylardim. Yoshim ham ayni o‘sha rolbop edi. Lekin stsenariyni o‘tkazishmadi. Rosa janjal ko‘tarildi, baribir o‘tkazishmadi. Shu bilan hammasi tugadi”.
Ana shu ajoyib stsenariyga men ham bevosita aloqador edim. Chunki uni Daneliya bilan birga yozgandim.
Daneliyaning filmi nega yuzaga chiqmaganini endi gapirsam ham bo‘lar.
Bu shunday boshlangan edi. Men stsenariy haqidagi fikrimni V.B.Shklovskiyga 50-yillarning oxirlarida gapirgan edim. Viktor Borisovich ilhomlanib ketdi-da, o‘sha zahoti ariza yozdi. Daqiqa o‘tar-o‘tmas men arizani o‘qiy boshladim. Ariza L.Tolstoy qissasini ekranlashtirish haqida edi. Biror narsa tushuna olmadim, faqat ariza muallifi genial odam ekanligini anglasa bo‘lardi. Lekin Tolstoy qissasiga buning sirayam aloqasi yo‘q edi. V.B.ning arizasiga ko‘ra, Hojimurot dehqon bo‘lgan ekan, u “xonlik” g‘oyasiga qarshi chiqibdi. Bundan esa 70-yillarning hidi kelardi. Noibning imom bilan nizosi tog‘liklarga qarshi urush olib borish uchun rus qo‘shinlariga umuman o‘rin qoldirmagandi. Hojimurot teatrga tushganda esa — bu Meyerxold teatri edi… Hammasi shu atrofidagi gaplar edi, xolos.
Qisqasi, men arizani kinostudiyaga topshirdim, lekin uni rad etishdi. V.B.ning “Don Kixot” haqidagi boshqa arizasining taqdiri ham bundan yaxshi bo‘lmadi. “Gruziya-film” bir necha yil muallif bilan yozishmalar olib bordi. Genial qariyaga hurmat yuzasidan, albatta. Aftidan endilikda bunaqa film ishlamaydigan bo‘lishganga o‘xshaydi. Ha, yosh Shklovskiy davrining “kino fabrika”si o‘tmishda, uzoq o‘tmishda qolib ketganday edi. Servantes bo‘yicha film Chxeidze tomonidan suratga olindi. Unda V.B.ning nomi eslatilmasdi. U butunlay boshqa film edi.
Lekin “Hojimurot” bilan hammasi juda oddiy bo‘ldi. Rad javobini olgach, V.B. mening stsenariyim uchun jon kuydira boshladi. Bu paytda men uni qog‘ozga tushira boshlagandim.
G.Chuxray Giya Daneliyaga men bilan ishlashni taklif etdi. U paytlar Giya meni unchalik yaxshi bilmasdi. Lekin Rasul Hamzatovni yaxshi bilardi. Rasul bu masalani restoranda muhokama qilishni taklif etdi. Mening do‘stim Rasul o‘shandayoq uning bu ishda ishtiroki ramziy bo‘ladi, deb ketma-ket bokal ko‘tarib “Minsk” restoranini gullatardi. Shunday qilib Rasul Hamzatov bu filmda maslahatchi va o‘tkazib beruvchi rolini bajarishi kerak edi. Shuning uchun ham uning nomini titrga chiqarishga kelishildi. Shu tariqa biz Hojimurotning aymog‘i bilan uzoq vaqtgacha ajralishdik.
…Oftob o‘t purkaydi. Biz Giya bilan yarim yalang‘och, sochiqni boshimizga salla qilib, Peredelkinodagi Ijod uyi kottejida maysalarga cho‘zilgancha ijod qilayapmiz. Qattiqo‘l Adabiyot jamg‘armasi Rasulga va menga yo‘llanma berdi. Hamzatov familiyasi bilan Daneliya yashardi.
Bizlarda qog‘oz muqovali Lanser rasmlari bilan bezalgan “Hojimurot” kitobi ham bor edi. Tinmayman, yozganim-yozgan. Giya maysadan uzib chaynaganicha osmondan ko‘z uzmaydi. U jilmaygancha “yaxshi, yaxshi” deb qo‘yardi, men esa quvonib yozishda davom etardim. Oradan biror soat o‘tgach, Giya “endi tanaffus qilish kerak” deb qo‘yardi. Tanaffusdan keyin esa go‘yo hech narsa bo‘lmagandek Giya butunlay boshqa narsani taklif qilib qolardi, o‘lib-tirilib yozganlarimni, garchi menga bebaho tuyulsa-da, yo‘qqa chiqaradi. Avvaliga yozganlarimni himoya qilaman, lekin baribir noiloj qolib yon bosaman, keyin markazda yozilgan hamma narsa ham bebaho bo‘lavermasligiga tan beraman. Giya hamisha haq bo‘lib chiqardi.
Men hamma narsa o‘ta jo‘n va oddiy kechdi deb aytolmayman: men yozardim, Giya o‘chirardi. Ikkalamiz ham o‘z fikrimizni aytardik, nimanidir qisqartirar, nimanidir taklif qilar, nimalargadir shubha bilan qarardik. Farqi shundaki, men albatta qog‘ozga yozib chiqardim, Giya esa hammasini esida saqlar, og‘zaki bir-biriga ulab ketardi. Menga so‘z ko‘rinardi, unga kino, film uchun esa bu, albatta, ustun edi.

Menda qandaydir kinematografik tajriba bor edi. Litva studiyasida mening stsenariyam bo‘yicha “Tunaydigan joysiz tunlar” filmini qo‘yishdi. M.Xutsiyev uni maqtadi. U haqda B.Slutskiy yozdi. Giyaga bo‘lsa, film yoqmadi. Stsenariychi sifatida u menga qisman yoqardi. Lekin bu yerda “Hojimurot” ustida ishlay turib, menga G.Daneliya maktabini o‘tganday bo‘ldim. U meni ko‘p narsaga o‘rgatdi.
Bir kuni Rasul Moskvada paydo bo‘ldi. Yo‘l-yo‘lakay Hojimurotning Shomil bilan uchrashuvining ajoyib sahnasini taklif qildi. Keyin Shomil haqida men bilmaydigan ko‘p narsani gapirib berdi. Aytish kerakki, Buba (Vaxtang Kikabidzeni hamma norasmiy shunday atardi)ni hayratga solgan stsenariy mening noyob manbalardan olgan ma’lumotlarim tufayli “ajoyib” bo‘lib chiqdi. Bu manba Shomilning ad’yutanti xotiralari edi. Uni Shklovskiy safari paytida Angliyadan olib kelgan ekan. Ular V.B.Shklovskiyning Sheremetevkadagi dala hovlisi bilan birga kuyib ketdi. Ko‘pgina noyob kitoblar kuyib kulga aylandi. Mening “She’riyat xaritasi oldida” kitobimning qo‘lyozmasi ham shu yerda yonib ketdi (men uni 1962 yilda qaytadan yozib chiqdim). Men faqat V.Narbutning arxivlari portfelinigina qutqarib qoldim. (Gap shundaki, kurortga ketayotib, Shklovskiy o‘shanda meni uysiz bo‘lganim uchun dala hovlisiga joylab qo‘ygandi. Men o‘sha yerda ishlardim.)
Stsenariy yaxshi chiqdi. Buni qattiqqo‘l Giya ham, ajoyib operator Vadim Yusov ham tan oldi. Studiyadagilar bir ovozdan qabul qilishdi. Hatto Kinematografiya qo‘mitasi ham stsenariyni yuksak baholadi.

Va nihoyat Rasul keldi, bizni SSSR Oliy Sovetining Snegridagi hashamatli oromgohiga stsenariyni o‘qish uchun taklif etdi. Men oxirgi sahnani ko‘chirayotganimda Rasul telefon qilib qoldi va shunday dedi: fikrlar dahosi! Huzurimga “Trud” gazetasining muxbiri kelayapti. U yangi film haqida yozmoqchi. Nima deyay? Men nimanidir aytdim. Rasul go‘shakka xirilladi:
“Namuncha shoshasan”.
Ertasi kuni men “Trud”ni sotib olib o‘qisam:
“L.Tolstoyning mashhur qissasini Dog‘iston xalq shoiri Rasul Hamzatov ekranga olib chiqdi. Sahnalashtiruvchi G.Daneliya. Bosh operator Vadim Yusov”. Keyin film kontseptsiyasini shoir gapirdi, deb qo‘shib qo‘yilibdi.
Yaxshi gapiribdi.
Tushlik paytiga biz Snegriga yetib bordik. Dasturxon to‘la noz-ne’mat va ichimlik. Bazmi jamshid tabiat qo‘ynida tayyorlangandi. Taxtadevor ortidagi qo‘shni dala hovlida baqaloq kishi, maykachan, berilib kuylardi: “Qora ko‘zlar, o, qora ko‘zlar!…”. “Ertalabdan, tushunasanmi… — dedi Rasul va o‘ziga konyak quydi, — mukofotlash bo‘limining boshlig‘i… Foydali odam. Charchadim, deyapti, o‘tgan oyda yarim yillik rejani oshirib bajaribdi… Endi dam olayapti.”
Stol atrofiga o‘tirdik. Rasul stsenariyning yozilib bo‘lgani uchun qadah taklif etdi. Keyin o‘qishni boshlaymiz, dedi.
Bir so‘zli Giya qadahni qo‘li bilan berkitdi: “Uyat emasmi! Volodyani eslamabsan ham-a”. U shunday deb cho‘ntagidan ezg‘ilangan gazetani oldi
Shunda Rasul sira esdan chiqmaydigan bir piching qildi. Mug‘ombirona va hayratli edi pichingi:
— Menga qara. Restoranda kimni yaxshi bilishadi? Apisantkani, shundaymi? Bosh oshpazni kim ham biladi?
Bo‘ldi kulgi, bo‘ldi kulgi, qo‘yaverasiz. Men stsenariyni o‘qishga tushdim, boshidan oxirigacha…
Hammadan ham Rasul berilib tingladi…
Keyin xuddi kinodagidek… men, Giya, Yusov Qrimga uchib ketdik.
Studiya. Suratga olish. So‘ngra Giya, Yusov, guruh — Dog‘iston ovullariga yo‘l olishdi. Suratga olish, tog‘liklarni kinosinovga tushirish. Kiyimlar tikilgan. Giya bosh rol uchun aktyor qidirmoqda. Umar Sharifni chaqirishni orzu qiladi. I.Smoktunovskiy Giyaga sim qoqadi. Bosh rolga judayam talabgor. Mening zavqim ichimga sig‘maydi: “Nega muncha begona yulduzni xohlab qolding? — deyman. — O‘zimizniki bor. Smoktunovskiy bir qarashda to‘g‘ri kelmaydiganga o‘xshaydi. U — daho. Axir u boshqacha qiyofaga kirishning dahosi!”
Giya asta tirjayib qo‘ydi.
Smoktunovskiyga u shunday dedi:
“Kesha, sen Anna Kareninani o‘ynamaysanmi?”
Qolgan ishlarning hammasi joyida, kosmonavtlar aytganidek “ishlar besh”.
Va birdan plenka uziladi, motor to‘xtatiladi…
Nima bo‘ldi? Daneliyaning qo‘pol, tuzatib bo‘lmas xatosi.
U, o‘jar gurji, “Hojimurot”ning ishga tushganini yuvishga qaror qilibdi. Uning Oydinko‘ldagi xonadonida oliy mehmon — Kinematografiya Davlat Komiteti raisining o‘rinbosari — Vladimir Yevtixianovich Baskakov yosh rafiqasi — venger qizi bilan, Rasul Patimat bilan, Yusovlar, Pavel Lebeshev, qandaydir Abdilbiyev — Giyaning tanishi, men to‘plandik.
Tbilisidan keltirilgan chacha o‘zining qora ishini qildi. Egardan birinchi bo‘lib Rasul uchib ketdi. U tog‘liklarning urushi haqida gap suqiyotgan Baskakovga uzoq, xo‘mrayib tikilib turdi. Baskakov bo‘lsa ehtiyotsizlik qilib Rasul uchun avliyolar avliyosi bo‘lgan Checheniston va Dog‘iston imomini qoralab, shoirning izzat-nafsiga tegib ketdi. Og‘ir yarasi yana yangilandi: yosh Rasul, Adabiyot institutining talabasi gunoh qilib qo‘ydi. O‘sha paytdagi rasmiy qarashlar bilan kelishgan holda Shomilni “ingliz josusi” degandi. Buning uchun vijdoni qanchalar qiynaldi. Qanchalar tavba-tazarru qildi…
Endi bo‘lsa bayramona kayfiyatda birdan keskin burilish.
— Sen — ayanchli amaldorsan, — dedi Rasul. — Ertami, indin o‘lib ketasan, sendan nima qoladi? Shomil — buyuk inson. Sen imom bilan, u hatto o‘lgan bo‘lsa ham teng turib gaplasha olmaysan!
Men stol ostidan oyog‘im bilan Rasulni turtib qo‘yaman. Qani endi uni to‘xtatib bo‘lsa… Baskakovning rangi o‘chdi. Yana bir zarbaga uchraydi. Rasul hanuzgacha aqli kirmayotgan amaldorlar haqida gapirayapti. Shoirning fuqarolik pafosini kutilmaganda erini himoya qilishga o‘tgan yosh venger ayoli pasaytiradi. Xonim shoirga uning befarqligi haqida eslatib o‘tdi, hokimiyatga yaqin kishilarga tilyog‘lamalik qilganini uqtirdi. Taniqli adabiyot jallodiga Hamzatov kitob hadya etgani, bag‘ishlov yozganini ham qistirib o‘tdi. Shoirning dastxatini o‘qiy boshladi. Rasul qizarib ketdi. Lekin yangi jangchi kirdi oraga. Bu Patimat edi. Eriga murojaat qilib shirin tovushda:
— Ha, Rasuljon… — dedi. — Sizda ham xatolar bo‘ladi…
Patimat aqlli ayol. U keskinlikni yumshatmoqchi edi, lekin, afsuski, kech bo‘lgandi. Baskakov o‘rnidan turib, davrani tark etdi. Rafiqasi unga ergashdi. Mezbon qarshilik ko‘rsatishga urindi, lekin foydasiz.
Baskakovni ko‘pdan beri bilaman. Bir vaqtlar baland bo‘yli yosh mayor “Litgazeta”ga — huzurimga kirgandi. “Krasniy voin” xodimi, deb tanishtirgandi o‘zini. Bo‘shgina bir retsenziya olib kelgan ekan. Tuzatib, chiqarib yubordim. O‘shandan boshlab Baskakov matbuotda muntazam chiqadigan bo‘ldi. Qo‘mitada ikkinchi shaxs bo‘lgach, qissa e’lon qildi. Qalbida u o‘zini amaldor hisoblamasdi. Lekin Rasulning qilig‘i uning izzat-nafsiga shu qadar tegib ketdiki, uni bu tasavvur ham qilolmasdi.
Momaqaldiroq o‘zini uzoq kutdirmadi. Biz bilan o‘zini yaqin olib, “senlab” gaplashadigan Baskakov meni qo‘mitada do‘q bilan qarshiladi:
— Ruslarga qarshi film qilishlaringga yo‘l qo‘ymayman.
Uni xolis bo‘lishga chaqirib urinishlarim behuda ketdi. Stsenariyni yozgan menman, Hamzatov maslahatchi xolos deb behuda urindim. U shovqin solar, hech kimni pisand qilmasdi. Biz uning shaxsi orqali buyuk millatni haqorat qilgan emishmiz…
Keyingi voqealar absurd spektakli mantiqi bo‘yicha rivojlandi. Film g‘oyaviy nuqtai nazardan to‘xtatildi degan mish-mishlar juda tez tarqaldi. Suslov MKda kino uchun mas’ul Yermashdan norozi ekan degan gap tarqaldi. Keyin mening talablarimga javoban filmning to‘xtatilishiga sabab,“texnikaviy” ekanligini aytishdi. Buni qarangki, “Mosfilm”ning barcha pavilonlari birinchi darajali ahamiyatga molik filmlar bilan band ekan — sovet hokimiyatining 50 yilligiga qizg‘in tayyorgarlik ketyapti! Keyin esa Dog‘iston MK birinchi kotibi o‘rtoq Daniyalov e’tiroz bildiryapti, degan gap chiqdi.
Rasul Moskvada mening Daniyalov bilan uchrashuvimni uyushtirdi. Bu gaplarni eshitib, uning kayfiyati buzildi. Men quvvatlayman, deb va’da berdi.
Daneliyaning uyida janjal chiqishidan oldin biz Chuxray bilan Daniyalov huzurida bo‘ldi, uning filmni qo‘yishdan ikkilanishining haqiqiy sababini bartaraf etdik. To‘g‘risi, kelishuvga erishdik: Daniyalovning VGIKni bitirgan o‘g‘li ikkinchi rejissyor bo‘lishi kerak ekan (ko‘rinib turibdiki, asosiy sabab “siyosiy” emas ekan).
Lekin “Hojimurot”ning sarguzashti davom etardi.
1970 yili men Chernogoriyada taniqli kinostsenariychi Stev Bulaich bilan tanishdim. U ajoyib va mashhur rejissyor Velko Bulaichning ukasi edi. Mening “Hojimurot” haqidagi hikoyam Titograddagi bir teatrga borganimizda yana alanga oldi. Shunda menda filmni Velko ishlaydi, degan g‘oya tug‘ildi. Unda tog‘liklarni chernogoriyalik aktyorlar o‘ynaydi, biznikilar esa ruslarni, deb o‘yladim. Bu paytga kelib Giya film uchun kurashdan butunlay voz kechgandi. Bizning mag‘lubiyatimizdan u juda ham qayg‘uga tushgandi.
Yugoslaviyaga keyingi safar borganimda Velko Bulaich bilan Zagrebda uchrashdim. Bu 1988 yilning 6 mayida bo‘lgan edi. Velko va uning rafiqasi Vlasta meni yozgi qahvaxonada kutib olishdi. Bu paytda u “Yadran-film”ning badiiy rahbari edi. Biz bir necha bor (keyinchalik Moskvada ham) filmni birgalikda qo‘yish to‘g‘risida, agar bo‘lmay qolsa, stsenariyni Yugoslaviya sotib olishi haqida gaplashib olgan edik. Velko mendan SSSRning Yugoslaviyadagi elchisi bilan gaplashib ko‘rishimni so‘radi. U negadir Kamshalov qo‘llab-quvvatlaydi degan fikrda edi. Men esa bunga amin emasdim. Mendan stsenariyni olgan Bulaich uni tarjima qilmoqchi bo‘ldi, chunki ruschani uncha-muncha bilardi. Biz u bilan serbcha-xorvatcha gaplashardik.
Keyingi uchrashuvimizda Bulaich g‘amgin bir ahvolda:
— Sen haq ekansan, — dedi. — Sizning Qo‘mita filmni birgalikda ishlashni xohlamayapti. “Yadran-film” bunaqa murakkab filmni bir o‘zi moddiy jihatdan eplay olmaydi.
80-yillarda menga telefon qilib qolishdi. Go‘shakda notanish ovoz:
— Men rejissyor Sulambek Mamilovman.
Siz Lermontovning “Bela”si bo‘yicha olingan kinoni ko‘rdingizmi? Men Gorkiy studiyasidan sim qoqayapman. Bu yerdagilar Hojimurot haqidagi stsenariyingizni jonlantirsak deyishayapti. Men tog‘liklardanman. Siz bilan ishlashni juda-juda istardim. Studiya shartnoma tuzishga tayyor.
1987 yilning aprelida men ikki seriyali film ustida ish boshladim. Stsenariy qabul qilindi, ma’qullandi. Daneliya mamnunlik bilan titrda: “G.Daneliya ishtirokida” deb yozilishiga rozi bo‘ldi. Shunday qilib ikki seriyali variantda men yolg‘iz muallif bo‘lib qolaverdim.
Rasul bu yangilikka she’r bilan javob berdi, uni Ya.Kozlovskiy tarjima qildi. She’rda boshidan ikki marta judo qilingan tog‘lik noibning baxtsiz taqdiri haqida hikoya qilinardi, uning boshi ikkinchi bor “Goskino”da olingan edi-da! Lekin “Litgazeta”da (3.02.88) garchi filmning taqdiriga endi ishonmasa ham, har ehtimolga qarshi yangi urinishni tabriklab qo‘ydi.
Xuddi shunday bo‘lib chiqdi. Biz kinoni olishga tayyorlanib turuvdik, lekin qo‘mita rejalashtirib qo‘yilgan pulni berishdan bosh tortdi.
Keyin ma’lum bo‘lib qoldiki, Hojimurot haqidagi film Gurjistonda suratga olinar ekan. Uning stsenariysini Adrey Bitov yozibdi, rejissyor esa Georgiy Shengelaya — Giyaning jiyani emish. Andreyga sim qoqdim. U Shengelayadan shunday taklif bo‘lganini tasdiqladi. Keyin qo‘shib qo‘ydi:
— “Hojimurot” men sevgan qissa. Har qanday band bo‘lishimga qaramay, bu taklifni jon deb qabul qilardim. Lekin menga juda yaxshi ma’lumki, bu haqda Ognev yozgan stsenariy bor va bunday qilishga ma’naviy haqqim yo‘q…
Men boshqacha javobni kutmagan ham edim.
Lekin gap Bitov tomonidan “yozilgan” stsenariy haqidagi noto‘g‘ri xabardagina emasdi. Shengeleyaning filmga rejissyor etib tayinlangani ham haqiqatga to‘g‘ri kelmasdi. “Pirosmani”ni sahnalashtirgan bu odam ayni shu kino bilan band bo‘lgan chog‘ida Daneliya “Hojimurot” ustida ishlayotganini yaxshi bilardi. Nima, bu filmning achchiq qismatidan u bexabar edi deysizmi?
G‘azabim oshib, qo‘mitaga, Armen Medvedev huzuriga kirdim. Armen Nikolayevich juda yoqimli inson. U masalani mohirlik bilan chetlab o‘tdi. Mening stsenariyimni, G.Shengelayaning rejissyorlik iqtidorini maqtadi. Mamilov bilan Shengelayani yonma-yon qo‘yib bo‘larmidi, dedi. Men xo‘rsindim. Bahslashish qiyin edi. Medvedev Shengelaya bilan uchrashib, gaplashib ko‘r, dedi.
— Bu sotqinlik bo‘lar edi, — dedim xulosa qilib.
Lekin baribir vaziyatni aniqlash maqsadida Shengelayaning tashabbusi bilan Moskvada Gurjiston savdo vakolatxonasining mehmonxonasida uchrashdik. Ming afsus, dedi Georgiy: “Yaxshi bo‘lmadi, yolg‘on xabar pand berdi. Endi nima ham qila olardik. Mashina ishga tushib ketgan, sizning mening filmimda ishtirok etishingizni juda istardim”. Shengelayaning yonida Erlom Axvlediani ham o‘tirgan edi. Men uni bilardim. Noyob iste’dod sohibi. U “Pirosmani”ning rejissyori edi. Men hamkorlik qilishdan bosh tortdim. Men rozi bo‘lgan taqdirda ham ikkalamiz bir qo‘shga yaramasligimizni yaxshi tushunardim. Erlomning tog‘lik qahramon haqidagi filmi ertak bo‘lib qolaveradi. Bu mening tarixga va insonga tolstoycha qarashimga umuman aloqasi bo‘lmay qolardi.
G.Shengelaya buyurtma oldi, unga xorijiy kinostudiyalar yordam berajagi haqida gapirdi. U Slovakiya, GFR, Italiya hamkorlik qilishga rozi bo‘lganini, Hojimurot rolining yagona ijrochisi deb sanalgan Amerika kinoyulduzi — Robert de Niro bilan muzokaralar olib borilayotgani haqida yozdi.
Yillar o‘tdi. G.Shengelaya boshqa filmlar ishladi. “Hojimurot” haqida gap ham yo‘q edi…
Keyin Checheniston voqealari yuz berdi…
Olamda bundan qayg‘uliroq voqea yuz bermagandi.

“Drujba narodov” jurnalining 2000 yil 10-sonidan olindi.

Fayzi Shohismoil tarjimasi.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2003 yil, 5-son