ORTIQOYNING QUTLUG‘ QADAMI
Ortiqoyni 1952 yilning bahorida qamoqdan ozod qilishganida yonida bir tiyin ham puli yo‘q edi. Shunda yo‘lkira topish ilinjida Magadandagi yotoqxonalardan biriga vaxtyor bo‘lib ishga kirdi.
Oradan bir yarim-ikki oycha fursat o‘tgach, lagerda «birga bo‘lgan dugonasi Galina qamoqdan ozod bo‘ldi. Shunda Galinani Magadanning Zaberejniy degan mavzeida yashaydigan dugonalarining kvartirasida kutib oladigan bo‘lishdi. Ortiqoy latish Vera degan dugonasi bilan Zaberejniyga borayotib, ul-bul olish uchun yo‘ldagi oziq-ovqat do‘koniga kirdi. Shunda do‘konda baland bo‘yli, qaddi-qomati kelishgan, farg‘onalik ekanligi shundoqqina bilinib turgan kishini uchratdi. Uning salobatidan bir oz sarosimaga tushib, salom berdi:
— Assalomu alaykum!
— Vaalaykum assalom! — notanish kishining yuziga tabassum yugurdi. — Hamyurtimni ko‘rganimdan mamnunman. Mumkin bo‘lsa tanishaylik… Meni To‘xtasin Jalolov deydilar. Marg‘ilonda tug‘ilganman, Shahrixonda o‘sganman. Adabiyotshunos olimman. Ozodlikdagi oxirgi faoliyatim «Qizil O‘zbekiston» gazetasi tahririyatida bo‘lgan. Hozir o‘n yillik qamoq muddatini tugallab, bu yerdan bir yarim chaqirim naridagi o‘tin omborida qorovul bo‘lib ishlayapman.
Ortiqoy ham hamyurti bilan uchrashganligidan xursand ekanligini ta’kidlab, o‘zining Bo‘stonliq tumani Xo‘jakent qishlog‘ida tug‘ilib-o‘sganini, olti yillik qamoq muddatini tugallab, Magadandagi yotoqxonalardan birida vaxtyor bo‘lib ishlayotganligini aytdi.
— Hozir qayoqqa boryapsizlar? — dedi To‘xtasin aka.
— Bugun bir dugonamiz qamoqdan ozod bo‘ladi. O‘shani kutib olish uchun Zaberejniydagi teng-to‘shlarimiznikiga boryapmiz.
— Yaxshi.
Ortiqoy To‘xtasin aka bilan iliq xayrlashib, Vera ikkisi ketdi. Zaberejniydagi dugonalarinikida oqshomgacha o‘tirishdi. Bir mahal qaytmoqchi bo‘lib tashqariga chiqishsa, darvoza oldida To‘xtasin aka turibdi. U Ortiqoyni kulbasiga taklif etdi.
— Siz uchun ataylab dasturxon tayyorladim, hamyurt ekanmiz, ozgina suhbatlashgim bor.
Iltimosni rad qilishning hech iloji bo‘lmadi. Ortiqoy To‘xtasin akaning uyiga borishga rozi bo‘ldi.
Keyin ma’lum bo‘lishicha, Ortiqoy dugonasi bilan magazindan chiqqanida To‘xtasin aka ularning ortlaridan kuzatgan va qaysi eshikka kirishganini bilgan ekanlar. Shundan keyin Magadan portidagi katta oshxonada ishlaydigan do‘sti Mirmajid Zokirovning oldiga borib, bo‘lgan gapni aytib, mehmon kutish uchun tayyorgarlik ko‘rishibdi.
O‘tin omborining qorovulxonasi To‘xtasin akaning kulbasi ekan. Shu kulbaga kichik dasturxon yozilib, nozu ne’matlar qo‘yilgan edi. Dasturxon ustida suhbat boshlanib ketdi. To‘xtasin aka Ortiqoydan qamalmasdan ilgari nima ish bilan shug‘ullanganligini, nima sababdan hibsga olinganligini so‘radi.
— Urush boshlanganda yettinchi sinfni bitirib, qishlog‘imizdagi Stalin nomidagi kolxoz dalasida ishlayotgan edim. Qishloqdagi barcha yigitlar frontga ketdi. Hatto chollar ham qolmadi — ularning soch-soqollarini qirtishlab oldirib, ishchi batalonlariga jo‘natishdi, — dedi Ortiqoy. — Kolxozdagi mehnatning barcha og‘irligi xotin-qizlar va o‘smir bolalar yelkasiga tushdi. Omoch qo‘shib yer haydagan, mola bosgan, g‘alla yanchgan, tayyorlov punktiga arava-arava don tashib, 60-65 kilogrammli qoplarni ko‘targan paytlarim bo‘ldi. Mehnatim rahbarlarga ma’qul bo‘ldi shekilli, meni partiyaga o‘tkazishib, yuqoriroq vazifaga — qishloq Sovetining kotibligiga ko‘tarishdi. Keyin kolxoz partiya tashkiloti kotibasi, ombor mudiri bo‘ldim.
1945 yilda urush tugagach, omon qolgan erkaklar frontdan qaytib kela boshladilar. Shunda mening o‘rnimga ko‘z tikkan odamlar paydo bo‘ldi. Omborni ig‘vogarona taftish qilib, 450 so‘m kamomad yozishdi. O‘zingizdan qolar gap yo‘q, urush boshlangach, kun ko‘rish qiyin bo‘lib qoldi. Shunda ikki-uch odam qaytarib berish sharti bilan ombordan don olgan, men esa ularning lafziga ishonib, bu ishni hujjatlashtirib qo‘ymagandim. Taftish boshlanganda ular ombordan mahsulot olganlarini tan olishmadi. Keyin bilishimcha, bu atayin uyushtirilgan ish ekan.
— 450 so‘m katta kamomad emas-ku? Adashmasam, o‘sha paytda bu pulga to‘rt-besh kilogramm g‘alla berardi.
— Urush bosilgach, Stalinning maxsus buyrug‘i chiqib, unda kamomad qilganlarning aybini uch baravar oshirib yozish va shunga yarasha jazolash ko‘rsatilgan ekan.
— Siz kommunist bo‘lgansiz-ku? Bu masalaga raykomdagilar qanday qarashdi?
— Raykomning birinchi kotibi yaxshi odam ekan. U byuro majlisidan avval meni huzuriga chaqirtirib: «Ortiqoy, sening mehnatkash, halol ayolligingni bilamiz. Ammo har bir ishda kamchilik ham bo‘ladi. Sen aybingni bo‘yningga olib, uzr so‘rab, tilxat yozgin, biz seni qamoqdan olib qolishga harakat qilamiz», — dedi.
— Siz nima dedingiz?
— O‘sha kezda o‘zimga nisbatan qilingan dushmanchilikdan juda darg‘azab edim. Shu bois, o‘jarlik qilib: «Tilxat yozmayman, partiyadan uzr so‘raydigan ish qilganim yo‘q», — dedim. Shundan keyin meni raykom byurosida partiyadan o‘chirib, ertasi kuni qamoqqa olishdi.
— Turmush qurganmidingiz?
— Turmush qurganman. Ammo qamalganimdan keyin bir yilcha o‘tgach, turmush o‘rtog‘im xat yozib, mahbuslikda bo‘lgan ayol bilan yasholmasligini, shu bois, uylanishga qaror qilganligini, undan umidimni uzishimni ma’lum qilgan.
— Nomard!.. Ota-onangiz bormi?
— Otam 1933 yilda qahatchilikda vafot etgan, onam bor…
— Oilada necha farzandsizlar?
— To‘rt farzand edik. Hozir bir o‘zimman. Ikki akam urushda halok bo‘lishdi. Ukam Anorboy urush yillari fabrika-zavod bilim yurtini bitirib, Qozog‘istonning Qoraqandi shahridagi korxonaga ishga yuborilgan edi. U o‘sha joyda kasalga chalinib, vafot etdi.
— Hozir onangiz kim bilan yashaydi?
— Bo‘stonliqdagi uyimizda yolg‘iz o‘zlari yashaydilar.
Ortiqoyning hikoyasidan To‘xtasin aka qattiq ta’sirlandi, unga ich-ichidan achinib:
— Ayol boshingiz bilan hayotning shuncha zarbasiga chidagan sizga ham, onangizga ham rahmat, singlim! — dedi nihoyat.
— Sizni nima uchun qamashgan?
— Menga siyosiy ayb qo‘yishgan. Boya aytganimdek, qamalmasimdan avval «Qizil O‘zbekiston» gazetasida adabiyot va san’at bo‘limining mudiri edim. Olim va yozuvchi sifatida ijodiy jamoatchilik o‘rtasida yaxshigina obro‘yim bor edi. Kutilmaganda hammasidan ayrildim. Bir kuni ishdan keyin Shayxontohurdagi choyxonada oshna-og‘aynilar bilan dam oldik. Shunda yozuvchi Abdulla Qodiriy haqida gap bo‘ldi. Men: «Abdulla Qodiriy ulug‘ yozuvchi, uni noto‘g‘ri qamashdi», — dedim. Shu gapimni o‘zim bilan birga ishlaydigan hamkasbim tegishli idoraga yetkazgan. Ertasi kuni kechasi uyimga maxsus xizmat mahkamasi xodimlari kelishib, tintuv o‘tkazishgach, meni olib ketishdi. «Milliy ittihod» jamiyatining a’zosisan, degan ayb qo‘yishdi. Vatan, xalq oldida tariqday ham aybim bo‘lmay turib, o‘n yil qamoqda o‘tirdim, hozir surgundaman.
— Qayerlardagi qamoq lagerlarida bo‘ldingiz?
— Bu mamlakatda qamalganlar ham, qamoq lagerlari ham ko‘p ekan. O‘zbekistonning janubidagi, Qozog‘istondagi, Udmurtiyadagi, Tayshetdagi qamoq lagerlarida bo‘ldim. Magadanga kelmasimdan avval Tayshetda bo‘lganman. U yerda bir ko‘ngilsizlik bo‘lib, bu yerga kelib qoldim.
— Nima bo‘ldi?
— Lagerdagi oshxonada oshpaz edim. Bir kuni lagerdagi o‘g‘rilardan uch nafari huzurimga kelib, pichoq o‘qtalishdi: «Go‘sht konservasidan bizga muntazam berib turasan, aks holda, hayotdan umidingni uzaver», — deyishdi. O‘zingizga ma’lum, lager sharoitida go‘sht konservasi o‘ta taqchil oziqa. Men ularga dabdurustdan qarshilik qilmadim: «Mayli, yuringlar, go‘sht konservasi olib beraman», — deb oshxona omboriga boshladim. O‘g‘rilar ortimdan ergashishdi. Yo‘lakda borayotib, yerda yotgan uzun sopli boltani ko‘rdim-u, niyatim buzildi. Uni shart oldim-da, orqamga o‘girilib, birinchi o‘g‘rining yelkasidan chopdim, keyin ikkinchisini quvib yetib, ag‘dardim. Hovlida uchinchisini quvib borayotganimda, nazorat minorasida turgan soqchi osmonga ogohlantiruvchi o‘q uzdi. Noiloj, to‘xtashga majbur bo‘ldim.
Bir zumda lager to‘s-to‘polon bo‘lib ketdi. Soqchilar yetib kelib, qo‘limga kishan solib, qamab qo‘yishdi. Alohida bo‘lim xodimlari meni uch kun so‘roq qilib, haqiqatni aniqlashdi. «Davlat mulkini o‘g‘rilardan himoya qilibsiz. Yaxshi. Aybingiz yo‘q ekan, — deyishdi. — Endi sizni bu yerda qoldirib bo‘lmaydi. O‘g‘rilarning sheriklari o‘ch olishlari mumkin». Shunday qilib, Magadanga kelib qoldim. Asli meni bu yerdan ming kilometr olisdagi Ust-Neru degan joyga jo‘natishmoqchi edi. Mahbuslar tdrqatiladigan lagerda o‘t o‘chiruvchilar komandasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan Mirmajid Zokirov degan hamyurtim mening shu yerda qolishimga yordam berdi. Hozir u qamoq muddatini tugallab, Magadan portidagi katta oshxonada oshpazlik qilyapti. Mirmajid mening shu yerda orttirgan yaxshi do‘stlarimdan.
Ular ancha vaqtgacha gurunglashdilar. Suhbat so‘ngida To‘xtasin aka Ortiqoyga birga turmush qurishni taklif qildilar.
— Toshkentda oilangiz bordir, ular nima bo‘ladi? — dedi Ortiqoy.
— Bu borada ham siz singariman. Men qamalgach, xotinim kutmay, turmush qurib ketdi. Hotirjam bo‘llng, Siz bilan bir umrga turmush quraman.
…Ko‘p o‘tmay, o‘tin omborida kichkina to‘y bo‘ldi. Kuyov va kelin to‘yga Magadanda orttirgan yoru birodarlarini taklif etishdi. Ular orasida To‘xtasin akaning qozog‘istonlik olim do‘sti ham bor edi. O‘sha kishi ularni nikohladi:
Ular turmush qurishganiga hali bir oy ham bo‘lmagan edi. Bir kuni Ortiqoy ishdan qaytganida eri uni xursand bo‘lib kutib oldi. «Ortiqoy, — dedi u yuzida tabassum bilan, — sening poyqadaming yoqdi, xizmat pillapoyasidan ko‘tarildim: qorovullikdan o‘tin ombori mudirligiga o‘tkazishdi!» Ortiqoy xursand bo‘lib, erini tabrikladi.
Tor qorovulxona oilaviy sharoit uchun nobop edi. Uy sotib olaylik deyishsa, mablag‘lari yo‘q. Er-xotinning arzimas maoshi qorindan ortmaydi. Nima qilish kerak? Iloji topildi. Yakshanba kunlari er-xotin o‘rmonga borib, brusniki terib, Magadan bozorida sota boshlashdi. Hosili mayda, qip-qizil, shirin bo‘ladigan bu yovvoyi mevadan yaxshi murabbo tayyorlasa bo‘lar, shu bois, xaridorlar uni suyib xarid qilishar edi.
Hademay, er-xotin yetti yuz so‘m pul to‘plab, shahar yaqinidan sakkiz sotixcha hovlisi bo‘lgan ikki xonali uy sotib olishdi. Keyinroq bu uy yoniga yana bir xona qurishdi. Turmushlari ancha izga tushib ketdi.
Ozodlik
Magadan aholisi, asosan, mahbuslikdan ozod bo‘lib, turli sabablar bilan shu yerda o‘rnashib qolgan kishilardan iborat edi. Shimoldagi bu olis port shaharga yiliga to‘rt-besh kema qatnab, dengiz suvi muzlagach, kema harakati to‘xtar edi. Insonday yashash, madaniy hordiq chiqarish uchun deyarli hech qanday sharoit yo‘q bo‘lgan shaharning iqlimi bag‘oyat sovuq bo‘lib, yozda yerning bir qarichcha qatlami erib, osti muzligicha qolaverar edi. Qishning chirsillama paytlari qorning qalinligi qariyb ikki metrga, sovuq esa 55-60 darajaga yetardi. Surgunda yurgan kishilarni tug‘ilib-o‘sgan yurt, yoru do‘stlar sog‘inchi qiynar edi. «Farg‘onamning mevazor bog‘larini, sharqirab oqqan soylarini yana bir bor ko‘rarmikanman? Yoki shu sovuq o‘lkada qiynalib yashab, nom-nishonsiz o‘lib ketarmikanman? — derdi To‘xtasin aka ba’zan umr yo‘ldoshiga. — Kim edim-u, kim bo‘ldim? Qaysi gunohlarimga Alloh meni shu qadar qattiq jazoladi?»
Ortiqoy opa esa eriga sabr qilishni, noumid bo‘lmaslikni uqtirib, tasalli berardi, ruhini ko‘tarishga, ayniqsa, u kishi jinday sarxush bo‘lgan paytlarda nihoyatda shirin gapirib, ranjitib qo‘ymaslikka harakat qilardi.
Shu orada alhol, Stalin vafot etdi. Beriya hibsga olinib, begunoh sovet kishilarining jallodi sifatida otib tashlandi. Shunda Ortiqoy eriga shunday dedi:
— Olimman, o‘zbek adabiyotiga ancha xizmat qilganman, meni aybsiz qamashgan keyapsiz, nega tegishli joylarga shikoyat qilmaysiz?
— Yozib-chizib charchaganman, hech nafi bo‘lmagan.
— Zamon o‘zgardi. Hukumatga yangi-yangi odamlar kelishdi. Yana bir yozib ko‘ring-chi, zora bu gal nafi tegsa.
Shundan keyin To‘xtasin aka yana Moskvaga shikoyat xati yozdilar. Oradan birmuncha fursat o‘tib, xatga javob keldi. Unda: «Shikoyatingiz ko‘rib chiqilyapti, bizga ish joyingizdan ta’rifnoma yuboring», — deyilgan edi. Bu yaxshilik alomati edi.
O‘tin ombori ma’muriyati yaxshi ta’rifnoma yozib berdi. To‘xtasin aka uni darrov Moskvaga jo‘natdilar. Oradan yana bir oz muddat o‘tib, To‘xtasin akani Moskvaga chaqirdilar. U yerda jafokash bu insonni yaxshi qabul qilishib, unga shunday deyishibdi:
— Sizning delongizni ko‘rib chiqdik, hech bir gunohingiz yo‘q ekan. O‘n besh yil behuda qamoq va surgun azobini tortibsiz.
— Endilikda buning uchun men kimni aybdor hisoblashim kerak? Azob bilan o‘tgan bu yillarning tovonini menga kim to‘laydi?
— Har holda biz emas… O‘zbekistonda Sizga kim tuhmat qilgan, kimlar sud qilib qamagan bo‘lsa, o‘shalarga da’vo qilishingiz mumkin.
— Javobingiz uchun rahmat!
To‘xtasin aka Moskvadan rafiqasiga telegramma yubordi. Bu paytda Ortiqoy Bo‘stonliqda edi. Mehnat ta’tiliga chiqib, yolg‘iz yashayotgan onasini Magadanga olib ketish uchun qishlog‘iga kelgan edi. To‘xtasin aka o‘z telegrammasida surgundan ozod bo‘lganligini, Ortiqoyga Magadanga qaytmay, Bo‘stonliqda tura turishni, yaqinda o‘zi ham O‘zbekistonga borib qolishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.
Shunday qilib, To‘xtasin aka 1955 yil yanvar oyida batamom oqlanib, Toshkentga qaytib keldilar. Dastlab qamalmasidan avval o‘zi ijarada turgan Shayxontohurdagi Parpixo‘ja akaning uyiga tashrif buyurdi. Xonadon egalari og‘ani o‘z qadrdonlaridek kutib olishdi. Lekin bu paytga kelib ular ko‘payishib, jo‘jabirday jon bo‘lib qolishgan ekan. Shu bois, u yerda bir-bir yarim oy turgach, boshqa joy topib chiqib ketishga to‘g‘ri keldi. Lekin To‘xtasin aka bu oila bilan do‘stlik aloqalarini bir umr uzmadi.
Ish axtarib
To‘xtasin aka surgundan qaytgach, dastlab Toshkentda ishlari yurishmadi. To‘rt oy mobaynida u kishi ish so‘rab kirmagan idora qolmadi hisob. Hamma joyda og‘aning iste’dodini tan olishsa ham, sobiq «siyosiy mahbus»ni ishga qabul qilishga o‘zlaridan xavfsirashar, «yuqoridan bir ishorat bo‘lsa, bajonidil ishga qabul qilar edik», mazmunida javob berar edilar.
Biror ishorat umidida og‘a O‘zbekiston SSR Oliy Sovetiga murojaat qildilar. Oliy Sovetning o‘sha vaqtdagi raisi uch oygacha u kishini qabul qilishga botinmadi. Oxirida qabulxona kotibi orqali Markazqo‘mga murojaat qilsin, deb tayinladi.
To‘htasin aka 1955 yil 30 aprelda Markazqo‘mning birinchi kotibi Amin Niyozov qabulida bo‘ldilar. U kishi hol-ahvol so‘radi. To‘xtasin aka bo‘lgan voqeani qisqacha sharhlab, muddaoga ko‘chib, shunday dedilar:
— Boshimga bu musibat tushguncha «Qizil O‘zbekiston» gazetasining adabiyot va san’at bo‘limi mudiri edim. Qonunga muvofiq, men yana o‘z o‘rnimda ishlashim lozim. Biroq gazeta muharriri o‘rtoq Ibrohim Rahim bu qonuniy ishga botinqirmay turibdilar. Agar siz bir og‘iz dalolat qilsangiz, Ibrohimjon so‘zingizni qaytarmas, adolat tantana qilar, men sho‘rlikning o‘n besh yilga cho‘zilgan iztiroblarimga chek qo‘ygan bo‘lardingiz.
— Talabingiz shuginami? — so‘radi Amin Niyozov.
— Shugina, o‘rtoq Niyozov.
Niyozov shu zahoti Ibrohim Rahimga qo‘ng‘iroq qilib: «Hozir o‘rtoq Jalolov oldingizga boradi, bu kishini o‘z lavozimiga tayinlang», — deb buyurdi.
To‘xtasin aka Niyozovga qayta-qayta tashakkur aytib, to‘g‘ri «Qizil O‘zbekiston» gahririyatiga bordilar. Biroq Ibrohim Rahim u kishini odatdagidan sovuqroq qabul qildi. Holbuki, To‘xtasin aka aksini kutgan edi. Bu ham yetmaganidek, to‘rt oydan beri stoli tortmasida yotgan arizasiga: «O‘rin yo‘q, qabul qilolmayman», — deb yozdi-da, qo‘llariga qaytarib berdi. To‘xtasin aka hayron bo‘lib xonadan chiqib ketdilar.
1955 yil 7 may kuni Niyozovning yordamchisi Vostrikovga yo‘liqdilar. U kishi bilan oralarida shunday suhbat bo‘lib o‘tdi:
— Siz aqlli odamsiz. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, o‘n besh yil turmada yotib chiqqan mahbusni mafkura sohasiga ishga olib bo‘ladimi?!
— O‘rtoq Niyozov shunday ishga rozi edilar-ku?!
— Bo‘lmagan gap! Niyozov Ibrohim Rahimga sizning oldingizda bir xil, siz ketgach, ikkinchi xil ko‘rsatma berdi.
— Ya’ni, men yubordim, sen ishga olma, deb qo‘ng‘iroq qildimi?
— Xuddi shunday.
— Demak, meni mafkura sohasiga yo‘latmaysiz? Vostrikov yana bir narsa demoqchi bo‘libdi, lekin To‘xtasin akaning toqati toq bo‘lib, undan yuz o‘girib, orqaga qaytibdi.
* * *
Moskva shahri. KPSS MK Birinchi kotibi N. S. Xrushchevga
ARIZA
Men O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi kotibi Sulaymon Azimov bilan birga qamalganman. Yaqinda biz oqlandik va Toshkentga qaytib keldik. Ixtisos bo‘yicha adabiyotshunosman, ilgari Toshkent shahar oliy o‘quv yurtlarida lektsiya o‘qiganman. Keyinroq «Qizil O‘zbekiston» gazetasi tahririyati adabiyot va san’at bo‘limining mudiri etib tayinlandim. Adabiyotshunos sifatida o‘zbek sovet adabiyognning rivojida salmoqli hissam bor.
Mening «Adabiyot tarixi» darsligim (pedagogika institutlari uchun) hatto hibsga olinganimdan keyin ham mening familiyamsiz nashr qilingan va hozir ham asosiy darslik hisoblanadi..
Buni qarang, mening jismim qamoqda bo‘lganida, miyam auditoriyalarda qolgan. Bu meni xarob qilmoqchi bo‘lganlar uchun sharmandalik-ku! Men shundan juda mamnunmanki, faol ijtimoiy hayotdan surbetlarcha surib tashlaganlariga qaramay, men bari bir sotsialistik qurilishda ishtirok etyapman, kommunizm quruvchilari safini tark etganim yo‘q. Buni anglash mening o‘z muhitimdan bir pog‘ona yuqori bo‘lishimga yordam berdi.
Hozir men faoliyatga intilyapman, mehnat qilishni istayman, iloji boricha tezroq dissertatsiya yoqlab, o‘z do‘stlarimga yetib olishni istayman, lekin o‘zlariga qandaydir gap tegab qolishidan qo‘rqib, hech bir joyda meni ishga olishmayapti.
Qayerga murojaat qilmay, hamma joyda meni maqtashadi, qobiliyatli xodim deb hisoblashadi, lekin O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi yoki O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining roziligini talab qilishadi.
Afsuski, to‘rt oy mobaynida men O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasidan ham, O‘zbekiston SSR Oliy Sovetidan ham bunday rozilikni ololmadim.
Shunday qilib, Nikita Sergeevich, o‘zim buni istamagan holda Sizga murojaat qilishga majbur bo‘ldim. Men shaxsan Sizdan quyidagilarni bylishni istayman:
- O‘zim tanlagan soha sifatida mafkura jabhasida ishlay olamanmi?
- Meni gazeta, jurnallar tahririyatlari yoki nashriyotlarga ishga qabul qilish mumkinmi?
- Men oliy o‘quv yurtlarida adabiyotdan dars bera olamanmi?
Agar shu mumkin bo‘lsa, O‘zbekiston Kompartiyasi Jarkaziy Qo‘mitasi kotibi o‘rtoq Niyozovga ko‘rsatma berishingizni iltimos qilaman, u mening kun ko‘rishimga imkon bersin, mening qayerda ko‘proq foydam tegsa, o‘rtoq Niyozov menga o‘sha sohadan ish bersin. Gazeta va jurnallarning tahririyatlarida, til va adabiyot institutlarida, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Sharqshunoslik institutida ishlasam, jamiyatga ko‘proq nafim tegadi.
Hozir Toshkent shahrida moddiy jihatdan qiynalib, ma’naviy ezilib yuribman.
Nikita Sergeevich, iltimos qilaman, menga hayotga yo‘llanma bering, xarob bo‘lib o‘lib ketishdan asrang.
Iltimos bilan, (T. Jalolov).
1955 yil, 17 may. Toshkent shahri».
To‘xtasin aka ushbu arizasini Moskvaga yuborib, bolaligi o‘tgan shahar — Shahrixonga jo‘nadilar. U yerda qarindosh-urug‘lar, yor-do‘stlar va shogirdlar to‘planishdi. Shogirdlarining aksariyati tumanning mas’ul xodimlari ekan. Ular tuman partiya qo‘mitasining birinchi kotibi Dadash Ibrohimov huzuriga kirib, To‘xtasin akani g‘oyibona u kishiga tanishtirdilar va Shahrixonda olib qolishni iltimos qildilar.
Dadash aka vallamat kishi ekan. Qabulga kirgan kishilarning To‘xtasin aka haqidagi fikr-mulohazalarini eshitib, bunday dedilar: «Aytishlaringga qaraganda, u domla biringizga do‘st, biringizga ustoz ekan. Gunohi bo‘lsa, qamoqxonadan chiqarishmasdi, modomiki, chiqarishibdilar, demak, gunohi yo‘q. Men roziman, xohlagan ishiga tayinlashingiz mumkin».
To‘xtasin aka Shahrixonga borgan birinchi kundanoq yetib kelgan bu xushxabar u kishining ruhini ko‘tardi. Qarindoshlar, yoshlik qadrdonlari ham sevinishdi.
Biroq To‘xtasin aka Shahrixonga borganlarining o‘n uchinchi kuni respublika Markazqo‘midan va Madaniyat vazirligidan ketma-ket telegrammalar oldilar. Unda Toshkentda u kishini sabrsizlik bilan kutayotganlari aytilgan edi. To‘xtasin aka Toshkentga qaytib, aeroportdan Markazqo‘mning mafkura bo‘limiga — Rahmonqulovga qo‘ng‘iroq qildilar. Rahmonqulov: «Zudlik bilan madaniyat vaziri Qo‘chqorovga uchrashing», — dedi.
Qo‘chqorov To‘xtasin akani ochiq chehra bilan kutib olib, ko‘z oldilarida O‘zbekiston Davlat nashriyotining direktori Fayzulla Yunusovga qo‘ng‘iroq qildi: «Fayzulla aka, — dedi vazir, — hozir To‘xtasin Jalolov domla huzuringizga boradilar. U kishini muharrirlik laaozimiga qabul qilib, buyruq chiqarasiz va natijasini menga aytasiz, men esa Markazqo‘mga yetkazishim lozim. Masala ravshanmi?»
Shundan keyin To‘xtasin aka Qo‘chqorovga tashakkur aytib, nashriyotga qarab ketdilar. U kishi yetib borgunlaricha, muharrirlik lavozimiga qabul qilinganliklarn haqidagi buyruq devorga osib qo‘yilgan ekan. Bu voqea 1955 yylning iyun oyida bo‘ldi.
To‘xtasin aka O‘zbekiston Davlat nashriyotida 1961 yilgacha mehnat qildilar. Keyin Davlat badiiy nashriyotida katta muharrir, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi til va adabiyot instntutida ilmiy xodim, «Sharq yulduzi» jurnalida adabiy xodim lavozimlarida ishladilar.
1955-67 yillar To‘xtasin akaning ilmiy-adabiy hayotida eng sermahsul yillar bo‘ldi. Bu yillarda «O‘zbek shoiralari» (1959 y.), «Xamsa» talqinlari» (1960 y.), «Pahlavon Mahmud» (1961 y.), «Oltin qafas» (1962 y.), «Yashasin tabassum» (1966 y.) asarlarini nashr ettirdilar.
Xuddi shu davrda badiiy tarjima sohasida ham anchagina ish qildilar. Jumladan, Rabindranat Tagor tanlangan asarlarining birinchi jildi («Halokat» romani), ikkinchi jildi (hikoyalar), «Hind ertaklari», Sotim Ulug‘zodaning «Yoshligimiz tongi» romani, «Gavhari shabchiroq» komediyasi, Sadriddin Ayniyning «Esdaliklar»i (Sh qismi). V. Smirnova-Rakitinaning «Abu Ali ibn Sino» qissasini o‘zbek tiliga o‘girdilar. Bulardan tashqari, bu davr mobaynida 30 ga yaqin kitobni tahrir qildilar.
To‘xtasin aka o‘zbek va tojik tillarini puxta biladigan adib edilar. Demak, ikki madaniyat, ikki adabiyotning komil huquqli vorisi edilar va shu bilan faxrlanardilar.
Adib 1955 yilda (Stalin vafot etib, uning xatolari to‘g‘rilana boshlangandan keyin) siyosiy mahbus sifatida oqlandi. Ammo hayotda Stalin jisman yo‘q, uning siyosati qoralangan bo‘lsa ham stalinizm mavjud edi. U har qadamda «sobiq mahbus»ning erkin faoliyat ko‘rsatishiga, qulochini keng yoyib ijod qilishiga xalaqit berardi.
Adibning oqlangandan keyingi birinchi katta asari — «O‘zbek shoiralari» adabiyotimizda muhim yangilik bo‘ldi. U nashr etilishi bilan kitob do‘konlari javonlarida ko‘p turmay, qisqa vaqtda sotilib ketdi. Adabiyot shinavandalari uni qo‘lma-qo‘l qilib o‘qidilar. Muallif kitobxonlardan o‘nlab minnatdorchilik maktublari oldi. Aynan shu kitobdan so‘ng ijodiy jamoaning adibga bo‘lgan munosabati o‘zgarib, unga ilgarigidek «ola» qarashlarga chek qo‘yildi, barcha tahririyat va nashriyotlarning eshiklari muallif uchun keng ochildi. U ijodkor do‘stlari safidan munosib o‘rin egalladi.
Mana, «O‘zbek shoiralari» haqida kitobxonlar yozgan fikrlardan ayrim namunalar:
«Qadrli og‘amiz To‘xtasin Jalolov!
«O‘zbek shoiralari»ni zo‘r sevinch va hayajon bilan o‘qidim. Siz uzoq o‘tmishda zulmat ichida oftobga intilgan, asoratdan sarv qadlari xam, jo‘shqin qalblarida hasrat-alam, gul yuzlari va kipriklarida nam, kishanli qo‘llarida qalam bilan ijod etgan o‘zbek shoiralari yaratgan duru gavharlarni bir galereyaga to‘plab ulug‘ ish qilibsiz.
Ayollar olamiga ko‘rsatgan bu hurmatingiz, o‘zbek adabiyoti xazinasi kemtigini to‘ldirganingiz uchun bir oddiy o‘zbek ayoli, sovet ayoli sifatida Sizga tashakkur bildirmasdan o‘tolmayman. Ming rahmat Sizga, To‘xtasin aka!
Saodat ShAMSIEVA, Toshkent, 1960 yil 18 yanvar.»
To‘xtasin aka «O‘zbek shoirlari»ni yozishni qamalmaslaridan ilgari rejalashtirgan edilar. Qamoqdan qaytgach, darhol bu ishga kirishdilar. Ammo bu ishda qudratli bir homiyga muhtoj bo‘ldilar. Ana shu tashvishli, hayajonli paytda u kishining ko‘z o‘ngida adabiyot osmonining to‘lin oyi, muhtaram Oybek siymosi namoyon bo‘ldi. To‘xtasin aka bu alp adibni ko‘pdan beri — «Qutlug‘ qon» romani qo‘lyozma holida muhokama qilingan kundan beri bilar, shu roman haqida ilk maqola muallifi ham edilar.
Darhaqiqat, O‘zbekistonda Oybekdan qudratliroq homiy yo‘q edi. To‘xtasin aka shu kishidan himoya so‘rashga ahd qildilar.
To‘xtasin aka «O‘zbek shoiralari»ning qo‘lyozmasini qo‘ltiqlab, Oybek huzuriga borganida yozuvchi xonadonidagilar uni yaxshi kutib olishdi. Bir haftadan keyin xabar olishni iltimos qilishdi. To‘xtasin aka minnatdorchilik bildirib qaytdi.
To‘xtasin aka ikkinchn marta borganida esa, Oybek u kishini mehmonxonasida mamnuniyat bilan kutib oldilar. Noz-ne’matlar bilan to‘la dasturxon atrofida do‘stona suhbat boshlandi.
— Yaxshi!.. Juda yaxshi kitob! Soz!.. — dedilar Oybek.
Bu kitobning umumiy bahosi edi. Keyin adib bobma-bob tahlilga kirishib, asarning fazilatlari va kamchiliklarini ko‘rsatib bordi.
To‘xtasin aka Oybekka qayta-qayta rahmat aytib, adibning e’tirozlarini hisobga olishga va’da berdi.
— Siz endi roman yozing, To‘xtasin, — iltifot qildilar Oybek.
— Roman? — taajjub bilan so‘radilar To‘xtasin aka.
— Ha, roman yozing! Albatta, yoznng!
— Nimani yozay, Oybek aka?
— O‘zingizni yozing, o‘zingiz yozilmagan romansiz…
— Menga bo‘lgan ishonchingiz uchun tashakkur, Oybek aka! Agar bu nshonchingizni oqlolsam, o‘zimni baxtiyor deb bilardim.
Nihoyat, To‘xtasin aka ketishga ruxsat so‘radi.
— Kitob haqidagi fikrimiz tayyor emas-ku?
— Men «Mahzuna» bobini to‘ldirguncha tayyor bo‘lib qolar.
— Albatta, bo‘ladi.
Oradan bir hafta-o‘n kun o‘tgach, To‘xtasin aka uyida o‘tirib, kitobini qayta ishlayotganida, Oybekning o‘zi nashriyotga kelib, «O‘zbek shoiralari» haqida yozgan fikrlarini direktorga qoldirib ketadi. Unda shunday deyilgan edi:
«O‘zbek shoiralari» haqida
To‘xtasin Jalolov ilgari o‘tgan o‘zbek shoiralari haqida g‘oyat muhim asar yozdi. Shu vaqtga qadar o‘zbek adabiyotida o‘zbek shoiralari, ularning asarlari, hayotlari o‘rganilmagandir, deyarli. Ular haqida yakunlangan asarlar yo‘qdir. Ayrim shoiralarimiz to‘g‘risida endi-endi adabiyotchilarimiz ishlay boshladilar. Bu huquqsiz, cheksiz jafo ko‘rgan mazluma shoiralarning asarlari ularning baxtsiz taqdirlari bo‘ronida yo‘q bo‘lib, unutilib ketgan. To‘xtasin Jalolov tarix zarvaraqlarini axtara-axtara, o‘zbek shoiralari haqida xiyla qimmatli ma’lumotlar to‘pladi. O‘zining katta, sinchkov tekshirishlari natijasida o‘ttizga yaqin o‘zbek shoiralarini topdi. Bu g‘oyat ajoyib voqeadir.
Xalqimiz o‘zbek adabiyoti tarixining yorqin sahifalarini ko‘rishga mushtoq va bunday asarlarga tashnadir.
Oybek. 17/X1—1958 yil».
1996 yil.