Abdulhamid Cho‘lpon. Musulmonlashdirish (1923)

Sarlavha qaltis ketdi. Xiyla qaltis ketdi. Buni o‘ruschalashtirsak, musulmanizatsiya bo‘ladirkim, eski to‘ra, burung‘i chinovniklardan chiqqan mustamlakachi – kolonizatorlarning kayflari uchadi.
– Ha, musulmonlashdirish? Bu nima degan gap? Bunga yo‘l berib bo‘lurmu? Hay, sergak bo‘l! Yo‘lni to‘s!
– Qoch, o‘g‘lon, qoch, ot bosdi – millat kelur!
Ol-ha, qoch-ha!..
Qanday qilasiz, mustamlakachi o‘rtoq? Zamon shu, sho‘ro hukumatining tutqon yo‘li shu. Sho‘ro hukumati bor joyda yerlilashdirish, musulmonlashdirish degan gaplar bo‘la beradir. Siz qovoq solib, lunjingizni pastga tushirganingiz bilan sho‘ro hukumati tutqon yo‘lidan keta beradir.
Qo‘ying, ko‘p xafa bo‘lmang. Sho‘ro hukumati: «Ishingizi musulmoncha yurgizing, shunday qilmasangiz, to‘g‘ri kelmaydir», – deb bizning musulmonlarg‘a buyruq qilsa ham, bizlar boshimizni qalab, o‘… birmuncha o‘ylanamiz, «Qilaylikmi? Yo‘qmi?» – deymiz.
Birmuncha o‘ylar, fol boqdirishlar, istixora qilishlardan so‘ng ul buyruqni bajo keltirishga qaror beramiz.
Siz, mustamlakachi o‘rtoq, bajo keltirishdagi hunarlarimizni qarang. Sizga bir misol kelturay: Andijon inqilob-harb sho‘rosi bilan qo‘mitasi, shahar mahkamalari, idoralari, do‘kon-savdoxonalaridagi viveska (unvon)larni musulmonchalashdirishga qaror berib tegishlik buyrug‘ini chiqardi.
Bir-ikki hafta o‘tgandan so‘ng katta-katta, quloch-quloch viveskalarning ustida qarich-qarich, vershuk-vershuk* kelaturg‘an «qo‘shma» (ilova)lar paydo bo‘ldi. Agar yaqinga borib durbin bilan qarasangiz, haligi «qo‘shma» tunukalarga chizilg‘on xatlarni o‘qiy olasiz. Masalan: Andijonning markaziy suratxonasi Medved familiyalik bir kishiniki ekan. Ya’ni suratxonaning kattasi «Medved» degan bir bandai Xudoning avlodidan ekan. Shul ham viveskani musulmonlashdiribdir, ya’ni «Sentralnaya fotografiya. Medved»ning ustiga musulmon xati bilan «Markazsuratxona. Ayiq» deb yozibdir.
Ana xolos, bo‘ldi-ketdi.
Yana bir misol: Eski shaharda, Qatorterakning boshida (Inqilob darvozasi yonida) bir idora paydo bo‘lubdirkim, musulmoncha viveskasi mana shu: «Kina mahkama najolis melisa furkur uli rayon Andijon eski uyazdini».
Men buning musulmonchasidan, azbaroyi Xudo, hech narsa fahmlamadim. O‘ruschasini o‘qiganimdan keyin bildimkim, «Andijon shahar atrofining melisa idorasi» ekan…
Biz ham «Darxon»* gazetiga bir viveska buyurdik. Bir Xudo yarlaqab, o‘shal ko‘chalardan o‘tib qolsangiz, ko‘zingiz yo‘g‘on bir viveskaga tushar. Viveskaning yo‘g‘on o‘ruscha xatlari ustida musulmoncha yozilg‘on shu xatlarni ko‘rarsiz: (eski arab yozuvida) «O‘zbekcha «Darxon» gazetasi idorasi»).
Hozirdan aytib qo‘yaylik: ul xatlarning ma’nosi munday bo‘ladir: «O‘zbekcha «Darxon» gazetasining idorasi»…
Balli, otangga rahmat, o‘lma, musulmon!..

_____________________
«Darxon» gazetasining 1923 yil 11-sonida bosilgan. Birinchi marta Cho‘lpon “Asarlar”i 4-jildida qayta chop etilgan.
Verjuk-verjuk (vershok-vershok) – botmon-botmon ma’nosida.
«Darxon» – 1923 yil ko‘klamida «bosmachilik harakati»ga chek qo‘yish maqsadida Turkiston MIQ va Turkfirqa tomonidan Andijon shahrida G‘ozi Yunus muharrirligida tashkil etilgan gazeta. Ammo «Darxon»ning bo‘lajak xodimlari Andijonga kelganlaridan keyin gazetani tayyorlash va chop etish mashaqqati Cho‘lpon zimmasiga tushgan.