Abdulla Qodiriy. Kula-kula o‘lasan (1920)

Kichkina feleto‘n

Bir vaqtlarda atoqli bir lo‘ttichi turli lo‘ttilar (fo‘kslarni) ko‘rsatar edi. Ayniqsa aning chigildak bir qog‘ozni og‘zig‘a solub, hech bir poyonsiz uzun qilub og‘zidan chiqaruvi bizni hayron qoldirar erdi. Lo‘ttiboz yo‘q kunlarda aning o‘rnig‘a lo‘tgichilik qilaturg‘an bir majnun bor edi:

—      Kishilar-kishilar, potino-potino! Chunki lo‘ttiboz xalqni yig‘moqchi bo‘lg‘anda «Potino» degan bir ashula aytar edi. Xalq majnunning atrofig‘a quruq bir mazax uchun yig‘ilg‘anda majnun yana bir marta «Potino»sini aytub olg‘ach, cho‘nchagidan bir changal qog‘oz chiqarub, xalqg‘a ko‘rsatub chiqar edi. (Lo‘ttichi og‘zig‘a solaturg‘an chigildak qog‘ozni yalmalkan ekanlig‘in xalqdantasdiq ettirar va og‘zini ham ochub, boshqa qog‘oz yo‘qliqni ko‘rsatar edi).

Majnun kulunch bir holda xalqg‘a og‘zini a… a…. qilub ochub kuldirgach, boyag‘i bir changal qog‘ozni og‘zig‘a solub qiziq bir vaziyat ila yalmiy boshlar va bir qancha vaqt chaynab qog‘ozni yutub yana «Potino-potino»sini aytub, qog‘ozni lo‘mbozdek qilub olur va hunarini xalqg‘a g‘ururlanub ko‘rsatub chiqar edi. Majnunning bu ishi — lo‘ttibozligidan ham xalqqa ortiq kulgi berar, hammamiz bu vaqt kula-kula o‘lar edik.

«Ishchi»ning kichkina fileto‘ni bo‘lg‘an «Osti-ustiga»si bosilub chiqdi, bunisi «Kichkina fileto‘n»i emish. «Osti-ustiga»si emish «Yaram-yaram bog‘i» emish. Eski shahardagi inqilob shunga o‘xshar emish. Kelishmagan qiliq o‘lsun deymi? Buni o‘qub: Kula-kula o‘lasan!..

«Nashriyoti G‘ozi Yunus»dan besh yuz qirq bir va qirq ikkinchisi bo‘lg‘an «So‘zlayturgan qo‘g‘urchoq» ila «Turkiston tabibi»si bosilub chiqdi. «Nashriyoti G‘ozi Yunus»ning yo‘llarinda ham besh yuz qirq nechalanchi martaba noshirdan bir-ikki so‘z bor. Buyuk noshir G‘ozi Yunus janoblarining nashriyotlarinda bo‘laturg‘an bir-ikki so‘zlari haqinda bir o‘rtog‘im:

«Har bir asarning boshinda bir-ikki so‘z yozub qog‘ozni bemaza qilub yurgandan ko‘ra, bir-ikki so‘zlarni hammasini birga yig‘ub «Noshirdan bir-ikki so‘z» isminda bir narsa yozub nashr etsa, kitobning boshig‘a yozg‘anig‘a qarag‘anda G‘ozi Yunus ismini chiqarishg‘a qulayroq, ham bir asar maydonga kelgan bo‘lmasmi?», degan edi.

Bu so‘zlarga kula-kula o‘lasan! «So‘zlayturgan qo‘g‘urchoq» ozarbayjonchadan buyuk noshirning tabdillari ekanki, tantana ila imzolari asar boshinda qo‘yilmishdir Birov «Kalning tanig‘ani sho‘ra» desatag‘i: Kula-kula o‘lasan…

Musulmoncha «RO‘STA»[1] gazetasining Eski shahar sho‘basining vakillig‘ig‘a mashhur eslikli yoshlardan G‘ulom Zafariy ta’yin etilgan. Rivoyatlarga qarag‘anda, Toshkandda bu o‘run uchun o‘zindan boshqa eslik kishi topolmag‘ach, G‘ulom Zafariy o‘zini ta’yin etdirgan. Bu o‘rtoq shu kundan boshlab o‘z atrofiga eslikli yosh o‘smirlarni yig‘a boshladi, deylar… Tag‘i: Kula-kula o‘lasan!..

Julqunboy

«Ishtirokiyun» – 1920 yil, 13 iyun, 120-son, 2-bet


[1] Musulmoncha RO‘STA — Rossiya Telegraf Agentligining Turkiston bo‘limi. Bu devoriy gazeta o‘zbek tilida Toshkent va o‘lka hayoti haqida qisqa xabar va hodisalardan yozib turgan. Toshkentda 1919, 1920-yillarda chiqqan.