Zohidjon Olov. Olisdagi baxt iztiroblari

Bolalik – beg‘uborlik. Har qanday orzular, o‘y-xayollar shu faslga yarashadi. Shuning uchun ham yoshi katta bo‘lsa-da, xayoliy narsalarni ko‘zlayotgan odamni ko‘rsak, ichimizda “Haliyam ulg‘aymabdi sho‘rlik”, deb qo‘yamiz. Men ham qo‘limga qalam olib, ilk qog‘oz qoralagan paytlarim, ul-bul mashqlarim bilan uch-to‘rt kishining, masalan, ota-onam, opa-singillarim e’tiborini qozonganimda, bola ekanman-da, zavqim ichimga sig‘may, hayqirib yuboribman: “Bir kun kelib Nobel mukofotini olaman!”.

Yillar o‘tdi. “Maktab”, “Universitet” degan bekatlar oralab hayot daryosining serqatnov o‘zaniga qo‘shildim. Qancha zarra, qancha pufak, qancha nuqtalar. Ko‘pincha o‘zim bilan o‘zim ovora bo‘lib, bolalik orzularini, boringki, beg‘uborligini unutdim. Ammo har yili Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan adabiyot vakiliga zoriqib qarayman. Xuddi tengdoshining qo‘lida muzqaymoq ko‘rib, tamshangan bolakay kabi…

Bu safar ham britaniyalik adib Kazuo Ishiguro nomini o‘qidim-u, o‘sha tanish holatga duch keldim. Asli Yaponiyaning Nagasaki shahridan bo‘lgan bu ulkan yozuvchi suratidagi nigohlarni bir qarashda tushunish mushkul. Olis yo‘l, vatandan ayrolik va omonat baxt iztirobi aks etgan qarashlar… Nahot bu nufuzli xalqaro sovrin visoli kindik qon to‘kilgan muqaddas zamindan ayroliqni taqozo etadi? Yo‘q, deyman. Yasunari Kavabata, Kenzaburo Oe kunchiqar yurtda yashab, o‘sha yerda ijod qilib, bu “marra”ga yeta olgan. Yo‘q-yo‘q! Bunin, Brodskiy, Pasternak, Soljenitsin degan ro‘yxatni tuzish shart emas. Hammasi joyida. Sizning shuuringizdan o‘tgan “nohalol o‘yin” tushunchasi Kazuo Ishiguroga aslo tegishli emas. Aytish joizki, ushbu ulkan e’tirof chinakam sohibini topdi.

Unga Nobel mukofoti, Shvetsiya akademiyasining doimiy kotibi Sara Daniusning aytishicha, “o‘z romanlarida xayoliy hissiyotlar hamda dunyo o‘rtasidagi yashirin bog‘liqlikni, tubsizlikni katta emotsional kuch bilan ochib bergani uchun” taqdim etilmoqda. Adabiyotshunoslar shu paytga qadar Nobel olgan-u, biroq oradan o‘ttiz yil o‘tib asarlari ommalashgan bir necha ijodkorlarni ko‘rgan. Kazuo esa noodatiy syujet hamda kutilmagan yechimlari bilan millionlab o‘quvchilar qalbini rom etgan, aksariyati kino tasmalariga ko‘chgan kitob­lari orqali jahon adabiyotidan munosib o‘rin egallashga ulgurgan adib, barkamol yozuvchi! Har holda, o‘tgan yilgi amerikalik taniqli qo‘shiqchi-shoir va sozanda Bob Dilanga o‘xshamagan siymo.

Qiziq jihati shuki, ana shu Bob ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida boshqa yapon yozuvchisi Haruki Murakamiga “ovoz” berib, uni navbatdagi Nobel sovrindori sifatida tanishtirishga ham ulgurgan ekan. O‘tgan yili aynan Murakami Nobel olishini dunyo adabiyot ixlosmandlari kutishgandi. Bu yil ham kutishdi. Uning yoniga suriyalik shoir Ali Ahmad Said Asbar (Adonis), keniyalik novellachi Ngugi Va Txiongo, somalilik yozuvchi Nuruddin Farah, kanadalik yozuvchi Margaret Etvud, isroillik jurnalist Amos Oz, hatto amerikalik repper Kane Uest ham qo‘shildi. Biroq “nobelchilar” o‘z bilganidan qolmadi.

Kazuo Ishiguro 1954 yili 8 noyabrda (63 yosh) Yaponiyada ummonshunos Shizuo Ishiguro oilasida tug‘ilgan. 1960 yili Britaniyadagi Okeanografiya milliy universiteti taklifi bilan oilasini olib, Surrey grafligi ma’muriy markazi bo‘lgan Gilford shahriga ko‘chib ketadi. Bo‘lg‘usi adib savodini Staftondagi maktabda chiqargan bo‘lsa, keyin ta’limni Surreydagi Grammatika gimnaziyasida davom ettirdi. Maktabni bitirgach, bir yilga akademik ta’til olib, AQSh va Kanadaga sayr qilib keladi. Aslida uning orzusi navozanda bo‘lish edi. Kazuo bu yo‘lda hatto bir qator demo-yozuvlarini qudratli prodyuserlarga taklif qilib ham ko‘rgan. Ammo u kutgan natija bo‘lmadi.

1974 yili Kazuo Kent universitetiga kirib, to‘rt yildan so‘ng ingliz tili va falsafa bo‘yicha bakalavrlik diplomiga ega bo‘ldi. Londonda duch kelgan ishni qildi. 1980 yili Sharqiy Angliya universitetini tamomlab, san’at yo‘nalishi bo‘yicha magistrlik diplomini oldi. Aynan o‘sha talabalik yillari mahalliy adib, taniqli yozuvchi Anjela Karter yosh Kazuoda adabiyotga mehr uyg‘otdi. Oradan uch yil o‘tib, Ishiguroga Britaniya fuqaroligi pasporti berildi.

Garchi filologiya yo‘nalishida tahsil olsa-da, Kazuoning san’atga mehri bir zum ham so‘nmadi. Aksincha, tobora olovlanib boraverdi. Bu chinakam iste’dodning ulg‘ayish iztirobi yanglig‘ holat edi – hayot yerda-yu, xayol fazo bag‘rida.

Darvoqe, Ishiguro amerikalik jaz ijrochisi Steysi Kentning 2007 yilgi “Tonggi tramvaydagi nonushta” (“Breakfast On the Morning Tram”) hamda 2013 yilgi “O‘zgaruvchan chiroqlar” (“The Changing Lights”) albomlaridan joy olgan bir qator qo‘shiqlar matnining hammuallifi sifatida ham nom qozongan. U qo‘shiq uchun yozilgan matn(she’r)lari haqida so‘zlarkan, murakkab yozish uslubini hatto omma uchun atalgan oson shou-mahsulotlarga ham singdirganini yashirmaydi: “…ishqiy, maxfiy, o‘ta shaxsiy, bir qarashda aniq ko‘zga tashlanmaydigan so‘zlar. Ular qandaydir tumanli, sizni satrma-satr o‘qishga majbur qiladi”.

Bo‘lg‘usi yozuvchi 1986 yili Lorne Makdugall bilan turmush qurdi. E’tiborlisi, ular sotsial ishchi bo‘lib yurgan kezlari Notting-Xilldagi uysizlarga beriladigan boshpanada ko‘rishib, tanishib qolgandi. Ayni kez rafiqasi, qizi Naomi bilan birga Londonda istiqomat qilayotgan Kazuo o‘sha paytlarda bugungi omad haqida o‘ylaganmikan?

Kagio Ishiguro adabiyot va san’at haqida o‘ylarkan, bu ikkisi aslida bir-birisiz mavjud emasligini anglab yetdi. Ammo bu ikki qudratli to‘lqin birlashuvi, uyg‘unlashuvida ishtirok etish uning ham chekiga tushganini sal kechroq, 27 yoshida ilg‘adi. Ilk hikoyalaridan uchtasi 1981 yili “Muqaddima 7: yangi yozuvchilarning hikoyalari” (“Introduction 7: Stories by New Writers”) bayoziga kiritildi. 1982 yili birinchi romani – “Tepaliklarning xira ko‘rinishi” (“A Pale View of Hills”)ni yozdi va u bir yil o‘tib chop etildi. Bu asari uchun unga “Britaniyalik eng yaxshi yosh adib”lardan biri sifatida grant ajratildi.

“Tepaliklarning xira ko‘rinishi” romani Yaponiyadan Angliyaga ko‘chib kelgan beva Etsuko haqida. AQSh tomonidan Nagasaki shahri yadroviy bombardimon qilingan ilk davrlar dahshati eridan ayrilgan, qizi o‘z joniga qasd qilgan, o‘zi esa quvg‘inga uchragan Etsuko fojiasi orqali gavdalantiriladi.

Yozuvchi mazkur mavzuni keyingi, 1986 yili yozgan ikkinchi romani – “Beqaror dunyo musavviri” (“An Artist of the Floating World”)da ham davom ettirdi. Asarda yapon askarlarining jangovar ruhini tadqiq etish va janggohdan turib “jonli” rasm chizish ishtiyoqida o‘z ixtiyori bilan Ikkinchi jahon urushiga borgan musavvir Matsui Ono haqida hikoya qilinadi. Yapon ommasining urush haqidagi tasavvuri, ongi inkishofiga bag‘ishlangan romanda yadro bombardimonidan bir necha yil o‘tib, vatanidan vaqtincha ayro yashashga majbur bo‘lgan Ishiguro nishonga bexato urdi. Insonning eng jiddiy va nozik tuyg‘ulari torini chertuvchi ushbu roman Buyuk Britaniyada “Yil kitobi” deya ulug‘landi, Buker mukofotining birinchi nominatsiyasiga loyiq ko‘rildi.

E’tiborlisi, shu vaqtga qadar Kazuo o‘zini angliyalik deb bilmagan ekan: “Ota-onam yapon, uyda yapon tilida suhbatlashardik. Ular bu mamlakatda qancha qolishimizni bilmagani uchun meni ham yapon qadriyatlari ruhida tarbiyalagan”. Aslida-chi? U na yapon, na ingliz – tobora madaniyatlar qorishib, chegaralar nisbiylashib, irqlar, millatlar va xalqlar orasidagi tafovut xiralashib borayotgan “yangi dunyoning zamonaviy fuqarosi” sifatida yashay boshladi.

Taniqli adabiyotshunos Sara Danius uning mahoratiga ta’rif berarkan: “Frants Kafka va Jeyn Ostin qorishmasiga biroz Marsel Prustdan qo‘shamiz, balki shunda Ishiguro paydo bo‘lar. Balki bo‘lmas”, deganicha bor.

Kazuo Ishiguro 1989 yili nihoyat yapon libosini yechdi va sof inglizcha, boringki, G‘arb an’analariga mos romani – “Kunning qolgan qismi” (The Remains of the Day)ni yozdi. Monolog-esdalik tariqasidagi bu asarda Ikkinchi jahon urushi boshlangungacha bo‘lgan davr va fashizm qulatilgan yillar aks ettirilgan. Bu roman muallif hayotida o‘zgacha qiymatga ega. Ishiguro uni bir oyda yozib tugatdi. Haftaning olti kuni mobaynida erta tongdan qaznoqqa biqinib olib, aqlga sig‘mas shiddat bilan ishlagan, tanaffusda yengil tamaddi va kechki ovqat bilan qanoatlangan adibga “Kunning qolgan qismi” romani ulkan shuhrat keltirdi.

O‘zga millat, o‘zga qarash va o‘zga dunyo vakilining ingliz tilida yaratgan san’at asari tomirida haqiqiy ingliz qoni oqayotgan yozuvchilarni ham titratib yubordi. Tanqidchilar bu romanga yuksak baho berib, “XX asrning eng sara inglizcha romanlaridan biri” deyishdi, muallifni esa polyak adibi Jozef Konrad va rus yozuvchisi Vladimir Nabokovga (mazkur adiblar ham o‘z ona tilida ijod qilmagan) tenglashtira boshlashdi. Ishiguro kollektsiyasiga yana bir Buker mukofoti qo‘shildi. Qolaversa, roman asosida “Kun poyonida” badiiy filmi suratga olinib, bosh rollarni mashhur aktyorlar Entoni Xopkins va Emma Tompson ijro etdi.

Yozuvchiga ulkan sharaf keltirgan yana bir romani 2005 yili chop etilgan “Meni qo‘yib yuborma” (Never Let Me Go) bo‘ldi. Asar “Time” jurnali talqiniga ko‘ra, “Yilning eng yashi romani” deya e’tirof etildi. Roman voqealari asosida tajribali rejissyor Mark Romanek badiiy film suratga oldi va asar nomini saqlab qoldi.

Kazuo nozik ruhiyat egasi ekanini mislsiz po‘rtanalar, dovullarni, haybatli to‘fonlarni sokinlik, vazminlik bag‘riga g‘oyat ishonarli tarzda joylashtira olishi bilan isbotladi. “Meni qo‘yib yuborma” 31 yashar Keti Sh. ismli qizning xususiy maktabda ta’lim olgan yillarida sodir bo‘lgan ta’sirchan voqealar va undan keyingi hayoti asosiga qurilgan. Adib shu qadar mahorat bilan asar qahramonlari Tommi va Rutning muhabbati hamda donorlik taqdirini chizib beradiki, natijada Keti ham donorga aylanib, o‘z tana a’zolarini kasallarga berishi tabiiy ko‘rinadi. Madam nomi bilan yuritilgan o‘qituvchi nima uchun ulardan ijodiy asarlar talab qilgani, aslida Xeylshemdagi bu bolalar hech qanday klon emas, balki qalbi, yuragi bor insonlar ekanini kimlargadir uqtirmoqchi bo‘lganini asar oxirlarida aniqlashadi…

Odatda bunday syujetlarni fantast yozuvchilar o‘ylab topishardi. Biroq Kazuo romani snobizmdan, ya’ni oliftagarchilikdan yiroq ekani bilan ham o‘quvchini mahliyo qilib qo‘yadi.

Qiziq tomoni, Ishiguro roman qahramonlari nega bunday ishga kirishganini mukammal tushuntirmaydi, balki o‘quvchining mustaqil fikrlashi uchun, o‘ylashi imkon uchun qoldiradi. Muallifning fikricha, bu savol yer yuzidagi barcha xalqlar uchun xos, begona emas. U o‘z romani haqida so‘zlarkan: “Xalqaro roman nima degani? Ishonchim komilki, u dunyoning istalgan nuqtasida istiqomat qilayotgan, kelib chiqishi har xil odamlarga birdek muhim, hayotni his ettiradigan darajada oddiy bo‘ladi”, deya umumiy javob bergandi.

Kazuo Ishiguro asardan asarga o‘sib boraverdi. Yo‘l-yo‘lakay, aniqrog‘i, har besh yilda bir yirik ijodiy ishi bilan jahon adabiyotini gullatib kelmoqda. Masalan, “Meni qo‘yib yuborma”dan besh yil oldin “Etimlik chog‘larimizda” ( When We Were Orphans), besh yil keyin “Noktyurnlar: musiqa va shom haqida besh hikoya” (Nocturnes: Five Stories of Music and Nightfall) asarlari dunyo yuzini ko‘rdi. Hatto “Esquire” jurnalida bosilgan hikoyasi asosida yozgan “Oilaviy tushlik” (A Family Supper, 1990) va “Dardman” (The Unconsoled, 1995) deya nomlangan kitoblari ham besh yillik farq bilan nashr etildi.

Nihoyat, 2015 yili o‘quvchilar kutgan, ammo kutilmagan mavzudagi romani – “Dafn etilgan bahodir” (The Buried Giant) chop etildi. Ushbu asar Kazuo iste’dodining hali ochilmagan qirralari borligini ko‘rsatib qo‘ydi. Romanda Artur vafotidan keyingi Britaniya hayoti tasvirlanadi. Ogrlar va ajdarlar ishtirokidagi mumtoz janrlar bilan qorishiq tarixiy sintezi bugungi Angliya va sehru jodu, G‘arb afsonalari va deyarli samuraycha yakkakurash uyg‘unlashuvi, to‘qnashuvi asosida yanada jonlanadi.

Tanqidchilar va yozuvchilar Ishiguroning bu “yurish”ini ham qarsak bilan kutib oldi. Nasrni chinakam san’at darajasiga ko‘targan adibning bu romani she’riy janrlar va “ulkan” adabiyot birlashuvidagi ulkan odim sifatida yuksak bahoga sazovor bo‘ldi.

Bu asarni bir so‘z bilan “Tarixni g‘oliblar yozadi”, degan jumla orqali ifodalash mumkin. Zero, asar qahramonlarining Artur zamonida tarqalgan tuman ta’sirida xotirasidan ayrilishi va yo‘qolib qolgan bir qizaloq bahona, aslida kasallik sababini izlab yo‘lga chiqishi, har kim har xil omillarga duch kelishi, pirovardida tarixdagi real voqealar unutilishi yoki zamonga moslashtirilishi, ya’ni o‘tmishning “dafn” etilishi hodisasi kitobxonni o‘ylashga, fikrlashga undaydi.

Umuman, Kazuoning ijodida tarixiy voqelar, o‘tmishga murojaat, sirli hodisalar, jumboqlar orqali inson ruhiy olamini taftish etishga, his-tuyg‘ular to‘lqinini yuzaga keltirishga, kuzatishga moyillik ustuvor. U har bir asarini o‘zi ta’sirlangan, lol qolgan tarix va uning qatidagi hodisalar asnosida tiklaydi, quradi. Shuning uchun ham Ishiguro asarlarini bir o‘qishda tushunish qiyin. Kitob mohiyatini ilg‘ash uchun avval muallif ruhiyatiga yo‘l topish kerak bo‘ladi.

Ishiguro ayni paytda Qirollik adabiy jamiyati a’zosi bo‘lib, asarlari dunyoning 30dan ortiq tillariga o‘girilgan. “Meni qo‘yib yuborma” romani ingliz yozuvchilarining eng yaxshi asarlari o‘rin olgan “Yuztalik”ka kiritilgan. Adib, shuningdek, Uinifred Xoltbi, “Uitbred” mukofotlariga sazovor bo‘lgan, Britaniya va Frantsiya mamlakatlari oliy unvonlari bilan taqdirlangan.

Oltmish uchinchi kuzini qarshilagan Ishiguro ayni kuch-quvvatga, hayotiy tajriba va ijodiy mahoratga to‘lgan. Bog‘bonlar tili bilan aytganda, g‘arq yetilib pishgan. Unga nafaqat bu yil, balki umuman Nobel mukofoti berilmaydi, deb o‘ylaganlar ham adibning bunday yuksak mukofot bilan taqdirlanishiga e’tiroz bildirmaydi. U ingliz tilida qandaydir “inqilob” yasamadi, “yangi davr”ni ham boshlab bermadi. Shunchaki samimiy yozdi, qator sara asarlar yaratdi. Har bir asariga o‘zini, ruhiyatini, qayg‘u va shodliklarini singdirdi. Aynan shu jihat Ishiguro romanlarini birlashtirib, bir-biriga bog‘lab turadigandek go‘yo…

Muhimi, 6 yoshida ahvoli tobora tanglashayotgan Nagasakidan – o‘z vatanidan o‘zga zaminlarga ketgan oila taqdiri – musofirlik qismati bir buyuk nomni kashf etdi, yaratdi. Mashhur adib Ishiguro garchi bugun oltmishdan oshgan bo‘lsa-da, ammo bir umrga ayrilgan o‘sha 6 yashar oddiy bola Kazuoga hamda Yaponiyasiga qayg‘u va sog‘inch bilan talpinaveradi. Buni asarlarida hadeb tarix sahifalarini varaqlayverishidan ham, bugungi kuniga – undan faxrlana boshlagan jamiyatga deyarli aloqasi yo‘qdek ijod qilishidan ham sezsa bo‘ladi…

«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 11-son