Ozod Sharafiddinov. Sa’dulla Qosimovni bilgan bormi? (2002)

“Oralaringda Sa’dulla Qosimovni bilgan bormi?” Mening bu savolimga hozirgi yoshlar yelka qisib javob beradi. Keksaroq odamlarning ham ko‘pchiligi “Yo‘q, bilmaymiz” deydi. Faqat ahyon-ahyondagina bitta-yarim munkillagan, lekin qiyofasidan bir zamonlar ziyolilar toifasiga mansubligi sezilib turadigan qariya: “Qulog‘imga chalingandek bo‘lgan edi, lekin kim ekanini, nima ishlar qilganini bilmayman” deydi afsus bilan. Men bu savolni odamlarga ko‘pdan beri beraman, adashmasam, buni surishtira boshlaganimga kamida ellik yil bo‘ldiyov…
Mana hozir siz ham “Bilmayman, eshitmaganman” deb turibsiz. Garchi yarim asr mobaynida odamlardan bu inson to‘g‘risida tuzukroq biron ma’lumot ololmagan bo‘lsam-da, izlanishlarimni to‘xtatganim yo‘q va natijada to‘la bo‘lmasa-da uning to‘g‘risida biroz tasavvurga ega bo‘ldim. Biroq shu chala tasavvurimning o‘ziyoq shahid ketgan bu yigit oldida, uning pok xotirasi qarshisida bosh egishga majbur qiladi. Istasangiz, sho‘ro zamonida begunoh zavol topgan shahidlardan yana birining alamli qismati haqidagi hikoyani men aytay, siz tinglang…
…Ko‘zingizni bir lahza yuming, aziz o‘quvchim, va o‘zingizni bundan yetmish ikki yil avvalgi Samarqandda deb his qiling. O‘sha kezlarda Samarqand O‘zbekistonning poytaxti edi. Tabiiyki, respublikada hammaning nigohi unga qaratilgan, o‘lka hayotidagi hamma yirik voqealar poytaxtda sodir bo‘lardi. Mana, bugun — 1930 yilning 21iyun kuni bu shaharda butun respublikani to‘lqinlantirgan, salkam uch oydan beri davom etgan, dovrug‘i og‘izlardan og‘izlarga ko‘chib yurgan sud jarayoni tugamoqda. Bugun hukm o‘qilmoqda…
Ko‘rimsizgina bir imoratning chog‘roq zali. Uch oydan beri davom etayotgan sud jarayonining ovozasi hamma yoqni tutib ketgan bo‘lsa-da, sud zalida odam kam. Bunaqa sud majlislariga ko‘p odam kiritilmaydi — ular “ochiq” deb atalsalar-da, aslida “yopiq” majlislardan farqi yo‘q. Faqat sudlanuvchilarning yaqin qarindoshlariga-yu, maxsus tekshiruvdan o‘tkazilgan to‘rt-beshta “tomoshabin”ga ruxsatnoma beriladi, xolos.
Hukm o‘qilayotganiga 5 soatlar bo‘lib qoldi. Avji saraton, havo dim. Issiqqa chidab bo‘lmaydi. Odamlar terga botgan, kiyimlar jiqqa ho‘l. Sud raisi ham ovozi sovuqdan-sovuq, xuddi chalasavod odamdek tutilib-tutilib, so‘zlarni yamlab, tushunib bo‘lmaydigan talaffuzda hukm o‘qimoqda. Zaldagilar allaqachon siqilib, tars yorilib ketadigan darajaga yetgan bo‘lsa-da, miq etmay tinglashga majbur — qoidasi shunaqa — hukmni sudyaning o‘zi o‘qib eshittiradi. Unga qolsa-ku, allaqachon joniga tegib ulgurgan shaharni ham, bu sud majlisini ham tashlab, jon-jon deb salqingina Moskvasiga qaytib ketardi, bu dimiqqan zalda suvdan chiqarib olingan baliqday, havoning yetishmasligidan kappa-kappa og‘zini ochib o‘tirmas edi. Ammo unday qilib bo‘lmaydi.
Nihoyat, hamma sabrsizlik bilan kutayotgan fursat ham yetib keldi — sudya mahkumlarga qanday jazo berilganini o‘qiy boshladi:
“Sudlanuvchilarning yuqorida zikr etilgan jinoyatlarda aybdor ekanini aniqlab, Sovet Sotsialistik Respublikalar Ittifoqining Oliy Sudi

HUKM QILADI:

1.Sa’dulla Rashidovich Qosimov… Oliy jazoga — otuvga, unga tegishli hamma molu mulki musodara qilishga…
2. Badriddin Sharipov… oliy jazoga — otuvga, unga tegishli hamma molu mulki musodara qilishga…
3. Nasriddin Olimov… oliy jazoga — otuvga, unga tegishli hamma molu mulki musodara qilishga…
4. Vyacheslav Petrovich Spiridonov — oliy jazoga, molu mulki musodara qilishga hukm qilinsin.”
Bundan tashqari, hukmda Mirsoat Mirzokirov, Akbar Samig‘jonov va Rustamxo‘ja Ibrohimxo‘jayevlarning har xil muddatga qamoq jazosiga hukm qilinganlari aytilgan edi.
Albatta, bu sud jarayoni shunchaki oddiy bir jinoiy ishni ko‘rmayotgani, balki u siyosiy jarayon ekani, shuning uchun sud hukmi boshqacha bo‘lishi mumkin emasligi avvaldanoq hammaga ma’lum edi. Buni mahkumlarning qarindosh-urug‘lari ham bilishardi. Lekin shunga qaramay, bu hukm ularga nogahon portlagan bombaday ta’sir qildi. Zalda qiy-chuv bo‘lib ketdi. Kimdir uvvos solib faryod ko‘tardi, kimdir chinqirib yubordi. Yana kimdir hushidan ketib yiqildi. “Suv! Suv bering!” degan hayqiriqlar yangradi. Sudning kotibi yo‘g‘on ovoz bilan zaldagilarga o‘shqirdi: “Jim! Jim bo‘linglar!”
Sud a’zolari, tergovchilar, jamoatchi himoyachilar apil-tapil qog‘ozlarini yig‘ishtirib, zaldan chiqib ketishdi.
Sud majlisi ana shunday tamom bo‘ldi.
Majlis tamom bo‘ldi-yu, ammo uning odamlar yuragida tug‘dirgan vahimasi qoldi. Sud majlisidan tarqalgan xalqalar yana ancha vaqtgacha — bir oy emas, olti oy emas, kamida ikki-uch yilgacha butun jamiyat hayotini to‘lqinlantirib turdi. Sud jarayoni boshlanishi bilan, ya’ni 1930 yilning 25 martidan boshlab matbuotda ko‘tarilgan shovqin-suron, tahdidli, ma’noli, ma’nosiz da’vatlar, har xil do‘q-po‘pisalaru pisandalar, ogohlantirishu, qobil-mo‘min bo‘lishga chaqirishlar yana kamida uch yil davom etdi. Sho‘ro matbuoti o‘sha paytda ham pashshadan fil yasashga ustasi farang edi.
Qosimovning ishi haqidagi materiallarga men birinchi marta 50-yillarning o‘rtalarida ro‘para kelgan edim. U kezlarda men aspirant edim. Nomzodlik dissertatsiyamga material yig‘ish maqsadida O‘zbekistonda 20-30-yillarda chop etilgan gazeta taxlamlarini va jurnallarni sinchiklab ko‘zdan kechirib chiqishga to‘g‘ri keldi. O‘shanda 30-yillarning o‘rtalaridan boshlab gazetalar va jurnallarda bot-bot uchrab turadigan bir sarlavha e’tiborimni tortdi. Unga qaraganda, bu maqolaning adabiyotga daxli yo‘q edi, lekin sarlavhalarning har birida shunaqa g‘azab va nafrat bor ediki, ulardan larzaga tushmaslikning iloji yo‘q edi. Sarlavhalarning hammasida rus tilida ham, o‘zbek tilida ham Qosimovning familiyasi har maqomda takrorlanar va har ko‘yga solinib tahqirlanardi. Sarlavhalar turli shaklda bo‘lsalar-da, mazmunan bir-birini aynan takrorlardi. — Qosimov proletariatning dushmani, yot unsur, zararkunanda, poraxo‘r, sho‘ro hukumatini ichdan qo‘poruvchi, bunday gazandalarni majaqlab tashlamoq kerak, Qosimov va uning dumlarini tag-tugi bilan quritaylik, bir to‘da aksilinqilobchilarga qaqshatqich zarba beraylik va hokazo… Bunday vahimali maqolalar deyarli ikki yil, balki undan ham ortiqroq vaqt mobaynida matbuotda muntazam bosila bordi. Keyin-keyin bunaqa sarlavhalar yo‘qoldi-yu, har xil mafkuraviy masalalarga bag‘ishlangan maqolalarning ichida o‘rni bo‘lsa-bo‘lmasa, Qosimovchilik qoldiqlarini ayovsiz fosh qilishga undagan da’vatlar uchrab turdi. Albatta, bularning hech qaysisining ajablanadigan joyi yo‘q edi — ularning bari o‘sha zamonlarda shakllanib qolgan yangicha sho‘ro uslubiga juda mos tushardi. Bu uslubning xarakterli belgilaridan biri shunda ediki, har qaysi gazeta shunday ayyuhannoslar va asabiy zamzamalar yo‘li bilan o‘zining inqilobiy ongliligini, sho‘rolarga, kommunistik partiyaga sadoqati cheksiz ekanini, sinfiy kurashning oldingi marralarida dadil ko‘krak kerib borayotganini namoyish qilardi. Ularning ajablanadigan tomoni boshqa narsada edi — maqolalarda Qosimov ehtiros bilan, junbushga tushib,ayovsiz fosh qilinsa-da, uning o‘zi kim, nima jinoyat qilgan, aksilinqilobchiligi nimada ko‘rinadi deganga o‘xshagan savollarga ularning birontasidan tayinli javob topib bo‘lmas edi. Asalning ozi yaxshi degan maqol bor. Shunga o‘xshash matbuotda bosilgan gaplar madhiya bo‘ladimi yoxud fosh qiluvchi maqola bo‘ladimi, dastlabki paytlarda unga chin deb ishonilgan. Men ham masalaning biror tafsilotidan xabardor bo‘lmay turib, Qosimov to‘g‘risidagi gaplarning hammasiga chippa-chin ishondim, sho‘ro hukumatining o‘n uch yilligida shunaqa badkirdorlar, marazlar chiqqaniga ajablandim, ularni o‘z vaqtida fosh qilgan va jazosini bergan NKVD xodimlariga, sud organlariga tasannolar o‘qidim. Biroq hamma narsaning ham me’yori bo‘ladi. Chinga o‘xshagan yolg‘on ham me’yordan oshsa, uning yolg‘onligi o‘z-o‘zidan bilinib qoladi, odamlar ishonmay qo‘yadi. Menda ham shunday bo‘ldi — bu odamning “yovuz”ligiga shubha uyg‘ondi. Maqolalarda tasvirlashganidek, Qosimov har qancha zo‘r va bahaybat bo‘lmasin, hatto sheriklari bilan birga Sovet Ittifoqini ag‘darib tashlay oladigan iqtidorga ega ekaniga odam ishongisi kelmas edi. Ikki yil davomida matbuotda yog‘dirilgan nafratlaru tahdidlar go‘yo chumchuqlarga qarshi o‘t ochishday behuda gap bo‘lib ko‘rina boshladi. Buning ustiga uning kirdikorlarini isbot qiladigan jiddiy dalillarning yo‘qligi ham matbuot materiallarining ishontirish kuchini keskin kamaytirar edi. Xullas, men shubhalarimni hech kimga aytganim yo‘q — u paytlarda bunaqa gaplarni birovga gapirib bo‘lmas edi, lekin asta-sekin imida-jimida Qosimovning kimligini, qanaqa odam bo‘lganiyu, nima jinoyat qilganini surishtira boshladim. Ammo yuqorida aytganimdek, ancha vaqtgacha bu surishtirishlar hech qanday natija bermadi.
Nihoyat, qayta qurish va oshkoralik yillarida kalavaning uchini topganday bo‘ldim. Kunlardan birida Abdulla Qahhor romanlarining ijodiy tarixi to‘g‘risida ilmiy ish qilayotgan shogirdim Rahmon Qo‘chqorov “Sarob” romanining manbalari to‘g‘risida bir qator fikrlar aytib qoldi. Ular hali adabiyotshunosligimizda aytilmagan dadil va yangi fikrlar edi. Men Rahmonning qanday qilib bunday fikrlarga kelganini so‘radim. Avval uning aytgisi kelmadi, taysallandi, ha deb ijig‘ilab so‘rayverganimdan so‘ng u menga uchta risola ko‘rsatdi. Bularning uchovi ham 30-yillarning boshida, rus tilida yupqa muqovada bosilgan kitoblar edi. Ulardan biri M. Alekseevning “Qo‘qon muxtoriyati” degan risolasi, ikkinchisi va uchinchisi 1931 yilda O‘zbekiston davlat nashriyoti (O‘zGIZ)da rus tilida chop etilgan “Aksilinqilobiya millatchilikka zarba” va “Qosimovga qarshi, qosimovchilikka qarshi” degan kitobchalar edi. Ularning ikkovi ham Qosimovning ishiga daxldor bo‘lib, bittasi Qosimov va uning sheriklari ustidan chiqarilgan hukm, ikkinchisi esa shu ish bo‘yicha davlat qoralovchisi R.Katanyaning nutqidan iborat edi. Qizig‘i shundaki, risolalarning uchchovida ham “Abdulla Qahhorning shaxsiy kutubxonasi” degan muhr bosilgandi. Kitoblarning so‘ngida qizil qalam bilan “1932 yil” deb sana qo‘yilganiga qaraganda, Abdulla Qahhor o‘sha kezlarda bu kitoblarni sinchiklab, hoshiyalariga belgilar qo‘yib o‘qib chiqqan va qay bir joylaridan “Sarob” romanini yozishda foydalangan. Shu voqeadan bir necha muddat avval men Kibriyo opaning ijozati bilan uch yoki to‘rt kun davomida Abdulla akaning kutubxonasini “reviziya” qilgan edim — har bir kitobni ko‘zdan o‘tkazib, ularni muayyan tartib bilan qaytadan terib chiqqandim. O‘shanda yuqoridagi risolalarga ro‘para kelganim yo‘q. Men Rahmondan bu kitoblar uning qo‘liga qayerdan tushib qolganini surishtirdim. U nimadir deb javob bergani hozir esimda qolmapti. So‘ng bu kitoblarni o‘qib chiqmoq uchun Rahmondan so‘rab oldim. Lekin ularni o‘qishim bir necha yillarga cho‘zilib ketdi. Risolalar hozir ham mening kutubxonamda saqlanmoqda. Xullas, men shu risolalardan ilk marta Qosimov to‘g‘risida ma’lumotlar oldim.
Qosimov va uning sheriklari ustidan sud jarayoni Samarqand shahrida 1930 yilning 25 martidan 21 iyuniga qadar bo‘lib o‘tgan. Ularni SSSR Oliy sudining Jinoyat-Sudlov kollegiyasi sud qilgan. Rais M.I. Vasilev-Yujin, sud a’zolari Ya. P. Dmitriyev va Faxriddin Nuriyev, kotiblari A. F. Yakovlev va I.S. Dudnichenkolar bo‘lgan. Davlat qoralovchisi R.P. Katanyan va G.M. Ostrovskiylar, oqlovchilar Samarqand okrug himoyachilar kollegiyasining a’zolari Grechishev, Salmo, Bessonova va Olloyorovalar ishtirok etishgan. Sud jarayonida ulardan tashqari jamoatchilik qoralovchilari sifatida Sotti Husayn bilan Jahon Obidovalar qatnashgan edi. Buni o‘qib, men g‘oyatda taajjublangan edim, chunki ularni ozmi-ko‘pmi bilardim. To‘g‘ri, Sotti Husaynni ko‘rgan emasdimu, lekin uning yozuvchiligidan, “Yuksalish” degan piyesa yozganidan, keyinroq O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining rahbarlaridan biri bo‘lganidan va 37-yilda xalq dushmani sifatida qamalib ketganidan xabarim bor edi. Keyinchalik — 60-yillarning boshida men Sotti Husaynning rafiqasi Fotima opa Yuldoshboyeva bilan dorulfununda birga ishlaganman. Bu ayol asli farg‘onalik, ko‘hlikkina, hatto 60-yillarda ham husnini yo‘qotmagan, tili burro, erkaklar bilan baravar askiya ayta oladigan shaddod ayol edi. Odatda eri qamalsa, uning oila a’zolari va birinchi navbatda, xotini ham qamalar va surgun qilinardi. Biroq taqdir Fotima opadan mehrini ayamagan shekilli, u Stalin qatag‘onlaridan omon qolgan, hatto ko‘p yillar partiya va sovet idoralarida yuqori lavozimlarda ham ishlagan edi. Shaxsga sig‘inish fosh qilinib, sobiq siyosiy mahbuslar oqlana boshlagandan keyin, Fotima opa Sotti Husaynni oqlash uchun ko‘p yelib-yugurdi, bunga erishdi va uning kichikroq hajmdagi tanlangan asarlarini nashr etishga ham muvaffaq bo‘ldi.
Jahon Obidovani esa bir necha marta ko‘rgan edim. U g‘alati bir ayol edi. Bo‘yi o‘rtadan pastroq, gavdasi erkaklarnikiga o‘xshash yo‘g‘ongina, erkakchasiga soch qo‘ygan, ovozi ham do‘rillagan, shashti baland, qadam tashlashlari shaxdam, gapni cho‘rt kesib gapirardi. To‘g‘risini aytganda, u ko‘proq erkakshoda bir kimsaga o‘xshardi. Ularning jamoatchilik qoralovchisi bo‘lganlariga ko‘p taajjublandim. Bu ishga ular, aftidan, sodiq fuqarochilik tuyg‘ulari jo‘shib ketganidan yoki biron tuzukroq amal ilinjida rozi bo‘lgan bo‘lishsa kerak.
Bu ishni SSSR Oliy Sudi ko‘rganligiga e’tibor berish kerak — demak, sho‘ro hokimiyatining eng yuqori doiralari bu ishga alohida urg‘u berganlar, uni juda katta o‘rnakli jarayon sifatida o‘tkazishga qaror qilishgan. Shunday qilmasa bo‘lmas ham edi, chunki sudlanuvchi Qosimovning o‘zi O‘zbekiston Oliy Sudining raisi edi. Uni O‘zbekiston Jinoyat Majmuasining 63-moddasi bilan, ya’ni aksilinqilobiya, aksilsho‘roviya faoliyati uchun sud qilishdi. O‘z-o‘zidan ravshanki, aksilinqilobiya faoliyati uchun bir kishini yolg‘iz o‘zini sud qilgandilar, sudning namunali va ta’sirchan chiqmog‘i uchun aksilinqilobiy millatchilik tashkiloti ham kerak. Shuning uchun qora kursiga Qosimovning sheriklari sifatida yana olti kishini o‘tqazib qo‘yishdi. Ular 64 yashar sobiq mudarris va qozi Mirsoat Mirzokirov, 40 yashar sobiq advokat Vyacheslav Petrovich Spiridoniv, 41 yashar savdogar Nasriddin Olimov, 37 yashar savdogar Akbar Samig‘jonov, 46 yashar sobiq xalq sudyasi Rustamxo‘ja Ibrohimxo‘jayev, 33 yashar O‘zbekiston Oliy Sudining sobiq prokurori Badriddin Latifovich Sharipov edilar. Lekin bular jiddiy jazolarga mustahiq bo‘lgan bo‘lsalar-da, rasmiy doiralarning haqiqiy niyatlarini yashirmoq uchun bir beo‘xshov parda edilar, xolos. Asosiy maqsad esa Qosimov edi.
Bu ishning yana bir e’tiborli tomoni shundaki, Qosimov tevaragidagi mashmashalar sud jarayoni boshlanmasdan bir muncha avval boshlangan edi. 1929 yilning boshlarida yuqori tashkilotlarga Qosimov ustidan yumaloq xat tushadi. Unda Qosimov millatchilikda, poraxo‘rlikda va yana allanima balolarda ayblanadi. Bu xatni tekshirish uchun VKP(b) Markaziy Komitetining Nazorat komissiyasi Rastopchin, Axmatbek Mavlonbekov va Kornilov tarkibida komissiya tuzadi. E’tibor bering — uch kishining ikkitasi Moskvadan, buning ustiga Kornilov OGPU dan. Komissiya Qosimovning izohlarini ham tinglab o‘tirmaydi, uni ishdan bo‘shatadi va qamoqqa oladi. Ish tergovga oshiriladi, Moskvadan alohida muhim ishlar bilan shug‘ullanuvchi tergovchi chaqiriladi. U uch oy mobaynida ishni obdon tergov qiladi va Qosimovni ayblash uchun asos bo‘la oladigan biror gunohini topa olmaydi(!). Qosimovni ozod qiladilar va ishga tiklashga majbur bo‘ladilar. Bunday yechim oliy rutbalik sho‘ro idoralarini mutlaqo qanoatlantirmas edi, negaki, aybi borligi yoki yo‘qligidan qat’iy nazar Qosimov albatta yo‘q qilinmog‘i shart edi. Xo‘sh, nega?
Mening nazarimda, Qosimovning boshiga shunday fojiali qismat tushishiga uning o‘zi “aybdor”. Sud materiallari bilan tanishganimda shunga amin bo‘ldim. Har holda uning kam deganda ikkita kechirib bo‘lmaydigan katta “gunohi” bo‘lgan. Bu “gunohlar”ni hamma kechirganda ham sho‘ro hokimiyati kechira olmas edi, sho‘ro hokimiyati yuritgan siyosat bunaqa “gunohlar”ga loqayd, bamaylixotir qarab turishga yo‘l qo‘ymas edi. “Xo‘sh, qanday “gunohlar” ekan ular?” deysizmi? Birinchidan shuki, Qosimov favqulodda iste’dod egasi bo‘lgan. U juda zakovatli, ishning ko‘zini biladigan tashabbuskor odam bo‘lgan. Aftidan, uning tabiati ham g‘oyat jo‘shqin bo‘lgan, g‘ayrati ichiga sig‘magan yigit bo‘lgan. Shu o‘rinda kitobxon “Ie, shoshmang, siz bu odam bilan biron marta baqamti o‘tirib gurunglashmagan bo‘lsangiz, qolaversa, uni mutlaqo ko‘rmagan bo‘lsangiz, loaqal uning to‘g‘risida biron kitob yoki maqola o‘qimagan bo‘lsangiz, bu insonning favqulodda iste’dod egasi ekanini qayoqdan bilasiz?” deya menga e’tiroz bildirishi mumkin. Bu — to‘g‘ri, men Qosimov bilan uchrashmaganman, uchrashmog‘im mumkin ham emas edi, uning to‘g‘risida hatto yuqorida aytilgan ikkita risoladan boshqa hech qanday materialga ega emasman. Ammo sud materiallarining o‘zidagi ba’zi bir faktlarga tuzukroq e’tibor berilsa, uning favqulodda qobiliyati to‘g‘risida qat’iy ishonch hosil qilish mumkin.
Hukmdan va qoralovchining uzundan uzoq nutqidan ma’lum bo‘lishicha, Sa’dulla Qosimov 22 yoshidan boshlaboq sud idoralarida ishlay boshlagan. U avval Toshkent viloyat sudining a’zosi bo‘lgan. Keyin bir yil o‘tar-o‘tmas viloyat sudining raisi bo‘lgan, 1925 yilda esa, ya’ni 24 yoshida(!) Respublika Oliy Sudining raisi lavozimini egallagan. Bu lavozim respublikadagi eng oliy lavozimlardan biri edi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, bu lavozimga iltimos qilib yurib, yoki tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilik yordamida va hatto pul sarf qilib ham erishib bo‘lmasdi. O‘sha paytlarda Oliy sud raisi saylanganmi yoki tayinlanganmi — buni aniq bilmaymanu, lekin bu lavozimga nomzod to uni egallaguncha katta-katta idoralarda obdon sinovdan, tekshiruvlardan o‘tkazilgan bo‘lishi muqarrar. Ehtimolki, u Moskvaning chig‘irig‘idan ham o‘tgandir. Tabiiyki, nomzod zarur sifatlarga ega bo‘lmasa, bu sinovlarning birortasida yiqilib qolishi turgan gap edi. Yo‘q? Sa’dulla Qosimov 24 yoshida bu yuksak lavozimni egallagan va keyin hukmda va qoralovchining nutqida e’tirof etilganidek, besh yil mobaynida muvaffaqiyat bilan ish olib borgan ekan, u shunchaki oddiy bir inson bo‘lmagan — yo uning bilimlari zo‘r bo‘lgan, yo u yorqin tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan, yo zehni o‘tkir bo‘lgan, yo muammolarni mardona va tantilik bilan hal qilib tashlay olgan, yo mayda-chuyda gaplardan ustun turib, dadillik bilan qaror qabul qila oladigan bir inson bo‘lgan. Xullas, uning bu mansabni egallamog‘i uchun asos beradigan yuksak fazilatlar egasi bo‘lganiga mening zarracha shubham yo‘q. Ammo aynan shu narsa uning fojiasiga, bevaqt nobud bo‘lishiga asosiy sabab bo‘ldi. Axir, ma’lumki — mevali daraxt hosilga kirishi bilanoq uning tanasida shirasini so‘rib oladigan qurt-qumursqalar, turli hasharotlar paydo bo‘ladi. Xuddi shuningdek, odam e’tiqodli va favqulodda iste’dod egasi bo‘lsa, ular namoyon bo‘lgan kunning o‘zidayoq, uning iste’dod va e’tiqodi kushandalari paydo bo‘ladi. Odamzot tabiatida hasad, ko‘rolmaslik, baxillik kabi sifatlar boshqa o‘nlab fazilatlar bilan bir qatorda mangu yashaydigan sifatlardir. Xullas, Sa’dulla Qosimov viloyat sudining raisi bo‘lgan kundan boshlaboq uning atrofida ko‘zga ko‘rinmas dushmanlari g‘imirlab qolishgan, respublika sudiga o‘tgandan keyin esa ular ko‘zga tushgan oqdek hunuk ko‘rinadigan bu “olifta”ni gumdon qilish yo‘liga tushishgan. Hasadgo‘ylarning qora niyatlari o‘sha paytda bolsheviklar yaratib ulgurgan totalitar tuzum sharoitida juda keng ko‘lamda qo‘llab-quvvatlangan.
Chaqimchilik, dumaloq xatlar, birovlarning tagiga suv quyish, “oltinchi barmoq” har qanday totalitar tuzumning “gullab-yashnashi”ga yo‘l ochadigan omillardir. Bundan tashqari, proletariat diktaturasi shunday hodisaki, unga iste’dodlar kerak emas, ayniqsa, milliy o‘lkalarda mustaqil fikrlaydigan, o‘zi bilib ish yuritadigan odamlarning sira hojati yo‘q. Bunday odamlar — g‘alvaning koni, ular odamlarga rahnamo bo‘lib, bosh ko‘tarishdan ham toymaydi. Diktaturaga ijrochilar kerak, yuqoridan aytilgan har qanday gapni so‘zsiz bajaradigan itoatkor ijrochilar kerak. Shuning uchun proletariat diktaturasi “chilpish siyosati”ni yaxshi ko‘rardi — bot-bot umumiy qolipga sig‘may, ko‘rinib qolgan boshlarni “chilpib” turardi. Bu siyosat xalqni sodiq fuqarochilik, ko‘r-ko‘rona ijrochilik ruhida tarbiyalashga, odamlarni erkdan, irodadan mahrum qilishda juda qo‘l kelardi. Buyuk shoirimiz Cho‘lponning “bir somon parchadek oqib boraman, har buyruq, har gapni haq deb boraman” deb afsusu nadomatlar chekishi bejiz emas edi. Xullas, Sa’dulla Qosimov birdan olomon ichidan bir bosh ko‘tarilib ketgan, o‘zining iste’dodi bilan liderga — rahnamoga aylana boshlagan kimsa edi.
Uning ikkinchi gunohi shunda ediki, u o‘zining sudyalik faoliyatida qonunlarni proletariat diktaturasi manfaatlarini ko‘zlab emas, oddiy odamlar manfaatini ko‘zlab talqin qilardi. Natijada, aybdorlarni oliy jazoga hukm qilish o‘rniga o‘ta ko‘ngilchanlik bilan qanchadir muddatga qamoq jazosiga hukm qilardi. Shu yo‘l bilan o‘zini insofli, vijdonli, diyonatli qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lar, “gumanistlik” niqobini kiyib olishga urinardi. Proletariat diktaturasida esa bunaqa narsalar unchalik ma’qul ko‘rilmaydi. Negaki, vijdon deganlari ham, hatto gumanizm deganlari ham o‘tmishda o‘ylab topilgan, uchiga chiqqan burjua ahloqining qurollari-ku! Insof, diyonat degan narsalar qat’iy harakat qilishga, sinfiy dushmanlarni supurib tashlashga xalaqit beradi, xolos. Proletar diktaturasi — maqsadga eltadigan har qanday vosita yaxshi deb hisoblaydi — kerak bo‘lsa, ur, yana majaqla, kerak bo‘lsa ot, os, zaharla — nima qilsang ham oliy maqsadga kommunizm saltanatiga yaqinlashsak bas. Qosimovga o‘xshaganlar esa “qandoq bo‘larkin? Bu adolatdan emas-ku”, deganga o‘xshash ming‘irlashlar bilan oyoq ostida o‘ralashib, umumiy ishimizga xalaqit berish va hatto zarar keltirishdan boshqaga yaramaydi. Shuning uchun har xil Qosimovlarni ham temir supurgi bilan ayovsiz supurib tashlash kerak.
Olis 1930 yildagi sud jarayonini aks ettirgan risolalar bilan tanishib chiqqach, men bunga qat’iy amin bo‘ldim. O‘shanda huquqshunoslik tarixidagi eng badbashara, eng manfur, eng beandisha fojiali komediyalardan biri o‘ynalgan ekan. Bu “sud jarayoni” umuman inson huquqi, adolat, haqiqat degan qadriyatlarni oyoq ostiga olib tepkilagan, odamlar taqdirini hal qilishda qonun normalariga, mantiqqa emas, zo‘ravonlikka, o‘zboshimchalikka asoslanib ish yuritishning eng ayanchli namunalaridan biri bo‘lgan edi. Bunga amin bo‘lmoq uchun ishning ba’zi bir sahifalari bilan tanishish kifoya. Qosimov va uning sheriklarini sud qilgan SSSR Oliy Sudi Jinoyat Sudlov kollegiyasining sudi boshdan oyoq bir tomonlama g‘arazgo‘ylik bilan ish tutgan. Sud hay’ati uchun sudlanuvchilar ustidan chiqariladigan hukm avvaldanoq ma’lum bo‘lgan. Shuning uchun salkam uch oy davom etgan sud jarayoni ular uchun shunchaki o‘yindan boshqa narsa emas edi. Undagi hamma narsa — aybnoma ham, guvohlarning so‘rog‘i ham, qoralovchilarning nutqlari va hatto sudyaning savollariyu luqmalari faqat bir narsaga qaratilgan — har nima qilib bo‘lsa-da, Qosimovning sinfiy dushman ekanini, ashaddiy millatchi ekanini, bosmachilarning malayi bo‘lganini, savdogarlar, quloqlar va boshqa tekinxo‘rlarning manfaatiga xizmat qilganini ko‘rsatib bermog‘i kerak edi. Bu borada, ayniqsa, davlat qoralovchisi R.Katanyan katta jonbozlik ko‘rsatadi. U qoralovchi nutqida o‘zining gapga chechanligini, huquqshunoslik bobida ilmi g‘oyatda “teranligini”, hatto kam qo‘llanadigan lotincha atamalarni ham bilishini namoyish qilgan. Xudo uni bir tomondan, ayniqsa, eng oddiy insoniy mantiq masalasida ancha siqib qo‘yganini yashira olmagan. Uning dalil-isbotsiz ayblovlari, barmoqdan so‘rib olinganday mulohazalari keyinchalik sud hukmining matnida aynan takrorlangan.
Ulardan ba’zi bir misollar keltiraylik. Qoralovchi Sa’dulla Rashidovich Qosimovning 1901 yilda Toshkentda tug‘ilganini aytadi-da — shu joyning o‘zida “mayda burjua oilasida” deb qo‘shib qo‘yadi. Xo‘sh, uning “mayda burjualigi” nimada ekan? Otasi Qosimxo‘ja Abdurashidov Toshkentdagi atoqli boylardan biri Yusuf Davidovning qo‘lida gumashta bo‘lgan ekan va uning uchun dehqonlardan paxta sotib olish bilan shug‘ullangan ekan, bu o‘rindagi chalkashlikka qarang — otasining ismi Qosimxo‘ja bo‘lsa, Sa’dulla nega “Rashidovich” bo‘ladi. Buvasining ismini ota ismi o‘rnida ko‘rsatilmaydi-ku? Mayli, bu noaniqlikni sezmagan bo‘laylik. U Sa’dullaning otasi nima ish qilganini gapirgan joyda “uning dehqonlarni ayovsiz ekspluatatsiya” qilgani ta’kidlanadi. Oddiy bir gap, lekin bu ham tinglovchida bu xonadonning sinfiy dushman ekani haqidagi tasavvurni shakllantirishga xizmat qiladi. Holbuki, bu yolg‘on gap — paxta sotib oladigan odam dehqonni sira ekspluatatsiya qila olmaydi. Chunki savdo-sotiq ikki tomonning o‘zaro kelishuvi, o‘zaro roziligi asosida bitadigan eng halol ishlardan biri. Buni “ekspluatatsiya” deb atash noxolislikning aynan o‘zidir.
Keyin Qosimovning ma’lumoti o‘rta ekani aytiladi. Bu ham g‘alati. Qosimov 22-yildan mehnat faoliyatini boshladi deylik. 1922 yilgacha bizning o‘lkamizda o‘rta ma’lumot beradigan maktab bo‘lmagan. Bu ham mayli — bu gapning ketidan qoralovchi uning muallimlari Eshonxo‘ja Xoni va Munavvar Qorilar bo‘lganini anglatadi-da, ketidan ularning aksilinqilobiy va millatchilik faoliyati to‘g‘risida sayrab ketadi. Xo‘p, bu gaplarni to‘g‘ri ham deylik. Lekin ularning Sa’dullaga nima dahli bor? Axir, maktabga borgan bola o‘qituvchi tanlash imkoniyatidan mahrum bo‘ladi-ku? Bu gaplar ham Sa’dullaning bolaligidanoq dushmanlik ruhida tarbiya topganini ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Qoralovchi Qosimovning kimlar bilan do‘st ekanini, oshna-og‘aynigarchilik qilganini, gaplarda ishtirok etganini sanaydi. Albatta, ularning hammasi ham, millatchi, aksilinqilobchi, savdogar va quloq unsurlar. Uning o‘zi ham uyida gap bergan ekan. Va unda qaynotasi qatnashgan ekan. Qiziq, boringki, Qosimovning qaynotasi katta savdogar bo‘lsin, nima, kuyovi uni uyida bo‘layotgan ziyofatga kiritmasligi kerakmi? Yoki qaynota kuyovning gapida qatnashgan bo‘lsa, bu fakt qanday qilib Sa’dullaning millatchiligi yoki aksilinqilobchi ekanini isbotlaydi.
Yoki yana bir boshqa faktni olaylik: mashhur advokat Ubaydulla Xo‘jayev Qosimov raislik qilgan ba’zi sud majlislarida oqlovchi sifatida ishtirok etgan ekan. Shundan keyin qoralovchi har nima qilib bo‘lsa-da, Qosimovning unga yaqin do‘st bo‘lganini isbot qilishga harakat qiladi; ularning inoqligini dalillashi mumkin bo‘lgan birorta fakt arzisa-arzimasa qoralovchining nazaridan chetda qolmaydi: mana, Qosimov bilan Ubaydulla Xo‘jayev birga ovqatlanishipti. Mana, sud jarayonidan keyin ko‘pchilik birga suratga tushishipti — Qosimov uning eng sadoqatli shogirdi sifatida o‘ng tomonida o‘tiribdi; mana, ular Andijonda birga hammomga tushishgan ekan. Bularning bari yana o‘sha gapni — Qosimovning millatchiligini tasdiqlash uchun kerak, chunki Ubaydulla Xo‘jayev — Sa’dullaning ustozi, dong‘i ketgan millatchi va sinfiy dushman.
Qoralovchi Qosimov biografiyasidagi eng qizil faktlarni ham unga qarshi yo‘naltirishga harakat qiladi — biroq bunday tuhmatlarni biror dalil bilan tasdiqlashdan ojizlik qiladi. Masalan, Qosimov 1920 yilda, ya’ni 19 yoshida partiya safiga kirgan ekan. Qoralovchi bu faktni shunday izohlaydi: “Qosimov partiyaga kirayotganida uning mohiyatini va maqsadlarini tushunmagan, keyin tushunib olgan bo‘lsa, unga qarshi kurashmoq uchun tushungan”.
Xo‘p, bular-ku shunchaki havoyi gaplar, tuhmatnoma bo‘htonlar ekan, uning aksilinqilobchi ekanini ko‘rsatadigan biror aniq dalil bormi? Axir, shunchalik dovrug‘ solgan sud jarayonida faktsiz-dalilsiz ish yuritmagan bo‘lishsa kerak? Ha, bor. Masalan, Qosimov bir necha marta pora olgan deyiladi. U ba’zi bir tadbirkorlarning solig‘ini kamaytirish haqida hukm chiqargan ekan. Yoki ba’zi bir bosmachilarning homiylari va hamkorlariga o‘lim jazosi tayinlash o‘rniga yengil jazolar beradi. Bu da’volar ham mutlaqo dalil-isbotlarsiz aytilgan. Albatta, “Ha, endi, qoralovchi haddan oshirgan ekan-da!” deb uning gaplariga e’tibor bermay qo‘ya qolsa bo‘lardi. Lekin bularning bari bir harfi o‘zgartirilmagan holda shubha ostiga olib, bo‘lmaydigan isbotlangan faktlar sifatida hukm matnida takrorlangan va Qosimovga oliy jazo berish haqida hukm chiqarishga asos bo‘lgan.
Sa’dulla Qosimovning benihoya zakovatli va huquqshunoslik asoslarini puxta bilishi sud jarayonida ham necha martalab yaqqol ko‘ringan. U turli bo‘htonlar va tuhmatlarga indamay ko‘nib ketavergan emas, balki imkon darajasida o‘zining haqligini isbotlashga harakat qilgan, suddan, qoralovchidan ayblarini dalillovchi faktlar va hujjatlar ko‘rsatishni talab qilgan, yozma murojaat qilgan. Masalan, bir talabnomasida u “Agar men aksilinqilobchi bo‘lsam, buni menga isbot qilib beringlar!” deya xitob qiladi. Qoralovchi esa uning bu haqli talabiga surbetlarcha shunday deb javob beradi: “Siz o‘z hatti-harakatlaringizning oqibatlari qanday bo‘lishini oldindan ko‘rgansiz, siz o‘z faoliyatingiz bilan sovet hokimiyatining obro‘yiga putur yetkazayotganingizni oldindan bilgansiz. Shuning o‘zi bizga kifoya!” Bilmadim, bu javobda qanday mantiq bor ekan? Har holda, SSSR Oliy Sudining qoralovchisi haqiqatga mos keladigan gaplarni ko‘proq keltirsa tuzukroq bo‘larmidi? Ammo sudya uchun ham, qoralovchilar uchun ham mantiqning mutlaqo ahamiyati yo‘q edi. Ular Qosimovni, u bilan birga yana uch odamni qurbon qilishi kerak edi, shunday qilishdi ham.
* * *
Ularning otilishi haqidagi hukm 1930 yilning 21 iyun kuni o‘qildi. Lekin ular qachon, qayerda otilgan, qabrlari qayerda — bu hanuzga qadar ma’lum emas. Biroq men aminman — yosh tadqiqotchilar qachonlardir buning tagiga yetishadi. Bugun esa — Istiqlolimizning o‘n bir yilligida shahid ketgan fidoyilarimiz xotirasini yod etar ekanmiz, ularning ruhi poklariga fotihalar o‘qiymiz. Shu jumladan, Sa’dulla Qosimov degan o‘n gulidan bir guli ochilmay, nobud bo‘lgan el farzandi sha’niga ham “Olloh oxiratingni obod qilgan bo‘lsin” deya duolar o‘qiymiz.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 35-sonidan olindi.