Muhtarama Ulug‘ova. Marg‘ilonliklar (Bir muxammas tarixi)

Farg‘ona davlat pedagogika universitetining hurmatli domlalaridan biri, ustozimiz, adabiyotshunos olim Muhammadjon Madg‘oziyev hikoyasi:
— XV asr oxiri — XX asr boshlarida Marg‘ilonda navoiyxonlik an’anaga aylangan edi. Oqshomlari erkaklar alohida, ayollar alohida yig‘ilishib, buyuk bobomiz Alisher Navoiy g‘azallarini mutolaa qilishar va ularni tahlil etishib zavq olishar edilar.
Og‘izdan og‘izga o‘tib kelgan mana bu hayotiy hikoya ham marg‘ilonliklarning she’riyatga, adabiyotga, xususan, Navoiy hazratlariga e’tiqodining bir ifodasidir.
Shaharning Chorchinor mahallasida yashovchi, Umidiy, Chahorchinoriy taxalluslari bilan g‘azallar bitib yurgan shoir navbatdagi navoiyxonlikka yig‘ilganlarning e’tiborini o‘ziga qaratib:
— Men bir narsaga juda hayron qoldim, — deya gap boshlabdi. — Navoiyning bir g‘azali:

Ko‘kragimdur subhning
pirohanidin chokrok,
Kirpikim shabnam to‘kulgan
sabzadin namnokrok,

bayti bilan boshlanadi. Qarang-a, insonning ko‘ksi subhdan ham qontalashroq, chokroq bo‘lishi mumkinmi? Nazarimda, hazrat mubolag‘ani aql bovar qilmaydigan darajada oshirib yuborganga o‘xshaydilar…
Umidiyning bu ta’nasi yig‘ilganlar kayfiyatini buzibdi, shu kuni davraga fayz kirmabdi. Ixlosmandlar Umidiyning fikriga munosabat ham bildirmabdilar, ortiqcha so‘z ham aytmabdilar…
Umidiy qanchalar noto‘g‘ri ish qilganini tushunsa-da, endi kech bo‘libdi. U ham kulbasiga qaytib, iztirobga g‘arq bo‘lganicha bedor yotibdi, tong oldida ko‘zi ilinibdi.
…Katta gulzor… Yaproqlari shovullab turgan daraxtlar egilib soya solgan yo‘lakdan Mir Alisher Navoiy yurib kelaveribdilar. O‘zini befarosatlikda ayblab xoki turob bo‘lib yotgan Umidiy ustodi komilni uzoqdan ko‘ribdi-da, huzurlariga peshvoz borib, tiz cho‘kibdi, choponlarining etagini ko‘ziga surtib uzrlar ayta boshlabdi.
— Tur, bo‘tam, tur! — deya Umidiyning boshini silabdilar Navoiy.
Xuddi shu yerda hayajonu titroq bilan ko‘zini ochgan Umidiy anglabdiki, ko‘rganlari tush ekan. Sapchib o‘rnidan turibdi, tahorat qilib, tokchada turgan Navoiy “Devon”ini qo‘lgan olibdi, yuqorida tilga olingan g‘azalni ochibdi va beixtiyor unga muxammas bog‘lashga tushibdi. Misralar quyilib kelibdi. Muxammas mana bunday boshlanar ekan:

Ayo, Umidiy quling
befahmu beidrokrok…

Qarangki, shoir xuddi shu kecha o‘zi bilmagan holda adabiyotning bu janriga yangilik kiritgan ekan, ya’ni shu paytgacha biror g‘azalga muxammas bog‘lagan shoir o‘zining taxallusini asarning oxirgi baytida keltirgan bo‘lsa, qilib qo‘ygan xatosi, “befahmu beidrokrok” ekanligini imkon qadar tez tan olishga shoshilgan Umidiy o‘z taxallusini muxammasning birinchi baytidayoq keltirgan ekan, “Men aybdor, nodon qulingiz…”, degandek…

“MENING XONDA IShIM YO‘Q…”

Respublikada xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, mehnat faxriysi Bahriddin ota Fozilov hikoya qiladi:
— Men sakson yoshdan o‘tgan bo‘lsam, aqlimni taniganimdan buyon xonadonimizda eng ko‘p ko‘rganim kitoblar bo‘ldi, bobom va otamning qadrdonlari, uyimizning mehmonlari ham ko‘pincha shoirlar, san’atkorlar edi. Otamning aytishlaricha, katta bobom Muqimiy, Furqat, Zavqiylar davrasida ulfat ekanlar. Marg‘ilonlik, qo‘qonlik hofizlar hovlimizda tez-tez mehmon bo‘lishardi. Men ularga choy tashib yurib, ajoyib suhbatlarini jon qulog‘im bilan tinglardim. Jahon otin Uvaysiy haqida bobomdan eshitganlarim tasavvurimga o‘rnashib qolgan.
Aytishlaricha, Amir Umarxon Nodirabegimni Andijondan Ho‘qandi latifga kelin qilib olib ketganlaridan keyin ko‘radilarki, Mohlaroyim nafaqat shoira, balki ilmga ham tashna bir toliba ekanlar. Shuning uchun Amir malikaning ham she’riy iqtidorlari, ham ilmlari takomiliga ustozlik qila oladigan muallima izlay boshlabdilar.
“Nodirabegimga ustozlikka har jihatdan marg‘ilonlik Jahon otingina munosib”, — ko‘p surishtirishlar, maslahatlardan keyin mana shu qarorga kelib, Amir Umarxon saroy bekalarini xonaravada Marg‘ilonga jo‘natibdi.
Choldevor ichidagi loysuvoq uy oldidagi katta marvarid tutning tagida o‘t yoqib qumg‘on qaynatib o‘tirgan oddiy, ko‘rinishidan kosiblarning ojizasidan farq qilmaydigan otinni ko‘rgan saroy bekalari dastlab hayron bo‘lishibdi: “Nahotki, malikaga mana shu ayol ustoz bo‘lsa?!”. Kutilmagan mehmonlar yupungina to‘shaklarga omonatgina o‘tirib o‘zlarini tanishtiribdilar, maqsadlarini aytibdilar.
— Xush kelibsizlar, — deya so‘z boshlabdi Jahon otin. — Men, avvalo, bir narsani bilmoqchiman. Amir hazratlari mening ixtiyorimga qaraydilarmi yoki saroyga borishim majburiymi?
Elchilar bu savoldan hayron bo‘lib bir-birlari bilan ko‘z urishtirib oladilar va so‘ngra:
— Albatta, ixtiyoringizni hisobga oladilar, — deya javob qaytaradilar.
— Agar ixtiyorimga qarasalar, saroyga borolmayman, chunki mening xon bilan bog‘liq, uning saroyida bitadigan ishim yo‘q.
Og‘izlaridan chiqqan taklifdan mezbonning boshi osmonga yetishini kutgan saroy bekalari hayron qolishibdi, Jahon otinning bu javobini Amir Umarxonga borib aytibdilar. Shunda xon lab tishlabdi: “Haqiqatan ham, shoiraning menda emas, mening u fozila otinda ishim bor edi. Shu boisdan o‘zim huzurlariga borishim joiz”, deb Marg‘ilonga kelibdi.
Xonning o‘zi iltimos bilan kelganida, rad etmoqning iloji qolmabdi.
— Mayli, men xizmatlaringizda bo‘lay, — deb gap boshlabdi Jahon otin. — Faqat bitta shartim bor: men bu yerda kosiblarning, hunarmandlarning qizlarini o‘qitaman. Ko‘rib turibsiz, qumg‘onda choyim qaynab turibdi, yarimta nonim — bugungi nasibam. Ertangi kunim — yo Razzoq! Agar Qo‘qonda hunarmandlarning, kosiblarning qizlarini ham o‘qitishimga ruxsat berilsa, men Siz bilan ketishga tayyorman.
Bu gapdan Amir Umarxonning jahli chiqibdi: “Nechukkim, malikani o‘qitgan ustoz oddiy fuqaro bolalariga ham dars bersa?”. Bu fikrini Jahon otinga ham anglatibdi. Shunda Uvaysiy mashhur g‘azalning bir baytini keltiribdilar:

Ey shoh, karam aylar chog‘i
teng tut yomonu yaxshini,
Kim mehr nurin teng solur
vayronu obod ustina.

Hayratda qolgan Amir Umarxon:
— Bundan so‘ng siz faqat Nodirabegimga emas, balki menga ham ustozsiz. Hamma shartlaringizga roziman, — deya shoirani saroyga olib ketibdi.
Uvaysiy bilan Nodiraning ustozu shogirdlik munosabatlari, bir-birlariga hurmat-ehtiromlari, xonning ilm va ijod ravnaqiga homiyligi qiziquvchan o‘quvchilarga adabiyotlar orqali bir qadar ma’lum. Faqat ko‘ngildagi ishtiboh shuki, ayrim telesahnalarda talqin qilinganidek, Amir Umarxon Jahon otinga anor otgan emas, huda-behuda buyruqlar bergan emas. Har ikki tomon ham o‘z qadrini, shu bilan birga, xonlik va shoiralik izzatini saqlaganlar.
…Oradan yillar o‘tib, Jahon otin Marg‘ilonni, marg‘ilonlik azizlarni sog‘inibdi, ona yurtga borib kelish uchun xonning ruxsatini so‘rabdi. Ammo “Bir oz shoshmay tursinlar”, degan javob bo‘libdi. Bunday javob ikki-uch bora qaytarilgandan keyin, bir kuni alohida aravalar yo‘lga taxt qilinib, saroy bekalaridan Jahon otinga hamrohlar belgilanibdi, Marg‘ilon sari yo‘lga tushibdilar. Xon aravalari Marg‘iloni muazzamning ko‘chalaridan biriga kirib to‘xtabdi va Jahon otinga manzilga yetib kelganliklarini bildiribdilar. Uvaysiy aravaning pardasini ko‘tarib pastga tushmoqchi bo‘libdi-yu, qarshisidagi manzarani ko‘rib to‘xtab qolibdi. Ro‘parada qo‘qong‘ishtdan tiklangan, naqshli yog‘ochlar bilan zeb berilgan mo‘jaz, ko‘rkam imorat turardi.
— Mening hovli-joyim, eshigim bu emas, — debdi shoira. — Adashib kelibmiz.
Shundan keyin yo‘lboshlovchilardan biri qarshidagi hovlining darvozasini ochib:
— Otinoyi, tushaversinlar, biz xuddi o‘zingizning ota joyingizga keldik, — debdi va hovli o‘rtasida ko‘kka qo‘llarini cho‘zib turgan qadrdon marvarid tut daraxtiga ishora qilibdi. Uvaysiy tutni tanib, sog‘inchu shukrona bilan ichkariga qadam qo‘yibdi.
Ma’lum bo‘libdiki, Jahon otin bundan bir yarim oylar muqaddam Amir Umarxondan ona shahriga borib kelish uchun izn so‘ragan kuni xon mana shu imoratni qurish uchun kerak bo‘ladigan g‘ishtu yog‘ochlardan ustalargacha Marg‘ilonga yuborilishini, tez muddatda shoiraga munosib uy-joy tiklanishini amr qilgan ekan. Toki qurilish oxirigacha bitmaguncha, “Yana ozgina sabr qiladilar” degan javob bilan safarni kechiktirib turgan ekan…
Kuch-qudrat, davlatu dabdabaning ma’rifat, noyob iqtidor, she’riyatga ta’zimi ramzi bo‘lgan bu imorat qariyb bir yarim asrdan keyin — Marg‘ilon shahrining qutlug‘ to‘yi arafasida qayta ta’mirlandi. Shaharning eng aziz ziyoratgohlaridan biriga aylandi. Jahon otin Uvaysiyning bobolari ekib ketgan, hovlining o‘rtasida chayir, burish qo‘llarini hamon ko‘kka cho‘zib turgan marvarid tutning tili bo‘lsaydi…

ChIN IXLOS

Navbatdagi hikoya mening o‘zimga taalluqli.
Rahmatli dadam mulla Muhammadxon Ulug‘xo‘ja o‘g‘illarini allamahallarda, kutilmaganda kimlardir chaqirib kelib qolardi.
Tashqariga chiqib ketgan dadam zuvillab qaytib, katta uyga o‘qday uchib kirib ketardilar, yana shu shahd bilan ko‘chaga otilardilar-da, hech qancha vaqt o‘tmay ko‘zlari bilan kulib kirib kelardilar:
— Falon joydan falonchi meni axtarib, hojati chiqishiga ishonib kelibdi-ya! — derdilar xuddi o‘zining nozik ishi bitgan odamdek. Keyin, albatta, qo‘shib qo‘yardilar: — Bir odamning kimnidir yo‘qlab, nimadir umid qilib kelishi juda og‘ir ish, xuddi yuzini bosgandek keladi. Shuning uchun qo‘llaringdan kelgancha odamlarning hojatini chiqaringlar, noumid qaytarmanglar. Kishining iltimos qilishi juda mushkul, ammo iltimosi rad etilsa undan badtar ahvolda qoladi…
Dadamning biri biridan ajoyib odatlari ko‘p edi. Agar bir yaxshi taom pishirsak, dasturxon atrofiga yig‘ilarkanmiz:
— Xah, bir rizqi ulug‘ kelib qolsaydi! — deb darvozaga qarayverardilar.
Dunyoni taniy boshlaganimdan otajonimning shirali, hissiyotlardan tovlanib turadigan ovozlarida “Qur’on” oyatlari, Shoh Mashrab g‘azallari ongimga quyildi.

Hama obod bo‘ldi, bo‘lmadim
obod dastingdin,
Ki men har qayda borsam, dod etarmen,
dod, dastingdin! —

Bu kabi satrlar magnit tasmasiga muhrlangan kabi ko‘nglimdan hech o‘chmaydi.
Dadam arab imlosini ham, kirillni ham yaxshi bilardilar. Har kuni uyimizga pochtachi “top” etib tashlab ketadigan bir dasta gazeta-jurnallarning barini o‘qib chiqardilar, ayrim maqolalarni belgilab qo‘yib, bizga o‘qishni tavsiya qilardilar.
Bir gal… qish edi, elas-elas xotirlayman. Dadam juda urinib ketgan, ammo g‘oyat chiroyli, arab imlosida chop qilingan kitob olib keldilar. Har kuni kechqurun uyimizga ammalarim, amakiyu kennoyilarim, yaqin qo‘shnilar yig‘ilishadigan bo‘ldi. Dadam o‘sha kitobni o‘qib berardilar. Hammaning fikru xayoli kitobda edi. Men uning voqealarini eslolmayman, ammo yig‘ilganlarni juda hayajonga solganligi uchunmi, bir lavha elas-elas xotiramda qolgan: go‘zal qizni o‘g‘irlash uchun yomon odam uyning orqasidan chuqur qazadi — keyinchalik bildimki, dadam o‘shanda “O‘tgan kunlar” romanini o‘qib bergan ekanlar. “O‘tgan kunlar”… Romanga Abdulla Qodiriyning faqat Kumushbibilarga emas, butun marg‘ilonliklarga muhabbati singdirilgandek.
Qozoqvoy hoji opog‘dadam (onam tomonlaridan) dadamga boshqacha ixlos qo‘ygandilar. Dadamning aytishlaricha, opog‘dadamning yuraklaridan o‘tgan, qalbida yotgan dardni yolg‘iz Olloh bilardi.
Qozoqvoyhoji opog‘dadamga ota-onalari qator farzandlarini yoshligida yerga topshirgach, “qozoqlarga o‘xshagan qalin-qattiq, umri uzun bo‘lsin”, deb shunday ism qo‘ygan ekanlar.
Onam Malikaxon oyim aytib bergandilar: o‘tgan asrning 20-yillariga to‘g‘ri keladi. Opog‘dadamning katta o‘g‘illari Komilqoriga mahalladan bir qizni olib beradilar. Kelin chiroyli, tutimlari ma’nili, faqat… ovozi erkaklarnikiga o‘xshagan do‘rillagan ekan. Qizni ilk bora chimildiqda ko‘rgan Komilqori tog‘am uning ovozidan ko‘ngilsiz bo‘libdi. Bu haqda onalariga aytibdi. Avvaliga uning gapiga hech kim e’tibor bermabdi, kuyov asta-sekin ko‘nikib ketadi, deb o‘ylaganlar-da. Lekin unday bo‘lmabdi. Tog‘am tinmay achamga: “Ayting, kelin uyiga chiqib ketsin, men u bilan yashamayman”, derkanlar. Nihoyat, bu gap opog‘dadamga ham ma’lum bo‘libdi.
— Bekorni aytibdi, — debdilar Qozoqvoy hoji. — Komilqori shu kelin bilan ro‘zg‘or qiladi!
Ko‘ngil-da, koshkiydi, buyruq berib bo‘lsa! Kattalar o‘z qaroridan qaytmabdi, Komilqori tog‘amning esa kelinga nisbatan hech ko‘ngli ilimabdi. Onalariga yana ko‘ngil yoribdi: “Dadam rozi bo‘lsinlar, men bu qizning umrini zoye ketkazib o‘tirmay…”. Shaxribonu achamiz gapni yana aytgan ekanlar, bu safar opog‘dadam qattiq jahl qilibdilar va:
— Men birovning bolasini baxtsiz qilib, qaytib uyiga olib borib qo‘yish uchun kelin qilmaganman. Komilqori shu kelin bilan shu uyda yashaydi, agar xohlamasa, istagan joyiga borsin! – debdilar.
Ayni shu gap aytilgan va quloqlariga yetgan kunda chiqib ketgancha, tog‘am qaytib ota uyining ostonasini bosmagan ekan. Opog‘dadam yuzdan oshib boqiy dunyoga ketguncha ham… toki shu kungacha Komilqori Qozoqvoyhoji o‘g‘illarining keyingi taqdiri haqida hech kim hech narsa bilmaydi…
Dadam oddiy kosib — ishchi edilar, opog‘dadam esa o‘tgan asrning 30-yillari hukumat tomonidan “Bu mulla, eskilik sarqiti” deb yer-suvlari tortib olingach, shahar chekkasidan kichkina tashlandiq yerni olib, guvaladan bir uycha va bostirma tiklab, hovlini uzumzor qilib, “Men dunyoning barcha rohat-farog‘atini ko‘rdim”, deya qolgan umrlarini shogirdlarga ilm o‘rgatishga bag‘ishlagan sambit bo‘yli, oppoq soqolli, hayotlarining oxirgi kunlarigacha oldilaridan mehmon arimagan hoji dada edilar.
Uzoqqa bormadim, o‘zim ulg‘aygan qutlug‘ xonadonning ikki sohibi haqidagi xotiralarimdan bir parchasi qog‘ozga tushdi. Qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘lar, men bilgan va bilmagan odamlar orasida shunday insonlar ko‘pki, ularning hayot sahifalarini qanchadan-qancha kitoblarlarga shundaygina ko‘chirish mumkin. Boshqalarga yaxshilik qilib, o‘zi rohatlanadigan kimningdir ezgu ishini ko‘rganda, eshitganda ko‘zlariga duvillab yosh keladigan… o‘zining farzandini ham “siz”lab, millatini ulug‘laydigan… faqat kasbu korni va hunarni emas, balki insoniy munosabatlarni ham haqiqiy san’at darajasiga ko‘targan marg‘ilonliklar tufayli bu ko‘hna va navqiron maskan “Farishtali shahar”, degan nomga munosib bo‘lsa kerak.

Muhtarama Ulug‘,
Respublikada xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 36-sonidan olindi.