2013 yilning 20 yanvarida dunyo xalqlari AQShni Barak Obamaning yana 4 yil muddatga Oq Uyga qaytadan kirib kelishi va qayta prezident bo‘lib saylanishi bilan tabrikladi. Jahon ahli demokratiya va ezgulik sari yana bir qutlug‘ qadam bo‘ladi, deya umid bildirmoqda.
AQShda mamlakat prezidentining umumxalq saylovi to‘rt yilda bir marta, doim aniq bir kunda – noyabr oyi ilk haftasining birinchi seshanbasida o‘tkaziladi. 2012 yilgi saylov kampaniyasida bu kun 6 noyabrga to‘g‘ri keldi. Amerika ommaviy axborot vositalarining dastlabki saylovoldi reytingi bo‘yicha prezidentlikka ko‘rsatilgan to‘rt nomzoddan ikki nafari – Barak Obama hamda Mit Romnining imkoniyatlari salmoqli bo‘lib, bunda ikkovining ham g‘alaba qilish ehtimoli teng edi. Shunga qaramay, amaldagi prezident respublikachilar partiyasi nomzodi Mit Romni ustidan katta ustunlik bilan g‘alaba qozondi. Saylovning oxirgi onlarigacha Obamaning g‘alabasi aniq bo‘lmay turdi. Nihoyat, “tebranayotgan shtatlar” – Ogayo, Florida, Virjiniya va Oregonda saylov hisobotlari e’lon qilingachgina bu masalaga oydinlik kiritildi. Ajablanarli tomoni shundaki, Mit Romnining vatani bo‘lmish Michigan shtatida ham Obama o‘z raqibidan ustun kelgandi.
Saylov kampaniyasida hammasi bo‘lib 5,9 milliard dollar mablag‘ sarflangan bo‘lib, bu har bir saylovchiga salkam 50 dollardan to‘g‘ri keladi, deganidir. Prezidentlikka nomzodlar ro‘yxatida Libertarian partiyasi tomonidan ko‘rsatilgan Geri Jonson hamda Yashillar partiyasi ko‘rsatgan Jill Stayn juda oz ovoz olgan. Ularga AQShning 50 shtati bo‘yicha jami 1,3 mln yoki 1,0 % saylovchi ovoz bergan.
Amerikada saylovlar “G‘olib barchasini oladi” shiori ostida o‘tadi, ya’ni bunday tizimga asosan ma’lum shtatdagi saylovchilar (elektorat)ning nisbatan ko‘proq ovozini olishga muvaffaq bo‘lgan nomzod ushbu shtatda unga qarshi ovoz berganlarning ovozini ham o‘ziga qo‘shib oladi. (Aytaylik, bir shtatdagi 51 elektoratdan 25 tasi Obamaga, 26 tasi Romniga ovoz bergan bo‘lsa, u holda Romni ushbu shtatdagi 51 elektorat ovozning barisini olgan hisoblanadi.) Hammasi bo‘lib kamida 270 elektoral ovoz olishga muyassar bo‘lgan nomzod g‘olib deb topiladi.
Raqibi Mit Romnining ovoz olish bo‘yicha orqada qolib ketgani aniq bo‘lgach, Obama Twitterda: “Yana to‘rt yil” degan so‘zlarini yozdi va “Biz yangi o‘rta sinfni quramiz, ishchi o‘rinlarini yaratamiz, bunga birgalikda erishamiz. Bizlar – qizil va ko‘k shtatlarning oddiy majmuasi emasmiz, biz – Amerika Qo‘shma Shtatlarimiz. Biz olamga eng buyuk mamlakatda yashayotganimizni eslatib qo‘yamiz”, degan mazmunda nutq so‘zladi.
Mit Romni o‘z saylov kampaniyasida “Obamaning aybi Amerika iqtisodiyotidagi kemtiklardir va uni tajribali prezidentgina tuzata oladi”, degan birgina da’voga asoslangan dasturini tuza oldi, xolos. Saylovchilarni bu da’vo-dastur asosidagi va’dalar qanoatlantirmadi va bu narsa saylov natijalarida yaqqol ko‘rindi.
Engilgan raqib Mit Romni Alyaskadagi saylov uchastkalari (ekzit-pollar) yopilishi bilan, birinchilar qatorida Obamani telefon orqali tabrikladi. “Prezident mamlakatni boshqarishida unga muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini Xudodan tilayman”, – deya omma oldida nutq so‘zladi. U o‘z nutqini “Amerikani o‘zing asra, Parvardigorim!” degan so‘zlar bilan yakunladi.
O‘z navbatida Barak Obama Mit Romni hamda boshqa respublikachilar bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini izhor qildi. Aslida Romni va Obama saylovoldi kampaniyasi tortishuvlarida faqat bir masalada, ya’ni soliq siyosati bo‘yichagina yakdil fikr bildirishgan edi, xolos. Ikkala nomzod ham aholining nochor qatlamlari uchun soliqni kamaytirish borasida kurashishni va’da qilib, bunda Obama kambag‘allar uchun mablag‘ni boylardan undirib olishini ma’lum qilgandi. Shunga qaramay, milliarder Jorj Soros birinchilar qatorida Obamani g‘alaba bilan tabriklagani diqqatga sazovordir.
AQSh konstitutsiyasiga kiritilgan ayrim tuzatishlarga binoan Obamaning hozirgi davrdagi prezidentlik vakolati joriy yilning 20 yanvar kuni tush paytida o‘z kuchini yo‘qotib, shundan so‘ng uning yangi prezidentlik vakolati davri boshlandi. An’anaga binoan, Barak Obama 20 yanvar kuni tantanavor ravishda qasamyod qildi.
Dastlab vitse-prezident Jozef Bayden qasamyod qildi. Marosim Jozef Baydenning Vashingtondagi qarorgohida bo‘lib o‘tdi. AQSh Oliy Sudi sudyasi Sonya Sotamayor Baydenni qasamyod qildirdi. U AQSh tarixida prezidentni yoki vitse-prezidentni qasamyod qildirgan birinchi lotinamerikalik hamda to‘rtinchi ayol bo‘ldi.
Bayden qasamyodidan keyin bir necha soat o‘tgach, Oq Uyning Zangori zalida AQSh prezidenti Obama qasamyod qildi. Obama qasamyod qilib bo‘lgach, Kongressning G‘arbiy zinalarida turib so‘zlagan nutqi bayram shodiyonalarining eng ko‘tarinki onlari bo‘ldi.
AQSh prezidenti Vashingtonning bosh xiyoboni – Esplanadada to‘plangan salkam bir millionlik aholiga qarata “Amerikaning imkoniyatlari cheklanmagan, chunki bizlar muvaffaqiyatga erishmog‘imiz uchun hamma narsa bor”, – deya tantanali ravishda murojaat qildi. U o‘z nutqida asosiy e’tiborni axloqiy printsiplar va umuminsoniy qadriyatlarga qaratdi. Obamaning inauguratsiya nutqi 15 daqiqa davom etdi va 25 bora qarsaklar bilan bo‘linib turdi.
AQSh – bu qachonlardir mustaqil bo‘lgan shtatlarning ihtiyoriy birlashmasidir. Bu shtatlarning har biri mustaqil davlat bo‘lib qolishi mumkin edi. Saylovlarning bosqichma-bosqich borishiga sabab ham shu. Har bir shtat o‘z g‘olibiga ega. AQSh saylovlarida an’anaga muvofiq juda ham ko‘p odamlar oldindan ovoz berishlari mumkin. Shunday huquqdan 2012 yil taxminan umumiy saylovchilarning 40%dan ortig‘i foydalandi, bu salkam 50 mln. saylovchi demakdir. Amerikada muddatidan oldin ovoz berish saylov kunidan ikki oy oldin boshlanadi. Amerikada saylov – televizion shou – tomosha hamdir. Shu bois 2012 yilgi prezident saylovi televideniyening eng ommalashgan dasturiga aylandi. “New York Times” gazetasining yozishicha, AQSh prezidentini saylash global teletomoshaga aylanib ketgan.
Obama g‘olib keldi, xo‘sh, endi bu yog‘i nima bo‘ladi? Endilikda Obamadan barcha amerikaliklar saylovoldi va’dalarining uddasidan chiqishini kutadi, albatta. Obama nimalarni va’da qilgan ediki, amerikaliklarning aksariyati uni Mit Romnidan afzal bilishdi? Birinchidan, ishlab chiqarish sektorida kelgusi to‘rt yil davomida o‘sishga erishish hamda 2016 yilgacha ushbu yo‘nalishda 10 mln. qo‘shimcha ish o‘rinlari bo‘lishiga erishishdir. Badavlatlar uchun soliqni oshirish hamda o‘rta sinf uchun imtiyozlarni saqlab qolish iqtisodiyot uchun YaIMning 2013 yili 1,3% ortishiga hamda 1,6 million qo‘shimcha ish o‘rni yaratilishiga olib kelishini Kongressning byujet komissiyasi hisoblab chiqqan. 2012 yili jahonda ishsizlik darajasi 197 million kishiga yetgan (bu mehnat qilish qobiliyatiga ega bo‘lgan odamlarning 5,9% idir) va mutaxassislarning fikricha, ishsizlik keyingi yillarda ham o‘sishda davom etishiga shubha yo‘q. Bultur ishsizlar safiga yana 4,2 million odam qo‘shilgan. Binobarin, taraqqiy etgan davlatlarga ularning faqat chorak qismigina tegishli bo‘lib, qolgan qismi esa taraqqiyot yo‘lidagi davlatlar fuqarolaridir. Jahonda 2007 yilga nisbatan ishsizlar soni 28 millionga oshgan. (O‘zbekiston hukumati 2012 yili 973,5 ming yangi ish o‘rinlarini tashkil qilganligini hamda 2013 yili esa 1.000.000 yangi ish o‘rinlari yaratishni oldiga maqsad qilib qo‘yganini ushbu o‘rinda eslab o‘tishni o‘rinli deb bilaman.) Saylovchilarni jalb qilgan ikkinchi jihat bu: Obama korporativ soliqlarni kamaytirishga va’da bergandi. Hozirgi paytda u 35% ga teng, lekin davlat ishlab chiqaruvchilari uchun 26,25% bo‘ladi. Soliqdan tushadigan mablag‘larni prezident birinchi navbatda ta’lim sohasiga, yuqori texnologik sektorga hamda ekologik toza energiya uchun sarflashni maqsad qilib olgan. Lekin Obama uchun sog‘liqni saqlash va tibbiy kafolatni isloh etish hal qiluvchi loyiha bo‘lib qola- veradi. Obama yana quyidagilarni va’da qilgan: qo‘shimcha xodimlarni ishga qabul qiluvchi yoki xodimlari maoshini oshiruvchi korxonalarga nisbatan soliq imtiyozlarini qo‘llash; o‘rta sinf oilalari uchun soliqlarni pasaytirishni davom ettirish; Iroq hamda Afg‘onistonda harbiy maqsadlar uchun sarflanmay qolgan pullarni Amerika infrastrukturasi ravnaqiga sarflash: yo‘llar, ko‘priklar, aeroportlar qurish yoki ta’mirlash; Xitoy bilan bo‘ladigan savdo-sotiq tamoyillariga o‘zgartirishlar kiritish va h.k. Bu masalalar bo‘yicha yakuniy loyiha 2016 yilda tayyor bo‘ladi.
“Amerika o‘zini Romni orqali XXI asrning “vahshiy kapitalizmi” sari boshqarishga rozi bo‘lmadi. Amerika Yevropa qadriyatlari hamda ijtimoiy adolat uchun ovoz berdi. Amerika XXI asrda yashamoqda” degan qarashlar ham G‘arb matbuotlaridan joy olgani diqqatga sazovordir.
Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, AQShda mamlakat prezidentining umumxalq saylovi har kabisa yili – to‘rt yilda bir marta doimo aniq bir kunda – noyabr oyining seshanbasida o‘tkaziladi. Mutaraqqiy davlatlardagidek kabi ikkinchi tur yoki uchinchi tur saylovlari kabi holatlar mutlaqo chetlab o‘tiladi. Bunda uzoq muddatli xalq norozilik namoyishlari, ochlik e’lon qilishlar, oxiri ko‘rinmaydigan sud jarayonlari yuzaga kelmaydi. Saylovlarda biror muammoli holat yuz bergani taqdirda jahon ommaviy axborot vositalari har qancha urinmasinlar, Amerika xalqining yuz yillar osha o‘zini oqlab kelayotgan an’anaviy saylov tizimiga bo‘lgan ishonchini yo‘q qila olmaydi. AQSh tarixida prezidentlarni yoki prezidentlikka davogarlarni otib o‘ldirish holatlari yuz bergan bo‘lishi mumkin (Avraam Linkoln, Jon Kennedi va uning oila a’zolarining taqdiri bunga yaqqol misol bo‘la oladi), lekin prezident saylovi natijalarini qalbakilashtirish hech qachon bo‘lmagan. XVII asr oxiridan beri o‘tkazib kelinayotgan AQShdagi umummilliy saylovlar tizimi o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi va uning natijalari saylovchilar ishonchini oqlab kelmoqda. Barcha munozarali masalalar tezlik bilan AQSh Oliy Sudi tomonidan ko‘rib chiqiladi, hal qilinadi hamda Amerika xalqiga havola qilinadi.
Jahonda saylovni tashkil etish va o‘tkazishning uch modeli qabul qilingan bo‘lib, ular odatda Milliy saylov komissiyalari deb nomlanadi.
Birinchi model (Kanada, Ispaniya va ko‘pgina yangi demokratik davlatlarda qabul qilingan): bunday o‘ziga xos Tashkilot butkul mustaqil bo‘lib, u ijrodagi hokimiyat hamda partiyalarga bevosita daxldor bo‘lmaydi.
Ikkinchi model barcha raqobatdagi siyosiy kuchlar vakillarini jalb qilishga tayanadi – partiyalar o‘zaro teng ovoz va bir xil vakolat bilan saylov komissiyalariga kiradilar. AQShda Federal saylov Komissiyasi (Federal Election Commission) shunday harakat qiladi. Uning vazifasi saylov jarayonini moliyalashtirish hamda siyosatchilar va partiyalarning xarajatlari o‘lchamlarini kuzatib borishdir.
Uchinchi modelda saylovlarni ijrodagi hokimiyat tashkil etadi va nazorat qiladi. Demokratlashtirish xalqaro instituti va elektoral yordam (International Institute for Democracy and Electoral Assistance)ning xulosasiga asosan, bu tizim hozirgi demokratik mamlakatlarning 18 foizida, shu jumladan, AQShda ham qo‘llanadi.
AQShda saylovda ishtirok etuvchilarning hisobini olib borish ancha murakkab. An’anaviy qatnashish darajasi saylov huquqiga ega bo‘lgan amerikaliklarning taxminiy soniga asoslangan bo‘lib, ushbu miqdor ongli saylovchilar soni bilan solishtiriladi. Saylash imkoniyati borlar faqat o‘z xohishi bilan oldindan mahalliy saylov komissiyasida ro‘yxatdan o‘tganidan so‘nggina saylash huquqiga ega bo‘ladilar. Buning uchun fuqaroligi, yoshi (saylovchi 18 yoshdan oshgan bo‘lishi kerak) va shaxsini tasdiqlovchi, yashash joyi ko‘rsatilgan hujjat talab etiladi. Tegishli anketa hamda o‘zining ushbu joyda doimiy yashashini isbotlovchi hujjatlarini shaxsan olib borib berish yoki pochta orqali konvertda yuborish orqali ham ro‘yxatdan o‘tish mumkin. Bundan tashqari, saylovchi ro‘yxatdan o‘tishida qaysi partiyaga mansub yoki mustaqil saylovchi ekanini ham ko‘rsatishi kerak bo‘ladi.
Mamlakatda saylov byulletenining tashqi ko‘rinishi va tuzilishi turlicha bo‘lib, ularni shtatlar, grafliklar va hatto ba’zi munitsipalitetlarning qonunlari belgilaydi, shuning uchun butun davlat uchun yagona ko‘rinishdagi byulleten mavjud emas. Byulletenlarda nomzodlarning qaysi partiyaga mansubligi yoki martabasiga qarab guruhlarga ajratishga ruxsat beriladi. So‘nggi yillarda AQShda ovoz berish uchun elektron mashinalardan ham foydalanilyapti, lekin bu o‘rinda ko‘plab qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. Shunga qaramay, 2006 yili Amerika saylovchilarining 10 foizi yashaydigan 357 ta graflikda AQSh Kongressiga bo‘lgan saylovlarda ovoz berish uchun elektron mashinalardan foydalanishdi. (Amerika Qo‘shma Shtatlari – prezidentli respublika. U 50 ta shtat hamda Kolumbiya federal okrugidan iborat bo‘lgan federativ davlatdir. Bundan tashqari AQSh Virjiniya orollari, Sharqiy Samoa, Guam, AQShga erkin qo‘shilgan davlat Puerto-Riko hududlariga ham egadir. Rod-Aylend va Konnektikuta shtatlaridan tashqari barcha shtatlar grafliklarga bo‘lingan. AQShda 3000 dan ortiq graflik mavjud.) Jons Xopkins universiteti professori Avi Rebin ovoz berishda bu texnologiyalarning xavfli bo‘lishi mumkinligini birinchi bo‘lib isbotlab berdi va bu haqda “Ajib yangi byulleten” (Brave New Ballot:The Battle to Safeguard Democracy in the Age of Electronic Voting) nomli kitobini chop ettirdi.
Demokratiya va saylov menejmenti Markazi (Center for Democracy and Election Management) yana bir jihatga e’tibor qaratishni lozim ko‘radi: AQShda saylov komissiyalarining xodimlari ko‘ngillilardan tashkil etilgan bo‘ladi.
Bu davlatda prezidentni saylash qoidalari Amerika Ko‘shma Shtatlari Konstitutsiyasiga asoslanadi. Prezidentni saylash to‘g‘ridan -to‘g‘ri bo‘lmay, ikki bosqichli qilib olib boriladi. Avvaliga, ya’ni noyabr oyida bo‘ladigan umumxalq saylovida saylov xuquqiga ega bo‘lgan Amerika xalqi uchun har bir shtatda saylovchilar kollegiyasi tashkil etiladi. Umumxalq saylovida ovoz beruvchi amerikaliklar ushbu shtat umumxalq saylovchilariga taqdim etgan prezident saylovchilarining ro‘yxatiga (elektorat ro‘yxatiga) ovoz beradilar. Ilgarilari saylov byulletenlarida elektoratning ismi shariflari ro‘yxati keltirilgan bo‘lsa, so‘nggi bir necha saylovlarda prezidentlikka nomzodlarninggina ismi sharifi keltirilayapti.
Prezidentni saylovchilar soni shtatlarning Kongressdagi delegatsiyalari soniga (har bir shtatdan 2 senator + Vakillar Palatasidagi kongressmenlar soni) teng bo‘ladi. Shtatdagi prezidentni saylovchilarning soni shtatdagi aholi soniga, ya’ni saylov okruglari soniga bog‘liq bo‘ladi. AQSh Kongressi a’zolari yoki davlat amaldorlari elektoratga saylanishi mumkin emas. Hammasi bo‘lib AQSh prezidenti elektorati soni 538 taga teng, ya’ni prezdentni saylovchilarning (Electoral College votes) umumiy soni 538 (100 + 435 + 3 Kolumbiya federal okrugi) ga tengdir. Shunday qilib, har bir shtat va hukumatga oid Kolumbiya okrugi (bu okrug Vashington shahri hududidir) hal qiluvchi ma’lum ovoz soniga ega. Bu ovozlar “saylov yo‘li bilan tayinlanadigan” yoki “elektral” ovoz deb nomlanadi.
Har bir shtat saylovchilar soniga, ya’ni shtatdagi saylov okruglari soniga proportsional bo‘lgan “elektoral ovoz” beradi. Montana, Vayominga, Shimoliy Dakota va Janubiy Dakota kabi cho‘lu dashtli hududlarda joylashgan shtatlar hamda Alyaska shtati hammasi bo‘lib uchtadan elektoratga ega, xolos. Shtatda ro‘yxatdan o‘tgan saylovchilar soni qancha ko‘p bo‘lsa, ushbu shtat uchun ajratilgan elektoral ovoz soni ham shuncha ko‘p bo‘ladi, lekin AQSh barcha shtatlarining umumiy elektoral ovozlar soni hozirgi davr uchun 538 taligicha qolaveradi. Amerika Markaziy saylov komissiyasi tomonidan har bir shtatga biriktirilgan elektoral ovozning ma’lum sonigina mavjud bo‘ladi, xolos. Binobarin, demografik holatning o‘zgarishi bilan elektoral ovoz soni ham o‘zgarib (ortib yoki kamayib) turadi. Xo‘sh, bu nima degani? Masalan, Kaliforniya shtatini olaylik. 2000 yili prezidentlikka davogar Albert Gor uchun Kaliforniyada 5,8 mln. kishi yoki saylash huquqiga ega bo‘lgan aholining 53,45 foizi ovoz bergan bo‘lsa, Bush uchun 4,5 mln. yoki 41,65 foiz ovoz berilgan. Shunday qilib, Gor Kaliforniya shtatida ko‘p ovoz olishga erishgan va Kaliforniyaning barcha 54 elektoral ovozini olishga musharraf bo‘lgan, ya’ni 54 elektoral ovozning barchasi demokratik partiya vakillariniki bo‘lib qolgan. Bushga, ya’ni respublikachilar partiyasining vakillariga esa 54 elektoral ovozdan bittasini ham olish nasib qilmagan. Demak, bu shtatdagi prezidentni saylash uchun ovoz beruvchi 54 elektoral ovoz Gor tarafdorlari – demokratik partiya a’zolariniki bo‘lib qolgan. Floridada Gor 2912253, Bush esa 2912790 ovoz olgan. Bu sonlardagi farq atigi 537 taga teng. Ushbu 537 ovoz Bushning nafaqat Florida shtatidagi, balki mamlakat bo‘yicha g‘alabasini ta’minlagan. Ya’ni, Jorj Bush Florida shtatining barcha 25 elektoral ovozini olishga erishgan. Gorga esa bitta ham elektoral ovoz olish nasib qilmagan.
Nihoyat, saylov kuni fuqarolar saylov uchastkalariga kelib, aniq nomzod uchun emas, balki kimga ovoz berishini oldindan bilib yurgan u yoki bu prezident saylovchisiga (elektoratga) ovoz beradi. Agarda nomzodlarning birortasi ham prezident bo‘lish uchun yetarli darajada ko‘p elektoral ovoz (270) ololmasa, u holda prezident parlamentning quyi palatasi, ya’ni Kongressda bo‘ladigan saylov orqali tanlanadi. Bunday g‘ayrioddiy holat AQSh tarixida bir marotaba 1825 yili ro‘y bergan. AQSh prezidentligiga bo‘lgan 1824 yilgi saylovlarda Jekson saylovchilarning va elektoratning nisbatan ko‘proq ovozini olishga musharraf bo‘lgan, lekin absolyut ko‘p ovoz ololmagan. Shuning uchun prezidentni Kongressda vakillar Palatasi tanlagan va u Endryu Jekson emas, balki Jon Kuinsi Adams bo‘lib chiqqan.
Amerika Qo‘shma Shtatlari (AQSh) 1776 yil 4 iyul kuni Buyuk Britaniyaning Shimoliy Amerikadagi 13 mustamlakasi birlashtirilishi va mustaqillik deklaratsiyasi e’lon qilinishi bilan tashkil topdi. Mustaqillik uchun olib borilgan urush 1783 yilgacha davom etdi va mustamlakalarning Britaniya qo‘shinlari ustidan to‘la g‘alabasi bilan yakunlandi. 1787 yili AQSh Konstitutsiyasi qabul qilindi, 1791 yili esa amerikaliklarga katta ko‘lamdagi xuquq va erkinliklar taqdim etgan Bill bayonoti qabul qilindi. 1860 yilda quldorlikni bekor qilish haqidagi farmon to‘rt yillik fuqarolar urushi boshlanishiga sabab bo‘ldi. Ushbu urushda Amerika Shimoliy shtatlarining Janubiy shtatlar ustidan g‘alaba qozonishi mamlakatni bo‘linishdan asrab qoldi. Natijada butun AQSh bo‘ylab quldorlikka barham berildi. Shundan so‘ng Federal Konstitutsiyaning ma’qullanishi Amerika milliy davlatchiligiga asos bo‘ldi. 1787 yilning 21 fevralida Filadelfiyada bo‘lib o‘tgan Konfederatsiya Kongressida “Yagona va aniq maqsad bilan Konfederatsiya Moddalarini qayta ko‘rib chiqish” uchun Konvent (Filadelfiya Konventi) chaqirish haqida rezolyutsiya qabul qilindi. Avvaliga Konventning maqsadi Konfederatsiya Moddalarini qaytadan ko‘rib chiqish bo‘lib, yangi hujjat ishlab chiqish maqsad qilib olinmagan bo‘lsa-da, asta-sekin vakillar mavjud federatsiya hududlari va hokimiyat tizimi tuzilishlari borasida ayni vaqtda mavjud bo‘lganidan tubdan farq qiluvchi yangi Konstitutsiyani ishlab chiqish zarurligini his qilishdi. AQSh Konstitutsiyasi 1787 yilning 17 sentyabrida Filadelfiyada bo‘lib o‘tgan Konstitutsion Konventda Jeyms Medison loyihasi asosida qabul qilinadi va mavjud barcha o‘n uch shtat tomonidan ratifikatsiya qilinadi. Ratifikatsiya qilish jarayonida ikki partiya – Aleksandr Gamilton rahbarligidagi “Federalchilar” va “Antifederalchilar” partiyalari vujudga keldi. AQSh Konstitutsiyasi zamon tushunchasiga mos keluvchi jahondagi birinchi Konstitutsiyadir. U 7 Moddadan iborat bo‘lib, amalda bo‘lgan davr mobaynida unga yigirma yettita tuzatish kiritilgan. Birinchi milliy saylovlar o‘tkazilganidan so‘ng ushbu Konstitutsiya kuchga kirdi hamda 1789 yili federal ijroiya, qonunchilik va sud hokimiyatlari faoliyat ko‘rsata boshladi. Milliy davlatning paydo bo‘lishi milliy siyosiy partiyalar vujudga kelishi uchun printsipial ahamiyat kasb qila boshladi. Aynan ushbu ikki institut – milliy davlat va milliy siyosiy partiyalar – Amerika siyosiy tizimining asosini tashkil etdi hamda uning hayotiyligini ta’minladi. Binobarin, milliy siyosiy partiyalar zudlik bilan o‘zaro munosabatlar me’yorlarini hamda “tutgan o‘rinlari taqsimoti”ni ishlab chiqishdi. Amerika tarixida ikki partiyali tizimda qatnashuvchilar tarkibi bir necha bora o‘zgardi, lekin boshlang‘ich paytlarda shakllangan ba’zi tub tamoyillar so‘nggi yuz yil davomida ham saqlanib qoldi.
AQShning birinchi milliy hukumati partiyasizlik asosida tuzilgan edi. J.Vashington (1732 – 1799) prezidentlik kursisiga o‘tirganida AQSh armiyasida hammasi bo‘lib 840 ta askar va zobit bor edi, xolos. Mamlakatning dengiz floti yo‘q edi. O‘sha paytlarda AQShga biror davlat hujum qilib qolsa bormi, mamlakatda tang ahvol vujudga kelishi hech gap emas edi. J.Vashington ministrlar kabinetini tuzib, T.Jeffersonni davlat kotibi, A.Gamiltonni moliya vaziri, G.Noksni harbiy vazir, J.Jeyni Oliy sud raisi etib tayinlaydi. J.Vashington 1789 yildan 1797 yilgacha ikki muddat prezidentlik vazifasida bo‘ldi. J.Vashington prezidentligining oxirgi yillarida unga nisbatan matbuotda ko‘plab adovatli maqolalar bosilib chiqdi. J.Vashington lavozimdan ozod etilgach, 1797 yilning 15 martida Maunt-Vernonga ketadi. U quldorlikka qarshi bo‘lgani uchun 1799 yilning 14 dekabrida quldorlikni asta-sekinlik bilan yo‘q qilish kerakligi haqida nutq so‘zlaydi va xotini olamdan o‘tgach, o‘z qullariga ozodlik berish haqidagi buyrug‘ini vasiyat qilib qoldiradi.
AQShning birinchi prezidenti J.Vashingtonning vafoti munosabati bilan Frantsiyaning birinchi konsuli – Napoleon Bonapart o‘z mamlakatida o‘n kunlik motam e’lon qiladi. Amerika armiyasi olti oy mobaynida qo‘llariga qora mato taqib yurishadi, Britaniya floti o‘z bayrog‘larini bir yuz besh kun mobaynida machtalarining yarim beligacha tushirib qo‘yadi. Qo‘shma Shtatlarda J.Vashingtonning prezidentlik vazifasini tark etib ketayotganidagi xayrlashuv murojaatini har yili 22 fevral kuni AQSh Kongressining ochilishi oldidan Senat hamda Vakillar Palatasida o‘qib berish odat tusini olgan.
J.Vashington prezidentlikka qasamyod qilganidan hamda Vakillar Palatasi va Senat ish boshlagandan so‘ng ko‘p vaqt o‘tmay siyosiy fraktsiyalar shakllana boshladi. Taqdir taqozosi bilan, fraktsiyalarga ajralishga ashaddiy qarshi bo‘lgan J.Vashington (AQShning 1 dollarlik pulida surati berilgan), hukumatning ikki hal qiluvchi o‘rinini– moliya vazirligi hamda davlat kotibligiga – bo‘lajak raqib partiyalarning asoschilari 32 yoshli Aleksandr Gamilton (AQShning 10 dollarlik pulida surati berilgan) va 46 yashar T. Jeffersonni tayinladi.
Siyosatchilarning ikki guruhga ajralib ketishiga 1789 yildan 1801 yilgacha hokimiyat tepasida bo‘lgan Gamilton rahbarligidagi federalchilar partiyasi mudom noxayrixoh qarab keladi. Vashington prezidentlik vazifasini tark etish oldidan millat bilan “Xayrlashuv murojaatida” “ikki partiyalik”ni Amerika birligining yovuz dushmani deb atadi. Nihoyat J.Adamsning prezidentlik qilgan davrida (1797-1801) federalchilar ba’zi qonunlar orqali muxolifatda bo‘lgan jeffersonchilar partiyasini cheklashga urindilar. Bunda ular (respublikachilar) “chet el agentlari”, “frantsuz fraktsiyasi” sifatida (respublikachilar federalchilardan farqli ravishda tashqi siyosatda Buyuk Britaniyaga emas, balki Frantsiyaga taqlid qilishar edi) taqdim etishadi. Jefferson AQShda partiyalarga bo‘linishni mutlaqo ma’qullamagan va o‘z o‘rnida “Agarda, menga partiya bilan falakka ko‘tarilish nasib qiladigan bo‘lganda ham men ushbu sharafdan voz kechgan bo‘lar edim”, degan edi. 1801 yili u prezidentlik vazifasini bajarishga kirishar ekan, “Bizlar barchamiz respublikachilarmiz, bizlar barchamiz federalchilarmiz”, degan o‘zining mashhur “murosasozlik” so‘zlarini aytadi. O‘sha davr Amerika respublikasi rahnamolarining partiyaga va partiyaviy muxolifatga nisbatan bunday munosabati natijasida partiyalarga bo‘linish jarayoni keng avj olmasligi kerak edi. Lekin partiyalarning shakllanishi va ikki partiyaviylik tamoyillarining yetilib borishi XVIII asr oxirlaridayoq ravshan ko‘rina boshlaydi. 1789-1790 yillarda AQSh Kongressida fraktsiyalarga ajralish jarayonining belgilari ko‘rinib qoladi va 1792 yili Qo‘shma Shtatlar siyosatchilarining ikki qarama-qarshi partiyaga ajralishi tabiiy tus oladi. 1792 yili Gamilton hukumatga muxolif bo‘lgan – “yaxshi boshqaruv asosini buzuvchi, mamlakat tinchligi va baxtiga, Ittifoq uchun xavf paydo qiluvchi“ fraktsiyani Medison va Jefferson boshqarishayotgani haqida qahru-g‘azab bilan ogohlantiradi. Shu yilning iyun oyida Jefferson Medisonga (Jeyms Medison AQShning 4-prezidenti) g‘azab aralash yozgan xatida: “Gamilton Respublikachilar partiyasini fraktsiya deb atashga jur’at qildi”, degan so‘zlarni ishlatadi. Shu yiliyoq Medisonning bu xususda yozgan maqolasi matbuotda e’lon qilinadi. Federalchilar partiyasining rahnamosi bo‘lgan Gamilton va Jeffersonning respublikachilar partiyasini tuzishidagi asosiy hamkoriga aylangan AQSh Kongressida federalchilarga rahnamolik qilayotgan Medison o‘rtasida qattiq kurash boshlanadi. Bir paytlar Gamilton va Medison federal Konstitutsiyani ishlab chiqish va qabul qilishda yaqin ittifoqchi bo‘lishgan. 1790 yili Gamilton Kongress ko‘rib chiqishi uchun o‘zining iqtisodiyot qonuni loyihalarini taqdim etganida o‘ziga muxolif bo‘lganlarga rahnamo sifatida Medisonni ko‘rganida hayratga tushgan edi… Ushbu holatlarning ro‘y berishida asosan ularning shaxsiy aloqalari emas, ko‘proq siyosiy qarashlaridagi ko‘pgina jiddiy tafovutlar sabab bo‘lgan. Medison Gamiltonning siyosiy olamdan uzoqlashgani zahotiyoq o‘ziga ko‘p yillardan beri tanish bo‘lgan Jeffersonning siyosiy alyansiga yaqinlashadi. Prezident Vashingtonni ham o‘z dasturlari va falsafasiga jalb qilolgan hamda Amerikaning birinchi hukumati mobaynida premer mavqeyida bo‘lgan Gamiltonning shijoati hamda yorqin qobiliyati Jefferson va Medisonni tezlik bilan qarshi harakatlar qilish, birinchi navbatda antigamilton koalitsiyasini tuzishlarini taqozo qilgan. Natijada ular ushbu yo‘nalishda ko‘p ishlarning uddasidan chiqish bilan bir vaqtda 1791 yil o‘z nashriy organlari “National Gazette”ni ham yo‘lga qo‘yishga erishishadi hamda D.Klinton, A.Berr kabi taniqli antigamiltonchilarni o‘z tomonlariga og‘dirib olishadi. Tez orada Virjiniya, Pensilvaniya va Nyu-York shtatlari Demokrat-respublikachilar (respublikachilar) partiyasining tayanch markaziga aylangan.
Aslini olganda ikkala partiya ham federal davlat tuzilishiga, 1787 yil Konstitutsiyasiga va Amerika revolyutsiyasining yakunlanish bosqichidagi eng muhim tamoyillariga sodiqligini isbot qilgan. Bular raqobatchi partiyalarning mafkurasida ham, siyosiy hayotida ham namoyon bo‘lgan. Ikki partiyaning chiqarayotgan gazetalari – jeffersonchilarning Freno tahriridagi “National Gazette” (“Milliy gazeta”) va gamiltonchilarning Fenno tahriridagi “Gazette of the United States” (“Qo‘shma Shtatlar gazetasi”) ham ularning AQSh davlatchiligi asosiga munosabatlari hamohang ekanini ko‘rsatib turgan. Jefferson respublikachilari yuzaga kelgan davlat siyosati tizimida Gamilton federalchilariga qarshilik ko‘rsatishlarini avvalboshdanoq ma’lum qilishgan. Siyosiy muxolifatning bunday shaklini tanlab, Jefferson va uning partiyasi AQShning ikki partiyali tizimi asosini yaratdi. Demokrat-respublikachilar partiyasi ularni “antifederalchilar” deb nomlashlariga qarshi keskin kurash olib bordilar. Ular hatto ikki partiyaning federal Konstitutsiyaga munosabatini solishtirishib, haqiqiy antifederalchilar Gamilton va unga ergashuvchilar ekanini isbotlay boshlashadi. Federalchilar esa o‘zining antirespublikachilikda ayblanishiga qarshi o‘z partiyalariga “respublikachilar” deya aniqlik kiritishni taklif etishgacha borishadi. Gamilton va Jefferson partiyalarining siyosiy qarashlarida jiddiy siyosiy tafovut ham bo‘lgan. Gamilton va uning tarafdorlari jamiyatning yuqori sinfi manfaatiga mansub tamoyil va muassasalarning tartiblanishi va shu bilan birga Amerika inqilobi demokratik o‘zgarishlarining konservatsiyalanishi yoki chegaralanishi siyosatini qo‘llay boshlashdi. Federalchilar avvalambor o‘zlarini tartib partiyasi sifatida taqdim etishadi. Jefferson respublikachilari esa, aksincha, o‘zlarini aholining yangi qatlamlariga demokratik huquq va erkinlik berish, Amerika inqilobini yanada demokratik taraqqiy ettirish tarafdorlari sifatida namoyon qilib borishdi. Jeffersonchilarning siyosiy strategiyasi ularni omma ko‘proq qo‘llashiga va Demokrat-respublikachilar federalchilarni mamlakat miqyosidagi siyosiy hukmron mavqelaridan XIX asr boshlarida siqib chiqara borishiga asosiy sabab bo‘ladi. Ko‘pchilik federalchilar demokratiya respublikaning kushandasidir va zo‘ravonlik manbai bo‘lib qolishi mumkin, deb hisoblashardi. Ushbu yo‘nalishda J.Kebot, R.King va T.Pikering, G.Morris, F.Eymslarning xat va maqolalarini misol qilib keltirishimiz mumkin.
1793 yilning oxirlarida Jefferson iste’foga chiqib, Manchitelloga ketadi va Vashington hamda Gamiltonga nisbatan oppozitsiya tashkil qiladi. Jefferson 1796 yilgi prezident saylovlarida o‘z nomzodini Demokrat-respublikachilar partiyasi nomidan qo‘yadi, lekin federalchi Jon Adamsga yutqazadi. Saylovchilar bergan ovoz uning vitse-prezident bo‘lishigagina kifoya qilardi va u shu lavozimni egallaydi, hamda parlament ishlarini qanday olib borish qoida va tartiblarini ishlab chiqadi, lekin Senat raisligi lavozimini egallashdan bosh tortadi. U 1801-1809 yillari AQShga prezidentlik qiladi. Prezidentlik davrida biron marta ham Kongress qarorlariga nisbatan o‘zining veto xuquqidan foydalanmaydi. Jeffersonning prezidentlik lavozimini egallashi AQSh tarixida birinchi marta hokimiyatning bir partiyadan ikkinchisiga o‘tishiga namuna bo‘ladi.
Vitse-prezident Aaron Burr bilan bo‘lgan duelda Aleksandr Gamiltonning halok bo‘lishi federalchilar partiyasinining inqirozga yuz tutishiga olib keladi. Tomas Jefferson mustaqillik Deklaratsiyasi qabul qilinganidan rosa ellik yil o‘tgach, 1826 yil 4 iyul kuni siyosiy raqibi Jon Adamsdan bir necha soat oldin o‘zining Manchitello qo‘rg‘onida vafot etadi. Jon Adams siyosiy raqibi bo‘lgan Jeffersonning vafot etganidan bexabar bo‘lgani uchun o‘z o‘limi oldidan “Jefferson hali tirik” deya olamdan o‘tgan ekan.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, federalchilar partiyasi o‘z faoliyatini tugatgach, Jefferson va Medison tuzgan Demokrat-respublikachilar partiyasi ichki intizomining buzilishi uning tarkibida bir nechta fraktsiyalarning vujudga kelishiga sabab bo‘ladi.
1828 yili Nyu-York shahrida antimasonchilar partiyasiga asos solindi. U paytlarda sudyalar, biznesmenlar, bankirlar va siyosatchilarning aksariyati masonlar bo‘lar edilar. Yangi partiyaning asosiy g‘oyasi masonlikka oppozitsiyada bo‘lish edi. 1831 yili antimason partiyasi 1832 yili bo‘lib o‘tadigan prezident sayloviga o‘z nomzodini ko‘rsatish uchun Baltimordagi partiya konventsiyasida to‘planadi va ilgari mason bo‘lgan Uilyam Virtni nomzod qilib ko‘rsatadi. Demokratik partiya va Milliy respublikachilar partiyasi ham o‘z nomzodlarini milliy konventsiyalarda ko‘rsatadigan bo‘lishdi. 1835 yillari antimason partiyasi Milliy respublikachilar partiyasi hamda boshqa antijeksonchilar bilan birlashib, viglar partiyasini hosil qilishadi. Vigchilar Kongressning ijroiya hokimiyatdan ustunligi talabi va boshqa bir qator ijobiy qarashlar bilan siyosiy sahnaga chiqishadi. Vigchilar o‘z nomlarini Britaniyaning vig partiyasi nomidan olgan bo‘lib, o‘z paytida so‘zsiz bo‘ysunishga asoslangan boshqaruv hokimiyati tizimiga qarshi kurash olib borganlar. AQSh vig partiyasining yirik namoyandalaridan Daniel Vebster, Uilyam Genri Garrison va ularning doimiy rahnamosi bo‘lib kelgan Genri Kleylarni tilga olish mumkin. Avraam Linkoln Illinoys shtati bo‘yicha viglarning rahbari bo‘lgan. Vig partiyasidan AQShga ikkita prezident saylangan, lekin ularning ikkalasi ham prezident lavozimida uzoq ishlay olishmagan: Uilyam Garrison (1840 yil saylovida g‘olib chiqqan) va Zakari Teylor (1848 yil saylovida g‘olib chiqqan). Garitson 1841 yilning aprelida bo‘lib o‘tgan inauguratsiyadan bir oy o‘tgach, vafot etgan. Uning o‘rnini vitse-prezident Jon Teylor egallagan, lekin prezidentlikning keyingi muddati uchun kurashda mag‘lub bo‘lgan. Zakari Teylor esa bir yildan sal ko‘proq vaqt mobaynidagina (1849 y martidan 1850 yilning iyuligacha) prezidentlik qilganidan so‘ng yorug‘ olamni tark etgan. Partiya ichidagi quldorchilikka bo‘lgan munosabatdagi kelishmovchiliklar asosida viglarning bir qismi demokratlar partiyasiga qo‘shilib ketadi. Boshqa bir qismi esa Avraam Linkoln, 1854 yilning 28 fevralida Vikonsin shtatining Ripon shahrida tuzgan va hozirgi paytda AQSh siyosatini belgilab turgan ikki asosiy partiyalaridan biri bo‘lgan Respublikachilar partiyasi safiga qo‘shilib ketadilar. Viglarning qolgan-qutganlari “Hech narsa bilmaymiz” (Know-Nothing) partiyasini tuzishadi, lekin bu partiya 1856 yilgi saylovda sezilarli mag‘lubiyatga uchragach, boshqa o‘ngarila olmaydi va o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Avraam Linkoln asos solgan Respublikachilar partiyasi quldorchilikning avj oldirilishiga qarshi chiqadi. Ushbu partiya 1860 yildagi prezidentlik saylovlariga Avraam Linkoln nomzodini ko‘rsatadi va u o‘sha yilning o‘zida bo‘lib o‘tgan saylovda to‘rt nomzod ustidan 303 elektoral ovozdan 180 tasini olib, g‘olib chiqadi. Janubiy 9 ta shtat saylov byulletenida qatnashmaydi. Avraam Linkoln olgan elektoral ovoz AQSh prezident saylovi tarixida yuqoridan ikkinchi o‘rinda turadi.
Avraam Linkolnning prezidentlik saylovida g‘olib chiqishi quldorlik tarafdori bo‘lgan janubiy shtatlarni qattiq tashvishga soladi va ularning Ittifoq tarkibidan ajrab chiqishiga olib keladi.
AQShda fuqarolar urushi boshlanishidan biroz oldin prezident Linkoln o‘zining shaxsiy kotibi Frensis Bler orqali Robert Edvard Liga federallarning barcha quruqlikdagi qo‘shinlariga qo‘mondonlik qilishni taklif qiladi. Lida ushbu taklifni qabul qilishga ko‘plab asoslar mavjud bo‘lgan, chunki u ittifoq tuzumi tarafdori edi, setsessiya (ajralish)ni yoqlamas edi, quldorchilikni jaholat deb bilar va o‘zining barcha qullarini ozod qilib yuborgan edi. Lekin Li Shimolga ham, Janubga ham qo‘shilmasligini, boshlanayotgan urushni ma’qullamasligini ma’lum qiladi va harbiy xizmatdan iste’foga chiqib, “g‘am bilan o‘zimning halqimga qaytish va qadrdon shtatim taqdiri bilan birga bo‘lish uchun” o‘ziga aziz bo‘lib qolgan Arlingtonni tashlab ketadi. Keyinchalik janubliklarning mag‘lubiyatga uchrayotganini bilgach, o‘g‘liga “Menimcha Shimol o‘z xatti-harakatlari bilan Janubni haqoratlayapti. Men agressiya bo‘layotganini sezayapman va unga qarshi bo‘ladigan barcha choralarni ko‘raman. Ushbu printsipimni o‘zimning shaxsiy yoki individual foydamdan butkul mustasno ravishda himoya qilaman. Amerika fuqarosi sifatida o‘z mamlakatim uchun, uning ravnaqi uchun ibodat qilaman, lekin haq-huquqlari poymol bo‘lishi mumkin bo‘lib qolgan har qanday shtatni himoyalashga tayyorman” deya xat yozadi. Tez orada u Amerika Konfederatsiyalari prezidenti Jefferson Devisga o‘z xizmatini taklif qiladi. Janubliklarning mag‘lubiyatidan so‘ng Li avf etilgan harbiy asir sifatida Richmondga qaytib boradi. U umrining qolgan qismini Konfederatsiya sobiq harbiylarining taqdirini yengillashtirishga bag‘ishlaydi. U ko‘plab yuqori lavozimlarni rad etib, Vashington Kollejining (hozirda Vashington va Li Universiteti) prezidentligi vazifasini tanlaydi va umrining oxirigacha shu kamtarona lavozimda qoladi. U 1870 yilning 12 oktyabr kuni Leksingtonda yurak xuruji tufayli yorug‘ olam bilan vidolashadi. Oradan yuz yil o‘tgach, prezident Jerald Fordning bevosita aralashuvi natijasidagina uning fuqarolik xuquqlari qaytadan tiklanadi.
Mansurxon Toirov,
Fizika-matematika fanlari doktori, professor
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 10-son