Siz tirikchilik tashvishi bilan ko‘proq ko‘cha-ko‘yda yurasiz. Bolangiz esa maktabga ketadi. Kunning asosiy qismini uydan tashqarida – boshqa kishilar orasida o‘tkazadi. Maktabdan uyga qaytguncha nimalargadir chalg‘ib, har xil joylardan o‘tadi. Ammo siz farzandingizning aynan qaysi yo‘ldan uyga qaytishiga va bu paytda kimlar bilan yuzma-yuz bo‘lishiga hech qiziqqanmisiz? Va yana, kuzatganmisiz, maktab yoshidagi bolalarning ayrimlari ko‘p hollarda o‘rtoqlariga qo‘shilib, bir nimalarga chalg‘ib doim boshqa yo‘ldan uyiga qaytadi.
Har qadamda internet klublari hamda kompyuter o‘yini markazlari bor. Bu yerda nafaqat o‘smirlar, hatto kichik yoshdagi maktab bolalari ham jangari, behayo hamda dahshatli tasvirlarga boy, vahshiylikni targ‘ib qiluvchi qo‘rqinchli o‘yinlarni kiprik qoqmasdan o‘ynashadi.
Bir kuni zarurat yuzasidan internet klubga kirdim. Qarasam, o‘tirganlarning barchasi maktab o‘quvchilari. Ishonsangiz, yoshi eng kichik bola uchinchi yoki to‘rtinchi sinfda o‘qiydi. Ba’zilari o‘yinga qiziqib sumkasini ham yechmasdan o‘rindiqqa ilinib o‘tirib olgan. Ayrimlari esa tik turgancha o‘yin o‘ynardi. Lekin, eng achinarlisi, birorta bola faqat odamkushlik va vayronkorlikdan iborat bu o‘yinlardan qo‘rqmas va jirkanmas edi. Aksincha, o‘zi boshqargan “qahramon”ining vahshiyligidan huzurlanar, “g‘alaba”ni nishonlashda o‘sha o‘yinlar ta’sirida orttirib olgan g‘alati harakatlarni namoyish etardi…
Bir paytlar “bobov”, “olabo‘ji” degan afsonaviy mavjudotlarning nomini eshitib, rangi o‘chadigan bolalarimiz bugun ulardan beshbattar qo‘rqinchli va badbashara maxluqlar bilan bemalol virtual muloqotga kirishmoqda, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, xayolan minglab odamlarning qonini to‘kishmoqda.
Ba’zi o‘yinlar guruh bo‘lib o‘ynashga mo‘ljallangan. Uch-to‘rt sinfdosh o‘yinda o‘zaro raqib bo‘ladi-da, bir-birini so‘yishga, portlatishga, otishga, xullas, o‘ldirishga kirishib ketadi… Bu o‘yinlarni muttasil o‘ynab ulg‘ayayotgan bolada mehr hissi qolarmikan?! Axir, endi sakkiz-o‘n yoshga kirgan bola har kuni vayronkorlik, buzg‘unchilik, qon to‘kish kabi vahshiyliklarni ko‘raversa va buni o‘zi bajarayotganday rohat olaversa, unga yaxshilik, saxovat, mehr-oqibat haqidagi pand-nasihatlarimiz arzimas cho‘pchak, oddiy vaysash va ezmalik bo‘lib tuyulmasmikan?! Chunki kompyuter qoshida bola o‘zini o‘yin qahramonidek his etadi. Butun xayolini egallagan bu buzg‘unchi o‘yinlar oqibatida bola mahdud fikrlaydigan, o‘quv fanlarini o‘zlashtira olmaydigan, o‘zlashtirsa-da xotirasida uzoq vaqt saqlab turmaydigan bo‘lib qoladi. Shu ruhda o‘sgan bola sal ulg‘aygach (masalan, 7- yoki 8-sinfga ko‘chganda), o‘qishga deyarli rag‘bat sezmay qo‘yadi.
Ular bu o‘yinlarni deyarli har kuni, kamida bir soat o‘ynashadi. Keraksiz, ayni paytda zararli narsalar bilan to‘lgan kichkina miyasi Navoiy va Boburning ohanrabo va nafis g‘azallariyu Anvar Obidjon hamda Tursunboy Adashboyevning go‘zal va o‘ynoqi, o‘z navbatida ilmli va zakovatli bo‘lishga undaydigan, vatanparvarlik ruhini shakllantiradigan she’rlarini o‘ziga singdira olarmikan?
Tafakkuri va tarbiyasiga keskin zarar keltiradigan bunday o‘yinlarni muttasil o‘ynab yuradigan bola birinchi galda atrofdagi olamdan uzilib qoladi. Aniqrog‘i, yonidagi odamlar va hodisalarga befarq qaraydigan bo‘ladi. Zo‘ravonlik, vahshiylik va qotillikka asoslangan o‘yinlar ko‘zi pishib ketgan bolaning ongu shuurini o‘g‘irlab, unda hayotda ham shunday, ya’ni birovni qiynab, unga zo‘ravonlik qilib, “lider”ga aylanish lozim, degan tasavvur uyg‘ota boshlaydi.
Xabaringiz bo‘lsa kerak, oxirgi paytlarda akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida yoshlar o‘rtasida mojarolar ro‘y berayapti. Bu to‘qnashuvlarda o‘quvchilar sovuq qurollar – pichoq, bigiz, hatto kichik boltalardan ham foydalanib, bir-birlariga jarohat yetkazishmoqda. Shunday voqealarning ayrimlari o‘lim bilan tugagan… Bularga nima sabab bo‘lishi mumkin? Ota-onaning e’tiborsizligimi, ta’lim dargohlarida intizomning yo‘qligimi yoki o‘sha zararli o‘yinlarning murg‘ak onglarga o‘tkazgan beayov ta’sirimi?
Ma’lumotlarga qaraganda, kompyuter quliga aylangan bolalarda o‘smirlikka o‘tish davrida kechadigan fiziologik va ruhiy o‘zgarishlar tengdoshlariga nisbatan jiddiy tus oladi. Ular haddan tashqari jizzaki va qaysar bo‘lib qoladi. O‘zlariga nisbatan qarshiliklardan juda tez jahli chiqadi va bunga nisbatan jismoniy javob qaytarishga intiladilar. Ular faqatgina o‘z fikrlarini inobatga olib, boshqalarning gaplarini nazar-pisand qilishmaydi.
Hatto shunday voqealar ham bo‘lganki, kompyuter o‘yini quliga aylangan bola o‘z yaqinlarini kaltaklagan, tan jarohati yetkazgan va hatto… qotillik qilishdan qaytmagan. Endi diqqat qiling. Rossiya Federatsiyasining bir necha shaharlarida quyidagi holatlar yuz bergan: Petrozavodskda yosh yigit 80 yoshli buvisini kaltakladi. Tergov paytida u “Buvim kompyuter o‘ynashimga xalaqit bergani uchun kaltakladim”, degan. Kemerovoda 14 yoshli Sasha K. kompyuterda o‘yin o‘ynayotganida chalg‘itgani uchun 20 yoshli opasini g‘isht parchasi bilan urib o‘ldirdi. Sashaning o‘qituvchilari u maktabda juda yaxshi o‘qigani, lekin keyingi olti oyda o‘zlashtirishi pasayganini bildirishdi. Krasnodarda 15 yoshli Yaroslav M. otasini unga kompyuter o‘ynashni taqiqlagani sababli o‘ldirgani uchun sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Ijevskda 17 yoshli yigit otasining qotiliga aylandi. U butun kunini internetda o‘tkazar, turli onlayn o‘yinlar o‘ynardi. U hattoki xonasidan kunlab chiqmay qo‘ydi, ovqatini ham xonasida yeydigan bo‘ldi. Sabr kosasi to‘lgan ota uning kompyuterini olib qo‘ymoqchi bo‘lganida yigit otasini pichoqladi…
Xo‘sh, bolalarning bunday “rohatxona”larga kelishiga nima sabab bo‘lmoqda?
Bir kuni o‘n yoshlar chamasidagi bolakay kompyuterxonaga o‘rtog‘ini yetaklab kirdi-da:
– Dadam har olgan “besh”imga besh yuz so‘mdan beradilar. Kecha beshta “besh” olib borgandim, mana, ikki yarim ming so‘m berdilar, – deb unga pulni ko‘rsatdi. Yonidagi bola o‘rtog‘ining dadasi naqadar saxiyligidan quvondi, shekilli, ko‘zlari chaqnab ketdi. – Kontir o‘yniymizmi?
Bola otasi bergan pulni ovqatlanishga ishlatmasdan, faqat otib o‘ldirishdan iborat “Sounter strike” o‘yinini o‘ynash uchun asragan. Ammo ota-onasi unga “kontir o‘ynagin” deb pul bermagandir!? Nega unda bola bu yerga keldi? Kim yetaklab kelgan uni birinchi marta bu joyga? Buning javobi bor. Avval aytganimizdek, maktabga ketishida izidan kuzatilib, kelishi nazoratsiz qoldirilgan bolaning chalg‘igan holati bu. “Voy-bo‘, shunga shuncha vahimami? O‘ynasa, o‘ynabdi-da, sening pulingga o‘ynamaydi-ku”, deydiganlar topiladi. To‘g‘ri, otasining puliga o‘ynaydi. Lekin bundan kim, qanday naf topadi? Bunday zararli o‘yinlarni ko‘p o‘ynash bir tomondan bolaning tarbiyasiga salbiy ta’sir qilsa, ikkinchi tomondan sog‘lig‘iga ziyon yetkazadi. Kompyuter oldida soatlab o‘tirish ko‘rish qobiliyatini yomonlashtiradi. Ko‘zdagi qattiq og‘riqlar, ko‘z yoshlanishi, qorachiq va qovoqlar qizarishi, peshona sohasidagi zirqirashlar, tez charchash holatlari – ekran oldida ko‘p o‘tirishning oqibati.
Qolaversa, kompyuter va boshqa elektr asboblari o‘zidan elektromagnit nurlari chiqaradi. Alaloqibat, chiqayotgan elektrostatik nurlar hamda mayda chang zarralari terining ochiq joylariga tushishi natijasida turli xildagi allergik kasalliklar kelib chiqadi. Hatto soch to‘kilishi, teri qurishi ham kuzatilar ekan. Bundan ham dahshatlirog‘i, ko‘p o‘tirish davomida stul bilan tana o‘rtasida o‘ziga xos “issiq kompress” hayoti yuzaga kelib, prostatit, gemorroy kasalliklariga sabab bo‘ladi. Kam harakatlilik moddalar almashinuvi buzilishi hamda semirish kasalligiga ham zamin yaratadi.
Ko‘rinib turibdiki, bunday kompyuter o‘yinlari endi o‘sib kelayotgan bolaning ham jismoniy, ham ma’naviy, ham ruhiy kushandasidir. Shunday ekan, ota-onalar farzandlariga doimo e’tiborli bo‘lishlari, har bir bosgan qadamidan boxabar bo‘lmoqlari kerak. Bundan tashqari, mutasaddilar tomonidan kompyuter o‘yinxonalari nazorat ostiga olinishi zarur. To‘g‘ri, kompyuter o‘yinxonalari davlat ro‘yxatidan o‘tib, mustaqil ravishda qonuniy faoliyat yurityapti. Ammo bu degani maktab bolalariga, hatto dars vaqtlarida ham o‘yin o‘ynashga bemalol ruxsat berish mumkin, degani emas-ku. Millat bolalari ongini zararli g‘oyalar bilan zaharlashga sharoit yaratish – xalqqa, uning kelajagiga xiyonat qilish bilan baravar. Shu bois ongi endi shakllanayotgan, o‘n besh-o‘n olti yoshdan kichik maktab o‘quvchilarini bunday joylarga kiritmaslik zarur, deb o‘ylayman.
Maktab o‘quvchilarini befoyda amallardan qaytarish uchun bir qator chora-tadbirlar ko‘rilishi kerak. Jumladan, har bir o‘yinxonaga maktab o‘quvchilarining kirishini taqiqlovchi yo‘riqnoma ilib qo‘yish lozim. Shu talabni buzgan kompyuter o‘yinxonalari egalariga tegishli jazo qo‘llanilishi kerak. Shundagina bolalarimizda ommalashib ketayotgan dangasalik hamda bilimsizlikning oldini olamiz, ularni milliyligimiz va qadriyatlarimizga zid g‘oyalar ta’siridan asragan bo‘lamiz. Bunday qat’iy choralar ko‘rilmasa, befarqligimiz juda katta illatlarga yo‘l ochishi mumkin. Negaki, qiziqarli ko‘rinayotgan o‘yinlar zamirida ayyorona g‘oyalar va chorlovlar bor. Vahshiy o‘yinlar ulg‘ayayotgan boladagi nozik tuyg‘ularni xiralashtiradi, ijobiy xislatlarning yo‘qolishiga zamin yaratadi. Uning e’tiqodi va dunyoqarashini teskari tomonga burib yuboradi. Ongi, fitrati buzilgan o‘smir esa kelajakda jamiyatning katta muammosiga, boshog‘rig‘iga aylanadi. Chunki, yaxshi bilamiz, bola niholday gap. Kim qayoqqa tortsa, o‘sha tomonga egilaveradi…
Mutaxassislarning fikricha, bolasi bilan suhbatlashishga vaqt topmaydigan, ularning qiziqishlariga befarq bo‘lgan ota-onalarning farzandlari ko‘proq ko‘chadan “mehr” topadi. U ko‘proq ko‘chada yurishni, do‘stlari bilan qayerlargadir borishni doimiy odatga aylantiradi. Buning oqibatida kompyuter o‘yinlariga qiziqib, ularga mukkasidan ketishi mumkin. Shu boisdan ham psixologlar ota-onalarga quyidagi tavsiyalarni berishadi. Birinchisi, bolangiz bilan har kuni gaplashing, dardlashing. Bolangiz o‘qiyotgan maktabga tez-tez borib, uning o‘qishini surishtiring. Kunda-kunora ishingizdan ortib, uni maktabidan olib, qiziqarli joylarga olib boring va o‘zingiz uyga kuzatib qo‘ying. Shunda bolangiz unga befarq emasligingizni, doim uni tergab turishingizni ichdan his qiladi. Yoki bo‘lmasa, ikki haftada bir marta qo‘g‘irchoq yoki yosh bolalar uchun mo‘ljallangan teatrlarga olib boring. Yana bir tavsiya: farzandingizga maktabdan qaytgach, to o‘zingiz ishdan kelguningizcha shug‘ullanib turishi mumkin bo‘lgan biror bir qiziqarli mashg‘ulotni bajarishni tayinlang. Va albatta ushbu topshiriqni bajarganligiga qarab mukofotlashni ham unutmang. Shunda bolangizning bo‘sh vaqtini zararli ishlarga sarflamasligining oldini olgan bo‘lasiz.
Ko‘pincha ota-onalar farzandlarini “Suyangan tog‘im” deb erkalaydi. Bir umr oq yuvib, oq taragan dilbandiga keksaygan chog‘i suyanishni o‘ylaydi. Albatta, bu har bir ota-ona uchun ulkan baxt. Lekin bu baxt o‘z-o‘zidan kelmaydi. E’tiborliroq bo‘ling, suyanmoqchi bo‘lgan tog‘ingizning “olabo‘jilar in qurgan” kompyuter qoshida, ko‘zingizdan pinhon ravishda nurashiga yo‘l qo‘ymang…
«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 12-son