Asad Asil. Onalarni olam ulug‘lar (2012)

Ayollarga shahvat nazari bilan emas, shafqat nazari bilan boqing,
Sidqiy Xandaqliqiy

Butun bashariyat ustuni bo‘lmish ona nomini ko‘klarga ko‘tarib ulug‘lamagan biron zot bormikin! Ona bo‘lmasa, odam ham, olam ham yo‘q, oilani-ku qo‘yavering! Demak, “Mustahkam oila yili”da barcha hamdu sanolar, bor mehru muruvvatlarimizni avvalo onalarimizga baxshida aylasak sirayam adashmagan bo‘lamiz. Axir Payg‘ambarimiz ham: “Jannat onalar oyog‘i ostidadir!” – deb baralla aytgan edilar- ku!..
Bir dono odamdan muborak bu hadisni sharhlab berishni iltimos qilishibdi. “Onalarimizni beto‘xtov madh etaverishimiz mumkin, – deb javob beribdi ul zot. – Men Hadisi sharifga tegishli uch fazilatni aytish bilan kifoyalana qolay. Birinchidan, beto‘xtov o‘sib borayotgan murg‘akni to‘qqiz oydan ziyod vaqt ko‘tarib yurish qaysi erkakning qo‘lidan kelarkin? Bizlarga bir kilogramm yukni ko‘tarib yurish topshirilsa, dod deb yuboramiz.  Ikkinchidan, shu murg‘akni dunyoga keltirish chog‘ida onaizor hayot bilan o‘lim o‘rtasida  muallaq turib qolarkan. Erkak zoti bunday azobga aslo dosh berolmas! Qolaversa, shu farzand oyoqqa turib ketguncha, yillar davomida sabru bardosh bilan emizib yurishning o‘zi bo‘ladimi? Demak, Payg‘ambarimiz aytganlaridek, chindan ham “jannat onalarimiz oyog‘i ostida “ – desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi”.
2012 yilni  “Mustahkam oila yili”,  deb nomlanishining ham asosiy
mazmun-mohiyati, birinchi navbatda, ayollar muhofazasi, onalar hurmat-e’tibori mavzusiga borib taqaladi, albatta. Shunday ekan ulug‘vor bu bashoratu ko‘rsatmalar ijrosi qanday?
O‘z qadr-qimmatini bilgan inson, avvalo. oila boshida turgan erkak zoti o‘z qaramog‘idagi ayollarni ongli suratda avaylashi, astoydil himoya qilishi, birinchi navbatda, o‘zi uchun kerak. Umrimiz davomida ko‘rgan- kechirgan voqealar, hayot tajribalarimizdan kelib chiqib, bu xulosaga qayta- qayta iqror bo‘lganmiz.Fikrimizni xalq orasida keng tarqalgan: “Ota bilan qolgan shum yetim, ona bilan qolgan gul yetim” iborasi ham to‘la-to‘kis tasdiqlaydi.
Ayoliga mehribon insonlarni “falonchi xotinidan qo‘rqar ekan”, – deya kamsitishga urinuvchi “erkaklar” yo‘q emas. Bunday fikrlaydiganlar, ayniqsa, turmushning achchiq-chuchugini unchalik totib ko‘rmagan, yetarli hayot tajribasiga ega bo‘lmagan yosh yigitlar orasida ko‘proq uchraydi. Ular safidagi tuppa-tuzuk oila boshliqlarini ham  oilasida omadi chopmagan, fikri buzuq kimsalar izdan chiqarishadi. Shundaylarning ig‘voyu firiblariga uchgan laqma yigitlar Xudo bergan vafodor, pokiza, saranjom- sarishta umr yo‘ldoshlarini azoblaydilar, xo‘rlaydilar. Oxir-oqibatda gulday oilalarini vayron qiladilar. O‘rtada begunoh farzandlar tirik yetim bo‘lib qoladilar.
Men fuqarolar yig‘ini raisi vazifasida ishlaganimda ko‘plab bunday voqealar guvohi bo‘lganman. G‘isht qolipdan bir ko‘chdimi, uni joyiga qo‘yish juda qiyin. Oila nohaqlikdan jabrlansa, tosh tegib singan oyna kabi  hech qachon asli holiga qaytmaydi. To‘g‘ri, ayol oilasini, bola-chaqasini o‘ylab,  ortiqcha gap-so‘zlardan andisha qilib nohaq erini kechirishi mumkin. Lekin avvalgi lovillagan muhabbat o‘chib kulga aylana boshlaydi. Zero, inson bolasini zo‘rlik  bilan ham, boylik bilan ham mehrini, sevgisini qozonish aslo mumkin emas. Ollohning tengsiz bu ne’matiga faqat samimiylik, olijanoblik, jo‘mardlik, mardlik va sadoqat singari fazilatlar orqaligina erishsa bo‘lar…
Ayol ko‘nglini sovitib, qalbidagi mehr-muhabbatini g‘azabu nafratga aylantirib yuboruvchi sabablar juda ko‘p. Ularning birinchi qatorida albatta yolg‘on va ikkiyuzlamachilik singari ojizliklar turadi. Yigit degan nomga bunday noma’qulchiliklar yarashmaydi. Haqiqiy yigit, avvalo, Vatanini, qolaversa, sevgan yori va oilasini hech kimga xor-zor etib qo‘ymaydi. Yoshligimizda ahmoqona shiorni eshitardik: ”Xotin topiladi, do‘st topilmaydi”. Ayrim turmushbuzarlarning mana shunday buzg‘unchilik, gij-gijlashlarining qurboni bo‘layotgan yosh-yosh oilalarni ko‘rgan har qaysi iymon-e’tiqodli, insof-diyonatli insonning ichi kuyib, qalbi jarohatlanadi. Turmushning  achchiq-chuchugini, past-balandini ko‘rgan odam sifatida shunday ig‘volarga uchayotgan laqma farzandlarimizga “boyligu amalingiz bo‘lsa, xohlagan paytingizda istaganingizcha «do‘st» topilaveradi” (haqiqiy do‘st esa juda kam uchraydi), ammo vafodor yor, farzandlaringizni mudom oq yuvib, oq tarovchi, xovliyu joyingizni hamisha saranjom-sarishta tutuvchi mehribon  volidai muhtarama, o‘zingizning kam-ko‘stu har xil qilmishlaringizni yashirib, yutuqlaringizni beto‘xtov oshirib yashovchi sadoqatli yo‘ldoshni yo‘qotib qo‘ysangiz, hech qachon topolmaysiz!” – deya hayqirgimiz keladi…
Har qanday mustahkam oila qo‘rg‘onini yemirib tashlovchi, ayniqsa yosh oilalarni qisqa fursatda vayronu talqon aylovchi yana ikki illatni alohida aytib o‘tmasak bo‘lmas. Bu illatlarning biri ichkilikbozlikka ruju qo‘yish bo‘lsa, ikkinchisi so‘kag‘onlikdir. Ularning har ikkalovini erkaklardagi ojizlik alomatlari deb baralla aytish mumkin. Ichkilikbozlikni kasr-kasofatu kulfatlarini takrorlab o‘tirmaymiz. Chunki bu haqda hammada yetarlicha tushuncha bor. Undan qutulmoqlik chorasi esa kuch va irodani to‘plab “oq shayton”dan voz kechish… tamom vassalom. Ammo so‘kag‘onlik, sal narsaga birov-birovni quturib haqoratlash va, hatto, qo‘l ko‘tarish kabi beo‘xshov va xunuk holatlar haqida kengroq to‘xtalishga to‘g‘ri keladi. Axir bunday yaramas odatlar bizning ajdodlarga xos bo‘lmagan illatlar emasmi?! Nihoyatda dono, zukko, hushyor, bilimdon, shirinsuxan ota-bobolarimiz qachondan beri so‘kag‘on, og‘zi shaloq bo‘lib qoldilar?! Albatta, soxtakorlik bilan nomi ko‘klarga ko‘tarib maqtalgan sovetlar tuzumi bunga asos soldi. Yoshi ulug‘lar xotirlashlaricha, qadimda “xotin qo‘yish”, “ajrashish” degan  gaplar taomilda mutlaqo bo‘lmagan. Maboda shunday hol yuz berguday bo‘lsa, butun qishloq ahli, hatto shaharda yashovchilar yoppasiga iztirobga tushganlar. Oilani buzish og‘ir gunoh sanalgan. Yomon so‘zlar bilan so‘kinishu, o‘zaro haqoratlar qadimda o‘rni-tagi bilan yo‘q edi. Bir misol tariqasida ardoqli adibimiz Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanini yodga olaylik. Ana, ko‘rkam va mustahkam oila, ana ayol zotiga mehru muruvvatu yuksak sadoqat madhi! Ulug‘ bu asarning biron joyida onadan so‘kinish bormi?! “O‘tkan kunlar”ni hammamiz, ayniqsa, yoshlar qayta-qayta tahsil qilsalar foydadan xoli bo‘lmasdi.  Hozir kattayu kichik, bolayu chol ikki gapning birida “onangni…” deb turishini qanday izohlash mumkin?!
O‘rni kelganda muhtarama ayollarimizga ham ayrim istaklarimizni aytib o‘tamiz. Bo‘stonliq tumanida yashagan norg‘ul gavdali, o‘ktam ovozli, cho‘rtkesar va zardali bir tadbirkor ayolni eslayman. Uni ayol deyishga odamning unchalik tili qovushmaydi. Chunki bu xotin so‘kag‘onlikda o‘nta so‘kag‘on erkakni yo‘lda qoldirardi. Rahbarlik lavozimlarida ishlagan,  tadbirkorlikni ham o‘rniga qo‘ya olgan  bu ayol qator savob amallarni ro‘yobga chiqargani ham bor haqiqat. Shu tufayli ko‘pchilikning e’tiboriga tushgan, hech qayerda gapi yerda qolgan emasdi. Hatto xaj safarini ham ado etdi-yu, so‘kag‘onligini aslo tashlamadi. Oxir-oqibatda esdan ayrilib olamdan o‘tdi. Ana, endi, bu holatdan o‘zingiz xulosa chiqarib olavering!..
Biz onalarimiz, opa-singillarimiz, umuman jamiki ayollarimizni e’zozlash, himoya qilish, avaylab-asrashga da’vat etamiz. Afsuski, ayol zotiga isnod keltirayotgan ayrim nusxalar (undaylarni ayol deyishga ham til bormaydi) o‘zlarining yengiltakligi, behayo qiliqlari, jinoyatkorona hatti-harakatlari bilan ona degan muqaddas nomga dog‘ tushirmoqdalar. Foxishalik, giyohvandlik, qalloblik kabi dahshatli balolar Sharqning yuksak ibo-hayoli xotin-qizlariga qayoqdan ilashib qoldi?!
Bunday illatlarning avj olib, tomir yoyishiga ham asosan biz – erkaklar sababchimiz va aybdormiz deyishga batamom haqlimiz. Negaki, o‘zimiz bajaradigan, jonimizni qiynab bo‘lsa-da, sabot va matonat bilan yengib o‘tishimiz lozim bo‘lgan mushkul va og‘ir joylarga ayollarimizni jo‘natib yuboryapmiz. Uyalmay-netmay uyida xotinining yumushlari bilan o‘ralashib o‘tirgan erkaklarni qay nom bilan atash mumkin?! Eng yomoni – bunday oila va xonadonlarda farzand tarbiyasi ahvoli qanday kechadi?! Shu kabi oilalarni mustahkam oila deb bo‘ladimi?! Ko‘tarilgan ushbu mavzu yuzasidan fikr-mulohaza va javoblaringizni kutamiz.