Yarim asrdan ziyod taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan o‘zbek estrada qo‘shiqchiligi bugungi kunga kelib shou-biznes olamiga aylanib qoldi. U bugun son-sonoqsiz yosh qo‘shiqchilarni o‘ziga jalb etgan. Ommaviy axborot vositalari, televideniye va radio dasturlari orqali efirga uzatilayotgan qo‘shiqlarning salmoqli qismini estrada janri egallab turganligi fikrimiz dalilidir. Hatto Navro‘z, Mustaqillik kabi umum xalq bayramlarini, xalqimiz to‘yu tomoshalarini, turli marosimlarni estrada qo‘shiqlarisiz tasavvur etish mushkul. Demak, biz xohlasak-xaohlamasak estrada musiqasining ohanglari-yu usullari, yo‘nalish-u uslublari ongimizni zabt etib, ruhiyatimiz, ma’naviy dunyomizga kirib boraveradi. Butun jahon madaniyatining ta’siri natijasi o‘laroq O‘zbekistonga ham estrada musiqaning ko‘plab uslub va yo‘nalishlari kirib keldi. Jumladan: jaz, pop, rok, disko, texno va xip-xop kabilarni sanab o‘tishimiz mumkin. Shuningdek, bugungi kunda yoshlarimizning repga bo‘lgan qiziqishlari tobora ortib borayotganligi ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lmoqda. Biroq, tinglovchilar orasida yoki mutaxassislar davrasida ushbu estrada musiqasining yo‘nalishlariga bo‘lgan munosabatlarini ko‘rib har kimda ham turli fikrlar tug‘ilishi begumondir. Shu bizga kerakmi? Undan manaviy ozuqa, estetik zavq olish mumkinmi? Qolaversa, bizning mentalitetimizga to‘g‘ri keladimi? Shu kabi savollar ko‘pchilikni o‘ylantiradi. Va ushbu janrlarning negizida qanday falsafa yashiringanligi borasida qiziqib qolasiz.
RAP – bu “Rhythmical African poetry”, ya’ni “Ritmli Afrika poeziyasi (she’riyati)” so‘zlarining qisqartma shakli. Rap (rep) – inglizchada “taqqillatmoq”, “urmoq”, “zarba bermoq” kabi lug‘aviy ma’nolarni bildiradi. Odatda rep rechitativ tarzda og‘ir ritmga asoslangan musiqa ostida o‘qiladigan she’riy hikoya va tarixan afro-amerika an’anaviy madaniyatining bir ko‘rinishi sifatida paydo bo‘lgan. Biroq qadimdan rep va u singari aytimlar nafaqat qora tanlilar folklorida, balki har qanday xalq an’anaviy madaniyatida u yoki bu shaklda mavjud bo‘lganligi ham ma’lum. Fikrimiz dalili sifatida quyida qisqacha tarixiy ma’lumotlarni keltirib o‘tamiz.
Islomgacha bo‘lgan arab dunyosi bozorlarida repga o‘xshash janr keng tarqaladi. Har bir ko‘chmanchi arab qabilasidan bir shoir-notiq (ritor) davraga chiqib, boshqa qabilalarga qarata badihago‘ylik bilan ochiq-oydin haqoratli aytimni boshlaydi. O‘z navbatida boshqa qabilalardan chiqqan shoir-notiqlar ham unga o‘z javoblarini aytishadi. Odatda bunday “aytishuv”lar ommaviy janjallar bilan yakun topgan.
“Yamb” deb ataluvchi xuddi shunday musobaqa qadimgi Yunonistonda Dionis va Demetrilar sharafiga bag‘ishlangan bayramlarda ham uyushtirilgan. Qadimgi skandinaviya an’anasida mazkur musobaqalar “manjafbr”(erkaklar olishuvi) sifatida mashhur bo‘lib, asosan u svyatki (rojdestvo) kunlarida o‘tkaziladigan o‘yin hisoblanadi.
Avvaldan afro-amerikaliklar o‘rtasida repga o‘xshash musobaqalar bo‘lganligi haqida ba’zi (chala-chulpa) ma’lumotlar uchrasa-da, rep va uning (“Dozens”(o‘n ikkilar), “Signifying” (izhor qilmoq), “Talking shits” (kemalar suhbati) kabi shakllari haqidagi ilk ilmiy tavsiflar 30-yillarda Garlem va Janubiy Bronksda bo‘lgan. O‘smirlar muayyan qat’iy kanonik qoidalar asosida tuzilgan 3 ta to‘rtlik she’r matnini (“dyujin”– 12 lar, rep shakli shundan kelib chiqqan) navbatma-navbat aytib, imkon qadar aniq va ritmik improvizatsiya qilish borasida bellashadilar. Ikki raqib, keskin o‘zgaruvchan ritm asosida to‘rtlik almashadilar. Ulardan birining (ritorika) – nutqi boshqasidan afzal chiqqunga qadar davom etadi. Repning asosiy maqsadi raqibni haqoratlab yerga urish bo‘lgan.
1. “Dyujins” – repning maxsus shakllaridan bo‘lib, unda dastlabki to‘rtlik maqtanchoqlikka asoslanib, badihago‘y-muallifni o‘z obro‘sini kuchli darajada orttirib ko‘rsatishga qaratilgan bo‘ladi. Shundan so‘ng raqib tomondan ham buning so‘zlaridan kulimsirab nafratlanib aytilgan (mendek mohir repchiga qarshi chiqishga qanday jur’at qilding degan ma’nodagi) javobi yangraydi. Keyingi to‘rtligi mahalla hayotidagi voqealar, turli g‘oyalar va umuman yangi tug‘ilgan fikrlar asosida quriladi. Bu jarayon soatlab davom etishi mumkin va agar g‘olib aniqlanmasa, unda qatnashuvchi va ishqiboz-muxlislarning o‘zaro urish-janjali bilan yakun topadi.
2. “Signifying” (boshqa bir shakli) – dyujindan cheklanmagan badihago‘yligi bilan farqlanadi. U ritmning maqsadli buzilishi va sinkopalanishi asosida bo‘lib, oxiri dastlabki ritmga qaytiladi. “Signifying” rus tez aytishlariga yaqindir. U o‘z navbatida 10 satrdan iborat matnning yagona qofiyaga asoslanganligi bilan mukammal hisoblanadi. Bu janrlar asta-sekin Nyu-York diskotekalarida rivojlanadi.
Aytish joizki, rep davrlar osha rivojlanib xalqlar ijrochilik amaliyotida o‘rnini topdi va ijro an’analari ham tubdan o‘zgardi. Janr sifatida qo‘shiqqa yaqinroq ko‘rinishga keldi va eng muhimi sahna san’atidan joy oldi. Jumladan: “Sugar Xill Gang” guruhining “Reppers Delayt” qo‘shig‘i ilk rep yozuvlaridan biridir. Mazkur qo‘shiq dunyo miqiyosida xit darajaga ko‘tariladi.
Yuqorida keltirilgan rep musiqasining tipologiyasidan ko‘rinib turibdiki, janrning ilk shakllanishi g‘alizroq bo‘lsa-da, rivojlanish jarayonida musiqiy janr sifatida va xalqona matnlarni ifoda etishga mo‘ljallangan ko‘rinishga kelgan. Ya’ni, repning so‘z-matnining ma’no-mazmuni, maqsadi o‘zgargan, lekin undagi shakl, yo‘l-yo‘lakay mos kelib qoluvchi qofiyaga asoslangan hikoya tarzidagi so‘z badihago‘yligi saqlanib qolgan.
Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng o‘zbek estrada ijrochiligiga turli uslublar bilan bir qatorda rep yo‘nalishi ham kirib keldi. Albatta, bu uslubning namoyondalari sifatida Shohrux, Shahriyor va “Radius 21” nomlarini tilga olamiz. Mazkur xonandalar ijodi yoshlar tomonidan iliq kutib olinganligi ham rost. Lekin, nazarimizda, o‘zbeklarning mentalitetiga to‘g‘ri kelishi yoki kelmasligi ma’naviyat va madaniyatga ta’siri xususida ham o‘ylab ko‘rish zarur. Chet el rep ijrochilarining egnidagi libosi, taqinchoqlari, soch turmaklari va hatto behayo raqs harakatlarini ham o‘zbeklarda ko‘rib ajablanmay qoldik.
Rep qo‘shiqlarining mazmuniga ahamiyat beradigan bo‘lsak, so‘z qo‘llash san’atining fojiasiga guvoh bo‘lamiz:
Madorim yo‘q shu bugunda bor-u yo‘g‘im mana shu
Yuragimda absolyutniy bardak, vot tak.
Kechagina berilgan bu va’dalaring
Unutildi darrov, gapirildi prosto tak.
Yana nima-nima, har gal bitta gapingga ishonib
Yashadim man axmoq.
Sani gaping mana bundoq:
– Keling endi iltimos mani kechiring,
Endi yaxshi yashaylik.
Shohrux repning “Xato” nomli bu qo‘shig‘i ko‘pchillikka manzur bo‘lar balki, lekin, xaqiqatni aytish lozim. Bu qo‘shiq emas, safsata, bema’ni valdirash emasmi? Bu bizga kerakmi? Nima uchun? Ko‘cha so‘zlari, qolaversa, ikki til (o‘zbek va rus) qorishib yotibdi. Mening nazarimda bunday so‘z matnlarini san’atda qo‘llash sharq madaniyati, she’riyati, so‘zamolligiga putur yetkazishdan boshqa ish emas. Afsuski, bu yo‘ldan shiddat bilan borayotgan yoshlarimizning safi talaygina. Jumladan, “Ummon” guruhi ham bugun ko‘plab muxlislarga ega bo‘ldi, o‘zining kontsert dasturlarini o‘tkazdi. Repertuaridan o‘rin olgan qo‘shiqlari soni ham ortib bormoqda. Sifati esa yuqorida aytilganidek, xolos. Ayniqsa “Ummon baribir ummon-de”, “Mayli ketaver”, “Sevaveraman”, shu kabi bir qator qo‘shiqlarini eshitib yoqa ushlaysan kishi.
Balki, repning ijro uslubi mazkur xonandalarga yoqar, lekin, shuni esdan chiqarmaslik lozimki, san’at bedarvoza emas, istagan kishi kirib, o‘z ishini qiladigan. San’atning maqsadi:
– Ma’naviyatni yuksaltirish, estetik zavq ulashish va ezgulikka yetaklash. Har qanday ijodkor bu maqsadni yoddan chiqarmasligi zarur. San’at xalqning ma’naviyati uchun xizmat qilishi kerak.
Biz o‘zbek estrada ijrochiligida rep uslubini umuman inkor etish maqsadida emasmiz. Aksincha, o‘zbek musiqasining negizida o‘zbekona odob, axloq, munosabat va lutf doimo go‘zallikka intilish, go‘zallik haqida kuylash, go‘zallikning jozibasini namoyon etish, hayotga zavq berish va faoliyatga chorlash kabi mezonlar yotadi. Va bu barkamol avlod tarbiyasida muqobil keladigan omillar sifatida qadrlanib keladi.
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 6-sonidan olindi.