Jalil Hazratqulov. O‘lmas tarixiy obida (2010)

Ulug‘ muarrix bobomiz Abdurazzoq Samarqandiy g‘oyat nodir tarixiy manba bo‘lgan «Matlai sa’dayn va majmai bahrayn» asarining muallifi sifatida nom qoldirdi. Uning bolalik va o‘smirlik yillari, tahsil olgan davri haqida «Matlai sa’dayn…»da ma’lumotlar uchramasa-da, ammo so‘zlaridan otasining mavqeiga muvofiq diniy ilmlar bo‘yicha yaxshi ma’lumot olgani, arab tilini, o‘z davri adabiyotini mukammal bilgani anglashiladi…

Taniqli sharqshunos olim Asomiddin O‘rinboyevning fikricha, asarning birinchi jildi «Abdurazzoqdan ilgari yozilgan asarlar, xususan, Hofizi Abruning «Zubdat ut-tavorixi Boysung‘uriy» («Boysung‘urga bag‘ishlangan tarixlar sarasi») nomli kitobi asosida yozilgan».

Kitobning ikkinchi jildi ayniqsa o‘ziga xos bo‘lib, u Abdurazzoq Samarqandiy davlat ishlarida faol qatnashgan davrlarga doir, uning o‘zi ko‘rib yoki ishonchli guvohlardan eshitib yozgan tarixiy ma’lumotlardan tashkil topgan. Shu sababli asl manba sifatida qimmati kattadir. Unda muallif Amir Temur vorislari davrida sodir bo‘lgan voqealardan so‘zlaydi. Kitobda u Shohruh, Mirzo Abdullatif (1449), Mirzo Abdullo (1450 — 1452) Mirzo Abdulqosim Bobur (1452 — 1457), Abu Sa’id (1451 — 1469) va boshqa temuriylar tarixini mufassal bayon etib, Husayn Boyqaroning Hirotda taxtga o‘tirgan yili (1469) voqealari bilan tugatadi.

Abdurazzoq Samarqandiy asarida tarixiy voqealarni izchil bayon qilmay, yil tartibi bo‘yicha, ya’ni har bir katta sarlavha ostida shu yili ro‘y bergan voqealar bayon etiladi. Muallif muayyan yil voqealari bayonini tugatgach, undan so‘ng shu yili vafot etgan olimlar yoki san’atkorlar haqida qisqa, lo‘nda, lekin Sharq xalqlari madaniyati va ma’naviyati tarixi uchun muhim ma’lumotlarni keltiradi.

Abdurazzoq Samarqandiy temuriylarning salkam 170 yillik tarixini, ya’ni 1304 — 1470 yillar mobaynida sodir bo‘lgan voqealarni o‘ziga xos bir usulda tarix sahifasiga muhrlab ketgan. Bizga hozirgi vaqtga qadar Amir Temurning o‘g‘li Shohruhning davlatchilik bobida olib borgan sa’y-harakatlari, adolati, madaniyatga oid amalga oshirgan ishlari, umuman, uning davlat boshlig‘i sifatidagi qirq uch yillik faoliyati mavhum bo‘lib kelardi. Abdurazzoq Samarqandiy esa, Shohruh Mirzo ibn Amir Temur Ko‘ragonni uzoqni ko‘ra olgan siyosatchi, mamlakatning adolatli podshosi, xorijiy davlatlar bilan do‘stona aloqa o‘rnatgan ziyrak diplomat, temuriyzodalarning boshini qovushtirishga jiddiy harakat qilgan davlat arbobi sifatida ko‘rsatadi. Shohruhning bu xislatlari, ayniqsa, viloyatlarga boshliqlar tasdiqlanayotganda ularga bergan o‘git va pand-nasihatlari bayonida o‘z aksini topgan.

“Hazrat xoqoni Said (Shohruh Mirzo — J.H.) Movarounnahr va Turkiston mamlakati viloyatini Mirzo Ulug‘bek Ko‘ragonga bag‘ishlab, garchi u adolat usullarini ado etish va siyosat hukmlarini yurgizish bobida biron ko‘rsatmaga muhtoj bo‘lmasa-da, onhazrat otalik shafqati yuzasidan podshohona iltifot bilan quyidagicha nasihat qiladi: «Haq taolo bu buyuk in’om va ulug‘ marhamatni bizga ato qildi; yarog‘-aslahamizning ojizligi va holatimizning nuqsonligiga qaramay …farmonimizni olam mamlakatlari uzra joriy qildi. Endi davlat va podshohlik qadrini bilib, …insof va adolat eshiklarini hojatmandlar yuziga ochiq tutgin, …payg‘amlar varasalari bo‘lmish ulamolarni ehtirom ko‘zi tagiga olib, in’om nazari bilan mamnun tutgin, diniy mojarolar bo‘yicha (ish ko‘rganda) ularning fatvosini chetlab o‘tmagin …olam obodonligining sababi va odamzod rizqining vositasi bo‘lmish dehqonlarni zulmu adolatsizlikdan himoya qilib, adlu insof bilan (o‘zingga) yaqin qilgin, davlat chegaralarining nigohbonlari va mamlakat ichkarisining qo‘riqchilari bo‘lgan lashkarlar toifasini…, ularning yollanma haqlari va maoshlarini belgilangan vaqtda to‘la yetkazib turgin, jonsiporlik shartlarini bajarishda tegishlicha jiddu jahd ko‘rsatganlarga in’omni oshirgin va ba’zi tashlab qochuvchilar yo‘lini tutganlarga saza berib jazolagin; xullasi, barcha hollarda …haddan ortiq yoki keragidan oz chora ko‘rishdan ehtiyot bo‘lgin, chegaralarga ish ko‘rgan va tiriklikning achchiq-chuchugini tatigan kishilarni tayin qilib, u yerlar qal’alarining mustahkamligi borasida zaruriy choralarni ko‘rgin».

Hazrati xoqon Shohruh Mirzo turli viloyatlarga temuriyzodalarni hokim etib tayinlashda, albatta, ular oldiga qat’iy talablar qo‘ygan. Masalan, Mirzo Boyqaroga Hamadon va Luriston viloyatini topshirayotganda, «…o‘z himmatini odillik va olijanoblik bilan jahon ahlining oroyish va osoyishiga sarf qilmoqqa, biror maxluq zulm qo‘lini boshqa birov yuziga ko‘tarishiga yo‘l qo‘ymaslikka, kuchli va kuchsiz, avom va sharif orasida insof va adolat eshiklarini ochib qo‘ymoqqa, …savdogarlar holiga lozim tarzda g‘amxo‘rlik qilmoqqa buyurdi».

Shohruh hazratlari «davlat turg‘unligi sipoh ham hashamlar miqdorini, qullar ham xizmatkorlar martabalarini bilishda, mamlakat suyanchig‘i bo‘lgan xalq ommasiga jiddiy e’tibor berishda, raiyat ahvoliga doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatishda», deb bildi. Shu bois u Sherozni Mirzo Ibrohim Sultonga suyurg‘ol qilib berayotgan paytda unga shunday deb tayinlaydi: «U (Ibrohim Sulton) shunday qilmog‘i lozimki, raiyatlar rahm-shafqat to‘shagida osoyishtalik rohatini surib, duo qilish bilan mashg‘ul bo‘lsinlar va xatarsizlik lazzati ham insof halovatini jon zavqi bilan his etsinlar, u shunday qat’iy hukm joriy qilsinki, noiblar sira ham adolat yo‘lidan tashqari chiqmasinlar va devonga tegishli mollarni hosil qilishda o‘rnatilgan qoidadan nari o‘tmasinlar».

Asarda davlatni boshqarishda moliyaviy ishlarning o‘ta muhimligi, uni doimo nazorat qilib turish zarurligi, davlat idora va xodimlari haqida xalq orasida tarqalgan gap-so‘zlar bee’tibor qolmasligiga jiddiy e’tibor berganligi qayd etilib, gohida taftish o‘tkazib turilganligini, ya’ni jahon bunyodga kelgandan boshlab bizning kungacha tarixnavislar nazariga tushmagan va bitikchilar qalamiga olinmagan voqealarni ham ko‘rsatib, uning ne oqibatlarga olib kelishini bayon qilgan. Bunga Amir Sayyid Faxriddin vazirning ahvoli va uning oqibati misol bo‘la oladi.

Sayyid Faxriddin davlat zinalarining yuqori pog‘onalariga ko‘tarilgach, «u o‘ziga ko‘p a’yonlar va hadsiz buyumlar hosil qilib, mol-mulkining ko‘pligidan o‘z davri Qoruniga va sha’n-shavkat g‘ururidan zamon Fir’avniga aylangan edi». Xullas, uning ishlarini tekshirishga farmon beriladi. Tekshirish jarayonida Sayyid Faxriddinning noma’qul hayoti va nodurust tirikchiligi, musulmonlar mol-mulkiga ta’masi va devon mablag‘larini o‘zlashtirayotganligi — uning barcha xiyonat va jinoyatlari oshkor bo‘ladi. Lekin u hanuz davlat masnadida o‘tirganligi tufayli unga so‘z qotishga odamlarda majol va qarshi turishga yurak betlamaydi. Hazrati xoqoni Said (Shohruh Mirzo) ularni o‘z huzuriga chaqirib yuzma-yuz so‘roqqa tutadi va adolatli hukm chiqaradi. Ammo «Sayyid Faxriddin qaytadan vazirlikni olish ishtiyoqi»da na kechasi uxlar va na kunduzi tinchir edi. Uning ta’ma otashi shunday alanga oladiki, «u butun olam molini o‘z jig‘ildonidagi bir luqma deb bilardi».

Sayyid Faxriddin najot tilab javob ololmagach, mahdi ulyo Gavharshod og‘oning ko‘magidan panoh izlaydi, tanish-bilishlarini tinmay ishga soladi, ammo adolat qaror topadi, unga zamona omonlik bermaydi, qayg‘uli kechmish va qo‘rqinch tahlikasidan turli-tuman kasallik va zidma-zid illatlarga mubtalo bo‘lib, hayotdan ko‘z yumadi.

Muallif bu hayotiy voqeadan siyosiy-ijtimoiy xulosa chiqarib yozadi: «Xuroson va Iroqning mashhur kishilari, balki butun dunyoning ulug‘lari u (Sayyid) hayot ekan, hayotlariga ishonchlari yo‘q edi, chunki oddiy, kichik arzimas bo‘lib ko‘ringan» voqea davlat asoslariga zarba berishi, odamlarning davlatga ishonchi yo‘qolishiga sabab bo‘lishini uqtiradi.

Davlatchilikning eng muhim atributlaridan biri diplomatiyadir. Qadimdan Markaziy Osiyo mamlakatlarining turli davlatlar bilan olib borgan turli aloqalari, jumladan, savdo-iqtisodiy munosabatlari ko‘pgina tarixiy asarlarda, hujjatlarda muhrlangan. Ayniqsa, Amir Temur va temuriy shahzodalar davrida olib borilgan diplomatik faoliyat juda katta geografik kengliklarni, ya’ni Sharqda Xitoydan tortib, G‘arbda Yevropa davlatlarigacha qamrab olgan.

Shahzoda Mironshohning G‘arbiy Yevropa davlatlari bilan muloqoti, Boysung‘ur mirzo tomonidan 1419 yili Xitoyga elchi etib yo‘llangan G‘iyosiddin Naqqosh xotiralarini, Xitoy elchilarining 1409 yili Shohruh Mirzo huzuriga kelganligi va hokazolarni eslatish kifoya. Ammo bu tarixiy faktlar orasida 1442—1444 yillari O‘rta Osiyodan Hindistonga borgan Abdurazzoq Samarqandiyning Hindiston safarnomasi muhim o‘rin egallaydi. Abdurazzoq Samarqandiyning «Matlai sa’dayn va majmai bahrayn» asarining bir qismini tashkil etgan bu safarnomada keltirilgan nodir tarixiy ma’lumotlar Markaziy Osiyo va Hindiston xalqlari o‘rtasida qadim zamonlardan olib borilgan iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqalar XV asrda ham mavjud ekanligiga ishonchli dalil bo‘lishidan tashqari, ikki xalqning – o‘zbek va hind xalqlarining o‘rta asrlarda erishgan iqtisodiy va madaniy darajalari, davlat tuzumi, savdo munosabatlari, urf-odatlari haqida tarixiy manbalarda kam uchraydigan muhim ma’lumotlarga boyligi bilan ham tarix fani uchun juda katta ilmiy qimmatga egadir.

Ustod manbashunos olim A.O‘rinboyev bu nodir tarixiy yozma yodgorlik ustida ko‘p zahmat chekib, uni o‘tgan asrning 60-yillaridayoq o‘zbek tiliga tarjima qilib, mukammal ilmiy izohlar bilan boyitdi hamda asarning Toshkent va Sankt-Peterburgda saqlanayotgan qo‘lyozma, bosma nusxalari bilan tanishib, pokistonlik olim Muhammad Shafi’ tomonidan amalga oshirilgan Lohur bosmasi, Sankt-Petergburg qo‘lyozmasi va frantsuz olimi M.Katrmer nusxasi asosida Hindiston safarnomasining tanqidiy matnini tuzdi va 1960 yili «Abdurazzoq Samarqandiyning “Hindiston safarnomasi» nomi bilan nashr ettirdi, ammo amalga oshirilgan bu ish katta va muhim ilmiy-tadqiqotning debochasi edi. Bugun mustaqillik sharofati bilan esa, yuqorida eslatilgan asarning ikkinchi jildi ham to‘liq va mukammal sharhu izohlar bilan ko‘ngildagidek nashrdan chiqdi.

Abdurazzoq Samarqandiy qariyb yigirma yil temuriy shahzodalar hukmronligi davrida diplomat sifatida xizmat qilgan. Uning Hindistonga elchi boshlig‘i bo‘lib borgani va u yerda ko‘rganlari haqidagi tarixiy ma’lumotlar, aniq tarixiy faktlarga asoslangan bu safarnoma mustaqil asar hisoblanadi.

Abdurazzoq Samarqandiy tahlikali va qaltis paytlarda ham temuriy shahzodalar davlatning ichki ishlari, qurilish va ko‘hna imoratlarni ta’mirlash, madrasa, xonaqoh va masjidlar ahvoli, to‘g‘on qurib suv chiqarish ishlariga jiddiy e’tibor berganliklarini asar voqealari bayonida eslatib boradi.

Abdurazzoq Samarqandiy 1420 yil voqealarini yozar ekan, shu yillari Samarqandda Ulug‘bekning buyrug‘i bilan qurib bitkazilgan madrasa va xonaqoh ta’rifini keltirish asnosida «bu varaqlarni yozib to‘plovchi Abdurazzoq qutli bir munosabat bilan bir qancha vaqt dorussaltana Samarqandda muqim yashab turganida bu imoratlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi», deydi.

Abdurazzoq Samarqandiy ilm-ma’rifat borasida temuriy shahzodalarning, ayniqsa, Mirzo Ulug‘bekning sa’y-harakatlari, kadrlar tayyorlashdagi xizmatlari, atrofiga olimlarni to‘plagani, ularning chiqim-xarajatlari manbai haqida ham aniq ma’lumotlar keltirgan va «u zamon Aflotuni Mavlono Salohiddin Muso Qozizodayi Rumiy», o‘zi tarbiyalab «farzandim» deb atagan davron Batliymusi bo‘lmish Mavlono Alouddin Ali Qushchi, Mirzo Ulug‘bek Koshondan Samarqandga keltirgan ulug‘ mavlono G‘iyosiddin Jamshid» bilan bir ilmiy anjuman tuzganligini qayd etadi va yozadi: «(Bu sohada) yetuk kamolot hosil qilgach va asboblarni shaylagach, (Ulug‘bek) rasad va ziyj tuzishga mayl qildi va Samarqandning shimolida, Sharq tomonga moyilroq yerda mos bir joyni tayin qildi… U(rasadxona)ning binosi davlat asosidek poydor, poydevori esa, saltanat qoidasidek ustuvor qilib mustahkamlandi. Imoratning xonalari ichiga to‘qqiz falakning hay’atiyu to‘qqiz (osmon) doiralari shakllarini darajalar, daqiqalar, soniyalardan tortib to oshiralarigacha (chizildi) hamda aylanuvchi falaklar, yetti sayyora yulduzlari, sobita yulduzlar ko‘rinishi va yer kurrasi» va unga «nimaiki tegishli bo‘lsa (hammasini)… raqamlar bilan chizishga buyurdi… Bu muhim ishning ovozasi shahar va mamlakatlar bo‘ylab tarqalib, shuhrat topdi. Shahzoda u ziyjga tuzatishlar kiritilib tamomlanishiga muvaffaq bo‘ldi va unga «Ziyji Sultoniy Ko‘ragoniy» deb nom berildi».

Bunday yaratuvchilik ishlarida temuriy malikalar ham bevosita yoki bilvosita faol qatnashganligi asar o‘quvchilarida katta qiziqish uyg‘otishi tabiiydir.

«Matlai sa’dayn va majmai bahrayn»da temuriy malikalarga alohida boblar ajratilmasa-da, biroq voqealar jarayonida ular davlat ahamiyatiga molik ishlarni amalga oshirganliklari yoki ug‘ruqda tursalar ham temuriylarning ichki va tashqi siyosatlarini to‘g‘ri anglab ish ko‘rganliklari zikr qilinadi. Misol tariqasida aytish mumkinki, temuriyzodalardan Mirzo Sa’d Vaqqos soddadilligi tufayli fitnachilarning gapiga kirib Amir Bistomni olib «isyonkorlik biyoboniyu xatokorlik cho‘lida gumroh bo‘lib” Amir Qaro Yusuf huzuriga boradi, chunki Amir Bistom bilan Qaro Yusuf orasida dushmanlik adovati mavjud bo‘lib, Qaro Yusuf uchun Amir Bistomni qo‘lga kiritishdan ko‘ra qimmatliroq sovg‘a yo‘q edi. Mirzo Sa’d Vaqqos shu yerda yashashga mayl qilib, Qum shahrida qolgan haramini keltirishni buyuradi. Shahzodaning rafiqasi Og‘o begi Mirzo Mironshohning qizi bo‘lib, oqila va oliyhimmat bir xotin edi. Mazkur ahvolni ko‘rib, u o‘z-o‘ziga: «Sa’d Vaqqos xato ish qildi, agar biz u begona mamlakatga tushib qolsak bizning holimiz ne kechadi? – deb aytdi. U tadbirli, chuqur fikrli ayol bo‘lganligi tufayli o‘z navkarlarini qurollantirib, olib ketishga kelganlarning hammasini asir oladi-da, Sa’d Vaqqosni dushman tarafiga o‘tishga rag‘batlantirgan kishilarni (Temur shayx, Qulluqxoja va Shayx Ali (Hasan) Zindalar bilan qo‘shib qatl ettiradi va u sher xotin nomardlarning kallalarini o‘z navkari Sherzod orqali hazrat xoqoni sa’id (Shohruh — J.H.) huzuriga yuborib, bo‘lib o‘tgan voqea sharhidan ogoh qiladi. Onhazrat (Shohruh) uning bu mardonaligi uchun ko‘pdan-ko‘p tahsinlar” aytadi.

«Matlai sa’dayn…»da Gavharshod begimning mamlakat siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy-ma’rifiy hayotida faol, eng muhimi, odilona, oqilona qatnashganligi asarning ibtidosidan intihosigacha ro‘y bergan voqealarga singdirilgan. Afsuski, bir guruh yovuz kishilar harakatlari tufayli «u zamon Bilqisi va u davron qaydofasi» muborak ramazon oyining to‘qqizinchisida (1457 yil, 31 iyul) qatl ettiriladi. Abdurazzoq Samarqandiy bu mudhish voqeaning tafsilotlarini yozgan emas, ammo mahdi ulyo Gavharshod og‘oning butun hayoti mohiyatini qisqa qilib quyidagicha bergan: «Gavharshod og‘o muborak soyali va baland martabali, shiori pokizali va iffat pardasiga o‘ralgan, xatti-harakati odilona va qilmishlari pok, oliyhimmat va ulug‘ orzuli, iffat pardasida Robiasifatlik va pokizalik yopinchig‘ida Zubayda yanglig‘ bir malika edi. Uning ezgu fazilatlari adolat nigoristoniga soyabonu maqtovli ishlari oliyjanoblik debochasiga mundarija edi. U shuhratli bonudan tiriklik (olami)da ko‘p xayrli yodgorliklar qoldi: dorussaltanat Hirotning shimolida Baytulmag‘fira, Mashhadi muqaddasda Masjidi Jome’… Bu imorat sifatlaridan ba’zilari o‘tgan yillar (voqealari orasi)da o‘tdi». Mana shu misolda, meningcha, mahdi ulyo Gavharshod og‘oning shaxsiy hayotdagi onalik sifati va mamlakat ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy hayotidagi o‘rni aks etgan.

Ustod matnshunos, alloma Asomiddin O‘rinboyev ta’kidlaganidek: «Asardagi tarixiy mazmun ajoyib bir mahorat bilan badiiy shaklga o‘ralgan va qofiyali nasr (saj’) uslubida yozilgan». Bu asar o‘z vaqtida buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning diqqat-e’tiborini tortganligi bejiz emas. Tarjimon «Matlai sa’dayn va majmai bahrayn»ni o‘zbek tiliga o‘giribgina qolmasdan, uning fors tilidagi nafis tarovatini, murakkab uslubini saqlashga erishgan. Chunki undagi arab, fors tillaridagi so‘z va iboralarni o‘z o‘rni, mavridi va mezoni, me’yori bilan mohirona qo‘llagani buning yorqin misolidir. Asar tiliga jiddiy e’tibor berilsa, o‘z davri turkiy tilining forsiy variantiga o‘xshab tuyuladi, ya’ni o‘zbekcha o‘ylab forscha yozilganga o‘xshaydi, chunki bu tarixiy asarning original tili o‘quvchida bevosita shunday fikr uyg‘otadi.

Asarning nomiga kelsak, o‘rta asrlar an’anasiga ko‘ra, barcha asar nomlari odatda arabcha berilgan hamda uning go‘zal, nafis va shoirona bo‘lishiga harakat qilingan. Shu ma’noda «Matlai sa’dayn va majmai bahrayn» («Ikki saodatli yulduzning chiqish va ikki dengizning qo‘shilish joyi») asari ham bundan mustasno emas.

Matnshunos, tarixchi olim Asomiddin O‘rinboyev kirish so‘zida Abdurazzoq Samarqandiy o‘zi yashagan davrlardan oldingi yillarda sodir bo‘lgan tarixiy voqealarni yoritishda boshqa manbalarga, ayniqsa, XV asrning birinchi choragida Hirotda tarixiy va geografik asarlar yozgan mashhur tarixnavis va geograf Hofizi Abruning «Zubdat ut-tavorixi Boysung‘uriy» asariga tayanganligi, undan foydalanganligi haqida yozadi. Bizning nazarimizda, har gulning o‘z isi, o‘z nafisligi borligi singari, har bir muallifning o‘z bayon usuli, o‘z tasviriy uslubi, o‘z dunyoqarashi, qolaversa, muayyan tarixiy voqeaga nisbatan o‘z fikri yozgan asarida aks etadi. Shu ma’noda, u tarixiy asarlar qaysi bir jihatdan bir-birini to‘ldiradi, bir-birini boyitadi, natijada muayyan tarixiy voqeaga nisbatan turli qarash va fikrlarni uyg‘otadi. Binobarin, ajdodlarimiz yozgan asarlarning biron sahifasi ham qoldirilmasdan tarjima qilinsa o‘zbek xalqi tarixi to‘la-to‘kis bo‘ladi.

Betakror matnshunos va donishmand olim Asomiddin aka O‘rinboyevga mazkur maqolani o‘qish nasib etmadi, ammo yozilayotganidan xabarlari borligini chuqur taassuf bilan aytish lozim. Iloyim, joylari jannatda bo‘lsin, yaxshi inson edilar!

Jalil Hazratqulov,

O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining yetakchi ilmiy xodimi

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 16-sonidan olindi.