Oq oralagan sochlari so‘nggi urfda tarashlangan, bosh-adoq ohorli, orasta kiyingan, qaddi tik, nigohlari viqorli bu do‘stimizning ismi Akram. Uni dabdurustdan ko‘rganlar biror nufuzli idoraning nufuzli xodimi bo‘lsa kerak degan xayolga boradi. Lekin Akram bor-yo‘g‘i — santexnik. ”Suvsoz” korxonasining oddiy xizmatchisi, oqova suv quvurlari tiqilib qolganida hoziru nozir bo‘ladiganlardan. Biz uni mashhur bir filmning mashhur qahramoniga o‘xshatib, hazil aralash “Afonya” deb ataymiz
Akramning otasi Malik aka ham santexnik edi.Unig isqirt, yirtiq-yamoq korjomasi hali-hanuz ko‘z o‘ngimizda. Uyida ham, ko‘cha-ko‘yda ham shu libosda uchratardik. Hamisha soch-soqoli o‘siq, arzon vino va tamaki isiga qorishib yurardi. Otasining hol-ahvolidan Akram hijolat chekishini sezardik. Albatta, bu mazlum odamning qaddini bukkan, ichkilikbozlikka mubtalo etgan aslida ijtimoiy adolatsizlik, jabr-zulm, nochorlik ekani o‘sha paytlar hech birimizning xayolimizga kelmagan. Malik aka o‘tgan asrning sakson oltinchi yili, oxir-oqibat, jigar kasali kasridan qazo qildi. O‘shanda Akram sakkizinchi sinfni endigina tamomlagandi. Otasi o‘limidan so‘ng oilada to‘ng‘ich o‘g‘il sifatida tirikchilik tashvishiga tushib qoldi. O‘qishni ortiq davom ettira olmadi. Ochig‘ini tan olish kerak, Akram o‘tgan sakkiz yil davomida ham o‘qishni qoyillatib qo‘ygani yo‘q. Hamisha tushkun va horg‘in bir kayfiyatda yurardi. Bir gal adabiyot o‘qituvchimiz, “Tojiyev, zehning yaxshi, harakat qilsang tuzuk o‘qib ketasan”, deb qoldi. Akram muallimaga hasratli bir qarash qildiyu, indamay yerga qaradi.
“A’lo o‘qiganim bilan adamdan o‘zib qatga ham borardim”, dedi u keyinchalik menga, ikkovimiz beixtiyor suhbatlashib qolgan chog‘imiz.
Qarangki, chindan ham u ota kasbining davomchisiga aylandi.Boquvchisiz qolgan oilaga rahmlari keldimi, hartugul, “JEK” idorasi ishchilari, marhum otasining birodarlari uni yonlariga olishdi.
Mana, oradan yillar o‘tdi. Qancha suvlar oqib ketdi. Akram bugun to‘rt farzandning otasi. Ro‘zg‘ori but. Barcha sinfdosh do‘stlar qatori bordi-keldi qilib turamiz. Akramning yurish-turishi, ayniqsa, uyida, oilasi davrasida o‘zini tutishi meni ko‘pdan beri hayratlantirib keladi. Hali gap avvalida ta’kidlaganimdek, do‘stimiz ishga po‘rim borib, po‘rim qaytadi. Hech qachon kir-chir, yirtiq-yamoq korjomada mahalla-ko‘yga, xonadoniga ko‘rinish bermaydi. Yuz-ko‘zida hamisha yengil bir tabassum. Shu o‘rinda Akramning tag‘in ba’zi bir xislatlarini e’tirof etmaslikning iloji yo‘q. U hech qachon xonadonida, farzandlari ko‘z o‘ngida chekmaydi. Buning uchun ko‘p hollarda tashqariga chiqadi. Uyiga hech qachon mast-alast kelmaydi. Ichkilik masalasida me’yorni juda qattiq ushlaydi.Albatta, bunday o‘z-o‘zini cheklov,qat’iy intizom ostida oila qayg‘usi, farzandlar tarbiyasi yotgani shak-shuhbasiz. Shu o‘rinda muhtaram Prezidentimizning “ Yuksak ma’naviyat- yengilmas kuch” asaridagi quyidagi satrlar yodga tushadi.
“Har qaysi millatning o‘ziga xos ma’naviyatini shakllantirish va yuksaltirishda, hech shuhbasiz, oilaning o‘rni va ta’siri beqiyosdir. Chunki insonning eng sof va pokiza tuyg‘ulari,ilk hayotiy tushuncha va tasavvurlari birinchi galda oila bag‘rida shakllanadi. Bolaning xarakterini, tabiati va dunyoqarashini belgilaydigan ma’naviy mezon va qarashlar—yaxshilik va ezgulik, olijanoblik va mehr-oqibat, or-nomus va andisha kabi muqaddas tushunchalarning poydevori oila sharoitida qaror topishi tabiiydir”
Darhaqiqat, shunday. Biz bu fikrlarning naqadar rost ekanligiga do‘stimizning oilasi misolida har kuni har soatda guvoh bo‘lib turibmiz.
Lekin, ming afsuski, Akramning tarbiya masalasidagi o‘ziga xos qarashlarini, olijanob xatti-harakatini noto‘g‘ri tushunadigan, unga istehzoli munosabatda bo‘ladigan toifalar uncha-muncha uchrab turadi. Mahallamiz boyvachchalaridan hisoblanmish Jalil qassobni shular sirasiga kiritish mumkin. U o‘z-o‘zicha hayotiy falsafalar to‘qib olgan, “erkakcha” tarbiya tarafdori. Uyiga kun aro mast-alast qaytadi, janjal, to‘polon ko‘taradi. Uningcha, shunday turmush tarzi bolalarni irodali, hayot qiyinchiliklaridan qo‘rqmaydigan, pishiq-puxta, o‘z ulushini yulqib oladigan odam qilib shakllantirar emish. Go‘yoki bu shafqatsiz dunyoda kun ko‘rishning yagona usuli shunday emish.
“Ey, — dedi u bir kuni Akramga, shirakayf holatda choyxonadan qaytarkan, — namuncha intizomli bo‘lmasang, nima, sen harbiymisan? Uyingga ham xuddi harbiylarday kirib-chiqasan. Sening yurish-turishingni ko‘rib bolalaring qanday tarbiya oladi, bilasanmi? Oyimtilla, mulla so‘fi bo‘lib o‘sadi ular. Hayotda bir umr burunlari qonab o‘tadi…”
Akram ortiqcha gap-so‘z qilmay jokuyar nasihatgo‘ydan uzoqlashdi. Va odatiy turmush tarzida davom etib ketaverdi.
Men do‘stimning baxtiyor oilasi, bir-biridan odobli, bilimdon bo‘lib voyaga yetayotgan farzandlari, farovon turmushi haqida o‘ylar ekanman, beixtiyor rahmatli Malik akani eslayman. Agarki, hayot o‘sha taxlit davom etaverganida Akram ham ota izidan borishi, isqirt bir ichkilikbozga aylanib, oilasini abgor ahvolga tashlab qo‘yishi haqiqatga yaqin edi. Lekin keyingi avlod toleiga istiqlol tongi otdi. Bu tong yog‘dulari kishilarimiz ong-shuuridan, qalbidan chirkin fikrlarni, tushkun his-tuyg‘ularni to‘zg‘itib yubordi. Kelajakka umid va ishonch paydo qildi. Buni birgina Akram taqdirida ham ko‘rishimiz mumkin. Hali ta’kidlab o‘tganimizdek, do‘stimiz sakkizinchi sinf savodi bilan qolib ketgan, kitob o‘qib, ilmu tafakkur qiladigan darajada emasdi. U tevaragiga teran nigoh tashlab, yurt hayotida kechayotgan evrilishlarni, tub islohotlarni ko‘rib fikrladi, o‘z-o‘zini tarbiyaladi, qonida yashash,intilish zavq-shavqi jo‘shdi. Bolalarini komil inson qilib tarbiyalashga, ularni kelajakka yorug‘ yuz bilan uchirma qilishga mas’uliyat his etdi. Buyuk o‘zgarishlardan chetda turishi aslo mumkin emasligini chuqur angladi.
Bir gal uni bir quchoq badiiy kitoblar ko‘tarib kelayotganida uchratib qoldim. Ochig‘i ajablandim. Akram ham hangu mang qolganimni darrov payqab, kulimsiradi.
“Bu chalasavod muncha kitobni nega ko‘tarib yuribdi,deb hayron qolyapsan-a… To‘g‘ri, bizlar shunaqa bo‘b qoldik, lekin bunga bolalar aybdor emas, ular o‘qimishli bo‘lishsin ”.
“ Bolalaring yosh-ku,bunaqa kitoblarga hali tishlari o‘tmaydi”
“Mayli, hechqisi yo‘q, hozircha ko‘zlari o‘rganib tursin. Keyinchalik albatta o‘qib olishar ”.
Ha, Akram shoshilardi! Zamonga hamqadam bo‘lishga, mavjud imkoniyatlarning har bir zarrasidan unumli foydalanishga oshiqardi. Uning bu holati sharqirab oqayotgan soydan entikib, yutoqib suv ichayotgan tashna odamga monand edi.
Shu suhbatdan so‘ng, oradan bir haftacha o‘tib, Akramnikiga borganimda o‘sha kitoblar “stenka”ning oynaband qismiga terib qo‘yilganiga, jozibali bir manzara kasb etganiga guvoh bo‘ldim. (Odatda bunaqa joyga aksariyat xonadonlarda har xil chinni, billur idishlar qo‘yiladi). Do‘stimning olti yashar qizalog‘i, ko‘zlari hayratdan porlab o‘sha yoqqa intilardi.
— Ana ko‘rdingmi,—dedi go‘dakdek quvonib Akram,— qizim halitdan kitobga intilyapti !
Men do‘stimning ajabtovur tarbiya usuliga qoyil qoldim.
O‘sha kuni tag‘in bir andak g‘ussali va ibratli voqea ham bo‘lib o‘tdi. Kechki payt hech kutilmaganda uyimizga Jalil qassob kirib keldi.Xuddi yarador partizandek boshi doka bilan amal-taqal tang‘ilgan, qiyiq qovoq tagi go‘yo muhr bosilganday ko‘m-ko‘k, labidan qon silqib turibdi.
— Keling, Jalil aka, tinchlikmi?—deb so‘radim xavotirlanib.
Qassob ihrab-sixrab gapirib berdi.Shom payti bozordan qaytsa, kollej talabasi bo‘lmish o‘g‘li uch- to‘rt o‘rtog‘i bilan uyda bazmi jamshid qilayotgan ekan. Albatta,ishdan charchab qaytgan Jalil akaga shovqin-suron yoqmagan. O‘g‘lidan ola-tasirni darhol tugatishni talab qilgan. Mast-alast, ”erkakcha” tarbiya ko‘rgan o‘g‘il esa ko‘nmabdi. Oqibatda,o‘rtada janjal chiqqan va…
— Ukajon, bugun uyga qaytib borolmayman. Ular meni o‘ldirishadi, iltimos, shu yerda tunab qolay, — deb yolvordi Jalil aka.
Men rozi bo‘ldim. Ikkimiz hasratlashib allamahalgacha o‘tirdik.
— Akramjon tarbiya masalasida ming karra haq ekan, — dedi gap orasida Jalil qassob, — uka, ertaga choyxonada bir osh tashkillashtirib, undan uzr so‘rayman.
Men Jalil akaning iqroridan mamnun bosh irg‘adim. Va shundagina Akram nafaqat oqova suvlar quvurini tozalovchi, balki o‘zining xulqi, tarbiya usuli bilan ko‘ngillarni ham kir –qurumlardan poklovchi ekanini ich-ichimdan tan oldim.
Bugun ertalab Akramning ikkinchi sinfda o‘qiydigan o‘g‘li Bekzodjon pildirabgina maktabga ketayotgan payt uni to‘xtatib savolga tutgan bo‘ldim.
— Kelajakda kim bo‘lmoqchisan?
Albatta, bunday so‘rov bolalar uchun jo‘n va oson. Bog‘cha opalar, muallimalar bot-bot takrorlayverib jajjilarni o‘rgatib tashlashgan.Javoblar ham hamisha shay: vrach, uchuvchi, olim, quruvchi….Men ham Bekzoddan shu tayyor javoblarning birini kutgan edim. Lekin bolakay biroz xijolatamuz o‘ylanib turgach,tuyqus ko‘zlari chaqnab dedi:
— Men kelajakda dada bo‘lmoqchiman!
Bu javobdan avval zavqlanib kuldim, so‘ng g‘alati bir hislarga chulg‘andim. Naqadar beg‘ubor va samimiy javob! Bunda otasini oqillikda, xushro‘ylik va kuch-qudratda tanho deb biluvchi farzandning qalb iqrori yashirin! Zero, ota o‘z xatti –harakati, yurish-turishi bilan bolasida xuddi shunday taassurot uyg‘ota olgan. O‘g‘il kelajakda xuddi otasidek inson bo‘lmoqchi! Menimcha, bu Akramning ham, barcha otalarning ham ezgu orzusi bo‘lsa ajabmas.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 19-sonidan olindi.