Shahlo Botirova. Romanchilikda evrilishlar (2009)

Roman badiiy adabiyotning nisbatan navqiron, rivojlanishda davom etayotgan zamonaviy janrlaridan biri hisoblanadi. Jahon adabiyotida u drama, doston singari janrlardan ancha keyin paydo bo‘lgan. O‘zbek romanchiligi ham salkam bir asrlik taraqqiyot tarixiga ega. Abdulla Qodiriy yetuk namunalarini yaratib bergan o‘zbek romanchiligi tez rivojlandi, o‘sdi, izlandi va adabiyotimizning asosiy janrlaridan biriga aylandi.
O‘zbek romani ruhi poeziyaga, dramaturgiyaga ta’sir etdi va she’riy romanlar, romanga monand dramalar yaratildi. O‘zbek adabiyotida tarixiy, biografik, mistik, fantastik, detektiv, satirik va maishiy romanlar paydo bo‘ldi.
O‘tmish davri muammolari faqat mamlakat iqtisodiyoti yoki siyosatiga emas, jamiyat estetikasiga, ma’naviyatiga, madaniyatiga va maorifiga ham xosdir. Roman jamiyat badiiy-estetik tafakkurini ini’kos qiluvchi janr bo‘lgani uchun ham voqelik ichra evrilishi, inson o‘y-xayollari, ko‘rgan-kechirganlari, topgan-yo‘qotganlari bilan badiiy talqinga jalb etiladi. Hozirgi turlanib-tuslanib turuvchi bozor iqtisodiyoti sharoitida inson yana bir bor sinovdan o‘tadi. Moddiy manfaatdorlik qanchalar qiyinlashgani sayin inson ongida yechimsiz muammolar bo‘y ko‘rsata boradi. Bu nafaqat davr, voqelik ichra tizimsiz o‘y-xayollar ichra evrilgan insonni badiiy kashf etgan modern romanlariga xos xususiyat bo‘libgina qolmay, an’anaviy realistik romanlar qahramonlari ruhiyatiga ham xos xususiyat bo‘lib namoyon bormoqda.
Roman izlanishga imkon beruvchi janr. So‘nggi 10-17 yil ichida yaratilgan «Lolazor», «Otamdan qolgan dalalar», «Ming bir kecha», «Fano dashtidagi qush», «Kapalaklar o‘yini», «Jaziramadagi odamlar», «Muvozanat» singari asarlar bu janr imkoniyatlari, roman tarixi, tadriji haqida fikr-mulohaza yuritishga undaydi.
Jahon adabiyotida romanning taraqqiyot yo‘li ravon bo‘lmagan: L.Tolstoyning «Urush va tinchlik», J.Joysning «Uliss» asarlari mohiyatan o‘ta sirli, shaklan murakkab romanlar sirasiga kiradi. Bundan tashqari Marsel Prustning «Yo‘qotilgan vaqtni izlab», Uilyam Folknerning «Koshona», «Rivoyat» kabi falsafiy romanlariga har kimning ham tishi o‘tavermaydi.
Inson ruhiyatining tahlili, uni chuqur tushunish va tasvirlash mahorati — adabiyotning tub mohiyatini belgilovchi xususiyatlardan biri darajasiga ko‘tarilishi birdaniga yuz bermagan. Jumladan, Aristotelning «Poetika» asarida qayd qilinishicha, badiiy asarning asosiy belgisi — tashqi hodisalarning tasviridir, xarakter esa tashqi hodisalar tasviridan keyingi vositadir.
Adabiyotshunos Hotam Umurov yozganidek, «A.Qodiriy «O‘tkan kunlar» romanida Otabek va Kumushlarning dilbar qalbi, ichki dunyosi tasvirida analitik («qalb dialektikasi») printsipiga amal qilgan. Yozuvchi butun e’tiborini bosh qahramonlar his va ehtiroslari tahliliga, lirik intim tuyg‘ular tufayli paydo bo‘lmish fikrlar dialektikasiga qaratadi». Otabek va Kumush qalbidagi rango-rang kechinmalar, shirin, mastona va og‘ir kayfiyatlar, psixik, fojiaviy dramalar, tragik kolliziyalar va oilaviy-maishiy, demak, ijtimoiy tomonlar bilan bog‘liqdir.
Tanqidchi Umarali Normatov aytganidek, Xurshid Do‘stmuhammadning «Bozor» romani «O‘tkan kunlar» bilan boshlangan XX asr o‘zbek romanchiligining munosib yakuni degingiz keladi. «Asrning ilk romani bilan so‘nggi romani «Bozor» o‘rtasida muayyan mushtarakliklar bor. «Bozor» qahramoni «O‘tkan kunlar» qahramoni Otabek ismiga ohangdosh tarzda Fozilbek deb atalgan. Fozilbek ham Otabek singari bozor — tijorat odami. Otabek millat tarixining eng qaltis burilish pallasida, Chor Rossiyasi bosqini — istibdodi arafasida najot yo‘lini izlaydi; Fozilbek esa salkam bir yarim asr davom etgan istibdoddan so‘ng istiqlolning dastlabki yillarida, milliy tiklanish pallasida, yangi ijtimoiy munosabatlarga o‘tish jarayonida yo‘l qidiradi».
Xurshid Do‘stmuhammadning «Bozor» romani ham ongda kechayotgan o‘ylarning murakkab, tabiiy oqimi tarzida yozilgan bo‘lib, roman qahramoni Fozilbek bir qarasangiz, hayotini bozorsiz tasavvur qilolmaydi, bir qarasangiz, bozorni mutlaqo jini suymaydi. Ana shu ziddiyatli tuyg‘ulari orasidagi darbadar o‘y-xayollardan Fozilbekning hech kimnikiga o‘xshamagan dunyoqarashi, qiziqishlari, iztiroblari va tafakkuri shakllanadi. Bozorda har kim keragini so‘raydi, har kim topganini sotadi, eplaganini oladi. Bozor mana-man degan insonni ham bozorga soladi. Chunki «nafs» degan bir baloi azim bor. Fozilbek: «Bozor — odamlarning asl basharasini kunday ravshan ko‘rish mumkin bo‘lgan eng qulay joy», — deb ta’riflaydi. Shubhasiz, bu o‘rinda Fozilbekning ushbu mulohazalari ayni haqiqat.
Fozilbek bozorning sir-sinoatlarini kuzatish bilan, otasi va kichik onasi Umri ona esa uni uylash, ya’ni unga «munosibxon»larni izlash bilan ovora.
Fozilbek onasidan qolgan jumboqlarga to‘la va anglab bo‘lmas sog‘inch tuyg‘usi bilan, onasining o‘limiga doimo o‘zini aybdor his qiladi.
Xurshid Do‘stmuhammad «Bozor» romanida Qosimbekning nevarasi Ayonbek — begunoh, farishtaday bolakay doimo bobosi Qosimbekni kimdir chaqirishini aytadi. Kattalar chiqib qarashsa hech kim yo‘q… Bu tasvirda muallif bolakayni gunohsiz, pok va farishtadek bo‘lganligi uchun bobosining jonini olib ketuvchi farishtalar ko‘ziga ko‘rinadigan va gaplashadigan tarzda tasvirlaydi.
Xulosa qilib aytganda, Xurshid Do‘stmuhammad Mustaqillik davri o‘zbek romanchiligi sohasida qalam tebratayotgan ijodkorlar orasida o‘zining hayotiy, jozibador, ruhiy-ma’naviy, betakror izlanishlari orqali o‘ziga xos muvaffaqiyatlarga erishayotgan iste’dodli adiblarimizdan biri hisoblanadi.

«Yoshlik» jurnali, 2009, № 4