Baxtiyor Mahkamov. Mehr g‘unchalari (2009)

Sayyor aka hayotligida uyiga tez-tez kelib turar edim. Har gal bu xonadonga kelganimda ustozning farzandlaridan biri — Firdavsmi, Feruz yoki Shohinaxonmi eshikni ochishar, Sarvar hali yosh edi. Lekin bola boshidan deganlaridek, otasiga mening kelganim xabarini bergani shoshardi.
Bu xonadon haqiqiy ma’noda ijodkorlar uyi edi, undan ziyo taralardi. Chap tomonda ikkita o‘rik daraxti, o‘ng tomonda behi, bir tup anor qad rostlagandi. Yo‘laklar chetiga gir aylana rang-barang atirgul, sada rayhon, jambil ekilgan, misoli dilni yayratuvchi mo‘jazgina chamanzor edi. Gulzor ichidagi olma daraxti keksaygani sababli kesishga to‘g‘ri kelgan. Yerdan balandroq qilib arralangan, hosil bo‘lgan to‘nkaga kichik faner qoqilib, u stol vazifasini o‘tardi. Chap tomondagi anor tupiga kechqurunlari ijod qilish uchun uzun sim tortib lampochka osilar va o‘rindiqda o‘tirgan kishi o‘zini tabiat og‘ushida his qilar edi.
Quyosh botganidan so‘ng hovliga qayta-qayta ko‘loblatib sepilgan suv kun bo‘yi oftob tig‘ida qizigan yerning hovrini ko‘tarar, suvda yuzini yuvgan rayhon barglaridan taralgan xushbo‘y ifor dimog‘ni ochib, kun bo‘yi toliqqan yurakka mador bo‘lardi.
Tun qo‘ynida ustoz o‘rindiqda, men yonlarida o‘tirib suhbatlashardik. Olis-olislardan munchoqdek ko‘zlarini miltiratib turgan sanoqsiz yulduzlarga tikilib, birgalikda zavqlanardik. Tungi yoqimli shabadada hilpirayotgan daraxt barglari orasidan mo‘ralayotgan oy shulasi ustoz yonoqlarida o‘ynar, bargning soyasi ortiga berkingan oy nuri kamalak kabi jilo berardi.
Sayyor aka va kelinoyim har doim meni iltifot bilan samimiy kutib olishardi. Aslida bu xonadonda hamisha hammaga shunday iltifot ko‘rsatilganki, buni men xonadon sohiblarining boy ichki madaniyati, o‘qishgan kitoblardan qalblariga ko‘chgan fazilatdan, deb bilar edim.
Men uchun aziz bo‘lgan bu xonadonda To‘lqin Imomxo‘jayev, Hojiakbar Shayxov, do‘stlari Anvar Hojixonov bilan uchrashib qolar edik. Bunday davralarda Sayyor aka o‘zlarining suyukli taomlari — shakarobni o‘zlari tayyorlab, unga hovlida o‘sib turgan jambil, rayhonlarning barglaridan qo‘shardi. Keyin juda ham xushbo‘y, totli achchiq-chuchukni likopchalarga solib, tatib ko‘rishni taklif etardi. Biz maqtab-maqtab sharbatdan ho‘plab, huzur qilardik. Shoir xonadonidagi davralar, albatta, kelinoyimning palovisiz o‘tmasdi. Bu shirin ulfatchilikning bezagi oilaga va bu oilaning gullari bo‘lmish ulg‘ayayotgan farzandlarga kelajakda o‘z o‘rinlarini topib baxtli hayot kechirishlarini tilab qilingan istaklar, nazarimda, ijobat bo‘layotgandek.
Bir gal, odatdagi qizg‘in suhbatdan so‘ng, Sayyor aka meni o‘g‘illari Firdavsning ustaxonasiga taklif qilib, devorga ilingan yangi rangtasvir asarlari bilan tanishtirdi. Ularning orasida Firdavsning avtoportreti alohida ajralib turardi, ko‘zimni uzolmay qoldim. Ustoz: “Xo‘sh, qanday, gapiring”, dedi: Bu go‘zal rasmlarni tomosha qilar ekanman, beixtiyor 1980 yilning kuz oyida Dunay daryosi bo‘ylab qilgan safarim yodimga tushdi. O‘shanda bizni har bir mamlakatga borganimizda, albatta, dastur bo‘yicha rasmlar galereyasiga olib kirishgan. Rangtasvir asarlari juda go‘zal va takrorlanmas, ranglar jilvasi meni o‘ziga maftun qilgan. Ayniqsa, Vena shahridagi galereya zallarini aylanar ekanmiz, portretlar meni sehrlab, muloqot qilishga chorlagandek bo‘lar, bir qadam orqaga yursam lablari qimirlab ko‘zlari ochilib yumilar, o‘ng yoki chap tomon qadam tashlasam men tomon burilib nigohini uzmas edi.
Shu haqda gapirib, Firdavsning yutuqlaridan quvondim, duoga qo‘l ochdim, kelajakda Firdavsga Rembranddek buyuk rassom bo‘lish nasib etsin, deya tilak bildirdim. Ustoz o‘zining mamnunligini izhor etib, “Zo‘r!”, deb xoxolab kuldilar.
Shunday hayajonli taassurot bilan ko‘chaga chiqdik, yo‘q deyishimga qaramay ustoz meni bekatgacha kuzatib bordi. Yo‘lda: “Sayyor aka, Firdavs rassom sifatida o‘z avtoportretini ishlabdi, shoirlarimiz ham nazm yo‘lida avtoportretlarini yozishsa bo‘lardi”, dedim. “Ha, yozishgan”, deb ustoz talay misollar keltirdi. Suhbat qizib, bekatda avtobus to‘xtaganini ham sezmay qolibmiz.
Avtoportret taassuroti ikki kuncha xayolimdan chiqmadi, nihoyat uchinchi kuni tunda qog‘ozga ushbu satrlar bitildi. Men o‘sha payt tabobat va falakiyot ilmiga doir kitoblarni o‘qib yurardim.

Mehrim g‘unchalari ochilib,
Falak quchsin atrim.
Yaproqlari olamga sochilib,
Qanotiga olsin satrim.

Dilimda hikmatli javon,
Tabobat, falak burjidan.
Ergashur shukuhli karvon,
Zarrin nur to‘shalgan yo‘ldan.

Qay gulshanni etar maskan,
Uchqur xayollar olgali tin.
Bandalariga bog‘lanib bir umr,
Umidga taralar ko‘kdan nur.

Yaproqlaring suyib shabboda,
Ko‘ngil g‘uborin yozibdi.
G‘unchang ochilib tonggi navoda,
Avjida g‘azal baxsh etibdi.

Oradan haftalar o‘tib, ustoz huzuriga bordim. Kelinoyim oshxonada yumush bilan band edi, so‘rashdik. Hovlida stol atrofidagi o‘rindiqlarga o‘tirib, hol-ahvol so‘rashgach, odatdagidek, Sayyor aka menga yangisidan bo‘lsa eshitaylik, dedi. Mashqimni o‘qishni boshladim, lekin ko‘zimning qiri bilan ularni kuzatib turardim.
Diqqat bilan eshitib bo‘lgach, u kishi oshxona tomon yuzlanib kelinoyimni chaqirdi. Gulchehra opa oshxona derazasidan boshlarini chiqarib qaradi. Sayyor akam: “Mehrning g‘unchasi bo‘lar ekan, keling”, dedi.
Odatda, cho‘ntaklarida kichik qizil qalam bo‘lar, she’rning yoqmagan misralarini chizib tashlardi.
Kelinoyim qo‘lini sochiqqa artib kelib bizga qo‘shildi, qani, yana bir eshitaylik, dedi. Endi men tetikroq ovoz bilan o‘qidim. Mashqim ma’qul tushgandek bo‘ldi, shekilli, ijodiy yutuqlar tilashdi.
Ustoz: “Baxtiyorjon ukam, har gal she’r yozganingizda bu mening eng zo‘r she’rim, deb qarang, bor kuch va bilimni, so‘z boyligini ishlating, shundagina she’r ko‘ngildagidek chiqadi, o‘qigan, eshitgan odamning qalbidan joy oladi”, dedi.
Ushbu xotiralarimni yozar ekanman, ustozni ko‘rgani Do‘rmondagi yozuvchilar bog‘iga borganim yodimga tushdi. Bu bog‘ ichiga qadam qo‘yganimda salqin shabada va qushlarning xonishi chulg‘ab, ulug‘lar saltanatiga hayajon bilan kirib kelayotganimni his etdim…
Odatda, noyob asarlar yillar o‘tsa-da o‘z ohorini to‘kmay, jilolanib turaveradi. Sayyor akaning quyidagi she’ri ham, boshqa ko‘plab asarlari qatori, buning bir dalilidir.

Jonim,
Sog‘inganman,
olisdir yo‘lim,
Uzatsam yetmaydi hech senga qo‘lim.
Sen deb yonayapman,
Sendan yiroqda;
Holim bilmoq bo‘lsang
agar firoqda,
oydin tun,
osmonga qaragin, dildor.
Unda bir juft yulduz
mo‘ltirab bedor,
Uyning tepasida
boqib turar jim,
U senga termilgan intizor ko‘zim.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 12-sonidan olindi.