Ozarboyjon Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor Hamid Mammadtag‘i o‘g‘li Orasli 1909 yilning 23 fevralida qadim Ganja shahrida dunyoga kelgan. Avval Ganja madrasasi, dorul-mualliminda o‘qidi, bitirgach, adabiyotdan dars berdi. Keyin Ozarboyjon davlat pedagogika institutini tugallagach, aspiranturada tahsil oldi. “XIII — XVI asrlar ozarboyjon adabiyoti” mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi.
Ozarboyjon davlat universitetida adabiyot tarixidan dars berdi; Nizomiy nomidagi Adabiyot muzeyida ilmiy xodim, ilmiy kotib, direktor muovini va direktorlik lavozimlarida ishladi. “XVII — XVIII asrlar ozarboyjon adabiyoti” mavzuida doktorlik dissertatsiyasini yoqladi.
H.Orasli ilmiy izlanishlar bilan bir vaqtda, jamoat ishlari, dars berish bilan muntazam mashg‘ul bo‘ldi. Uning qalamiga 500dan ziyod kitob, risola va maqola mansubdir.
Olim O‘zbekistonga birinchi marta 1939 yili Navoiyning 500 yillik yubileyini tayyorlash komiteti a’zosi sifatida keldi. O‘shanda u Qibraydagi Yozuvchilar uyushmasi bog‘ida yashagan.
1961 yili Hamid Orasli Aziz Qayumovning doktorlik dissertatsiyasi yoqlanishida rasmiy opponent bo‘ldi. So‘ng qadimdan do‘stlari Hodi Zarif bilan Farg‘onaga safar qilib, Qo‘qonda A.Qayumovning otasi Po‘latxon domla bilan hamsuhbat bo‘ldi.
Ustoz vataniga qaytgach, o‘z taassurotlari haqida “Farg‘ona vodiysinda” nomli maqola yozib, matbuotda e’lon qilgan edi.
Hamid muallimning ozarboyjon shoirlari — Voqif, Vidodiy, Qatron Tabriziy, Qavsiy Tabriziy, Sobir, Masihiy, Mahjur, Nabotiy, Nasimiy, Soib Tabriziy, Xatoiy, Shahriyor va boshqalar haqidagi maqolalari, Nizomiy va Fuzuliy haqida esa o‘nlab tadqiqotlari ma’lum. Olimning “Nasimiy”,”Xaqoniy Shervoniy” nomi risolalarini o‘zbek tiliga tarjima qilganman.
H.Orasli uch jildli “Ozarboyjon adabiyoti tarixi”ni yaratishda tashabbuskor va faol mualliflardan bo‘ldi.
Olim ijodining yana bir salmoqli yo‘nalishi matnshunoslik edi. Fuzuliy (besh jildli) merosining nashr etilishi katta mehnat, ilmdagi jur’at va jasorat edi. “Kitobi Dada Qo‘rqut” (1939), Sayid Azim Shirvoniyning uch jildligi (1967) nashrlari katta voqealar bo‘ldi.
H.Orasli Nizomiy va Navoiy, Navoiy va Fuzuliy mavzularida ham samarali ishlar qilgan. 1957 yildan beri o‘tkazib kelinayotgan Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ilmiy-an’anaviy anjumanlarda “Navoiy ijodini o‘rganish tarixidan” (1960), “Navoiy ijodida Nizomiy motivlari” (1961), “Navoiy va Kishvariy” (1962), “Navoiy va Husayn Boyqaro munosabatlari” (1966), “Navoiy asarlarining dastlabki tarjimalari” (1967) kabi ma’ruzalari navoiyshunosligimizga qo‘shilgan hissa deb e’tirof etilgan edi.
H.Orasli bizda birinchi bo‘lib Husayn Boyqaroning mashhur “Risola”si matni va u haqdagi muxtasar maqolani “O‘zbek tili va adabiyoti”da (1966, 3-son) e’lon qildi.
Ustozning o‘zbek va ozarboyjon adabiy munosabatlari, Navoiy ijodiga oid ishlari alohida mavzu sifatida o‘rganilishi muqarrar. Bu yerda ba’zi yoddan chiqmas xotiralarni keltirish joiz ko‘rinadi.
1966 yil, 9 fevral. Navoiy ijodiga bag‘ishlangan X konferentsiya akademik G‘afur G‘ulom raisligida o‘tdi. Unda Oybekning “Hozirgi davrda Navoiy badiiy va ilmiy merosining o‘rganilishi” mavzuidagi ma’ruzasini Izzat Sulton o‘qib berdi. So‘z H.Orasli, Abdug‘ani Mirzayev, S.Ivanov, Sh.Abilov, E.Shodiyev va respublikamiz olimlariga berildi. G‘afur G‘ulomning adabiy davralarni g‘oyat maroqli boshqarishini bilar edik, lekin ilmiy anjumanni bu qadar teranlik, lutf va samimiyat bilan olib borishdagi mahoratidan lol qoldik. Konferentsiya tugadi. G‘afur G‘ulom: “Biz boshqa raislarga o‘xshamaymiz. Bugun mehmonlar va o‘zimizdan Porso Shamsiyev, Hakim Homidiy, Aziz Qayumov, Abduqodir Hayitmetovni biznikiga mehmonga olib borasan”, dedi.
Shoirning Beshyog‘ochdagi uyi. Katta xonadagi dasturxonda “yo‘q narsaning o‘zi yo‘q”. Muharramxon aya, Ulug‘bek va Muzaffar Xayrullayev (ayaning jiyani) kutib olishdi. Suhbat qizidi. Suhbat Nizomiy, Fuzuliy, Navoiy, Mahsatiy Ganjaviy, Navoiy dastxati va muhri yuzasidan kechdi. Shu kuni men G‘afur G‘ulomning Fuzuliy va Mahsatiy (shoir ismi Mahsatiymi yo Mahastiymi masalasida ham bahs bo‘ldi) she’rlaridan yoddan o‘qib, badihona javobiyalar aytib tashlaganlari, ovoz va xatti-harakatlari hamon yodimda va qulog‘imda…
Hamid muallim: “G‘afur men yengildim, senga tenglashmoq cho‘x chatin”, deganida, G‘afur G‘ulom: “Hamid sen — mehmon, men — mezbon. Mehmon payg‘ambar kabi aziz. Boshqa mukofot ham bor, uni keyin olasan (shoyad shoirimiz 1968 yili H.Orasliga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” unvoni berilishini bashorat qilgan bo‘lsalar ajab emas), hozircha bu bizdan”, deb to‘n kiygizdilar.
1980 yil, 28 dekabr. Nizomiy tavalludiga 610 yil to‘lishi munosabati bilan A.Hayitmetov bilan men Bokuga taklif etildik. Konferentsiya Bokuda o‘tdi. Tantanalar Ganjada bo‘ladi deyishdi. Maxsus vagonda Ganjaga jo‘nadik. Barcha tadbirlarga Hamid Orasli mas’ul edi. Majlis bo‘ldi. Nizomiyning ramziy uy-muzeyi, hovlisiga bordik. Nihoyat, Nizomiy maqbarasini ziyorat qildik. Maqbaraning old tomonidan arboblar chiqib turadigan minbar bo‘lib, o‘sha paytda Kirovobod nomi berilgan shahar aholisi uchun bosh maydon sanalib, namoyishchilar o‘tar ekan. Mehmonlar minbarga ko‘tarildilar. Nizomiy qahramonlari — Iskandar libosu aslahalari bilan otda, Layli va Majnun, negadir, Shirin Xusrav Parvez bilan emas, Farhod bilan o‘tdi. Shunda yonimda turgan hamrohim Hayitmetov bilan Navoiy dahosi naqadar ekanligini so‘zlashib oldik.
Alisher Navoiyning 525 yilligi (1966 yilgi Toshkent zilzilasi sababli 1968 yili o‘tkazildi) munosabati bilan H.Oraslining “Navoiy siyosatchi”, “Qudratli shoir, ijtimoiy xodim”, “Ustozning huzurinda (Nizomiy va Navoiy)”, “Navoiy irsining o‘rganilishi tarixidan”, “Navoiy va ozarboyjon adabiyoti” nomli maqola va ma’ruza matnlari e’lon qilindi.
Bizlar bu mashhur olimga Hamid muallim deb murojaat qilar edik. Men u kishini birinchi marta 1960 yili ko‘rganman. O‘g‘li Elmon kutib olgan va Hazar dengizi sohilidagi dala hovlilarga olib borgan. Hamid muallim, umr yo‘ldoshlari Bolacha xonim (ismlari jismlariga monand pastakgina, do‘mboq ayol edi) mehmon qilishdi. Keyin dengiz sohiliga chiqdik, aylandik. U yoq-bu yoqqa qarasam, bir katta daraxt ko‘rindi, bir tarafida barglari bor, bir tarafida egik quruq shoxlar… “Nega bunday?”, deb so‘radim. “Shamolning kuchi bu”, deyishdi. Men yana so‘radim: “Hammayoq qum, dala hovli shunaqa bo‘ladimi, gul va mevalar…”. Hamid muallim: “Bu savolga javobni ertaga ertalab xuddi shu yerda olasiz”, dedi. Kechagina qum ustida o‘tirib, Bolacha xonim o‘z qo‘llari bilan tayyorlagan pahlava bilan choy ichgan joyga chiqdik. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, uzumlari g‘irt pishgan, barglari toza, ko‘m-ko‘k tokzorda turibmiz. Shamol qumlarni surib, tokzorni ochib ketibdi…
Hamid muallimga yana savol berdim:
— Fuzuliyning bir g‘azalini siz nashr qilgan devonlardan topa olmadim. Birinchi bayti, ya’ni matla’i:
Vafo har kimsadankim, istadim, ondon jafo ko‘rdum,
Kimikim, bevafo dunyoda ko‘rdum, bevafo ko‘rdum.
Bu g‘azalni nihoyatda ta’sirli kuyda Halima xonim Nosirova aytganlarida yozib olgan edim.
— Bu savolingizga javobni Bokuda, ijodxonamda olasiz, — dedi Hamid muallim. Fuzuliyning “Layli va Majnun” dostoni sahifalari orasiga qog‘ozchalar solib qo‘ygan, ular dostondagi g‘azal va murabba’larni topishni osonlashtirish uchun ekan. Dostonda g‘azallar keltirish Fuzuliy kiritgan yangilik, deyish mumkin.
O‘tgan yili Ozarboyjon poytaxti Bokuda Alisher Navoiy haykali — mujassamasi qo‘yildi. Toshkentda esa, Nizomiy nomidagi Pedagogika universiteti oldida Nizomiy mujassamasi bor.
— Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyev, O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov haykal poyida nutq irod qilganlarida Nizomiy Ganjaviyning bir ruboiysi yodimga kelib edi (u haqda yozdim ham), ma’nosi adabiyotlardagi ijodiy marbutlik, yetakchi g‘oyalarning ta’sirini kashf etuvchilar Hamid Oraslidek olimlardir. Ularning Navoiy ta’kidlagani, Bobur yozganidek, ikkinchi hayotlari 1983 yilining 20 noyabri — vafot etgan sanalaridan boshlanadi. Fuzuliy bir g‘azalida “Umrum uzanar, jam’iyatim ortar…”, deb yozgan edi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 9-sonidan olindi.