Alisher Navoiy g‘azaliyotida mukammal ishlangan mavzulardan biri may mavzusidir. May Navoiy lirikasida yorga yetishtiruvchi vosita sifatida talqin etiladi. “Xazoyin ul-maoniy”ga kirgan 2600 g‘azalning yetmishga yaqini boshdan oxirigacha may mavzusidadir. Bundan tashqari, yana 800ga yaqin g‘azalda may mavzusi qalamga olingan. Odatda, may mavzusi bilan bog‘liq baytlar g‘azalning kulminatsion baytlari bo‘lib keladi va unda ilgari surilgan ijtimoiy-axloqiy muammoning yechimi vazifasini o‘taydi.
May ulug‘ shoir lirikasida ichimlik mazmunida emas, balki simvolik — ilohiy fayz, ilhom ma’nosida qo‘llangan va murakkab obraz darajasiga ko‘tarilgan mavzu. Ammo har qanday obraz hayot voqeligiga asoslanadi. Shu ma’noda, Navoiy mayni obraz sifatida tasvirlarkan, uning detallarini, shakliy belgilarini o‘sha davr maishiy hayotidan oladi. Biz may mavzusi qalamga olingan bayt va g‘azallar orqali o‘sha davr kishilarining maishiy turmushi haqida muayyan tasavvur hosil qilamiz. Quyida Navoiy asarlarida may va uning nav’lari haqidagi, may ichish odobi bilan bog‘liq, may tayyorlash va uni iste’mol qilishda foydalanilgan idishlar haqidagi ma’lumotlarga to‘xtalmoqchimiz.
Avvalo shuni ta’kidlash kerakki, may azaldan sharq tabobatida, jumladan, Navoiy davrida ham, turli kasalliklarni davolashda keng qo‘llangan. Masalan, Alisher Navoiy “Munshaot”dagi maktublaridan birida adresatga (uning kimligi hozircha noma’lum) murojaat etib, o‘zi qurdirgan “Dor ush-shifo”dagi bemorlar uchun may yuborishini so‘raydi. U aynan qanday navli may lozimligi, uning tayyorlanish usuli haqida ham batafsil yozadi: “Hukamo qavli boda tarbiyatida mundoqdurkim, kishi tilasakim, may ulcha mumkindur talx kelgay, quyarda kerakkim, uzumi ulcha mumkindur chuchumish bo‘lg‘aykim… uzum har necha chuchukrak bo‘lsa, bodasi achchiqroq kelur. Bu mazkur bo‘lg‘on uzumni yonchg‘ondin so‘ngra yangi kupgakim, necha qatla yog‘lag‘ondin so‘ngra qalin mumlamish bo‘lg‘aylar — quyulg‘ay va bir yildan so‘ngra suzgaylar, dag‘i uch oy ta’rif qilg‘on yo‘sunluq kupda boshin berkitib qo‘yg‘aylar. Ondin so‘ngra sof shishalarga solib qirq kun bek toqlarda qo‘yg‘aylar… Ondin so‘ngra ul may to‘rt sifatqa mavsuf bo‘lur (ya’ni bunday mayning to‘rt xususiyati bo‘ladi): safoyi lavn (tiniq rangli), tiybi ta’m (xushta’m), atri royiha (xushbo‘y, yoqimli hidli), e’tidoli quvo (mo‘tadil quvvatli, ya’ni juda o‘tkir, kuchli ham, kuchsiz, ta’sirsiz ham emas). Bu nav’ tartib bila to‘rt sifatqa mavsuf bo‘lg‘on jinsdan oz miqdori ko‘p marazg‘a iloj bo‘lur, deb muqarrar qilibturlar. Bu vaqtda “Dor ush-shifo”dag‘i g‘urabo va murazodin (bemorlar) ba’zig‘a atibbo (tabiblar) buyrug‘i bila bu nav’ jins darboyist bo‘lubtur. Xotirg‘a andoq keldikim, chun ul farzand ko‘prak avqot bu amrg‘a ishtig‘ol ko‘rguzur, aning suvchixonasida shak yo‘qki, bu nav’ jins bo‘lg‘usidur. Ondin biror nima yuborilsa, notavon g‘ariblarg‘a va sihhat sarmoyasidin benasiblarg‘a agar quvvate va sihhate yetishsa shak yo‘qki kulli savob aning zimnida bo‘lg‘usidurur”.
Navoiyning maktubi orqali bizgacha qimmatli etnografik ma’lumotlar yetib kelgan. Muhimi shundaki, maktubda tilga olingan masalalar — uzum qancha shirin bo‘lsa, may shunchalik achchiq (o‘tkir) bo‘lishi, mayning shifobaxshlik xususiyatlari, uning sifatlariga oid ma’lumotlar Navoiy lirikasida to‘la o‘z aksini topgan, ko‘chma, simvolik mazmunda talqin qilingan.
Navoiy asarlarida mayning bir necha navi haqida ma’lumot beriladi. Bular: qizil, asfar (sariq), ko‘k (rayhoniy), jigarrang, nob (tiniq, rangsiz) maylar; bundan tashqari, ulug‘ shoir gul (lola, nasrin), gulob, taryok, afyun qo‘shib tayyorlangan may navlari, achchiq, ammo ta’siri kuchli “juhudiy boda” haqida ma’lumot beradi. Eng ko‘p qalamga olingan may navi qizil maydir:
Bo‘ylakim la’ling mayining shavqidin mast o‘lmisham,
Bodadek qonim to‘k, etsam bodayi hamroni yod.
“Bodayi hamro” — qizil may. Yorning la’ldek lablari shavqidan mast lirik qahramon yodiga aslo qizil may va undan yetadigan rohat kelmaydi.
Yoki:
Qo‘y gulu bulbulni, gulgun may to‘la tut bulbula,
To o‘qut bulbul maqolotini ochib gul daftarin.
Asfar (sariq) may:
Mayi asfarki to‘kulmish qo‘yubon yuz ichsam,
Kahraboni ko‘runguz jilva qilur koh chekib.
Ya’ni men somonga bosh qo‘yib sariq maydan ichganda tomgan may tomchilari xuddi kahrabo singari somonlarni o‘ziga tortib oladi. Baytdagi may ilohiy fayz ma’nosida ishlatilgan va bu bilan shoir ilohiy fayzning nafaqat insonga, balki jonli-jonsiz barcha mavjudotlarga birday ta’sir o‘tkazishini badiiy ifodalagan.
Yoki:
Mayekim — otashin, chiqg‘ay sarig‘ gullar, agar dehqon,
Tomizsa qatra andin suvarur chog‘da bo‘stonin.
Ya’ni agar dehqon bog‘ini sug‘orayotgan mahalda sariq rangli (otashin) maydan suvga bir tomchi tomizsa, uning bog‘ida sariq gullar unadi. Bunda mayning (albatta, majoziy ma’nodagi) borliqqa ta’siri, o‘zgartiruvchanlik xususiyati o‘z badiiy ifodasini topgan.
Ko‘k (rayhoniy) may:
Xati rayhoni ichra bodayi la’lin xayol aylab,
Uchar har lahza ruhum, soqiyo, tut rohi rayhoniy.
Lirik qahramon soqiyga murojaat qilib, undan yorning xati — yuzidagi ko‘k maysa singari tuklariga monand may tutishini o‘tinadi.
Jigarrang may:
Olam ahlidin agar yo‘qtur jigargun sog‘are,
Koshki yuz ming qadah xuni jigar ham bo‘lmasa.
Ya’ni olam ahliku menga jigarrang sog‘ar tutmaydi (quvonch, farah, xursandlik yetkazmaydi), koshkiydi yuz ming qadah jigar qoni to‘ldirilgan qadah ham tutmasa. Bunda shoir o‘zining jamiyatga munosabatini may mavzusi orqali ifodalagan va “jigarrang sog‘ar” detalidan mohirona foydalangan.
Nob (tiniq, sof) may:
Davr el sog‘arini qildi mayi nob to‘la,
Juz mening eski safolimniki, xunob to‘la.
Ya’ni davr boshqalarning qadahini sof may bilan to‘la qildi (ularning tilak, maqsadlarini ro‘yobga chiqardi, xursand qildi), faqat mening eski piyolamni yurak qoni bilan to‘ldirdi.
Albatta, yuqorida keltirilgan misollardagi may majoziy xarakterga ega, biroq uning navlari, rangi haqidagi ma’lumotlar, ta’siri to‘g‘risidagi qaydlar real hayotiy zamindan olingan va ko‘chma, simvolik mazmunda talqin qilingan.
Navoiy g‘azallarida turli giyoh, gul, moddalar (taryok, afyun) qo‘shib tayyorlanadigan (mamzuj — aralash, aralashtirilgan) maylar haqidagi ma’lumotlarga ham duch kelamiz. Masalan, lola va nasrin qo‘shib tayyorlangan mayning xususiyati uning turli rangda tovlanishidir:
Bog‘i husnungkim gul ochti rang-rang, ey mug‘bacha,
Go‘yo ichting mayg‘a bargi lolavu nasrin solib.
Yoki:
Go‘shai mayxonadin gulshang‘a bormankim, manga,
Gul uza nasrin — mayi gulrang uza kup yog‘i bas.
Yuqoridagi baytlardagi “nasrin” — oq rangda ochiladigan gul turi. Qizil may ustidagi xum yog‘ining oq dog‘lari (biz yuqorida keltirganimiz maktub misolida xumning may solinishidan oldin bir necha qatla yog‘lanishini ko‘rib o‘tgan edik) qizil gul ustiga oq gul sochgandek go‘yo. Demak, Navoiy davrida mayga lola, nasrin va boshqa gullarning barglariga solib iste’mol qilish odati bo‘lgan va ushbu odat bilan bog‘liq ma’lumot ko‘chim sifatida shoir g‘azaliyotiga o‘tgan va majoziy ma’noda talqin etilgan.
Bundan tashqari, taryok va afyun (qoradori) qo‘shilgan maylar ham tibbiyot maqsadlarida keng iste’molda bo‘lganini quyidagi baytlar tasdiqlaydi:
Qasdim etmish hajru bexudlug‘ ilojimdur dame,
Mayg‘a afyun yor qil gar aylar esang yorlig‘.
Yoki:
Mayda afyun ezgil, ey mug‘kim, bu eski dayr aro,
Telbararmen g‘ussadin gar bir nafas hushyormen.
Navoiy g‘azallaridagi may mavzusi bilan bog‘liq etnografik ma’lumotlar orasida may ichish odobi, tartib-qoidasi bilan bog‘liq qaydlar ham mavjud. Masalan, filologiya fanlari doktori, professor A.Abdug‘afurov “Badoye’ ul-lug‘ot”ga tayangan holda Navoiyning:
G‘am g‘izosi orasinda qani turkona ayog‘,
To‘ra oyini bila tomsa to‘quz, oqsa o‘tuz —
baytidagi “to‘ra oyini” iborasi va u bilan bog‘liq may ichish qoidasini batafsil tahlil qilgan. “To‘ra oyini” bilan bog‘liq may ichish qoidasi, shuningdek, quyidagi baytda ham aks etgan:
Mug‘anniy bir navoye tuz, Navoiy nag‘maye ko‘rguz,
Ayoqchi, tomsa tut to‘qquzki, Doroyi jahon keldi.
Eski odatlarga ko‘ra, may ichib bo‘lingach, qadahning tagida bir tomchi may qolsa — to‘qqiz qadah, mabodo oqadigan miqdorda may ichilmay qolsa — o‘ttiz qadah jarima quyilgan. Navoiyning may mavzusi tasvirida ushbu odatni qalamga olishi “to‘ra oyini” o‘sha davr ziyofatlarida amalda bo‘lganini ko‘rsatadi.
Navoiy g‘azallarida may tayyorlanadigan va ichiladigan idish turlari haqida ham ma’lumot beriladi. May tayyorlanadigan idishlarning keng iste’molda bo‘lgani xum, kup. May ichish uchun mo‘ljallangan idishlarning eng ko‘p uchraydiganlari esa qadah, jom, zarf va batdir. Navoiy billur qadah haqida ma’lumot bergan:
Soqiyo, day shiddatidin aqlu his betob erur,
Chorasi jomi billurin ichra la’li nob erur.
Day — qishning eng sovuq oyi va undan qutulishning chorasi — billur jom ichidagi sof may. Baytda kamdan-kam uchraydigan holat — mayning o‘z ma’nosi, ya’ni ichimlik mazmunida ishlatilganini ko‘rishimiz mumkin. Baytdagi may badanni qizdiruvchi va qishning qahratoniga qarshilik ko‘rsatishga ko‘maklashuvchi vosita.
Bat — arab tilida o‘rdak degani. Biroq “bat” Navoiy g‘azaliyotida o‘rdak shaklida yasalgan qadah ma’nosida keladi:
May batining ko‘r nishotafzolig‘in huzn ahlig‘a,
Kim, sochar suhbatni garm aylar uchun minqori o‘t.
Ya’ni o‘rdak shaklida yasalgan may idishining g‘am ahliga (oshiqlarga) rohatbaxshligi shu darajadaki, suhbatni qizitish maqsadida uning tumshug‘idagi teshikchalardan (minqor) o‘t sochiladi. Ko‘rib turganimizdek, bat shunchalik o‘rdakka monand qilib ishlangan idishki, hatto uning tumshug‘i va undagi teshikchalar ham yaqqol namoyon bo‘lgan.
Navoiy lirikasidagi may, uning navlari, may ichish odobi bilan bog‘liq ma’lumot va detallarni o‘rganish bizning XV asr madaniy-maishiy hayoti haqidagi tasavvurlarimizni kengaytiradi; Navoiy she’riyatining real hayot bilan aloqasi, realistik elementlarning badiiy talqinida shoir mahorati masalasini o‘rganishda katta ahamiyat kasb etadi; may — abstrakt mavzu, murakkab obraz bo‘lib, uning talqin va tasvirida real hayotiy detallardan foydalanish mazkur mavzuning tushunilishini osonlashtiradi, shoir va o‘quvchi orasidagi masofani yaqinlashtiradi, Alisher Navoiyning yuksak fikrlarini anglashda ko‘prik vazifasini o‘taydi.
Nodir Ramazonov,
O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi
Til va adabiyot instituti ilmiy xodimi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 6-sonidan olindi.