U shildirab oqayotgan ariq bo‘ylab, ravon yo‘ldan Registon maydoniga kirib kelar, Sherdor, so‘ngra Mirzo Ulug‘bek madrasalari oldida to‘xtab, muhtasham qadimiy obidaning devorlariga tikilar, naqshinkor g‘ishtlarni o‘pgudek bo‘lib silab-siypalar va keyin yo‘lga ravona bo‘lardi. Tashqi ko‘rinishi ortiqcha salobatdan xoli, odmi kiyingan, xokisor nazokati har bir so‘zi, muomalasidan bilinib turadigan bu zakiy inson elga taniqli olim, akademik Botirxon Valixo‘jayev edi. Buni go‘yo bir qasamyod, ibodatdek qariyb har kuni takrorlardi. U har kuni Registonning shundaygina biqinida joylashgan Faqih Abullays guzaridagi hovlisidan chiqib, muntazir shogirdlari oldiga yo‘l olar ekan, niliy gumbazlari osmon bilan bahslashayotgan hashamatli madrasalar yonidan o‘tar, Registon qoshida bir nafas tin olib, go‘yo u bilan salomlashgandek bo‘lardi. Xayollari tarix qa’riga cho‘kardi.
Zero, Registon mo‘ysafid Samarqandning inson kafti chiziqlari misoli turli tomonlarga taralgan ko‘cha-guzarlarinigina emas, balki ko‘hna va boy madaniy tariximiz yo‘llarini ham birlashtiradigan muazzam sirli obidadir. Ne-ne allomalar, ne-ne ulug‘ zotlarning qadamjolari bo‘lgan bu muqaddas tuproqni Botirxon domla har kuni tavof etgusi kelardi, Registon naqshinlari, mo‘jizaviy yozuvlariga suqlanib boqar, ulardan ruhlanar, ilhom olardi. Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy yigitlik yoshlarida kezgan yo‘laklar, tahsil ko‘rgan darsxona-hujralar, rastalar ko‘z oldida gavdalanardi. Qutlug‘ ona shahri tarixi, uning dunyo ma’rifatiga hissa qo‘shgan sohibkamol farzandlari merosini o‘rganib, bugungi avlodga yetkazayotganidan qalbida qoniqish hissi jo‘shardi.
Ha, Botirxon domlaning faxrlanishga to‘la haqqi bor edi, chunki u o‘zining yarim asrdan ortiq umrini qadimiy va boy o‘zbek adabiyotini, tasavvuf mashoyixlari hayoti va merosi, madrasalar tarixi, ya’ni oliy ta’lim tarixini o‘rganishga bag‘ishlab, o‘ttizdan ortiq kitob yozdi, yuzlab shogirdlar tarbiyaladi. Akademik B.Valixo‘jayev, albatta, birinchi navbatda, yirik adabiyotshunos olim edi. Adabiyot tarixining hali ochilmagan talay davrlarini o‘rgandi, yangi-yangi nazariy masalalarni yoritib berdi, Zarafshon va Qashqadaryo-Surxondaryo adabiy muhiti xususiyatlarini tadqiq qilib, o‘nlab yangi siymolarning asarlarini nashr ettirdi.
Adabiyotshunos olim deganda, badiiy so‘z nafosatini chuqur idrok etadigan, didi, zavqi baland, estetik hodisalar qonuniyati va o‘ziga xos taraqqiyot yo‘llarini o‘rganadigan, asrlar tafakkuri, tajribasi va haqiqatlarni jamlab, elga yetkazadigan yuksak ma’rifatli zakiy insonlarni nazarda tutamiz. Boz ustiga, adabiyot tarixi mutaxassisi, agar u o‘zini chinakam mutaxassis deb hisoblasa, bir necha Sharq tillarini bilishi, arabiy yozuvdagi nodir qo‘lyozma asarlarni bemalol o‘qib, tahlil eta oladigan matnshunos bo‘lmog‘i darkor. Shundagina u jahon sharqshunoslari bilan bellasha oladi. Zero, o‘zbek adabiyoti bilan shug‘ullanish — sharqshunos bo‘lish, Sharq adabiyoti an’analari, nozik ifodalarini o‘zgacha farosat bilan ilg‘ay oladigan, mashaqqatli mehnatni ko‘ngil farog‘ati deb hisoblovchi ma’rifat oshig‘i bo‘lish demakdir. B. Valixo‘jayevda bu fazilatlar mujassam edi. Uning ilmiy muvaffaqiyatlarining tagzamini shunda. Voqean, bu fazilatlar Botirxon akaga otameros, chunki u kishining otasi Nabiraxo‘ja Valixo‘jayev jadidlar muhitida tarbiyalanib, Samarqandda maktab va maorif tashkilotchilaridan biri sifatida faoliyat ko‘rsatgan edi. Donishmand ota farzandi ko‘nglida ulug‘ Sharq she’riyatiga mehr uyg‘otdi, Alisher Navoiyning:
“Ilm, Navoiy senga maqsud bil,
Endiki ilm o‘ldi, amal aylagin”,
degan o‘gitini uning qulog‘iga quydi. Ma’rifatli oilada voyaga yetgan Botirxon Valixo‘jayevga faqat ilmga tashnalik emas, kamtarlik, odamlarga yaxshilikni sog‘inib, yaxshilik qilish, sharqona odob-tavoze, halimligu poklik xislati ham ota-onadan yuqqan.
B.Valixo‘jayev XX asr 50-yillarining o‘rtalaridan mazmundor maqolalari bilan ko‘rina boshladi. Yosh olimni klassik adabiyot janrlari taraqqiyoti, poetika va mahorat, adabiy-estetik qarashlar tadriji, adabiy aloqalar nazariyasi kabi xilma-xil masalalar qiziqtiradi. Tadqiqotchining yangilikka o‘chligi, izlanuvchanligi birinchi maqolalaridayoq ko‘ringan edi. Chunonchi, u “XV — XX asrlar o‘zbek adabiy-tanqidiy qarashlari tarixidan” kitobida bir qancha tazkiralar, tarixiy va memuar asarlarni izchil tahlil qilib, ularning janr xususiyatlarini aniqladi, tanqidiy fikrlarning adabiy harakatchilikka ta’sirini kuzatib, tazkirachilik sohasidagi an’ana va nav- bunyodkorlik munosabatini ko‘rsatib berdi. Doktorlik dissertatsiyasi sifatida yoqlangan “O‘zbek epik poeziyasi tarixidan” monografiyasida esa, klassik dostonchiligimizning rivojlanish bosqichlari, bu janrning o‘ziga xos xususiyatlari, xalqchilligi, turfa shakllari, tasviriy vositalardagi mahorat nazariy yo‘nalishda tadqiq etiladi. Xiromiyning “Chor darvesh”, Olim Devonaning “Gulshani asror”, Ma’furxo‘janing “Vomiq va Uzro” dostonlari birinchi marta keng tahlil qilinib, ularning o‘zbek adabiyoti tarixidagi o‘rni belgilab beriladi.
Iqtidorli olimning ko‘pqirrali faoliyatida Navoiy dahosiga sadoqat sermazmun sahifalarni tashkil etadi. O‘zbek navoiyshunoslarining o‘rta avlodi borasida gap ketganda, shubhasiz, ro‘yxat boshida bu zahmatkash olimning ham nomi tilga olinadi. Uning “Xamsachilik an’anasining ba’zi-bir xususiyatlari”, “Majolis un-nafois” tipidagi bir tazkira haqida”, “Navoiyning poetik miniatyuralar yaratish mahorati”, “Navoiy va Shayxim Suhayliy”, “Navoiy va uning izdoshlari ijodida tuyuq”, “Navoiyning mo‘tabar dastxati” kabi maqolalarida ulug‘ o‘zbek shoiri ijodining ko‘pgina masalalari yoritilgan. Professor B.Valixo‘jayevning ilmiy izlanishlari tufayli Alisher Navoiyning avtograf-dastxati topildi. Ko‘p yillar ilmda Navoiy dastxati saqlanmagan, degan fikr yurardiki, Botirxon domlaning maqolasidan keyin bu fikrning xato ekanligi ma’lum bo‘ldi. B.Valixo‘jayev maqolasida tilga olingan “Navodir un-nihoya” devonida shoirning tabarruk qo‘li bilan yozilgan dastxati bo‘lib, u Eronda hukumat kutubxonasida 1799-raqami ostida saqlanadi(ushbu devon S.G‘aniyevaning sa’y-harakati bilan nashr etilgan). Ayniqsa, Navoiyning 550 yillik to‘yi munosabati bilan Botirxon domlaning izlanishlari yanada samarali bo‘ldi. Navoiyning Samarqanddagi hayoti va ijodi, qadamjolari, ustoz va shogirdlari haqida ko‘plab yangi ma’lumotlar e’lon qildi, ulug‘ mutafakkir asarlarini yangi qarashlar asosida o‘rganib, nashr ettirishda hissa qo‘shdi. Ma’lumki, Navoiyning Samarqanddagi hayoti abulayslar xonadoni bilan bog‘langan. B.Valixo‘jayev “Abulayslar xonadoni” nomli turkum maqolalarini yozib, ushbu sulolaning ilmiy silsilasini aniqladi, Fazlulloh Abulaysning temuriy shahzodalar, ayniqsa, Shohrux mirzo va Navoiyning otasi G‘iyosiddin Muhammad bilan aloqasi bo‘lganini isbotlab, Samarqanddagi shoir tahsil ko‘rgan madrasa va xonaqohlar qoldiqlarini topdi…
B.Valixo‘jayev faol zullisonayn olim edi. U o‘zbek adabiyoti tarixini fors-tojik adabiyoti tarixidan ajratib o‘rganib bo‘lmasligini his etgan holda, ikki adabiyot muammolarini birgalikda, baravar o‘rganishni afzal deb bildi. Darhaqiqat, Navoiy ijodini Nizomiy, Hofiz yoki Jomiy ijodini chetlab o‘tib yoxud Hirot adabiy muhitida voyaga yetgan Hiloliy, Binoiy, Vosifiy, Koshifiy, Sayfiy Buxoriy kabi forsiyzabon shoirlar faoliyati va asarlarini Navoiy ta’siridan ajratib olib, tadqiq etish mumkinmi? Professor B.Valixo‘jayev ana shularni nazarda tutib, xoh o‘zbek tilida, xoh tojik tilida ilmiy ish yozmasin, ajdodlarimiz orasidagi kuchli aloqa, hurmat-ehtirom, hamkorlik va hammaslaklikni ochishga alohida e’tibor beradi.
…Umr degan og‘ir karvon yillar va yo‘llar osha orzu-armonlarimizni ortib, siljib boraveradi. Olisda porlagan nur hamisha kishini o‘ziga tortaveradi. Botirxon domla ham o‘sha ezgulik, ilm-ma’rifat yog‘dusi sari intilardi. Ustozni tinimsiz tafakkur, yangi-yangi niyatlar bag‘rida ko‘rish esa shogirdlariga huzur bag‘ishlardi. Doimiy ko‘tarinki ruh qanotlangan va qanoatlangan bardam olimona kayfiyatni boshqalarga ham yuqtirardi, har qanday sharoitda ma’rifat izlashdan charchamaslikka chorlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlardan ko‘ra rejalardagi ishlari ko‘proq bo‘lardi. “Alisher Navoiy va adabiy-tanqidiy qarashlar tarixi”, “Qalam tuhfalari” nomli kitoblari chop etilgandan keyin Movarounnahrning buyuk mutasavvif shayxi Xoja Ahror Valiy haqida bir risola yozdi…
“Endigi vazifam, — degan edi Botirxon domla, — Navoiy qadamjolari xaritasini tuzish, Samarqanddagi Navoiy uy-muzeyini munosib tarzda barpo etish, “Devoni Foniy”ni yangicha qarashlar bilan batafsil o‘rganish, Navoiy zamondoshi bo‘lgan samarqandlik shoir Ahmad Hojibek devonini qidirib topib, nashr etish…“. Afsuski, bular armonligicha qolib ketdi.
Akademik B.Valixo‘jayevning ilmiy-ijodiy faoliyati ko‘pqirrali va tahsinga loyiq. Istiqlol yillarida go‘yo olimning kuchiga kuch qo‘shilgandek bo‘ldi, faoliyati yanada samarali kechdi. U “Mumtoz siymolar” nomi bilan ko‘ptomli tadqiqotlar yaratdi, adabiyot tarixini yangi-yangi manbalar bilan boyitdi. Tarixnavislik manbalaridan adabiy hayotga oid yangiliklar topdi. Shu asosda uchta o‘quv qo‘llanmasini yozdi. Bugina emas, akademik Botirxon Valixo‘jayev madrasalar tarixini o‘rganib, O‘zbekistonda va umuman Sharqda oliy ta’lim tarixini yorituvchi kitob yozdi. “Samarqandda oliy ta’lim — madrasai oliya — universitet tarixidan lavhalar”, deb nomlanuvchi bu kitob shu sohada birinchi yirik tadqiqot bo‘ldi. Olim madrasalardagi ta’lim-tahsil metodi, o‘qitiladigan fanlar, o‘qish-o‘qitish tartibini o‘rganib, madrasa bizda universitet ta’limining boshi ekanini isbotladi. Ayniqsa, kitobda Mirzo Ulug‘bek madrasasi, unda Ulug‘bekning o‘zi mudarrislik qilgani, aniq fanlarni o‘rgatish tartibi batafsil yoritilgan.
Akademik B.Valixo‘jayev Samarqand shuhratiga shuhrat qo‘shgan mukarram zotlardan biri — Xoja Ahror Valiyning hayoti va faoliyatini o‘rganib, kitoblar yozdi. Chunonchi, uning 1992 yili Samarqandda nashr etilgan “Xoja Ahror Valiy hayoti” nomli risolasi, keyinchalik to‘ldirilib, qayta-qayta nashr qilindi va fors, turk tillarida Istanbul, Tehron, Dushanbada ham chop etildi. Olim ulug‘ shayxning nomini oqlab, ma’naviyatimiz tarixidagi ahamiyatini aniq dalillar bilan isbotlab berdi. Shu asnoda Xoja Ahror Valiyning sodiq muridi Muhammad Qozining “Silsilat ul-orifin” asari va Maxdumi A’zamning “Zubdat us-solikin”, “Tanbih us-salotin” asarlarini nashr ettirdi(“Zubdat us-solikin”ni o‘zbekchaga tarjima qildi).
Botirxon Valixo‘jayev — Vatanimizning ko‘zga ko‘ringan sermahsul olimlaridan edi, domla murabbiy-ustoz sifatida ham ko‘pgina yosh olimlarni tarbiyaladi. Kamtar, dilkash bu inson el-yurt orasida hurmat-ehtirom bilan yashadi, hukumatimiz tomonidan yuksak mukofot — “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangani ham bunga dalildir. Uning hayoti ham, ilmu irfoni, inson sifatidagi xislatlari ham yoshlarga ibratdir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 16-sonidan olindi.