XX asrning birinchi yarmida yashab ijod qilgan o‘zbek yozuvchilarining barcha avlodi tarixning o‘ta murakkab davrlarini boshidan kechirdi. Agar Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘zbek yozuvchilari orasida siyosiy qatag‘onlarning birinchi qurboni bo‘lgan bo‘lsa, Botu va Ramziylar, Cho‘lpon va Fitratlardan keyin Shuhrat va Shukrullolar avlodi ham 30-50 yillarda avj olgan qatag‘onning achchiq tuzini totishga majbur bo‘ldi.
O‘zbekiston xalq shoiri Shuhrat garchand 50-yillar qatag‘onidan omon chiqqan bo‘lsa-da, umrining so‘nggi kunlariga qadar ana shu ajal maydonida orttirgan jarohatlari bilan yashadi. Uning “Shinelli yillar daftari” she’riy turkumi va “Shinelli yillar” romanida urush mavzui badiiy talqin etilgan. “Institutni bitirgach, 1940 yil kuzida armiya safiga chaqirilgunimcha Ikkinchi jahon urushi boshlanib ketib, faqat urushning oxirgi yilidagina yarador va kontuziya bo‘lib uyimga qaytdim”, — deb yozgandi shoir. Oybekning “Quyosh qoraymas” romani va Abdulla Qahhorning “Oltin yulduz” qissasi ta’sirida Shuhrat ham o‘zbek jangchilarining urush maydonlaridagi jonbozligini ko‘rsatish niyatida “kattaroq narsa” yozmoqchi bo‘lgan. Bunda “asosiy material bo‘lib o‘z biografiyasi xizmat qilishi” zarur edi. Ammo uning 1940 yil kuzida boshlangan jangovar yo‘li shoir muxlislari uchun hamon qorong‘i bo‘lib kelmoqda.
“Shinelli yillar daftari” shunday to‘rtlik bilan boshlangan:
Qirqinchi yil edi. Noyabr beshi,
Yoshligim beshigin tebratdi safar.
Bu safar umrimning jangovar eshi,
U bilan hamrohdir ilhom va zafar.
Shuhrat Toshkent pedagogika institutini tugatgach, armiya safiga chaqirilgan va harbiy xizmatni o‘tash uchun Kavkazga yuborilgan. Tbilisi shahriga yetib borgach, 63-tog‘-o‘qchi polkiga qarashli 1-batalonning 1-o‘quv rotasiga oddiy jangchi etib qabul qilingan. Yarim yil mobaynida batalonning asosiy mashg‘ulotlari Gruziya poytaxtining Shaumyan ko‘chasidagi garnizonda, yoz oylarida esa shahar chekkasidagi lagerda o‘tgan. Kechagina ijod tashvishlari bilan yashagan shoir urushning o‘tli nafasi kirib kelgunga qadar harbiy hayotga ko‘nikib borgan. Urush boshlanishi bilan esa batalon Bokuga ko‘chirilgan va Shuhrat noyabr oyiga qadar piyoda askarlar bilim yurtida o‘qigan. Leytenant unvonini olib o‘qishda yaxshi natijalarga erishgani tufayli G‘ulom Alimov (Shuhrat) bilim yurtida vzvod komandiri lavozimida qoldirilgan.
Bilim yurti 1942 yilning avgust oyida 164-kursantlar brigadasiga aylantiriladi va navqiron leytenant o‘sha oyning o‘zidayoq 2-rota komandiri o‘rinbosari lavozimida frontga — Shimoliy Kavkazga jo‘natiladi. Rota 164-brigada tarkibida Mozdok shahri yaqinidagi Chekalo qishlog‘iga borib joylashadi. Sentyabr oyining o‘rtalarida boshlangan va bir yarim-ikki hafta davom etgan ayovsiz janglarda batalon katta talofat ko‘radi. Shuhrat ana shu birinchi jangda urushning nafaqat qanchadan-qancha obod shahar va qishloqlarni vayron qilayotgani, balki minglab begunoh kishilarga qiron keltirayotganini ham o‘z ko‘zi bilan ko‘radi.
Okopdaman, ko‘zim o‘ngidan
Bir-bir o‘tar shonli lavhalar.
Shirin o‘ylar tinar. So‘ngidan
Qalbim o‘rtar qonli lavhalar.
Bir lavhaki, otilgan go‘dak
G‘archcha tishlab yotar tilini.
Zulm tufayli minglab kelinchak
Tark etadi sevgan elini…
Nimalarni qilmadi dushman,
Nimalarni ko‘rmadi ko‘zim.
To‘la-to‘kis tasvirdan ojiz
Cho‘zilsa-da haftalab so‘zim.
Ba’zisiga dil bovar bersa,
Ba’zisiga yetmaydi aqlim.
Shu bosqinchi nemisni ko‘rsa,
Dermi Gyote: — Shu mening xalqim?!
Dushman tanklarining batalonni yorib o‘tishi va qurshovda qolish mumkinligi aniq bo‘lgach, brigada shtabidan Alagir qishlog‘iga chekinish haqida buyruq keladi. Tarkibida bor-yo‘g‘i 300 ga yaqin jangchi qolgan batalon Alagirga chekinib, boshqa polkka qo‘shib yuboriladi. Shuhrat mudofaa chizig‘ida urushni davom ettirayotgan mazkur polkda rota aloqachisi bilan oldingi marraga borib, jang maydonini kuzatmoqchi bo‘lganida barmog‘iga daydi o‘q tegib yaralanadi va Alagirdan 40-50 km. uzoqlikdagi gospitalga tushadi. Bir oycha davolanganidan keyin, noyabr oyining boshlarida Kavkazorti harbiy okrugiga yuboriladi. U Tbilisida o‘z rotasining qayerda jang qilayotganligi xususida biror ma’lumot ololmagach, harbiy okrug kadrlar bo‘limining yo‘llanmasi bilan Grozniyga, Shimoliy Kavkaz fronti shtabiga yo‘l oladi. Jangchi shoir Boku shahriga borar ekan, ittifoqo poyezdda 164-brigadaning intendant xizmatida ishlagan Sinelnikovni uchratib qoladi va undan brigadaning Gudermes shahrida qayta tuzilayotganini eshitadi. Shundan keyin Shuhrat boshqa poyezdga o‘tirib, dekabr oyining so‘nggi kunlarida Gudermes shahriga yetib boradi va 4-batalonga qarashli 2-rotaga komandir etib tayinlanadi. U uch oy mobaynida rotaga rahbarlik qilgach, 1943 yil aprelida 4-batalon komandiriga o‘rinbosar qilib tayinlanadi.
Batalon Gudermes shahrida bir yarim-ikki oy mobaynida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazgach, uning tarkibiy qismlari qayta shakllangandan so‘ng, 1943 yil fevral oyi boshlarida frontga jo‘natiladi. Dushman samolyotlari bomba yog‘dirib turgan jangovar manzilga yetib borish oson kechmaydi. Nihoyat, brigada mart oyining o‘rtalarida Grivinskaya stanitsasida jangga kiradi.
Grivinskaya stanitsasi Qora dengizdan 3-4 km. berida, Anapa shahrining qarshi tarafida joylashgan edi. O‘n kuncha davom etgan qaqshatqich janglardan keyin brigada stanitsani ozod qilishga muvaffaq bo‘ladi. Ikki kunlik hordiqdan keyin Qora dengiz yo‘nalishida harakatni davom ettiradi. Chamasi, ana shu stanitsada olib borilgan jang keyinchalik shoirning quyidagi satrlarida o‘z ifodasini topgan:
Hujumga otlandi shonli eskadron,
Qilichlar qinidan sug‘rildi mag‘rur.
Go‘yoki ufqda uxlagan bo‘ron
Qop-qora bulutlar sari yugurur.
O‘q tegib, oldingi qatordan biri
Otidan maysaga yiqildi behol.
So‘nggi bor qilichin tiklab yuqori,
Hayqirdi: — Qo‘limdan qilichimni ol!
Shuhrat stanitsa uchun olib borilgan janglarda yengil jarohatlanadi. Kichik snaryad parchasi o‘ng oyog‘iga tekkan komandir 4-batalonning tibbiy-sanitariya qismida qoladi. U mazkur qismda uch-to‘rt kun davolanganidan keyin brigada shtabi tomonidan chaqirib olinadi va brigada komandirining o‘rinbosari qilib tayinlanadi. Ayni paytda shtab boshlig‘i leytenant G‘ulom Alimovni “Qizil yulduz” ordeniga tavsiya qilingani bilan qutlab, unga shu haqdagi guvohnomani topshiradi.
Shu voqeadan keyin brigada Novorossiysk shahri bo‘sag‘asiga yuboriladi. Yangi manzil sari borar ekan, osmonda dushman samolyotlari paydo bo‘lib, brigadaga qarashli texnika va askarlarni o‘qqa tutadi. Osmonda dahshatli havo janggi boshlanib ketadi. Bu, oldingi marradan atigi 3 km. berida ro‘y bergan hayot-mamot janglaridan biri edi.
Dushman samolyotidan tashlangan bombaning sochma parchalaridan biri Shuhratning beliga tegib, umurtqa suyagi kontuziya oladi. Brigada jangovar salohiyatini saqlab qolish maqsadida shu atrofdagi o‘rmon bo‘ylab sochilib ketadi va tunni o‘rmon ichida o‘tkazadi. Yarador jangchi hamshira ko‘magida mudofaa chizig‘ida turgan jangovar qismlardan birining tibbiy-sanitariya bo‘limiga boradi. U yerda jarohatlangan jangchining yarasini bog‘lab, boshqa yaradorlar bilan birga yuk mashinasiga o‘tqazishadi va temir yo‘l bekatiga yuborishadi. So‘ng yaradorlar sanitariya poyezdida Kropotkino shahridagi gospitalga yetib keladilar. O‘sha kunning ertasiga vrachlar operatsiya qilib, yarador jangchining belidagi ajal parchasini olib tashlaydilar. Jangchining baxtiga, snaryad parchasi suyakka borib tegmagan, shunga qaramay, umurtqa suyagidagi kontuziya uning harakat qilishiga qattiq monelik qilar edi. U bir oy davolanib, 17-18 may kunlari gospitalni tark etadi. Komissiyaning tibbiy xulosasiga ko‘ra, u davolanishi lozim edi.
Mazkur komissiya xulosasi asosida Shuhratga 45 kunlik ta’til beriladi. Va shoir dastlab Bokuga keladi. 1943 yil may oyining so‘nggi kunlarida Krasnovodsk orqali Toshkentga, aziz onasi bag‘riga yetib keladi:
Mana men tirikman, yig‘lama, ona!
Yig‘lama, satqai ko‘zingning yoshi.
G‘am sham’i qoshida bo‘lma parvona,
Yig‘lama, botmagan umring quyoshi…
Yolg‘izing, arzandang o‘lmagan, hayot!
O‘lmagan niyating o‘lmagan kabi!
Do‘stlarga sharafu dushmanga la’nat
Deyishdan tinmagan, tinmaydi qalbi…
Urush jangohlaridan omon qaytgan Shuhrat bir necha yillik davolanishdan keyin 1947 yilda “Shinelli yillar” romanini yozishga kirishdi. Roman, shoirning ijodiy niyatiga ko‘ra, ikki kitobdan iborat bo‘lishi va birinchi kitobda 1940 — 1943 yillarda ro‘y bergan jangovar voqealar tasvirlanishi lozim edi. Ammo birinchi kitob yakunlanib, bosmaga tayyorlanayotgan paytda, shoirning o‘zi aytmoqchi, baxtsiz tasodif yuz berdi. Shuhrat 1951 yil 10 fevral kuni bir necha qalamkash birodarlari bilan birga qamoqqa olindi. Tergovchi o‘z vazifasini sidqidildan bajarib, mahbusni umuman yer yuzidan yo‘q qilib yuborish uchun uning urush yillaridagi mashaqqatli hayoti sahifalarini qayta-qayta varaqlab chiqdi. Shoirning qurshovga tushmay qolish sabablari bormi, qaysi gospitallarda davolangani, qanday komandirlar va vrachlar bilan hamnafas bo‘lgani bormi, hammasini qayta-qayta surishtirdi…
Ammo Shuhrat urush va urushdan keyingi yillarda qanday balo-qazolarni boshidan kechirgan bo‘lmasin, Parvardigorning mehri tushgan inson ekan. U ana shu “baxtsiz tasodif”larning barchasini yengib, o‘zbek adabiyoti xazinasiga hissa bo‘lib qo‘shilgan to‘rt roman, to‘rt piyesa, 30 dan ziyod she’riy va nasriy asarlarning muallifi sifatida madaniyatimiz tarixida bir umrga qoldi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 6-sonidan olindi.