Shodmon Otabek. Afandining adashi (2006)

1. Jurnalistlik Nasriddin Muhammadievga (matbuotdagi adabiy taxallusi — Nosir Muhammad) ota kasb. Bunaqasi kamdan kam bo‘ladi. Rahmatli otasi Misriddin aka Muhammadiev o‘ttiz besh yil mobaynida tuman gazetasining bosh muharriri vazifasida ishlagan edi. Oiladagi ijodiy muhit Nasriddinning kasb tanlashida muhim rol o‘ynadi. Maktabni bitirgach, sira ikkilanmay Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetiga o‘qishga kirdi. Universitetni tamomlagach, poytaxtdagi gazeta va jurnallarda o‘ttiz yildan ziyod xizmat qildi. Birgina “Toshkent oqshomi” gazetasida mashhur yozuvchimiz O‘tkir Hoshimov bilan bir xonada o‘tirib o‘n yil ishladi.

2. Rahmatli Rauf Parfi universitetni bitirib, gazetaga ishga kelgach, bosh muharrir “Qo‘lingdan nima ish keladi?” deb so‘raganda, shoir “She’r yozaman” desa, rahbar burnini jiyirib: “She’rni hamma yozaveradi, bu yerda maqola yozishing kerak!” degan ekan. Nasriddin ham aksariyat ijodkorlar kabi ilk mashq­larini she’r yozishdan boshlagan bo‘lsa-da, matbuotning qora, zahmatli yumushlarini bajonidil zimmasiga oldi. Matbuotda qalami qayralib, yetuk ijodkor bo‘lib yetishdi. Shu o‘tgan yillar mobaynida “Estetik ideal va adabiyot”, “Oz-oz o‘rganib, dono bo‘lur” (Sh. Zunnun bilan birga), “Salom kelajak”, “Bahor taronasi”, “Hikmatlar”, “O‘zbekiston jahon hamjamiyati safida” (hammualliflikda), “Nasaf va Kesh allomalari”, “Tafakkur uch­qunlari”, “Sumalakdan tosh topdim”, “Anqoni mahram qildingiz” kabi o‘ndan ziyo kitob­lari chop etildi. Kitoblarning nomi va mundarijasidan ham ko‘rinib turibdiki, Nasriddinning iste’dodi serqirra, bilim va qiziqish doirasi g‘oyatda rang-barang. Ham nazm va nasr­da, mutarjimlikda, tarixiy mavzularda bab-barobar qalam tebratadi. Ko‘plab she’r­lari qo‘shiq bo‘lgan. Uning mumtoz adabiyotga bo‘lgan qiziqishi va qobiliyatini payqagan rahmatli alloma Ergash Rustamov (Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin) ilmiy ish bilan shug‘ullanishga astoydil da’vat qilgandi. Do‘stimiz mumtoz adabiyot, xususan, Navoiy ijodi haqidagi qiziqarli maqola va kitoblari bilan ustozning ruhini shod etganday bo‘ldi.

3. Nasriddin fors, turk, nemis va rus tillarini biladi, ingliz tilini tushunadi. Qobiliyatining bu jihati havas qilgulik. Til bilgichligi (til bilgan dil biladi) jahonga chiqishida, jahonga chiqqanligi tillarni yaxshi o‘zlashtirishida qo‘l keldi. Nasriddin — jahongashta ijodkor, uch yil Eronda tarjimon bo‘lib ishlagan, O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasida ikki yil birinchi kotib vazifasida xizmat qilgan. Xorijiy taassurotlari asosida ko‘plab maqolalar, kitoblar chiqargan.

4. Ayrim ijodkor do‘stlarimiz bir-ikkita asari bosilsa, buyuklik kasaliga chalinib, bosar-tusarini bilmay qolar, goho xizmatni ham yig‘ishtirib qo‘yishar edi. Xayriyatki, Nasriddin bunday illatlardan xoli. Hamma yozgan asarlari mas’ul xizmat vazifalarida qattiq band bo‘lib turganida, goho dam olish va uyqu hisobiga yaratildi. Tirishqoqligi, mehnatkashligi qonida bor.

5. Biz g‘oyat andishali, muruvvatli xalqmiz. Odamlarga baho berishda ba’zan sal badfe’lroq kimsalar haqida ham salbiyroq fikr aytishga istihola qilamiz. Ammo yaxshi odamlar haqida gap ketguday bo‘lsa, yayrab fikr bildiramiz. Turli davralarda Nas­riddin haqida albatta “Ha, Nasriddin — yaxshi yigit!” deb qo‘yishadi. Imonim komilki, bu gap samimiy aytiladi.
Qur’oni karimda “Fe’lingiz — taqdiringiz” degan purhikmat kalom bor. Xalqimiz ham “Nima topsang, fe’lingdan topasan”, deb bejiz aytmaydi.
Esimda, bundan olti-etti yillar muqaddam Turkiyadan samolyotda yurtga qaytayotib, toshkentlik hamyurtlar bilan hamroh bo‘lib qoldik. Ular orasida O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasida ishlayotgan xodimlari ham bor ekan. Gurung asnosida “Ilgari elchixonada ishlagan Nas­riddin Muhammadievni taniysizlarmi?” deb so‘radik. Shunda ular birdan jonlanib, og‘izlaridan bol tomib, bir-biriga gal bermay, Nas­riddinni ta’riflay ketishdi.
Olimlarning kuzatishicha, insonning ismi oxir-oqibat uning fe’l-atvoriga ta’sir etarkan. Do‘stimiz Nasriddinning o‘lmas milliy qahramonimiz — Nasriddin Afandi bilan adash ekanligi xarakteriga ta’sir etgan bo‘lsa ajab emas.
Muqaddas hadislarda aytiladi: “Kimning xulqi go‘zal bo‘lsa, unga jannatning eng to‘ridan qasr bino qilinadi”.
Darhaqiqat, xulqi go‘zal, fe’l atvori quvnoq, samimiy, xushchaqchaq odam hamisha, hamma yerda ardoqlanadi. Hayotda ham ishi o‘z-o‘zidan yurishib ketaveradi. Ba’zilarga o‘xshab tanish-bilishlarini oraga qo‘yib, o‘ziga ish qidirmaydi, balki ishning o‘zi uni qidiradi. Davralarning to‘ri uniki bo‘ladi, boshi ziyofatdan chiqmaydi. Goho Nasriddinning gurungini sog‘inib yoki shaxmat o‘ynagim kelib uyiga telefon qilib yo‘qlaganimda ko‘pincha “Dadamiz ziyofatda, mehmondorchilikda!” degan javob bo‘ladi. O‘ziga hazillashib “Uyga ham kelib turibsizmi?” deb qo‘yaman.

6. Nasriddin bilan universitetni ketma-ket bitirganmiz. Taqdir taqozosi bilan bitta uyda yashayapmiz, dala hovlimiz ham bir joyda. Do‘stimiz qishloqda o‘sgan emasmi, yerga nihoyatda mehr qo‘ygan, bola-chaqasi bilan dala hovlisida astoydil, ter to‘kib mehnat qiladi. Natija ham zahmatga yarasha bo‘ladi. Bahor noqulay kelib, ko‘pchilikning mevalarini sovuq urib ketganda ham Nas­riddinlarning daraxt shoxlariga chirmashib ketgan uzumi mo‘l hosil beraveradi. Alloh ham Xudo degan bandasiga berarkan-da, deymiz havas bilan.

7. Dunyoga mash­hur yozuvchilardan biri o‘g‘lining fotosurati orqasiga “Mening eng yaxshi asarim!” deb yozib qo‘ygan ekan. Murakkab hayotda goho ijodni ro‘kach qilib, oilaga beparvo qarashi oqibatida boshi kulfatdan chiqmaydigan kimsalar ham uchraydi. Shu o‘rinda Lev Tols­toyning “Oilada baxtli bo‘lgan insongina hayotda baxt­li bo‘ladi” degan gapi esga tushadi. Shu jihatdan qaraganda, bolajon, oilaparvar do‘stimiz chinakam baxtli inson. O‘ziga munosib, hayotning xush-noxush kunlarida, xorijda kechgan uzoq musofirchilik yillarida yelkadosh-hamnafas bo‘lgan farishtali rafiqasi Mashrufaxon bilan bir qiz, to‘rt o‘g‘ilni tarbiyalab, voyaga yetkazdilar. Imon-e’tiqodli, solih farzandlar hayotdan o‘zlarini munosib o‘rinlarini topishdi.

8. Ashaddiy shaxmat ishqibozi, ijodkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan Chorvoq musobaqasining ikki karra g‘olibi, ustoz Erkin Vohidov bir kuni hazillashib: “Men uchun odamlar ikki toifaga bo‘linadi — shaxmatni biladiganlar va bilmaydiganlar!” degan edi. Biz Nasriddin bilan birinchi toifaga mansubmiz, hatto shaxmat jinnisimiz. O‘zaro bellashganda bir-birimizni xafa qilmaymiz. Qarangki, odamning fe’l-atvori shaxmat o‘yinida ham yaqqol ko‘rinarkan. Tabiatan mard, tanti, oliyhimmat Nasriddin goho o‘sha Chorvoq musobaqalarida rahbarlariga muruvvat qilib, xatolarini ko‘rsatib o‘ynashi oqibatida yutib turgan partiyasini ham boy berib qo‘yardi. Bundan ortiqcha kuyinmasdi ham. Darvoqe, uning biron marta darg‘azab bo‘lib, qovoq uyganini, birovga o‘shqirib zug‘um qilganini ko‘rmaganman.
Nasriddinning xarakterini yaxshi bilgan vodiylik do‘stlari unga “Siz ko‘proq bizning odamlarga o‘xshaysiz!” deyishadi. Shu o‘rinda beixtiyor shoirning ushbu purhikmat misralari esga tushadi: “Koshkiydi, ahli yurt turib tepamda, — U bizniki edi, desalar…”

9. Nasriddin Muhammadiev hozir O‘zbekiston baynalmilal madaniyat markazining direktori lavozimida xizmat qilmoqda. Do‘stlik va qardoshlik rishtalarini mustahkamlaydigan turli festivallar, tadbirlar o‘tkazilishida bosh-qosh bo‘lmoqda. Ish bilan qattiq band bo‘lishiga qaramay ijod bilan ham jiddiy shug‘ullanmoqda. Yaqindagina uning “Nasaf va Kesh allomalari” degan kitobi qayta nashr etildi. O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Abdulla Oripov bu asarga shunday yuksak baho berdi: “Nosir Muhammadning bu risolasi Qarshi shahrining YuNESKO bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan 2700 yilligi shodiyonalariga munosib tuhfa bo‘ladi deb o‘ylayman”.
Ayni chog‘da shoir yil oxirigacha asarlarining salmoqli “Saylanma”sini tayyorlash niyatida. Unga ijodkorning turli yillarda yozgan she’rlari bilan bir qatorda fors, turk, nemis, rus tillaridan qilgan tarjimalari ham kiritiladi. Shuningdek, yurtimizda matbaachilik va kutubxonachilik tarixiga bag‘ishlangan kitobining qo‘lyozmasi ham nihoyasiga yetib qoldi. Omonlik bo‘lsa, muxlislar, barcha kitobxonlar do‘stimizning sermazmun, barakali ijodidan hali ko‘p bahramand bo‘ladilar.

10. Yunusoboddagi yozuvchilar uyida goho oqshomlarda qo‘shnilar — Ortiqboy Abdullaev, Nasriddin, Ashurali Jo‘raev, kamina hamrohlikda tashqarini aylanamiz, “quduqqa aytiladigan gaplar”ni aytib gurunglashamiz. Ana shunday kunlarning birida suhbat mavzusi aylanib kelib kimning necha yoshga kirgani, kim yubiley qilmoqchi ekaniga taqaldi. Shunda Nas­riddin odatdagiday kulimsirab: “Navoiy bobo, Navoiy bobo deb yurib mana o‘zimiz ham Navoiy yoshiga yetib qolibmiz-a! Odamning ishongisi kelmaydi. Hazratdan “Xamsa”, “Xazoyin-ul ma’oniy” kabi durdona asarlar qoldi. Bizdan nima qolarkin?” dedi andak afsus-armon bilan.
Xom sut emgan bandasining tabiati shunday ekanki, u yoshi o‘tayotganini, qarilikka yuz tutayotganini sezmas, his etmas ekan. Balki bu yaxshidir. Donolardan birining shunday hazil gapi bor: “Axiyri borib yosh bo‘lib qolish uchun ko‘p yillar yashash kerak!”
Shunday ekan, do‘stimiz Nasriddin ham o‘zining ol­t­mish yoshini ko‘rinishdan qirchillama yigit yoshida kutib olayotganiga ajablanmasak ham bo‘ladi. Zero, uning ana o‘sha “qarimaydigan toifa”ga mansubligiga ishora qilib yozuvchi Xayriddin Sultonov bir vaqtlar chiroyli lutf etganidek, u “hamisha yosh va nav­qiron”dir!

“Hurriyat” gazetasidan olindi.