Sirojiddin Sayyid. Ko‘ngil sohili

Sirojiddin Sayyid. Ko‘ngil sohili. To‘rtliklar. — Toshkent, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiyot jamg‘armasi nashriyoti, 2004

Bu to‘rtliklarni men osmondan olib yozmadim. Bolalikda, rahmatli momomdan ko‘p eshitganim, yangalarimga aytadigan “Qiliqning issig‘i — baxtning isirig‘i” yoki “Ayol — erkakning vaziri” degan gaplardan tortib to hozirga qadar, Toshkanning Eski jo‘va bozorida “Do‘mboqqina handalaklardan olib keting” degan opaxonning so‘zlarigacha — hammasi o‘zimga tanish, qadrli, ko‘nglimga, hayotimga daxldor kechinmalardir.
Ularda nomlar, ismlar bor: ulug‘ zotlarning, ustozlarimizning nomlari, yana boshqa nomlar. Tilga olish bahonasida men bu zotlar oldidagi uzib bo‘lmas qarzimni nazarda tutganman. “O‘choqdagi o‘t boshqayu yurakdagi o‘t boshqa” deganlaridek, bu yozganlarim — balki mening yana bir urinishim, ko‘ngilga tomon yana bir chog‘lanishimdir. Yozilmagan katta she’rlarning parchalaridir, balki kunlarim, tunlarimning bo‘laklaridir. Bilmayman. Nima bo‘lganda ham boshimdan, ko‘nglimdan kechirdim shularni. Hukmfarmolik qilmoq esa aziz o‘quvchiga havola.